Taniqli shoir, tarjimon va muharrir Aziz Abdurazzoq 1928 yilda Toshkent shahrida tug‘ildi. Avval Madaniy-oqartuv texnikumida, keyin Moskvadagi Adabiyot institutida tahsil ko‘rdi. Ko‘p yillar yoshlar gazetasida (hozirgi “Turkiston”), “Sharq yulduzi” va “Guliston” jurnallarida adabiy xodim, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi bo‘lib xizmat qildi.
Aziz Abdurazzoqning birinchi she’riy to‘plami “Do‘stlarimga” 1959 yilda nashr etilgan edi. Shundan buyon o‘tgan qariyb yarim asrlik ijodiy faoliyati mobaynida shoirning “Yana bahor”, “Bodom gulladi”, “Lirika”, “Quvnoq yomg‘ir” kabi bir qator she’riy to‘plamlari nashr etildi. Uning bolalarga atab yozilgan sodda, samimiy va o‘ynoqi she’rlari kichkintoy kitobxonlarimiz mehrini qozongan edi. Shoirning “Rahmat! Rahmat!”, “Oh, qanchalik shirin!”, “Qizcha va lola”, “Az-zamon hikoyalari”, “Mingchinor”, “Kichkina demang bizni” kabi she’rlar, ertaklar va hikoyalar to‘plamlari o‘zbek bolalar adabiyoti tarixida o‘ziga xos o‘rin tutadi.
Aziz Abdurazzoq M.Lermontov, T.Shevchenko va boshqa mashhur shoirlar she’rlarini, G.Longfelloning “Gayavata haqida qo‘shiq” dostonini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qildi. Faol ijodiy faoliyati uchun 1993 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Faxriy Yorlig‘i bilan taqdirlangan edi.