OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxtiyor Nuriddinov. Egasiz uy (hikoya)

Hali xo‘roz qanot qoqishga ulgurmasdan Ergash otani uyqusi qochdi. Saharda turib mahalla ko‘chalarini aylanib chiqadigan odati bor edi. O‘ziyam ozodalikni yaxshi ko‘radi. Atrofda gard ko‘rsa, ta’bi xira bo‘ladi. Tong sahar demasdan odamga tanbeh beradi. Hamma uning odatini bilgani uchun ko‘chalarni, o‘zlari yashaydigan uy oldilarini oynadek qilib qo‘yadi. Lekin bugun ungamas, tuni bilan do‘sti Turdibekning qarovsiz qolgan uyini o‘ylab ko‘ngli buzildi. Hech kimga bildirmay ko‘chaga chiqdi. Subhidam shamoli etini junjiktirib yubordi. Chakmoniga mahkamroq o‘rana turib atrofga razm soldi: qorong‘uda tirikchilik tashvishida bozorga otlanayotgan odamlarning sharpalari elas-elas ko‘rinardi. Chekkatoshloq - katta qishloq. Bu yerning kosibi ham; taqachi, temirchisi ham; dehqon, bog‘boni ham; cho‘pon, cho‘rig‘i ham; agar yolg‘on bo‘lmasa dunyodagi barcha kasbi kor egasi o‘zida bor. Tirikchiligi bo‘lsa... bozor.
Bu qishloqda har qanaqa muammo oqsoqol bilan hal qilinadi. Uni gapini ikki qiladigan odamning o‘zi yo‘q. So‘zi so‘z, gapi gap.

***

Ergash ota bir kam yetmishga borib qolgan bo‘lsa ham hali dadil. Shashti ancha-muncha qirchillama yigitlardan baland. Tog‘ni tolqon qilaman degan bilagi, otni hurkitadigan savlati bor. Shoshma-shosharlikni yomon ko‘radi. Har qanday muammoni puxta o‘ylab, keyin yechadi. O‘zi o‘ta ba’mani, ochiqko‘ngil. Uning to‘porilarcha suhbatlarida bo‘lgan odam, qo‘pol so‘kish-so‘kinishlariga qaramay yana bir gaplashishga oshiqardi. Odamzotning tabiati o‘zi shunaqa. Yovvoyi fe’l-atvorli kishilarni xushlaydi-yu, muloyimlarini yoqtirmaydi.
O‘tgan yili qishda qishloq kattalari qo‘yarda-qo‘ymay uni nomzodini oqsoqollikka ko‘rsatishdi-yu, tashvishi oshdi. Avvaliga ko‘nmadi.
-    Seni hamma hurmat qiladi. Kattayu kichik gapingga kiradi. Juda bo‘lmasa yoningga bir-ikki polvonlardan olarsan, - deyishdi.
Keyin o‘ylab ko‘rsa, salkam yetmish yil umri mana shu joyda, mana shu odamlar bilan o‘tibdi. Ularga bosh bo‘lib, bir kuniga yarasa nima?.. Bu ham bir yumush, keksalik zavqi-ku, deb o‘yladi. Shularni ko‘zlab rozi bo‘ldi. Kattani kichik, kichikni katta bilib muomala qila boshladi.
Shu-shu hayoti Chekkatoshloq odamlarining turish-turmushi bilan. Elning yaxshi-yomon kuni: to‘y-to‘rkini, marakasida... E-ee, nimasini aytsin bu tashvishlarni.

***

Shom namozi o‘qilgandan so‘ng qishloqning bari kattalari oqsoqolning oldiga kengashga kelishdi.
- Bir yildan beri duradgor Turdibekning uyi kimsasiz. Kundan kunga nurab boryapti. Hovlisi ham qarovsiz. Farzandlaridan biri shahardan kelib o‘tirar, deb o‘ylagandik. Biroq Turdibekni marakalaridan keyin ularning birontasidan darak yo‘q. Uyi esa to‘kilib, bir ahvolga tushib qolgan. Uning ustiga yana hovli sahniga qarab bo‘lmaydi, - dedi Shukur ota.
- Kechasi u yerda nimalar bo‘lmaydi, deysan. Ha endi, egasiz bo‘lgandan keyin shu ekanda. – Shunday deb jahl bilan o‘rnidan turdi Jahongir.
- To‘ppa-to‘g‘ri. Shahardan dam olgani kelganiki, o‘sha yerda qo‘nim topyapti, shuni bilasanmi Ergash?.. – dedi Nazir ota. – Mana, men o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim. Rahmatli Turdibekning kampiri Qumri ham ozoda, saranjom-sarishta ayol edi. Hozir go‘rida tikka turgan bo‘lsa kerak.
Ergash ota chiroyli qilib qirtishlangan soqolini sekin o‘ng qo‘li bilan silab qo‘ydi. U asabiylashgan vaqtlarda, hech nima demasdi-yu, doim shunday qilardi. Buni qishloq ahli yaxshi bilishardi.
-    Nima tadbirni joiz bilasizlar? – so‘radi Ergash ota o‘smoqchilab vazmin ohangda.
-    Trudibekning uyiga biron kimsani joylasak. Oilasi bilan u yerni obod qilib o‘tirsa, - dedi Shukur ota. Bu gap hammaga ma’qul keldi.
Shunday qilinsa, anavi beboshliklarga ham chek qo‘yilardi. Lekin kimni!?..
-    Mana Botirning ham hali uy-joyi yo‘q. To‘rt xo‘jalik bir eshikda. U salkam qishloqni faxriga aylandi. Turdibekni bollari kelsa kelar, kelmasa bir gap bo‘lar! – dedi Nazir ota ham.
Shukurning gapida jon bor, o‘ylardi u. Oxirgi vaqtlarda qishloq notinch bo‘lib qoldi. Jahongir bilan Nazir bobo ham to‘g‘ri aytadi.
Negaki, bolalar ulg‘ayishyapti. Turgan gapki, bunaqa ishlar ularning tarbiyasini buzadi. Shundan keyin ertaga ulardan nima kutish mumkin. Turdibekning bolalaridek o‘qish bahonasida bir qizni etagidan tutib, shaharga ketadi-qoladi. Ana undan keyin mana shunaqa ahvol-da. Shu sabab bu g‘avg‘olarning bugunoq oldini olish kerak. Keyin kech bo‘ladi. Kengashning qarori to‘g‘ri. Agar Botir polvonni u yerga joylashsa, ancha-muncha odam yaqinlasha olmasdi ham.
- Shu bugunoq hammasiga chek qo‘yish kerak, - dedi Ergash ota qat’iy. Uning ovozida qandaydir g‘azab aralash titroq bor edi. Hamma bosh chayqab, uning fikrini qo‘lladi.
- Sizlar boraveringlar, - dedi birozdan keyin. – Bu ishni o‘zim hal qilaman. To‘dalashib borsak mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shnilarning halovati buziladi. Vahimaga tushib yurishmasin tag‘in.

***

    Turdibekning hovlisi Qoradaryo yaqinida - juda bahavo, so‘lim joyda joylashgan edi. Daryoning narigi tomonidan Bo‘rtog‘ning go‘zal manzarasi ko‘rinib turardi. Ayniqsa, yozning jaziramasida u yoqdagi yam-yashil go‘zallik kishini diqqatini tortardi.
Ergash otaga hovli bolaligidan tanish. Eng zarif xotiralari yashaydi bu joyda. Unga juda qadrdon bo‘lib qolgan. Bir zum Turdibek bilan o‘tgan bolalik kezlarini xayolidan o‘tkazdi. Ha-ha. Kechagidek esida bir burda nonni ikkalovi bo‘lashib yeyishgani. Uning otasi kappondagi Boqi nonvoydan zog‘ora non olib kelib ularga bir to‘g‘ram bergandi. Judayam mazali edi. Bunaqa ta’mni shu yoshga kirib hali tuyganicha yo‘q. Qanday totli edi...
    Ergash ota mana shunday xayollar og‘ushida do‘sti Turdibekning hovlisi yaqiniga kelib qolganini anglamay ham qoldi. Rostdanam ichkaridan g‘ovur-g‘uvur ovozlar eshitilib turardi. Goh ayol kishi, goh erkak kishi biri-biriga gap bermay bahslashishardi. Ergash ota biroz darvoza yonida ikkilanib turib qoldi. U na ichkariga kirishini, na orqaga qaytishini bilardi. Istihola qildi: «Qanday bo‘larkan-a?.. Har qalay odamlar hordiq chiqarishyapti. Ular qayoqdan bilsin axir bu Turdibek rahmatlining uyi ekanligini. Tinchini buzish yaxshimas-ov».
-    Assalomu alaykum.
Ergash ota yosh bolakayning jarangdor ovozidan sal bo‘lmasa cho‘chib, yiqilib tushishiga oz qoldi.
-    Vaalaykum assalom, - dedi Ergash ota bolaning o‘ktam ovozi kelgan tarafga yarq etib qarab. Uning ortida yetti-sakkiz yoshlar chamasidagi bolakay «Qani yo‘ldan qoching-chi!» degandek qo‘lidagi xaltani mahkam ushlab turardi. Ergash ota unga kalovlanib, angrayib qoldi.
-    Eshikni ochvoring, tog‘a, - dedi bolakay beg‘ubor tovushda.
-    Xo‘p bo‘ladi. Mana, hozir, - dedi-yu Ergash ota o‘ylanib qoldi. Ortiga
burilib ajablanib so‘radi – Bu yoqda nima qilasan?..
-    Manovni olib kirib bermoqchiydim.
-    Buning nima?
-    Ortiq amakimning do‘konidan oldim, - dedi bola va aytgisi kelmay qo‘lidagi sharob idishlariga sirli qarab qo‘ydi.
-    Xohlasang men olib kirib beraman, - dedi Ergash ota bolaga.
-    Mayli, - dedi bola ham ikkilanib o‘tirmay. So‘ng yugurib keta turib:
- Faqat sartarosh amakimga bering! - dedi buyruq ohangida.
-    Xo‘p-xo‘p, - dedi Ergash ota miyig‘ida kulib bolaga, ichkariga kirishga bahona topilganidan minnatdorlarcha.

***

Ichkarida maishat avjida edi. Piyolalarning jarang-juringi-yu, kosadagi oshiqlarning sharaq-shurig‘ida Ergash otaning tomoq qirganini hech kim eshitmadiyam. Shunda oqsoqol xaltadagi sabil qolgurdan birini olib zarb bilan yerga urdi. Idish chilparchin bo‘ldi. Bazmi jamshiddagilarning barchasi bundan hushyor tortdi. Axir kim ularning halovatiga tahdid qilishi mumkin?
-    Sodiq, do‘konga yuborgan bolang shumi-a?.. – dedi bir chekkada yonboshlab,
Huzur qilayotgan qorindor kishi irjayib.
-    Ie-ie, Ergash ota! O‘zizmi?.. – o‘rnidan turdi Sodiq sartarosh gandiraklab. U mast edi. – Qanday shamollar uchirdi. O‘zi sizni ham chaqirtirmoqchi bo‘lib turgandik. Keling, keling! Marhamat!
U yugurib kelib oqsoqolning qo‘lidagi xaltaga qo‘l cho‘zdi. Ergash ota uni boshqa qo‘liga oldi. Sodiq hayron bo‘ldi. Ergash otaning ko‘zi Botir polvonga tushdi. Uni ko‘p marotaba katta kurashlarda o‘zi qo‘lini ko‘kka ko‘tarib eldan duo olib bergandi. Arslon polvonni yengganiga ham hali hech qancha bo‘lmagandi. Qolaversa, bugungi kengashda ham qishloq keksalari u haqida jon kuydirishgandi. Agar Botirning bu ishini ular bilishsa bormi...
-    Ie, sen bu yerda nima qilyapsan?! – deb yubordi beixtiyor Ergash ota.
-    Bola tushmagur sizni ovora qilibdi-da, ustoz! Yosh bola-da. Nima deysiz endi, – dedi Botir polvon o‘rnidan turib. – Unga yaxshigina haq to‘lagandim, xizmatiga yarasha.
Uning betamizlarcha irshayishi Ergash otaning g‘azabini qo‘zg‘adi.
- Polvonlik yukini ko‘tarolmabsan-da, Botir? Uyat-e. Hamma sendek kuchli bo‘lishni xohlaydi. Turqingga qara, masxarabozni o‘zi bo‘psan, - dedi sekin.
Vaziyatning bunday keskin tus olishini xayoliga ham keltirmagan polvon serrayib joyida qotib qoldi.
-    Nega angrayasan? – dedi Ergash ota o‘ziga qarab turgan Sodiq sartaroshga.
Sodiq turgan joyida pastga qaradi.
    - Ha endi, oqsoqol, bizam odammiz. Ozgina dam olgimiz keldi, - dedi yer chizib.
    - Sadqai odam ket, - dedi Ergash ota qo‘lidagi qolgan shishalarni ham yerga tashlab yuborib.
    - Sen kimsan? – dedi nihoyat ularning suhbatiga indamy turgan qorindor, ko‘zlari sarxushlikdan qizarib ketgan odam. Yonida o‘tirgan ta’viyaning oldida o‘zini she’r qilib ko‘rsatarkan yana so‘radi: – Bizning kimligimizni bilasanmi?
    - Turq-atvoringdan hayvonga o‘xshaysan, - dedi Ergash ota qo‘pol ovozda qat’iy.
    - Nima deding, - deya u dabdurustdan qariya tomonga otildi. Ergash ota chapdastlik bilan o‘zini chetga oldi. Lekin u keskin harakatidan o‘zini o‘nglay olmay qolib chalqanchasiga yiqildi. Yiqilish asnosida esa uning boshi stol qirrasiga zarb bilan urildi.  Bemajol holda ag‘anagan qishloq oqsoqolini Botir polvon tezkorlik bilan ko‘tardiyu:
    - Kechiring ustoz, - dedi mahzun ovozda.
    - Uyatsiz. Umr bo‘yi topgan sha’ningni bir lahzalik ayshga almashdingmi, nodon?!.. – deya pichirladi oqsoqol o‘tkir nigohlarini unga qadab. – Hayf senga polvonlik. H..h.ha... yf...
    Uning oxirgi so‘zlarini Botir polvon arang eshitdi.
-    Yo‘q!.. – degancha o‘kirib yubordi u Ergash otani quchoqlab.
Endi kech bo‘lgandi. Uning kuchli qo‘llari ustozining jonsiz jasadini ko‘tarib turardi. U tezda o‘zini yig‘ib oldi. Bu yog‘iga foydasi yo‘q edi. O‘zi qayoqdanam keldi shu uyga-ya. U jasadni asta yerga qo‘yib jag‘larini ushladi va sekin pichirlab kalima keltira boshladi. Uning ko‘zlaridan yosh sizardi. Quloqlari ostida esa qayta-qayta Ergash otaning «Hayf senga polvonlik. H..h.ha... yf...» degan oxirgi so‘zlari unga la’natdek takrorlanaverardi.

«Sado» gazetasining 2013- yil 7- noyabr sonidan olindi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.