Osmon shu qadar tiniq ediki, Egamberdi mergan nazdida aqlini tanigandan beri osmon cho‘qqilarga mixlanib qolgandek, yo‘q-yo‘q, cho‘qqilar osmon bag‘rini teshib kirgandek tuyuladi. Yolg‘izoyoq so‘qmoq bo‘ylab daradan o‘tayotgan ovchi xayolini ana shu o‘ylar band etgandi. Ovi baroridan kelmagan merganning ko‘ngli g‘ash. G‘ash xayollar uni dengizda adashgan qayiqdek goh u, goh bu yoqqa olib qochmoqda. U kechgacha och bo‘riday qirma-qir izg‘ib yuraverdi, izg‘ib yuraverdi. Har buta yo archani panalab atrofni kuzatdi, qulog‘ini ding qilib biron ovoz yo sharpani eshitishga urindi. Bari befoyda. Negadir bittayam kiyikni uchratmadi. Ilgari to‘satdan o‘tlab yurgan kiyikka ko‘zi tushib qolar, hech qursa shundoq yonginasidan kaklikning pir etib uchganiga duch kelardi. Endi bo‘lsa... Xufton ko‘ngliga chiroq yoqsa ham yorishgudek emasdi. Go‘yo tog‘u daralarda o‘tlab yuradigan kiyiklar ovchining hidini sezgandek qayoqqadir g‘oyib bo‘lgan. Egamberdi mergan umr bo‘yi kiyik ovladi. Mergan nomini oldi. Egamberdi deyishsa qishloqdoshlari yelka qisishar, toki «mergan» so‘zini qo‘shmaguncha tanishmasdi. Egamberdi mergan avvallari shunchaki havas va ko‘ngilni xushlash niyatida unda-bunda bekor paytlari tog‘u toshlarga kiyik oviga chiqardi. Bora-bora bu havas odatga aylanib ulgurdi. Endi u qo‘liga miltiq olmasa turolmas, hayotidan maza tuymaydigan darajaga yetib bordi. Shu-shu odati xumor bo‘lib qoldi. Bir narsaning xumori tutsa yomon ekan. Egamberdi mergan uchun ov oldida dunyo ham ko‘ziga ko‘rinmas, ov qilmay qo‘yganda vujudida g‘alati his uyg‘onardi va bu hisni ovdan boshqa narsa bosolmasdi. Uyiga kiyik otib qaytish, uning go‘shtini tanovul qilgandan ko‘ra ko‘proq lazzat bag‘ishlar va bu lazzatni dunyoning uncha-buncha lazzatiga alishishni istamasdi. Qishloqdoshlari ham Egamberdi merganning bu qilig‘iga ko‘nikib, unda-bunda ko‘zlari tushib qolganda ham hayron bo‘lishmasdi. Egamberdi mergan ovchilik hayotida ko‘p voqealarni boshidan kechirdi. Necha marta o‘limga chap berib, necha marta ajalni aylanib o‘tdi. Endi-endi u kunlarni eslasa, yuragi orqaga tortib ketar, nahotki shunchalik darajaga yetgan bo‘lsam, deya o‘ziga-o‘zi ishonmasdi. Egamberdi mergan ovga chiqqanda uncha-buncha ovchi uning oldida ip esholmas, u bilan musobaqa qilishga jur’ati yetmasdi.
Tog‘liklar udumiga ko‘ra, ovchilikdan voz kechmoqchi bo‘lgan merganlar «miltiq ko‘mdi» marosimini o‘tkazadi. Shundan keyin qancha-qancha merganlar qo‘liga zinhor miltiq ushlamas va shu udumga rioya qilgan holda olamdan o‘tib ketardi. Lekin Egamberdi mergan bunday qilishni xayoliga ham keltira olmas, ov qilmay qo‘ysa, go‘yoki hayoti ostin-ustun bo‘lib ketadigandek qattiq hadiksirar va bunday o‘yni xayolidan quvlab tashlardi. Egamberdi mergan quruq qo‘l bilan qaytishni ovchilik sha’niga uyat deb bilar va o‘zi esa ovga chiqqanidan beri biron marta o‘ljasiz qaytganini aslo eslayolmaydi. Bugun esa... Har doim o‘lja bilan qaytishga odatlangan mergan qorong‘u tushishini kutdi. Eshagini bog‘lab qo‘ygan archa yoniga keldi. Iloji bo‘lsa qishlog‘iga kechroq kirib borishga ahd qildi. Chunki uning o‘ljasiz so‘ppayib qaytganini ko‘rgan qishloqdoshlari oldidan o‘tganda mazax qiladigandek, holing shu ekan-ku, hayf senga merganlik, deydigandek tuyulardi. Shuning uchun uyga qaytish unga azobga aylandi, yurgan yo‘li unmas, go‘yo oyog‘i ham o‘ziga bo‘ysunmayotgandek, yetaklab olgan eshagi ham o‘zidan oldinga o‘tib ketaverardi. Qishloqqa yaqinlashganda qosh qoraydi. Tog‘ cho‘qqilari oqshom tusidan battar qoraydi. Uch-to‘rt qadam narini ko‘rish qiyinlashdi. Yaxshiyamki, kech kirib uyga qaytgani. Uyiga yaqinlashguncha hech kim duch kelmadi. Shunday qilmasa kechasi bilan uyqusi qochib, or-nomusdan o‘zini bir narsa qilib qo‘yishi hech gap emasdi! Eshak sharpasini sezgan kampiri oldingidek peshvoz chiqdi. Qaradiki, cholning avzoyi buzuq. Oldingidan shashti past. Eshak ustidagi hurjuning bo‘m-bo‘shligini ko‘rganda battar ajablandi. Kampirning qo‘llari havoda muallaq qoldi. Kampir ham hurjuning bo‘sh qaytishiga sira odatlanmagan. Uning eriga ajabsinib qarashi shundan. Egamberdi mergan bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygandan beri yaxshi eslaydiki, ovga chiqqan erini bu alfozda ko‘rgan emas. Kampiri har gal qaytganida eshakka yuklangan kiyik go‘shtini tushirishga yordamlashar va darhol qozon-tovoqqa unab ketardi.
— Bugun ov kuni emas ekan, — dedi mergan ijirg‘anib eshagini qoziqqa bog‘lar ekan. – Ertalab bir yuvuqsizga ko‘zim tushgandi. Dunyoni aylanib chiqdimki, kiyik zotini ko‘rmadim. Eskilar bir yuvuqsiz odam ko‘chadan o‘tsa, yer titraydi, baraka ketadi, degani rost ekan.
Egamberdi mergan og‘ir uh tortdi. Chuqur-chuqur nafas oldi. Negadir alamini bosolmasdi. Ko‘zlari oldidan kiyiklar galasi yugurib o‘tayotganday hushyor tortdi. Kampir dasturxon bilan bir kosa qaymoqni mergan oldiga qo‘ydi.
— Sayidberdi qani? — deya ovchi xotinidan o‘g‘lini so‘radi.
— Qo‘shnining uyiga o‘tgan edi, — dedi kampir beparvogina.
— Nima qiladi qo‘shninikiga chiqib, allamahal bo‘lsa. Xotinga o‘xshab gap sotgani chiqibdimi?
— Bilmasam.
— Bu bolang quloqsiz bo‘lib chiqdi. Ko‘chada g‘iybat qilib yurishdan boshqa ishga yaramaydi. Erkaklik siyog‘i yo‘q. Shuning uchun ham ovga olib chiqmayman. O‘zida ham qiziqish yo‘q.
— Bir kami o‘g‘lingiz ham sizga o‘xshab umrini miltiq ko‘tarib o‘tkazsinmi?
Egamberdi mergan bu gapdan og‘rindi. Ich-ichidan g‘azabi toshdi. Biroq o‘zini bosishga urindi. Kampirning nima demoqchiligini tushungandek biroz o‘ylanib dedi:
— Ovga men emas, u borishi kerak. Men endi yoshimni yashab, oshimni oshab bo‘ldim. Balki shuning uchun ham bugun o‘ljasiz qaytgandirman.
* * *
Egamberdi mergan boshqa hech ovga chiqmadi. Qarilikni tan oldi. Go‘yo tog‘larda endi uning uchun o‘lja qolmagandek edi. U miltig‘ini o‘g‘liga berdi. Ovni endi sen qilasan, dedi. Otasining mohir merganligini bilsa ham, o‘g‘li unga ergashib, ovga chiqmas, tog‘larda yurishni unchalik xush ko‘rmasdi. U otasidan miltiqni istar-istamas oldi. Otasi yurgan tog‘u toshlarni aylanib, otasidek kiyik otish niyatida yurdi. Lekin har gal ovdan uyiga bo‘sh qaytib kelar, ba’zan-ba’zangina xashaki darranda-parranda ovlab kelardi, xolos. Shundan Egamberdi merganning xunobi oshdi. Bir marta sug‘ur ko‘tarib kelgan o‘g‘liga o‘shqirib berdi.
— Bu harom sug‘ur go‘shtini boshimga uramanmi? Kiyik ovlasang o‘lasanmi, ahmoq!
O‘g‘il otasiga nima deyishni bilmas, birdan-bir topib olgan so‘zi, (uni ham kimdandir eshitgan) «sug‘ur go‘shti dori-ku», deb qo‘yardi.
Shu tariqa yillar o‘tdi. Egamberdi mergan borgan sari jussasi kichrayib borar, qo‘llarini qaltiroq tutadigan va qomatini ham biroz egib yuradigan holga yetdi. Qarilik ishini qilgandi. Xayolidan kechagina kiyiklarni quvlab yurgani bir-bir o‘tar va shuni eslaganda ko‘ngli allanechuk hapriqib ketardi. Har-har zamon ko‘ngli ovga chiqishni tusab qolardi. Chunki umri bino bo‘libdiki, uyida kam bo‘lar, so‘rab kelganlar ham ancha kun ovora bo‘lishardi. Egamberdi mergan bir gal o‘g‘lining ovdan quruq qaytganiga chiday olmadi:
— Sen qachon mergan bo‘lasan? Lapashang. Buncha noshud bo‘lmasang. Erkakmisan o‘zi? Ov qilishga yaramasang. Mening pushtikamarimdan tushganga o‘xshamaysan,
Mergan o‘g‘liga ataydan achchiq gapirdi. Shu bilan o‘g‘lining ovga hirsini uyg‘otishni mo‘ljal qildi. O‘g‘il esa dimog‘ida po‘ng‘illadi.
— Tog‘dagi hamma kiyikni qirib tugatgan bo‘lsangiz, men nima qilay?
Shu-shu Egamberdi mergan o‘g‘liga boshqa gapirmadi.
Kunlarning birida mergan to‘satdan kampiriga qarab:
— Kulcha qil, men ovga chiqaman, — dedi.
Kampiri qarib quyulmagan cholning gapiga kuldi. Bu bilan u merganni mazax qilganday bo‘ldi.
— Hamma narsaning ham o‘z vaqti-soati bor. Sizning ov qiladigan davringiz o‘tdi.
Ilgari eriga tik qarashga botinmasdi.
Shu narsa merganga og‘ir botdi.
O‘sha kecha Egamberdi mergan uxlay olmadi. Tong-saharda o‘g‘lini oldiga chaqirdi:
— Eshakning ayilini tort, — dedi ovozi qaltirab.
O‘g‘il eshakni shaylab otasi oldiga keltirdi. Mergan imillab eshakka o‘tirdi. Ilgarigi shashti qayda? Uning butun fikr-zikri Jangoh tog‘i tomon qaratilgan edi. Ota-bola yo‘lga tushishdi. Mergan har-har zamon eshakning boshini u yoqqa bur, bu yoqqa bur, deya taneh berib borardi. Nihoyat, Egamberdi mergan navqiron yigitlik paytlari ovga chiqqan Jangoh tog‘i yon bag‘riga yetib bordi. Bu tog‘da yurib qanchadan-qancha kiyiklarni otib olganini, boshqa merganlar bu tog‘da ov qilolmasligini bir-bir xotirasidan o‘tkazdi.
Mergan o‘g‘liga eshakni to‘xtatishni buyurdi.
— Ko‘ryapsanmi, huv, anavi baland cho‘qqini, hozir yayov shunga chiqib boramiz. Eshakni archaga bog‘lab qo‘y. Meni orqalab o‘sha toqqa chiqasan.
Saidberdi bir otasiga, bir qirga qaradi.
Qir ancha tik va baland ko‘rinardi. Biroq u, eshakni bog‘lab, otasi aytganlarini qilishga majbur edi. Mergan o‘g‘lining orqasida borarkan, shamolga qarshi yur, odam hidi sezilmaydi, dedi. Nihoyat, qir ustiga ham chiqib borishdi. Saidberdi rosa qora terga botdi. Yurishga holi qolmadi.
— Endi emaklaymiz, — dedi mergan.
Ota oldinda, o‘g‘il orqada emaklay boshladi. Qirning yon bag‘riga o‘tishdi. Mergan kiyiklar o‘tlaydigan joyni bilardi. Hozir o‘zigina biladigan sir-kiyiklar qo‘tonidan o‘g‘lini voqif qilayotgan edi. Birdan sal nariroqda kiyiklar o‘tlab yurganini ko‘rib qolishdi. Bir kiyik qaqqayib turar, atrofni olazarak kuzatardi. Saidberdining ko‘zlari charaqlab ketdi. U birinchi marta kiyiklarni yaqindan ko‘rishi edi. Shoshib qoldi. Yonida turgan otasini butunlay unutib qo‘ydi. Katta xarsang yonida chor tarafga oalzarak qarayotgan ohuni mo‘ljallab o‘q uzdi. Buni hatto otasi ham sezmay qoldi. Kiyik balandga bir ko‘tarilganday sapchib, keyin yerga qulab tushdi. Saidberdi kiyikka tomon yugurib ketdi. Qolgan kiyiklar xatarni sezib, bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Saidberdi kiyik bo‘g‘ziga shosha-pisha pichoq tortdi. U o‘zida yo‘q xursand bo‘ldi. Kiyik otganiga quvonchi ichiga sig‘masdi. Birdan otasi esiga tushdi. Darhol u tomon yugurdi. U otasi oldiga yaqinlashar ekan:
— Men otdim! Juda zo‘r kiyikni otdim! — deya qichqirdi.
Ota esa javob bermadi. Saidberdi otasiga tikildi. Egamberdi merganning ko‘zlaridan shashqator yosh quyulardi.
— Sizga nima bo‘ldi? – so‘radi Saidberdi hayron bo‘lib.
— Nega unday qilding, axir u mening o‘ljam edi-ku, sen mening o‘ljamni otding, mening so‘nggi o‘ljamni...
Saidberdi hech vaqoni tushunolmaganday otasiga hangu mang tikilib turardi.
Jangoh tog‘idan bir burdagina bo‘lib qaytgan Egamberdi mergan o‘sha tun jon berdi.