OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Azamat Qorjovov. O‘g‘irlanmagan velosiped (hikoya)

Bu o‘ttiz yillar avvalgi voqea. O‘shanda qishloq do‘koniga bir dona sariq velosiped keldi. Gard qo‘nmagan qop-qora zanjiri, klyonka qoplangan o‘rindig‘i, novvotrang moyqog‘oz yopishtirilgan rulning nikel quvuri, g‘ildirakning yo‘l ko‘rmagan tukli pokrishkasi. Onasi Bobosherni bir quti tuzga yuborgan edi, do‘kon ostonasidayoq ko‘zlarini katta-katta ochgancha bir nafas turib qoldi.
– "Desna" kelibdimi? – dedi birov.
– Yo‘q, "Sura"-ku, – javob berdi ikkinchisi.
– Qimmat bo‘lsa kerak.
– Sakson so‘m, shekilli.
– Ha-a, unda minmas ekanmiz.
Bobosher yarim soat kuymalandimi, bir soatmi, yodida yo‘q. Nihoyat, sotuvchi so‘radi:
– Onang nimaga yubordi seni, Bobosh?
– Tuz bilan un...
– Ber pulingni! Oladiganingni ol-da, jo‘na! Do‘kon muzey emas.
Shu ondan boshlab Bobosherning esu dardi velosiped bo‘lib qoldi. Onasi bo‘g‘irsoq pishirish uchun qo‘shnidan qarz so‘rab, do‘konga birrovga jo‘natgandi. Qishloq chetida yashaydigan buvisi bir oydan beri kasal.
– Qayoqlarda yuribsan? – javradi onasi. – Do‘konga o‘zim borganimda bo‘larkan.
Shundan so‘ng u oshxonaga kirib, jahl bilan xamir tayyorlay boshladi.
– Hademay kech bo‘ladi. Mollarga o‘t o‘r.
– ...
– Kechki ovqatni ukalaringga solib berasan, men buvingni ko‘rgani boraman.
Bobosher yana indamadi. Onasi qayrilib qaradi.
– Nimadir demoqchimisan?
– Haligi... do‘konga velosiped kelibdi.
– Kelsa kelibdi! Shuni menga aytasanmi! – onasi xamir mushtladi. – Makkajo‘xorining ichida o‘t tugabdi. Daladan opkelasan. Tag‘in u yoqda ham ikki soat qolib ketma!
– Velosipedim bo‘lganida har kuni uch qop o‘t tashirdim. Ertalab bir marta, tushda ikki, kechqurun...
– Qaysi pulimga olib beray?! Ana eshak! Xurjunini yamab qo‘yganman... – To‘satdan begona odamga iltijo qilayotgandek ko‘zlarida yosh halqalandi: – Otangning onasi bugun-ertan o‘laman deb yotibdi, baraka topgur! Qon bosimimni oshirmasdan o‘tga jo‘naysanmi yo boshimda serrayib turaverasanmi?
Bobosher oshxonadan xomush chiqdi. U yap-yangi velosiped kimga nasib etishini tusmolladi: Akmalboyvachchaga, Nazarbekka, yaqinda ko‘chib kelgan Hasanboyning to‘qqizinchi sinfdagi o‘g‘liga...
Kechqurun podadan qaytgan sigir oxur chetidagi qoziqqa bog‘landi. Onasi bo‘g‘irsoqni tog‘oraga solib, dasturxon tashlab, shosha-pisha jo‘nadi. Qo‘shni xotin hol so‘radi.
– Soylidagi Fozil do‘xtir ukol qilib ketgandi, – dedi onasi. – Sho‘rvaga bo‘g‘irsoq botirib yedi. Lekin... yaxshimas... Do‘xtir oyoqqa turishi qiyin deyapti.
– Fozil do‘xtirning qo‘li yengil. Tunov kuni o‘g‘lim mashinasida shahardan qaytayotsa, yo‘lda do‘xtirning velosipedi buzilib, boshi qotib turgan ekan, uyigacha tashlab qo‘yibdi.
Bobosher Fozil do‘xtirni esladi. Bir gal yashil velosipedda qishloq oralab, sariq kasaldan sog‘aygan bolalarni uyma-uy tekshirib chiqqandi.
Qosh qoraydi. Jo‘jabirday jon – uch o‘g‘il, uch qiz bir parcha dasturxon atrofida tiqilishib o‘tirdilar-da, sho‘rillatib sho‘rva ichdilar. Hammaga bittadan bo‘g‘irsoq tekkan edi, yarim chaynab-chaynamay yutdilar.
– Televizor ko‘ringlar, – dedi Bobosher ovqatdan so‘ng. – Men Sherilarnikiga chiqaman. Sal narsaga orqamdan yugurib bormanglar, tushundilaringmi?
Ukalari va singillari bosh silkib, burunlarini tortishdi. Bobosher oyog‘iga sportchilar kedasini kiyib, qorong‘i ko‘chaga o‘zini urdi. Besh daqiqada do‘konga yetdi. Chiroqlar o‘chirilgan, eshikka qulf ilingan, simyog‘ochdagi projektor yorug‘ida vitrina ortidagi idish-tovoqlar, un qoplari va velosiped ko‘rinib turardi.
Do‘kon burchagidagi qorovulxona oldida ikki kishi o‘tirgan ekan, chaqirdilar.
– Boboshmisan? Nima qilib yuribsan? – sigaret tutatdi qorovul.
– O‘zim...
– Sen ham endi katta bo‘lib qolding-da, a? – turtdi yonidagi yigit. – Chekishni boshlagan bo‘lsang, do‘kon atrofidan "bichok" terishga keldingmi?
Bobosher seskanib tushdi. Otasi bilan birga o‘g‘irlik ustida qo‘lga tushib, qamalib ketgan qo‘shni qishloqdagi Mitti o‘g‘ri edi u.
– Tanidingmi? – kuldi Mitti. – "Zona"dan kecha qaytdim. Otang salom aytib yubordi.
– Mitti, o‘ylab gapir! – jerkidi qorovul. – Bolani masxara qilma! Onasi shusiz ham uyingga borib, teringni shilmasa edi.
– Kap-katta odamni men o‘g‘rilikka majburlabmanmi? Be-e, safsata! O‘z qo‘li bilan qilgan ish uchun javob berayapti, aka!
Bobosher boshini egdi.
– Uyingga keta qol, – dedi qorovul Bobosherga. Keyin tutun pufladi. – To‘xta! Buving yotib qolganmish, rostmi?
– Bir oz mazasi yo‘q, – dedi Bobosher yerga cho‘kib. – Mitti aka, otam rostdan salom aytib yubordimi?
– Hazillashdim, – yelkasiga qoqdi Mitti. – Men Zangiotadagi "zona"da bo‘ldim, otang Qarshida. Demak, uni ko‘rmaganman, salom ham aytmagan. Nechanchi sinfsan?
– Yetti.
– Tur, muyulishgacha birga yur. Sen uyingga, men qishlog‘imga qayrilaman.
Ular yonma-yon keta boshlashdi.
– Uka, – dedi Mitti, – onangga ayt, meni qarg‘amasin. Otangning o‘zi qiziqdi, ishonasanmi? Shuncha ishlab, kosam oqarmagandan keyin senga o‘xshab bir kechada boyiyman, deb boshimni qotirvordi. Olti bolani boqishga qiynalib ketgandir-da! Hammang yeyman, ichaman, kiyaman deb turibsan. O‘lay agar, oltita bolam bo‘lganida men ham o‘g‘rilikka qo‘l urardim. – O‘g‘ri chirt etib tupurdi. – Umuman olganda, bolam bo‘lmasa ham o‘g‘rilik qildim. O‘rganib qolganman, he-he-he-e...
– Muddatidan oldin qo‘yib yuborishdimi?
– Omadim chopdi. Aslida yana ikki yil o‘tirishim kerak edi. Eshitgan bo‘lsang, avval ham sudlanganman. Velosiped o‘g‘irlab sotardim.
– Katta velosipedmi? – sergak tortdi Bobosher.
– Go‘daklarning uch oyoqli velosipedini boshimga uramanmi? Albatta, katta velosipedlarni-da! "Desna", "Sura", "Kama", "Uri", ko‘pchiligi "yigirma sakkiz" edi. Bugun do‘konga kelgan sariq "Sura"ni ko‘rdingmi? O‘shanaqalar ko‘p ilinardi. Sudda uchta velosiped uchun hukm chiqarishgan. Rostini aytsam, o‘ttizta velosiped o‘g‘irlaganman.
– O‘ttizta deysizmi? Ularni nima qilgansiz? – negadir Bobosherning vujudiga iliqlik yugurdi.
– Samarqandda eskifurushlar bozori bor. O‘sha yerda sotardim.
– Do‘kondan qanday o‘g‘irlagansiz?
– Qiziq bola ekansan-ku! Do‘kondan velosiped o‘g‘irlab bo‘ladimi?! Bozorlar, idoralar atrofini kezardim. Egalari bir daqiqa qarovsiz qoldirgan velosipedlarni poylardim. Qaysi qishloqda kimning velosipedi kechasi uyi oldida, oshxonasida, ayvonida saqlanadi, ular haqida ham ma’lumot to‘plardim. Keyin shartta o‘g‘irlab, ovloq joyga yashirib qo‘yardim. Shanba kuni kechasi Samarqandga uchirardim. Besh-olti soat yo‘l yurib, tongda shaharga kirib, to‘g‘ri eski bozorga haydardim. Qimmat so‘ramasdim. Pulni cho‘ntakka urgach, ovqatlanardim, ul-bul xarid qilardim. "LAZ"ga o‘tirib, uyga qaytardim.
Bobosher umrida o‘g‘irlikka qo‘l urmagan edi. Velosipedi bo‘lishni shu qadar xohlardiki, onasi nafratlanadigan Mitti o‘g‘ri bilan suhbatlashib borishdan hozir o‘zini tiyolmayotgandi. Egasiz velosipedni uchratsa, Mitti kabi uyiga qarab uchirishni ham beixtiyor ko‘nglidan o‘tkazdi. O‘tkazdi-yu yuragi orqaga tortdi. Izidan militsiya kelsa-chi? Otasini uy oldidagi chorpoyada choy ichib o‘tirganda ushlashgan edi. Onasi dod solgancha yig‘lab qolgandi...
– Egalari militsiyaga xabar berishganmi?
– Do‘konga tushsang, militsiyaga qo‘ng‘iroq qilishadi, darrov yetib kelishadi, – dedi Mitti. – Ko‘chada, bozorda oldirib qo‘yganlar hamisha ham militsiyaga bormaydi. "Sening velosipedingni axtarishdan boshqa qildigan ishimiz yo‘qmi?" deb so‘kib berishadi ayrim shapkalilar. Boshqa bosh og‘riqlari ham bor.
– Nega o‘z velosipedingiz bo‘lishga qiziqmagansiz?
– E, velosipedning otalarini minganman, uka! Eski bozorda xilma-xillari qalashib yotardi. "Mol"larimni gohida zo‘rlariga almashtirardim. Shuni unutma, bir boshimga bitta velosiped kerak. Qolgan yigirma to‘qqiztaning puliga cho‘ntak qappaytirganman. Qoyilmisan?
Ular ikki tomonga burilishdi. Bobosher uyiga yetib, ko‘rpachaga cho‘zildi. Televizorda qiziq film namoyish etilayotgan edi, qaramadi. Xayolida velosiped. Samarqandgacha bora olarmikan? Besh-olti soatlik yo‘l, dedi. Kechasi soat birda uydan chiqsa, ertalabgacha ulguradi. Yo‘lda so‘raganlarni "Narigi qishloqdanman, otamning mazasi yo‘q, do‘xtir chaqirishga ketayapman", deb aldaydi. Samarqandgacha nima ko‘p? Katta yo‘l bo‘yidagi qishloqlar. Biroq kimning velosipedini o‘g‘irlab, bozorda almashtiradi? "Qaerlarda yuribsan? Kimning velosipedi?" deb onasi tergamaydimi?
– Yo‘q, – shivirladi Bobosher og‘ir uh tortib, – o‘g‘irlik ustida qo‘lga tushsam, onam adoyi tamom bo‘ladi. Otasi ham o‘g‘ri edi, bolasi ham, deyishadi odamlar. Onam chidolmaydi...
Ertasiga Bobosher makkajo‘xori oralab o‘t terdi.
– Oxur ham to‘lmabdi, – dedi onasi kechqurun. – Tomorqada o‘t tugadi, daladan yig‘, demaganmidim?
– Yozgi ta’tilda dalada ishlayman, – Bobosher qo‘rqa-pisa gap ochdi. – Shunga, aya, qo‘shnimiz taksichi...
– Nimalar deb ming‘illayapsan? Tushuntiribroq gapir!
– Qo‘shnimizdan sakson so‘m qarz so‘raylik, yozgacha. O‘zim ishlab uzaman.
Onasining yuzida ayanchli ifoda zuhurlandi.
– Es-pesing joyidami? Nima qilasan sakson so‘mni?
– Velosiped olaman, – ko‘zlari pirpiradi Bobosherning. – Nega hadeb jerkiyverasiz? Mening ham velosipedim bo‘lishga haqqim bor-ku, aya!
– Bu gapni olti bolani boqib o‘tirgan onangga emas, kecha qamoqdan chiqqan narigi qishloqdagi mushtdekkina bolaning gapiga kirib, o‘g‘irlik qilgan otangga ayt!
– Qamoqqa borib aytamanmi? – bo‘g‘riqdi Bobosher.
– Qamoqda pishirib qo‘yibdimi?! Onangga gap qaytarma!
Bu kech Qurbon hayitining arafasi edi. Ovqatni buvisinikida yeydigan bo‘lishdi. Hammasi bir to‘da bo‘lib bordilar. Buvisi to‘rdagi ko‘rpachada ihrab yotardi.
– Nega Bobosher xafa? – so‘radi sinchkov buvisi.
– Kim bilibdi! – ovozi titradi onasining. – Ukalariga o‘rnak bo‘lish o‘rniga jizzaki bo‘p qolgan. Menga oson emasligini tushunganida edi...
– Qo‘y, urishma, – dedi buvisi. – Ukalari hali kichik. Bobosher otasini sog‘inadigan yoshda... Aylanay bolajonim... Yanagi yil keladi otang... Ayangni xafa qilmay tur...
Guruch sho‘rva ichishgach, buvisining ahvoli og‘irlashdi. Kelinlar tog‘ora tutishdi, bemor kuchsiz o‘qchidi. Bolalarni narigi xonaga o‘ynagani chiqarishdi, bir zumda sho‘x amakivachchalarning qiy-chuvi tutdi. Bobosher esa bir chetda xomush o‘tiraverdi.
– Do‘xtir ham kelmadi, – dedi buvisi so‘lg‘in tovushda, – allamahal bo‘ldi...
– Odam yuboruvdik, – dedi kelinlardan biri, – velosipedi uyining oldida turibdi, lekin o‘zi uyda yo‘q ekan. Tog‘ning orqasidagi bir jo‘rasi mashinasida olib ketibdi. Ertalab yetib kelsa ham yaxshiydi, debdi xotini.
– Mayli, shartmas... Sizlarni tashvishga qo‘yib, ukol olaverganimdan foyda yo‘q... Yoshimni yashab, oshimni oshadim...
Bobosher soatga ko‘z tashladi. Shu payt onasi:
– Sen uyga bora qol, – dedi unga. – Uy qarovsiz qolmasin. Ukalaring keyinroq men bilan ketadi.
Bobosher buvisinikidan uzoqlashdi. Oyoqlari uyga emas, Soyli qishlog‘iga tortdi. U och itdek yugura boshladi. Do‘xtirning uyiga yigirma daqiqada yetadi. U yoqdan velosipedda qaytadi. Ko‘l bo‘yidagi qamishzorga yashirib qo‘yadi. Shanba kuni xolasinikiga otlanadi. Yakshanba kuni eski bozorda do‘xtirning velosipedini boshqasiga almashtirgach, uyga uchadi. Onasiga bahonasini aytadi: "Avtobusda uxlab qolib, Jizzaxga ketib qolibman. Bir odam uyidan joy berdi. Otam qamalganini, velosiped ololmayotganimni aytgandim, chordoqda chang bosib yotgan velosipedini sovg‘a qildi".
Shunday o‘yda Soyli qishlog‘ining qorong‘i ko‘chasiga kirib keldi. Fozil do‘xtirning uyini to‘yga kelganda eslab qolgandi. Mana, pastak simto‘r bilan to‘silgan tomorqa. Huv naridagi to‘rt-besh daraxt ortida chirog‘i yoniq uy.
Sim uchiga shimini ildirib olmaslik uchun avaylab oshib o‘tdi. O‘rik tagigacha pusib bordi. Hovlida it yo‘qligidan umidvor edi. Uy peshtoqidagi yolg‘iz chiroq yorug‘ida devorga suyab qo‘yilgan eski "Sura", to‘nkarilgan chelak, qaqqaygan oftoba, sarg‘ish supurgi ko‘rindi. Chekkadagi derazada televizorning moviy shu’lasi o‘ynadi. Oila ahli film ko‘rishayapti. Velosipedni avval qorong‘i o‘riklar tagiga yetaklab keladi, so‘ng tomorqadan o‘tib, simto‘rdan bir amallab oshiradi. U yog‘iga shamoldek yeladi.
Bir, ikki, uch...
Yo‘q, Bobosher o‘g‘irlik oson emasligini tushundi. Yuragi qinidan chiqqudek gupillab urar, oyoq-qo‘li dir-dir titrar, tili quvrab, tanglayiga yopishar, achchiq-achchiq yutinar edi. Shuncha yo‘ldan so‘ppayib qaytishni ham o‘yladi.
– Yo hozir, yo hech qachon, – dedi u.
Bir, ikki, uch... Bobosher o‘rik tagidan yugurib chiqib, uy oldiga yetdi. Velosipedni ushlagan ham ediki, uy eshigi sharaqlab ochildi. Bobosher qo‘rqqanidan toshdek qotdi.
– Ie, kimsan? – cho‘chib tushdi Fozil do‘xtir.
– Men...  – Bobosherning tili kalimaga kelmay qoldi.
Do‘xtir uydan chiqib, Bobosherga sin soldi.
– Buvimning mazasi yo‘q... – dedi Bobosher. – Shunga... sizni chaqirishga kelgandim.
– Qaysi qishloqdansan?
Bobosher aytdi. Fozil do‘xtir duv qizardi.
– Obbo, – deb bosh chayqadi, – uyda emasdim, afsus... Nahotki, boshqa do‘xtir chaqirmagan bo‘lsalaring?
– Sizni so‘radi...
– Sumkamni olay. – Fozil do‘xtir ostonada to‘xtadi. – Nimada kelding, uka?
– Piyoda.
– Velosipedimda ketamiz.
Oradan ko‘p o‘tmay Fozil do‘xtir va Bobosher kasal buvinikiga kirib kelishdi. Buvi nursiz ko‘zlarini ochdi.
– Nevarangiz Bobosher siz uchun do‘xtir chaqirib kelibdi, onajon, – dedi ammasi yig‘lab.
Bobosher tashqariga otildi va velosiped oldidagi to‘nkaga o‘tirib, ezilib yig‘lay boshladi. Buvi og‘irlashib qolibdi, deb qo‘ni-qo‘shnilar ham to‘planishdi.
– Buving chaqirayapti, – derazadan qaradi ko‘zlari qizargan onasi. – Ichkariga kir!
Dori-darmon ta’sirida bo‘lsa kerak, buvisi o‘zini xiyla tetik tutib, dedi:
– Bolamning bolajonisi... Aylanay sendan, Bobosherim... Qari buvingni o‘ylab, kechasi uzoqdagi qishloqqa qo‘rqmay borib keldingmi? Yana piyoda... – Buvisi qoqsuyak qo‘lini ko‘rpa ostiga tiqib, dastro‘mol chiqardi. – Ma, senga hayitlik... Bunga sakson so‘mni tugib qo‘ygandim... Ma’rakamlarimni oddiy qilib o‘tkazsalaring ham mayli, lekin Bobosher ertaga velosiped olsin... Bundan keyin ham menga o‘xshaganlarga yaxshilik qilishi uchun...
– Ol, Bobosher, ol, – dedi Fozil do‘xtir. – Buvingning puli tabarruk, uka.
Ertalab Bobosher sotuvchining hayit namozidan qaytishini do‘kon oldida sabrsizlik ila kutmoqda edi. Nihoyat, sotuvchi keldi, sakkizta o‘ntalikni sanadi. Ko‘zlariga ishonmayotgan Bobosher yap-yangi "Sura"ni minib uyiga shoshildi.
– Hoy Bobosh! – dedi qo‘shnisi. – Qayoqda yuribsan? Buving olamdan o‘tdi. Uyingga kirib, chopon-do‘ppilaringni ol-da, tezroq bor. Ammo jannati kampir ekan. Qurbon hayitida ketdi-ya!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.