OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bahodir Qobul. Ota chiroq (hikoya)

1.    KUL BOSGAN XAYOLLAR

Bir vaqtlar, tong ertasi shamolning hurillab kelishini xush ko‘rar, ko‘ksiga tegsa gurillardi. Bo‘ron bilan ermakka olishib, kifti o‘ng kelgan chog‘lar ko‘tarib urardi. Hozir yo‘lini hovliqib kesib o‘tgan bodi havodan o‘zini zo‘rg‘a chetga oldi. Shundoq ham nafasi yetmay, o‘pkasi og‘ziga tiqilib turuvdi. Adog‘i ko‘rinmaydigan, ochiq-yopiq, qo‘shni-qavat mozorlararo o‘ziga makon, kapa qidirdi. Qarg‘ish qoraytmagan, sag‘irlik sarg‘aytmagan, egasizlikning yurak yutar vahimasi is osmagan kulba, boshpana, qo‘nim qidirdi. Ilg‘amasa-da, quyosh taftidan tusmollab birov Mixtepa, boshqasi Mig‘, yana biri Miqtepa deydigan, eskini odami Mug‘ atamish tog‘ tomon ko‘z tikdi. Zoriqdi. Damsar urishga qo‘rqdi. Qo‘shilishib joni chiqib ketardek tuyuldi. Jardan dili so‘lg‘inib emaklab tusharkan, Sakkokiy g‘origa bo‘yladi. Mashkot, chiroq qo‘yar tokchasidan sig‘indiday joy oldi. Xomush tortdi. Xatar bosdi. Seskandi. Ko‘ngli behuzur, vujudini qaeridadir, nimadir bezovta bo‘ldi. Ichi to‘kilib borayotganini his etdi. Naqdi yeb bo‘lingan, nasiyasi garovga qo‘yilgan umr ko‘ziga yo‘liqdi. Sha’nining shami so‘ngan, kuya tortgan bevosh bosh, miltillab-mo‘ltillab na ketarga, na qo‘shilib yashashga qo‘yadi. Karaxtlik murgilatdi. Bir vaqtlar shamxolning (pilta miltiq) yonari yonmay, pistaday o‘qni otishga qiynalib, turish-turmushi tutab ketishiga guvohi bo‘lganda, piston-piltalarning holiga kulgandi. Dunyo kulgulik emasligini ko‘zdan nur, tildan hukm, beldan kuch, ilkdan quvvat ketganda anglaganing befoyda. Xoh ko‘m, xoh ochib yig‘la. 
Davlat nog‘orasini chalgancha tuproq mahallasida qolib ketgan, sonsiz shohlarning sanoqda yo‘q mozorlari, to‘plagan hisobsiz moli-dunyosi egasini topib, qarichlab o‘lchab o‘ralgan kafanlar jiyagining chirigiyam qolmagan qabrlari yoqalab alg‘ov-dalg‘ov ko‘nglini sudragancha sillasiz sirg‘alar ekan, or o‘rniga o‘ron, shon o‘rniga nishon talashib bir-birini qisgan, yer yutib, qo‘shmozor bo‘lib birlashgan og‘zi ochiq laxatlar labida tikkaygan tikan-xori mug‘ilon shoxidan qovjiragan joytanlamas, beor-benomus arpabodiyon chanoqlariga tortilgan, osilgan egasizlik bayrog‘idek pirpirayotgan to‘rlarga til soldi, bir qavat qaynoq havo ustiga kashtasini keltirib surkadi-da, yamlamay yutdi. Shami sha’n, chillasi chiroq ko‘rmagan uyatli mozorlar betiga qaramay, gangirab, beixtiyor ortiga o‘rmalagancha qaytarkan, boyagina qilgan ishi o‘ziga yoqqanday bo‘ldi. Obimashhad degich, bir ma’nisi Qabriston suvi, bir ma’nisi Otamozor bo‘ladigan ariq yoqalab suvloqqa tushgan kaptardek tizilishgan katta-kichik g‘orlar og‘zidan o‘g‘ridek mo‘raladi. Avval, Miskin Ota otliq mashoyix, keyin boshqa g‘orlar shiftlariga beega yuz yilliklar osgan tortanak belanchaklarini, o‘rgimchaklar eshgan to‘rlarni milklari orasiga olib yamladi. Uzib yeyishga kamida tish kerak. G‘or og‘ziga to‘r osib, oyoq-qo‘llari g‘ujanak bo‘lib, ichkaridan chiqayotgan hovurda halinchak uchayotgan o‘rgimchaklarda quloq bormikan, eshitarmikan, degan o‘yda qarsak chalgandi, sanoqsiz o‘rgimchiklar oyoq-qo‘llarini avvaliga baravar yozgancha sergak tortdilar. Bir zumlik sarosimadan keyin arqonlariga tortilgancha yuguriklab, yuqoriladilar. Bexavotir, tinch deb o‘ylagan manzillarida to‘xtab, ovoz qaerdan kelganligini qidirdilar. 
Qari Olov g‘or kunjiga tiqilar ekan, bordan kam, yo‘qdan ko‘ra kifoya gunohni bo‘yniga olib, alami ichida toshqotgan odamdek yutinib, ko‘rguliklar bitta qo‘ymay qoqib olgan tishsiz, tashlandiq o‘raday o‘pirilgan beo‘xshov og‘zini tilini chiqarib artgan, tozalagan bo‘ldi-da, cho‘g‘i pasaygan ko‘zlarini bamaylixotir yumdi. Xotir maylicha, xotir istagicha, xotir iznicha, xotir xohishicha yumdi. Dard ulg‘aydi. Xotir g‘ami ulg‘aygandan ulg‘aydi. Och kanaday bostirib keldi. So‘nggi salkam yetti yuz yilda birinchi bor o‘z hovirini o‘zi ko‘rdi. Katta qora ter quyilib keldi. Sust bosdi. Nimagadir tokchalar qorasiga peshonasini ishqab-ishqab, surkab-surkab olgisi, erkalangisi keldi. Qachonlardir bu joylarda bo‘lganlik sharpasi lip etdi. Yer bag‘irlab kelgan sukunat qo‘l berganini sezdi. Sezgisi tusmollab to‘xtagan joyga – sukunat ko‘ziga termildi. Tubsiz jarning qorong‘ulig‘idan boshqa qarolik ko‘rinmadi. Qo‘shilishib, boshini yelkasiga osiltirgancha, Afrosiyobni aylangani chiqishga yuragi yetmadi. Ko‘ngli ko‘tarmadi. Shavkatli turk mozoriday mag‘rur qir, qadimiy qasr kultepasi hidiga dumog‘ini to‘ydirib olgach, qachondir, nimanidir yo‘qotib qo‘yganini, lekin nimaligini eslolmagan boladay iziga qaytdi. Tengqur, qurdosh topolmadi. Topgani, tanigani Kattatog‘ suvidan tikka bo‘lgan devorlardagi hid bo‘ldi. Davru zamona taxma-taxt qilgan, tirikligida salomini it ham olmagan gado go‘ri oyog‘i uchida tizilishgan uchi-qiyri ko‘rinmaydigan shohlar mozorlariga qaradi. Go‘r ham egasiga o‘xshab borarkan. Ilma-teshik qabrlardan bir-birini quvib chiqqan yumronqoziqlar inlariga qaytib, boshlarini chiqargancha jo‘rttaga mo‘raladilar.  
Yag‘rinigacha yag‘irlashgan, qo‘ymichigacha qo‘tirlashgan, biroq uzayib uzilmagan umr ustomonligiga ishonib, kechagina endi bu yerni yelkamni chuquri ko‘rsin, deb etak qoqqan o‘rnidan o‘zga tinch joy topolmasligiga iqror bo‘ldi. Yerdan bo‘g‘zini zo‘rg‘a chiqarib turgan sag‘ana toshlarining sovuq va xira yaltirashidan o‘zini olib qochgancha munkillab, miltillabgina yotog‘iga o‘rmaladi. Ayvondan Kattatog‘ yoqalagan, bir vaqtlar qo‘rlaridagi cho‘g‘larga osmondagi yulduzlar havas qilgan Mug‘ ham, shuhrati so‘nmas shahar ham birdek ko‘rinadi. Tushunadigan topilmasa ham shu ikkovginasini ko‘rib tursa bo‘ldi. Shashting, yonishing o‘zingnikiga o‘xshamasa, tengqurlaring tugul tug‘ishganlaring, o‘zingnida o‘zing tanimas ekansan.
Kattatog‘ va Samarqand ko‘rganini hech birov ko‘rmagan. Shahar necha bor xarobaga aylanganini, na erkagu na ayol, na sog‘u na xiyol, na darveshu na devona Shoh Juguzning: “Bor edim Nuh vaqtida, yo‘q etmadi to‘foni ham... Tegma eranlar itiga, bir boshiga ming bosh ketar”, degancha huvillagan ko‘chalarda o‘ziga-o‘zi gapirib, hu-hulab asrlar sanagan vaqti, besalom, bexabarlar kasriga qolgan, buzuqilik davroni necha bor qaytalanganini, qatordagini bari mard bo‘lmasligini birov bilmasa-da, o‘zi ko‘rgan. Sovuqdan pocha qoqayotgan Shohga issiq bo‘lsin deb, mog‘orasiga cho‘g‘ tashlab ketib, qalandarni tentakdek tentiratgan, suyuntirgan kunlarniyam tilini bir chiqarib esladi. O‘zi shunaqa olov zoti sal o‘nglansa, xursand bo‘lsa hayratini yashira olmagan yosh boladay tilini bir chiqarib oladi. 
 Tanish shamol sochi to‘zib, turtinib-surtinib avval Turk Afrosiyob o‘tgan ko‘chalarni tusmollab yugurdi. Har bir pastu-balandga peshonasini urib ko‘rdi. Ko‘ksini qaqratib, boshidan tuproq sochdi. Otasini ko‘z oldida tuyuqsindan yer yutgan boladek izilladi. O‘zini o‘nglab, barcha ulug‘lar ulug‘i, G‘arbu Sharq chaqmog‘i Hindistonni olib qaytgandagidek, boshlab Hazrat Shohni tavof qildi. Tuman oqo xonaqosida nafasini rostladi. Bog‘i Chinor sari jo‘nadi, undan Bog‘i Behishtga qarab ketdi. Bog‘i Balandga kelib qo‘ndi. Katta enalar qo‘nimi–Ishratxona mozorotida yig‘lagisi keldi. Ko‘ksaroy, Bo‘stonsaroyni o‘ragan Toshqo‘rg‘onda tosh qotdi. Nimani, kimni, ne birni izini izillab izlaganini o‘zida bilmadi. Samarqand avomi buzuqilik davridan buyon Jonmard qassob mozori deydigan Sherdor madrasasi supasidagi, aslida Turk piri naslidan bo‘lmish mashoyix sag‘anasiga mingginchi bor bosh urdi. «Devori qiyomat» ustida oyog‘ uchida turarkan, so‘rov bergandek uzoq vaqt o‘yga toldi. Registon va Arki Oliy o‘rtasidagi buloqni qidirganini, topolmagani, ishonimli ot va erkin shamol davrini qumsagani, yuragi kuyib sog‘inchini sovutgani, o‘zini Zarafshonga bir tashlab olgani, oxirida, shaharni balo-qazolardan himoyalagandek to‘rt tomoniga o‘zicha dam solib, ro‘paradagi xayoli ravoqlaridek ayri tushgan, tos tevvasi o‘yiq imoratdan joy topganini ko‘zlari miltillab kuzatib turdi. Shamolning ham uning holiga ko‘zi to‘rt bo‘lib, tirikmikan, deb qarab turganligini qo‘qqisdan tusmolladi. Ilkis ilg‘adi. Lip etgancha guvillab yetib kelishidan xavotirlandi. Ko‘rmaganga oldi, qo‘ydi. Dard ham davr g‘animat degancha, qayrilgan qahrini qayrarga tosh topilmay dami qaytdi. Xo‘rlangan hurlik yang‘lig‘ karaxt, xo‘rliqqa yo‘liqqan hurlikday dirdiradi. Xo‘rlik va hurlik orasini o‘lcharga yetarlik o‘y topolmadi. Hurlikdan xo‘rlikka o‘tar yo‘llarning qisqaligini chamalasa-da, xo‘rlikdan hurlikgacha yo‘llar adog‘i ko‘rinmadi. O‘pirilgan yakkamozor ustidan o‘tarkan, oyoq tiqqan kovushidan chayon chiqqan xotindek irg‘ib tushdi. Soyalar ortidan ergashdi. To‘xtasa to‘xtadi. Hardamxayol, sudralgancha kapasiga kirarkan, ortidan qaro tortib ergashgan har bir yuzqarolig‘: tildan ketish, beo‘ylik, e’tiborsizlik, ona tildan orlanish kasridan boshlangan orsiz jon talvasasi chandig‘i, yutumga yuz burib och qorin yeb qo‘ygan ilm uvoli, ko‘zi yiltillagan murdadil do‘st xiyonati zahri, zarari foydasidan ko‘p soddalik nuqsi, haromtavoqlik yuvindisi yuqi, ko‘nglini bo‘shidan etagini ho‘li qurimaydigan ishonuvchanlik anduhi, kibru havo yuviqsizligi, qaramlik yalog‘ining qasmog‘i, ko‘zni bir siqim tuproqqa to‘ldirishga zor darbadarlik ohu zori, sharmisor sig‘indilik sharpasi, dunyo talashish isnodi isi, xunhaqi so‘rar tili tagi bilan kesib olingan qonlar izi, nomardga muhtojlik mustarligi, mavrid-bemavrid kayfu safo sassig‘i jamiki soyayi-ziyon qatordan o‘z nasli-nasabi, mansabu martabasiga ko‘ra joy-joyini egalladi... 

2.    SAMARQANDNI YAXSHI KO‘RISH

– Samarqanni Samarqanday yaxshi ko‘radilar,–dedilar Enam egasi ko‘pkariga qo‘shadigan otiga dam solib qaragandek egnimga bir sidra nazar tashlar ekanlar, sokin va sekin, biroq ming yildan keyin ham eshitilib turadigan, esdan chiqmaydigan, o‘chmaydigan ohang va maromda, nafaqat menga, balki hamsuhbat bo‘layotganidan dimog‘i chog‘ shamol, yana omon ko‘rganidan ko‘ngli yorishib, esankiragan kunduz, tepamizda bosh eggancha havas bilan chapak chalib turgan tut, chillani kattaqoridan qolgan muzni ko‘taraolmay qiyshaygan tarnovga ilinib, qilar ishi in qurish ham esidan chiqib, tumshug‘iga qo‘ndirgan chitirni nima qilishini bilmay, gapga goh chap, goh o‘ng qulog‘ini o‘nglayotgan musichagayam aytgandek. Qo‘shib qo‘yadilar: Toshkanni donini yegan chumchuq Makkadan, Samarqanni ko‘rgan jannatdan.
Enam o‘zlari shunaqa. Gapirganda kun-tun, oy-yulduz, tog‘-tosh, yer-suv, issiq-sovuq, qush-quzg‘un, dov-daraxt, qor-yomg‘ir bilan odamdek gaplashadilar. Odam o‘rnida ko‘radilar. Har bir gaplarini yod olishim zarurligini tovushlarini past-baland qilib bildirgan, qarz gapni tayinlagandek bo‘ladilar:
– Yo pirlar, deb oyoq bosing, balajon. Yo, otaqo‘nim, deb bosing, balajon. Yo otalar, deng, balajon.
– Enajonlar desam ham maylimi?
Mehmon kipriklar allaqachon tark etib, farishtalar joy talashayotgan mijjalarini teng yumib, vaqtniyam to‘xtatib qo‘yib, bir maydondan keyin sekin, birdek baravar teng ocharkanlar, rozilik bildirgan bo‘ladilar. Ko‘ngillarini topganimdan xursand bo‘laman.
– Keldik, deng balajon.
Ovoz chiqarsam eshitganlar kulishlarini xayol qilaman:
– Ichimda aytsam ham bo‘ladimi?
– Ko‘kayda aytganni yetti qat osmon eshitadi.
– Samarqand hammani taniydimi?
– O‘zini taniganni taniydi.
Kimga qo‘shilib borishimni ko‘kaydan o‘tkazgandim:
– Lashkarni qo‘shing, chirog‘, dedilar. 
Yolg‘iz ketayotganimdan ikkilanib, gap topolmay, siz orqamdan qarab turasizmi, degan gapni qanday aytsamikan deb turgandim: Enam og‘iz ochmasalar ham a’zoyi badanlaridan ovoz chiqqandek, dastorni katta qo‘ygan boshlarini xam qilib, ha, shunday, degandek bo‘ldilar. Qo‘shilishib osmon ham xam bo‘lgandek tuyuldi. Xuddi birovga gap qo‘shgandek qo‘shib qo‘yadilar: yolg‘izni yori xudo.

3.    SHARQQA HIJRAT

Eski va yangi murdalar hidi qo‘shilishib, uyqashib-suykashib suzib yuradigan, tapponiga qarab to‘g‘riso‘zdan tonmaydigan fohishalar makoni Venetsiyaga avvaliga avrab chaqirilgan va sakkiz yillik tutqunlikda ushlanib, aytganidan qaytmagan, keyin Rimning Gullar maydonida yoqilgan gulxan ustiga tikilgan bandini ikki yamlab bir yutgan olov, oradan ming yil o‘tib ham o‘chmagan bo‘lsa-da, o‘shanda undan sachragan uchqunlar zum o‘tmay shamollarga qo‘shilib yer sharini allaqachon kezib chiqqan, Quyosh atrofida aylanuvchi sayyoralarga xabar berib ulgurgandi. Etagidagi kulni qoqqan uchqun xayolini yig‘ib olgani bir zum osmonga tikildi. Atrofni o‘ragan kardinal, abbat, vikariy, yepiskoplar oralab o‘tdi. Yulduzlar yo‘l ko‘rsatdilar, yoqasini o‘ynagan epkin ko‘nglini ko‘targan bo‘ldi. Tekin tomoshaga o‘ch olomondan uzoqlashar ekan, tiriklay yoqilgan yuzlab odamlar ruhlari izg‘iyotgan maydon chetidagi yaydoq eshakka ko‘zi tushdi. 
Avvallari, “Qurbonlik maydoni”, keyinchalik “Vatan sajdagohi” atalgan joyda o‘rnatilgan Romul haykaliga bosh egdi, qo‘l silkidi. Rim Forumi bilan kesishadigan Muqaddas ko‘chaning qayroq toshlarida mak-mak o‘ynagandek sakradi-da, Kapitoliy qirlariga o‘rladi. Chim bosgan Avgust xonadoni, Imperator saroyining qarg‘ish yiqitgan, arvoh ham kirmay qo‘ygan xaroblarini paypaslagan bo‘ldi. Bo‘yma-bo‘y, qavatma-qavat keladigan Mikelanjelo Buonarroti va Abu Ali ibn Sino ko‘chalarida bir vaqtning o‘zida baravariga yugurikladi. Kapellada “Yorug‘likning Tundan ajralishi”, Quyosh va Oy; daryo va giyohlar; Odam Ato, Momo Havoning yaratilishlari, “Gunohkor insonning ko‘chishi”, “Nuh qurbonligi”, “Katta toshqin” suratlari yolqinlari bilan avval qo‘shilishib, keyin ayrilishdi. Karakalla tepaligi tevvasiga chordona qurib uzoq o‘tirdi. Oradan yuz yilliklar o‘tib, o‘ziga qo‘yilgan sag‘anadagi yoziqlarni ovoz chiqarib o‘qidi. “O‘sha joyda, qaerkim, gulxan yoqilgan joyda, oldindan ko‘rilgan yuzyilliklardan”. 
Burro O‘tyurakni chap ko‘zi oqib tushgan, og‘ziga yuviqli-yuviqsiz qo‘llar tiqilaverganidan ko‘ngli aynigan Rimning katta rapidaday “To‘g‘riso‘z taqdir toshi” kuzatib qoldi.
Kellin eshagi* uni gulxanga mubtalo qilgan, olovga olib kelgan bo‘lsa, bunisi hijratga olib ketishini sezdi. Yaydoq mingancha, yo‘lga sig‘mas do‘lbarjinday jo‘nadi. Konigil qo‘rig‘i marzalaridagi qadim xumdonlar yonida ulovdan tushdi. Xumdonlarga bir-bir kirib isindi. Uchrashuvga tayyorlanar ekan, shami yonishini istadi. Jahongirni mingini ko‘rgan Sug‘d daryosi suviga bosh-oyoq yuvindi. Qadim zamonlarda olib kelingan eldoshlari, elga el bo‘lib ketgan miletliklar vatan qilgan toqqa qaradi. Shamolini tuydi. O‘rnilarida bo‘lgisi kep-ketdi. Yuzini oy nuri yaltirayotgan suvga solib ko‘rdi. O‘zi o‘ziga yoqdi. Tengqurlar salomini egasiga yetkazdi. Samarqandga Rimdan avvallari ham ko‘p salomlar kelgan. Yalang oyoqlariga botgan, ilashgan tangani qo‘liga oldi. Antioxni tanidi. Vatandoshlik hissi qo‘zg‘oldi. Artib qo‘yniga soldi. 
O‘smat ota etagidagi Dunyotepa g‘orini eslatadigan, biroq yo‘laklari uzun, xonalari katta, chiroq tokchalari ko‘p, hashamli-hashtalali bo‘lgan Siyob yelkasidagi g‘orlarga bosh tiqib ko‘rarkan, Rimning adoqsiz katakombalari ta’mini tuydi. Qurum bosib paqqos qoraga bo‘yalgan devorlarning unda - bunda ko‘chgan joyidan mo‘ralagan sap-sariq jartuproq bahaybat maxluq ko‘zidek baqrayib hayiqtaradi. Ko‘z yetmas puchmoqlaridan gurillab chiqqan to‘da kaptarlar vahimasidan keyin yurak yutib, qaytib birov yaqiniga yo‘lolmaydi. Kaptarlar parvozidan O‘tyurakning dimog‘i chog‘ bo‘ldi. Rimdagidek kaptarlarga don sepmoqchi bo‘lganda qo‘li kaltaligi esiga tushdi. Don sepish va terishning o‘z vaqti-soati bo‘lishi shunda sezildi.

4.    SAMARQAND AFSONALARI

Samarqanddan o‘tmagan matal matal emas. Matalligi yo‘q.
Quyosh uyalganidan Samarqandga yaqin kelolmas emish. Kun har kun qiyomda turib ketarmish. Yulduzlar joy talashib saf tortarmishlar. Yigit kishining bir qarashiga oy intizor, yulduzlar ilhaq emish. Er kishi tik boqsa quyoshning quvvati osharmish. Samarqanddan turib qarasa, albatta. Farishtalar, oy-yulduzlar avval boshdagidek safda, sajdada turishga zor emishlar. Enam aytgan.
“Bu dunyo–gunohkor insonlar uchun quvonchdir”. 
“Tushingdan o‘zga do‘sti sodiq bo‘lmas”.
 “Zamin insonlar yelkasidagi, inson zamin gardanidagi yukdir”. 
“Yo‘qlikka sayr etishdek yaratishlik bo‘lmas”. 
“Iroq shohi bo‘lsang-da, Chin podshosi ersang-da, kelaring shu yer–er osti. Nima uchun qalbingni bu o‘tkinchi dunyoga bog‘laysan”. 
“Sen qalblarimizga nur, qabrlarmizga nur, ko‘rarlarimizga nur, eshitarlarimizga nur... nur...nur... bag‘ishlading”. 
“Jannat eshiklari ellar uchun ochiq, mehribonlarga mehribonligi abaddir”.
 “Shohlar sening poyingga bosh uradilar.... senga munosib bo‘lmoq uchun”. 
“Sajdayi xolis–na hokimiyat va mol-mulk”.
Bu yoziqlarni Mozori Shoh–Shohi Zindadagi imoratlar peshonalari, betlari, yelkalari, ko‘ksidan ko‘chirib oldim. Avvaliga, daftarchamga yozib olishga uyalib turgandim, qarasam, qarri-qurri ajnabiylar binolarni suratga tushirar, yoziqlarini o‘qishga, ma’nisiga tishlari o‘tmasa-da, kechikkan hayratlarini yoshlariga yarashmagan bepisandlik bilan yashirmoq bo‘lardilar. Surat olgichim yo‘q-da. Bo‘lmasa, men ham suratga olardim. Enamga ko‘rsatardim. Lekin, shunda birdan imoratlardagi yoziqlarni ko‘chirib olishni o‘ylab topdim. Yoziqlar orasi uzilib tushgan bo‘lsa-da, ko‘z yetgancha ko‘chira boshladim. Birov nima qilayapsan demadi. Qaytaga sayyohlar ishimdan zavqlanib tomosha qilishdi. Bir-ikkitasi chiqqillatib suratgayam oldi. Shunda, chekkaroq joy topib yoziqlarni ko‘chirganman. Ko‘p nuqta qo‘yilgan o‘rinlar yoziqlarni ko‘chib ketgan joylari. Ammam nariroqda qarab turganlar. Qachon ishim tugasa, shunda ketishimiz, o‘tgan-qaytganga e’tibor bermay ko‘chiraverishimni tayinlaganlar. Shunday qilsam Enam chin xursand bo‘lishlariniyam. Buni o‘zim ham bilaman. Kostyum-shim olib beraman deganlar. Kostyum-shimim bo‘lmasa-da, shoshgandan bor deb yuborganman, o‘shanda. Katta shaharda yolg‘on gapirganingni odamni o‘ziyam bilmay qolarkan. Enam: kimki yolg‘on gapirganda birovga zarari tegmasa, zarari o‘ziga bo‘lsa, hechqisi yo‘q, – deganlar. Qachon kostyum-shim kiyishimni so‘raganimda Enam: shuyam gap bo‘ptimi, balajon. Hali beklar beglab chaqirmas, poshsholar elchilab so‘ramas, shohlar to‘n yopmas ekan, kelganim yolg‘on,–deganlar. Bekligiyam. Men hali bolaman. Bunaqa gaplarni tushunmayman. Enamga ko‘z bo‘lib, ignaga o‘zim ip o‘tkazgan, enam o‘z qo‘llari bilan tikib bergan chiybaxmal sholvorim, it yoqa, yenglariga qo‘shbo‘g‘ma urilgan bo‘z ko‘ylagimni kerak bo‘lsa inturistlar rosa tomosha qilishgan. Ushlatmaganman.
Dunyo Samarqandning bir yozig‘iga teng kelmas emish. Tarozining bir pallasiga dunyoni, bir yog‘iga Samarqand yozig‘ini qo‘ysa, yoziq bosib ketarmish. Yoziqning toshi og‘irmish. Avval yoziq, oxir yoziq emish. Enam shunday degan.

5.    AFROSIYOB MEHMONLARI

Mehmon olib kelar, mehmonday olib ketar shamollar Afrosiyob ustidan mayin o‘tadilar. Uning har bir kesagi uchun hisob berar joy borligini biladilar. Har bahor bayroqlar mehmonga kelgan bo‘ladilar. Uzun-kalta, katta-kichik. Ko‘zlarini katta-katta ochib ehtiromli qo‘rquv va rag‘batdan umidvorlik nigohi bilan qaraydilar. Yam-yashil bayrog‘ini yelkasiga tashlab chiqqan Afrosiyobni o‘zigagina xos, o‘zigagina yarashig‘liq ulug‘vorlik va muruvvatini tuyadilar. Hammasiyam emas. Shamol parillatgan bo‘ladi. Mehmonlar bo‘ylarini bo‘ylab ko‘rishga botinadilar. Azaliyatdan shavkat va sharaf tug‘ini ko‘tarib kelayotgan tug‘donalar hidiga to‘yinmoq istaydilar. Bu turishlariyam azmoyish, taajuvot, g‘animat ekanligini, uning dovrug‘iga bir xolchalik bezov bo‘lolmasliklarini, tog‘lar ham bu tepaliklar bilan tenglasha olmasligini ko‘kaylari dirillab, pirillab anglaydilar. Holining ahvolini ko‘tarolmaydilar. Samarqand shamoliga, azal va abad shamoliga munosib bo‘lmoqqa jon-jahdlari bilan tirishadilar. 
    Mochasi hangisini quvadigan Moskov Ismoil otliq qishlog‘idan topgan, bisotidagi yakkayu yagona qadim Xorazm tangasini Kreml kamonchilari dastidan kuygan kaftiga omonatgina olgancha keladi. Bo‘ynida Turkiston bosib olinishining 1,5,10,25 yilliklariga tamg‘alangan tangalar bo‘ladi. Og‘ir yillarda och-yalang‘och, sarg‘aygan sag‘irlariga boshpana bo‘lgan, bolaligiga borib, muazzam imoratlarning devor-to‘shlariga nomlari, qaerdan, qachon kelganliklarini yozib qoldirgan darbadar, yetimlari uchun kechirim so‘ragan bo‘ladi. Qavmi odaticha bir suv kechsa va’dasini unutadigan, To‘xtamish degich Moskovni kulini sovurgandan keyin yetti yil o‘tib-o‘tmay qilmishiga hisob bergani, tupurgan tuzlug‘i tuzi tutgani, o‘shanda daraxtlarigacha ko‘sov bo‘lgan, yetti yashar go‘dak, bola ekanligini, qaramlik va xiyonatning achchiq tutuni ichra o‘ziga kelolmaganini, biror-bir boshpanasi qo‘noqlikka arzimay non-tuz tutolmaganligi, peshvoz chiqolmaganini, oradan ikki yuz yil o‘tib shahar nomini olgan qo‘rg‘onchaga G‘arbu Sharq xo‘jasining o‘shanda qarab qo‘yishni ep ko‘rmagani sababini anglaydi. Yetti yashar bolakayga qilgan muruvvati, qullikdan ozod etgani uchun qulluqda, tazarruda turgan bo‘ladi. Otalar kechirimli keladi, yonboshidan joy ko‘rsatgan bo‘ladi. Bolalikka ayb taqamaydilar.
Bolaligida oti Oltin Su bo‘lgan Samarqandning dovruqli o‘g‘li Mug‘upta hali Zardo‘sht nomini olmasidan, oq tuyaga minmasidan oldin Mug‘ tog‘idan tushib kelgandagi ilk tavallosini qabul etgan Zarafshon ne bir afsonalarni faqatgina o‘zi bilishidan pismayib, o‘ng tirsagini yerga, kaftini iyagiga tirab, irmog‘lari, aymoqlari Shunqor, Oyqor, Mug‘dan ham balanddan boshlanadigan xilqatlarga ko‘z tikib, yonboshlagancha taltayadi. Yuguruk erka yel sho‘xlik qilib etagini ko‘tarib qochadi. Qismatga xushnud ahli behisht qiroatida qo‘shiq aytib jo‘naydi. “Qadr ma’lum, jins ma’lum, ajal ma’lum...”
Sarkash Iskandar shaharni kunpayakun etib, otasining dovruqli saroyi zallarini bezagan qirmizi marmarlar Afrosiyob ko‘chalariga oddiy tosh o‘rnida to‘shalganidan g‘ashi kelgani, ensasi qotganini, devorlardagi suratlarga mahliyo bo‘lgani, malika Rassanoga uylanish to‘yiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi suratni havasga chizdirganini kimgadir aytgisi, Iskandar va Ruxshona sevgisi tug‘ilgan tepalikni ishonimli odamga ko‘rsatgisi keladi. Muhabbat bodasidan kayfi sahbo tortgan, Yer yuzi jannati otliq Samarqand va sevishganlar jannati atalmish Rimning dardlari dunyoga sig‘maydi. Hayrati had bilmas katta sevgilar, sevishganlar surati ham. Jahongir va Malika suratlari Vatikan yerto‘lasida ko‘kragini zaxga berib yotganini shamol xabar bergan, mug‘tan ularni birda borib ko‘rgan. Birovga aytguligi yo‘q. Asl suratlar Rimda, yoziqlar Samarqandda bo‘larmish. Buni kim aytganini aytib bo‘lmaydi.
Afrosiyob mingtepasini shaxmat taxtasi hisoblagan qarg‘alar fil suyagidan yasalgan qachonlardir shohlar ko‘targan, jahongirlardan qolgan donalarni, otlarni suradilar. Shaxmat taxtasi kataklari biri oq, biri qora bo‘ldi. Qarg‘alarni-da biri oq, biri qora bo‘ladi. Raqiblar oqshomdan qorashomgacha o‘yin ustida. Mozori Shoh zinalari yoqalab, bir balo qilib tashqariga chiqqan hazorispand, ehtiyoti shart isiriq solgan bo‘ladi. Bir qulog‘i suhbatda. Gap-so‘z bir vaqtlar Beruniy va Sino boshlagan, oradan ming yil o‘tib Eynshteyn va Born deganlar davom ettirgan suhbatni sudrashdek tuyuladi.
– Men senga aytsam Qorakalla, aqldan tashqaridagi narsani o‘zi yo‘q narsa. Borliq aqlda makon topadi, deydi bo‘yniga “Ezop” deb yozilgan taxtachani osib olgan va har zamon joyida turibdimi degancha ushlab-ushlab qo‘yayotgan Ola qarg‘a.
– Bor aqlda aql bo‘lsa. Borsan bor, yo‘qsan yo‘q. Ko‘chding o‘chding.
– Ha, endi maydalashma. Odamlar, umuman jonliqlar xayolini hisob- kitob qilib bo‘lmaydi. Faqat ortidan ergashish, oldindagi, yon-verdagi ko‘rguligu ko‘rinishlardan keragini olgan ma’qul ko‘rinadi, deydi Ola qarg‘a shlyapasi qasirg‘asiga qachondir kirib qolgan va bolalagan sichqonni chap oyog‘i bilan olib irg‘itib tashlar ekan, sichqonchalar tum-taraqay qochadilar. Oyog‘i yerga tegishi bilan birinchi qilayotgan ishlari qochish va kovak, teshik axtarish bo‘ladi. Birov o‘rgatmasa ham. Keraksizidan qutilish lozim yoki bulardek qochish kerak, deydi shoshgandan qanotlarini bir silkib sichqonchalarga yo‘l berarkan, so‘zida davom etib Ola qarg‘a. Hamma balo nafsni qondirish harakati, hirslarini uyalmay-netmay mehr deb bilishlarida. Mehr bilan manfaat, hirsni ayrit qilishni istamasliklarida. 
– Ol-a, Ola. Gap Aql va Makon haqida edi. Aqlning makoni va makonlarning Aql maydoniga sig‘ishi, o‘zga, turfa olamlar haqida edi. Har doim olib qochasan. Gapim ham qochib ketdi. Shoh.
– Ma’lum aqllar ma’lum makonda qadr topadilar. Qochdim.
– Ma’lum makonning ma’lum davrini yana unutding. Shoh.
– Osmonu zaminda narsalar bari, odamning fikridan emas tashqari, deyishgan. Qochdim.
– Aql va ruh xotir istasa quvib yetmas makon bo‘lmas. O‘tganiniyam, kelariniyam nazarda tutayapman. Shoh.
– O‘zga olamlarga ola qanotu qora qanot bilan yetib bo‘lmas. Farzin.
– Aql arig‘idan tashqaridagi ariqlardan suv ichmagandan keyin qiyin-da. Otni eshakday yurmaydilar.
– Ko‘rmay qobman. Ko‘z ketibdi.
– Po‘stakni yirtig‘ini ko‘z demaydilar.
– Itdan bir suyak qarz shohlar ohini eshityapsanmi?
– Bu so‘rov Qoravoy, bu so‘rov. Bitovlar so‘rovi. Bitov ko‘z so‘rovi. Ohdan boshlanib tugamaydigan va ochilishi dargumon ko‘zlar so‘rovi Qoravoy.
Shoxni mot qilish payida qarg‘alar ham ko‘z cho‘qishga tayyor ko‘rinadi. Oq qarg‘aga taxtadagi donalarning bari oq ko‘rinadi. Qorasiga qora. Bir-birini ko‘rlikda ayblab, toshlarni teng surishadi.
Tovus qadim qal’a devori yorig‘idan ilonday ovoz chiqarib keldi. Odamday keladigan toshbaqa toshini teskari kiyib chiqdi. Qo‘llari kunni issig‘i urgan kesakdek to‘kilib ketar ko‘rindi. Toshi kitob ko‘rindi. Kitobda yoziq. Yoziqni adog‘i ko‘rinmaydi: 
Elim budun erdi,
Elim endi qani?
Botirli budun erdi,
Botirlari qani?...
Alp Er To‘nga o‘ldimu?...
Yaqin oradagi eski shamol yo‘lini tusmollab bo‘ynini cho‘zdi. Burni jimirildi. Yuzaga qaytganini aniq his etgandan keyingina irindi. Kulguni eshitgan ariq suvi shoshgandan bir to‘xtab oldi. 

6.    XAYOL OTINING UYG‘ONISHI

Yelkasi tirishgan Qari Olov shashti so‘nib borayotganini ko‘kayidan o‘tkazdi. Beixtiyor Afrosiyob devori ustida o‘zini ko‘rdi. Pastga qaragandi, boshi aylandi. Devor ustida borarkan, kimdir qarab turgandek, ilkisdan o‘ziga-o‘zi askarlar qo‘lidagi lov-lovdek ko‘ringisi keldi. O‘xshamadi. Avval o‘ksindi, keyin ko‘ngli aynidi. Sezdi. Shunda, shundoqqina ko‘z o‘ngida, birdaniga jikkakgina cho‘g‘ cho‘g‘langanni ko‘rib, cho‘lda suv topgandek anqaydi. Mitti cho‘g‘ g‘ayrati, taraddudi boshi qaro tortib yashayotgan, yonayotgani, tirikligini o‘zidan boshqa bilmayotgan keksa vujud vujurini qo‘zg‘adi. Dunyoga o‘t qo‘ygudek g‘ayrat bilan tovlanayotgan cho‘g‘ni uzoq va yana uzoq tomosha qildi. Shashtini sezdi. Hidini oldi. Hidlab-hidlab dimog‘ini chog‘lab, ko‘nglini yoshartirdi. Ko‘ngillar ko‘kda ko‘karishini, ko‘ngilni ko‘kka bermaklikni, qoraga botirmaslikni kimdir qulog‘iga shivirlagan bo‘ldi. Ko‘ngli suvsadi. Ko‘ngli suv ichdi. Ko‘ngli suv bo‘ldi. Ko‘nglida sel ko‘chdi. Dili xun boyladi. Xotiriga Shoh Bobur Oshiqonda askarlari qasosiga Kal Qoshuq va Jomaboflarni jazolagan kun gurillab keldi. Mirzoga qo‘shilib ketgan shon-shavkat, Samarqandda yarimta g‘ishtni tikka qilolmaganlik, ustma-ust qo‘yolmaganlik armon-anduhi chuqur oh tortdi. Alisherbek yashagan Ulug‘bek madrasasining hujrasida sixtadi. Galategirmonsoy osmonida tug‘ilganidan buyon muallaq turgan ena tandir nonining ming-ming yillik ta’mi va hidi o‘zgarmaganini, o‘zini yo‘qotmaganini aqli tanimasa-da, sezimi sezdi. Qadimda, qo‘rda ko‘moch pishirganda, har kim o‘z ko‘mochiga kul tortmagan vaqtlarda, pishirishga qo‘ygan har bir ega o‘z nonini ustiga otini yozishini yoki qavm belgisini qo‘yishini naqd esladi. Rimliklar ham qoravoy pishirganda xuddi shunday qilishini shamol birda kelib aytganini-da ilg‘adi. 
Boshlanishda, Bedona qo‘rig‘ida Qorasuv atog‘liq, keyin Siyob ataladigan ariqqa qo‘shilib oqdi. Oqib-oqib, kelib Hazrati Doniyor marqadiga bosh urdi-da, dunyoga langar bo‘lgudek qabrga qorovullik qilayotgan, asrlar nevaralikkayam o‘tmaydigan buta shoxlariga o‘z oyoq-qo‘llarini o‘zi bog‘ladi. Bo‘shab ketuvdi shamolga bog‘latdi. Yig‘lari shiddatini eshitmasa-da, ikki chekkasidan shirg‘irayotgan yoshdan bildi. Shu asnoda tong otish, kun botish barchasini yeldek yeb ketganini, quvonchlar qochib, qayg‘ular toshgan kunlarni eslayverishdan naf yo‘qligini, Samarqand otidan g‘isht ustiga g‘isht qo‘yish, daraxt ko‘kartirish har kimgayam nasib etavermasligini ich-ichdan angladi. Yozig‘larniyam. Sutdan qimizga aylanar asrlar kelayotganidan bo‘ronlar belgi berdi... tiriklik ruhi qadri, qimirlagan hayot qimmati, issiq-sovug‘ini seza boshladi. Ayniqsa, hamishagi dovdir shamol kelib o‘zini urib o‘tganda shoshib qoldi. Lap etib yondi. Bu yonish, g‘ayrat, lovullash, alanga, o‘tu nafas tanish ko‘rindi. Birda bir boshidan o‘tgandek ko‘rindi. Kashmiri o‘xshab-o‘xshab ketdi. Ko‘ngli xijil tortdi. G‘ashlandi. O‘ziga o‘zi g‘ashiqdi. Keyin qon qaynadi. Qon tortdi. Tortgandayam uzib-uzib tortdi. O‘lik-tirik tomirlarni bir qilib tortdi. Og‘rig‘i yomon keldi. Og‘riq og‘ir keldi. Uvol bo‘layotgan umrdek uvullatib keldi. Dardini yoyishga, sergitishga shamol, osmoqqa dor qidirdi. Kun qisdi. Yutardek keldi. O‘z dardiga o‘zi yondi. 
Davrlarning davronxonalari yo‘liga zina bo‘lgan qabrlarga zambil qadamlarini bitta-bitta qo‘yarkan borgan sari yurishi yengil tortayotganini, yelkasiga mingan ming botmon-ming botmon yuk lahza sayin tark etayotganini sezdi... yo‘lma-yo‘l lippillab, bir o‘chib, bir yonib borarkan, hushini yig‘ishtirishga tirishdi. Qalb yaxshi so‘zlar bilangina ilishi, isishi, yonishi, guvullashi, yer ustidagilar bir-biriga shunday so‘zlarni aytmay qo‘yganidan sovuqqina bo‘lib borayotganliklarini favqulodda angladi. O‘zini nima sovutgani, nima rangini o‘chirganini topishga qanchalik harakat qilmasin, qalovini topolmadi. Birdaniga beklik, egalik uyni chirog‘iday parillab yongisi, bekalik tosho‘choqda qoradan-qora ko‘moch pishirgisi keldi. Egalik uyning chirog‘i boshqacha yonishi ko‘z oldida porilladi. Ayniqsa, egalik chiroqda yonish zavqini tuyganida yana imoratlar yoziqlarida yaltillab yonishini, o‘qishga yuguruklagan ko‘zlarga quvvat bo‘lishini qo‘msaganda, azbaroyi hayrati haddin oshdi. Ko‘ngli suvsadi. Suv yondi... Shunda...siniq ruhida eski vaqtlar siniq qozon atrofida rizq umidida past-baland, katta-kichik bo‘lib tizilishgan chora-toltavoqlar qatorlashgan kun lap etib ko‘rindi. Kimdir katta o‘qlov bilan boshiga bir urgandek bo‘ldi. Favqulodda o‘zining bir vaqtlar Samarqandning otashxonasida gurillagan gulxan, Olov uyida otash, tosho‘choqlarga qo‘r bo‘lganligini, qozonlarni qo‘y boqtirgani, ne bir o‘t og‘alari kaftlariga ko‘targanini, tutuntiriqqa berganligini, darveshonalarda pilik, xosu om kulbasiga issiq bo‘lgani, Afrosiyobning necha turlik chiroqlariga parvona yiqqani, ne bir kitoblar yozig‘ida boshida turganini, to‘rt ulusning chirog‘i bo‘lganini, qahratonlarda tirikligiga sherik, yaxshi-yomonda kerak, o‘rni davralar to‘rida, qo‘rida, qorong‘u tundagi oyday sog‘inchli bo‘lganligini eslar ekan, o‘lsa ko‘mari yo‘qligi esiga tushgan eski g‘ardek bo‘shashdi. Hech bir holatda qo‘lini tushurmaslik, yonga tashlamaslik, hatto yangi o‘liklar ham qo‘lini qo‘yarga joy topa olishini, yonga tashlamasligini ming bora guvohi bo‘lganini esladi. Tiriklar vaqti kelsa o‘likdan ham ibrat olishi lozimligini, mayit eng ulug‘, eng so‘nggi saboq, ko‘rgazmali qurol ekanligini qoshu qovog‘i o‘rtasiga birov yozib-chizib ketgandek bo‘ldi. Ro‘zg‘or o‘choq bilan, o‘choqdagi qo‘r atrofidagi qur bilan qut bo‘lishiga, qutli, qo‘rli o‘choqqa hech narsa yetmasligini, izlaganini topgandek iqror bo‘ldi. Hatto qaysidir davronlarda oti Qo‘ro‘t, Qo‘rqut bo‘lganini ko‘ksi aytgandegu, ko‘kayi ko‘nmaganiga, kimdir ikki tarsaki qo‘yib ketgandek, yo‘q, gapirmay o‘yadigan qattiqqo‘l turk mashoyixlariday yer suyatib, bir qarab ketgandek bo‘ldi. Olov chiroq axtardi. Tutashga, o‘chishga haqqi yo‘qligini anglar ekan, turish-turmushi titrab ketdi. Entikdi. Etaklarini yig‘ishtirdi...
Cho‘g‘ni o‘t olishiga yordam bergan bo‘ldi. Sho‘r bosgan yoziqlar ko‘zini ochishi, qadimiy so‘zlarni uyg‘otishini ko‘ngliga solgandek bo‘ldi. Shamol yoziqlarini, tosh yoziqlarini, Samarqand yoziqlarini bolakayga qo‘shilib o‘qidi. O‘qitdi. Ko‘ziga nur bo‘ldi. Imoratlardagi bitiklarni bosgan qurumlarni ko‘chirib, jatmalarni kuydirib, tozalashga kirishdi. Tiriklikdan qarzini uzish lozimligini angladi.
To‘ng‘ichiga Kun, o‘rtanchasiga Oy, kenjasiga Yulduz otini qo‘yganini, ergashgan, izbosar inilari Ko‘k, Tog‘, Tengiz atalgan vaqtu soatni-da aniq esladi. Ularga atalgan qo‘shiqlarniyam:
Kun, Oy, Yulduz! 
Tong sari senlar boring,
Ko‘k, Tog‘, Tengiz! 
Tun sari senlar boring!
Ko‘k –qo‘rg‘on, Quyosh – tug‘ bo‘lgan davrlar shamoli yodi, xayollar jamoli qumsovi, o‘ylar ohangi shamoyili esdan og‘diradi.
Sezimlar uyg‘onib o‘rmalaganini, chok-chokidan qaqragan, so‘kilgan choklar ko‘klayotganini, ko‘klanayotganini ko‘ngli tuydi. Unuttirilgan qo‘shiqlar hayo-huyi, quvg‘in etilgan o‘zlik vajohati, Afrosiyob ko‘chalarida xoqonlar ovozi yurgan, daraxtlar gullagan va meva tukkan, olib qochilgan qizlar tug‘dirilgan, ko‘cha toshlariga kunduz quyosh, oqshom oy o‘zini solib ko‘rgan davronlar, Turon atog‘liq vaqtlarda otalar otini eshitganda po‘lat tog‘lar suv bo‘lib erib ketgan, dushmanlig‘ zoti tiriklay, eson-omon bosh yelkada tiz cho‘kishga ulgurganiga shukr qiladigan shukuh sirlarini bilishini bildirgisi keldi. Qo‘l berdi. Ko‘ksida qo‘rg‘oshindek botgan zanglarni jarillatib kuydirib ko‘chirdi. Bolakay o‘qishi lozimligidan o‘zgani o‘ylamadi. Ko‘ngildan tilga keltirish yuki bosdi. Qalamni boshini yemoq so‘rovi bosdi. Tosh bostirilgan, muzlatilgan xotiralar, ulkan qoyalar, sag‘analar yoziqlarini yopish uchun urilgan parchinlar ushlovsiz, xom loy shuvoqdek palaxsa-palaxsa ko‘chib, uzilib tusha boshlaganini, bitiklarga ko‘zi yeta boshlaganini his etdi. Hozirgilar biladigan uch jahongirni dovu dovrug‘iniyam yakka shu shahar ko‘rganligini, ikkisi–Iskandar va Chingiz buzmoqqa, birginasi tuzmoqqa kelganini birga ko‘rganligi, ularni davralarida bo‘lganligini-da esladi. Sarhalqa Hamadoniy qo‘sh qanotday bir yonida yassilik, bir qavatida g‘ijduvonlik o‘spirinlarni olib, hozir o‘zi makon tutgan boshpanasida hayot tomchilarini tanish saboqlarini o‘tganini, bu tuproqda izlarining isi, peshonalarining izi qolganini yeru ko‘kka bildirgisi keldi. Bir vaqtlar og‘iz ochmay kulmak, ko‘z ochmay jahonni ko‘rmak, o‘tirgan o‘rnida dunyoni aylanib kelish, qimirlamay dunyolararo kezishni-da guvohi bo‘lgandi. Xayol ham vujudni beshiktebratarday tebratishidan tuyundi. Umr do‘mbirasi, doirasi zarbini, xayollar ohangi, xayollar zarbini zarbul qadim usulidan avji turkka o‘tkazmasa, o‘tmasa bo‘lmasligini angladi. O‘zini o‘zi topmasa el topmasligini bildi. Cho‘g‘dan sachragan uchqun xayolini to‘lqinlantirdi. Yurakkinasi shoshildi. Shodlandi. Ko‘ngilginasi ko‘tarildi. Ko‘zginasi yoshlandi. Uzoq taradduddan keyin xayolida gulxan yoqdi. Gulxan varaqlarida idrok hech qachon quvg‘in bo‘lmasligini o‘qidi. Avvalda, osmondan tushganligi osmondan tushganday esiga tushdi. Chaqmoqqa qo‘shilib kelganini suholar aytgan bo‘ldi. Shunda, Onaqut, Onahut, Anaxit, Momoguldiraklar birga-birga osmonni nog‘ora qilib chaldilar. Momoqaldiroq qahqahasi olamni tutdi. Chaqmoqlar chaqmoqday qo‘zg‘alishdi. Azot-azot, qarsillatib-qarsillatib qilich soldilar. Qora chodir yopinganiniyam, boshqasiniyam ayamadi. Chok-chokidan qaqratdi. Qo‘sh chaqmoq kelib ikki ko‘z o‘rtasiga urdi. Ko‘zlar ochilgandek bo‘ldi. Ko‘zlar cho‘g‘landi. Xayollar cho‘g‘landi. Ko‘ksidan avval qora tutun chiqdi, keyin ko‘klandi. Ko‘karib o‘rladi. Hurillab bir shamol keldi. Kunlardan so‘ng, kechalardan so‘ng vaqt bo‘lganini yozg‘irib ketdi. Aksa urdi. Qo‘shilishib g‘uborlar chiqib ketgandek bo‘ldi. Bahridili ochilgandek bo‘ldi. Nafas olish osonlashdi. Yoqani qo‘yvordi. Quvvati, dami orta borayotganini yon-verdagi xas-xashaklar etak tortib qolganlaridan sezgandek bo‘ldi... G‘ayrat qildi. Egasi bor o‘choqdagi olovday guvullamoq istadi. Guvulladi. Naqd Afrosiyobning eng baland tepaligida, yo‘q, osmonida chiroq yoqdi. Chiroq chiroqlarni yoqdi. Chiroqlar tomoshasiga yetmish qavat go‘ristonning bosh chanoqlari og‘zi ochilib chiqdilar. Qanshari o‘yilib tushgan, jag‘ini yer yeb qo‘ygan, peshonasidan qurt mo‘ralaganlar ham qatorda ko‘rindi. Chanog‘idan ayrilgan jag‘lar ham. Ko‘rarko‘zga ehtiyoji bo‘lmagan kallamushlar ham rizq terib ketdi.
Olov gurilladi. Otachiroq, Onao‘choq o‘z o‘rniga qaytganini yonoqlari yonib, ko‘zlari porlab jar soldi. Katta otashlarga alanga bo‘lmoqlikni, quvonchlar sachrab atrofga sochilishini, odamlar kaftlariga olgancha uylari tomon ko‘tarib yuguruklashlarini, quvonishlarini sog‘indi. Cho‘g‘ ko‘zida o‘zini ko‘rgandek bo‘ldi. O‘zini tanidi. Yonmoqqa ilhaq yog‘ochlarning qovurg‘alarini qarsillatib doshqozonlar qaynatishni, belanib-belanib, buralib-buralib, tovlanib-tovlanib yongisi keldi. Shu’lasi qozon boshiga egilgan oqdan - oq bo‘ysiralarning yoqalaridan mo‘ralamoq, yonoqlarida yonmoq, yenglaridan kirmoq, ko‘ksilarida yaltillamoq va bosh qo‘ymoq, soyasi ko‘rinmas turna bo‘yli qizlarning bo‘yi barovar bo‘lib yo‘llarida yotmoq, ko‘zlarida chulg‘anmoq, lablarida kuymoq zavqini tuydi. Tillarida tutab ketgisi keldi. Xayollardan xuzur topdi. Huzurlandi. Bir vaqtlar shaharga guras-guras olib kelingan makkacha qilig‘li, madinacha nafis, bobilcha lutfli hurlarning kulgilari quloqlari ostida qadimgidek jarangladi. Qo‘shilishib jon ham kirgandek bo‘ldi. Jon qo‘shilib toshgandek bo‘ldi. Beo‘ylik o‘yilib tushdi. Ilkis noxush umr, nomuloyim tiriklik qoramoxov dudga aylantirgan kunidan orlandi. Nomus qildi. Uyatlandi. 
– Yotgan yovga yoqar. Kovlanmagan cho‘g‘ kul ostida qolib ketaveradi. Qo‘ri pastdan tutantiriq olmaydilar,–dedi oxirida o‘ziga-o‘zi, o‘z haroratidan hayratlanib. Shom yegan kun eshitib shoshib qoladi. Shafaq alvon ko‘rindi. Ko‘ringani osmonlarga urdi. Urgani joyini topdi. Topgani topishdi.

7.    QIRCHA USTIDA

Qaro kunning boshida Katta enasi Samarqand soyasidagi Aliobod qishlog‘idan tengqur otadoshlari Sulton Boyqaro, Ijil Mirzo, Said Vaqqos, Suyurtg‘atmishni olib ug‘ruq bilan Samarqandga jo‘naganlarini, o‘shanda faqat Ulug‘jonga shaharga kirishga ruxsat tegmaganini, oradan to‘rt yil o‘tib saltanat taxtiga o‘tirganda va qirq yil shaharni Katta otasi zamonidagidek yashnatib, oxir-oqibat, o‘z bolasi bilan betma-bet lashkar tortgan, yengilib shaharga qaytganida yana shaharga kiritishmaganini darhol angladi. Bu safar ishni o‘zi uzangi bergan, otga chiqarganlar ko‘rsatdi. O‘z o‘chog‘iga yana qayta begona bo‘lganligini, taqdirning takrorlanishini kulib qarshi oldi, qismat shamolini tanidi. Dunyoning eng zo‘r olimlarini yig‘ib, o‘zi otiga, nomiga soldirgan madrasada mudarris tayinlash uchun qilgan mashvarati, unda yuzga yaqin talabgorlar fikr bildirganliklari, Muhammad Xavofiy otliq notanish olimning ma’ruzasi, gap-so‘zini Qozizoda Rumiy ikkisidan o‘zga tushunmaganligini, o‘rtaga g‘avg‘o oralaganini, Rumiy hazratlari yosh olim fikrini ikki og‘izda yetkazganini, yig‘ilgan kattayu kichik notanish olimning fikri qaerlarga yetganini, qanday tushunish kerakligini lahzada anglatgan, tan berishganini-da esladi. O‘zining ahvolini kim kimga tushuntiradi? Kim qanday tushunadi? Kim kuladi, kim kuyadi? Barini hisobini oldi. Nima bo‘lganda ham endi Samarqandni qayta ko‘rmasligini-da, Otachirog‘i o‘chmasligini-da sezdi. Dili kuldi. Ko‘z o‘ngidan Shohi Zindaga kiraverishida qurdirgan baland peshtoq ketmadi. Uni uzoq Hiriyda yashayotgan o‘g‘li Abdulatifni sog‘inib, uni otidan qurdirgandi.
Katta Otasi dunyoni olgani va qayta boshdan qurganini, nevarasi osmonlarni so‘raganligini, olganligini qimirlagan do‘stu-dushman tan olganligini, nima bo‘lgandayam Katta Otalarga munosib bo‘lganligidan, bulutlarni ot qilib mingan, osmon bilan gaplashgan, chaqmoq bilan bekinmachoq o‘ynagan, oymomo bilan quvalashgan, yulduzlar uyigacha kuzatib, qo‘shilishib uyigacha kirgan boladay g‘ururlandi.
O‘shanda Otasi shaharni buzuqiliqdan tozalagandan keyin, qo‘shilib shaharga, Katta Ota dunyoning to‘rt tomonidan yiqqan deyiladigan xazinasiga kirganlarini, huvullagan zarbxona-yu, hayxotdek zarxonaning tuprog‘idan bosh chiqargancha iziga ilashgan yakka kumush tangani otasi: “Otamizdan yetgani shudir, yetkazganiga shukur” degancha kaftiga olgani, mavridi kelganda o‘g‘liga - Samarqand sultoniga ota yurtning eng yuragini, hisobsiz mol-mulk, benazir el-ulus bilan birga berganinida esladi. O‘g‘il ham qirq yillik hukmronlik davri zamonasi muddatida omonatni tayin joyda saqlaganidan faxrlandi. Hozir ham shu tuyg‘u bilan qo‘liga oldida yulduzlar soyasi tushmaydigan yoriqqa qistirdi. Dunyo so‘ragan otalargaki oqibat qilmagan zar ungada oqibat ko‘rsatmasligini allaqachon anglagan bo‘lsada, Katta Ota xazinasi oqlig‘ini Samarqand tuprog‘ida qoldira olganiga xursand bo‘ldi.
Samarqandga qayta-qayta qayrilib qaragancha ketayotgan hijrat, ko‘chish karvoni shahar soyasidan ajralish vaqtida orqadan kelgan g‘onchilar uzangini tortganlarini, karvonboshiga bir muddat shoshmay turishlarini tayinlaganlarini, biron xilvatda kutib turishlarini shipshiganda hammasini tushingandi. Xilvat xarobada isinish uchun yoqilgan o‘rtadagi gulxan gunohkordek buyin egib, o‘zi bilan o‘zi jontalashib, nafas chiqarmay yonadi. Bir lahzalik dovdir, bexabar uchqunlar o‘zlariga sig‘maydi. Olovga bitta-bitta o‘tin tashlab turgan Ulug‘ Olovning etagiga mittigina cho‘g‘ sachrab chiqadi. Kuni kechagi quyoshda etagi hadsiz yurtni so‘ragan etagni kuydirmoq bo‘ladi. Olov cho‘g‘ni qo‘liga olarkan, ovozsiz kuldi. Kulgini yetti qat osmon eshitdi. Yer titrab ketdi. Samarqand minoralari janozaga saf tortish taraddudiga yo‘lga tushdilar.
    -Sen ham bilibsanda, degancha, erkalabgina yana cho‘g‘larga qo‘shib qo‘ydi.
    Yulduzlar bilan tillashgan, sirlashgan Ulug‘ Olov kun kelib ikki ko‘zi qari nok shoxlariga osilgan xira chiroq sharpasi ostida yumilishiga sal achindi. Shukurda sajdaga borib, shukurda sajdadan bosh ko‘tardi. Tanish shamol qadim qo‘shig‘ini shivirlabgina aytib ketdi. “Qadr ma’lum, jins ma’lum...”. Oxirgi marta tik oyoqda turayotganini bilgan Ulug‘ Olov Quyoshdek guvillab o‘rnidan qo‘zg‘alarkan Katta Otasi ishini davom ettirgani, unga munosib bo‘lgani, Samarqandni abadul-abad yer yuzi jannati atalishiga hissa qo‘shganligidan hadsiz g‘urur tuydi. Etagi to‘la yulduz ekanliginiyam. Omonatni hamma ham vaqti soati kelganda topshiradiku. Bek yashash bor, bek o‘lim yo‘q deyishadiku. O‘zi turdi. O‘zi bordi. O‘ziga o‘zini topshirdi. Qaro urgan sharpalar atrofda uymalashgan bo‘ldilar. Bir ko‘za suvning oqib bo‘lishidek vaqt o‘tar o‘tmas qon to‘kilgan jondan guvillagan, sachragan joylardan miltillab sanoqsiz chiroqlar bo‘y berdilar. Shahid chiroqlari. Chiroqni chaqmoq yoqdi. Shamol quvvat berdi. Yulduzlar o‘rinlarini, saflarini chiroqlar yonishlari o‘rniga to‘g‘rilamoqqa shoshildilar.
Ulug‘ Jon hamsuhbat topilganidan xursand bo‘ldi. Qircha ustidagi, yulduzlar dasturxonga to‘kilgan tutdek ko‘rinadigan maydonda, biri shohlikdan, biri tutqunlikdan yulduzga aylangan ikki so‘nmas olov uzoq turib qolishdi. Uchi yer ostiga kirib ketgan, boshi osmonga yetgan renesans-sekstant marmarlariga so‘nggi bor qo‘llarini qo‘yishib o‘tishdi. Ulug‘ Olov Ajdar dumidagi Sher burjiga qaradi. Bitikka ko‘ndi. Ikkovlarida osmonlarni bezovchi chiroqlarga aylanayotganlarini angladi. Atrofni muhofaza olgancha shaytonlarni talvasaga solib uchayotgan yulduzlar shiddatiga qaradi. Keyin, Zarafshonni yoritgani, undan suv ichgani tushgan yulduzlarga qo‘shilib ketishdi. Azim daryo mansura aytib qoldi: “Jayxundan nega o‘tding, Abdulatif”.

8.    TANDIR HAM QILIQ CHIQARADI

Tandirimiz, odatda og‘ziga o‘tin tiqilmagan vaqtlarda boshiga non sovutgich katta savatni qiyshiq qo‘ndirib, bir cheti uchgan, jiriq labiga tirjayib turadi. Hozir ham shunday turipti. Nasib etsa ertaga qidirgani ketaman. Olovni zo‘ridan beti oqarib, qoshiga qo‘shib, manglayigayam qora surkagancha yangi qiliq chiqargan tandirimiz kuzatsa kerak. Kelin tandir. Og‘zini cho‘qqa to‘ldirib izimga qarab turuvdi, yuziga suv urilib qulog‘idan hovur chiqarkan, halizamon non yopishga tayyor bo‘lishini, kulchalar yopib berishini, shoshmay turishimni, kulchasiz qo‘yvormasligini, hech qachon hech kimni quruq qaytarmaydigan shaharga quruq, xo‘shshayib bormaslikni tili tanglayiga yopishib, nafasi tiqilib tayinladi. Saharda avtobusga chiqaman. Bu borishim ikkinchisi. Birinchi sinfdaligimdayam borganman. Sariq “Paz”ik odatdagidek eskisi bilan qadim shahar o‘rtasidagi Qorabotirni go‘ridek ko‘rinadigan osma temir ko‘prik yelkasidagi kaptarxonada to‘xtaydi. Avtobuschiga hozir kelaman deyman-da, to‘g‘ri qadim tanish, shaharni qoshidek ko‘rinadigan, uzoqqa ketgan bolasi yo‘liga qaragan otadek bir kafti hamisha peshonasidagi Hazrati Xizrga boraman. Ayvoniga chiqaman. Oyqortog‘ ko‘rinadi. Oq sallasi pechini hilpiratib hamishagidek himo bergan bo‘ladi. Qo‘l ko‘tarib yetib olganimni bildirgan bo‘laman. Shunda doim ilhaq tog‘, bilarini birovga aytmaydigan tosh, eng toza tushlarni eshitgan bo‘lsa-da, o‘rguligu ko‘rgiligini ko‘ringanga ko‘rmana qilmaydigan suv, har joyda xozir, har narsani biladigan, odamni ichigayam kirib chiqadigan shamol, asl askarlardek sodiq archalar, barcha-barchasi har bir odamning kelishiga minglab yillar ko‘z tikishlari, tikkanlari sezimdan o‘tadi. Ayniqsa, Olaparning yig‘lab bo‘lgan qip-qizil ko‘zlari shunday degandek bo‘laveradi. Enamni gaplari esimdan chiqib ketmasligi uchun takrorlab qo‘yaman. Ko‘zimga hamma Samarqand bo‘lib ko‘rinadi. Men hammani yaxshi ko‘raman! Samarqandni hammadan yaxshi ko‘raman! Ammam kutib olsalar kerak. O‘smat Otaga kelganlarida har bir daraxtni oldiga borib, so‘rashib, otajon-enajonlab shoxlaridan olib, tozalab, dastalangan novdalar bilan Obirahmat yoqasiga o‘tkazib qo‘yib yaxshilab qoqib qo‘ysalar kerak. Enam bergan surpni burda-burda qilib, bir uchidan yoqib, so‘ngra ilonday o‘rlagan olovni boshimdan parillatib aylantiradilar ham. Birinchi o‘zlari, ikkinchi menga tuflatib suvga tashlaydilar. Suvni haqi emish. Yoziqsiz toza qog‘ozni yoqib kulini yelga sochadilar. Shamol guvoh emish. Yoziqliq qog‘ozni, yoziqni yoqib ham bo‘lmasmish, ko‘mib ham. Boshimni kaftlari orasiga olib: “Chiqmasang sanga nag‘lat, chiqarmasam manga nag‘lat”, degancha g‘azovot qiladilar. Quloqlarni tortib g‘irtillatganlari yomon-da, og‘riydi. Obirahmat suvidan betimga sochar ekanlar, orqangizga qaramay, qo‘rqmay ketavering, men yetib olaman, balajon, deydilar.
Enam aytganday qilib lashkar tuzaman. Bulutdan ot, shamoldan yuganim bo‘ladi. Tog‘lar himo, yon bergan bo‘ladilar. Enam: g‘ayrat qiling, balajon,– deganlar. Nafs bandasi qo‘rqqilikka arzimaydi. Qirqiga bir kesak. Ha, deng, balajon. Shamolingizga man sadaqaman...
Yelkam osha tog‘lar, otalar nigohi, dimog‘im enamni hidiga to‘lgancha Samarqandni, yo‘q, Afrosiyobni, yo‘q, Otachirog‘ni ko‘raman. Yosh tirqirab jo‘naydi. Etagimda adog‘i ko‘rinmaydigan bulutlar soqolini silkillatib kelayotganini xayol qilaman. Oq bulut oq otday, ko‘k bulut ko‘k otday ko‘rinadi. Xayollarim suvratini bulutlardan yasab ko‘rsatishlarini tomosha qilgan bo‘laman. Zarafshon quchoq ochib jilmayadi. Suvdan bosh ko‘targan quyosh avval peshvoz chiqadi, keyin tanishdek kuladi. Biz salomlashamiz. Enam: tushdan ziyodi xayolda bo‘ladi, xayolga kelgan narsa bor narsa, xayolga ehtiyot bo‘ling, odam xayol bilan tirik, yigit odam orqasiga qaramaydi, balajon,–deganlar. Uyg‘onib ketaman. Enamning ertagu matallari, o‘qiganlarim, o‘ngu tushim chalkashib ketdi. Xayollarim ham. Kechirasiz. Nasib bo‘lsa, katta bo‘lsam ayrit qilib, boshqavotdan aytib beraman. G‘ov labidagi supani supurib-sidirtirayotganlari, to‘shanchi soldirayotganlariga qaraganda qidirib kelgunimcha yo‘l qarab turadilar-ov. Matallarini sog‘insam kerak. Hidlariniyam. Ayniqsa, Samarqand va Oymomo haqidagisini. U shunday boshlanadi: “Oy sovug‘i hurillab keladi. Qor uchqunlari tog‘ boshiga oyday qilib oy rasmini soladilar. Shundan Oyqor atog‘liq bo‘ladi. Oy Oyqorni pana qilib Samarqandga qaraydi. Yaqin borsa opa-singillardek urishib qolishadi. Kim chiroyli deb. Yulduzlar qatorlashib belgi bergan bo‘ladilar. Ishini qilib bo‘lganlari qismatu qarg‘ish toshlariga do‘nadilar. Samarqand hovuzida hurlar soch yozib suhbat quradilar. Yuzlari kunga, sochlari tunga ulangan bo‘ladi. Chiroylaridan oy husn olganmish. Husnlarini Samarqandga solishtirishdan uyalarmish. Sulaymon piroqiday yetib kelgan shamol o‘rtada gap yetkazib, borib-keb turadi. Chaqmoq xat-qalam yuritadi. Ko‘chaga devona shamol ega chiqib supirgan, ko‘k bulut suv urgan bo‘ladi. Sozandalar boshlig‘i Cho‘lpon yulduz cholg‘usini qo‘liga oladi. Osmon kuyga to‘ladi. Qo‘shiqqa toshadi. Samarqand qo‘shig‘iga. Har zamon-har zamon tanish axtarib, ko‘z qisib qo‘yadi...” 
Ana shu joylari zo‘r-da. Eshitganingdan keyin qo‘shilishib ketging keladi. Qo‘shig‘ini nasib etsa yanagi safar aytib berarman. Afrosiyob ko‘ksimdan joy qidirgandek bo‘laveradi. Ko‘ksimga sig‘may ketayapti...
Endi odamlar: “Ish qanday?”–deyishsa, “Samar qandday”, deyman. Samarqandga Samarqandday kirib boradilar. Bularni o‘zim o‘ylab topganman. Siz ham shunday deyishingiz, shunday qilishingiz mumkin. Ko‘nglingiz ko‘tarsa, albatta. 

9. ILHAQ TONG QO‘MSOVI

O‘zlikni anglash shamolining o‘ng esganini sezgan, suvi qochib quriqshagan yuragi avval o‘pkasi to‘lib hapqirdi. Keyin, halqumidan chopib chiqqan jonni bir amallab qayta yutdi. Jon shirin ko‘rindi. Jonni qizg‘ondi. Endi qo‘yvorsa bo‘lmasligini tushuntirish tilini topolmadi. Havosini, yo‘li, hangi, qalovini topolmadi. Tanglayiga yopishgan tilni qo‘tarishga quvvat “ha” deganda kelavermadi. Birda sha’nga ko‘milgan, birda qaroga burkalgan uzoqdan uzoq umrida birinchi bor ko‘zini yummay tong ottirgisi keldi. Tong ertasiga ilhaq bo‘ldi. Ko‘zni ilmoq, yummoq istamadi. Xuddi uzoq shaharda musofir o‘g‘lini mustar kutadigan mushtipar onaday tong yo‘liga ko‘z osdi. Yumsa ocholmay qoladigandek bo‘laverdi. Hayollari tushga aylanishini, tushlar bir kun kelib do‘nishini tiniqayotgan aql aytgandek bo‘ldi. Issiq-sovuq shamollar ilma-teshik qilib parpiratayotgan bori-budini, vujudini qachondir tark etgan, biri istab, biri istamay bosh olib ketgan nimalardir bitta-bitta o‘z o‘rniga qaytib kelayotgandek, o‘z o‘rnini paypaslagancha tozalab, endi ishni nimadan boshlash, qaerdan davom ettirishni bilmagandek, yelka ustida boshligi qolmagan qarolig‘dan topshiriq kutayotgandek bo‘ldi. Ich-ichi to‘kilib bo‘lgan, baqraygan ko‘z kosalari, sovib qolgan boshining huvullagan qarodan-qaro yo‘laklariaro bir iliqlik o‘rmalagandek bo‘ldi.
 Shu holiga tush ko‘rmak istadi. Tush ham yuviqsizni tanlamasliginida esladi. Siyobga - Su Yobga tushib borishga yo‘l uzoq. Salkam o‘zi tengli Hazrati Xizr maschiti so‘lidagi quduq labida tazarrudagi kapalakdek qo‘nishibgina sarg‘ayarkan uzoq o‘tmish qarida qolib ketgan tashlandiq, sag‘irak xotiraday xiradan xira yaltirayotgan suvga o‘zini soldi. Suv avvaliga tanimadi. Changi-chung, loyu-loyqa bosgan, xasu-xus sanchilgan ko‘zini zo‘rg‘adan zo‘rg‘a ochdi. Boshida chiroq yoqib turganning shovuri, sharpasi, o‘xshovi, qarosi tanimol ko‘rindi. Avvaliga qaerdadir bir ko‘rgan ko‘ztanishdek tuyuldi. Naqd tanigach, o‘zinida o‘zganida gunohlaridan kechgan sodda kelinchakdek chehrasi ochilib yalt etib aks berdi. Olov suvda o‘zini ko‘rdi. Olovda Suvda birlashdi. Birlashmasa bir-birini qo‘llamasa bo‘lmasligini birdek, teng ilg‘ashdi. Tabarruk sinov - tiriklikka qilingan beparvolik gunohlarining kechirilganiga bir ishonib, bir ishonmay nimalarni toza qilmaydigan Suvga, nimalarni poklamaydigan Olovga to‘rt ko‘z o‘zaro hayron, aytishga so‘z topisha olishmasada boshi lippilab, ko‘ksi to‘lqinlanib bir-biridan uzr so‘ragan, kechirgan bo‘ldilar. Tubsiz quduqdan jandasini qo‘rga tutib tozalagan devonaday soyasiz o‘rlagan Olov, umidvor ko‘zini ko‘kka qadagancha ko‘ksi qalqib, yaltillab nur taratib kuzatgan Xazrati Xizr qudug‘idagi Su bo‘ldi.
Qari Olov tush ko‘rmoq ilinjida qadim joyiga joylashdi. Ko‘zini ochgancha tush ko‘rmoq istadi. Atrofida porillayotgan minglab chiroqlarga bir ko‘ngilda omonatidan boshqa qarzlarini uzib bo‘lgan, qilar ishi qolmagan mashoyixday, bir ko‘ngilda ular safida bo‘lishni istagan o‘spirinday qaradi. Qaro tunning bunchalik uzunligini hech bir davri zamonda sezmagandi. Shunchasi bir bo‘ldi-yu, shu kecha bir bo‘ldi. Davri-dun boshingga naqd yukini paqqos ortganida lahzaning uzunligi bilinarkan. Ko‘kay bir xabarni ilg‘aganda vaqt to‘xtab qolarkan. Hozir shunday bo‘ldi. Osmondagi har bir yulduz bilan gaplashib chiqdi. Sirlashdi. Har birini paydo bo‘lgan kuninida ko‘zlaridagi yara-chaqalardan sanab bildi. Tongni kutdi. Tongni kutish zavqi azobi, hayratini tuydi. Yo‘q. Kimdir: “Tong chiroylig‘, tongni kut” deb ketdi. Azob shundan keyin boshlandi. Jonni orziqtiradigan, aqlni dovdiratadigan, ko‘zlarda yoshlarni tirqiratadigan, duv-duv to‘kilishdan keyingi yengillikni tuyish azobi, hayrati shundan keyin boshlandi. Ko‘zi ochiq jonzot tush ko‘rmasligi, tush ko‘rish uchun yummoqlik shartini bo‘yniga olmadi. O‘z istagicha tush ko‘rmoqni qadim o‘r qalbi niqtayverdi. Bir vaqtlar tong ertasi shamolning hurillab kelishini xush ko‘rishini, ko‘ksiga tegsa gurillashini, bo‘ron bilan ermakka olishishini tush ko‘rmoqchi bo‘ldi. 
“O‘zni qutqarmoqqa shoshilish” haqidagi aytuv ovozasi osmonlarni aylanib kelib, osmonlar havas qilgulik gumbazlarga bosh qo‘yishlari bilan bir vaqtda ikki qo‘ltig‘idan quchoqlab azot ko‘tarib urgan bo‘ronning qilig‘i avval g‘ashini, keyin g‘ayratini qo‘zg‘adi. Tushmi o‘ngligini ayrit qilolmay, ajrata olmay boshi bir zum g‘uvulladi. Baqraygan ko‘zlariga bo‘ronning shiddati usma-ust urilganidan keyingina xayoli o‘ziga keldi. Alamiga chog‘i kelganda kiftiga olib uzun bo‘yin, yer bilan bitta qilib tarsillatib urmasa bo‘lmas. Xuddi, huv bolaligidagidek bo‘ronman deganni oyog‘ini yerdan uzib, boshi uzra bir aylantirib sulaytirib urmasa bo‘lmas. Ko‘zini tindirib yulduz sanashini ko‘rmasa bo‘lmas. Ikki yelkasidan bosib, og‘ziga og‘zini qo‘yib, og‘zini kuydirib nafasini qismasa bo‘lmas. Ha, shunday qilmasa bo‘lmas.  
Kunchiqar betda Quyosh oyna tutib ilhaq turganini ilg‘adi. O‘zini solgandi Quyoshda bolaligini ko‘rdi. Bek bolalagini, begidir, bahodir bolaligini ko‘rdi. Urg‘ushtak o‘ynagan erkadan erka bolaligini ko‘rdi. Bolalikka aylanganini ko‘rdi. O‘zini o‘zi tanidi. O‘zini o‘zi topdi. Topganidan xursand bo‘ldi. Xursandligini olamga bildirgisi keldi. Bildirdi. Xursandligidan xo‘rsinganligini, bo‘g‘zi to‘lib, ko‘zi toshib xo‘rsinganligini daydi shamol so‘rovsiz qayoqqa haydasa shu yoq ma’qul ko‘rinadigan, oyog‘i yerdan, tili elidan uzilgan bir parcha olabulutgina bilmadi.
 Tong oqarib keladi. Yangi Quyoshning taram-taram tolalari, yog‘dulari kimga Oqdalaning katta yo‘lidek kengdan-kengish, kimga Tangi daraning dor yo‘lidek toru-tang ko‘rinadi. Yo‘l kimdan qolmagan deganlar. Talashmaydilar. Ozning ko‘pini tong bilan ishi bo‘lmaydi. Hamishagi nozirg‘agan na shamolu na to‘zon devona boshini qaerga urishni bilmaydi. Bir ko‘ziga nam tepgan, biriga nam urgancha ostona hatlolmay mustar bo‘ladi. Chin shamolman degani tong ertasi hurillab bir kelsin gurillashning qolganini shunda ko‘rasiz.
O‘ngu-tushu, xayollarni yig‘ib-terib tiriklik atalishini birda bir qaerdadir, kimdandir eshitganday bo‘luvdi-ya. Uniyam bir kuni eslaydi. Shoshmang. Shunchasini esladiku. Esi bor bolani ko‘p tergayvermaydilar. Otam aytgan.

2010-2011 yil. 
Toshkent-Moskva-Toshkent

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.