OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxtiyor Nuriddinov. Ota va o‘g‘il (hikoya)

O‘zi odam shunaqa, qariganda injiqroq bo‘lib qolarkan. Har tugul fe’l-atvori o‘zgararkan-da.
Ota shaharga umid bilan keldi. Qariganda orttirgan dardiga davo toparman deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. O‘g‘li ham hamma ishini yig‘ishtirib otasini shahardagi ko‘zga ko‘ringan shifoxonalarga olib bordi. Barcha tanish-bilishlarini ishga soldi. Manaman degan mutaxassislarga ko‘rsatdi.
- Bo‘lmaydi! - deyishdi.
Nega bo‘lmas ekan. Shunday katta shaharda otasining bir dardiga shifo topilmasa. O‘g‘il bo‘lib farzandlik burchini ado etolmasa. Bu qanaqasi?.. Boshqa joyga olib bordi. Eng zo‘r shifokor deyishdi. Mayli dunyoni olsin. Faqat otasini davolasa bo‘lgani.
Odam juda ko‘p edi. Hamma shifo izlab kelgan. Navbatga turishdi. Havo issiq. Diqqinafas bo‘lib ketdi. Otasi o‘zidan battar bezovtalandi. Ancha navbat kutishdi. Ikki soatlar chamasi vaqt o‘tdi. Nihoyat hamshira qiz ularni chaqirdi. Ikkov birga kirishdi. Miqtidan kelgan, ko‘zlari dumaloq-dumaloq shifokor o‘ta jiddiy qiyofada qarshi oldi ularni. Avvaliga otasini yotqizib obdon u yoq - bu yog‘ini tekshirib ko‘rdi. Savol-javob qildi. Kasallik varaqalarini sinchiklab o‘qib chiqdi. So‘ng otasini tashqarida kutib turishini so‘radi. O‘g‘il tushungandek bo‘ldi. Otasini dardi jiddiyga o‘xshaydi. Ular yolg‘iz qolishdi. Shifokor fikrlarini jamlay olmay boshini ushlab ancha turdi. Gapni nimadan boshlashini bilmay kalovlanardi. Birozdan keyin u boshini sarak-sarak qilib, achingandek bo‘ldi. So‘ng o‘sha bedavo chayon haqidagi o‘zi bilgan barcha narsalarni to‘kib soldi. Haqiqatdan ham dardi og‘ir edi. Shifokor o‘zini ojizligini bildirgisi kelmadi chog‘i:
- Bo‘lardi. Ozgina kechikibsizlar, - dedi.
Uning gaplari yolg‘on tuyuldi nazarida. Haqiqatni aytgisi kelmadi. Nima bo‘lganda ham katta shaharda nomi chiqqan axir... U shifokorni oldidan «lom-mim» demay chiqib keldi. Otasi unga umid bilan qarab turardi. O‘g‘il bo‘lsa jim. Xuddi og‘ziga tolqon solib olgandek edi. Kechgacha kirmagan eshigi, uchramagan odami qolmadi. Qaerda najot uchquni bo‘lsa olib bordi. Chiqmagan jondan umid. Biroq hammasidan bir xil gap eshitardi: «Bo‘lmaydi!»
Bu so‘zni shunday yomon ko‘rib qoldiki, hatto quloqlari tagida aks-sado berib shang‘illayotganga o‘xshardi. Buni otasi bilmaydi. O‘g‘lim hammasini uddalaydi, deb o‘ylaydi. Axir katta shahardan anqoning urug‘ini topish mumkin.
Hech qaerdan umid qolmadi. Kechga yaqin uyga qaytishdi. Eshikni ochishlariga besh yashar o‘g‘li otasining quchog‘iga otildi.
- Bobom keldilar, - deb mahkam bo‘ynidan quchoqlab oldi.
Otasi hamma dardini unutvordi. Bola mehri uni yumshatdi. Otasi sotib olishga qachon ulgura qolgan ekan, nabirasining qo‘liga turli o‘yinchoqlar, har xil shirinliklar tutqazdi. O‘g‘li bobosining tobi yo‘qligini bilmaydi. Otasini oldiga kelib xursandligidan bir nimalar deb chug‘urlardi xolos. Barcha o‘yinchoqlarini olib kelib bobosiga «ko‘z-ko‘z» qilardi. Birma-bir nomlarini aytib, tanishtirardi.
Otasining madori yo‘q. Shunday bo‘lsa ham bilintirmay nabirasining savollariga erinibgina javob berardi.
- Endi meni uyimda yashaysizmi? – so‘rardi o‘g‘li.
- Albatta, - bazo‘r jilmayardi otasi. Vaqt sayin dard zo‘rayib, og‘riq asta
kuchayib borayotganligi yuzlaridan sezilib turardi. Ko‘zlari ham kirtayib qolgandi. O‘g‘ilning otasiga qarab yuragi ezildi. Majolsiz taqdiriga la’nat o‘qidi. Nahot otasi ko‘z o‘ngida so‘lib borsa. Uni dunyoga keltirgan yakka-yu yolg‘iz suyanchig‘i o‘zi bu yorug‘ olamni tark etsa-ya!
- Yo tangrim! O‘zingdan o‘zgada najot yo‘q. Otamga umr ber, - deb yig‘lab
yubordi ayvonga chiqib o‘g‘il.

* * *

Ertasiga tong saharda otasining hazin ingrashidan uyg‘ondi. Turib qarasa arang bomdod o‘qiyapti. O‘g‘li qachon tura qolgan ekan sinchkovlik bilan otasining xatti-harakatlarini yonida kuzatib o‘tirardi. Bobosiga taqlid qilib, bir nimalarni takrorlab pichirlardi. U o‘g‘lining bu qilig‘idan jilmaydi. Otasi nonushta payti o‘g‘liga:
- Bolalarni yaxshi tarbiya qilinglar, - dedi. – Bugun qaytaman. Uyni sog‘indim. Qoradaryoni shovvalari tushimga kirib chiqdi... Anorlaram gullagandir.
Qishloqdagi uylarining hovlisi etagida katta anor bog‘lari bor edi. Otasi esini tanibdiki o‘zi parvarishlaydi. Boqqa suv Qoradaryodan kelardi.
«Ona daryo, - derdi otasi Qoradaryoni. - Hammaga rizq olib keladi. Agar u bo‘lmasa bu joylarda bir giyoh unmasdi. Shuni bilib qo‘ygin o‘g‘lim!».
- Bugun boshqa shifokorlarga ko‘rsataman, dada. Hali yaxshi bo‘lib ketasiz.
- Yo‘q, - dedi qat’iy ohangda otasi. - Xudoni ishiga aralashma.
O‘g‘li indamadi. «Biroz qoling» ham deya olmadi. Otasini odatini biladi. Aytdimi bas. O‘shani qiladi. O‘zini notavonligidan o‘kindi. Turib otasini davolatib shifoxonadan chiqqanida yelkasiga tashlayman, deb atab qo‘ygan yangi chakmonini olib chiqdi.
- Buning nimasi?.. Qo‘ysang-chi! Topganlaringni o‘zlaringga sarf qilinglar. Dunyo g‘animat. Yaxshi yashanglar. Nevaralarimni yedirib-ichiringlar. Naslimiz chirog‘i shular, – dedi otasi.
- Keliningiz bilan birga oluvdik. Sizga to‘g‘ri keladi, - dedi bazo‘r o‘g‘li.
- Qulluq bo‘lsin, dada! – dedi kelini ham kira solib.
- Rahmat, - dedi otasi o‘ksik tovushda. – Ko‘p yashanglar...
Otasi duo qildi. O‘g‘li bobosiga «Ketib qolmang», deb rosa xarxasha qildi. Mahkam oyoqlariga yopishib oldi. Otasi uni tepaga ko‘tarmoqchi bo‘ldi. Quvvati yetmadi.
- Hech bo‘lmasa nevaramni bag‘rimga bosishga ham qo‘ymaydi bu qurmag‘ur, -
dedi sekin jilmayib. - Meni ko‘rgani borasanmi?..
O‘g‘li boshini qimirlatdi.
- Senga anor chiviqdan ot yasab beraman. Shunaqasini ko‘rganmisan?..
- Yo‘q.
- Men sendaqalagimda o‘shandayini minganman.
- O‘zizdaqasidan yasab berasizmi? – erkalandi o‘g‘li.
- Albatta.
Bola ovundi. Qariya yo‘lga chiqdi. Ko‘ngliga qil ham sig‘mayotgandi. Harchand yashirishga urinmasin o‘g‘li buni bilib turibdi.
- Kuzda anor yeyman desang, bahorda anorzorga suvni yaxshi tarash kerak. Bo‘lmasa gul to‘kvoradi. Qarabsanki, hosil ham yo‘q, - dedi otasi yo‘lda.
O‘g‘li indamadi. O‘zini yog‘iga o‘zi qovurilib borardi.
- Sen ko‘pam siqilma. Hammasi xudodan. O‘zi shifo bersa, odam bolasining rizqi uzilmaydi.
- Kerak bo‘lsa xorijga jo‘nataman, dada. U yoqda bir pasda davolashadi.
Otasi istehzo bilan kuldi.
- Senikiga bazo‘r keldim, u yoqqa yo‘l bo‘lsin. Iligimda quvvat yo‘q. O‘z uying - o‘lan to‘shaging. Hech narsani o‘ylamaysanam. Bugun uyga yetvolsam bo‘ldi. Oyoq-qo‘limni cho‘zi...iib dam olaman. Onang menga yaxshi qaraydi. Shifokorlaring takabbur bo‘p ketibdi. Sen bo‘lsang katta shaharga o‘rganib qopsan.
Insonni xayoli cheksiz. Bir zumda dunyoni aylanib chiqadi. O‘g‘li xayolga toldi. Otasi buni sezdi. O‘zining ojizligidan siqilyapti, deb o‘yladi.
- Eh bolam-a. Ko‘p o‘qibsanu uqmabsan. Dunyoni hech kimga bog‘lab bermagan. Xudoga shukr, yaxshi yashadik. Sizlarniyam o‘qitdim. Uyli-joyli qildim. Yetmish yil yomon yoshmas. Armonim yo‘q, - dedi dadillashib. – Yana nima qoldi?.. Hech narsa. Bu yog‘i endi zerikarli... Yana bilmadim. Biroz vaqt bersa birgalashib nevaralarni to‘yini qilardik.
Otasi jilmaydi. O‘g‘li yana indamadi. Qovog‘ini uyib oldi. Bo‘g‘zida nimadir paxsadek qotib turardi. Og‘zini ochsa aniq o‘kirib yuboradi. To‘lib turibdi. Ko‘zyoshlari ham qabog‘ini yoray deyapti. Ko‘zini olib qochdi.
...Kech tushdi deguncha aka-ukalar ko‘chaga chiqib olib yo‘l poylashardi. O‘tgan ketganni kuzatishardi. Oyoq tovushlariga quloq tutishardi. Ko‘chada biror zot qolmasa ham ular termulib o‘tirishaverardi.
It, mushuklarning devor osha chopishlari boshlanardi. Qishloq qurbaqalarining vaqqillashari-yu, kaltakesaklarning soatga o‘xshab chiqqillashari avjga minardi. Vaqt o‘tardi. Otasi bo‘lsa kelmasdi. Ko‘zlarini uyqu bosardi. Aka-ukalar sovuqdan junjikib bir-birlariga yana ham yaqinroq o‘tirib, qunushib olishardi. U esnab ishqalana boshlaganda akasi:
- Uxlab qolma, hozir dadam keladi...
Kuta-kuta tinkalari quriganda bir payt tun pardasi ochilib rostdanam otasi paydo bo‘lardi. Kelishgan, haybatli. Yurganda ham «gurs-gurs» etib yerni tepib qadam bosadigan.
Yaqinlashganda hammayoqni otasini isi bosib ketardi. O‘zgacha hidi bor edi.
- Ie-ie, meni bobotoylarim-ku! Bu yerda nima qilyapsizlar?.. Otanglarni kutyapsizlarmi?.. Barakalla, barakalla polvon o‘g‘illarim. Qani yuringlar-chi! – derdi o‘ktam ovozda, peshonasidagi terlarini artib.
Hammalari quvnab ketishardi. Ayniqsa ukasi. Dadasini bo‘yniga osilib olardi. Otasi birma-bir mehr bilan erkalardi.
O‘ttiz yil bo‘libdi shungayam.
Shularni o‘ylab ko‘ngli yorishdi. Otasi o‘g‘liga qarab qo‘ydi. Uni kayfiyati yaxshilanganini ko‘rib xursand bo‘ldi. Xayrlashayotib uzoq bag‘riga bosib turdi. Xuddi bolaligidagiday otasini hidini tuydi. Nafasini judayam yaqindan his qildi. Xuddi avvallardagidek. Qo‘yvorgisi kelmasdi. Noiloj xayrlashdilar.
Otasi jo‘nab ketdi.

* * *

U kunlari qanday o‘tganini bilmadi. Hafta, oy... Noxush xabarni kim unga yetkazarkin. Undoq bo‘lmadi. Hech qachon odamni aytgani bo‘lmaydi. O‘ylaganidek yaxshi xabar ham, yomon xabar ham eshitmadi. Otang seni so‘rayapti, deb chaqirtirishdi uni. Tez yetib bordi. Otasi aksincha nabirasini so‘radi.
- Bobotoyim qani, - dedi erkalab.
O‘g‘lini chaqirdi u. Nabirasi kela solib bobosini quchdi. Otasi turishga harakat qilib ko‘rdi. Ammo bo‘lmadi. To‘shakka mixlangandi. Nabirasini oldida o‘zini bardam tutishga urindi. Ko‘rpalari qatidan anor novdasidan yasalgan uzun hivichni oldi va nabirasiga uzatdi. Otasi tushmagur baribir aytganini qilibdi.
- Bu senga, - dedi inqillab.
Hivichni yuqori qismi naqshinkor o‘yilib gavronning nozik, ichki po‘stlog‘idan to‘qilgan ip bilan bog‘langandi. Xuddi otga yugan taqqandek edi. O‘g‘li bolalarcha quvonib ketdi. Hivich otni minib xonani bir aylanib chiqdi.
- Senga yoqdimi?.. – dedi.
- Zo‘rakan bobo, - dedi nabirasi.
Otasining dardi zo‘riqib borardi. O‘g‘illari buni sezib turishardi. Akasi o‘g‘lini hivich oti bilan sekin ko‘tarib oldi.
- Bobong biroz dam olmoqchi, - dedi.
Otasi buni xohlamadi.
- O‘z holiga qo‘y, - dedi zo‘rg‘a og‘ir ohangda. – Quvonchini buzma!
Akasi o‘g‘lini pastga tushirdi.
- Bog‘ishamolda ertaki oqo‘riklar pishgan bo‘lsa kerak. Yegim kelyapti, -
dedi otasi.
- Borib kelaymi? – so‘radi ukasi.
Otasi unga qaradi.
- Sen terib kelaqol, - dedi otasi.
- Xo‘p bo‘ladi, - dedi u o‘g‘lini yoniga olib.
- Qaytishda Oqbuloqni suvidan ham ola kelinglar. Ichgim kelyapti, - dedi otasi ko‘zlari yonib. – Zora mador bo‘lib tuzalib ketsam.
O‘g‘il tushundi. Otasi nabirasiga ojiz ko‘ringisi yo‘q. O‘g‘li bobosini hamisha kuchli, hamma narsadan qo‘rqmas, deb biladi.
Bog‘ishamolda rostdan ham otasi aytganidek oqo‘riklar rang olibdi. U quyosh nurida tovlanayotgan kattakon o‘rik mevasiga qo‘l cho‘zdi. Uzayotganda ichidan nimadir «chirt» etib ovoz berganga o‘xshadi. Yuragi qalqib ketdi. A’zoyi badanida titroq turdi. Sezdi, otasiga nimadir bo‘lgan. U shoshildi. Pishib yetilgan oqo‘riklarni terib savatni to‘ldirdi. O‘g‘li bo‘lsa, qiyg‘os ochilib yotgan lolaqizg‘aldoqlarni ko‘zi qiymay, bir dasta terib oldi. Yo‘lda Oqbuloqqa kirishdi. Avval suvidishni to‘ldirishib, so‘ng o‘zlari ham ichishdi. Buloq suvi rostdan ham shifobaxsh edi. Ichganda tanani yayratardi. Otasining so‘nggi umidi shu. Zora shifo topsa.
Ota-o‘g‘il uyga qaytishdi. Yurgan sari yo‘l uzoqlashayotganga o‘xshardi. Yanayam ildamroq harakat qilishdi. O‘g‘li ariq bo‘ylaridagi chuchmomalarga alanglardi. Termoqchi bo‘lardi, otasi tortqilab qo‘ymasdi. Uylariga yaqinlashganda darvoza yonida odamlar yig‘ilganini ko‘rdi. O‘g‘li ham esidan chiqib qadamini tezlatdi. Yurib keldimi, yuguribmi bilolmadi. Faqat darvozaxonada shoshib yiqilib tushay deganda uni qo‘shnilar ushlab qolishdi. O‘g‘li kira solib baqira ketdi.
- Bobo, qarang sizga nima olib keldim. Hammasi qip-qizil... Qarang!!
Ular kechikishgandi.
- Qachon?!.. - so‘radi u ikki bilagidan ushlab turgan odamlardan. Dunyo ko‘ziga qorong‘u bo‘lib ketgandi. Unga hech narsa ko‘rinmasdi. Ko‘z oldida mavhum chizgilar, tushunib bo‘lmas sharpalar g‘imirlardi xolos. Hech kim unga javob qilmadi.
- Yarim soat bo‘ldi, yarim soat! – dedi ukasi hiqqillab.
Akasi shiddat bilan yugurib borayotgan o‘g‘lini to‘xtatdi. Qo‘lidagi lolaqizg‘aldoqlarni olmoqchi bo‘lgandi, bermadi.
- O‘zim bobomga oboraman, - dedi erkalanib. U hech nimani tushunmasdi.
- Bobong uxlab qoldi. Keyin olib kirib berasan, xo‘pmi? – dedi akasi. O‘g‘li «xo‘p» degandek boshini qimirlatdi.
U ichkariga kirdi. Otasi yuzlaridan nur yog‘ilib o‘rinda yotardi. Qo‘lidagi oqo‘riklarga to‘la savatni va oqbuloqni suvini otasining yoniga qo‘ydi. Endi ular hech kimga kerak emas edi. Ichidan ko‘zyosh otilib keldi. Ko‘zlarini mahkam yumib oldi. Baribir «duv-duv» yosh sizib chiqdi. O‘zini tutib turolmay «otajon» deb o‘kirib yubordi. Tashqaridan qari onasining «begim»lab yig‘lagani eshitildi. So‘ng akasini, keyin ukasi, singlisini... Ketma-ket amakilarini ovozlari eshitila boshladi. Saldan keyin tashqarida o‘g‘lining «Bobojon!» degan chinqirig‘i hammayoqni larzaga soldi. U tipirchilab ichkariga talpinardi. Ammo qo‘yishmasdi.
- Bobomni bir ko‘ray, - deb yalinib yolvorardi o‘g‘li. Uni hech kim tushunmasdi. Hatto nolalariga quloq ham tutib ko‘rishmasdi. O‘g‘lini mushtdek qalbi o‘zining katta yo‘qotishini his qilayotgandi. Uni tashqariga chiqqisi keldi. O‘g‘lini bag‘riga bosib-bosib yig‘lashni istadi. Shu payt katta amakisi kelib yelkasidan tutdi.
- Chiqinglar endi, uyat bo‘ladi! – dedi ko‘zlarini belbog‘ini burchiga artib.
U tashqariga chiqib bir chetda qarovsiz shumshayibgina o‘tirgan o‘g‘lini yoniga borib, otasi o‘zini so‘nggi bor quchganidek mahkam quchoqlab oldi. Boshini yelkalariga qo‘yib unsiz yig‘ladi. O‘g‘li otasining bu harakatlaridan esankirab qoldi. Bir pasdan so‘ng yig‘idan tindi. Jajji qo‘llari bilan otasini sochlarini siladi. U o‘g‘lining bolalarcha mehrini tuydi. Xuddi o‘zi bolaligidagidek otasini soqolli yuzlariga yuzini bosib erkalangani kabi.
- Yig‘lamang, dada! – dedi o‘g‘li qat’iyat bilan. U irodasizligidan uyaldi. O‘g‘lini oldida bunday qilmaslik kerak edi. Vujudidagi titroqni, o‘kinchni tutib torolmagani uchun o‘zini koyidi. O‘g‘lini tanbehidan keyin uning otasi ekanligini his qildi. O‘g‘lini yupatmoqchi bo‘ldi. Ammo bunga hojat yo‘q edi. O‘g‘li ko‘zyoshlarini artib:
- Yig‘lamasam bobomni ko‘rsatishadimi? – dedi jiddiy qiyofada. Uning atrofida lolaqizg‘aldoqlar sochilib yotardi. Otasi sovg‘a qilgan yog‘och ot ham bir chetda ishkom ustuniga osilib qolgandi. U sekin o‘g‘lini qo‘lidan ushlab ichkariga yurdi. Ostonada ularni yo‘lini onasi to‘sdi.
- So‘nggi bor vidolashsin, - dedi u.
Onasi ancha cho‘kib, jimitdekkina bo‘lib qolgandi. Qovoqlari ham qizarib ketibdi. Onasi nabirasini bobosining oldiga olib bordi. O‘g‘li kattalardek mag‘rur turdi. Oxirgi bor bobosini yuzlariga to‘yib-to‘yib qarardi. Qanchalik o‘zini ushlashga harakat qilmasin termulgan sari ko‘zlaridan yosh sizardi. Hech kimga bilintirmasdan «piq-piq» etib yana yig‘lab yubordi. Otasi o‘g‘lining yoniga borib ko‘tarib oldi. Xayolida o‘g‘il bo‘lib otasini so‘nggi yo‘lga kuzatishi, ota bo‘lib esa o‘g‘liga o‘rnak bo‘lishi, uning kelajagi haqida qayg‘urishi kerakligini o‘ylardi. Otasi ham bobosini shunday qilganiga, vaqti kelib o‘g‘li ham o‘zini mana shunday abadiyat sari eltishiga ishonardi.
O‘sha kuni tuni bilan yomg‘ir yog‘ib chiqdi. Na o‘zini, na o‘g‘lini uyqusi kelmadi. Ota-bola tashqariga chiqishdi. Otasini uyida chiroq yoniq edi. Deraza tokchasida bo‘lsa savatga solingan oqo‘riklar, suvidishda Oqbuloqning suvi turardi. Oydin tunda oppoq yomg‘irlar sharros quyardi... O‘g‘li bobosini uyiga kirib sopol idishga Oqbuloqning suvidan bir kosa quyib chiqdi.
- Iching! – dedi otasiga uzatib.
O‘g‘lini so‘zidan etlari jimirlab ketdi. Ovozida otasinikiga o‘xshash kuch bor edi. U beiixtiyor suvni bir ko‘tarishda barisini simirdi. Kiyimlari shalobbo bo‘lib ketgandi. Bo‘shagan idishni ko‘rgan o‘g‘li sekin cho‘ntagidan oqo‘riklarni olib yeya boshladi...

2012 yil, 21 sentyabr
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.