“Tekshiruvchilar kelishdi...”
Kotib keltirgan bu sovuq xabar raisning yuragini yormagan bo‘lsa-da, o‘rnidan qo‘zg‘alishga majbur etdi. U tog‘liklarga xos polvon kelbatini ko‘tarar ekan, kursi bechora zalvorli yukdan ozod bo‘lganini sezib, sekingina g‘ijirlab qo‘ydi. Rais komissiyaga peshvoz chiqdi. Boshdan oyoq qora libosga burkangan, qora papkali ko‘rimsizgina kishi oppoq “Gaz-31” oldida g‘o‘ddayib turardi. Rais yarmidan keladigan pakana bu odam bilan qo‘l olishar ekan, obdon engashishga to‘g‘ri keldi. Taftishchi biror kamchilikka ko‘z tushishiga umidvor bo‘lib, atrofga alanglab qarar, “Bo‘yim past bo‘lsa-da, mansabim baland” deganday, dam-badam ko‘kragini kerib qo‘yardi.
Rais bir qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ikkinchi qo‘li bilan mehmonni qabulxonasiga taklif qildi.
Birin-ketin xonaga kirdik.
— Nega kelganimni bilmaysiz, albatta?
Mehmon mug‘ombirona jilmaydi. So‘ng yuziga jiddiy tus berib, papkasidan ikki enlik qog‘oz chiqardi-da, raisga uzatdi. Rais ko‘zoynagini taqdi, shikoyat xatiga uzoq tikilib, peshonasi tirishdi:
— Bu xo‘jalikda tinchlik yo‘q ekan-da, kecha-kunduz ishlaysan, evaziga tuhmat olasan. Bitta yaramas “yozuvchi” haq, bizlar poraxo‘r, yulg‘ich bo‘ldikmi?
G‘azabini sig‘dira olmagan rais bir taftishchiga, bir menga qarab davom etdi:
— Bunaqasi ketmaydi. Hoziroq “yozuvchi”ning uyga boramiz, gapi bo‘lsa yuzimizga aytsin.
Raisning jahl ustida chiqargan qarori menga ma’qul bo‘lmadi.
— U bir tuhmatchi qallob bo‘lsa, nega uning uyiga bosh urib boramiz, — dedim.
U alamli jilmaydi:
— Gapingiz haq, lekin orani ochmasak bo‘lmaydi.
Rais gapida turib oldi, unga taftishchi ham qo‘shildi. Xullas, uchovlon “yozuvchi”ning uyiga jo‘nadik. Tog‘ havosi salqin, qushlarning chug‘ur-chug‘uri quloqqa xush yoqadi. Ko‘ngil bahra olib, yayraysan kishi. Xayol bilan “yozuvchi”ning uyiga yetib borganimizni bilmay ham qolibmiz. Hamma rahbarlarni zir titratgan “yozuvchi” taftishchidan-da pastroq, “kasbi”ga zid ravishda istarasi issiq, kulganda ko‘zlari o‘ynab turadigan kishi ekan. U bizlarni ko‘rib, shoshib qoldi. Har birimiz bilan eski qadrdonlarday quchoqlashib ko‘rishdi. So‘ng tavoze bilan ichkariga taklif etdi. Hovli nihoyatda keng ekan. Ayniqsa, bog‘ “yozuvchi”ning tor fe’liga raddiya misol yastanib yotardi. U bizni to‘g‘ri boqqa boshladi.
Bog‘ning ichidan borib, sersoya yong‘oq daraxti tagidagi supaga chiqdik. Sal o‘tmay dasturxon yozildi. “Yozuvchi” dasturxonni bog‘ning ne’matlari bilan to‘ldirdi. So‘ng o‘g‘lini chaqirdi. Ko‘zlari otasining ko‘zlariday chaqnab turgan yigitcha xizmatga kamarbasta bo‘ldi. “Yozuvchi” o‘g‘liga gapirmasdan, ismini aytib, bir imo qilib qo‘yar, o‘g‘li esa bir zumda otaning ko‘nglidagini muhayyo qilardi. Bir ishora bilan dumbasi lorsillagan qo‘chqor, sal o‘tmay, qozon-tovoq keltirildi. Bechora qo‘chqor, so‘yilishidan bexabar, bog‘dagi maysalarni yulqilashga tushdi. Oldimizdan oqayotgan muzdek ariq suvi ichida bir yashik aroq paydo bo‘ldi. Qo‘chqor ko‘z oldimizda bo‘g‘izlandi. U mard hayvon ekan, hatto ovoz chiqarmadi.
Qo‘chqorning go‘shti raisning taklifi bilan oz-ozdan qovurilib, dasturxonga issiq-issiq tortiladigan bo‘ldi. Rais soqiylik qildi. Aroq nimkosalarga suzildi. Men uzrimni aytdim. Rais meni tushunib, zo‘rlamadi. Dasturxon raisning so‘zi bilan ochildi. U aroq to‘la piyolalarga ko‘z yugurtirib:
— Og‘aynilar, shu dasturxon atrofida o‘tirganlar o‘rtasida mehr-oqibat iplari uzilmasin. Shu xonadonga Xudo baxtu iqbol bersin. To‘ylarida xizmat qilaylik, hech kim do‘stlar o‘rtasiga g‘ov bo‘lmasin, — deya qadah so‘zi aytdi.
Shundan so‘ng qadahlar jangi boshlanib ketdi. Tog‘ning musaffo havosi, qushlar sayrog‘i, yaqinimizdan ayqirib oqayotgan daryo shovqinidan men ham mast bo‘ldim, hisob. Ayniqsa, peshma-pesh tortilayotgan qo‘chqor go‘shtidan huzur qildim.
Raisning eski dardi qo‘zg‘ab, boshiga tushgan og‘ir musibatni esladi. Esladi-yu, yurak-bag‘ri ezilib ketdi, yosh bola kabi yig‘lashga tushdi. Ko‘nglim buzildi. Ichimdan nimadir uzilib, tomog‘imga tiqilganday bo‘ldi. “Yozuvchi”ning ham ko‘ngli to‘lib turgan ekan, chayqala-chayqala o‘rnidan turdi-da, raisning salobatli gavdasini bag‘riga bosib, yuzlaridan o‘pib-o‘pib yig‘ladi. Ular qo‘ltiqlashib daryo bo‘yiga borishdi. Bir-birlarini quchoqlashib yig‘ladilar, keyin daryoda cho‘mila-cho‘mila o‘zlariga keldilar.
Bu holat qayta-qayta takrorlandi.
Dasturxon boshida badqovoq taftishchi bilan tanho qoldim. U birdan barmog‘ini bigiz qilib menga o‘shqira ketdi.
— Senlar shunday raisni qadriga yetmaysanlar, qo‘llaringdan “yozuvchi”likdan bo‘lak hech balo kelmaydi...
U meni “yozuvchi” bilan adashtirdi chog‘i...
— Senlarga faqat yeb-ichish bo‘lsa...
Yegan ovqatim tomog‘imga qaytdi. G‘azabdan turib ketay deganimda, rais bilan “yozuvchi” qaytib kelishdi. Xayriyat, taftishchi chalg‘idi. Yo‘qsa ziyofat nima bilan tugashi noma’lum edi.
Dasturxonga yana qovurilgan go‘sht tortildi. “Yozuvchi” mening yonimga o‘tirdi.
— Siz nega ichmayapsiz, nima mendan xafamisiz?
— Yo‘q... Yo‘q...
— Oling go‘shtdan.
Noiloj ovqatdan totingan bo‘ldim. Kutilmaganda u:
— Ko‘rdingizmi, bularingiz qo‘rqqanidan oyog‘imga bosh urib keldi... Siz guvohsiz, — desa bo‘ladimi.
Yozuvchining do‘rillab aytgan bu so‘zlarini rais ham, taftishchi ham eshitdi. Ammo o‘zlarini eshitmaganga olishdi.
Quyosh ufqqa og‘ayotganda o‘rnimizdan qo‘zg‘aldik. “Yozuvchi”ning esa bizdan ajralgisi kelmasdi. Ketishimiz oldidan u yog‘li lablari bilan hammamizni bir-bir o‘pib chiqdi...
Ertasi kuni raisning qabuliga kirdim, kayfiyati a’lo.
— “Yozuvchi”ni bopladik, — dedim g‘olibona tirjayib. — Bitta qo‘chqor, bir yashik aroq. Rosa tushdi, endi yozaversin. Yozsa, yana boramiz.
Rais indamadi. Demak, ha-hu demay yana ziyofat...