OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxtiyor Nuriddinov. Tushuntirish xati (hajviya)

-    Hech qanday aybim yo‘q, o‘rtoq boshliq. Umrim bo‘yi chumoliga zig‘ircha ozor bergan bo‘lsam o‘lay agar. Uning o‘zi meni shunga majbur qildi.
-    Yozing dedi, - tergovchi buyruq bilan, dag‘dag‘ali ohangda.
-    Nimani?.. – taajjublanib so‘radi u.
-    Bor gapni. Bo‘lib o‘tgan voqealarni hammasini.
-    Mayli, mayli yozaman. Biroq... Avval meni eshiting!
-    Vaqt yo‘q. Mana, sizga qog‘oz-qalam. Yana savollar bormi?
U indamadi. Yozing deyapti-ku! Yana nima kerak. Gapirib boshni qotirgandan ko‘ra, barisini yozib tushuntirgan yaxshiroq. Bu yog‘i rasmiyatchilik...
E-e, hammasini yozgani bo‘lsin. Hech narsani qoldirmaydi. Bir boshdan, oqizmay-tomizmay yozadi. Xo‘sh, nimadan boshlasin?.. Jamoadagi obro‘-e’tiboridanmikin, yo o‘zining tengi yo‘q mutaxassis ekanligidanmikin? Xullas, gap bundoq!
“Mehnat ta’tilidan ishga qaytsam, bo‘limga yangi boshliq kelibdi. Uzun bo‘yli, qirra burun, sochlarini kalta qilib oldirib yuradigan oliftanamo yosh yigit. Yurish-turishi ham kiborlarcha. Qadamini ham erinibroq bosadi. Men uning yangi boshliqligini qaydan bilay, axir. Tushimga kiribdimi?.. Xonada birga o‘tiradigan o‘zimizning Ilg‘or ukamiz, deb o‘ylabman-da. Orqasidan qarasangiz quyib qo‘ygandek o‘xshaydi. Kira solib (teskari qarab turgan ekan), qulog‘iga shunaqangi chertibman-ki (bu bizning har kungi hazilimiz edi), erkak kishiniyam eti shunchalik nozik bo‘ladimi, qizarib ketdi:
-    Kimsiz? – dedi.
-    Arslon, – dedim uzrnamo.
-    Ta’tildan qaytdingizmi? – dedi yana.
-    Hmm...
-    Doim shunaqa salomlashasizmi?..
-    Kechirasiz! Sizni...
-    Mayli. Shoshayotgandim, keyinroq gaplashamiz, - dedi-yu chiqib ketdi.
Gunohim nima? Tanimasni siylamas-da! Bir qarashda anchayin hayotni ko‘rgan, jiddiy odamga o‘xshaydi-yu, biroq so‘zlaridan bir ma’ni uqmaysiz. Nima deyayotganligini azbaroyi xudo, suhbatdoshi tugul o‘zi ham tushunmasa kerak. Bir kuni tilshunoslikdan saboq boshlab qolsa bo‘ladimi. U tinimsiz gapirar, men esa zo‘rg‘a o‘zimni ushlab, jimgina o‘tirardim.
    - Mana masalan, - dedi u ko‘rsatkich barmog‘i bilan tepaga ishora qilib. – Tilning ijtimoiy hodisa ekanligi nimada? Albatta, tilning boyligida. Til nimaning hisobiga rivojlandi? Albatta, yangi so‘zlar hisobiga. Demak, siz bilan biz tilning yuksalishiga hissa qo‘shishimiz kerak. To‘g‘rimi?..
    - To‘g‘ri, - dedim o‘rtamizdagi gurungdan og‘zim lang ochilib. Aftidan tayyor matnni o‘qib berayotganga o‘xshadi. Savollariga o‘zi javob berardi. Axir, u –  boshliq! Qo‘shilmasdan bo‘ladimi. Umuman, gaplari to‘g‘ri. Tilni boyitib borish esa, boshqa masala. Men xayol surib boshliqqa e’tibor bermabman. U kishi qog‘oz qoralayotgan ekan. Qarab tursam bir so‘zni yozishda ancha qiynalyapti. Oxiri bo‘lmadi shekilli, boshini ko‘tarib:
    - Qani ayting-chi, “so‘nggi”da nechta “g” bo‘ladi?.. – dedi.
Ajabo! Unga xuddi shaharning qoq o‘rtasida gavjum joyda bo‘ri ko‘rgandek hayron tikildim. U ham menga shunday qaradi. Ko‘zlarimiz bir nuqtada to‘qnashdi.
    - Bilmaysizmi?.. – dedi asta.
    - Bilaman, - dedim biroz kalovlanib.
    - Nechta? – yana so‘radi.
    - Uchta, - dedim shumlik bilan. Biroz jahlim chiqqan bo‘lsa ham bildirmadim.
    - To‘ppa to‘g‘ri, - dedi u yozganiga ishora qilib.
- Avval nechta bo‘lgan?
    - Ikkita.
    - Mana ko‘rdingizmi. Avval tilning eski grammatikasi bo‘yicha ikkita “g” qo‘llangan bo‘lsa, biz bugun yangichasiga uchta qo‘llayapmiz, shundaymi?
    - Shunday.
To‘g‘risi, suhbatning oxiri qanday bo‘lishi menga qiziq tuyuldi. Eskilarning: “Og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham boy gapirsin”, degani esga tushib, uni qo‘llab-quvvatlab turishga qaror qildim. E’tibor bersam, boyagi so‘zni haqiqatdan ham men aytgandek yozdi. Indamadim. Boshliqqa bir nima deb bo‘ladimi?.. Birozdan so‘ng:
    - Yana xodimlarimiz qaysi so‘zlarni qo‘llashda qiynaladi, bilasizmi?.. – deb qoldi.
    - Yo‘q, - dedim qiziqsinab.
    - Ko‘p xodimlarimiz “x” bilan “h”ning farqiga yetishmaydi. Shuning uchun ular berayotgan hujjatlarning aksariyatida xato uchraydi. Asli ikki harfning o‘rtasida “dum” bor, xolos.
    - Shubhasiz, - dedim uning qiyofasiga qarab. U noma’lum orolga tushib qolgan Robinzonga o‘xshardi. Meni esa, Jumavoy deb tasavvur qilayotgan bo‘lsa ajabmas. Ha aytganday, shunday bo‘lishi tabiiy. Negaki boshliq bilan tanishuvimiz jumadan boshlangandi. U qog‘ozni to‘ldirib xonadan chiqib ketdi. Haligi men boshliqqa adashtirgan ukamiz Ilg‘orbek suhbatimizni eshitib turgan ekan, piqillab kulib yubordi. Yelka qisdim... Anchadan keyin boshliq:
    - G‘irt chalasavod ekansiz-ku! – deb jahl bilan kirib keldi. Tap etgizib qo‘lidagilarni stolga tashladi. Bu gapni kimga aytdi anglamadik. Keyin bilsam, u ish yuzasidan katta boshliqqa xat-hujjat yozgan ekan. Qayoqdan bilibman. Katta boshliqning fe’li tarang. Olib kirgan xat-hujjatini o‘qib chiqib yuziga otibdi...
Qulog‘iga chertganim holva ekan, katta boshliq uning ko‘zi ostiga qizil chiziq tortibdi...
Alqissa, u kaminani yomon ko‘rib qoldi. Tursam o‘poq, o‘tirsam so‘poq qiladigan bo‘ldi. Aybim nima?.. Boshliqqa mana bunday yozasiz, deb o‘rgatmayman-ku! Ha-a, bu kunlar ham o‘tar-ketar. So‘kish eshitib qolmay, deb ishga vaqtli kelaman. Biron bahona qoldirmay deyman-da, yana.
Bir kuni ishxonada farrosh ayol meni kutib turgan ekan. Qo‘lida ikkita yelim xalta. Nima qilay, deb so‘radi. Chiqindilar qutisiga oborib tashlashini aytdim. Farroshda ham ayb yo‘q. Men ikki yilda bir poyabzal olib kiyadigan odam, yangi boshliqni bir kunda uch xil oyoq kiyimda yurishini qayoqdan bilibman: kattakonlar qabuliga boshqa, majlislarga boshqa...
    Ish bilan tashqariga chiqqandim. Bir mahal... xonada janjal. Boshliqning ovozi eshitilyapti. Kiraymi-kirmaymi, deb kutdim. U ichkarida nimadir qidiryapti. Dag‘dag‘a bilan mulla Ilg‘or ukamizdan so‘raydi, bilib turibman u shubhasiz yelka qisyapti. Shartta ichkariga kirdim. Menga ko‘zi tushib sal tinchlandi:
 – Shu yerda yelim xaltachalarda poyabzallarim turuvdi, ko‘rmadingizmi? – dedi muloyimlik bilan. Farrosh chiqindilar qutisiga oborib tashlaganini aytdim. So‘ng, o‘zim ruxsat berganligimni qo‘shib qo‘ydim. Fig‘oni falakka chiqdi...
–    Hali yap-yangiydi-ya! – deb tashqariga otildi.
Qayoqdan bilibman, o‘rtoq boshliq! Ko‘nglimda zarracha g‘araz bo‘lsa tilim tanglayimga yopishsin. Azbaroyi bilganim yo‘q. Agar yelim xaltachalardagi “yap-yangi” poyabzalligidan xabardor bo‘lganimda farrosh ayolga chang-chungini artib yana joyiga qo‘yishini tayinlardim. Bilmaganim aybimmi?!..
Shu deng, farrosh ayol ham ancha farosatli ekan. Yelim xaltalarni chiqindilar qutisi ichiga tashlamay, yoniga qo‘yibdi. Faqat betartib  odamlar ham bor-da, sabzavotlarning achigan chiqiti to‘kilibdi, xolos. Boshliq hursand. Ozgina u yoq – bu yog‘ini artib, deraza raxiga quritgani oftobga qo‘ydi.
Shunda bildim boshliqning yolg‘onchiligini. Poyabzallarini “yap-yangi” devdi-ku. Unaqamas shekilli. Xonani biroz qo‘lansa is bosdi. O‘tkirmas-u, har qalay dimoqqa urdi. Chidadik. Axir, boshliqniki! Dastro‘molimni burnimga bosdim. Shu payt alam bilan:
-    Hayvon, - degan xitob eshitildi. Qarasam, boshliq tepamda serrayib turibdi. Birinchi kundagidek kimga aytganini Ilg‘orbek bilan yana anglay olmay qoldik.
-    Arslon, - dedim yumshoqlik bilan boshliq otimni yodidan chiqargan bo‘lsa kerak deb o‘ylab.
-    Hayvon!! - dedi takror o‘shqirib. Bildimki, meni so‘kyapti. O‘zingiz aytingchi, o‘rtoq boshliq, sizningcha shunda nima qilishim kerak edi?..
O‘rnimdan turayotib qo‘lim qay alfozda jag‘iga borganini bilmay qoldim. Beixtiyor yuz berdi hammasi. Axir odamman. Har qanday so‘kishga chidab turolmayman. Otim Arslon, xolos. Shifokorlarga ham hayronman. Darrov ishni sizgacha chiqarishibdi. Hammasi tasodif ekanligini bilishmagan bo‘lsa kerak-da, o‘rtoq boshliq. Bor gap mana shu. Yil. Sana. Imzo”.
Tergovchi tushuntirish xatini o‘qib miyig‘ida kuldi. Ko‘zoynak tagidan unga ancha sinchkov tikilib:
-    Hammasini yozdingizmi? Hech narsa esizdan chiqmadimi? – dedi.
-    Yo‘q o‘rtoq boshliq. Bari shu. O‘zimdan “qo‘shmadim”.
-    Mayli sizga ruxsat. Manavi qog‘ozni oling.
U quloqlariga ishonmadi.
-    Qamamaysiz-mi? – dedi hayron.
-    Yo‘q! – dedi tergovchi uni tashqariga kuzata turib. – Siz qo‘lingizga ehtiyot bo‘ling, u yo‘liga!.. Kelishib ketasizlar hali. Bir joyda ishlaydigan odamlar...
U tergovchini gapi tugamayoq, fikridan qaytib qolmasin tag‘in, degan o‘yda tura solib shoshgancha chiqib ketdi. Tergovchi hayron bo‘lib ortidan:
-    Qo‘lingizdagi qog‘ozni qorovulga berib keting! – deb baqirib qoldi.
Albatta. Qorovulga qog‘ozni berib ketadi. Hatto tergovchining judayam yaxshi, oliyjanob inson ekanligini ham aytadi.

2013 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.