OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Axtamqul Karim. Erta tushgan qor (hikoya)

O‘sha yili kuz pand berdi. Endi tog‘dan pastga enamiz deb tursak qor yog‘di. Bobom qor yoqqanda yo‘lga chiqib bo‘lmasligini yaxshi biladi. Yolg‘izoyoq so‘qmoq yo‘limizni qor ko‘mgandi. Uni topish amrimahol. Qishloqdagilar vaqtida enib to‘g‘ri qilishgan ekan. Tog‘da so‘ppayib ikki oila qoldik. Qishloq odam bilan obod. Go‘yo dara bizni o‘z domiga olgandek sovuq edi. Bunga bobom sabab. Ayni ko‘cha-ko‘ch payti usta Zarifning ayoli Xaticha ammaning ko‘zi yoridi. U ketishimizni ortga surdi. 
— Xatichaning bolasining bo‘yni qotsin, keyin ketamiz, —  dedi bobom. Bobomning qarori dilimizni xufton qildi. Hazori ammam sabrsizlik qilgani uchun jazolandi. Unga achindim. Hayotda ko‘p qiynalgan. Sababi, uning ko‘ngli yarim edi. Farzandi yo‘qligi uchun dunyodan nolib yurardi. Bobom noligan kishini xush ko‘rmaydi. Shuning uchun ham ammam ko‘p tanbeh eshitadi. Bir kuni bexosdan:
— Amma, nega sizning bolangiz yo‘q? — degan edim, u kishining dunyosi ostin-ustun bo‘ldi.
— Iloyo, jodugar mullaning oxiratiga o‘t tushsin...
Ammamning ko‘zlari olayib qarg‘ashga tushdi. 
— Hammasiga o‘sha go‘ri olov olgur sababchi...
Badanim uvushib, ko‘zlarimni yerga qadadim. 
— Kim edi u, mulla?..
— Qishloqning imomi edi. Buxoroi sharifda tahsil olgani uchun, qo‘lidan har balo keladi deb, odamlar undan qo‘rqardi. O‘shanda aqlimni tanib-tanimagan qizaloqman. Uyimizga Oyxol kampir keldi. Uni o‘sha mulla yuboribdi. U meni chetga chaqirib pichirladi:
— Senga mulla bobo oshiq bo‘libdi. Borib ayt, oldimga kelsin, deb tayinladi. 
Oyxol kampirning so‘zlaridan sochlarim tikka bo‘ldi. 
—  U mulla otamdan katta-ku, jinni bo‘lmaganmi? Qo‘sh xotini bo‘lsa, iymonini yebdi. Borib ayting, agar uning bu gapini otam eshitsa, sog‘ qolmaydi, u sassiq chol...
So‘zlarimdan Oyxol kampir og‘rindi. 
— Unday qilma qizim, u ilmli odam. Qishlog‘imizning halol-haromiga javobgar kishi...
— O‘lsin o‘sha ilmi bilan...
Qahr bilan Oyxol kampirning yonidan otilib chiqdim. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, u yana keldi. Men unga oldin aytgan gaplarimni qaytardim. Keyin Oyxol kampir so‘zlarimni oqizmay-tomizmay mullaga yetkazibdi. 
— Eh, —  debdi mulla mening rad javobimni eshitib. —Hali shunaqami? Kerak bo‘lsa Hazorining o‘zi kelib oyog‘imga yiqiladi. Lekin unda kech bo‘ladi. Men uning baxtini qulfga bog‘lab, daryoga tashlayman. Bir umr baxtini izlab o‘tadi...
Mullaning taklifini Oyxol kampir uchinchi bor menga yetkazdi. Men ko‘nmadim. Bo‘lgan voqea shu. Tilimdan topdim. Bir umr baxtsiz, tirnoqqa zor bo‘ldim. Kunim kishilar eshigida dakki eshitish bilan o‘tdi. Aytmasam bo‘lmaydi, hammasiga o‘sha oxirati olov olgur sababchi... 
Ammamga rahmim keldi. Nahotki, berahm mulla bir zaifaga shunday baxtsizlikni ravo ko‘rib, uni bir umr chir­qiratgani rost bo‘lsa?! Uning oxirati nima bo‘ldi ekan?.. 
Bir kun qarasam, ammam yer chopayapti. 
— Nima qilayapsiz amma?..
Yugurib yoniga bordim. U kishi horg‘in uf tortdi: 
— Yong‘oq ekayapman bolam, yong‘oq uzoq umr ko‘radigan daraxt. Bir kun dunyodan o‘tsam, bolalaring qiyqirib meva terayotganida katta Hazori ammamizdan qolgan bog‘, deya meni eslaysizlar. O‘shanda bolalaringga bu dunyoda mendek bir baxti qaro ayol tuproqlarga qorishib o‘tganini aytasan. Mendan qoladigani mana shu uch-to‘rtta daraxt bo‘ladi...
Keyingi paytlarda bobom usta Zarifning uyiga ko‘p qatnaydigan bo‘ldi. Tog‘ning sovuq havosi jonimizni sug‘urib olayotgandek edi. Hammayoq oppoq qor. Yozda g‘amlagan pichanning ham oxiri ko‘rinib qolgan. Bobom echkilarni bog‘larga oralatishimizni buyurdi. Mayda mol tili bilan bir barg olsa kifoya emish. Echkilar to‘kilgan xazondan to‘yadi, lekin akam bilan sovuqda dildirab yurishga holimiz yo‘q. Biz echkilarimizni haydab, egalari qoldirib ketgan bog‘larni oralaymiz. Daraxtlar shoxida ilinib turgan olmalarga tayog‘imni otaman. Yerga tushgan qirmizi olmalarni kaftimga olib, kuf-kuflab yeyman. Akam yig‘laydi. Oyog‘idan sovuq o‘tganidan noliydi. Negadir sovuqqa bardoshi yo‘q. Men tushirgan cho‘g‘dek olmalar ham dilini ilitolmaydi. Nogoh uning dardlarini yangilayman. 
—  Endi tog‘larda qolib ketamiz, qor o‘lgur tinmaydi. Usta Zarifning xotiniyam bemahalda tug‘may o‘lsin...
So‘ng aka-uka mulla Sultondan qolgan beso‘naqay yong‘oq daraxtining kovagiga tushib olamiz. Yonimdan gugurt chiqarib olov yoqaman. Oyoq-qo‘limizni ilitamiz. Birdan akamning kiyimi ho‘l bo‘la boshlaydi. Men hayron qolaman. 
— Nima bo‘ldi? 
U gunohkor ko‘zlarini olovdan uzmaydi. Keyin bilsam Hazori ammamga bildirmay o‘g‘irlagan saryog‘i olovning taftida erigan bo‘ladi.
— Ammamga aytaman, endi o‘ldim deyaver. 
Akam o‘g‘irlikni hech qachon tan olmay, qaysarlik qiladi...
Bugun quyosh chiqqanidan ko‘nglimiz yorishdi. Lekin kunlar bir tutam bo‘lib qolganidan qor erimadi. Quyoshda taft yo‘q. Chiroqqa kerosin quygan ammam pastga ketganlarning yorug‘ xonalarda maza qilib o‘tirganini eslaydi. Bobomning qovog‘i uyulib deydi: 
— Hazori, senga ming martalab aytaman, bir kun kelib, bu damlarni tillo berib ham topolmaysan. Tog‘da yashashning o‘z gashti bor. 
— O‘t tushsin, agar gashti shunaqa bo‘lsa...
Ammam kaftlarini ochib, olov tomon siljiydi. Bobom boshqa gapirmaydi, ko‘lobi to‘ppani qatiqqa bulab uradi. Ko‘lobi to‘ppa bobomning jonu dili. Hovlidan usta Zarifning ovozi eshitiladi. 
— Dofur... 
U bobomni nuqul Dofur deb chaqiradi. Dofur tog‘larda bir paytlar dovrug‘ taratgan qahramonning nomi. Bobom o‘rnidan sakrab turib usta Zarifga peshvoz chiqadi. Ammamning esa qovog‘idan qor yog‘adi. Negaki, bizni qorli kunlarga qoldirgan usta Zarif bo‘ladi. 
— Dofur, —  deydi usta beparvo bobomga quchoq ochib.
— Siz mening qadrdonimsiz, hatto, tug‘ishgan akam ham menga qaramay ketdi. Sizning bu yaxshiliklaringizni o‘lgunimcha unutmayman. 
Bobom kulib, usta Zarifga olovning yonidan joy beradi.
— Yov quvlayaptimi usta, boramiz o‘sha pastga... 
Bizning hafsalamiz pir bo‘ladi. Ko‘zimga usta Zarif yanada yomonroq ko‘rinadi. Negaki, u bobomni yo‘ldan urgan. Usta choy ho‘playotganda ko‘zlari yumilib-yumilib ketadi. Bilaman u kun bo‘yi ishlashdan tinmaydi. Dunyoning tashvishlari go‘yo yelkasidan bosayotgandek boshi oyoqlari orasiga tushib qoladi. 
— Dofur, — deydi so‘ng ming‘irlab, — Xudo xohlasa, payshanba kuni biz ham yo‘lga tushamiz. Mayda molni bolalar oldinga haydaydi. Uning izidan qoramol yuradi. Keyin qarabsizki, eshakka yo‘l ochilibdi. Asta sekin uch-to‘rt kunda qishloqqa yetib boramiz.
Ustaning so‘zlarini bobom ma’qullaydi. Biz endi payshanba kelishini intizorlik bilan kutamiz...
Nihoyat, kutgan kunimiz keldi. Usta Zarifning qizi Oysara bilan echkilarni oldimga solib quvlayman. Ahmad akam esa Hazori ammam bilan qoramolning izidan qolmaydi. Bobom bilan usta Zarif ulovlarning ortidan uzilmaydi. Qalin shohi ko‘rpacha to‘shalgan hangi ustida o‘tirgan Xaticha ammaning ro‘moli hilpiraydi. Quchog‘ida yangi tug‘ilgan mehmon...
Biz Oysara bilan echkilarni suramiz. Ularning ustida yuki yo‘qki, ag‘anasa. Oysara menga mehribonlik qilib yong‘oq uzatadi. Men esa uning yong‘og‘ini olmayman. Negaki, Oysarani, oilasini, yong‘oqlari bilan qo‘shib, yangi mehmonigacha yomon ko‘raman. Shularni deb sho‘rlik ammam xo‘rlandi. Akamning sovuqda yig‘laganlari-chi? Buni sira kechirib bo‘lmaydi... 
Biz imillab-imillab kun botarda qo‘yg‘orga yetib kelamiz. O‘zi mo‘ljalimiz ham shu edi. U juda katta g‘or. Unga bir suruv qo‘y bemalol sig‘adi. G‘orning ichi uydek qup-quruq. Yaratganning mo‘’jizalariga qoyilman. Biz g‘orda tunaymiz. Bobom bilan usta Zarif dunyoning shox-shabbasini yig‘ib kelishadi. O‘sha kecha tuni bilan olovimiz o‘chmaydi. Xaticha amma topgan-tutganini dasturxonga sochadi. 
— Mehr ado bo‘ldi usta, —  deydi bobom olovga shox tashlab. — Odamlar ortidan yov quvlagan kabi bir-biriga qaramay yugurishadi. 
— To‘g‘ri aytasiz, agar siz ham bizni tashlab ketganingizda holimiz nima kechardi? Odamning taftini odam oladi. Bu daradan ne-ne jahon sherlari o‘tgan. Tog‘lar ham qariydi. Biz ham bir kun o‘tib ketamiz. Bu damlar g‘animat, Dofur! 
Usta Zarif bobomni qo‘yarga joy topolmaydi. Biz ana shunday qilib uch kecha-kunduz yo‘l tortamiz. Har oqshom bobolarning o‘tmishdan so‘ylaguvchi hikoyalaridan bahra olaman. Xuddi yo‘llarimiz kabi uzundan-uzoq hikoyalar meni o‘ziga asir etadi. Biz usta Zarif bilan qadrdon bo‘lib qolamiz. Uning ichi to‘la dard ekan. Boshidan kechirganini aytsa, bir necha kitob bo‘ladi. 
— Men kim uchun qilaman? Umrim tosh qazishda o‘tdi. Odamlarning minnatidan qo‘rqib yashadim. Umrimni bog‘ barpo etishga bag‘ishladim. Bolalarim xor bo‘lmasin deyman. Maqsadim, bir parcha bog‘ qoldirish...
— Usta, —  deydi bobom choy quyib, —  biz baland tog‘larda yashayapmiz. Baland bo‘lishimiz kerak. Bolalarimiz negadir bizga o‘xshamayapti. Bo‘yni yo‘g‘on polvonlar ham tayyor bog‘ga egalik qilsam deydi. Bugungi yoshlar bir toshni olib o‘rniga daraxt o‘tqazishni or bilishadi. Nimamish, bobomning mulkidan olaman. Bobolarimiz ekib ketdi. Biz ham ekishimiz kerak. Har xarsangni qo‘porganda bo‘yinning tomiri uziladi. Har kim ichidan o‘tganini o‘zi biladi. Ammo ko‘ngil oynadek nozik, rahmatlik padari buzrukvorimiz hikoya qilardi:
— Bir kuni qishloqqa oqsoqol keldi. Har kim topganini olib, oqsoqolni ko‘rgani bordi. Men ham uydagilarga shirguruch buyurdim. Kattakon yog‘och tovoqqa shirguruchni suzib, ustiga saryog‘ni quydim-da, oqsoqolni ko‘rgani bordim. Borsam, oqsoqol to‘ygan qo‘zidek dasturxon boshida yonboshlab yotibdi. Oldida ming xil ashiru nashir. U mening keltirgan shirguruchimga qayrilib ham qaramadi. Yonidagi kishiga:
— Shirguruchni olib bor, Tursunmurodning bolalari yesin, — dedi. Oqsoqolning so‘zi yuragimga tig‘dek sanchildi. Sapchib joyimdan turdim-da, etagimni yig‘dim. 
— Oqsoqol, men shirguruchni siz uchun olib kelgan edim. Uyda o‘zimning bolalarim shirguruch orqasidan yig‘lab qolishdi...
Keltirgan taomimni tovog‘i bilan ko‘tarib, uyimga jo‘nadim. Davrada o‘tirganlar hangu mang qolishdi...
Ha, garchi otam, bo‘yi ikki metrdan baland bahaybat polvon bo‘lsa-da, ko‘ngillari juda nozik odam edi. O‘ylab ko‘rsam, u kishi to‘g‘ri qilgan. Birovni hurmat qilsang-da, evaziga hurmat topmasang... 
Qorning sovuq shamoli borgan sari kuchayadi. Usta Zarif olovning cho‘g‘i pasayganidan tahlikaga tushadi. Yangi mehmonning beg‘ubor ingasi qo‘yg‘orga fayz bag‘ishlaydi.
Eh baland tog‘lar, siz yelkangizga bobolarimning zalvorli dardlarini ko‘tarib o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib ketgansiz. Bugun qarshingizda tik turibman. Yuqorilagim kelayapti...
Sovuqni yoqtirmaydigan Hazori ammam bahorga chiqish oldidan ketdi...
U kishining eng so‘nggi aytgan so‘zi momaqaldiroqdek yuragimni larzaga soldi. «Bahor kelayapti, men esa ketayapman...» Bobom o‘lim bilan olishib yotgan chog‘ida Piryax tog‘ning suvidan bir qultum keltirishimizni buyurdi. Tog‘larni jonu dilidan ortiq ko‘radigan usta Zarif dunyo bilan vidolashdi. Uning qora kunlarida sochlarini tundek yozib, Xaticha ammaning bo‘yniga osilib otamlayotgan ayolning nolasidan ko‘zlarimga yosh keldi. Bu o‘sha, bizni qorli kunlarga qoldirgan yangi mehmon — Anorxol... 
Har gal tog‘larning boshiga qor tushganda xotiralar to‘foniga g‘arq bo‘lib, bolalikni izlayman. Yaxshilikni sira unutib bo‘lmas ekan. Bobom aytganlaridek, tillo berib topolmaydigan damlarimni qo‘msayveraman...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.