OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Axtamqul Karim. Tog‘larga dil bergan devona (hikoya)

Tog‘larning boshini qora bulutlar o‘radi...
Hayal o‘tmay quloqni qomatga keltirib, go‘yo tog‘dagi toshlar ko‘chib tushayotgandek momaqaldiroq guldiradi. Daf’atan chaqnagan chaqmoq shamshiri bulutlar bag‘rini tilkaladi. Gohida esa chaqmoq lipillabgina qolar, xuddi tog‘larga o‘g‘ri oralaganu, kimdir uni fonus yoqib qidirayotganga o‘xshardi. Devonaning xayolini tog‘lar o‘g‘irladi...
O‘zi juda g‘alati odam. Shotiro‘dliklar uning beo‘xshov xatti-harakatlarini bilgani uchun ham «devona», deb atashardi. Bulutlarni haydab yurgan shamollar tog‘larda yangi unib chiqqan kavrak isini qishloqqa yoydi. Buni eldan burun uning dimog‘i tuydi, tuygan sari kayfiyati ko‘tarildi. 
— Bay-bay-bay! Qudratingdan aylanay Xudoyim, tog‘larga yana ko‘klam keldi... —  deya hayajonini oshkor etdi. 
Go‘yo bahor kelganidan qishloq ahli bexabar qolgandek, u hammadan suyunchi olmoqchidek ko‘chalarda yugurib ko‘nglini yordi.
Odamlar allaqachon hammasidan xabardor bo‘lsalar-da, uning ko‘ngli uchun hayratlanishdi. Ertasi u hech kimga bildirmaygina qishloqdan g‘oyib bo‘ldi. Buni eshitgan qishloqdoshlari ham ko‘ch-ko‘chga tushdi. Qishning uzun tunlari ularni zeriktirgandi. 
— Devona biladi, —  dedi Bozor Qodir ishonch bilan. —Uning hisob-kitobi bor...
Mana shu bir og‘iz so‘z hamma uchun kifoya, «Devona biladi». Tog‘liklar orasida erta bahordan tog‘larga chiqib, goho kech kuzgacha ko‘rinmay yuradigan kishilar bor. Ular tinimsiz bog‘ barpo etishadi. Bunday tashvishlardan faqatgina bir odam xoli, o‘ ham bo‘lsa devona...
U kun bo‘yi qir-adirlarda yolg‘iz izg‘ib yuradi, nima uchun yurganini balki o‘zi ham bilmaydi. Saksonni qoralab qolgan qariyaning aft-angori, kiyim-boshiga qaragan kishi bu juldur odamdan hayratlanishi aniq. Egnida eski chakmon, boshida yillar oftobidan rangi uniqqan salla, oyoqlarida yuraverib adoyi tamom bo‘lgan ikki tus poyafzal. Turgan-turishi-yu, yurgan-yurishi g‘alati bu odamni tog‘da uchratgan kishi borki, unga achinadi. Beliga zarang dastali boltachani qistirib, tog‘larga chiqqanda bir zayl shox kesib, o‘zi yurgan izlarga tortib yuradi. Bir yo‘la qoldirgan izlarini supurib ketaveradi. Go‘yo dunyodan izsiz o‘tmoqchidek. Uning bu ishini hech kim tushunmaydi...
Bu daraga juda ko‘p odamlar kelib ketishgan, lekin bunaqasini hech kim ko‘rmagan emish...
Ming yillar berisida tog‘larni makon etgan shotiro‘dliklar baland tog‘lar bag‘rida hayot kechiradi. Bunga azim yong‘oqzorlar guvoh. Qishloq ahli qadimdan bir so‘zli, keng fe’l va jasur, qancha zahmat bo‘lsa ko‘taradi. Shunday baland tog‘ning g‘ururi osmon odamlari qildek nohaqlikka chiday olmaydi. Negadir devonaning g‘alati qiliqlarini gohida anglamay qoladilar. Tog‘liklar echkini shayton de­yishadi. Bu bejiz emas. Shayton bo‘lmasa behisob kengliklar qolib, devonaning suruvidan ajragan besh echki bora-bora odam oyog‘i yetmaydigan tog‘ning qati1ga tushib qolarmidi. Bundan xabar topgan devona qatga tushib, echkilarni olib chiqishga ko‘p urindi, ammo eplay olmadi. Echkilar go‘yo o‘z oyog‘i bilan tuzoqqa tushgandi.
So‘ng u ilojsiz qolib, qishloq oralab, bittagina bo‘zbola beringlar, deya odamlardan yolvorgancha yordam so‘radi. 
Kim ham beshta tirriq echki uchun jonini garovga qo‘yardi. Qishloq ahli echkidan umidingni uzaver degandek, uning iltijolariga loqayd qarashdi. Gapning indallosini Qosim mergan aytdi: 
— Ota, buning oson yo‘li, —  dedi mergan ko‘zlari chaqnab, — besh dona o‘q, paq etib otamiz, olam guliston, hammaning og‘zi moy...
Qosim merganning gapidan devona seskandi. Nazarida bu odam, hozir echkilarga qo‘shib o‘zining omonatini ham olishga tayyordek tuyuldi. Badani uvishib ketdi. 
—  Yo‘q... Yo‘q... —  dedi ovozi titrab, —  chiqsa o‘zlari chiqar, chiqmasa o‘sha yerda o‘lib ketsin, jonlini jonsiz qilish gunoh... 
U qishloqdoshlaridan umidini uzdi. Ayniqsa, Qosim mergandan qattiq ranjidi. Uch bog‘ xashakni yelkasiga olib, qatda yotgan echkilar boshiga bordi. So‘nggi paytlarda u ancha toliqqan, tog‘lar kun sayin kuch-quvvatini tortib olayotgandek edi. Qirga olib chiqqan xashagi ko‘zlagan joyga tushmay, har yoqqa sochilib ketardi. Tadbirdan murodi hosil bo‘lmasligiga aqli yetgach, tushkun kayfiyatda iziga qaytdi. Oyoqlari unga bo‘ysunmasdi. Garchi bir suruvdan ziyod moli bo‘lsa-da, mol so‘yganini hali birov ko‘rmagan. Bu telba chol jon talvasasida yotgan qo‘y-echkilari tepasida munkayib kunni o‘tkazgani, jonivorning bo‘yniga pichoq tortishni xayoliga ham keltirmagani ko‘plarni ajablantirgan. Odamlar shu bois uni «non yemas»ga chiqarishgan. 
Tog‘ boshida sahar mardonda paydo bo‘lgan g‘ajirlarning beo‘xshov xatti-harakati devonaning ko‘ngliga tahlika soldi. Qatda yotgan echkilarning vaqt-soati tugaganini sezgan bu o‘laksaxo‘r qushlar panjalarini yozib charx urishar, go‘yo uloqqa tushgan chavandozlarday payt poylashardi. G‘ajirlar to‘y qilishdi.
Devona yirtqich qushlarning qiyqiriqlarini, o‘ljani yulqilab-yulqilab uzib talashishlarini uzoqdan g‘amgin kuzatib o‘tirdi. Ichidan nimadir uzilib ketgandek bo‘ldi. Qo‘llarini sovuq suvga yuvib, etagiga artdi. Odamdan omad yuz o‘girsa yomon ekan. Bir paytlar otini aytib chaqirsa yugurib keladigan echkilari, bugun sog‘ish uchun keltirgan xumni ko‘rsa shataloq otib qochgani-qochgan... Ayolining dun­yo­dan o‘tganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Lekin tanholik uning qaddini bukolmadi.
— Xotin zoti mo‘rt keladi, — deydi ba’zan bu haqda so‘raganlarga. U qolgan gapni aytmasa ham qishloqdagilarga uning hikoyasi yod bo‘lib ketgan...
Devona erta tongda turib qirga chiqdi. Uning qirga chiqib borayotganini Toshbibi kampir ko‘rdi. Belida hanuz o‘sha boltacha, aftidan uxlaganida ham boltachasini belidan olmaydi. Tanish qoyalar, besh barmog‘idek yod bo‘lib ketgan yo‘l. Bu yo‘llarda hech kim uningdek ko‘p yurmagan. Birov «Devonaning devi bor desa», yana birov «Tog‘larda yashirgan xazinasi bor» deydi. Tog‘lardan o‘zga do‘st topmagan qariya sovuq toshlarga ko‘ngil berdi. Tog‘lar bilan ovundi. Yuragini cho‘qqilarga yordi va shu ketishida Pir­yax cho‘qqisining etagiga yetib bordi. Devona bu cho‘qqiga chiqib ming yillardan beri yastanib yotgan muzlarga ko‘z tikib, Ollohning mo‘’jizasidan hayratlanardi. Qiziq, bu muzliklarning eriganini birov ko‘rmagan. Devona muzliklardan bir nimalarni o‘rganmoqchi bo‘ladi. Uning bolaligi shu qirlarda kechgan. Hammasiga omonat sabab, qayoqdan ham uni bo‘yniga oldi-yu, shu kuyga tushdi. Tinch­ligini yo‘qotdi. Qadrdon ismidan judo bo‘lib, «devona» nomini orttirdi. Devonadan esa Devona bobo darajasiga ko‘tarildi. Garchi taqdirning achchiq hazillariga ko‘nikib ketgan bo‘lsa ham, ammo nimadir umr bo‘yi yurak bag‘rini ezardi.
Odatda sovuq xabar va mish-mish juda tez tarqaydi. Lekin uning kutilmaganda g‘oyib bo‘lganini hech kim sezmadi. Mana o‘n kundirki, huvillab yotgan kulbasida chiroq yonmaydi. Nihoyat, tog‘begi odamlarni yig‘ib o‘shqirdi. 
— Mol yo‘qotsak qidirishga tushamiz, odam yo‘qolibdi, nega hamma jim! 
Yig‘ilganlar boshini egishdi. 
— O‘n kun o‘tgan bo‘lsa, yo tog‘dan uchgan yoki biror jondorga yo‘liqqan, — dedi Qosim mergan bilag‘onlik qilib.
— Baribir, qidirib ko‘rish kerak-da... Tirigi bo‘lmasa o‘ligi topilar, nima degan odam bo‘lamiz?! — o‘dag‘ayladi tog‘begi.
Tog‘begining da’vati qishloq ahlini oyoqqa turg‘izdi. Devonani qidirishga tushgan guruhga Iskandar mergan bosh bo‘ldi. Tog‘ merganlari hatto kiyiklarni ham izidan ta’­qib qilib, izlab topishadi. Ammo g‘oyib bo‘lgan qariyani topish oson kechmadi. Chunki uning izlari yo‘q. Tog‘lar uni quchog‘iga yashirib qo‘ygandek unsiz turardi. Qidiruvning uchinchi kuni Iskandar merganning durbinida uzoqdan bir qora ko‘rindi. Solor cho‘qqisining tepasida Piryax tog‘i bilan yuzma-yuz turgan tomonida odam yotgani aniqlandi. Bu o‘sha, dedi mergan quvonchini yashirolmay. Durbinda ko‘ringan cho‘qqi ancha baland va tik edi. Archazorlarni oralab borayotgan Iskandar mergan bunday cho‘qqilarning ko‘piga chiqqan, Janggoh tog‘ida bir yo‘la uchta ayiqni tinchitgani uchun mergan nomini olgandi. U cho‘qqiga birinchi bo‘lib chiqib bordi. Durbin pand bermabdi. Devona topildi. Yonida bir bog‘ shox, belida zarang dastali boltacha, nursiz so‘nik ko‘zlarini Piryax tog‘iga tikib yotgan qariyaning ahvoli botishga mahkum quyoshni eslatardi. O‘n uch kun ichida go‘yo o‘n uch yilga keksaygandek edi. Iskandar mergan shoshib belbog‘idan non bilan suv solingan idishni oldi. Mehrdan Devonaning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. Qishloqdoshlari uni yosh boladek yelkalab qishloqqa tushishdi. To‘kilib qolgan tosh kulbasi bunyod bo‘lib buncha odamni ko‘rmagandi. Hol so‘rashga kelmagan odam qolmadi. Qariya yolg‘iz emasligini bildi. Ammo dardi kundan-kun og‘irlashib, allaqanday kishi bilmas og‘riq uni ich-ichidan ado qilardi. U chor atrofga olazarak tikilib, nimanidir qidirayotganga o‘xshardi. Atrofdagilar uning oxirgi nafasda aytadigan so‘ziga intiq turishardi. Negaki, u qishloqdoshlari uchun allaqachon «sirli» odamga aylangan edi. Nihoyat, u kutgan odam keldi. Qishloqda katta-yu kichik birday hurmat qiladigan nuroniy Amir oqsoqoldan u bir necha bor tanbeh eshitgandi. Oqsoqol qishloq ahlini har doim harom-halolni ajratishga da’vat qilar, birovning molidan hazar qilishni bot-bot uqtirardi. Ammo bu so‘zlar hammaga birday yoqmasligini o‘zi ham sezib tursa-da, nasihat qilish oqsoqol uchun odatga aylanib qolgandi. Devona ko‘zlarini katta-katta ochdi. Go‘yo uyqudan uyg‘ongan kishidek Amir oqsoqolga o‘ychan tikildi, yuzi yorishdi. Oqsoqol Xudodan bemorga shifo tilab, kaftlarini yuziga tortdi. Atrofdagilarga ko‘z yugurtirib, devonaga yuzlandi. Umrini qirlarda o‘tkazgan bu majnunvash cholning sarg‘ayib ketgan yuzi kuzda daraxtlar shoxini tark etishga shay turgan za’faron yaproqlarni eslatardi. Tinimsiz yelib-yugurgan kishining mushtdekkina bo‘lib qolgani, nafas olishga qiynalib yotgani o‘tirganlar rahmini keltirdi.
— Hazratqul aka, sog‘lig‘ingiz yaxshimi? 
Uning bolalikdagi qadrdon ismini yolg‘iz mana shu oqsoqol eslab qolgandi. Ismini eshitib devonaning badani jimirlab ketdi. 
—  Xudoga shukr, tuzukman, —  deya g‘amgin pichirladi. 
Amir oqsoqol o‘tirganlarning dilidagini uqib olgandek so‘z boshladi:
—  Qirlarda yurish yoshlarning ishi, biz endi qaridik. To‘rt kunlik qolgan umrimizga besh vaqt buyurganini bajarib o‘tirsak, shu ham katta davlat. Yo tog‘larda yashirgan xazinangiz bormi? Qachon qaramay, qirma-qir izg‘iysiz. Odamzod o‘z jonini ham o‘ylashi kerak-da! Oqsoqol tik gapiradigan odam, so‘z mo‘ljalga aniq tegdi. Atrofdagilar sergaklandi. Ular ham xuddi shu so‘zlarni aytishga qiynalib turgandi. Devona jonlandi. 
— Mullazoda, —  dedi ko‘zlarini pirpiratib, —  so‘zlaringiz haq. — Yaratganning qarzlarini ado etishdan ulug‘roq amal yo‘q. Odam bolasi o‘z nafsini tiyishi kerak. El boshidan qancha balo-qazolar kechdi. O‘lat, urush, ochlik... Odamzod sinov uchun yaralgan ekan. Uzilgan kiprikning ko‘zga sanchilishi yomon. Xotinim qazo qilgach, yolg‘iz o‘zim shu huvillagan hovlida qoldim. Qanotidan judo bo‘lgan qushning holatini eslang. Usiz hovli meni o‘z komiga tortardi. Tog‘larga chiqdim. Dunyoni balanddan ko‘rgim keldi. Pastda odamlar meni «telba» deb oyoq uchida ko‘rsatishganda, tog‘lar boshiga ko‘tardi. To‘rtta echkimni olib, qirma-qir yurganimda g‘amlarim aridi. Eh-he, men so‘zlamay, sizlar eshitmanglar. Hayotning shafqatsiz sinovlarida chiniqdim. Boy va mullolarni quloq qilgan yillari bir badavlat odam bir to‘p molini menga omonat qoldirgandi. Yurtga qaytib kelsam berasan, deb aytgandi. Men uning qaytishini kutdim. Yillarni yillarga ulab kutdim. Echki ajriqning urug‘i ekan, ko‘payib boraverdi. Bergan omonatlarini ko‘paytirib kutdim. Omonatga xiyonat qilmadim. Omonatbon bo‘ldim. Juldur kiyib, devonaga aylandim. Odamlardan qo‘rqdim. Omonatni tog‘larning tepasiga olib chiqdim. Tog‘larga ishonsa bo‘ladi. Men boy emas, Omonatbonman. Omonat qoldirilgan echkilarni so‘yib yeyishdan hazar qildim. Oxiratda hisob berishdan qo‘rqdim. Odamlar esa mening ustimdan kulishdi...
Uni eshitib o‘tirganlarning qiyofasi va yuz-ko‘zlarida o‘zgarish yuz berdi. Devonaning ich-ichiga botgan ko‘zlaridan shashqator oqayotgan yosh uning sarg‘aygan yuzi va soqollarini betinim yuvardi. Amir oqsoqoldan tortib hamma birday karaxt bo‘lib qolgandi.
— Omonatni saqlash ko‘p og‘ir ekan, halovatim yo‘qoldi. Negaki u menga ishongandi. Har kuni Solor cho‘qqisiga chiqib Piryax tog‘i bilan yuzlashaman. Nazarimda uning bag‘ridagi ming yillik muzlar ham omonatday ko‘rinadi, —  degach cholning ovozi o‘zgardi. — Xo‘ja Piryax tog‘ining kuni mening boshimga tushgan deb o‘ylardim. Unga omonat muzlar, menga esa omonat xazina, bir-biridan sovuq. Bu tashvishdan tezroq xalos bo‘lishni qanchalar intizor bo‘lib kutganimni bilsangiz edi...
Uning dardchil so‘zlari o‘tirganlarning hayratini oshirar, ko‘zlari olayib, mushtdekkina bo‘lib yotgan bu juldur chol qishloq ahlining ko‘z o‘ngida yuksak qoyaga aylanib borayotgandek edi. 
— Hammasini tog‘larga topshirdim!.. Cholning ovozi xirilladi.
— Mendan keyin yana bir devona paydo bo‘lishini istamayman... Bu tog‘larda hamiyati baland odamlar yashasin. Men tog‘lardan g‘urur topdim. Bizni Xudo mana shu tog‘lardan ayirmasin.
U yuzini Xo‘ja Piryax tog‘ tomon burdi. Hamqishloqlariga yana nimadir demoqchi bo‘ldi. Ammo lablari beixtiyor ilohiy kalomni shivirladi:
«Ashhadu allailaha Illalloh va ashhadu anna Muhammadan ‘abduhu va Rasuluh...» Uning ochiq qolgan ko‘zlariga tog‘larning aksi ko‘chdi. U go‘yo tog‘larni ham ko‘zlarida olib ketganga o‘xshardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.