OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bahodir Qobul. Ena shamol (qissa)

IQROR 

O‘zi uch martagina o‘g‘rilik qilganman. Bir marta yolg‘on gapirganman... 
Opani-aya, opachani-opa, yungni-jun, qaroni-qora, kasratkini-buqalamun, ko‘nani-ko‘hna deb yozolmayman. Xat-savodim yaxshi. Eroni qishloqlik Isroil muallim o‘rgatgan. Kitobdagiga o‘xshatib yozaman desam, boriyam esimdan chiqib, chalkashib ketadi. Ko‘kayda bo‘lak, yozig‘da bo‘lak bo‘layapti. Keyin kitob tilida yozsam, qishloq odamlari o‘qisa hallozilik qilibdi, ichidan to‘qibdi, yolg‘on yozibdi deb kulishadi. 
Onasini uyda, aslida opa deydi-yu, yozganda aya deb yozibdi, vax-xa-xa deb birinchi bo‘lib jon jo‘ram Nafas kuladi. Kulmasayam, bekor qilibsan jo‘ra, to‘g‘ri yozmabsanda demasayam, shu gapni aytganday qilib qarashi tayin. Yolg‘on gapirgandan yolg‘on yozgan yomon. Gapniki to‘g‘rilasa bo‘lar-u, yozig‘ bilan kuygan terini tekislab bo‘lmasmish. Cho‘g‘alchilik qilmay, xush-u – xursand, yayrab yashaganga nima yetsin. Bu Enamning gapi. 
Yolg‘on gapirgan bilan o‘g‘rilik qilganni otam ham kechirmaydi... 
Joni bor elning jonli tilida yozaman. Buni o‘zim o‘ylab topganman.

OTALAR MAKONI

Erta ko‘klam to‘ldan keyingi uyda ish sal kamaygan kunlarning birida otam orqalaridan yurishimga imladilar. Opam bilishlari shart emas ish ekanligini, menga katta odamdek muomila qilayotganlaridan dovdiragan bo‘lsamda, bildirmasdan ergashdim. Bir yoni Oy Makon, bir yoni Oy Qortog‘ning belidagi supagacha oldinma-keyin indamay bordik. Bu joylarni So‘qoq deyishadi. Sayhonning o‘rtasidagi supaga yetib choratrofga diqqat bilan bir qur qarab chiqdilar. Keyin, katta surpa-supradek yapoloq toshning chetiga o‘ng oyoqlarini to‘shab ustiga o‘tirdilar. Bildirmay toshni silagan bo‘ldilar. Xuddi odam yaxshi ko‘rgan narsasini silagandek. Aytaylik, pishakchasini. 
Bir maydon o‘tib bu joylar otalarimizning joyi ekanini aytdilar. Anavi maydonga yozda qora uy tikilardi. Mana bu joyda o‘choqboshi bo‘lardi. Bu toshning ustida men o‘ynab katta bo‘lganman. Qirni o‘yib omborxona qilinganligi shundoq bilinib turgan to‘rtta g‘orday-g‘orday yerto‘la og‘zini ko‘rsatib; bu yerlarda rizqimiz saqlanardi dedilar, juda past ovozda. 
- Bu yerlarni yozloq derdik. Ko‘klam oyoqlaganda mol-qo‘ylarni yaylovga haydarik. Qishloqning katta-kichigi, echki-ulog‘i hammasi shu yerga chiqardi. Kech turamogacha yashardik. Hammaning osh-qatig‘i birga edi. Oy Qor yangi qorga yetishi bilan qishloqqa qaytardik, deyish barobarida har bir joyni, har bir qadam yerni izma-iz bosib ko‘rsatardilar. Qiziqish bilan eshitayotganimdan yanayam quvonardilar.
-    Qishloq degani qishda yashaydigan joy deganimi? 
 Bosh irg‘agan bo‘ladilar.
-    So‘qoqchi... ?
-    Kiyik degani.
-    Bu yerlarda kiyik bo‘lganmi?
-    Sanog‘iga yetolmasdik.
 Qishloqda eshitganim: Kattatoqqa chiqsang, Samarqand ko‘rinadi degan gapni rost-yolg‘onligini, bu sehrli shaharning qaysi tomonda ekanligini ertaroq bilishga urinaman.
- Ota, Samarqand qaysi tomonda?
 Kun botishni ko‘rsatadilar.
-    Bu yoqda qiblamizku, deyman.
Otamning ko‘zlari kulib, bir maydon gapirmay, o‘ziga yaqin kelishimni imo qiladilar. Qo‘llari bilan ikki chekkamni silab quchog‘lariga oladilar. Nafas olganlarini eshitaman. Bir tutam havoni bo‘lishamiz. Birov eshitmasin degandek qulog‘imga sekin,: qiblamiz Samarqandda deydilar. Sap-sariq va jingalak bo‘lib o‘sib ketgan sochimni qulog‘larimdan oshirib qo‘yadilar. O‘ng qo‘llari bo‘ynimda, chap qo‘lari o‘ng yelkamda bo‘ladi. Betlarini betimga qo‘yib hidlaganlarini o‘zlaricha bildirmaydilar. Keyin ko‘zimni yumib, og‘zimni ochaman. Bilaman tuflab qo‘yadilar. 
Opam otang kulib qarasa og‘zingga tuflat deganlar. Bo‘lmasa otib qo‘yarkanlar.
- Kun botishga qarayman. Uzoq-uzoqlarda quyoshdan bo‘lak zog‘ ko‘rinmaydi. Quyosh Samarqanga qo‘shilib ketgan ko‘rinadi.
- Ko‘z bilan ko‘rinmaydimi?
- Ko‘rinadi. Havo toza bo‘lsa, saharda ko‘rinadi.
- Yuqoriroqqa chiqsa ko‘rinadimi?
- Samarqandni ko‘rish uchun toqqa chiqish shart emas...
 
 TANNOZ LO‘LI
 
Jarko‘cha yoqalab o‘sgan son-sanoqsiz na’mataklarni birov butashga, shoxini sindirishga qo‘rqadi. Ularni ostida shayit-shahid bo‘lganlar yotibdi degan gapga hamma ishonadi. 
-    Bir ko‘chada shuncha shayit bo‘lsa, bu ko‘cha emas, jannat ekanda, deydi qilar ishini birov noto‘g‘ri qilibsan demagan, gapiga birov pach urolmaydigan, biroq qishloqning tentagi deb nom olgan Mardon orqasi qo‘zib, ko‘ziga endi odamlar emas, itburin guli yomon ko‘rinib qolgan vaqtlarda. Mardon o‘zi shunaqa: bir kun yomon yaxshi ko‘rgan narsasini, ertasiga o‘lguday yomon ko‘rib qolishi mumkin. 
-Bizam bir shu ko‘chada birovni shayit bo‘lib, ustidan putta o‘sib chiqqanini ko‘rmadikda, deydi, eshagi ro‘paradan kelgan moshinadan qochib, itburinlarga yaqin borib, choponini tikon ilib, egardan noiloj tushib, nuxtani kalta ushlab, eshagini ketiga bir tepib qayta minishidan oldin.
Qishloq ahli na’matak gullashi bilan o‘tganlar shod bo‘lishi haqidagi gapni ko‘p eshitishgan. Ko‘chaga na’matak guli ega chiqqanda lo‘lilar kelish mavsumi boshlanadi. Ular na’matakni hulul deyishadi. Gullarini terib chakkalariga qadab ham olishadi. Birov bir narsa demaydi. Topgan yarimta non beradi, bermaganni yoqasidan olishmagan.
Ko‘chani to‘ldirib o‘tayotgan lo‘lilar galasi bilan tengma-teng jarni ikki labida o‘spirinlar burni oqqan ukalarini yetaklagancha ularni izma-iz ta’qib-tomosha qilib borishadi. Ko‘rinishidan lo‘lilarning kattasi semiz va qora xotin qo‘lidagi yo‘rgakni tannozlanib, ko‘zi olma-kesak terib kelayotgan novcharoq qizga beruvdi, qiz ko‘tarmadi. Bir narsa deb gap qaytardi. Qoraxotinning jahli chiqdi. Yo‘rgakni boyagidan bo‘yi pastroq qizga berdi. Oyoq ostidan yo sel olib kelgan, yo birovning o‘tinidan tushib qolgan ketmon dastadek tayoq qo‘liga ilindi. Ikki qo‘llab tizzasiga urgandi tayoq sinmadi. Keyin shundayligicha ko‘tarib tannozga xezlandi. Qochmoqchi bo‘lgandi, “mochag‘ar isto” deb baqirdi. Qiz to‘xtadi. To‘xtovsiz o‘shqirish ostida bir-bir bosib Semizxotinning oldiga keldi. Tiz cho‘kdi. 
-Oyajon shud, digar namekunam dedi yig‘lagudan beri bo‘lib, lekin, yolg‘ondan qilayotgani bilinib turardi.
Xotin tayoq bilan ilkisdan qizning boshiga urdi. Qiz boshini ikki qo‘llab changallab qoldi. Shunda yana bir tayoq qo‘llari aralash tushdi. Nimadir qarsillab ketdi. Yana va yana. Shunda xotin yo‘rgakni unga berishlarini tayinladi. Tannoz chaqalog‘ni qo‘liga oldi. O‘rnidan turgandi yelkasi aralash tushgan gumbullagan zarblardan qishloqning itlariyam vovullab yuborishdi. Og‘riyotgan boshini changallashni ham, zir qaqshayotgan qo‘llarini siypalashni ham bilmay serraygancha joyida qotib qoldi. Tannoz yura olmasdi. Uning qaltirayotganligini uzoqdan ham bilsa bo‘lardi. Qo‘llari bandligi uchun og‘riqlarni iyagini osmonga ko‘tarib, boshini gardaniga bosmoqchi bo‘lganda qangshari aralash tushgan tayoqdan orqaga qalqib ketdi. Nima bo‘lsayam yo‘rgakni qo‘ldan chiqarmaslik kerak. Tushirib yuborsa bu azoblar to‘yga borgulik ekanini ko‘rgan... 
- Oyajon, jon oyajon, man memuram, jon oyajon, jonam dard kaysas degancha, jon jahdi bilan yo‘rgakni ko‘ksiga bosadi. Yig‘lash barobaridagi o‘kirishi yolg‘ondakam emasligini tom ustidagi bolakaylar ham bildi. Boshi-ko‘zi demay tushayotgan qora tayoq - qizil tayoqqa, undan keyin qolayotgan og‘riqlarga qiz endi parvo qilmasdi. Parvo qilishga, og‘riqni sezishga imkoniyat berilmagandi. Imkonini topmasa jon ham og‘rimaydi...
Qoraxotin tomosha tugadi degandek, ko‘ylagini yoqasini parillatib yirtib shartta chap emchagini chiqardi. So‘lqillatib avval jarning kun chiqish, keyin kun botish tomonidagi tomosha talablarga ko‘rsatdi. O‘spirinlar qo‘rqqanlaridan, ko‘zlarini qo‘llari bilan bekitgancha ukalariniyam tashlab turra-turra uylariga qochishdi. 

O‘G‘RIGINA BOLALAR

Turkqishloq bolalari o‘g‘rigina bo‘ladi. 
O‘g‘ri bo‘larkan deb xursand ham xafayam bo‘lmang. Yo‘-o‘q. Unaqa katta o‘g‘ri emas. El qatori. Hammaga o‘xshagan. Enamning aytishicha katta, atoqli o‘g‘rilarni o‘g‘ri deb hech kim oldida ham, ortidan ham aytolmasmish. Ular bilan orig‘iyam, semiziyam hisoblasharmish. Ulargayam zaruratda elni ishi tusharmish. Ularga qolgan kun qursin ekan. O‘g‘riyam bandasi emish. Betiqaro, kuniqarolar emish.
Turkqishloq bolalari esa birda biror joyda biror narsa ko‘ziga yaxshi ko‘ringanidan ilib ketadi, xolos. Birda egasi qaramagan narsani olib qo‘yishadi. Lekin, egasi bilib qolib joyiga qo‘y deyishsa, olib chiqib berishadi. Otasi bilsa o‘sha narsani egasini oldiga borib og‘ziga siqqanini berib o‘g‘lini yomon otliq qilmaydi. Egasidan bu haqda biror joyda gapirmaslik shartini oladi. Egalar ham mard keladi. Yo‘qolgan narsasiga teng haq oladi. Ortig‘idan or qiladi. Yosh bolani ko‘ziga yaxshi ko‘ringan, ishqi tushgan narsani qaytarib olishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Gohida tovon -to‘lov uchun kelgan otaning ko‘ngliga qarab: o‘zi shu narsani kimga berishni bilmay turuvdim, olsa-olib yaxshi qipti, deb qo‘yadi, o‘pkasi to‘lib.
-    Bolada, bolaga yarashadi, buyam bolalikni bejovi deyishadi. Bir-birovlarini gaplarini ma’qullagan bo‘lib. Xuddi notoza joydan kelib ilkisdan toza joyga oralab ketib, noqulay ahvolga, hijolatga tushgan odamlarday.
Bolasi o‘g‘rilik qilsa-yu, ota bo‘lib, ko‘chani o‘rtasiga tushib, kuyib pishib tirnog‘i ortidan or talashish orzusida soyasi egasiz qolayotganlar qancha... bungayam yetgan bormish yetmagan bormish.
Boya aytganimdek, uch martagina o‘g‘rilik qilganman. Bir marta Samarqandda avtobusda. Bir marta qishloqda kaptar o‘g‘irlashda qatnashganman. Bir marta maktabda.
Maktab kutubxonasidagi o‘g‘riligimni hech kim bilmagan. Hatto o‘g‘rilik qilib qo‘yganimni o‘zim ham bilmaganman. Bilib qolib kutubxonachiga aytishga uyaldim. To‘g‘risi kitobni qaytarib berishdan qizg‘ondim. Har holda keyinroq o‘ylab qarasam buyam o‘g‘rilikka kirarkan. Buni sizgayam aytmayman. Kaptar o‘g‘irlash alohida gap.

SAMARQAND SHAMOLI

Qishni kuni bir tutam. Qattiq kelsa odam tugul jondor-u, qushi-quzg‘un ham tashqariga o‘rmalamaydi. In-iniga kirib ketadi. Odamlar uyda necha jon bo‘lsayam bir xonaga, o‘tiradigan uyga tiqilishib oladi. Ikki uyni isitish, pechkaga o‘tin yetkazish qiyin. Ikki pechka yoqadiganlar yo bor, yo yo‘q. Qishning uzun oqshomlarida uy ichida paxta chivish rasm bo‘ladi. Qo‘lda chivilgan paxtani gul paxta, magazinnikini toy paxta deyishadi. Odatda gul paxta yumshoqligi uchun bo‘lsa kerak faqat boshtag-yostiqlargagina solinadi. 
Kechgi ovqatdan keyin opam chivish uchun opachalarimga ikki, ukam va singlimga bir changaldan paxta beradi. Menga tegishni Enam belgilaydi. O‘sha oqshom tegishimni tezda chivib, aslida paxtani shundayicha Enamga topshirib o‘rnimga kirib yotib olgandim. Enam hech nima bo‘lmagandek, xelvagay yenglariga bekitdilar. Odatda bu yerda chivilgan paxta bo‘ladi. Uxlab qolgan deb o‘ylashdi shekilli, so‘nggi vaqtlarda Samarqand haqida Enamdan ham otamdan ham so‘raverganim, kim endi Samarqandga borsa meniyam olib borishlarini, o‘zim yiqqan pulim borligini aytaverganim Katta Enamni shu kech otamga shu gapni ayttirdi shekilli.
    - Balamni Samarqandga birovga qo‘shib bo‘lsayam yuboring. Bir ko‘rib kelsin. Katta Otasining arvohi shod bo‘ladi. Ichikib qolmasin. Kun isishi bilan yuboring.
    - Xo‘p Ena.
Ko‘rpani ostida gaplarini eshitib yotaman. Enamning balam degani, bu man. Boshqalarni otini qo‘shib chaqiradi. Men Katta Enamning bolasi. Otam shunday deganlar. Meni qiladigan ishim bitta. Enamga qarash. Ko‘z- quloq bo‘lish. Boshqa odamning menga ish buyurishga, bu yoqa o‘tir, yoki tur deyishga haqqi yo‘q. Ko‘nglimga yoqsa qilaman. Bo‘lmasa yo‘q. Menga birov sal baland gapirsa Enam tomoq qirib qo‘yadilar. Baqirganning ovozi tomog‘ida qoladi. Hatto o‘zidan-o‘zi janjal chiqaradigan, shirinchoyni dasturxonga to‘kib qo‘ysang ham qishloqqa jar solib baqiraveradigan, qo‘shnimiz Toshbiyi ammani “O‘chog‘ boshingni toza tutsang o‘lasanmi” degancha xo‘jayinchilik qiladigan opamni ham.
Rosayam xafa qilishsa uzu-kun yelkasiga otamning eski choponi tashlab, bo‘ri o‘tirish qilib o‘tiradigan Enamni orqa qilib, choponning ichiga kirib ketaman. Enamni bellaridan quchoqlab olaman. Kulatalari ustidan tushib kelgan sochpopuklariga osilgan kalit-u, jangul-jungul g‘ubbachalarni qayta-qayta sanayman. Enam bergan ikkita quyoncha bilan o‘ynayman. Ular Enamning atrofida yurishadi. aytishlaricha quyonchalar boshqalarga ko‘rinmaydi. Shuning uchun bemalol o‘ynashim mumkin. 
Endi birov meni bu yerdan chiqarib bo‘pti. Ovqat vaqti bo‘lsayam chiqmayman. Suv ham ichmayman. Chopon ostida uxlab qolaman. O‘yg‘onganimdan keyin xafa qilishganlari esimdan ko‘tarilib, chopon ostidan chiqib ketsamda, xafa qilganlari esimga tushsa darrov yana chopon ostiga kirib ketaman. Shunda Enam, uyda hech kim yo‘qligini, endi bo‘lganligini, hali ko‘p kitoblar o‘qishim uchun ovqat yeyishim kerakligini, ovqat yemasam katta bola bo‘lmasligimni, yozda supa ustida musichalar bilan gaplashgandek sekin va dona-dona aytadilar.
-O‘zim ko‘targanmanda. To‘qqiz oy ko‘targanga emas, yerdan ko‘targanga o‘xshayman, degani shuda deydilar, dil-dildan quvonib. 
- O‘zimga o‘xshaganda... yigit odam ovqat yemasa dushmanlarini dimog‘i chog‘ bo‘ladi, turing endi, o‘sirig‘i dori bolam. Kech bo‘ldi, hamzamon mehmon kelib qoladi. Bunday qilaversangiz, urchuq yigira olmayman. Misqolning sigiri tug‘ibdi. Kelagayi yaxshi ekan. Pallasidan olib qo‘ydim. Turing... 
Enamni aytishlaricha urchuq yigirib, nonlarini halollab yeyayotgan emishlar. Qo‘lidan ish keladigan odamni qo‘li ishda bo‘lishi kerakmish. Otam topib kelayotgan nonni ham mehnat qilib yeyilmasa, so‘rog‘i qattiq bo‘larmish. Enam xafa bo‘lmasliklari uchun aytganlarini qilaman. Chopon ostidan chiqib, tokchada turgan urchuq va xanjalani olib kelib beraman. Xanjala - yigirishga tayyorlangan, ungacha qayta-qayta yuvilib, titilgan va bir-bir biriga ulanib uzun arqon holatga kelgandan keyin, ochilgan katta atirguldek chiroyli qilib, yo‘q, magazinni kulchasi-bulichkaga o‘xshatib bilakka moslab o‘ralgan, o‘rtasi bilakuzukdek teshik taxlangan yung bo‘lagi. Xanjala yigirilsa ip bo‘ladi, ip yig‘ilsa kalava.
Samarqandni ko‘rmaganman. Uni qandayligini aslida Enamdan eshitib, kitoblardan ko‘rib, o‘zimdan qo‘shib, kamiga har zamonda o‘zidan oldin so‘mkasining sassig‘i qishloq oralaydigan juhud rasmchining rasmlariga qarab Katta Enamga aytib bergandim, ha, durust dedilar.
-    Buni bari enaqorin es enish, dedilar o‘zlariga o‘zlari. Urchuqlarini pirillatib
 Samarqand Katta Enamga o‘xshasa kerak...
 Bunga Enamning Samarqandni ko‘rmagan bo‘lsalar ham Katta Otamning bu shaharda o‘qiganlari, uning har bir g‘oridan tortib, buloqlarigacha, har bir qiridan soyigacha, machit-u madrasasi, avliyolarga liq to‘la qabristonlari, qalandarxonalari, karvonsaroylari, musofirxonalari, ikki arava sig‘maydigan toru-tang ko‘chasi-yu, burimigacha erinmay aytib berganlaridan bo‘lsa kerak, Samarqand deyilsa sergak tortadilar. Shahar deyilganda faqat uni tan oladilar. Ko‘rmagan bo‘lsamda ko‘rgandayman, derdilar gap orasida gap kelganda. Hut kirishi bilan qishloqni bir zum osti-ustin qilib, keyin ikki-uch kunlab hurillab turadigan yoqimli shamolni esa Samarqand shamoli deb ataydilar. Shamol tinguncha Enamning g‘ayrati, shiddati ichiga sig‘maydi. 
    Hut kirdi, joni borga qurt kirdi, deydilar. O‘zlari uydan chiqolmasalar ham qimirlagan odamni ishga haydab. Yerni mustar qilmanglar. Hech bo‘lmasa ketman urib qo‘yinglar, savob bo‘ladi, savobi katta derdi.
Shamol qancha cho‘zilsa dehqonchilik shuncha yaxshi bo‘larmish. Tog‘da o‘t-o‘lan, soyda suv serob bo‘larmish. To‘kinchilik bo‘larmish. Qahatchilik bo‘lmasmish. Oy Qorning qorlarini bu yildan bu yilga yetadigan qilib taxlab chiqarmish. Samarqand hayri baraka shahri emish. Uning shamolidayam qut bo‘larmish. 
 
SAMARQANDNI KO‘RISH ORZUSI

- Mana Sariqbola, sizga dedilar, otam galefe shimlarining o‘ng cho‘ndagidan ikkita yigirma tiyinlik oq tanga va bitta yashil uch so‘mlik va ikkita sariq bir so‘mliklarni olib. 
- Bu o‘zingizga. Rasm qalam va daftarlarni pul opachangizda. Kelishgan narsalarimizni olib beradi.
- Ehtiyot bo‘l, bolam, dedilar, opamning bo‘yinsalari, Toshbiyi amma. 
- Juhudlardan ehtiyot bo‘l. O‘zi qora, ko‘zi katta bo‘lsa juhud bo‘ladi. Jonuzoqni o‘shalar olib ketgan. Zo‘rg‘a topganmiz, deydilar jiddiy gapni qattiq tayinlagan kishi bo‘lib. 
- Apangni qo‘lini qo‘yvorma.
    Bu gaplarni aytishlariga sabab, o‘g‘illari Samarqandga borganda adashib yo‘qolib qolgan, keyin bir juhud topib olib kelib berganini odamlar unutib, kimdir nimagadir juhudlar yosh bolalarni olib ketib yeydi degan mish-mish tarqatganidan bo‘lsa kerak. Men shu gapni otamdan so‘ragandim, kim aytsa noma’qulni nonini yebdi, sho‘rliklar o‘zi zo‘rg‘a yurishibdi-ku, dedilar. Shu-shu bu gapga ishonmayman.
Yaxshi o‘qiganim uchun sinfda birinchi bo‘lib pionerga o‘tganman. Buni odamlarga bildirish uchun galstugimni taqqandim, opacham bo‘ynimdan yulib qo‘limga berdilar.
-    Buguncha endi mudarrislik qilmay turing, Mirzoiy deb kenadilar.
Indamay turganimdan jahli chiqib, baqirib ketdi.
- Joyiga qo‘y deyapman, Sariq oshkadi. Endi bir kami bozor kuniyam galstuk taqishing qoluvdi. Yurarkanmanda endi san bilan bo‘yinda bo‘yinbog‘, ketda sholvor bilan Samarqandda qo‘l ushlashib.
    Shu gaplar bilan Xo‘jato‘pdan chiqib, Jarko‘cha oralab Kattasoy yoqasiga, Toshyo‘lga tushdik. Ikki yoqasi jiydaga to‘lib toshgan soyning kun chiqarini Kattatog‘ning soyasi qoplagan. Hali tun sharpasi ketmagan. Soya tugaydigan O‘qotar maydonidan etakni sahar quyoshining osmonga urib qaytgan shu’lasi elas-elas yoritadi. Sharillagan suv qishloq ahvolining sokinligini ta’kidlab turadi. Tanish Ota tegirmonidan chiqqan va Kalta sharrak nomini olgan sharshara ovozi esa uzoq - yaqindagi itlarning hurishi, g‘inshib qo‘yishlarini ham yamlamay yutib yuboradi. Qishloq ko‘chasidan chiqishimiz bilan Bozorjoyning yalang maydoni, maydonning bir chetida turgan ikkita avtobus qorasi, ularning qizil chiroqlari ko‘zga tashlanadi. Biri katta, biri kichik. Avtobus ketib qolishidan xavotir olib, qichab yuramiz. Avtobuslarning kattarog‘i Toshkentga qantaydi.
    O‘smat-Samarqand orasiga yuradigan, qatnaydigan sariq pazik qishin yozin bir vaqtda, ertalab oltida Bozorjoydan qo‘zg‘alib, O‘raydan boshlab Samarqand tomon enadi. Yo‘lma-yo‘l Qo‘ng‘irot, O‘ris, Nug‘ay yoqalab keyin, Bulung‘urning yil o‘n ikki oy, yigirma to‘rt soat bozori tinmaydigan Oqtepasidan qarzi bordek so‘nggi yo‘lovchi olib, ichida bosh tiqarga joy qolmay, nafasi ichiga tushgancha bir yonga yonboshlab Samarqand tomon o‘rlaydi. 
Menga O‘smatda avtobus hali bo‘shligida tekkan joy - oldingi eshikning shundoq o‘ng qo‘lidagi bir kishilik o‘ringa o‘tirganimga ming pushaymon yeyman. Haydovchi yonidagi xontaxtadek keladigan joy bir necha marotiba tovuqlarga, necha bor xalta, to‘rvaga to‘ldi. Hidiga haydovchi ham chiday olmay tarang qilib odamlarni ikki qur yoppasiga so‘kdi. Ikki marta yoshi kattalarga o‘rin bermoqchi bo‘lganimda ustimga yotib olgandek uch-to‘rt kishining ostidan chiqolmasligimni, joyimdan tursam oyoq ostida qolib ketishimni, keyinchalik esa, yoshi kattalar bu o‘ringa o‘tira olmasliklarini bilganman. Qarilar avtobusda yonbosh o‘tirishsa boshlari aylanar ekan. Xullas, Samarqandning katta yo‘liga chiqqanimizdan keyin shofer avtobusni to‘xtatdi. Tik turganlarni tushirdi. Avtobus oynasini bekitib kelayotgan lash-lushlarni ega-egasining qo‘l-qo‘liga erinmay ushlatib, yo‘l pulini terib yana yo‘lga tushdi. Ko‘z oldimda endi qoplar va buxchalar emas, katta yo‘lda ketayotganimiz bilinardi. Ko‘p o‘tmay daryodan o‘tdik. Zarafshonligini yo‘l chetidagi “R.Zarafshan” degan yozuvdan bildim. Keyin o‘zimizning Taypoqsoyga o‘xshash qirlar oralab yurdik. Qir ustiga chiqqanimizda chap tomonda pastlikda ko‘k gumbazlar, kitoblarda ko‘rganlarim bo‘y berdilar.
- Bu Ulug‘bekni haykali, dedi opam. Ko‘rishga ulgurib-ulgurmay qoldim. Qo‘lini iyagiga tirab bir haykal turardi. Angniganim shu bo‘ldi. Keyin, qishloq uylaridan farq qilmaydigan ko‘chaga shung‘iy boshladik. Keyingi manzaradan cho‘chib ketdim. Avtobus katta qo‘yindi – qabristonni o‘rtasidan go‘ristonni ikkiga bo‘lib, xuddi endi mayit olib kelgan ulkan tobutdek lapanglab borardi. Nafasim tiqilib qoldi. Shu soz bir maydon yurdik. Qo‘yindi tugashi bilan, avtobus oynasidan chap tomondagi pastlikda ikki qo‘lini osmonga cho‘zgancha to‘kilib borayotgan qadimiy katta imoratning qoldiqlari ko‘zimga yopishib qoldi. 
Men Samarqandni bunday tasavvur qilmagandim. Ko‘rish orzuyimdagi Samarqand bunaqa emasdi. 
    -Bu Bibixonim machiti, dedi basharasi faqat paylardan iborat qop-qora, bo‘yi uzun, yoqasini yag‘iri chiqib ketgan oq kastimining ko‘krak cho‘ntagiga bitta yashil, bitta ko‘k, bitta qora ruchkalarni qator qilib terib qo‘ygan va har zamonda ularni joyidami deb yo‘lma-yo‘l ushlab kelgan odam.
    - Yaqinda Frunze Cho‘pon Otadan turib to‘pga tutgan, qo‘shib qo‘yadi, birov so‘ramasa ham, huddi to‘piga o‘q solib turgandek.
    Men uning yaqinda deganini besh-o‘n kun narida deb o‘ylayman va shunday binoni butunligacha ko‘rmay qolganimdan afsuslanaman. Frunzelarni yomon ko‘rib qolaman. Cho‘pon Ota degani kim, nima, qaerda?
Samarqand haqidagi ikkinchi abad yoqimsiz xotira avtobuslar to‘xtaydigan joy bilan to‘kilayotgan imoratni ulovchi uzundan uzun, beo‘xshov temir ko‘pir-ko‘prik edi. Ertalabdan ko‘prikdan shoshilib o‘tayotgan odamlar oqimi o‘sha to‘kilayotgan imorat tomon borardi, Sariqvoy, -avtobusga men shunday nom berganman, - ko‘pirdan uzoq bo‘lmagan joyda, o‘ziga o‘xshagan sariqvoylar orasidan joy topib to‘xtadi. Odamlar yoppasiga o‘zini eshikka urdi. O‘smatliklarning o‘rinlarga yastanib olgani uchun eng oxirida tushishdan boshqa chorasi yo‘q.

TANISHUV

    Avtobusdan tushdik. Samarqandning qishlog‘imiznikiga o‘xshash salqin havosi dimoqqa urildi. Biz opachamning dugonasi, qo‘shnimizni Samarqanda katta o‘qishda o‘qiydigan qizi Biypar opani kasalxonada ko‘rishga kelgandik.
    Opacham qishloqda to‘ldirib berishgan sumkani yana bir, qayta boshdan ichidagi narsalarni tartibga keltirdi. O‘rik qoqi, suzma qurt, qizil va ko‘k olmalarni bir biriga qo‘shilib ketgan joyidan olib alohida-alohida gazetalarga o‘rab, yaxshilab taxladi. Qo‘ni-qo‘shni bergan narsalar alohida katta sumkaga arang siqqan. Yo‘lga tushdik. Kaptar bozorini oralab, o‘sha baland va beo‘xshov temir ko‘prik tomon ketdik. Hayolimda Samarqandga kirish uchun albatta shu ko‘prikdan o‘tish kerak, shu ko‘prikdan yaxshi o‘tgan odamni Samarqand yaxshi qabul qiladi, degan o‘y bilan qadam qo‘ydim. 
Oldimda o‘sha qo‘llarini osmonga cho‘zgan imorat. Sovuqda qolib uvushgan, keyin qor-yomg‘irda qarliqib qolgan qo‘llarini bir-biriga ishqalab isitishni istayotgan, biroq sovuq zo‘rlik qilib buning uddasidan chiqolmayotgandek turardi. 
Ortimda. Qirning labiga qurilgan bir vaqtlar qimmatli bo‘lgan va ayni vaqtda uvadasi chiqqan eski sallasining pechi tushib ketgan, pechini ko‘tarib qo‘yishga quvvati yetmayotgan keksa mullaga o‘xshagan ayvonli uy. Atrofida odam ko‘rinmaydi. Imorat takkursi Lola tog‘aning tosh devoriga o‘xshab terilgan devor usti ko‘rinadi. Ko‘prikning yarimiga yetib borganimizda opachamga yuk og‘irlik qildi shekilli, to‘xtab dam oldi. Xursand bo‘lib ketdim. Shunda men atrofga qarashga ulgurdim. Yig‘lamayman desam ham yig‘ladim. Ichimdan bir narsa erib ketib g‘ilt etib ko‘zimga kelib urildi. Yoshim chiqib ketmasin desam ham chiqib ketdi. Betimni kelgan yo‘limizga qaratdim. Qarasam haqiqatan ham mazorotni o‘rtasidan kirib kelgan ekanmiz. 
Yoshni ko‘rib, opacham suroqqa tuta boshladilar.
-Bir joying og‘riyaptimi?
-Yo‘q.
-Nega yig‘layapsan?
-Yig‘lamasam ham yig‘lavorayapman.
-Rasm chizging kelayaptimi?
-Yo‘q.
Kun chiqishda mazorotning o‘rtasidagi qadimiy binolar boshlarini yarmigacha chiqarib bo‘y berdilar. Ko‘prikning shaharga tushish tarafida o‘pirilib tushgan ko‘k gumbazlar savzisi qolmagan keraksiz o‘raday og‘zini ochib turardi. Ko‘prikdan to‘g‘ri o‘raga tushilayotgandek tuyuldi. Ko‘prikdan qo‘rqanidan yig‘lashni ham unutgan go‘dakdek bo‘lib tushdim. Yerda ozroq yurgandik, haligi qo‘llari osmonga osilib qolgan binoning oldidan chiqdik. Opachamdan binoni otini so‘radim.
-    Men qaerdan bilaman, dedilar, jerkigancha ensalari qotib.
-    Ana, devoriga bir narsa deb yozib qo‘yibdiku?
-    Ko‘p savol berma, bo‘lmasa boshqa olib kelmayman.
-    Bitta o‘qiy.
-    Boya avtobusdagi odam aytdik-u. Borma. Yiqilib ketadi.
Gapga bekatda umalanib yurgan, qo‘lidagi narsa hassaligiyam, uzun supurgiligiyam bilinmaydigan keksa chol qo‘shiladi. Bo‘yi uzun, kiyimi oppoq, soqoli ham.
 - Bu Temur jom’e masjidi. Bu esa Bibixonim maqbarasi deydi, yo‘lning nariga tarafida faqat o‘pirilib tushgan ko‘k gumbazning uchigina ko‘rinib turgan, qolgan qismi odamlarning hovlilari ichida qolib ketgan imoratni ko‘rsatib.
Qo‘lim bilan Jom’e masjidi ko‘rsatib, so‘rayman: buni endi qayta qurib bo‘lmaydimi?
-Bo‘ladi. Nimaga bo‘lmas ekan. Faqat egasi qiladi bu ishni. Buyurilgan odam qiladi. Shamolning o‘ng kelishiga oz qoldi.
- Oldiga borsa yiqilib ketmaydimi?
- U hech qachon yiqilmaydi.
 Opam qo‘limdan siltab ko‘p savol bermasligimni ta’kidlagancha labini burib, yuzini qishloqning eng xunuk kampiri Qoramomoning betiga o‘xshatib, achchig‘i chiqayotganigini bildiradi.
 Soat endi sakkiz bo‘lganini “Siyabskiy r?nok” deb yozib qo‘yilgan katta darvozaning o‘rtasiga o‘rnatilgan soatdan bilsa bo‘lardi. Shu vaqt bozor eshigi oldidagi bekatga bir necha avtobus orqama ketin matashgandek to‘xtadi.
Choldan yana bir narsani so‘rayman deb qayrilib qaragandim, topolmadim. 

O‘ZIMIZNING JUHUD

Opacham bilan Registonni tomosha qilib, orqa tarafidagi avtobuslar kalla-pocha bo‘lib yotadigan tomonga o‘tdik. Ro‘paradagi peshonasiga “2500” deb yozilgan magazinga kirib rasm daftar va qalamlar oldik. Keyin yana Registonga qarab yurdik. Shunda opam menga gaz suv olib bermoqchi bo‘ldi. Budka oldiga kelganimizda huddi Katta hovuzni yoqasida savdo qiladigan rasmchinikiga o‘xshagan suratlarni ko‘rib qoldim. Ayniqsa, Shopning rasmlari. Faqat bu yerdagilari judayam katta qilib ishlangan. Endi bir stakan gaz suv ichib bo‘lgandimki, budka orqasidan og‘zi ko‘na kalishday tarvayib o‘zimizning juhud ko‘rindi. Avvaliga menga boshdan oyoq qarab turdi. Keyin tanib qoldi. So‘rashgan bo‘ldi.
-    E, e,bachem, kepsizga. O‘qishga kelganmu?
-Men, Samarqandda Toshbiyi ammamni aytganini qilib ko‘p gapirmaslik uchun “ha” degandek bosh irg‘adim.
Rasmchi katta kallasini gaz budkaning tuynigidan tiqib, sotuvchiga bir nimalar dedi. Juhudchaladi.
Tuynukdan bosh ko‘rindi. Ko‘zlari katta-katta, beti qaro, mo‘ylovi kolxozni raisinikiga o‘xshagan sotuvchi qaradi. Bildim, buyam juhud.
Menga bosh oyoq qarab, mensimaygina:
- Hamin bachame, dedi.
Sotuvchi stakonni to‘ldirib suv berdi.
-    Pulini olmogon. Dvoynoy. Menikidan. 
Opacham juhudning tanish ekanligi va mehmonnavozlik qilayotganini ayol bo‘lsayam tushundi shekilli, e’tiroz bildirmadi.
Gaz suvni ichib ko‘rgandim avvalgasidan o‘lsa o‘ligi ortiq va shirin edi. Tagida bir tomchiyam qoldirmay ko‘tardim. Sotuvchi rasmchiga qaragandi, ensasi qotib, yana bir stakon berdi. Bunisi beta’m chiqdi. Xuddi o‘zimiz sotib olgandek. Bir ho‘plab tuynuk oldiga qo‘ydim. O‘zimizni juhud so‘mkadagi daftar va qalamlarni ko‘rib, rasm solib berishimni so‘radi. Rasm chizishimni qishloqda ko‘p odam so‘ragan. Lekin, Samarqandda hech kim. Yangi rasm daftarlardan birini ochib, qora qalamda juhudning yolg‘ondan tirjayib turgan suratini chizdim. Bilaman, nima uchun u mendan surat so‘rayapti. Odatda men bir rasmni chizganimda unga tikka qarasangiz boshqa, yonboshdan qarasangiz boshqa rasm bo‘ladi. Shuni u biladi. Kattatog‘ rasmimga tikka qarasangiz tog‘, yonbosh qarasangiz Mulla Oqmirza boboning tahoratdan keyin, sallasini tuzatayotgan paytini ko‘rasiz.
Rangi qalamlar ochilmaganligi va vaqtimiz yo‘qligi uchun o‘sha varaqni yirtib berib, ko‘chaning narigi betidagi shashliklarni tutuni chiqib yotgan, karavatlar qo‘yilgan, samovorlar qaynayotgan choyxona tomon ketdik. Rasmchi rasmni tuynukdan kiritib, sotuvchiga berdi. Zum o‘tmay ortimizdan chopib kelib: kvartira kerak boshad, maniki shu budkadan topasan. Maniki hamesh shunga, dedi.
Rasmchi rasmni yonbosh qilib ham ko‘rgan shekilli. Yonbosh ko‘rganda uchta kasratki bir biriga qarab turardi. Ikkita kattasi haqi ketgandek bo‘zarib, bitta kichkinasi qotirdimmi degandek, tirjayib.
Biz opacham bilan shashlik yemoqchi edik. To‘rt dona shashlik, non, choyni tatronday qaro, kiyimlari xuddi lo‘lilarni eslatuvchi xotin olib keldi. Bitta shashlikni yeb qo‘ygandim, opacham: odam baribir shashlikka to‘ymaydi, non qo‘shib yesang to‘yish mumkin dedilar. Keyin non qo‘shib yedim. To‘ymadim. Qora xotin hech kimdan so‘ramay yana to‘rt shashlikni oldimizga qo‘ydi. Opacham shashlik buyurmaganini bildirmoqchi bo‘lgandi, shartta bittasini olib yeb qo‘ydim. Bir so‘mlik sariq pulni xonataxtaga tashladim.

SAMARQANDDAGI O‘G‘RILIK

    Oradan ancha yillar o‘tib bilganim va hali ko‘prik ustida pechi tushib ketgan keksa mulladek ko‘ringan, qirning labiga ilinib turgan imorat Samarqandda qurilgan birinchi machit, Xo‘jai Xizr edi. Birinchi o‘g‘rilikni shu machit ostonasida qilganman. Opacham bilan Enam tayinlagan, Registonni ro‘parasida otajamimiz qurdirgan machitni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganimiz, Registonda bo‘lganimiz, Temur Boboni ziyorat qilganimiz, magazinlarni aylanganimizdan keyin tiqilinch bir avtobus shahar ichidan bizni yana o‘sha ko‘prikka ulanib ketgan katta maydonga olib kelib tushirdi. Endi faqat yo‘lning bu betiga. Qir labiga ilingan imoratning ostiga. 
Bu avtobus qishloq avtobusidan kattaroq va haydovchi yonida xontaxta emas, uzun oq truba tortilgan edi. Men shu trubani mahkam ushlagancha kelardim. Eshik ochilishi bilan yonimda turgan ikki kishi qo‘limga besh tiyinlik tangalarni berib tapur-tupir tushib ketishdi. Men shoshib qoldim. Opacham o‘rnidan turib kelguncha va biz birga tushganimizcha yana besh olti odam ustimdan oshirib haydovchining oldiga qo‘yilgan katta rezinka tavoqqa tanga tashlab tushib ketishdi. Men tangalarni haydovchiga berishim kerakligini bilardim. Lekin, qo‘limdagi tangalar ichida o‘zimning ikkita yigirma tiyinlik tangalarim ham bor edi. Tangalarni berayotganimda manikilarniyam ber desa nima deyman? Nima qilishimni bilmay qoldim. Opamga aytaman degunimcha, u qo‘limdan ushlab pastga sudradi. Shunda qoradan qora betini tirishtirib, og‘zi to‘la tilla tishini ko‘rsatgancha haydovchi opachamga imo qilib, menda yo‘l haqlari borligini bildirdi. Ochaman desam qo‘lim ochilmaydi. Opacham qo‘limni ikki qo‘llab ochdi. Ikkita sariq besh tiyinlik va ikkita yigirma tiyinlik turardi. Ilkisdan betimga tars etib shapaloq tushdi. Tangalar sochilib ketdi. Keyin terib shoferga uzatdi. Men bir muddat karaxt bo‘lib qoldim. Tannoz lo‘lining holati ko‘zim o‘ngida lap etib ko‘rindi. Oyog‘imning uchidan vijillab kelgan bir narsa og‘zimdan baqiriq bo‘lib chiqdi. To‘g‘ri, avvaliga tovushim chiqdami. Chiqmayotganligini bilib yanayam baland baqiruvdim. Chiqdi.
Jon holatda: ikkita yigirma tiyin o‘zimniki, degancha baqirdim. 
    Haydovchi to‘g‘ri degandek, tangalarimni qaytarib berdi. Enam chiybaxmaldan tikib bergan sholvorimni cho‘ntagi yo‘q. Tangalarni endi o‘ng qo‘limda mahkam siqimladim. Yig‘lamayman desam ham yig‘layverdim. Odamlar, Samarqand meni o‘g‘ri bola ekan deb o‘ylamasliklari uchun ovozimni boricha yig‘lab baqirardim. 
    -Men o‘g‘rilik qilganim yo‘q. Odamlarni o‘zi berdi. Endi beraman deb turgandim.
    Shunda bir kampir avtobusdan men tenggi nevarasi bo‘lsa kerak, qizcha himosida tushdi. Ko‘z yoshlarim orasidan kampiring Enamnikiga o‘xshagan oq qarsi va undagi katta-katta qizg‘ish gullari ko‘zimga cho‘g‘dek ko‘rinib ketdi. Enamni ko‘rgandek bo‘ldim. Qizcha ham pastga tushgach qo‘lidagi tugun va hassasini bergandi, olmadi. Kampir opachamni oldiga keldi. Kelganini kovushidan bildim. Men yuzimni ko‘tara olmasdim. Yerga qarab turardim. Nazarimda hamma menga tikilgan, o‘g‘ri bolani qaranglar deyayotgandek edi. Kelib dashnom berdi.
    - Er balani bunaqa qilmaydilar.Sadqayi apa ket. Yigitni betiga urib imoningni kuydirdingku. Balaniyam betiga uradimi?
Keyin gulli kamzulini tugmasini yechib, nimchasi-kaltachasining cho‘ntagidan bir siqim tangani oldida haydovchining betiga otib yubordi. Tushib ketgan qarsini uchini yelkasi osha siltab tashladi. Hassasini qo‘liga oldi.
- Ma, ol. Sanga sadaqa. Man o‘lmay turaman. Eshakday bo‘lib qilgan ishingni qara. Uyingda xotingga gaping o‘tmaydi-yu, karillashingni qara. Begunoh balani ko‘nglini og‘ritgacha ayollarni xaltasiga o‘g‘rilik qilganing avli edi. O‘g‘ri bunaqa yig‘lamaydi. Balani qaqshatding, qaqshamay qolmaysan. Betingni murdashuy yuvsin.
- E,e nima qilopsiz, momo. Maniki davlatga pul topshirish kerak.
- Momo dema-e imonsiz. Davlatinggayam o‘t tushsin kuni sandaylarga qolgan bo‘lsa. Balaniyam shashtini qaytarasanmi. Olgan bo‘lsa nima qipti? Bolaning o‘g‘risi bo‘lmaydi... goyda shunday-shunday bo‘ladi. Zo‘r bo‘lsa kattangga sal kam berasan. Tur nari, bor. Bolaniyam qo‘rqitib yubording. Enang balamlasin, sani.
    Haydovchi pussayib qoldi. Meni yosh bola bilib tanga berib yupatmoqchi bo‘ldi. Olmadim. Baqirmasligimni, yig‘lamasligimni so‘radi. 
 - Mana o‘zimni pulim bor. Otam bergan. Rasm qalam olasan deganlar. Davlatni pulini nima qilaman dedim, ovozim qaltirab, oyog‘im qiyshayib ketayotganidan zo‘rg‘a o‘zimni tutib. Haydovchi nima qilarini bilmasdi. Birov so‘ramagan bo‘lsada, kampir turgan tomonga qarab: maniki unaqachanggi xotungga javobini biygon, degancha taysallab qoldi.
Keyin notanish bir odam oldimga keldi-yu, gap topolmadi shekilli, orqasiga qaytdi. Yer bitta bo‘lib oq tangalar sochilib yotardi. Bari o‘n tiyinlik. Xuddi enam yig‘adigan tangalardek. Enam bu tangalarni to‘yga yig‘ayapman deydilar. Kimni to‘yiga desam, keyin aytaman deganlar.
Men hamon yerga qaragancha dag‘-dag‘ titrab, ich-ichimdan yig‘lardim. Avtobusdan tushgan odamlarning oyoq kiyimlari atrofimni o‘rab olgandi. Ularning betiga qarashga uyalardim. Xayolimda hamma meni-o‘g‘ri bolani yopatmoqchi, ovutmoqchi bo‘lishardi. Rahmi kelardi. Meni yosh bola hisoblashardi. Bir yelkamga qo‘lini qo‘yar, biri boshimni silardi. Shunda men Samarqand odamlari yaxshi odamlar ekanligini bildim. 
Oradan ancha yillar o‘tib unga oyog‘i tekkan, suvini ichgan odam ham Samarqandning bir zarrasiga aylanishini, unga o‘xshab qolishini his etdim. Samarqandni nonini yegan uningdek shavqatli, suvini ichgan uningdek sokin bo‘lishdan boshqa iloji yo‘qligini ming bor ko‘rdim. Faqat hammayam, hammasiyam emas... keyinchalik faqat sog‘inch va rahmda ta’ma bo‘lmasligini his etganman.
Sahar bekatdagi o‘sha uzun bo‘yli, oq kiyimli va oq soqolli chol qo‘limdan ushlab yo‘l chetiga olib chiqdi. Ayvonli imoratga chiqadigan zinaga o‘tkazib qo‘ydi.
Ko‘zlarim yig‘idan hishib ketgan. Hech nima ko‘rinmas, opacham ham oldimga kelib bir narsa deyishga hayiqardi. Zinadan turdim. Yuqorilab bordim. Ayvonli imorat oldidan chiqdim. Ko‘z o‘ngimda sanoqsiz ko‘k gumbazlar yana namoyon bo‘ldi. Samarqandni yana tomosha qilaylik deganimda opacham to‘g‘ri aytgan ekan. Samarqandni hamma joyini ko‘rib chiqishga bir yil ham yetmas ekan. Yo‘qotib qo‘ygan narsasini topgan odamdek suyinib ketdim. Ko‘prikka qaradim. Endi odamlar undan sahardagi oqimlariga teskari yurib kelishardi. Nazarimda ular imtihon topshirib qaytib uylariga ketishayotgandek edi.
Bir maydon shu tepalikdan shaharni tomosha qildim. Keyin, keyin albatta bu yerga kelishga, o‘zim yakka kelishga, o‘g‘ri deb o‘ylagan odamlarga kimligimni hali ko‘rsatib qo‘yishga, o‘g‘ri bola emasligimni isbotlashga o‘zimga o‘zim so‘z berib ena boshladim. Shunda chap qo‘lim qalamlarga to‘la ekanligi bildim. Buni o‘sha meni o‘rab olgan odamlar yoki qo‘limdan tutgan chol bergan bo‘lsa kerak. Odatimga ko‘ra darrov ko‘rgan narsamga ot qo‘ydim. Cholni Samarqand Ota deb atagim keldi. Samarqand Otani odamlar orasidan izladim. Topolmadim. O‘zim yig‘lab, o‘zim yupandim.
Men Samarqanddan yerga qarab turib ham odamlar nima ish qilayotganini ko‘radigan, yuzlariga qaramay gapiradigan gaplaridan royishlarini, tovushidan niyatlarini, kitoblarni betiga qarab o‘qishga arziydigan yoki arzimaydiganini biladigan bo‘lib qaytdim... bu Samarqand Otaning menga bergan birinchi darsi, ne’mati, sovg‘asi ekanligini oradan ancha vaqt o‘tgach angladim.
Sariqvoy endi o‘rnidan qo‘zg‘algan ekan bir amallab sig‘ishdik. Orqamni ikki tomonga bukilib ochilib - yopiladigan eshik qisib qoldi. Og‘riqni odamlarga bildirmadim. Bilishganda yengillasharmidi.

SAMARQAND HAQIDA QO‘SHIQ

Men endi Samarqandni rasmini chizaman! Menga endi rangli qalamlarni keragi yo‘q. Men Samarqandni rasmini Kampirdevolning uvodasi chiqqan kesaklari bilan ham chiza olaman. Istasam Oy Qorning rasm daftar varag‘iga o‘xshagan qorlariga, istasam Taypoq Soy dalasiga, ko‘ngilimga yoqsa Qorovul Tepa suv omborining betiga, istasam osmonni bir chetiga, yo‘q, qoq o‘rtasiga chizib qo‘yishim mumkin. Menga alam qilgan. Menga ko‘p narsa alam qilgan. Va bu rasmlar eng chiroyli rasmlar bo‘ladi. Ayniqsa qo‘llari osmonga cho‘zilib, qayta tiklanishiga mustar-u, ilhaq bo‘lgan, qayta tiklaydigan egasini to‘rt ko‘zi bilan kutayotgan Temur jom’e masjidi rasmini chizaman. Birinchi bo‘lib Enamga ko‘rsataman. Ena, mana Samarqand deyman. Ena, men Samarqandni sizga o‘xshatardim deyman. Sizgayam o‘xshab ketarkan-u biroq, ko‘rganda, otidan odam qo‘rqadigan prokuror ham, qornini do‘mpog‘ligi egiz qo‘zilaydigan kelinchaklarnikiga o‘xshaydigan, moshinidan tushib kelib salom beradigan melisalarning kattasiyam, raykom ham og‘ziga qarab nima der ekanlar deb turadigan soqollari oppoq Mulla Oqmirza boboga o‘xshar ekan deyman. Yo‘q, bunday desam xafa bo‘ladilar. Yarmi Sizga, yarmi Oqmirza boboga o‘xshar ekan deyman. Ha, shunday deyman.
Keyin, keyin otamga katta bo‘lsam Samarqanda o‘qishga yuboring deyman. 
Ana u. Men chizadigan imorat. Uni kechasi qorong‘uda ham, ko‘zimni yumib turib chiza olaman. Otam to‘g‘ri aytgan ekanlar. Samarqandni ko‘rish uchun toqqa chiqish shart emas ekan.
Davlatni tangalarini qo‘limga ushlaganim va avtobuschi so‘raganda qo‘limdan chiqqanligi uchun o‘g‘riliklarim sonini ikkitaga tushira olmayman.
Endi chizganlarimni opachamga ko‘rsatmayman. Rasmimni chizib ber devdi. Endi chizmayman. Chizib bo‘pman. Kimga chizdirsa chizdirsin. Ular qishloqliklarni rasmini chizolmaydi. Ko‘p ko‘rganman. Chizgan rasmi sovuq bo‘ladi. Non uchun chizilgan rasmda istara, yozilgan yozig‘ida nafas bo‘lmasmish. Yozig‘ – chizig‘ni ichida ichi borlarga chiqarganmish. O‘ynab qilinmagan ish ish emasmish. Enam aytgan. Ular o‘ziga o‘xshatib qo‘yadi. Qoshini qalin, ko‘zini bejo qilib. Turkqishloqliklar unaqa bo‘lmaydi. Ajab bo‘pti. Qishloqning hamma odamini, qutirgan itini, qo‘tir eshaginiyam rasmini o‘ynab-o‘ynab chizaman. Lekin, opachamni rasmini chizmayman. U meni o‘g‘ri emasligimga ishonmadi. Meni ko‘pni ichida o‘g‘ri qildi.
Urganini otamga aytsammi, aytmasammikan?
Samarqandda shashlik yeganimni jo‘ralarimga aytib maqtanmoqchi edim. Shashlikniyam zahar qildi.

MUZLAGAN QUYOSH

    Oq Toshdan ko‘tarilgan kun avval Katta Tog‘ni, keyin uning bolasi Oy Qorning yelkasi-yu, Bo‘ronqo‘nish o‘ngiriga tegib qorlarini eritadi. Bir qavati qoru-muz, bir qavati chang-u to‘zonlardan naqd paxsa devordek pishib qolgan qatlamlar, kurtinglar orasidan tomchilab chiqqan sizotlardan jilg‘alar boshlanadi. Jilg‘alarni sanashni imkoni yo‘q. Balki yuz, balki mingta. Son-sanoqsiz jilg‘alar erta hayitga chiqayotgan qizaloqlardek chuldirashib pastga enishadi. 
Yo‘lda sokin va ayni vaqtda pishqirib qaynab chiqayotgan buloqlarga qo‘l berishib, yanada shiddat bilan Vadiganga yetib kelishadi. Vadiganda topishishgan ming bir jilg‘a va yangidan ko‘z ochgan, eskidan o‘rni tayin katta buloqlarning suvi Novus Tepa ostiga yetganda ikkiga bo‘linadi. Qor va muz, buloq suvlari endi qo‘shilishganda yana ajralishadi. 
To‘g‘ri, ular yana qo‘shilishadi. Sal keyinroq. Qorasovuq, Barlos, Uyas, Tangatopdi, Turkman, Misr va yana bir qancha qishloqlarning hovli-yu, chorbog‘larini oralab o‘tib bir qismi avval Sanglohda. Keyin to‘rtko‘z tugal bo‘lib Sangzorda uchrashishadi. Sangzorda uchrashguncha necha bor yo‘llari to‘silishini, necha marotiba toza-notoza joylarda o‘tishlarini bilishmaydi. 
So‘nggi sho‘xliklar Sangzor bo‘ylab bir oz davom etadida, suvning sho‘xligidan asar ham qolmaydi. Katta va hech qachon to‘lmaydigan teshik qanordek shalpayib, og‘zi hamisha karrakday ochilib turadigan suv omboriga quyilishi bilan atrofga ayuhannos solgan daradagi Vadigandan ham, qishloqlar oralab yalpiz bosgan ariqlarni yuzini silab, baliqni og‘zidan tushgandek tiniq qizlarning bet-ko‘zlarini o‘pib tushgan shalola, go‘dakning ko‘r cho‘chog‘i-dingilidan g‘o‘ddayib tushgan tomchi, qo‘ynida cho‘milgan chiroyli kelinchakning iyaklaridan oqib tik bo‘yini yalab-yulqab tushgan sizg‘i, bag‘rida turkona to‘lg‘ongan shumgo‘zalni paqqos quchoqlaganda esi og‘ib terga botgan tosh hovuzdanda, tolzorlararo pildirab, chuldirab o‘tayotganda sevishganlar sirini eshitib, sir bilib, ahli asror bo‘lib sokin tortgan hamog‘ushsuvdan ham, peshonasini Jo‘n Ariqning o‘rtasidagi toshga urib olganda sachrab, o‘t-o‘lanlar bargiga osilgan chiqsuvdan ham, endi tandirdan chiqqan cho‘g‘dek kulchalar betiga otilganda shoshganidan qaynashiniyam, boshqaniyam bilmay bir “puf” deb qo‘yib, bolakaylarga kulgu bo‘lgan hovliariq oqizig‘idan, tegirmonlarni toshini aylantirgan hisobsiz qudratidan ham, keyinchalik guvillagan Sangloq va birda yoyilib taltaygan, birda tor jardan karillab o‘tgan Sangzordan ham asar qolmaydi. 
Kuppa-kunduz suvga ko‘ylagi bilan o‘zini soyning xilvatiga tashlagan sodda Turkqishloq qizlarining jonni kiprik uchiga olib kelib qo‘yadigan husni-jamoli, birov ko‘rmadimikan degancha kiyik qiliq qilib atrofga giryon qarayotganligini tomosha qilayotganda tizzasiniyam ko‘rolmasdan, badanlarga jippa yopishib qolgan ko‘ylaklarning kuyiga chidolmagan Quyoshning alamdan Oy betini yulib olgani qoladi. Oyning betidagi dog‘lar shundan deyishadi. Bo‘yini bo‘y qizlar bo‘yiga bo‘ylab ko‘rgan Quyosh qizargandan kuyib ketdi. Oy chiroyini suv betida yonma-yon solishtirib ko‘rgan kunni ertasidan boshlab kunduzlari ko‘rinmaydi. 
Ko‘ylaklarni ko‘yi og‘ir. Ko‘ylaklar jiqqa ho‘l bo‘lmagan vaqtlar beqiliq xushtorday o‘zicha qizlarning bir g‘uchchasiga tegib, bir quymichni quchib yurgandi. Jippa yopishganda qiyin bo‘ladi. Avval, peshonasi - ikki ko‘krak orasi sergib qurib qoladi. Keyin bor-bo‘y issiq bor-budini kuydiradi, tanadan chiqayotgan oq nurlar, shu’ur rangini oladi. Shundan rangi ham o‘chadi. Ko‘ylakning ko‘yi lak-lak bo‘ladi. Birovga aytguligi yo‘q..
Bilmaganlar “Ux” deydi, bilganlar “Xu” deydi.
Iroqi do‘ppini egilganda tushib ketmasin deb yaltiroq simchalar bilan sochlariga qadashgan, bir-birlarining sochlarini ikkita-ikkita qilib o‘rishib va parparak yoqali ko‘ylaklari tus qurigandan keyin qizlarni soyda ko‘rsang ham, qirda ko‘rsang ham joning dovuchchadek to‘kilib ketadi. Yo ikki o‘ram sochning orasiga osilib qoladi. Istasang ham istamasang ham. Bir qaragan, ko‘zing tushgan bo‘lsa bo‘ldi. Uying qaerda ekanligi esingdan chiqib ketadi. Dardi bedavoga yo‘liqasan.
Yoyilma qishlog‘i ustida o‘z holiga o‘zi hayron, biltanglab, mijjayu-marzasini sho‘r bosib yotgan suv ombori ko‘zlarini olislarda yaltirab ko‘rinayotgan cho‘qqilardagi qorlarga qadaydi. Xo‘rsinadi. Xo‘rsinishidan bug‘ chiqadi. Yuksak cho‘qqilarda bo‘lgan vaqtlari esidan chiqib ketadi. Yaltirab ko‘rinayotgan narsa nima ekanligiga qayta-qayta qaraydi. Og‘irdan og‘ir xo‘rsinadi. O‘zini kimligini unutib qo‘yadi. Qattiq qish kelib, kimligini tars unutganda ko‘zini g‘ippa muz qoplaydi...
Topdim. Men Samarqandni shunday chizaman. Qahraton sovuqda qolib ko‘karishi esidan chiqib qolgan daraxt ko‘rinishidagi Samarqandni, muzlar qurshovida qolgan minoralarni chizaman. Muzning bir burchagini sal eriyotgan, erib borayotgan holatda chizaman. Registondagi quyoshga o‘xshatib chizaman. Ko‘zi bor, zulpagi bor. Bu rasm hech kimnikiga o‘xshamaydi. rasmchigayam rosa alam qilsa kerak. Opachamgayam. Ajab bo‘pti. Battar bo‘lsin.
Qish kelsin. Qishloqning Kattahovuziga Samarqandni rasmini chizib hammani hayron qoldiraman. Minoralari-qo‘llarini hovuz bo‘yidagi baland-baland tollarga boplab ulab yuboraman. Ko‘klam kelsa tollar barg chiqaradi. Shunda ko‘rasiz.

TALABALAR

Lo‘lilar ketishi bilan, kunlar isib, qovun palaklariga chumchuqlar panalaydigan, yanayam aniqrog‘i tosh devorlargayam tappi yopsa bo‘ladigan vaqtda har yili kanda qilmay qishloqni bir to‘da talabalar bir erkak, bir ayol o‘qituvchisi-olim bilan egallaydi. Toshkentdan kelishadi. Katta o‘qish - institutdan. Gap terishadi. Qishloqning o‘ziga xos gaplarini daftarlariga yozib olishadi. Birortasi kelin tushirib qolsa-ku, berdi xudo. Kelin salomniyam rasvosini chiqarib, qayta-qayta ayttirishadi. Yangalar ham aytadiganidan adashib, birda qayinsingil, birda qayinuka, birda buyinsingilga salom berishni unitib, qishloqqa ermakka yana bir oylik janjal chiqarishadi.
Qishloqdan gap teramiz deb, qartaygan chol-u, munkaygan kampirlarni oldiga to‘dalanib borishadi. Buncha begona odamni dab-durustdan ustiga bostirib kelganini ko‘rgan chol-kampirlarni og‘zidagi gapiyam tushib ketadi. Tashvishlarini o‘rishi nima, arqog‘i nimaligini anglagan borki bu ishlarni falonchi kampirdan o‘tkazib aytish qiyin deydi. Falonchi kampir degani mening Katta Enam. 
Birda talabalar erkak o‘qituvilari bilan birga beshtasi Enamni oldiga kelishgan. Bir osh pishar vaqt o‘tirishgan. Biri toshkentlik, biri shaxrisabz, biri andijon, biri farg‘ona, biri termizlik qizlarni Enamga ko‘zlarini katta-katta ochib, hayratlanib qarab turishlarini ko‘rib, ichim shuvullab ketdi. Qo‘rqdim. Ko‘zlari tegmasaydi. Enam ularni qaerdan ekanligini surishtirganda, men eshitib turdim. Urug‘ini so‘ragandi ko‘pi aytolmadi. Bundan astoyidil xafa bo‘ldilar. 
- Bu yaxshi emas, ena jamni bilish farz, ota jamni bilish qarz dedilar, o‘zlariga o‘zlari.
- Ena, biz odamlarni urug‘larini emas, shevalardagi o‘ziga xos, jonli so‘zlarni yig‘amiz. Urug‘chilik davri o‘tib ketgan, dedi sumangi itdek oriq va bir joyda turolmaydigan, tinmay qilpillaydigan o‘qituvchi.
- Taraddingku yaxshi, lekin qilayotgan ishing podayotoqda ko‘zga chiroyli ko‘ringan tezakni bir chekkadan ho‘li-quruq terishga o‘xshaydi. Tezakniyam toza-notozasi bo‘ladi. Qumaloq, qiy nima, tezak, tappi, chalma, go‘ngu-nuri nimaligini bilmaysan-u, yana til bilan o‘ynashasanmi? Tig‘ bilan o‘ynashsayam, til bilan o‘ynashmaydilar.
 - Sen bilan bugun enangni tilida gaplashaman. Keyingi safar boshqa tilda bo‘ladi. Ko‘kayingda yo‘q, dilingga solinmagan ish to‘g‘risida gapirish odamni eshaklikka yaqinlashtiradi degan burung‘i mashoyixlar kitobida, dedilar, mijjalari qilt etmay, dab-durustdan.
- Sanga bu gaplar yozilgan kitoblarni o‘qish nasib etadimi yo‘qmi bilmadimu, har holda shu qishloqqa yetibsan, shuni o‘zi katta gap. Shu elda tug‘ilganing o‘zi bir xilsat. Haq gapdan haqdan xabarsizlar xafa bo‘ladilar. 
Sen bola avval ko‘ngling bilan ishingni to‘g‘irla. Birovini past urib, birovini ko‘tarib elni malamijir ishlarga qo‘zg‘atma. O‘tgan yili qilib ketgan ishingni aytayapman. Nimaligini bilmay cho‘qilgan yemish tomoqni yirtadi. 
Enam o‘ziga baqrayib qarab turgan, kim bilan gaplashayotganini haliyam anglamayotgan o‘qituvchining yuziga tushundingmi degandek qaradilar.
O‘qituvchi mulzam tortadi.
- Sandan so‘ryapman. Yer chizgan do‘stdan ko‘zga qaragan dushman pesh.
O‘qituvchi qizlarni oldida yer bilan bitta bo‘lib zo‘rg‘a ha deya oladi. 
- Endi eshit. Sen aytayotgan shevani ko‘chada ko‘ringanni to‘xtatib yozib olding ham deylik. Bu gaplarni kim ishlatadi deb yozasan? Dadarvaqi ishlatadi deysanmi? Falon qishloq ishlatadi deysanmi? Qishloqning xudo bergan tili nechovlini bilasanmi? Gapirgan odamlarni ota-onasi, tayin-tuturug‘i yo‘qmi? Falon gapni falon urug‘ bunday ishlatadi, bunisi bunday deb yozsang haqing ketadimi? Bilsang bola, san qidirib yurgan gap-so‘zlar o‘sha elning eng qimmat narsasi. Qalbi. El bugun bu yerda, erta boshqa joyda bo‘lishi mumkin. Qrim tatarlarning ko‘rguligini ko‘rmayapsanmi? Elni bori-yo‘g‘i, ori-yu, ortidagi soyasiyam tili. Shuni tushunmasang bu ishingni qo‘y. Til bilan o‘ynashma. Tek yur. Lafz bilan o‘ynashganning holi og‘ir bo‘ladi. Bo‘yningga olibsanmi jon botin qil. Yozsang to‘g‘ri yoz. Bo‘lmasa ozning ko‘piga o‘xshab hovlingga rayhoningni ekib, hidini hidlab, dordagi lozimni pirpirashiga mast bo‘lib yurganing ma’qul. 
Ko‘ngling bilan ishingni bir qilmas ekansan, qaytib oldimga kelma. Xotinlarni xolasi, qizlarni dugonasi bo‘lmay bu qizlar bilan shiypanga tiqilmay odamlarni uyiga joylashtir. O‘shanda ota-onasiyam tinch bo‘lishadi. O‘qishiniyam qiladi. Mani otimdan raisga aytib qo‘y. Endi bor. Qizlar ovqat yeganlaridan keyin ketadi... uydan quriq og‘iz chiqma, ana, ayvonda dasturxon bor. O‘tir. Mardning ovqatiga nomardni ko‘zi tushmasin, degancha ko‘nglini ko‘targan ham bo‘ldilar.
Aslida, bechorani itdan behurmat qildilar. Bilamanki, birovni ko‘pni oldida bekorga izza qilmaydilar. Gapirmaydilar. O‘zidan o‘tdi. Lekin, nimasidir ma’qul ko‘ringan bo‘lishi kerak. Enasi semizgap, kattaog‘iz, man-man ekan deb o‘ylamang. O‘qituvchini jini suymaganidan qattiq gapirgani yo‘q. Yoqmagan odam bilan gaplashmay qo‘ya qoladi. Vassalom. Olimni odam bo‘lsin dab urishdilar. Ikkovi bir kun til topishadi. Sezayapman. 
Menga shu toshkentlik, shaxrisabzlik degan qizlar juda yoqdida. Toshkentlikning bilagidan zo‘r hid kelarkan. Meni erkalamoqchi bo‘lganda bilib qoldim. Shaxrisabzlik uzunbuy va oppoq ekan. Sochlari taqimiga tushadi. Enamning ertaklaridagi malikalarga o‘xshaydi. To‘g‘risini aytsam qaysisiga qarasangiz o‘shanisini yaxshi ko‘rib qolasiz. Studentlar chatog‘ bo‘larkan. Ko‘zingiz ko‘ziga tushsa bir ko‘z qisib bir qosh qoqadi. Shoshgandan nafas tiqilib qoladi. Bekoriga ular turadigan shiypon oldi buzilgan ari inidek guj bo‘lmaydiyov. Bo‘z yigitlarku mayli, chilladagi kuyovlarga balo bormi? Oxiri baxayr bo‘lsin.
Talabalar har kuni tushga yaqin Kattahovuz bo‘yiga yig‘ilishadi. Muallimlari dars o‘tgan bo‘ladi. Ular eshitishgan. Shunday kunlarni birida toshkentlik imlaydi. Yoniga olib boshimni biqiniga bosadi. Uyalib ketaman. Yaxshiyam hech kim ko‘rmagan bo‘ladi. Oqdan ham oq bilagidan kelayotgan atir hidi betim va bo‘ynimga o‘tib qoladi. Birgalishib dars tinglaymiz. Domla kuyib pishib dars o‘tadi.
 -Ape, apa degani qadimiy turkiy xalqlarda xosildorlik, xayri baraka ma’budasiga aytilgan. Ape deyilganda muqaddas ona, chaqaloq ko‘targan ayol tushunilgan, deydi. Bu nom bugungi kunda ham ko‘plab qishloqlarimizda saqlanib qolgan. Ba’zi joylarda apa, ba’zi yerlarda ape, ba’zi hududlarda opa deyiladi.
 - Sapiyaxon, aytingchi, Toshkentda tuqqan onasini nima deyishadi?
-    Opa. 
 - Mana. Oddiy misol. Ape bugungi kunda opa, apa formasiga kirgan. Tildagi singarmonizm qoidalariga ko‘ra ba’zi so‘zlarda tovush o‘zgarishga uchragan. Masalan, “ota” so‘zi, Toshkentda “ada” deyiladi. Ma’lumki “t” va “d” bitta tovush. Ba’zi joylardagi “ata” deyilishi bilan “ada” deyilishi bir. Bu bizning tariximiz ming ming yillar bilan bo‘ylashishini ko‘rsatadi. Ayniqsa, joylarga nom berish san’ati qadimiy turkiy xalqlarda san’at darajasiga ko‘tarilgan. Aytaylik, chuqur jar oralab oqadigan katta suvni Tuya tortar deb atalishiga e’tibor bering. Bu tuyani ham tortib ketadigan suv, joy degani. Yoki, Avliyoota, Jartepa, Turkariq, Tikonlik Mozor toponimlarini olaylik. Birinchisi shaxs nomi bilan bog‘liq bo‘lib, el udumlariga ko‘ra shaxs nomini joyga bermaslik nuqtaiy nazaridan, e’zozlik kishining nomi atayin yashiringan. Yerni o‘z oti o‘zi bilan deyilgan qoidaga rioya etilgan. Ikkinchi holatda gidrotoponim, uchinchi holatda etnotoponim, to‘rtinchi holatda biotoponim degan bo‘lardim. Ularda shu xususiyatlar yaqqol ko‘rinadi va nomlar Toshkentning qaerida aytilishidan qat’iy nazar aynan o‘sha joy tasavvurda tiklanadi. E’tiborligi ushbu toponimlar shu qishloq va uning atrofida ham bor. Bu manbalarni o‘rganishni imkoni boricha bu yerda, qaytgandan keyin Toshkentda davom ettiramiz. Endi ikkitadan assimlatsiya, ikkitadan dessimlatsiyaga uchragan so‘z topasizlar. Keyin xuddi Enamdek, “endi boringlar”, deb amr qildi... Meni ko‘rmagangan olib yuribdi...
...Keyingi safar boshqa tilda bo‘lgan gaplarini yozsam bir kitob bo‘ladi. Hamma gap esimda. Hatto Enamning qaysi gapni baland ovozda qaysisini eshitilar-eshitilmas aytganicha. Har bir gaplarini besh betdan tushintirish kerak. Keyingi gaplarga Enamning Enasoy qo‘shig‘ini yetti jonbotin jo‘ra bir bo‘lib qaerga chiqib, qaysi yulduzga qarab, qachon aytsa nima bo‘lishini qo‘shib aytmasam bo‘lmaydi. 

RASMCHI

Rasmchi avtobusdan katta to‘rvasini ko‘tarib tushishi bilan Mardonga ro‘para bo‘ladi. Mardon uni qishloq hovuzigacha oldiga solib keladi. Tentakning gaplariga rasmchi e’tibor bermaydi. Bir marta gapirib boshi baloga qolgan. Qora qoniga botirib, o‘lasi qilib urgan. O‘shanda o‘zi ayb rasmchidan o‘tgan. Mardon unga qo‘shilib yonma-yon kelayotgan bo‘lgan. Rasmlaringni ko‘ray degan. U rasmlaridan bergan. O‘zi bu rasmchining rasmlari qiziq. Na qo‘lda chizilganga o‘xshaydi, na suratga olinganga. Suratga olingan rasmlarni ustidan moybo‘yoq bilan bo‘yab, keyin orqasiga Samarqandni rasmini bir balo qilib yamab, yana ustidan klenka tortib almoiy rasm ishlaydi. Na rassom, na suratchi. Yana unga o‘zi tik turadigan ramka qilganiga o‘lasanmi? Ramkani tutamlab, shunisi tekin deydi. Eng qizig‘i chol-u -kampirlarni qosh-ko‘zlariga qaro tortib, labiga qizil surtib qo‘yadi. Kampirlar u dunyo, bu dunyo bu rasmni birovga ko‘rsata olmaydi. Chollar qo‘liga olishi bilan bir chetga olib borib, fotiha o‘qib yoqib yuborishadi. Nevaralari ko‘rsa nima deydi?
O‘shanda bir dasta rasmni qo‘lida ushlagan Mardon buning o‘xshabdi, buning o‘xshamabdi degan. Rasmdagilarni barchasini tanishini bilib qolgan rasmchi unga o‘ttiz chog‘li rasmlarni egalariga tarqatishni buyurgandek bo‘lgan. Mardonning nafasi ichiga tushib gapirmay qolganligini rozilik bilib, agar tarqatib chiqsang bir so‘m beraman degan.. Esini yo‘qotgandan buyon enamdan boshqani aytganini qilmaydigan, eshagini hohlagan odamini bedapoyasida o‘tlatadigan Mardonga bu botgan. Eshakdan tushmay rasmchini quloq chekkasiga qulochkashlagan. To‘rvasi bir taraf, rasmchi bir taraf bo‘lgan. Qolganini aytmasam ham bilasiz.
Shundan keyin ikkovi kelishishgan. Har safar rasmchi unga hindi qizlarni rasmini olib keladi. Peshonasida xoli bor, zulpi gajak-gajak bo‘lib ketgan rasmlarni. Ko‘rgan bo‘lsangiz traktorchilariyam oynalariga yopishtirib olgan. Rasmchi Mardondan pul olmaydi. Bu tartibni Mardon belgilagan. Qishloqda savdo qilayaptimi, qishloqqayam nafi tegsin degan. Shu-shu chiroyli qizlarni rasmi unga tekin. U rasmlarga Enamdan ip olib, ip o‘tkazib eshagining bo‘yniga osib qo‘yadi. Ko‘rgisi kelganda eshagidan tushib, yuz-ma yuz o‘tirib, rasm tomosha qiladi. Bir rasmga qaraydi, bir eshagini turqiga. Mardonni soatlab rasm tomosha qilgani, yig‘laganini ko‘rganlar bor. Birovga aytishmaydi. Aytsa, oti chiqib ketsa, Mardondan tiriklay qutilmasligini hamma biladi. Ko‘rib ko‘rmaslikka olishadi. Mardon haqida gapirish va eshitishni hayollarigayam keltirmaydi. Och qornim tinch qulog‘im deyishadi.
Keyin orqama-ketin hovuz bo‘yiga kelishadi. Mardon eshagini tolga bog‘lab, bejovini keltirib sovunlab cho‘miltiradi. Keyin tumorini ham taqib qo‘yadi. Tumor ham kichkina emas. Peshonani yovliqti, to‘liq olib, bu quloqdan bu quloqqacha boradi. Raqqosalarning peshonasiga taqiladigan jangul-jungulni o‘zi. “Himorga tumor taqdim, ipaklari tillodan” deb hirgoyi qiladi. Hovuz bo‘yiga yoyilgan, sotuvga qo‘yilgan rasmlarni tomosha qilgan bo‘ladi. Hindi qizlari, yigitlari. Stalinning shapkasi katta, shop mo‘ylov rasmi. O‘ziga yoqqan rasmlarni so‘ramay ajratib, xurjiniga soladi. Rasmchiga gap qo‘shgan bo‘ladi. 
- Sanlargayam hayronman. Yovda bo‘lsa tezagi tegadi deb, endi rasmini sotib non yeysanmi? Sal qoluvdi tuxumingni quritishga. Kun ko‘rishing shu bo‘lsa, sanlarniyam noning qattiq ekan. 
Tubut indamaydi.
Rasmchining sumkasi, kiyim-boshidan kelayotgan qo‘lansiq rasm dori hidi Mardonga yoqmaydi. Asabini qo‘zg‘aydi.
- Yuvinib yursang o‘lasanmi, hoy tubut. Bu rasmlaringni hidimi o‘zingnikimi? Man, sanga gapirayapman. Eshit. Yana takaday sasib kelsan hovuzga pishib, tolga osib quritaman. Mana, san keluvding, hidingga qushlar ham chidamay, inidan ketib qoldi. Tezroq bozoringni yig‘, bo‘lmasa barini suvga oqizaman. Chumchuq bolalar och qoldi. Yana qishloqqa yuvuqsiz kelsang mandan xafa bo‘lma.
- Manavi rasmini katta qilib kepsanda, deydi Shopning mo‘ylovini oyog‘i bilan ko‘rsatib: Toshvoy mallimga ber, chimildig‘ini ustiga osib yotsin. Yotog‘iga yolg‘iz kirmasin. Protez oyog‘ini ushlab turadi.
Bir oyog‘ini urushda qoldirib kelgan Toshvoy mallim eski Zaporojini orqa oynasiga Shopni ikkita rasmini osib olgan. Mardon shu muallimni ko‘rsa kuladi. 
- U xumpar sani oyog‘ingni emas, aqlingniyam yegan ekan deydi, ko‘rgan joyida yoqasidan olib. To‘y bo‘ladimi, maraka bo‘ladimi farqi yo‘q. Odamlar shuning uchun ularni birovni marakasida duch kelmasliklari taraddisini ko‘radilar.
Mardon hovuz bo‘yiga kelganidan ketganigacha rasmchini niqtab gapiradi. Rasmchi indamay eshitadi. Zo‘r kelib qolsa, eshitmaganga soladi. Ketib qolsa rasmini egalariga berolmay qolishidan qo‘rqadi. Pulini oluvding rasm qani deb borib uyiga o‘t qo‘yib keladigan Turkqishloqda to‘lib yotibdi. Birov aytsa bo‘ldi. Pul uniki bo‘lmasayam or talashib, qo‘shilishib ketaveradi. Buni rasmchi biladi. Birovi yur desa-yu, birovi unga qo‘shilishib yonidan turmasa, rasm ham rasmchiyam bir yoqda qolib, gapning o‘rishi o‘zgaradi. 
- Man hali sanga ishonib yuruvmidim? Ishongan tuyam san bo‘lsang...
Turkqishloq odamlari shunaqa.
Aslida rasmchi rasmlarni pulini rasmga tushirgan kuni olib bo‘lgan, endigi ishi ularni egalariga topshirish. Bitta yarim odam “rasmlarni ber egalariga topshiraman” deyishini istab o‘tgan-ketganga mustar bo‘ladi. Mardon bor joyga es engan katta odam yaqinlashmaydi. O‘chakishgandek Mardon ham ketmaydi. Yuvib taralgan eshagini usti qurishi uchun oftobruyga chiqarib qo‘yadi.
Yana kelishishganki, rasmlarni egalariga bolakaylar topshirib keladi. Buning uchun rasmchi ularga biror rasm yoki besh-o‘n tiyin haq berishi kerak. Mardon aslida shuning uchun bu yerda turibdi. O‘rtada turib bolalarning haqini olib beradi. Shuning uchun rasmchi Mardonni oldiga tushib kelishi bilan hovuz bo‘yini bolakaylar to‘ldiradi. 
- Bo‘jaxo‘rlar, qani saflaning deydi.
Bolalar bo‘ylariga qarab tizilishadi. 
- Ishni hammaga teng bo‘lamiz. Uzoqroqqa kattalar boradi. Yaqinga kichiklar. Burni oqqanlar rasm tarqatmaydi. 
Bu gapni eshitgan burni oqqanlar, yenglari bilan burunlarini artgan bo‘ladilar. To‘g‘rirog‘i shuvab qo‘yadilar.
Bolalar rasmlarni tarqatib, haqlarini olib bo‘lishgach, burni oqqanlarga Mardonning o‘zi biror narsa beradi. Shunday keyin bozor qaytadi.

HILVATDAGI SUHBATLAR

Odatda Enam urchiq yigirib o‘tirgan bo‘ladi. Chap qo‘llariga bilauzukdek xanjala o‘tkazilgan, undan ajralib chiqayotgan pardek yung barmoqlar orasidan o‘tib, urchiqning girillab aylanayotgan boshiga yo‘liqar- yo‘liqmas pishiq ipga aylanadi. Keyin urchuqning qorni to‘mpaygancha pishgan iplarni beliga boylaydi. Supada bo‘lsalar atroflarini oqligiyam, sariqligiyam, gulobiligim bilinmaydigan musichalar o‘rab oladi. Nafaqa pullariga atayin bozordan sotib olingan bug‘doylarni har zamonda ularga sochib qo‘yadilar. Ular bilan huddi dugonalari bilan gaplashgandek gaplashadilar. Musichalar kukulashib Enamning etaglariga, o‘ngirlariga o‘zlarini uradilar. Enam bir musicha kelib urilsa ham chayqalib ketadilar. Enamning qo‘lidan don talashib, bir-birlarini turtkilashdi. Enam ularni koyigan bo‘ladilar. 
- Bo‘ldi, bo‘ldi endi. Birov kelib qolsa uyat bo‘ladi. Bilaman, bilaman. Eshitib qolsa qo‘rqadi. Ko‘p gapirmanglar.
-    Ena, musichalar bilan gaplashayapsizmi? Musichalar nechaga kirgan?
Enam, cho‘ntaklaridan men yaxshi ko‘radigan, sariqligidan yaltiraydigan o‘rik qoqisini beradilar.
-    Mana, yeb oling, balajan. Yurakni baquvvat qiladi.
-    Musichalar dugonalaringizmi?
Enamning avval ko‘zlari kuladi. Keyin yuzlari. Men quchog‘lariga yotib boshim uzra yuzlaridan savolimga javob kutaman. Enam nima deyishlarini bilmayotganliklarini sezib, o‘zim ham o‘ng‘aysizlanaman.
Mardon bilan Enamning suhbatini ham ko‘p eshitganman. Enam uni Dalli deydi. 
Enamning xanjalasi tugagan. Yonlaridagi oxirgi xanjala o‘rtasiga kirib uxlab yotgan pishak bolani o‘yg‘otgilari kelmaydi. Shu payt g‘ovda Mardon ko‘rinadi. Dunyoni buzgudek vajohat bilan kelib Enamning ro‘parasiga o‘tiradi.
-    Ha, Dalli, yurishing dajam, bo‘ri ko‘rdingmi? Odamlarni tentagini chiqarib yuribsanmi?
-    Bizga buyurilgani shuda, Ena.
-    Bir hisobga sanikiyam to‘g‘ri, degancha gapni qisqa qiladilar. 
Mardonni ovozidan cho‘chib ketgan pishak bola xanjalaga o‘ralib hovliga qochadi.
- Vahima shamoling qursin, pishagimniyam qo‘rqitding, deydilar.
Mardon so‘ramay kalavadan ikki quloch o‘lchab shart uzib oladi. Enam ko‘rmagan bo‘ladi. Mardon birda bir maslahat so‘rab, birda bir gapni aytgani keladi. Ko‘pincha hol so‘rab.
- Ena, qishloqda gaplashishga arziydigan odam ko‘p-u, bechoralarni fe’li qisilib, gapiradigan gapiniyam bilmay qolgan. Shundan bo‘lsa kerak pichoqqa ilinadigani ko‘chagayam chiqmaydi.. O‘zi bilan o‘zi. Bu ularni yo‘li. Bundan kimga naf? Tentaklik mening yo‘lim. Bitta yarim ishlarga tentaklik qilib bo‘lsada qishloqqa nafim tegadi.
- Eshitdim. Tog‘ni suvini quvurga solganlar shunday katta qishloqqa bitta suv ochamiz deganda, janjallashib to‘rtta ochtiribsan. Suv ochgan savob.
- Ena, o‘zingiz ayting, sharillab turgan soyimiz suvini quvurga solar ekanu, bizga bitta kran berishadimi? Bir kami endi eshagim bilan mani navbatim-sani navbating deb kran og‘zini talashishimiz qoluvdi.
- Aynima. Sal yaxshi gapirsa suyilib ketasanlar. Yo‘rgakda tekkan kasaling baringni.
Ikkovining oldi-berdisi borga o‘xshaydi. Yo Enamga pulini qoldirib ketadi, yo pul oladi. Hozircha bilmayman. Lekin, sezayapman.

MARDON DALLI

Dalli Jarko‘chani o‘rtasida eshagiga taxta o‘ngarib kelardi. Magazinni oq qog‘oziga o‘rog‘liq. Maktabga ketayotgandim. Meni ko‘rib to‘xtashimni bildiradi.To‘xtayman. Taxtani yo‘l chetidagi toshga suyadi.
-Samarqandni ko‘rib keldingmi?
-Ha.
- Kattatog‘ni chizgan rasmingga ko‘zim tushdi. Yaxshi. Mengayam bitta solib berasan. Uyimga qo‘yaman. Kim sani ursa, rasmchi deb ustingdan kulsa, manga ayt. Enasini uchqurg‘ondan ko‘rsataman.
 Keyin, xurjunining bir ko‘zidan bir quchoq rasm daftar va ikkinchi ko‘zidan bir xalta qalam, har xil bo‘yog‘, cho‘tkalarini oladi. Toshga suyab qo‘ygan boyagi taxtani qog‘ozidan chiqardi. Oyoqlari bor ekan. Oyoqlarini kerib, tik turgandan keyin betini ochdi. Taxta o‘ragan qog‘ozdan bir parcha olib, taxtaning betidan joyini topib, qistirdi.
- Bu sanga rasm chizgich taxta. Tik turib chiz. Yaxshi chiziladi. Bular ham senga. Nima kerak bo‘lsa menga aytasan. Katta rassomlar tik turib chizadi. Ro‘zi Chorini bilasanmi? 
- Ha, soqoli bor. 
- Do‘stim bo‘ladi. Uchrashtiraman. Odam. 
- Hovuzga chizgan rasmingni ko‘rdim. Muzlar erib ketsayam Samarqand qoldi. Suvning betida qoldi. Rangi osmonlarga urdi. Men uni ko‘rdim. 
Men hayolimda chizgan rasmimni u kishi qanday ko‘rishi mumkinligi, yoki rostanam hovuzga rasm chizganmidim degan o‘yda ko‘rinmasayam Kattahovuz tomon qaradim. 
- San o‘g‘rilik qilma. Bunaqa ishlar bizniki. Mani otim yomonga chiqqan, mayli, bundan keyin ham yomon bo‘lsin. Odamlardan yo o‘g‘rilab, yo tortib olish kerak degan gap, kunigacha turadigan gap. Kuni kelgach o‘g‘irlab olinganni o‘g‘irlab, tortib olganini tortib olishadi. Qanday kelgan bo‘lsa shunday ketadi. O‘z bilgisi bilan birov birovga yaxshilik qilmagan, qilmaydi ham. Yo‘q bo‘lsa berolmaydigan, bor bo‘lsa ko‘rolmaydigan to‘plarga qo‘shilma. Og‘irni ostidan, yengilni ustidan yurib mehnatdan qochganligini galstugim bekitadi, deydiganlardan uzoq yur. Mehnatni og‘irini, nonni kichigini ushla. Mehnatni og‘iri o‘qish. Til o‘rgan. Mehnatiga chidasang ivritni, nemisni tiliniyam o‘rgan. Tilni kerak emasi bo‘lmaydi. Til azalda bitta bo‘lgan. Tilda xilsat ko‘p. San, jo‘ra o‘qishing, rasm chizishing kerak. Qishloqni tanitishing kerak. O‘smat Ota, Navqa Ota, O‘qotar, Bog‘mozorlarni chizishing kerak. Kattatog‘ni bor bo‘yi bilan chizishing kerak. Chizganlaringni tomosha qilgan oldidan ketolmay qolishi kerak, bildingmi? Tutrig‘i, tayini yo‘q to‘plarga qo‘shilma.
Mardon tentakka o‘xshamaydi.

ENAQORIN XOTIRALAR

Toqqa yolg‘iz chiqishga yosh bolalarga ruxsat yo‘q. 
Bola tugul chigi uloq toqqa o‘rmalasa xabar topib orqasidan borib surishtiradigan Shirinqul tog‘begi supani ko‘rgim kelib, hayhotdek sayhonda ota izi yo‘llardan yolg‘iz yurganimga hech narsa deyolmaydi. Panalab-panalab ortimdan kuzatib turganiniyam bilaman. Men avval otamga o‘xshab, sayhonni bir qur aylanib chiqaman, keyin, odamlarni bosh chanog‘ini eslatuvchi suzzoq-suzzoq toshlar xafsala bilan terilgan yo‘lakning toshlarini sanayman. Bir, ikki... yetti yuz yetmish yetti.. yapaloq toshga o‘tirib, otam silagan joyni silab ko‘raman. Tosh ustida o‘tgan go‘dakligimni eslayman. Qo‘limdan ushlab toy-toy qilishgani yodimga tushadi. Mana, toshdagi eng katta chuqurcha akamniki. Mana bu uchta bir-biriga yaqin chuqurchalar meniki. Yong‘oqlarimni shu yerga yashirib qo‘yardim. Toshning narigi chekkasi qizlarning o‘yinxonasi. Tosh tagida chillikning cho‘plari bo‘lishi kerak. Borib ko‘raman. Chillik cho‘plar bekitig‘lik bo‘ladi. Keyin o‘choq boshiga, qora uy tikilgan joyga borib chordona qurib o‘tiraman. Qora tortib, atrofini jangalu, yosh archalar bosib ketgan rizqxonalar-erto‘lalarni yaqiniga borishdan qo‘rqmasamda, uzoqdan bo‘lsada ser tashlayman. Otamga o‘xshab Bo‘ronqo‘nish cho‘qqisi ustidagi yakka archaga qarayman. Cho‘qqidagi yakka archaning shamol betida shoxlar yo‘q. Boshqa tomonidagi shoxlarini shamol yulqiverganidan uzun bo‘lib o‘sib ketgan. Xuddi yam-yashil bayroq shamolda hilpirab turgandek.
 Kattatog‘ deganim qaerda ekan deb yurmang. Bu Turkiston tizmasi. Uning uchi qiyri yo‘q. Oyqortog‘ uning bolasi, Bo‘rio‘ynar, Oqtosh, Zomintog‘, Urgut tog‘lar nevarasi. U boshidan bu boshiga qush uchib yetolmaydi.
El qora archa deydigan, maktabda Turkiston archasi deb o‘qitiladigan, Kattatog‘ning eng baland joylarida qor-u shamol, issiq-sovuqlar bilan azaldan olishib, ustun kelib bayroq tikib, bayroqqa o‘xshab o‘sadigan bu archalarga men “Turkiston archabayrog‘i” deb ot qo‘yganman. Uni bo‘jaxo‘rlar-qarqunoqlar ekishadi. Archabayroqni o‘rmonchilar ekishmaydi. Odamlar ham. Uni shu qush ekadi. Bu gap uzun gap. Sovurilmagan umrdek. Nasib etsa, ko‘nglingiz ko‘targan kuni hammasini aytib beraman. 
Bo‘jaxo‘rning oti o‘zi o‘ndan ortiq. Xuddi Kattatog‘ning otidek. 
Katta poshsholar, avliyolar va sirli joy, narsalarni oti o‘zi ko‘p bo‘larmish. Asl-toza nomini yuvuqli-yuvuqsiz og‘ziga olavermasligi uchun el elmoyish ot qo‘yarmish. Enam shunday degan.
Nazarim cho‘qqidan pastroqqa enadi. Cho‘qqiga guvullashib chiqayotgan askarlardek sanoqsiz archabayroqlarga qadaladi.
 Keyin, Kattatog‘ning Oy Qor va Oy Makon tog‘lari ikki qo‘ldek bag‘riga olgan, katta qog‘ozga chizilgan chiroyli rasmdek bo‘lib yotgan etakdagi qishlog‘imizga, undan ham quyidagi uchi-qiyrig‘i ko‘rinmaydigan dalaga tikilaman. Yor Yayg‘oq-Jarg‘oqdan urho-ur, urho-ur degan ovozlar keladi. Bu joylarda bir emas, ikki emas ming bor bo‘lganligimni his eta boshlayman. Shu joylarda bolaligim o‘tgandek, asov otlarni mindi qilgandek, O‘qotarda yoydan o‘q otishni yillab mashq qilgandek bo‘laman. Jizzax va Samarqand o‘rtasidagi Yor Yayloqni to‘ldirgan otlar dupiri dalaga sig‘may, kelib ko‘kragimga bekinadi. Bir vaqtlar ming gazlik mudofaa devori bo‘lgan xona vayron Kampirdevor bir etagini Xarkanadan, bir etagini Hazoradan ko‘tarib vazifasiga kirishganligini bildiradi. O‘choq boshidagi toshlarning birini ostiga qachonlardir bir shoda jamalak ko‘milganligini eslagandek bo‘laman. O‘sha toshni ko‘taraman. Ostidan Enamni ipidek iplarga tizilgan, ohangjamoli, tanga va g‘ubbachalarga to‘la sochpopuk, jamalak chiqadi. 
Archalarni sug‘organi kelgan qadim tuman o‘z ishini birovga oh-voy demay, ko‘z-ko‘z qilmay, kelganiniyam ketganiniyam birovga bildirmay Oyqortoqqa o‘ngirini yig‘ishtirgancha jo‘naydi. Tumanlar tanish ko‘rinadi. Ayniqsa, hidi. Undan Samarqand devorlarining, Enamning qalampir munchog‘ining bo‘yi keladi.
Qop-qora bulut Hayotboshi cho‘qqisi ustiga kelib o‘tiradi. Tumanga bepisand qaraydi. Hurmati joyiga qo‘yilmagan qudalardek qosh-qovoq qiladi. Birov bilan urushib xumordan chiqishga haddi yo‘qligidan qiynaladi. 
Jamalakni enamga ko‘rsatishim kerak.
Tog‘begining ishdan qolmasligini istab tez-tez qadam bosib, pastga tusha boshlayman. Aksiga olib Tog‘begiyam bekinib turgan do‘lana ortidan yo‘limga chiqadi. Men oldimga tushgan soyamni bosib sekin, shoshmay yurishga harakat qilaman. Aeroportni ko‘rmagan, samolyotda uchmagan bo‘lsamda safarda bo‘lib yurtini sog‘inib qaytgan, yurtiga mukofot olib qaytgan odamdek his etaman. Dimog‘imda bir hid bo‘ladi. Bu hid aeroportlarda bo‘lsa kerak. Nasib etsa hidlarman. Shunda soyamdan qo‘limni orqamga qilgancha so‘lqillab, otamga o‘xshab yurayotganligimni bilib qolaman. Otamning shunday yurishini yaxshi ko‘raman.

ENA SHAMOL

    Bir ishni mengarib qo‘ygandek Shirinqul o‘rmon yo‘liqadi.
    - Ha Otajon, deydi sizlab.
Men indamay bosh egaman.
-    Bir o‘zingiz chiqmang. Jondor ko‘p.
-    Tog‘da kiyik ko‘rdim.
-    Ha, so‘qoqlarnimi. Yaqinda kelishdi.
-    Mana nima topib oldim, degancha jamalakni ko‘rsataman.
-    Bu kayvoni-Biynisolarni kulatasiga osiladigan jamalakku.
Men tushunmaslikdan yelka qisaman.
-Bunisi toza kumush. Bunisi tillo tanga, degancha qo‘lini cho‘qqa bexosdan tutib olgandek tortib olarkan. Qo‘l tekkizganlikdan qo‘rqqanligi sariq yuzi ko‘karib ketganidan bilinadi.
-    Enaga bering, Otajon. Enani haqi.
-    Haliyam.
Meni otiga oladi. Yo‘lda Shirinqul o‘rmon o‘z-o‘zidan piq-piq yig‘laydi. Biror joyi og‘riyotgan bo‘lsa kerak.
Qo‘shiq ayta boshlaydi: Bir zamonlar kelar bo‘ldi, jamolini ko‘rarmanmi?
 Men Tog‘begini orqasidan belini quchgancha o‘zimni uxlaganga solaman.
 Tezroq uchinchi sinfni bitirishni iloji yo‘qda. O‘zi uchinchini hamma kitoblarini o‘qib yodlab ham bo‘lganman. To‘rtinchinikiniyam. Birdan beshinchiga olishmaydida. Maktabni qachon bitirar ekanman. Ertaroq bitirsam Enam aytgan katta o‘qishda o‘qish uchun Ota Samarqandga borardim. Enamdan eshitganman. Ishni o‘qdayi, ishni o‘qi , o‘qday ish, o‘q ish – o‘qish. Menga qishloqda hamma havas qilishini bilaman. Odamlar Enam bilan bir marta gaplashsalar bir oy kasal bo‘lmaydilar. Bunaqa Ena hech kimda yo‘q. Men hech kimga yomonlik qilmasligim kerak. Yomonlikni o‘ylamasligim ham kerak. O‘ylaganimni odamlar bilmasalar ham farishtalar biladilar. Enam ham. Enam xafa bo‘ladilar. Esli bolalar enalarini xafa qilmaydilar.
Avvaliga ahyon-ahyonda esimga tushadgan o‘y, endilikda butkul hayolimni egallab olgan. Tursam ham , o‘tirsam ham Samarqand ko‘z o‘ngimda. Qo‘llari osmonga osilgan minoralar. Ichimda issiq bir narsa guv-guv qiladi. O‘zi bilan o‘zi urishadi. O‘zi yarashadi. Gohida yosh bo‘lib dumalab chiqib ketadi. Men Samarqandni sog‘indim shekilli. Yo Samarqand mani. Ikkita odam bir-birovini birdek sog‘insa shunday bo‘ladi. Enam shunday deganlar. Sog‘inch va tushni birovga aytmaydilar...
Hamma narsani qaytishi bor ekan. Yo‘qotganni topish bo‘lgandek. Biror narsani topganingda biror narsani yo‘qotishing tayinligini birov bilib birov bilmasada, bilgan, anglagan vaqtingdan boshlab boshing muzlab qolishi, ko‘klamning ko‘zga yoqimli tuyuladigan, aslida jonni azzot sug‘urib oladigan sovuq yomg‘iri ustingdan shirg‘iragan, yap-yalang katta qirda badan-badaningni teshib borayotgan shamoldan bekinishga pana joy topolmay, qo‘lingda birinchi tug‘ish emdirmay, allaqachon suruvga qo‘shilib ketgan shar qo‘yning og‘izlanmagan qo‘zisi bilan karaxt bir holda, nima qilishini bilmay qolgan noshud yordamchi cho‘pon holiga tushishing azob ekan. 
Mo‘ltoni yogan tayoqlarning qarsillagan ovozi Kattatog‘dan qaytdi shekilli, quloqlarim ostiga kelib urildi. Ikkinchi marta lo‘liqiz holiga tushdim.
Samarqand shamoli, yo‘q, Enamning shamoli doriyotganini bildirib, yer-u ko‘kni to‘zon qopladi. To‘zon qancha kuchli bo‘lsa, shamol shuncha ko‘p vaqt davom etishi, shamol ko‘p essa tog‘da suv ko‘p bo‘lishini, suv ko‘p bo‘lsa, qishloq barakali, to‘qchilik bo‘lishini endi hamma biladi.  
Samarqandni ko‘rganimdan, topganimdan sal o‘tmay yo‘qotgan narsamni aytishga tilim bormaydi. Enamning ovozi tikib bergan choponchalarining o‘ngiriga osilib qolgan.
- O‘smat Ota bilan Samarqand bir qadam. Yigit odamga shuyam gapmi? Bir irg‘isangiz yetasiz. Burung‘ilar yayov, piyoda borib kelgan. Sizga yo‘ldoshtumor tikayapman. Iynamga ip o‘tkazib bering......siz mani ko‘zimsiz... balajon. Dunyodan olaring nafas, uyam bo‘lsa bir pas, degan qadimgilar. Qoladigani halollangan nafas. Siz mening nafasimsiz...
Enamga enasi, enam menga o‘rgatgan qo‘shiqni aytgim keladi. Aytgim kelganini shamol biladi. Mandan oldin Enamday qilib aytadi. Men yig‘lovoray-yig‘lovoray deyman.
Enalari Enasoyga oqib ketsa,
Bolalari toshlar otib qolsa yaxshi.
Enasoyning sirtlonlari ado bo‘lmas,
Bir-birini turtkilashmay yursa yaxshi.
Enalari Enasoyga oqib ketsa,
Bolalari toshlar otib qolsa yaxshi.
Enasoyning ado bo‘lmas sirtlonlari,
Bir-birini iskalashib yursa yaxshi.
Ichimda, ovoz chiqarmay unga qo‘shilaman. Ena shamol qo‘shiqni Kattatog‘ning u boshidan bu boshiga eshittirib bir zumda olib borib, olib keladi. Barmoqlarim orasidan erkalanib-erkalanib o‘tadi. Sap-sariq sochlarimni avval tuzitib o‘ynaydi, keyin chakkamdan tushib turganlarini quloqlarim ustidan oshirib qo‘yadi. Betimga betini qo‘yadi. Peshonamni silaydi. Nam hidi urgan burnini ko‘zimga tekkizib iskalagan bo‘ladi. Ko‘ziga qarashga hali kuchim yetmasligini biladi. Ikki qo‘limdan siltab qaddimni tik, dimog‘imni chog‘ qiladi.
Ko‘zimni yumib, og‘zimni ochaman...    
Bir marta qaerda yolg‘on gapirganimni topingchi?

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.