OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Azamat Qorjovov. U yozuvchi bo‘lmoqchi (hajviya)

Kimningdir yozganiga ofarin, kimningdir yozmagani uchun rahmat.
Asqad MUXTOR.

Hech kutilmaganda, go‘yo bulutsiz osmonda chaqmoq chaqqandek, tahririyatga yigirmatacha hikoya qo‘lyozmasini ko‘tarib keldi.
– Kimniki? – dedim hayron bo‘lib.
– Meniki, – pinagini buzmadi u. – Hammasi senga. Boshqa hikoyalarimni "Pinak", "Sog‘indik", "Haftama-hafta" gazetalariga, "Qasamxo‘r" jurnaliga jo‘natdim.
Og‘zim ochilib qoldi.
– Nima balo, hikoya ishlab chiqaradigan fabrika qurdingmi?
– Yo‘q, hozircha oddiygina tsex, – dedi u. – Xudoga shukr, gazeta-jurnallar ko‘payib, hikoyaning narxi oshib ketdi. Bir sahifa hikoya narxi eng kam ish haqining yarmiga teng. Xasis tahririyatlar uchdan birini beradi. Ammo menga cho‘t emas, kursdoshjon. Bir sutkada gazeta hajmicha kamida uch sahifa hikoya yozaman. Bu degani – kimningdir bir oylik ish haqini bir kunda uyda o‘tirib ishlayman. Qo‘lim sog‘ bo‘lsa bas!
– Qo‘ling?.. Haligi... sen o‘qib yurganimizda moy sotarding, shekilli. Qanaqa qilib adabiyotga kirib qolding?
Kursdoshimning kulgisi qistadi.
– Nega unaqasanlar-a? – deya kiftimga qoqdi. – Senlarning fikringlarcha, moyfurush moyfurushligicha qolishi kerak. Kim universitetda tirishqoq bo‘lsa, a’lo baholarga o‘qisa, ijodkorlar to‘garagiga qatnashsa, o‘shandan yozuvchi chiqadi.
– Lekin sen aqalli bitta kitob ham...
– Kitob o‘qimagansan, demoqchimisan? Qo‘ysang-chi, shunaqa "detskiy" gaplarni! Avvallari kitobdan foyda yo‘q edi. (Tag‘in shu gapimdan ham ilintiraman, deb o‘ylama!) Endi esa u xom ashyo bazasi. Axir, kitob o‘qimasdan shuncha narsani qaerdan olib yozaman?! Ko‘chiramanmi?! Be-e...
Bildiradigan e’tirozlarimning yo‘lini bir-bir to‘sib, axiyri kiftimdan qo‘lini oldi. Nazarimda, biroz jiddiy tortgandek edi.
– Sahifasiga qanchadan to‘layapsanlar? – so‘radi u.
– Chop etsak, beramiz-da, el qatori, – dedim mujmallanib.
– Mayli, hikoyalarim ko‘p, g‘am yemayman. Lekin kursdoshlik hurmati, iltimos, boshqalarga qaraganda ming so‘m ziyod yoz. Gonorar olgan kunim oshga boramiz. Ichasanmi?
– He, yo‘q...
– Tavba, mushtdan ham, go‘shtdan ham quruq qolasan-a! Yozuvchi degani yeb-ichishni, sayru sayohatni, pul topishni ham bilishi kerak. Bo‘lmasa, o‘zining etagiga chuvalashib yuraveradi. Yeb turmasang qanday yozasan?!
– Yozuvchi bo‘lsak, balki sen aytganday yasharmiz.
– Yozuvchilar uyushmasiga a’zo emasmisan? Esim qursin, a’zo bo‘lish uchun kamida ikkita kitob chiqarish kerak-ku, senda hali bironta ham yo‘q.
Shu payt qo‘lyozmalarning birini beixtiyor o‘qiy boshladim. Sarlavhasi shunday edi: "Qabristondan topilgan baxt yoxud narigi dunyodan qaytgan qizning nikohi".
"Hikoya" quyidagicha boshlangandi: "Tun juda ham zim-ziyo bo‘lsa-da, qabristonning narigi chekkasi zamona zayliga binoan do‘ppayib-do‘ppayib ko‘zga tashlanardi. Og‘ir, dahshatli sukunat cho‘kardi. Odamning yurak urishi o‘ziga eshitilardi. Tuman quyuqlashardi. Yarim kechasi, buning ustiga qabriston bo‘lishiga qaramay, bo‘ron guvillardi. Qo‘rqinch yanada oshardi..."
La’nati "-ardi" qo‘shimchalari bir zumda ko‘nglimni aynitdi. Zim-ziyo tunda qabristonning narigi cheti ko‘rinib turishi-yu, tuman quyuqlashayotganda bo‘ron guvillashi umuman aqlga sig‘masdi. Toshib kelgan g‘azabimni bo‘g‘zimda zo‘rg‘a jilovladim. Rangim o‘zgarganini sezdi chog‘i, kursdoshim norozilik bildirdi:
– E, yaxshilab o‘qidingmi yo tushunmasdan aftingni bujmaytirayapsanmi?
– Nega?.. Yomon emas... faqat... chop etish masalasini muharrir hal qiladi, men oddiy adabiy xodimman.
– Diqqat bilan o‘qi-da, jo‘ra. Mana... manavi hikoyam durustroq.  "Fantastika" deyolmaysan, axir bo‘lgan voqea bu.
Sarlavhaga qaradimu dimog‘imga qo‘lyozmadanmi, muallifdanmi, badbo‘y hid urildi, allaqaerda qurtlar g‘imirladi. "Xotin kimniki yoxud yarim kechasi ayol talashgan erkaklar".
Vo darig‘, dahshatga tushib o‘qishga tutindim: "Qosim aka ishdan yarim tunda kelardi. Qarasa, chirog‘i yoniq turardi. Nima gap ekan, deb chopib kirsa, uyining to‘rida mahalla oqsoqoli o‘tirardi. Dasturxon yozilgan, xotini esa choy-poy tashib xizmat qilib yurardi.
– Qosim, – dedi mahalla oqsoqoli, – xotining menga yoqib qoldi, endi u meniki. Agar sevsang, yur, hovliga chiqib, mushtlashamiz. Kim g‘olib chiqsa, xotin shuniki.
Azbaroyi jahli chiqqan Qosimning mushtlari hind kinolaridagidek tugilardi.
– Mayli, yur! So‘nggi tomchi qonim qolguncha xotinim uchun kurashaman! – dedi Qosim.
Ikkovi dahshat bilan mushtlashardi. Yerning nafaqat changi, balki go‘ngi ham chiqib ketardi. Garchi dumlari va shoxlari bo‘lmasa-da, ikkovi bamisoli ho‘kizga o‘xshardi.
Jang soatlab davom etardi. Axiyri, Qosim havoga sakrab, mahalla oqsoqolining o‘pkasiga ikki oyoqlab tepardi. Mahalla oqsoqoli yiqilardi. Qosim esa oyoq uchida uning duch kelgan joyiga sharqona zarbalarini yo‘llardi. Nihoyat, Qosim havoga uch marta sakrab, har gal tovoni bilan raqibining ustiga tushish barobarida "iya-ya!" deb baqirardi.
– Dadasi, g‘olib bo‘lishingizni bilardim, – deb Qosimning xotini yugurib chiqib, yig‘lab bo‘yniga osilardi. Qosim ham quvonchidan yig‘lardi.
Shunda mahalla oqsoqoli o‘rnidan turardi. Ust-boshini qoqardi-da, tomoq qirib olgach, ko‘kka boqib, munojot qilardi:
– Yo tangrim! Nahotki, men yengildim?! Doim yengilaveramanmi?.. Bevalik ham jonga tegdi..."
Qo‘lyozmani ortiq o‘qiyolmay stol ustiga tashladim. Qarshimda kursdoshim hamon tirjayib turardi.
– Qalay, zo‘rmi? – dedi u. – "Zagolovka" ham, syujet ham "kommercheskiy". "Oblojka"da e’lon qilinsa "lyuboy" odam o‘qiydi, tiraj oshadi. Otvechayu!
Biroz  tanqid qilishga jur’at etdim:
– Badiiylik yetishmayapti, do‘stim.
– Qiziqmisan?! Bu davlat nashrlari uchun yozilmagan-ku! Odamlar charchamasdan, zerikmasdan, tez o‘qishlari uchun qisqa gaplardan foydalanganman. Murakkab, uzun gaplarning "vobshe" keragi yo‘q.
– Lekin...
– E, chap tomoning bilan turganmisan?! Nega buncha injiqlanasan? Haqiqiy san’at asari yozib kelsam, chop etasanmi? Yo‘q! Chunki haqiqiy san’at asariga birinchi o‘rinda falsafa qo‘shaman, keyin psixologiya. Innankeyin tabiat tasviri va lirika. Qani, ayt-chi, falsafiylashib ketgan, psixologiya berilgan hikoyani bozorda kim o‘qiydi?! Men senga aytsam, adabiyot nazariyalaringning o‘zi noto‘g‘ri. Hikoya qisqa bo‘lishi kerak, qayta ishlanishi kerak, bir necha oy tashlab qo‘yilib, so‘ngra begona ko‘z bilan qarab chiqish lozim deyiladi. Buyam yetishmaydigandek qo‘lyozmani boshqalarga o‘qitib, fikrlarini olish shart... Tuf-e! Bunaqada ijod qilib bo‘ladimi! Masalan, men o‘zim yozgan hikoyani qayta o‘qib chiqquncha yana bitta hikoya yozib tashlayman. Eng ahmoqona tushuncha – "qisqa yozishim shart" deb o‘ylash. Qisqa yozsang, birinchidan, qalam haqi kam bo‘ladi, ikkinchidan, hozirgi odamlar tushunmay qoladi. Bilsang, o‘sha adabiyot nazariyasining o‘zi qalin kitob. Nega qisqa yozmagan? Eng qizig‘i, o‘sha adabiyotshunoslar to‘g‘ri maslahat bersa, nega bizdagilar yuz yildayam Nobel mukofoti olisholmadi? He, hammasi noto‘g‘ri! Odam qamoqdayam asar yozaveradi. Agar qisqalik zarur bo‘lganida, "Urush va tinchlik" tanqidga uchrardi. Kinochilar bitta hikoyadan ikki soatlik film ishlolmasdi. Hozirgi zamonda qo‘lyozmangni o‘qiyman, maslahat beraman, deb qaysi yozuvchining ko‘zi uchib turibdi?! Bir necha oy tashlab qo‘yish haqida-ku gap bo‘lishi mumkinmas. Pul masalasini katta xolam hal qiladimi? Yevropada yozuvchilarning asarlari siyohi qurimasdan qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan. Gapning qisqasi, do‘stim, san’at asarini yozishga sharoit yo‘q. Kvartirada yuribman, "dom" olishim kerak. Keyin mashina deganday... Aytmoqchi, haligi masala. Menga uy, mashina berib, ikki yil yuqori maosh to‘lab boqadigan odam bormi?
– Yo‘q, – dedim ensam qotib.
– Demak, san’at asariyam yo‘q, – deya u qosh qoqdi. – Bolalaring non deb tursa, hech kim tushunmaydigan murakkab asar yozishga qo‘ling boradimi? Hecham-da.
– Baribir bu yaxshi emas. Xo‘p, hikoya yoza boshlabsan. Hech qurmasa bir marta tahrir qilib chiq. Manavi jumlangga qara: "Chumchuq juftakni rostlab qolardi". Uning yugurganini hecham ko‘rmaganman.
Kursdoshim qo‘l silkidi.
– O‘zing to‘g‘irlavor-da, jo‘ra, nega tahririyatda o‘tiribsan?! Yuz foiz tayyor asarning o‘zi yo‘q. Muharrir, adabiy xodim, musahhih atalmish jonivorlar matbuot o‘rmonida bejiz paydo bo‘lmagan. Ularga ham ish qoldirish kerak yozuvchi zoti.
Ancha vaqtdan beri ko‘rmagandim bu ajabtovur kursdoshni. Darrov qopish odobdan emas, degan xayolda zo‘rg‘a chidab o‘tirdim. Hamma narsaning mavridi bor. Ertaga hech vaqosi chop etilmagach, qo‘ng‘iroq qiladi. O‘shanda yotig‘i bilan tushuntirarman.
Xayrlashar vaqtida ham tilimning uchidagi gapni aytolmadim: "Iltimos, yozishni tashlanglar! Tirikchilik uchun boshqa kasb  topinglar! Adabiyotni bulg‘ash gunoh-ku, birodarlar!.."
Ammo-lekin chuchvarani xom sanagan ekanman. Oradan ikki hafta o‘tar-o‘tmas, bir shotiri hovliqib keldi.
– Oka, materiallarni bering, ustoz hikoyalarim bekor turib qoldi deb "nervnichit" qilayapti. O‘zingiz tushunasizu Toshkandagi to‘rt-beshta okaxonning gaziti yozgi "mertviy" sezonda tashavorgan. Tirajni ko‘tarmasak uyatli bo‘p qolamiz.
Hikoyalarni qaytarib berdimu, yengil nafas oldim. Xuddi kabinetimdagi shkafda bir to‘da cho‘chqa bolasini qamab o‘tirgan kabi bezovta edim-da, axir.
O‘sha kursdoshimga ishi tushadigan tahririyatlar bormikan, deb qattiq hayratda edim. Hali bu holvasi ekan. Hikoyalari uch-to‘rt oy mobaynida biryo‘la olti-etti gazetada chop etilgach, mayda gazetalar avval chiqqan eski  hikoyalarini yarim narxida sotib olib, paydar-pay bosa boshladi.
Bir yildan keyin uni tanimay qoldim. Buqadek semirib ketibdi.
– Gonorarlaringni hisoblab ko‘rdim, – dedim yarim hazil ohangda. – Haftasiga bir yuz ellik minglar ishlayapsan. Bu – oyiga yarim milliondan oshadi, degani. Yetadimi?
– Shuyam gapmi? – kerildi u. – Ishlagan odam xor bo‘lmaydi. Kunim faqat gonorarlarga qolgani yo‘q. Moyfurushlikni qaytadan yo‘lga qo‘ydim.
– Demak, bozordasan?
– Bozordaman. Yana bir qo‘shimcha daromad manbaini topdim. Huzurimga mukofottalab yoshlar, obro‘talab o‘qituvchilar, shuhrattalab qalamkashlar ko‘p keladi. O‘zlarining nomidan hikoya, she’r yozib, chop etishimni iltimos qilishadi. Menda hikoya ham, she’r ham tiqilib yotibdi. O‘ttiz-qirq mingdan naqd pullayapman. Zo‘r yozib qo‘yganlarimni o‘z nomimdan chiqaraman. To‘rt-besh yilda Nobel mukofoti ham olsam kerak. Ma, o‘qi!
Sarlavhaga ko‘z tashlayman: "Bokira kelinning g‘oyib bo‘lgan iffati yoxud buzuq qaynotaning mudhish qilmishi!"
Qayd qilib yuboraman.
– Ie, mazang yo‘qmi? – deydi kursdoshim. – Yemaysan-da, yemaysan! Ranging oppoqligidan sezgandim...
Shunda kallamga ajoyib fikr keladi: dorishunoslik sohasida qayt qildiruvchi yangi dori kashf etildi. Uning "asar"larini dorixonalarda sotish kerak!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.