Usmon tun bo‘yi bosinqirab chiqdi. Tavba, miltiq tutgan allaqanday kiyik Munisani tinimsiz ta’qib qilarmish. Jon hovuchlab ularning o‘rtasiga tushishga harakat qilsayam, oyoqlariga tosh bog‘langandek, joyidan qimirlay olmas ekan. Shu tushni bir kechaning o‘zida bir necha marta ko‘rdi. Hatto uxlashga ham cho‘chib qoldi. Ko‘zlarini lo‘q qilib xayol surib chiqdi. Ertalab bo‘kib ichgan sarmastday boshi lo‘qillab og‘riyotganidan, kanda qilmaydigan odati, onasining hujrasiga bosh suqib salom berishni ham unutdi. Soqolini chala-chulpa qirtishlab ishga otlanayotgan mahal qunishibgina sochiq uzatib turgan Munisa bilan nigohlari to‘qnashdi. U ham tuni bilan mijja qoqmagan hoynahoy, qovoqlari salqib, surmarang soya tushgan edi. Nimanidir undan yashirayotgani titrayotgan lablari qimtilganidan, nigohlarini yashirishga urinayotganidan anglashilib turardi.
«Bu bechoraga ham qiyin, dardi ichida, ichidagini to‘kib soladigan yaqin kishisi ham yo‘q. Qizlari turganida bu paytga kelib unga dardkash, sirdosh bo‘lib ketarmidi. Onam azaldan uni xushlamaydi. Shunday bo‘lsa hamki, o‘ttiz yildan beri miq etmay chidayapti. O’zi qaynona bo‘ladigan yoshga yetganida ham, qaynonasining bir imosiga mahtal, yosh kelinchakdek zipillab yumushini qiladi. Nega yig‘ladi ekan? Yo, yana Sulton...»
Usmon simillayotgan chakkalarini qo‘llari orasiga oldi.
– Doringizni ichib oling, davleniyangiz...
Xotini uzatgan hapdorini bir piyola sovuq choy bilan zo‘rg‘a yutdi. Biroz boshining lo‘qillashi bosilgandek bo‘ldi. Xotiniga «Nima gap?» degandek nigoh tashladi. O’ttiz yildan beri bir yostiqqa bosh qo‘yib, hali biror marta san-manga bormagan, bir-birini bir qisqa nigoh yoxud, yarimta harakatdan anglab oladigan bo‘lib qolganlaridan Munisa erining so‘roqli nigohi alomatini tushundi. Yanada mung‘ayib, bir siqimgina bo‘lib qoldi.
– Yanami?
Munisa sekingina bosh irg‘ab qo‘ydi. Labini ming tishlab ovozini ichiga qamab tursa-da, ammo ko‘z yoshlarini tiyib turolmasdi. Usmon yaxshi ko‘radigan uzun-uzun qayrilma kipriklaridan duvillab yosh quyila boshladi.
– Chaqir!
Munisa seskanib boshini ko‘tardi. Yuzlarida iltijoli ifoda zohir bo‘ldi.
– Dadasi, ishdan qaytganingizdan keyin gaplasha qoling. Bechoraning hozirgina ko‘zi ilindi. Yuzini momataloq qilib tashlabdi uyginangga o‘t tushgurlar.
– Ming marta aytdim unga, o‘sha ko‘chaga qadam bosmagin deb! Yana boribdimi?
Munisa unsizgina bosh irg‘ab qo‘ydi. Usmon ishga kechika boshlagan edi. Nonushta ham qilmay mashinasiga o‘tirdi.
* * *
...Rahmatli Burhon ovchi ko‘p g‘alati fe’lli odam edi. O’zining alohida hujrasida yashar, imkoni tug‘ilishi bilan sahroga bir necha kunga, ba’zan esa haftalab ovga chiqib ketardi. Onasi Karomat kampir shu paytlarda hujrani supurib-sidirib chinnidek yaraqlatib qo‘yar, ammo Usmonni bu yerga yaqin yo‘latmasdi. Otasi ba’zan ilvasinni mo‘l qilib, to‘lib-toshib kelganida, hujra ulfatlari bilan to‘lar, kiyik go‘shtidan bo‘lgan kabobni shayton suviga chazan qilib bazm qurishardi. Ba’zan ovi baroridan kelmay uyga holdan toyib, qup-quruq kirib kelganida esa unga ko‘rinish berishga hech kimning yuragi betlamasdi. Burhon ovchi Usmon o‘n ikkiga kirib-kirmay vafot etdi. Hali bu fojianing butun qudratini his qila olmay, keldi-ketdilarga angrayib karab turgan Usmon so‘rida o‘tirgan chollarning suhbatiga beixtiyor quloq tutdi.
– Rahmatlini kiyikning piri urib ketdi-yov, – dedi tishsiz milklari bilan bir bo‘lak nonni chaynay olmay kavshanayotgan qoqsuyak chol, – O’zim guvohi bo‘lganman. Bo‘riyotog‘idagi kiyiklarni Burhon ovchi qiyratdi. Bir kuni desang, qo‘shda oyog‘imni cho‘zib yotuvdim, uzoqdan barxan oralab, Burhonning pat-pati tovushi chiqdi. Bir payt quyuq chang ko‘tarildi. O’rnimdan turib qarasam, o‘ttiz chog‘li kiyikni oldiga solgancha pat-patini uchirib quvib yuribdi. Yarim soatcha ta’qib qilganidan so‘ng, ularni yalanglikka olib chiqdi. Keyin nima bo‘larkin, deb qiziqqanimdan barxan ustiga chiqib qarasam, Burhon bilan yana bir kishi qarsillatib otib yotibdilar. Besh-olti chog‘li kiyikni otishdi-yov, dedim. Birozdan keyin ularning tovushi o‘chdi. O’sha kuni kechga yaqin, o‘g‘lim bir yarador kiyikni eshakka o‘ng‘arib olib keldi. Orqa chap oyog‘ini o‘q cho‘rt sindirib ketgan ekan. Negadir, bechoraning qorni va oyoqlari oppoq, tanasining rangi esa qora edi. Shu paytgacha bunaqa qora kiyikni ko‘rmagandim. Bunda bir xislat bo‘lsa kerak, deb o‘yladim va uning oyog‘ini taxtakachlab bog‘lab boqa boshladim. Bir oylarda tuzalib qoldi. Keyin suruv orasiga qo‘yib yubordim. Ancha el bo‘lib qolgandi. Keyinchalik kiyiklar yaqinroq kelganlarida ularga qo‘shilib ketdi. Lekin ahyon-ahyonda kelib qolar, men ham qo‘limga ilashgan nonmi, yemmi uning og‘ziga tutardim. Jonivor biram go‘zal, kirishimli edi-da o‘zi ham. O’lgan kishining ortidan yaxshi-yomon gapirib bo‘lmaydi-yu, lekin har safar Burhon sahroni oralaganida yuragim simillab, shu kiyikni otib qo‘ymasin-da, deb Xudoning zorini qilib turardim. Burhon ketgandan so‘ng bir-ikki kun o‘tib, kiyiklar o‘tlaydigan joylarni aylanardim. Shunda uning o‘tlab yurganini uzoqdan bo‘lsa ham ko‘rib, xotirjam tortib qaytardim. Bir kuni otarni suvga haydayotganimda yana pat-patini patillatib Burhon kelib qoldi. Sahroda ancha aylanib yurganidan bo‘lsa kerak, yuzi qorayib, ust-boshi changga belangan, tomog‘i qaqrab ketganidan, ovozi bazo‘r xirillab chiqardi. U suv so‘rab kelgandi. Suv berdim. Saksovulning soyasiga xurjunini to‘shab biroz nafas rostladi. Shundan foydalanib, unga nasihat qilmoqchi edim, qaerda... Hatto quloq solgisi ham kelmadi. Ikki kundan beri sahroning tit-pitini chiqarsa ham biror kiyik uchramabdi. Menimcha kimgadir kiyik otib kelaman deb va’da bergan u. Endi quyi suvloq tomonini qidiraman, dedi. Yuragim «shuvv» etib ketdi. Kecha kechqurun kiyiklarning shu tomonga ketayotganini ko‘rgan edim. Shu tomonga borsa albatta kiyiklarni topadi. Uni gapga ko‘ndirolmasligimni tushunib oxirida ko‘nglimdagini aytdim.
– Orqa chap oyog‘i biroz oqsaydigan, urg‘ochi qora kiyik bor, iltimos ukam, shuni otmagin.
– Qiziqsiz-a, Abdurahmon aka, to‘daga qarab otgandan keyin, o‘qqa shu kiyikka tegma, bunisiga teg deb aytib bo‘ladimi!
– Ukajon, shu kiyikning bir xosiyati bor. Bekorga uning rangi qora emas. Shuni o‘ldirmagin, iltimos. Uvoli yomon bo‘ladi.
U menga bir qaradi-yu indamadi. Pat-patiga minib, quyi suvloq tomonga ketdi. Shundan keyin kiyigimni qaytib ko‘rmadim.
...Usmon o‘shanda yoshlik qilibmi, yoxud cholning iztirobini his qila olmaganidanmi, «Otamni yomonotliq qilmoqchi bo‘lyapti, ichiqora», deb o‘ylagandi. Lekin yillar o‘tib, otasining o‘limi tafsilotlarini eshitgach, Abdurahmon chorva va uning kiyigi haqidagi voqeani bot-bot eslab qolardi.
... U zamonlar Burhon ovchi kolxozda tabelchi bo‘lib ishlar, bosh hisobchilikka ko‘tarilishni orzu qilardi. U kolxozda, moliya texnikumini tugatgan yagona diplomli hisobchi bo‘lsa-da, ammo rais uni hisobchilikka qo‘yishga shoshilmasdi. O’qishni tugatib kelganida, «bir yilcha tabelchilik qilib turasan, keyin albatta hisobchilikka o‘tkazaman», deb va’da bergandi rais. Lekin oradan to‘rt yil o‘tib ham hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Rais o‘sha-o‘sha, va’da berishdan charchamas, yig‘im-terimdan keyin albatta, idorada o‘tirib, bir ustolga egalik qilishini aytib qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib yuboraverardi. Shunda uning yaqin jo‘rasi, kassir bo‘lib ishlayotgan Umarqul bir gap bilan ko‘zini ochib qo‘ydi.
O’shanda Umarqul ikkovi kimningdir to‘yidagi oshda hamtovoq bo‘lib qoldi. Gurung oqimi Burhonning tabelchiligiga taqalganida, u chiday olmay dardini dasturxon qilib yubordi, Umarqul sirli iljaydi.
– Tuppa-tuzuk ovchisan, ana, Bo‘riyotog‘i kiyikka to‘lib yotibdi. Bittasini shartta otginu raisning uyiga eltib tashla. Rais kiyik go‘shtini ko‘rsa o‘zini tomdan tashlaydiganlardan. Meni aytdi dersan, ertagayoq hisobchilikka o‘tkazadi seni.
Burhon ovchi uning aytganidek qildi. Ertasi kuni o‘z brigadasi bilan paykalga chiqayotganida uni rais yo‘qlatdi.
Rais bu safar uni oldingidek ensasi qotib emas, anchayin iliq qarshi oldi. Kecha yegan kiyik qovurdoqning ta’mini tamshanib eslarkan, uni yordamchi hisobchilikka o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqqa gajakdor imzo chekib yubordi.
– Mana ukajon, biz va’damizni bajardik. Endi siz bizning o‘z odamimizsiz. Shuning uchun bitta-yarimta xizmat chiqib qolsa bo‘yin tovlamaysiz. Keyinchalik sizni bosh hisobchilikka ko‘tarish niyatimiz ham bor. Shuni e’tiborga olib astoydil ishlang, ukajon.
– Xo‘p bo‘ladi, rais buva, – dedi Burhon qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib.
Uning bunday tavozesi raisga ham xush yoqib, yoyilib iljaydi.
Rais aytgan “bitta-yarimta xizmat” o‘zini judayam ko‘p kuttirmadi. Yangi joydagi ishining ikkinchi haftasidayoq raisning muhtasham kabinetiga chaqirildi.
– Keling, Burhonjon. Sizga bitta xizmat chiqib qoldi.
Burhon qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
– Eshitaman, rais buva.
– Gap bundoq. Uch kundan keyin, ijroqo‘mning tug‘ilgan kuni. Shunga bir kiyik kabob qildirmoqchi edim. Keyin u kishi, shunaqa jonivorlarni yaxshi ko‘radilar. Uylari zapark bo‘lib ketgan. Har xil qushlar, g‘alati jonzotlarni boqadilar. Shunga bir kiyik bolasini tirik ushlab kelsangiz, zo‘r bo‘lardi-da. Bu ishlar sizday ovchiga cho‘t emas-ku, a? – Rais tevarakka bir alang-lab, sirli pichirladi. – Normat aka nafaqaga chiqaman deb qo‘ymay yurgandi. Sizga ishonaman, iqtisodchilikni bemalol eplaysiz.
Burhon ovchi asta-sekinlik bilan raisning qo‘ygan tuzog‘iga chirmashib borarkan, mansabi ham yildan yilga oshar, raisning hakalak otgan nafsi Bo‘riyotog‘i kiyiklariga qiron keltirardi. Bosh hisobchilikka ko‘tarilganidan keyin rais ovga chiqishingizga yaraydi deb bir suvchiga atalgan mototsiklni unga topshirdi.
– Viloyatdagi bir rahbarimizga kiyik go‘shti zaril, – dedi bir kuni rais, – agar shuni eplasangiz, shu yil hosil bayramida «Moskvich»li bo‘lib qolasiz.
Burhon shirin entikdi. Axir qishloqda shu raisning «Volga»sidan boshqa mashina yo‘q. Mashina minib qishloq ko‘chalarini changitib yurishini, ko‘rgan o‘rtoqlarining og‘zi ochilib qolishini tasavvur qilib, kayfiyati ko‘tarilib ketdi.
– Bo‘pti rais buva, qoyillatamiz!
– Balli, yashang!
Burhon o‘shanda sahroning tit-pitini chiqarib uch kun izlasa ham birorta kiyikning qorasini ko‘rolmay xunobi chiqib yurganida Abdurahmon chorvaga duch kelgandi. O’sha kuni shom qo‘nayotgan mahalda quyi suvloqdan kiyiklarning siyrakkina to‘dasiga ko‘zi tushdi. Ularni bezovtalik bilan shoxdor taka suvga boshlab kelardi. Mototsiklning patillashini eshitsalar bir soniyadayoq ko‘zdan yo‘qolib, cheku chegarasiz sahro bo‘ylab tarqalib ketishga tayyor turardilar. Burhon mototsiklini o‘chirib suvloqqa pisib borishga qaror qildi.
Shoxdor taka suvloq yonidagi mo‘‘jaz tepalikda hushyor turar, siyraklashib qolgan to‘da esa shosha-pisha suv ichardi. Burhon salgina ehtiyotsizlik qilib, oyog‘ining ostidagi shoxni shitirlatib yubordi. Qari taka esa qulog‘ini ding qilib yerni bir tepib qo‘ydi. Suvga engashgan kiyiklar birdan boshlarini ko‘tardilar. Shoshilmasa bo‘lmasdi. Qorong‘ulik asta-sekinlik bilan qoplab kelayotgan sahroga singib, ko‘zdan yo‘qolishlari hech gapmas! U shoshilib o‘rnidan turdi-da chopib ketayotgan to‘daning so‘nggidagi oqsayotganligi elas-elas seziladigan yirikkina qora kiyikni mo‘ljalga olib tepkini bosdi. Kiyik o‘mbaloq oshib tushdiyu zarbdan yana turib ketdi. Burhonga u yana yugurib ketayotgandek tuyulib, ikkinchi o‘qni ham bo‘shatdi. Kiyik iltijoli bo‘zlab qulaganicha qaytib turmadi. U uch kunlik sarsonligiga nuqta qo‘ygan o‘ljasi tomon horg‘in qadamlar bilan yaqinlasha boshladi. Shu payt to‘da boshida ketayotgan taka kutilmaganda ortga qaytdi. Qonga belanib yotgan kiyikni hidlab, etni junjiktiruvchi xunuk va yo‘g‘on tovushda o‘kirib yubordi. Burhonning oyoqlaridan mador qochib, jismini qaltiroq egalladi. O’ljaning yoniga borishni ham, ortga qaytishni ham bilmay ikkilanib qoldi. Bexos, sahroning mungli oqshomida shoxdor taka kiyikning qop-qora ko‘zlari bilan nigohi to‘qnashib ketdi. Yoshdan yanada yaltirab, kattalashib ketgan ko‘zlarni so‘nggi kunlariga qadar unuta olmasa kerak!
– Nima qilib qo‘ydim?! – Uning ichida nimadir chirt uzilgandek bo‘lib, titroq ovozda pichirladi. U bo‘zlayotgan kiyik tomon yaqinlashishga o‘zida kuch topa olmadi. Miltig‘i og‘irlik qilayotgandek qayishidan ushlagancha sudrab ortiga qaytdi. Barxan panasida qorayib turgan mototsikli ham unga kiyik bo‘lib tuyulib, yuragi orqasiga tortib ketdi. Sinchiklab qarab mototsiklini ilg‘agach arang sudralib borib unga suyanib qoldi.
– Menga nima bo‘lyapti o‘zi? Shuncha kiyik ovlab bunaqa holga tushgan emasdim-ku. Haqiqatan ham anavi chorvaning gapida jon bormikan? Xosiyatli kiyikmikan u? ...Barisi bo‘lmagan gap! Uch kundan beri sahro kezib yurganidan charchagan, xolos. Hozirgi ahvolini Umarqulga o‘xshagan ko‘rsa rosa masxara qilib kulsa kerak. Kimsan, Burhon ovchi, ayolga o‘xshab kiyikning o‘ligidan qo‘rqib o‘tirsa-ya!
Burhon mototsiklni o‘t oldirib, farasini yoqdi. Uzun ingichka nur yaydoq sahroni tilib, suvloq bo‘yidagi qamish va yulg‘unlarni yoritdi. Mototsikl patillagancha qonga belanib yotgan kiyikning jasadiga yaqinlashganda Taka kiyik hamon uning yonida ekanligini ko‘rib, Burxon yana bir seskandi, biroq o‘zini tezda qo‘lga oldi. Motor tovushidan cho‘chigan taka kiyik biroz nariga chopib bordi-yu, taqqa to‘xtadi. O’girilib, ko‘zlaridan ko‘kimtir-yashil alanga sochganicha qotib turaverdi. Burhon unga qarashga botina olmay o‘ljasini mototsikliga o‘ng‘arib, gazni qattiqroq siqimlab buradi. Mototsikl sahroning osuda oqshomini suronga to‘ldirib, yolg‘izoyoq yo‘ldan uchib ketdi.
Burxon mototsiklning quloqni qomatga keltirgudek patillashi orasidan ortidan chopib kelayotgan taka kiyikning tuyoq tovushlarini aniq eshitar, bunga sari yuragini vahima qoplab rulga qattiqroq yopishardi. Yarim tunda osuda uyquga cho‘mgan qishloqni mototsiklning shovqini uyg‘otib yubordi.
* * *
...Sultonni allaqanday sirli kuch bobosining hujrasi tomonga tinimsiz chorlayverardi. U momataloq bo‘lgan yuzidagi og‘riqlardan aftini bujmaytirib, bu hujra qachondan beri o‘ziga tortayotganini o‘ylashga urinardi. Shunda birinchi bor qo‘shni mahallalik Qodir mushtumzo‘rdan kaltak yeganida, bobosining eski miltig‘i haqida obdon o‘ylagani esiga tushdi. Ha, to‘g‘ri. Xuddi o‘sha birinchi bor kaltaklanganidan keyin, bu hujra, to‘g‘rirog‘i, uning suvoqlari ko‘chib ketgan paxsa devoridagi zanglab ketgan qoziqqa ilib qo‘yilgan miltiq uni o‘ziga chorlay boshlagan edi. Eh-he, unga ham bir necha yil bo‘lib ketibdi...
O’shanda u endigina maktabni tugatgan payti edi. Suluvni dugonalari bilan maktabdan qaytayotgan paytida uchratib qoldiyu, qalbi, aqli, dunyoqarashi, maqsadlari ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. U institutga kirish ilinjida edi. Kelajakda katta-katta ishlar qilmoqchi edi. Hammasi, bari-bari suvda oqib ketgandek, bir zumda yo‘qoldi-qoldi. Ularning o‘rnini esa to‘laligicha Suluvning ishqi, Suluvning hajri, uning vasli-sog‘inchi egalladi. U Suluvning chang ko‘chasidagi har bitta xasu xashagini o‘pishga tayyor edi. Suluvning oyoqlari izi tushgan kesagu toshlarni bag‘riga bosishga shay edi. U yerdagi nuragan paxsa devorlar naqadar baxtli, chunki har kuni Suluvni ko‘radi, uning xush bo‘yini to‘yib-to‘yib hidlaydi. Sulton tongga qadar Suluvlarning mahallasida izg‘iydigan qiliq chiqardi. Shunday sandiroqlashlarida qizni olisdan ko‘rib qolsa ham undan baxtli kimsani dunyodan topib bo‘lmasdi.
Shunday darbadarlikning nechanchi kunidir, uning majnunligi mahalla yigitlarining e’tiborini torta boshladi. Qodir mushtumzo‘r boshchiligida u ogohlantirildi. Natija chiqmaganidan keyin esa Sulton yaxshigina ur-kaltaklar bilan uyiga jo‘natib yuborildi. Agar Sultonda ovchi bobosining o‘r fe’li bo‘lmaganida voqea shu bilan intiholagan, hushini yig‘ib olgan yigit yana o‘z holiga qaytib institut umidida katta shaharga yo‘l olgan bo‘larmidi. Ammo, uning suyak-suyagiga singib ketgan o‘rlik isyon qilib ertasi kuniyoq ko‘kargan ko‘zlariga qora ko‘zoynak taqqancha yana o‘sha mahallada paydo bo‘ldi. Qodir mushtumzo‘r bu safar o‘zi anglab-anglamay Sulton bilan Suluvning yuragida o‘z holicha aylanib yurgan ishq jilg‘asini yagona o‘zanga burib yubordi.
Qora ko‘zoynak taqib olgan «majnun»ning yana mahallada paydo bo‘lgani hakidagi xabar shotirlari tomonidan qulog‘iga yetdi.
«Shoshma, – deb o‘yladi Qodir. – Uni Suluvning ko‘z oldida sharmandasini chiqarib, obro‘sini yer bilan bitta qilish kerak!» Qodir o‘zining topqirligidan mag‘rurlanib, yonidagi mute shotirlariga osmondan nazar tashladi. Ular Qodirning zarbasi qanchalar zalvorli bo‘lsa, aqli shunga teskari mutanosiblikda ishlashini bilishar, lekin uning baquvvat, suyagi buzuq gavdasi, maymunnikidek uzun qo‘llari, kattakon mushti so‘zsiz itoat etishlarini ta’minlardi.
Bu safar Sulton suvga chiqqan Suluvning ko‘z o‘ngida kaltaklana boshlandi. Qodirning har bir zarbasidan ikki qadam ortga uchib ketayotgan Sulton, ming mashaqqatlar bilan bo‘lsa-da o‘rnidan turib yana raqib tomonga tashlanishga o‘zida mador topa olardi. Qodir o‘zining ham Suluvga befarq emasligini bildirib qo‘yishni, buni qiz o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishini istardi.
– Yana Suluvning ortidan ergashganingni ko‘rsam, uyingga tirik qaytmaysan! – vishilladi u og‘zidan tupuk sachratib.
– Yo‘q! O’ldirsang ham ahdimdan qaytmayman!
Qodirning gurzidek mushti bu safar uning chakkasiga qaltis tegdi. Sulton muvozanatini yo‘qotib, chang ko‘chaga quladi.
– Nokaut! – hayqirishdi shotirlar.
Suluv Qodir mushtumzo‘rning anchadan beri ularning uyi atrofida bunaqa tomoshalar uyush-tirishiga ko‘nikib qolgandi. Suluv ayni maktabdan kelar chog‘i, yoxud, suvga yoki do‘konga chiqqan chog‘i bu bekorchixo‘jalar kurash, yo boks musobaqasini uyushtirar, pirovardida Qodir barcha shotirlarini yer tishlatgancha, mutloq chempionlikni qo‘lga kiritib, uning oldidan g‘oz yurib o‘tardi. Bugun ham shunaqa tomoshalarning biri deb o‘ylagan Suluv unga e’tibor bermadi. Ammo mushtlashayotganlar uning nomini tilga olishganidan so‘ng, e’tibor berib qarasa...
– Nima qilyapsan, kallaxum?! Undan qo‘lingni tort! – Suluv Qodirning tirjaygan ot basharasiga nafrat va g‘azab bilan tikilgancha, hamon tuproqqa qorishib yotgan Sultonning turishiga yordamlashdi.
...Usmon o‘g‘lining fe’lida g‘alati o‘zgarish bo‘layotganini sezib yurar, to o‘zi boshlamaguncha, unga biror gap aytib ko‘nglini qoldirishni istamaganidan arqonni uzunroq tashlagan edi. Ammo uning qiladigan ishlaridan tayin qolmay, hatto, institutga kirishga ham tayyorgarlik ko‘rmayotganidan, buning ustiga har ikki kunda bir marta yuzini ko‘kartirib keladigan odat chiqarganidan keyin sabr kosalari limmo-lim to‘ldi. Shunday kunlarning birida ochiq gaplashib olish uchun o‘g‘lini chaqirmoqchi bo‘lib turgan edi, Sultonning o‘zi shishgan yuzini otasiga ko‘rsatmaslikka tirishib kirib keldi.
– Xo‘sh, – o‘g‘liga sinovchan nazar tashladi u. – Sarguzashtlarni bir boshdan tinglarkanmiz-da?
Sulton ikkilanib, qizarib-bo‘zarganicha bor gapni otasidan yashirmay aytib berdi.
Usmon uning gaplaridan keyin bir muddat o‘yga cho‘mib qoldi. O’zining boshidan ham bir paytlar shunga yaqin savdolar o‘tgandi. Onasining Munisaga ro‘yxushlik bermasligi sabablarining bir uchi ham shunga kelib taqalardi. Usmon yolg‘iz o‘g‘lini tushungisi keldi.
– Ikkinchi o‘sha ko‘chaga borib, allakimlar bilan mushtlashib yurma. Menga qo‘yib ber. O’zim hal qilaman.
– Mayli, – dedi Sulton ham otasining o‘ziga xayrixohligidan quvonib. Lekin Suluvning ko‘chasiga bormaslikka kuch topa olishiga o‘zi ham ishonmasdi.
Darhaqiqat shunday bo‘ldi ham. Bir necha kundan so‘ng u yana Qodir bilan ro‘para keldi. Bu gal Sulton Suluv bilan ochiq-oydin gurunglashib kelayotgan mahal raqibning qo‘liga tushdi.
Suluvni chetga surib chiqarishib Sultonning basharasiga paydar-pay musht yog‘dira ketishdi. Sulton yana tuproqqa qorishdi. Suluvning chirqirashiga hech kim e’tibor ham bermadi.
– O’ldiraman seni! O’ldiraman! – Sultonning ovozi cheksiz g‘azabdan xirqirab chiqdi. Suluv uning ko‘zlarida yovuzona shu’la chaqnaganini ko‘rib titrab ketdi. U hoziroq Qodirni o‘ldirib qo‘yadigandek, chopqillab borib Sultonning qo‘llariga yopishib oldi.
– Sen hezim, hali meni o‘ldirmoqchimisan?! – dedi Qodir yana sovuq tirjayib: Qo‘lingdan keladimi? Agar yana seni shu qiz bilan ko‘rsam, o‘zingni asfalosofilinga jo‘nataman!
U changga belangan Sulton tomonga chirt etib tupurgancha nari ketdi. Sulton hamon titrog‘ini bosolmasdi. Shunda bobosining hujrasidagi miltiq ko‘zlari oldidan o‘tdi. O’taverdi.
* * *
...Karomat kampir necha yildirki, to‘shakka mixlanib, kuni o‘zi xushlamaydigan kelini Munisaga qolgan. O’shanda eri yarim tunda patpatini patillatib hud-behud bo‘lib kelganida yuragi bir seskangandi. Erining shunaqa yurishlariga ko‘nikib qolgan bo‘lsa-da, bu safargisi boshqacha edi. Rang ro‘yi bir holdagi Burhon ovchi qoniga belangan g‘alati qora kiyikni yerga uloqtirdi. Mototsiklini devorga suyab gandiraklagancha hujrasi tomon yurdi. Keyin qorachiqlari kengayib ketgan ko‘zlarini katta-katta ochib xotiniga g‘o‘ldiradi:
– Darvozani tambala! U ortimdan kelyapti!
Kim kelyapti? Baloning o‘qiga tik boradigan eri buncha joniqadi? Karomat hech narsani anglamasa ham erining amriga so‘zsiz bo‘ysunib, g‘ayri shuuriy tarzda darvozaning zulfinini tushirdi. Shu payt, keyinchalik uni umrining oxirigacha ta’qib qilib yurgan tuyoq tovushlari, xuddi bo‘g‘izlanayotgan so‘qimning so‘nggi nidosiga o‘xshagan vahimali xunuk tovushni eshitdi-yu, jismi joniga titroq indi. Bu tovushni eri ham eshitgan chog‘i miltig‘ini shosha-pisha o‘qlayotganiga ko‘zi tushdi.
– Nima qilyapsiz? Yarim kecha ham miltiq otadimi?
Ovchining quloqlari kar, ko‘zlari ko‘r edi. U duch kelgan tomonga qaratib har ikkala tepkini bosib yubordi. Negadir bitta o‘q uzildi. Qaltiroq qo‘llari ikkinchi tepkini to‘g‘ri bosolmadimi yoxud patron noto‘g‘ri joylanganmi, ikkinchi o‘q otilmay, o‘z vaqtining kelishini uzoq, qirq yil kutib qoldi...
Karomat yarimjon qaynonasining iltijosi bilan qo‘shni qishloqqa, qushnoch kampirnikiga yo‘l oldi.
Isiriq va yana allambalolarning hidiga to‘lgan badbo‘y hujraga kirganida, kampirning ohorsiz qasabasi ostidan chiqib, yelkasida yoyilib ketgan patila-patila, kirchil oq sochlari, burishib ketgan yuzlari, kipriksiz qovoqlari ostidan yiltirab turgan bit ko‘zlaridan shu qadar irganib ketgandiki, shart o‘rnidan turib jo‘navoray dedi. Ammo kampir yiltiroq ko‘zlari bilan unga tikilar ekan:
– Joyingdan qimirlama! – dedi amirona xirqiroq ovozda. – Eshikka quloq tut, u shu yerda. Eshityapsanmi?
O’sha dahshatli tunda darvoza ortidan eshitgan tovushlari qulog‘i ostida qayta jaranglagandek bo‘ldi. Vahimali hujraning hilvirab qolgan eshigi ortidan qandaydir hayvonning tuyoq tovushlari, buzoq bo‘zlaganiga o‘xshaydigan tovushda ma’ragani eshitilib turardi.
– Hozir o‘rningdan turib, eshikdan chiqsang, kuning bitadi!
Bu gapdan keyin Karomat turgan joyida taxta bo‘lib qoldi.
– Ering kiyikni o‘ldirgan. U kiyik parilarining g‘azabiga duchor bo‘ldi. Endi uni ham, seni ham so‘nggi kunlaringgacha o‘sha kiyik ta’kib qiladi.
Kampir mis tog‘orada nimadir tutatdi. Uning ko‘kimtir tutunlariga bir muddat karab turib, go‘yo tutundan nimanidir o‘qiyotganday so‘zlay boshladi.
– Ering o‘ladi. Kiyikni o‘ldirganining qirqinchi kuni. Uning avlodi qarg‘ishga qolgan. U ona kiyikni otgani uchun, uning avlodida qiz farzand bo‘lmaydi. Agar bo‘lgan taqdirda ham u ona bo‘lolmaydi.
Kampirning bunday dahshatli gaplaridan Karomatning vujudi muzlab ketgandek bo‘ldi: «Og‘zingdan chiqib yoqangga yopishsin!»
– Sen bunaqa gaplarni xayolingga ham keltirma! – Kampir uning xayolidan kechganlarni o‘qib turgandek ko‘zlarini g‘azab bilan yaltiratdi. – Sen ham eringning ortidan ketishing kerakligini bilib turibman. Uning oldini olmoqchiman. Qulog‘ingga quyib ol! Ering tuproqqa qo‘yilganidan qirq kun o‘tib sen shu yerga, mening oldimga kelasan. Qaytarma qilaman. Shunda sen tirik qolishing mumkin. Bo‘lmasa har qirq kunda uyingdan bitta tobut chiqadi. To ovchining avlodi butkul qirilib bitmaguncha. Qaytarmadan keyin bu muddat qirq yilga uzayadi.
Karomat kalovlanib uyiga qaytdi. La’nati folbin, hali tirik, to‘rt muchasi sog‘ odamni bir zumda o‘lishiga ishontirgani unda qarama-qarshi tuyg‘ularni uyg‘otardi...
Qushnoch aytganidek, roppa-rosa qirq kun o‘tib Burhon ovchi omonatini topshirdi. Erining qirqi o‘tganidan so‘ng bir qizil xo‘rozni ko‘tarib yana kampirnikiga bordi. Qushnochning qilgan amallari ta’sir qildimi, tuyoq va ma’ragan tovushlar uni ta’qib qilmay qo‘ygandi. Ammo ikki-uch kundan beri yursa ham, tursa ham, o‘sha qirq yil burungi, dahshatli tovushlar qulog‘iga kiradi. Kechalari alahlab, erining qiyshayib ketgan basharasi, qonga belangan kiyiklar uni ta’qib qilib chiqishadi. Qushnoch hali ham bormikan. O’shanga bir alas qildirsa bo‘lmasmikin? Agar tirik bo‘lsa, hozir yuz yigirmaga kirgan u. Yo, allaqachon suyagi surma bo‘lib ketdimikan.
* * *
...Sultonning telbavoriy shahd bilan bobosining hujrasiga kirib ketganini ko‘rib qolgan Munisa uning qay paytda qanday chiqib ketganini ilg‘amay qoldi. Negadir shu kuni tongdan yuragi alag‘da. Ertalab erining ham rang-ro‘yi bir xil bo‘lib turganidan unga ham biron gap aytishga yuragi betlamadi. Qo‘li ishga bormasa ham qaynonasining g‘urbatiga qolmaslik uchun hovlida kuymalanib yurdi. Tezroq kelin tushirsa, ko‘ngli biroz tinchib, jismi orom olarmidi.
Ayvon raxiga suyangancha bir muddat xayol surib qolibdimi, shu payt birdan o‘zi umrida ko‘rmagan qaynotasining hujrasi eshigi g‘alati qiyshayib ochilib turganidan bir mash’umlikni ilg‘ab yuragi orqaga tortib ketdi.
Darvoza tashqarisida qandaydir tuyoq tovushlariga omuxta bo‘lib vahimali bo‘g‘iq ovoz ham eshitilardi. Bu tovush tushlariga kirib chiqqan tovushlarga o‘xshab ketardi. Shunda u beixtiyor eshigi qiyshayib ketgan ovchining hujrasiga qarab yurganini bilmay ham qoldi. Hujrada qirq yildan beri ilig‘liq miltiq yo‘q edi.
– Sulton... Sulton kirgan edi!
Munisa yuz berajak mudhish fojeani his etib, seskanib ketdi. Kovushlarni poyma-poy ilib tashqariga chiqqanida, shundoqqina darvozalari ro‘parasida qorni va oyoqlari oppoq, tanasi esa negadir qorayib ketgan kiyik yirik-yirik qora ko‘zlarini jovdiratgancha qarab turardi.
Munisa bu gavjum ko‘chada kiyikning qanday paydo bo‘lib qolganidan hayratlanish ham esiga kelmay u tomon yurdi. Kiyik ortimdan yur degandek, uni boshlab ketaverdi. ...Bir payt Suluvlarning mahallasida ko‘rdi o‘zini... Ana, yolg‘izi Sultonjon allaqanday maymunsifat yigitga miltiq o‘qtalib turibdi.
Onaning yuragi hapriqdi.
– To‘xta-a!!! Sultonjon, bola-am...
Qirq yil oldin mo‘ljalga olingan o‘q uning ko‘ksini o‘pirib ketgandi. Munisaning bir necha soniyada oqargan sochlari yoyilib, yengil bir epkinda silkindi. O’zining qulayotganini, bexosdan onasini nishonga olib qo‘ygan Sultonjonning qiyshaygan basharasini elas-elas ilg‘agancha ko‘zlari yumildi...