Guljamol o‘zi qanchadan beri orziqib kutgan xuddi shu kuni cho‘lga ketayotganidan bo‘g‘ilardi. Axir, Nosir akasi kelishiga uch oydan beri intiq. Moskvada dissertatsiyasini yoqlab, o‘zlarining ishxonalariga bosh muhandis qilib tayinlangan qallig‘ini kutib olish uchun qanchalar tayyorgarlik ko‘rgandi-ya, essiz...
Ertalab Guljamol katta laborant bo‘lib ishlay¬digan sanoat ko‘lamidagi ilmiy tadqiqotlar bo‘limi¬ning boshlig‘i Rustam aka uning taklifi asosida ishlab chiqilgan texnologiya sinalayotgan O‘rtabuloq konidagi 37-quduqda neft chiqish sur’atida sezilarli o‘sish bo‘lganligi bilan tabriklab, bu ratsionalizatorlik taklifini patentlashtirish uchun zarur hujjatlarni zudlik bilan tayyorlashni topshirdi. Buning uchun esa o‘sha joyga borib kelmasa bo‘lmasdi. Rustam aka gapni ko‘paytirmasdan mashina tayyor ekanligini, ishni tezroq bitirib, erta-indinga hamma narsani taxt qilishini buyurdi va o‘zi zarur ish bilan boshqa uchastkaga chiqib ketdi. Guljamol bugun borolmasligini aytolmay qolaverdi.
— Mashina tayyor bo‘lsa tushgacha borib kelaman. Nosir akam kechqurun keladilar, ungacha bemalol ulguraman, — o‘ziga tasalli berdi kiz va shoshilib sumkasiga kerakli qog‘ozlarni solib, tashqariga yo‘naldi.
Ko‘chaga chiqib yo‘l bo‘yida turgan yakkayu yagona "UAZ"ga ko‘zi tushgach, ertalabdan buzilgan kayfiyati battar tushib ketdi. Rulda Normurod o‘tirardi. Bu Normurod deganlari o‘ttizlarga borib qolgan bo‘lsa-da hali uylanmagan, soch qo‘yib, burnining tagiga muylov o‘stirgan, allaqanday temir-taqalar ilib tashlangan jinsi shim, kurtka kiyadigan olifta yigit. Eskiroq mashinasini ham kelinchakning uyidek yasatib olgan, unga mabodo kir poyabzal bilan chiqqan, yoxud pista chaqqan kishi bo‘lsa Normuroddan baloga qolardi.
Guljamol bir safar uning mashinasida yurganida zerikib cho‘ntagidan pista olib bir-ikki qirsillatgandi hamki, Normurodning ayovsiz tanbehiga duch keldi:
— Bu yaxshi ko‘rgan yigitingizning "Neksiya"si emas, oyimqiz, pistani o‘sha mashinada chaqasiz! Hozir esa uni cho‘ntakchangizga solib qo‘ying!
Yigitning qo‘pol gapidan Guljamolning rangi o‘chib ketdi. Esini tanibdiki, yigitlardan bunaqa gap eshitmagandi. U ham haqini qo‘yib ketmaydiganlardan emasmi, darrov uzib oldi:
— To‘g‘ri aytasiz, haqiqatan ham bu "Neksiya" emas! Men axlat qutisimi deb o‘ylabman!
Agar boshqa payt bo‘lganda Normurod shartta tormozni bosib bu oyimchani yo‘lga tushirib ketgan bo‘lardi. Lekin u ishda. Xohlaydimi-yo‘qmi, qizni o‘z manziliga yetkazib qo‘yishga majbur. Shu ilojsizlik uni asabiylashtirib, to manzilga yetguncha miq etmay bordi. Yetib kelganlaridan keyin qizning indamasdan eshikni taraqlatib yopgancha tushib ketgani uni battar junbushga keltirdi.
— Eshikni urgancha mening boshimga urganing yaxshiroq edi! — deb xirilladi Normurod.
— Boshing ham shu eshigingdek shalvirab qopti. Qattiqroq ursa to‘kilib tushadi!
Shu-shu ular orasidan qora mushuk o‘tdi. Endi bir-birini ko‘rarga ko‘zi, otgani o‘qi topilmasdi. Lekin xohlaydilarmi yo‘qmi, haftasiga bir-ikki marta bir-birlariga duch kelardilar: chunki, Guljamol to‘qson-yuz chaqirim uzoqdagi neft quduqlariga haftasiga bir marta borib ularning ishlashini o‘rganar, mahsulotlaridan namunalar olib qaytar, uni esa Normurod olib borib kelardi. O‘sha voqeadan keyin Normurod dispetcherga iltimos qilib boshqa bo‘limga o‘tkazishni bir necha marta so‘ragan bo‘lsa-da, ammo bo‘lim boshlig‘i Normuroddan boshqa haydovchi chiqqan kuni darhol dispetcherga qo‘ng‘iroq qilib jo‘natgan mashinasini qaytarar, o‘rniga esa Normurodni zudlik bilan yuborishni talab qilardi. Shu tariqa, xohlasa-xohlamasa Normurod Guljamol bilan, Guljamol esa Normurod bilan uchrashishga majbur edi.
Normurod qizni o‘lgudek yomon ko‘rganidan unga "Echki" degan laqabni yopishtirgan, ko‘zi tushishi bilan ichida "shu shayton echkiga yana ko‘zim tushdi, bugun endi ishim yurishmaydi," deb ijirg‘anib qo‘ysa, qiz esa "o‘zing aravakash bo‘la turib kerilishingga o‘laymi, qaerga niqtashsa o‘sha yerga aravani sudrab boradigan qirchan¬g‘isan-ku" derdi.
E, bo‘ldi. Har doimgidek o‘tlab ketib, tafsilot¬larni cho‘zib yubordim.
Shunday qilib...
Guljamol xo‘mraygancha kelib mashinaga o‘tirdi. "Qirchang‘i"ning yana sasib qolishidan qo‘rqib, iloji boricha eshikni astaroq yopdi. Normurod marshrutni biladi shekilli, eshik yopilar-yopilmas "Qaerga?" deb so‘rab ham o‘tirmasdan gazni bosdi.
Negadir qish bu yil qattiq keldi. Ketma-ket yoqqan qorning ortidan kelgan qorasovuq yo‘lni oynadek yaltiratib muzga aylantirib tashlagandi. Normurod muzlama yo‘lda mashinani mahorat bilan boshqarar, ammo tezlikni oshira olmas, imillagancha oldinga zo‘rg‘a sudralardi. Yo‘lda mashina kam, borlari ham toshbaqa qadam bilan yurganidan, xuddi oldinga siljimay bir nuqtada kotib qolgandek taassurot uyg‘otardi. Yigirma chaqirimlar yo‘l bosganlaridan keyin, Guljamolning sabr kosasi to‘la boshladi.
— Tezroq yurishning iloji yo‘qmi? Kechikyapmiz!
Normurod ortni ko‘rsatuvchi oynadan unga o‘qrayib qaradi.
— Birovlarning judayam shoshayotgani uchun jonimga qasd qilish niyatim yo‘q! — sovuq to‘ng‘illab qo‘ydi va ko‘zini yo‘ldan uzmay, rulni mahkam quchoqlagancha o‘sha maromda ketaverdi.
“O‘l-a, to‘ng‘illamay, qirchang‘i! — ichidan barcha qarg‘ishlarini bir-bir xayolidan o‘tkazdi qiz.—Qaysi gunohim uchun Xudo sendek eshakmijozni menga ro‘para qildi ekan”.
Mashina imillab yurgani sari vaqt tezlikni oshirardi. Belgilangan quduqqa tushdan o‘tib yetib bordilar. Rustam aka ogohlantirib qo‘ygan shekilli, kon injeneri, geolog va usta Guljamolni kutib o‘tirishgan ekan. Ular taklif qilgan vagonchaga kirib tushlik qilib olishni Guljamol rad etib, darhol quduqqa o‘lchov asboblarini o‘rnatdi va kerakli hisob-kitoblarni bajara boshladi. Ikki soatlarda ishni bitkazib bo‘ldi. Qog‘ozlarni yana qayta sumkasiga joylab ular bilan xayrlashdi.
— Ehtiyot bo‘lib ketinglar, Nor, yo‘llar sirpanchiq. — dedi ularni kuzatayotgan keksa geolog. —Hozir meteostantsiyadan xabar keldi, qattiq bo‘ron turishi mumkin ekan.
Normurod unga e’tibor bermay bosh silkib qo‘ydi va mashinasini o‘t oldirdi. Ular yarim soatlar chamasi sekin-astalik bilan siljigancha O‘rtabuloq qiridan oshib bir paytlar ko‘lning tubi bo‘lgan chuqurlikka enishdi. Chuqurlik shamoldan pana bo‘lganligi uchun bu yerlarda shamolning zabti sezilmas, yo‘l ham kamroq muzlagan edi. Hammasi chuqurlikdan chiqib olganlaridan keyin boshlandi. Geolog aytgan bo‘ron yetib kelgandi shekilli, havo xuddi tumandek mayda qor parchalari bilan qoplangan, shamol uvullab mashinaning oynalarini qor bilan savalay boshladi. Oynatozalagich esa qorni tozalab ulgura olmayotganidan Normurod mashina tezligini pasaytirishga majbur bo‘ldi. Yana yigirma chaqirimlarni bosib o‘tishlari uchun qariyb yarim kun ovora bo‘lishgandek tuyuldi qizga. Yo‘lning yarmiga ham yetmaganlarini his qilib Guljamol bezovtalandi. Soat ham to‘rtdan oshgan. Qish kuni bir tutam. Atrofni qorong‘ilik qoplab ola boshladi. Normurod mashina chirog‘ini yokdi. Lekin faraning o‘tkir nurlari ikki qadam narini yorita olmasdi.
Bo‘ron quturar, yerni ham, osmonni ham mayda qor parchalari egallab olgandi. Yo‘q, bu osmondan yog‘ayotgan qor emas, balki, guvillayotgan bo‘ron yerda yotgan qor parchalarini sovurib o‘ynar, mashinaga do‘ldek keltirib urardi. Yo‘l mutlaqo ko‘rinmayotgan bo‘lsa-da, Normurod epchillik bilan mashinani boshqarib, sekin, ammo sabot bilan oldinga siljirdi. Qiz uning to‘ngligidan ming ijirg‘ansa-da, shunday tang holatda ham o‘z ishini puxta bajarib, mashinani epchillik bilan boshqa¬rayotganidan ko‘nglidagi xavotir biroz chekingandek bo‘ldi. Bu yo‘l tor, ikki chetida esa ariqlar bor. Qor bo‘roni yo‘lni ham, ariqni ham bir xilda tekislab tashlagan. Agar haydovchi biroz adashsa bormi, mashina ariqqa tushib ag‘darilib ketishi hech gap emas. Lekin, Normurodning butun vujudi ko‘zga aylangan, go‘yoki nigohlari bilan paypaslab yo‘l topib borayotgandek tasavvur paydo bo‘lardi.
— Yana ozgina qoldi. Salgina yursak katta yo‘lga chiqib olamiz. Keyin yurishimiz osonlashadi, — xayolidan o‘tdi qizning.
Normurod mashinada o‘zidan boshqa hech kim yo‘qdek, rul chambaragini xuddi jangchi miltig‘ini ushlagan kabi siqimlab ushlar, dam-badam qor ostida qolib ketgan yo‘lning o‘nqir-cho‘nqiriga tushib qolgan mashina siltanib qo‘yganida yonida qiz bolaning borligini ham unutib beixtiyor so‘kinib qo‘yardi.
Bu orada qorong‘i tushib, atrofni butkul zulmat qoplab oldi. Bo‘ron kuchayib sovuq zabtiga olardi. Mashinaning pechkasi gurillagancha ishlayotgan bo‘lsa-da, ammo allaqanday tirqishlardan kirgan sovuq Guljamolning yuzlaridan tishlab ola boshladi. Oyog‘i to‘ng‘ib qolgandek edi. Azaldan uning oyoq panjalari sovuqqa bardoshsiz. Qalin jun paypoq kiygan bo‘lsa ham, sovuq uning nozik joyiga zarba berayotgan qitmir raqibga o‘xshab oyoqlaridan ola boshladi. U etigi ichidan barmoqlarini ishlatib ko‘rdi. Sal issiq yugurgandek bo‘ldi. Sharfini og‘iz-burnini yopadigan qilib o‘radi.
Bir payt mashina o‘z-o‘zidan chir aylangancha chuqurga tushib ketgandek bo‘ldi. Guljamol peshonasini urib oldi.
Yo‘l o‘rtasida do‘ppayib turgan qor uyumini aylanib o‘tish uchun rulni sal chaproqqa burgan Normurod muzlagan yo‘lda g‘ildiraklar toyg‘anib, rul o‘ziga buysunmayotganidan ijirg‘anib tormozni ham bosib yuborgandi. Mashina bir aylanib, yo‘l chetidagi ariqqa tumshug‘i bilan tiralib qoldi. Old g‘ildiraklar shamol qor bilan to‘ldirgan chuqurga tushib, kuzov qariyb bir yarim metrlik qor uyumiga botib qoldi.
— Jin ursin! — Normurod o‘z odatiga ko‘ra rul chambaragiga musht tushirdi. Keyin motorni o‘t oldirishga ming urinsin, biron ish chiqarolmadi. Chamasi bobinaga qor kirib, svechalarga tok ajratmay qo‘ygandi. Qo‘lini kalitdan uzib boshini orqaga tashladi. Shundagina oynaga ko‘z kirini tashlab Guljamolning g‘urra bo‘lgan peshonasini ko‘rib qoldi.
“Hammasi shu echkini deb bo‘lyapti. Ajab bo‘lsin! — xayoliga shu fikr keldi. Keyin unga ora-sira ko‘z qirini tashlab negadir achingandek bo‘ldi. — Bu bechoraga ham qiyin. Shu sovuqda o‘ziga qolsa kimsasiz cho‘llarga o‘la qolsa ham kelmasdi. Ish-da. Kelmasa bo‘lmaydi”.
Yigit negadir mutlaqo hushlamagan qizga achina¬yotganidan avval hayron bo‘ldi, keyin ahmoqlik qilib tormozni bosib qo‘ygani uchun o‘zini ham qizga qo‘shib ichida so‘kdi.
Normurod qorga ko‘milgan eshikni jon-jahdi bilan surib zo‘rg‘a qiya ocha oldi xolos. Keyin asta qisilib chiqib, usti muzlab tarashadek qotib yotgan qorga sekin oyoq qo‘ydi. Qor uyumi beligacha yetdi. Amal-taqal qilib yo‘lga chiqib oldi. Qorbo‘ron quturgancha uvillar, mayda shisha parchalariga o‘xshagan qor ko‘zni ochirishga qo‘ymasdi. Sovuqdan qunishgancha yo‘lning har ikkala tomoniga ko‘z tashladi. "Milt" etgan chiroq ko‘rinmaydi. Sovuqdan tishlari takillab o‘zini mashina ichiga urdi. Qiz hamon peshonasini ushlagancha o‘rindiqqa singib ketgudek bo‘lib qaltirab o‘tirardi. Bir zumda mashina sovib bo‘lgandi.
— Endi nima qilamiz? — qo‘rqa-pisa so‘radi qiz.
— Nima qilardik, muzlab o‘lamiz! — so‘zlari o‘ziga ham sovuq tuyulib eti junjikdi. Ko‘zlarini katta-katta ochib ma’yus termulib turgan qizni battar qo‘rqit¬maslik uchun biroz iliqroq so‘z aytmoqchi bo‘ldi, — bironta o‘tkinchi mashina kelib qolishini kutamiz!
Chunki o‘zi ham nima qilishga hayron. O‘tkinchi mashina o‘tib qolishiga uning o‘zi ham ishonmasdi. Agar shunday o‘tiraverishsa, hozir radiatordagi suv muzlaydi. Keyin mashinani o‘t oldirishga umid qilmasa ham bo‘ladi. Tezroq mashinani qor uyumidan tozalash kerak.
Normurod yana beligacha qorga tushib qo‘llari va oyoqlari bilan qorni surib mashina tumshug‘ini tozalay boshladi. Muzlagan qorning siljishi qiyin kechardi. O‘n daqiqalardan keyin qo‘llari muzlab akashak bo‘lib qoldi. Kattakon panjalarini olifta charm kurtkasining tor cho‘ntaklariga bazo‘r joylab, sovuqdan yashirgancha endi oyoqlari bilan qorni surarkan, toyib ketib qorga quladi. Bir yarim metrlik qor uyumiga ko‘milib qolgan yigit kurtkasi cho‘ntagidan hech qo‘llarini chiqarib ololmas, ustiga-ustak shamol xuddi kurak bilan tashlayotgandek ustiga uyum-uyum qor tashlardi.
Qiz Normurodning qanday yiqilganini ko‘rgandi. Ko‘zlarini yirib qorong‘ilikka tikilsa ham uning qaytib turganini ko‘ra olmadi. Tashqariga chiqishga harchand urinmasin, muzlab qolgan orqa eshik ochilay demasdi. Shunda u emaklab haydovchi o‘rindig‘iga o‘tdi va hozirgina yigit ochib chiqqan eshikni itardi. Haytovur u kishi sig‘ardek qiya ochildi. Guljamol qorga botgancha hali shamol ko‘mib ulgurmagan izlardan mashina oldiga zo‘rg‘a surilib bordi. Shunda qor ostida tipirchilayotgan oyoqlarga ko‘zi tushib, qorni siqimlab uloqtirgancha yigitning yuzini ochdi. Qo‘ltig‘idan tortib uni turg‘azib oldi. Qo‘llarini cho‘ntak mahbusligidan amallab ozod qila olgan Normurod minba’d bunday cho‘ntakli kurtka kiymaslikka qasamlar ichib qizning ortidan mashinaga kirdi. Salonning xira chirog‘i yorug‘ida Guljamol yigitning sochi va mo‘ylovi muzlab qolgani, yuzi ko‘karib ketganini ko‘rib, kapalagi uchib ketdi. Hozir ikkalasi bir jonu bir tan bo‘lmasa, bo‘ronning changa¬lidan omon chiqa olmasliklariga ishonardi. Hayot-mamoti shu o‘zi yoqtirmaydigan yigitning topqirligiga bog‘liq. Shoshilib uning akashak barmoqlarini uqalay boshladi. Boshqa payt bo‘lganda-ku uning barmog‘ini uqalash uyoqda tursin, yuziga qayrilib qarashni ham o‘ziga ep ko‘rmagan bo‘larmidi. Normurod biroz o‘ziga keldi.
— Aptechkada spirt bor. O‘shani olib bering.
Qiz mashina g‘aladonini titkilab, doriqutini topdi. Kichkina shishachani olib unga uzatdi. Normurod o‘ziga buysunmayotgan barmoqlari bilan qopqoqni ochib kaftiga ozroq to‘kib oldi va jon-jahdi bilan qo‘l¬larini bir-biriga ishqalay boshladi. Biroz o‘tib yigit o‘ziga keldi.
Nimadir qilish kerak. Shunday qo‘l qovushtirib o‘tiraversalar, hademay mashina kattakon muztepaga aylanib qoladi. Chetdan yordam kutish befoyda: shunday sovuqda biron mashinaning o‘tib qolishiga umid qilish, osmondan chalpak yog‘ishiga ishongan laqma holiga tushish bilan baravar. Mashina sirti bir enlik muz bilan qoplandi. Tashqarida bo‘ron quturar, oynalarga kelib urilayotgan qor parchalari endi yiriklashgan, xuddi do‘ldek olatasir qarsillardi. Shu payt uning xayoliga olov keldi. Agar gulxan yoqa olsa, mashinani bosib qolgan qorni eritib, motorni qizitib olardi. So‘ngra amallab uni yurgizib olsa bo‘lar...
— Gulxan yoqamiz, — dedi yigit. — Nariroqda saksovul bor. Shoxlarini sindirib qaytaman.
Qiz yigit bir amallab undan qutulib o‘zi yolg‘iz qochib qoladigandek tuyulib xavotirlandi. Bo‘ron guvillayotgan, vahimali sovuq tunda, sekin-asta muzga aylanayotgan mashinada yolg‘iz o‘zi ajal bilan yuzma-yuz qolib ketadigandek tipirchiladi.
— Shoshmang, men ham birga boraman. — Guljamol unga ergashmoqchi edi, yigit qo‘ymadi.
— Siz mashina radiatorini qordan tozalab turing, shu yerda olov yoqamiz.
Normurod o‘rindig‘i ostidan zalvorli cho‘kichni oldi. Saksovul shoxlari mo‘rt bo‘ladi. Qattiqroq narsa bilan yaxshilab tushirilsa, qarsillab sinib ketaveradi. U cho‘kichning muzdek dastasini mahkam ushlab yuz qadamlar narida qorayib turgan saksovul tomonga qor kechib keta boshladi. U saksovulning pastga qarab osilib qolgan shoxiga cho‘kich bilan bir-ikki zarba berib sindirib ola boshlaganida bo‘rining xunuk uligani eshitilib eti jimirlab ketdi. Shamolda uning ovozi goh yaqindan, goh uzoqdan kelardi.
—Tezroq gulxan yoqish kerak, — xayolidan o‘tdi yigitning. Jondor olovga yaqinlasha olmaydi, derdi umri cho‘ponchilik bilan o‘tgan bobosi.
U ikkita tarvaqaylagan shoxni sudrab ortiga qaytganida yirtqichning ovozi shundoqqina mashina yonidan keldi. Yigitning qadami o‘z-o‘zidan ildamladi. Qizning qattiq qichqirig‘i eshitilganidan keyin Normurod shoxlarni tashlab cho‘kichni mahkam siqimlagancha mashina tomonga chopdi.
Guljamol qo‘lqopchasini kiyib olib, mashina tumshug‘ini qordan tozalayotganda yonginasida bir narsaning xirillaganini eshitdiyu, ammo shamol qorni g‘ijirlatib urayotgan bo‘lsa kerak, deb e’tibor bermasdan muzlagan kapotni tozalayverdi. Bir payt mashina ortidan bo‘rining uligan tovushi kelganida vujudi muzlab, dag‘-dag‘ titraganicha ortiga o‘girilsa, bir juft ko‘z yonib turibdi! U avvaliga nima qilishni bilmasdan joyida qotib qoldi. Keyin shartta ortiga o‘girilib eshik tomonga chopdi. Eshikka yetar-etmas paltosini kimdir ushlab olgandek joyidan jila olmadi. Qattiqroq siltangandi, oyog‘i toyib ketib yiqilib tushdi. Shunda bo‘rining gavdasi ustiga tashlanganini sezib jonholatda baqirib yubordi.
Normurod halloslagancha chopib kelsa, Guljamol qorga yuztuban yotib olgan, bahaybat arloni bo‘ri uning paltosidan tishlagancha siltar, burdalab tashlashga urinardi. Yigit qo‘lidagi cho‘kich bilan jondorning naq quloqlari o‘rtasiga bor kuchi bilan urdi. Suyakning ko‘ngilni aynitib yuborguvchi qisirlab singan tovushi eshitilib yirtqich birdan boshini ko‘tardi. Ayanchli g‘ingshib ikki qadam tashladi va qorga quladi. Normurod qizni suyab o‘rnidan turg‘azdi. Guljamol tili kalimaga kelmay hiqillab yig‘lardi. Uni mashinaga chiqarib shishachada qolgan uch qultum spirtni majburan ichirganidan so‘ng qiz biroz o‘ziga keldi.
Bo‘ri o‘ldi. Xavf biroz chekingandek bo‘lsa ham, lekin sovuqdan muzlab o‘lish dahshati bir zum bo‘lsa ham ularni tark etmas, qaytaga havo yanada sovuqlashgandek, bo‘ron ularni to‘ng‘itib, muz parchasiga aylantirishga jon- jahdi bilan kirishgan shekilli, endi mashinaga urilayotgan qor tasirlamas, qarsillamas, balki rosmana gumbirlardi. Normurod gumburlash yondan emas, balki tepadan ham eshitilayotganiga hayron edi. Xuddi mashina tomiga bir to‘da bola chiqib olib, sho‘xlik qilayotgandagi qadam tovushiga o‘xshagan sas kelardi. Bir payt tepadan bo‘rining tovushi eshitilib barchasiga oydinlik kiritdi. Qizning nazarida shafqatsiz bo‘ron mutloq hukmronlik qilayotgan cheki-chegarasi yo‘q sahroda minglab bo‘rilar ularning tashqariga chiqishini poylab turgandek, agar shu ojizgina qo‘rg‘onlaridan boshlarini chiqargudek bo‘lsalar, bir zumda tilkalab tashlashga tayyordek edi. Guljamol bu kimsasiz va yovuz kenglikda suyansa bo‘ladigan bitta kishi shu qo‘rs va to‘ng Normurod ekanligini his qilib, beixtiyor yigitning pinjiga suqulib oldi. Ularning issiq nafasi bir-birini sal isitgandek bo‘ldi. Endi tashqarida tish qayrab turgan qashqirlar ham, butun qudrati bilan ularni komiga tortishga urinayotgan bo‘ron ham ularning shu kichkinagina boshpanalariga kira olmasligiga negadir ishonch uyg‘ondi. Sekin-asta har ikkalalarini ham uyqu elita boshladi.
Agar suvi muzlab qolgan radiator qarsillab yorilib ketmaganida ularning uyqusi to qiyomatga qadar cho‘zilgan bo‘larmidi... Qarsillashdan keyin tomdagi qadam tovushlari tindi.
— Radiator yorildi, — dedi yigit qizga qarab. —Yaxshiyam yorildi. Yaxshiyam radiatorga antifriz sol¬maganim! Bo‘lmasa muzlab qolgan bo‘lardik. Bu yerda uxlash o‘lim bilan teng! Olov yoqish kerak!
Agar yolg‘iz o‘zi bo‘lganida u mashinadan chiqib, qashqirlar izg‘ib yurgan sahroga qadam qo‘yishga jur’at topa olmagan bo‘larmidi... Lekin yonida o‘zi yoqtirish- yoqtirmasligidan qat’i nazar qiz bola bor. Nahotki, Normuroddek or-nomusi uchun yotib qolguncha olishadigan jo‘mard yigit ko‘z oldida qizning muzlab o‘lishiga yo‘l qo‘ya olsa...
U qo‘liga yakkayu yagona, ammo sinovdan o‘tgan ishonchli quroli — cho‘kichni olgancha, muzlagan eshikni kuchanib surib tashqariga chiqdi. Bo‘ri hali uzoqqa ketmagan bo‘lsa kerak. Bunday sovuqda unga yemish bo‘ladigan jonzot sahroda topilmaydi. Och yirtqich esa o‘ljasidan umidini uzib keta olmaydi. Ellik qadam narida qolgan shoxlarni olib kelishga yuragi betlamadi. Orqa yukxonadan zahira g‘ildirak bilan yarim kanistr benzinni ko‘tarib tushirdi. G‘ildirakni mashinaning panasiga o‘tkazdi va ustiga benzin to‘kdi. Haytovur benzin lipillab o‘t oldi. Birozdan keyin rezinaga ham olov tutashib, endi shamol unga bas kelolmasligini bilganidan keyin yigit eshikni ochib, Guljamolni gulxan boshiga yetaklab keldi. Qizga gulxan xuddi tiriklik manbai bo‘lib ko‘rinib kayfiyati ko‘tarildi. Endi muzlab o‘lmaydilar. Endi tirik qolsa bo‘ladi. Chunki ularda olov bor! Bu yerga qashqir ham yaqinlasha olmaydi. Yirtqichlar olovdan qo‘rqadilar! Qiz qornining ochligini ham, hozirgina bo‘ri timdalagan yelkalaridagi og‘riqni ham unutdi.
— Soat necha bo‘ldiykin? — so‘radi yigit orqasini olovga tutib toblarkan.
Guljamol bir paytlar Nosir akasi Moskvadan sovg‘a qilib olib kelgan jajji tilla soatini gulxan yorug‘iga tutdi: tungi bir!
— O‘h-ho‘, hali tong otishiga yetti soat bor! Olovimiz esa bir soatga yo yetadi, yo yo‘q!
Guljamol soatga ko‘zi tushishi bilan Nosir akasini esladi. Qiziq, shu o‘tgan olti-etti soatdan beri naq ajalga ro‘para bo‘lgan paytlarida ham negadir Nosirni xayoliga keltirmapti. Uning bugun, aniqrog‘i kecha kechqurun kelishini necha oylab sabrsizlik bilan kutgan edi. Bir paytlar Nosir akasini eslasa vujudiga shirin titroq tushardi. Hozir esa u shunchaki ismdan boshqa narsa emas! Xayoliga esa go‘zal talabalik pallalarida Nosir akasi bilan Toshkentdagi xiyobonda sayr etib yurganlari keldi. O‘shanda bir-ikkita shilqim yigitlar unga gap otishganida Nosir indamay uning qo‘ltig‘idan mahkam ushlagancha chetga olib ketgandi. O‘shanda Nosirning o‘rnida Normurod bo‘lganida nima qilardi? Ular bilan jiqqamusht bo‘lib ketarmidi, balki. Agar hozirgi holatda Normurodning o‘rnida Nosir akasi bo‘lganida unga tashlangan yirtqichning boshiga cho‘kich bilan tushira olarmidi?! Bilmaydi! To‘g‘ri, Nosir akasi uni sevishi mumkindir, lekin, u uchun jonini xatarga tashlay olarmidi? Buni ham bilmaydi. To‘g‘rirog‘i ishonchi komil emas...
Normurod qars-qurs qilib yonayotgan, ombor mudiridan undirganiga hali bir hafta ham bo‘lmagan g‘ildirakka ma’yus qarab turardi.
“Achinma, — derdi o‘zicha, — bu shunchaki bir matoh, ertaga yana bitta yangisini olish mumkin. Lekin, muzlab qolishsa-chi, ertaga yangi Normurod bilan yangi Guljamolni hech qaerdan topib bo‘lmaydi!”
U jimgina qo‘lini olovga toblab turgan qizga qiziqsinib boqdi. Nega shu paytgacha uni yoqtirmay yurgan ekan. Tuppa-tuzuk ekan-ku! Qo‘llari cho‘ntakda, boshi qor uyumiga qoziqdek sanchilgan, oyoqlari osmon bo‘lib tipirchilagancha, noqulay ahvolda qorga ko‘milib qolganida qizning dadillik bilan uni turg‘azib qo‘yganini eslab o‘zidan uyalib ketdi. Qanday jasur qiz. Buning ustiga judayam mehribon ekan. Shu paytgacha bo‘ydoq yurganidan ayol mehribonligi shunchalar sirli va go‘zal bo‘lishini his qilib boshqacha bo‘lib ketdi. Qizning paltosini bo‘ri dabdala qilib tashlaganligini ko‘rib unga achindi. Agar qizga radiatorni qordan tozalashni buyurmaganida u shunday ayanchli ahvolga tushmasmidi. Hammasiga o‘zi aybdor. O‘zining kaltabinligi... Eson-omon shu sahrodan chiqib keta olsa, albatta, maoshi qo‘liga tegishi bilan, unga eng chiroyli paltoni olib beradi! Xayolidan o‘tgan shu fikrdan o‘zi ham ajablanib qo‘ydi. Chunki, shu kunga qadar kimgadir nimadir sovg‘a qilishni xayoliga ham keltirmasdi. Topganini o‘ziga sarflar, shu safargi maoshidan o‘ziga allambalo jinsi shim va charm kurtka olishni mo‘ljallab qo‘ygandi.
U birinchi bor bo‘lib o‘tgan hodisada o‘zini aybdor deb topdi. Shu paytgacha hech qachon o‘zini ayblamas, xatti- harakatini tahlil ham qilmasdi. Uni nima o‘zgartirdi? Kimsasiz sahroda qiz bilan yolg‘iz qolishimi, qizni va o‘zini muqarrar o‘limdan saqlab kolish istagimi, yoki har daqiqasi asrga teng, yaldo kechasidek tuganmas adoqsizlikda o‘zining ichida yashayotgan boshqa bir o‘zi bilan yuzma-yuz kelishimi? Buning javobini topolmadi. Topa olishiga ham ko‘zi yetmasdi. Agar tirik qolsa o‘zini butunlay sindirib, keyin qaytadan yasagan shu tunni hech qachon unutmasa kerak. Shu payt orqa o‘rindiqqa to‘shab qo‘ygan adyol borligi esiga tushib mashinaga qaytdi. Shart-shurt uni o‘rindiqdan sug‘urib olib qunishib turgan qizning yelkasiga tashladi. Qiz unga qarab ma’yus va mas’um tabassum qildi.
— Keling o‘zingiz ham. Sovqotib ketgandirsiz. Adyol ham keng ekan.
Negadir ularning o‘rtasidagi jinsiy tafovut mutlaqo xayollarini tark etgan. Ular bir-biriga begona yigit va qiz emas, balki ofat oldidagi ojizliklarini yengish uchun yelkama-elkama kurashayotgan ikkita inson edilar, xolos.
Normurod qizning yoniga borishni harchand istasa ham, u bilan adyolga burkanib, qaltirab turishga g‘ururi yo‘l qo‘ymadi.
— Siz bemalol o‘tiravering, men o‘tinni olib kelay.
Sovuq borgan sari zabtiga olar, g‘ildirak ham yonib tugay deb qolgandi. Normurod boyagina yarim yo‘lda qoldirgan saksovul shoxlarini olib kelishga o‘zida jur’at topa oldi. Axir u erkak kishi. Shu ishonch bilan o‘zini tezlab ikki qadam tashlagandi hamki, xuddi shuni kutib turgandek, yaqinroq joydan qashqirning uligani eshitildi. Normurod taqqa to‘xtadi. Ishonch qal’asi yashin urgan daraxtdek, kuyib to‘kilib tushdi. Chamasi urg‘ochi qashqir nar hamrohini izlab, shu atrofda izg‘ib yurgan ko‘rinadi. Nazarida u qizdan ikki qadam uzoqlashishi bilan qashqir unga tashlanib qoladigandek tuyulib ortiga qaytdi. Gulxan pasayib borardi. Boyagina uning taftidan erigan qor yana qayta muzlay boshladi. Shu payt mashina kapoti ichida yana bir narsa qarsilladi.
— Blok yorildi, — deb qo‘ydi Normurod, bundan na xafa, na xursand bo‘lganligi chehrasida aks etmadi. Bo‘lmasa, bu motorni epaqaga keltirish uchun qancha vaqti, qancha mehnati-yu qancha mablag‘i sovurilgandi. Endi bir necha soat ichida barcha ishlari chippakka chiqyapti. Sovuqning vayronkor qudrati mashinani asta- sekin bir uyum muzlagan temirga aylantirayotgandi. Radiator ketdi. Blok ketdi. Yangi g‘ildirak yonib turibdi.
“Barchasi arzimagan narsa. Ishqilib bu sahrodan omon chiqib olsak bo‘ldi”. — Normurod o‘ziga eski qadrdon bo‘lib qolgan mashinasining fojiasini ko‘rmaslik uchun, teskari o‘girilib oldi.
Qashqir yana ulidi. Gulxan pisillay boshladi. Normurod bariga qo‘l silkib o‘rnidan turdi. Yukxonadan domkrat va gayka kalitini olib orqa g‘ildirakning ostiga o‘rnatdi. Mashinani ko‘tarib g‘ildirakni burab chiqarib oldi va o‘ylanib o‘tirmasdan uni ham gulxanga tashlab ustiga benzin sepdi. Olov tillari yana bo‘ron bilan o‘ynasha boshlagach, bo‘ri ham jimib qoldi.
— Soat necha bo‘ldiykin? — deb so‘radi u mudrab o‘tirgan qizni gapga tutib chalg‘itish uchun. O‘z tajri¬basidan biladi. Sovuqning zahri yomon. Sal mudradingmi, bo‘ldi. Biron joyingni oldirasan. Agar uxlab qolsang, toshdek qotasan, vassalom.
— Uch, — dedi qiz behol. Uning ko‘zlari yumilib-yumilib borardi. — Men biroz uxlab olmoqchiydim...
— E, yo‘q. Bu kecha ikkalamiz xam uxlamaymiz. Keling, men sizga bir qiziq voqea aytib beraman.
Qiz unga e’tiborsizgina qaradi. Gulxan taftidan yuzlari qizarib ketgandi. Normurod qo‘liga bir siqim qor olib uning yuziga bosdi. Guljamol qichqirib yubordi.
— Bu nima qilganingiz, Normurod aka!
Guljamol o‘zining ovozidan uyqusi o‘chib ketgandi. Birdan hushyor tortib uyoq-buyoqqa olazarak nigoh tashladi. Atrof biydek sahro. Bo‘ron guvillab yopinib turgan adyoliga qor parchalarini keltirib urmoqda. Raqs tushayotgandek tepinib yurgan Normurod bilan o‘zidan boshqa hech kim yo‘q. Biroz oldin yigit bu yerda uxlamoq o‘lim bilan teng, degani esiga tushib, o‘rnidan turdi. Oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmay gandiraklab ketdi. Panjalari sovuqdan uvushib ketganmi, hatto ularning bor-yo‘qligini ham his qilmadi. Majburlab bir qadam bosdi va yerga quladi.
— Normurod aka...
Yigit qizning “Normurod aka” deganidan ta’sir¬lanib ketgandi. Shunda uning yonidagi kishining qiz bola ekanligi xayoliga keldi. Shu paytgacha hech qaysi bo‘y yetgan begona qiz unga Normurod aka, deb murojaat etmagan edi. Qizning holsizgina yerga yiqilganini ko‘rib, hammasini tushundi. Qiz oyoqlarini sovuqqa oldirgan edi.
— Oyoqlarimni sezmayapman... —ingrardi Guljamol. — Nahotki endi shol bo‘lib qolsam...
— Qaysi oyog‘ingiz?
— Ikkalasining ham panjalari yo‘qdek.
Normurod qizning etigini zo‘rg‘a sug‘urib oldi. Panjasi shishib ketganidan qalin jun paypog‘ini yechib yalang‘och oyog‘iga qor ishqay boshladi. O‘n daqiqalar zo‘r berib harakat qilganidan keyin barmoqlarga qon yugurib qiziy boshlaganini his qilib yengil tortdi.
— Qani endi sakrang. Bo‘ling. Bir joyda o‘tirsangiz yana oyog‘ingiz to‘ng‘ib qoladi.
Guljamol yigitga qo‘shilib oyoqlarining uchida sakray boshladi. Birozdan so‘ng u ham qizib, bo‘ysunmayotgan oyoqlariga jon kirgani sezildi.
Normurod gulxanning tagida qolib ketgan birinchi g‘ildirakning qizib turgan temir diskini cho‘kichga ildirib tortib oldi va qor sepib sovutdi. Keyin o‘rindiqqa yozib qo‘ygan ko‘rpachani olib kelib uning ustiga to‘shadi.
— Oyog‘ingizni olovga yaqinroq surib o‘tiring. Sovuq oldirish bilan hazillashib bo‘lmaydi.
Normurodning qo‘lidan shunaqa mehribonchilik ham kelishi mumkinligini o‘ylab Guljamolning ko‘ngli iyib ketdi. Beixtiyor uni Nosir bilan yana taqqoslay boshladi. Bir paytlar yangi olgan, poshnasi ingichka tuflisini kiyib tosh to‘shalgan yo‘lkada ketib borayotganida, hali bunaqa tufliga moslashib ulgur¬maganmi, turtib chiqqan toshga depsinib oyog‘ini qayirib olgani esiga tushdi. O‘shanda Nosir uning qo‘ltig‘idan suyab olgandi, ammo to yotoqxonaga borgun¬laricha uni ehtiyotsizlik qilgani uchun ming‘illagancha koyiyverib qoniga tashna qilib yuborgandi.
Bo‘ron asta-sekin pasayib, oddiy shamolga aylandi. Qor parchalarining yuzlariga nina sanchilgandek urilishi ham to‘xtadi. Bulutlar tarqab osmonda oy ko‘rindi. Tonggi izg‘irin boshlandi. Yana qashqir ulidi. Normurod tovush kelgan tomonga o‘girildi. Uch yuz qadamlar naridagi kichikrok barxan ustida, tumshug‘ini osmonga ko‘targancha, oyga qarab uliyotgan bo‘rining shakli oydinda qorayib ko‘rinardi.
— Moda qashqir, — dedi Normurod xuddi o‘ziga o‘zi gapirayotgandek past tovushda. —Juftini qidirib yuribdi.
— Uni endi hech qachon topa olmaydi, bechora, —dedi qiz ham allaqanday hazin tovushda.
— Ha, topa olmaydi. Uni juftidan biz ayirdik. Balki u, to o‘lgunicha bizni qarg‘ab o‘tar.
Normurod xayoliga kelgan fikrdan o‘zi ham ajab¬landi. Unga nima bo‘lyapti o‘zi?! Yo‘q, oldinlari u bunaqa fikrlardan yiroq yurardi. Nega birdan juftidan ayrilgan bo‘riga rahmi kelib ketyapti? Balki odamzod o‘lim bilan yuzma-yuz kelganda shunaqa mushohada qiladigan bo‘lib qolarmikan? Buni u hech qachon tushuntirib bera olmaydi. Bir tilsiz hayvonning qarg‘ishidan nega qo‘rqayapti — buni ham bilmaydi.
— Agar uni o‘ldirmasangiz, u meni burdalab tashlardi.
— Nahotki hayotda birovni saqlab qolish uchun kimnidir o‘ldirish kerak bo‘lsa? G‘alati tuyulmayaptimi sizga?
Guljamol oddiy aravakash deb mensimay yurgan yigitning faylasuflarcha gapira boshlashidan hayron qoldi.
— Bilmadim. Balki yashash uchun kurash deganlari shu bo‘lsa kerak-da...
Shu yerda suhbat uzilib qoldi. Gulxan yana pasaya boshlagandi. Bo‘ron to‘xtagan bo‘lsa-da, sovuqning zahri pasaymagan, izg‘irin suyaklarini qaqshata boshladi. Bir oyog‘idan ajragan cho‘ltoq mashina tumshug‘ini qorga tiqqancha, ulkan muzqoyaga aylanib borayotgan edi. Endi uning ikkinchi oyog‘ini ham yulib olib yoqmasa bo‘lmasdi.
Normurod qo‘liga chippa yopishadigan temir domkratni endi ikkinchi g‘ildirak ostiga o‘rnata- yotganida muzlab qolgan bo‘rining jasadiga tepinib ketdi. Agar o‘shanda cho‘kichni mo‘ljalga to‘g‘ri urolmaganida hozir o‘zlarining jasadi shunday to‘ng‘ib yotgan, yoxud bo‘ri o‘z juftini mazali go‘sht bilan mehmon qilayotgan bo‘larmidi... Kimningdir o‘limi yana kimgadir yashab qolish uchun imkoniyat bo‘lsa... Ha, yashash uchun kurash deganlari judayam jumboqli masala ekan...
G‘ildirakni qiynala-qiynala yechib oldi. Gulxan biroz tutab turib yana alangalanib ketdi. Qizning qaltirayotgan vujudiga yana issiq o‘rladi.
— Nimani o‘ylayapsiz, Guljamol?
Gulxanga ma’yus termulib turgan qizni suhbatga tortmoqchi bo‘ldi yigit.
— Beva qolgan qashqirni o‘ylayapman. Yolg‘izlik yomon narsa. U endi qanday kun kechirarkan-a...
— Nima qilardi, boshqa bir hayvonni topib oladi. Ular shunchaki bir yirtqich. Ularda sadoqat, vafo degan tushunchalar bo‘lmaydi.
— Bilmadim. Ammo bir narsa esimga tushib ketdi. O‘n besh yil burun, men to‘rtinchi sinfda o‘qib yurgan paytimda katta opamning eri — Samad pochchamni o‘ldirib ketishgandi. Nima uchun o‘ldirishganini bilmayman. Lekin opamning xuni biyron bo‘lib yig‘lagani hech esimdan chiqmaydi. O‘shanda yigirma uch yoshli opam ikki norasidasi bilan tul qolgandi. Oradan bir necha yil o‘tib uyoq-buyoqdan unga og‘iz solib sovchilar ham kelib turishdi. Opam barchasini qaytardi. Yana bir necha yildan so‘ng men maktabni tugatdim. Ancha-munchaga aqlim yetib qolgandi. Opamdan "Nega turmushga chiqmayapsiz?" deb so‘rasam, "Pochchangdan uyalaman", degandi. "Allaqachon ko‘karib chiqqan pochchamning nimasidan uyalasiz?" desam, opam bir o‘qrayib qo‘ydi. Pochchamning kattalashtirilgan suratiga uzoq termulib qolganidan keyin mening gapim o‘rinsiz, buning ustiga judayam qo‘pol chiqqanini tushunib tilimni tishlagandim...
Normurod ham uning ezgin hikoyasidan ta’sir¬lanib, ma’yus tortib qoldi.
— Bu qashqirning oyga tikilib turishi opamning suratga termulib sukutga tolib o‘tirishini eslatib yubordi...
Qiziq, hozirgina ajalga ro‘para kelgan, buning ustiga hali ham sovuqda muzlab o‘lish xavfi chekinmagan, borsa gumon yo‘lda turgan qizning yovvoyi bir yirtqichga achinib shunaqa gaplarni gapirib o‘tirishi yigitni hayratga soldi. Ha, inson fe’l-atvori shunaqa tushunik¬siz, g‘alati bo‘larkan-da. Yoshi o‘ttizga yetib, shunaqa narsalar haqida hech o‘ylab ko‘rmagan ekan...
Normurod uchinchi g‘ildirakni ham gulxanga keltirib tashladi. Sharq ufqi asta-sekinlik bilan yorisha boshladi. Qashqirning ovozi endi butunlay o‘chdi.
— Anavini qarang, — dedi qiz yorisha boshlagan barxanga imo qilib.
Normurod barxan ustida bir necha soat oldin qanday oyga termulib uligan bo‘lsa, hamon o‘shanday qilt etmay turgan bo‘riga hayron qoldi. Keyin bariga tushundi: juftidan ayrilgan yirtqich oyga ko‘zlarini tikkancha muz qotgan edi. Yengil shamolda uning yunglari tebranmas, balki muz bilan qoplanganidan, tongning zarrin shafag‘ini o‘zida akslantirib, jilvalanib turardi.
— Muzlab qolibdi, bechora... — dedi yigit og‘ir xo‘rsinib.
— U o‘lmasligi ham mumkinmidi? — so‘radi Guljamol yigitning og‘ziga termular ekan.
— Qaydam, balki barxan ustida qotib turmasdan uyasiga kirib yotganida o‘lmasligi ham mumkin edi.
— Demak, u juftini tashlab keta olmagan... — qizning tovushi hazinlikka shunchalik chulg‘angandiki, Normurodning yuragi ezilib ketdi.
“Demak, — yigitning xayolidan o‘tdi, — u boshqasini topib olishni mutlaqo istamagan. Hamrohisiz yashashni ham...”
Ular o‘z o‘ylariga g‘arq bo‘lib turisharkan, hayvonlarcha sadoqatga qo‘yilgan haykalga o‘xshab, osmonga hasratli termulgancha tosh qotgan moda bo‘ri jasadiga qarashga hech birlarining yuragi betlamasdi.
Yagona g‘ildirakda qolgan mashina butunlay qorga singib ketgandi. Normurod hali tong otib, texnikalar harakatga kelishiga ikki soatdan ortiq vaqt borligini chamalab, so‘nggi g‘ildirakni ham yechib olish taraddudini ko‘ra boshladi. Qariyb bir sutkadan beri tuz totmaganligi, buning ustiga sovuq va bedorlikdan ham ko‘ra miyasini parmalab o‘tayotgan fikrlar uning sillasini quritib tashlagandi. Buyog‘i tezlashib ketdi. So‘nggi g‘ildirakni alangaga aylantirganidan keyin boshlari aylana boshladi. Guljamolning gaplari olisdan kelayotgandek tuyuldi. Bir payt qizarib chiqayotgan quyosh fonida allaqanday yuk mashinasining qorasi ko‘ringanida u yengil tortgandek bo‘ldi. Yaldo kechasidek tuganmas tuyulgan dahshatli tunning sinoviga bardosh bergan, muhimi, o‘z hayotini uning ixtiyoriga topshirgan qizni o‘lim changalidan olib qolganiga ishonib ma’yus jilmayib qo‘ydi. Yuzma-yuz jangda raqibidan ustun kelgan pahlavondek qoniqish hosil qilgandi. Oyoqlaridan mador ketayotganini his qilib, muzlagan qorga shilqillab tushdi. Guljamolning olisdagi mashinani qarshilab yig‘lagancha chopib ketayotgani xuddi tushdagidek ola-chalpoq ko‘rindi va ko‘zlari yumildi.
Oradan uch oy o‘tib aprelning yomg‘irli kunlarining birida Guljamolning to‘yi bo‘ldi. Hamkasblarini hayratga solib, sanoat ko‘lamidagi ilmiy tadqiqotlar bo‘limining laboranti korxonaning kelajagi porloq, ilmiy darajali bosh muhandisiga emas, balki uning haydovchisiga turmushga chiqib ketdi...