OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxtiyor Nuriddinov. Musavvir (hikoya)

Uning ko‘zlari chiroyli edi.
Sochi qora. Yuzi qoramag‘iz. Xuddi oftobda pishgandek ko‘rinardi. Ko‘zlari esa, moviymidi-ey...
Ha-ha, moviyroqqa o‘xshardi. O‘t chaqnab turardi undan. Qarashining o‘zi har qanday yurakni behalovat qilardi. Yomonligidan emas, yaxshiligidan. Ehtirosga to‘la edi u ko‘zlar. Buni tasvirlash qiyin. Lekin harxolda moviyroq, moviy emasdi.
Uning suratini chizishga ko‘p harakat qilib ko‘rdi. Barisi –yuzi, qoshi, sochi doimo o‘zi o‘ylagandek chiqardi. Faqat ko‘zlari, uning ko‘zlarini tasvirlashga nimadir yetishmasdi. Sirli edi ular. Hatto bisotida borki bo‘yoqlardan uning ko‘zlarini rangini chiqarib bo‘lmasdi. Bugun qancha harakat qilmasin buni eplolmadi. Tuni bilan ishladi. Biroq o‘zi istagan, qalbi xohlayotgan rangni topa olmadi. Biroz osmonga – yulduzlarga termulib izladi. Nimanidir topganga o‘xshadi. Faqat u rangni, u chizgilarni emas. Ming bor xayolan qiyofasini ko‘z o‘ngiga keltirdi. Baribir uddalay olmadi. Ko‘zlarini, uning qorachig‘larini aniq eslolmadi. Yana bir bor ko‘rmasa bo‘lmaydi. Uni unutgan. Unutgani aniq. Ayniqsa ko‘zlarini. Uch yil bo‘ldi ko‘rmaganiga axir... Ko‘z oldiga keltira olmayapti. Ko‘rmasdan chizolmaydi.
Xonaga shirin, ko‘ngillarni xushlovchi shabada kirdi. Deraza pardasi bir qimirlab joyiga qaytdi. Go‘yo uning yoniga kimdir kirganday bo‘ldi. Tong yaqin. Xonadagi sukunatni “chiq-chiq, chiq-chiq”lagan tovush buzadi. Soat – uyning so‘fisi deganlaricha bor. Vaqt o‘tishidan darak berib odamni hushyor tortgizib turadi. Qiziq, soat necha bo‘ldiykin?.. – xayolidan o‘tkazdi u. Butun uyda beshta soat bor. Biri yotoqxonadagi tagkursida, biri ish stoli ustida, uchtasi esa, devorga osig‘liq. Hammasi bir-biridan farq qiladi. Ularning qaysi biri to‘g‘riligini bilmaydi. Har qalay ro‘parasidagi - devordagiga qaragani ma’qul. Yigirmata kam to‘rt. Yonidagi, stoldagisi besh daqiqa oldin. Uni sportchi do‘sti sovg‘a qilgan. Doim ilgarilab ketadi. Xorijdan keltirilgan. Shahardagi usta soatsozlarga sozlatgan. Baribir to‘g‘rilanmadi.
Qolgan uchtasi necha bo‘lgan ekan. Borib ko‘rsamikin?.. Nima farqi bor. Taxminan vaqtni bildi-ku! O‘zi dunyodagi soatlarning hammasi har xil. Unda aniq vaqtni bilgisi kelsa barisini solishtirishga to‘g‘ri keladi. G‘arbda soat necha, shimolda necha?.. Narigi xonalarga chiqishga erinib turibdi-ku! Bilmagani ma’qul. Shusiz ham yashasa bo‘ladi. Biroz chalg‘idi, o‘zini unutdi. Hamisha shunaqa. Vaqt faqat chalg‘itadi. Hammani garang qiladi yoki bir lahzada narigi dunyoga olib ketadi. Vaqt shunday vaxshiy. Hech nimani, hech kimni ayab o‘tirmaydi. Uni do‘sti yo‘q. Ushlab turadigan kuch ham. Faqat oldinga, oldinga ilgarilaydi. O, qaniydi bardoshi yetsa-yu, uyidagi hamma soatlarni olib chiqib ko‘chaga otsa. Vaqt biroz to‘xtasa. Yoki uni orqaga qaytarishni iloji bo‘lsa-da. Yo‘q bo‘lmaydi.
Bugun kunduzi u bilan uchrashadi. Qaerdaligini biladi. Shaharning chetidagi uyida. Aniq o‘sha joyda. Uni boshqa borar manzili yo‘q. Yaqinlarining bari yuz o‘girishgan. Do‘stlari tashlab ketishgan. U ojiza, u... Uzoqroqqa ketishga qurbi yetmaydi uning. Tezroq tong ota qolsaydi. Endi quyoshni ko‘rgisi kelyapti. Uning taftiga biroz toblangisi bor. Shunaqa, tuni bilan sovqotdi. Tong shamoli junjiktirdi. Kimningdir pinjida erkalangisi, oyoqlarini quchib, silab erkalagisi keldi. Ko‘zini uyqu bosgandi. Shirin xayollar osmonu falakka olib chiqib, elitdi. Biroz mizg‘idi. Tushida sevgilisini ko‘rdi. O‘zi o‘ylaganidek uning visoliga yetganu, maftunkor ko‘zlariga qarab-qarab to‘ymasmish. Sevgilisi xandon otib kularkanu, birdaniga go‘zal yuzlari yolmog‘iznikiga o‘xshab o‘zgararkan. “Ol-a, tushga nimalar kirmaydi”, dedi o‘ziga o‘zi uyg‘onib ketib. Quyosh nurlari ko‘zlarini olib, chizayotgan rasmi ham xuddi tushida ko‘rganidek allanechuk bir qiyofa kasb etib ketdi.
- Yo alhazar, yo alhazar. Astag‘furullo, astag‘furullo! – deb yubordi hayratidan.
O‘rnidan turib yuvinish xonasiga bordi. Yuzlariga muzdek suv sepdi. Bir seskanib o‘ziga keldi. So‘ng nonushta tayyorlashga chog‘landi-yu, qo‘li bormadi. Yaxshisi ko‘chaga chiqib muyulishdagi choyxonada yengilgina u-bu yeb tamaddi qila qoladi. U yerda har kuni yangi qaymoq bo‘ladi. Yana issiqqina gijda non yopiladi. Bordi. Choyxonachi uni iliq kutib oldi. Darrov oldiga bir choynak choy bilan, tandirdan endigina uzilgan non olib kelib qo‘ydi. Tanish hid... Xuddi onasining o‘zi tandirdan endi uzib oldiga qo‘ygandek dimog‘ini erkaladi. Bolaligini eslatdi.
Birozdan keyin choyxonachi lapanglab, ehtiyotkorlik bilan ko‘tarib sopol kosada yangi qaymoq keltirdi. Uning ko‘zlari quvnab ketdi. Ishtahasi ochildi. Choynak, piyola, kosadan boshqa choyxonachi olib kelgan bari narsalarni paqqos tushirdi. Qorni to‘yib lazzatlandi. Vujudida qandaydir tin tuydi. Rohatbaxsh shabada yuzlarini silab o‘tdi. Tuni bilan tanasini bosib turgan charchoqdan asar ham qolmadi. To‘yib-to‘yib toza havodan nafas oldi. Oldiga choyxonachi keldi. Uning yelkasida sochiq, qo‘llari ko‘ksida, tavoze bilan turardi. U bu lazzatlarga haq to‘lashi kerak edi. Ularning hammasi atiga bir pul. Dunyoda eng arzon narsa bu lazzatlanish, zavqlanish bo‘lsa kerak. Quvonchga hatto pul ham to‘lamaysan, deb o‘yladi. Qitmirligi tutib, o‘ziga umid bilan qarab turgan choyxonachiga salmog‘idan ko‘proq haq to‘ladi. Choyxonachi shu zahotiyoq pullarni sanab, ortig‘ini qaytarib berdi.
- Ko‘p berib yuboribsiz, - dedi unga qat’iy.
- Oling, men roziman, - dedi xursandchilik bilan choyxonachiga. – Menga yaxshi xizmat qildingiz.
- Bu meni ishim. Ortig‘i kerakmas.
Choyxonachining gaplaridan u yana ham hayratlandi. Hammasi o‘zi o‘ylaganidek bo‘lib chiqqandi. Undan quvonchu shodlikka haq olishmadi. Hayot juda ham zavqli va go‘zal ko‘rindi ko‘ziga. Mana shunday kayfiyatda sevgilisi yashaydigan dahaga kelib qolganini ham bilmay qoldi. Vaqt chopqillab bir zumda o‘tar edi. Qarshisida o‘zi uchun qadrdon bo‘lib qolgan uning uyi turardi. Hammasi tanish, avvalgidek. Hech narsa o‘zgarmagan. O‘sha yo‘lak, o‘sha daraxtlar... Uning o‘zi-chi? Buni bilmaydi. Sekin uyning derazasi tomon yurdi. Hech kim ko‘rinmadi. Sharpa berdi. Kimdir peshvoz chiqib uni kutib olishlarini istadi. Ammo unday bo‘lmadi. Eshik oldiga kelib tirqishidan qaradi. Biron zotdan darak yo‘q. Yuragi hapriqdi. U tomon talpina boshladi. Uni ko‘rgisi kelardi. Eshikni asta taqillatdi. Ichkaridan kimningdir erinibgina yurgani eshitildi. Bu o‘sha. Qadam olishlaridan sezdi. Xuddi o‘zi. Hozir eshikni ochib hayron qoladi. Ko‘z yoshi qiladi. Quvonganidan bo‘ynilariga osilib erkalanadi.
O‘ylaganlarining barini teskarisi bo‘ldi. Eshik ochildi. Ostonada bir dunyo bo‘lib u turardi. Ancha to‘lishgan. Qovoqlari shishgan. Egnidagi yengilgina shoyi ko‘ylak butun jismini unga ko‘z-ko‘z qiladi. Oldingi latofat, avvalgi jozibadan asar ham qolmagandi. Hali uyqusi ochilmagan ko‘zlari bilan, unga boshdan oyoq razm solib chiqdi. Uyatsizlarcha ko‘zlarini lo‘q qilib:
- Tong sahardan qaysi qurumsoq ekan, deb o‘ylabman. Bu yoqqa kelmas edingiz-ku. Nima, yomonroq tush ko‘rdingizmi?.. – dedi xuddi har kuni bir bor ko‘radigan tanishi misol unga irshayib.
Bu savoldan u butunlay garangsib qoldi. Tili tanglayiga yopishgandek edi. Unga nima bo‘ldi. Kim bu?.. Nega bunaqa gapiradi. Nahotki uning o‘zi. Kallasida xotiralar... Shirin tuyg‘ular. Hammasi g‘ovlab ketdi. Hech nimani ilg‘ab bo‘lmayapti. Qaniydi qarshisida turgan boshqa bir ayol bo‘lsa... Ko‘rib turganlarining hammmasi tush bo‘lsaydi.
Yo‘q. Afsuski uning o‘zi edi. Kunu tun unga halovat bermagan, oylar, yillar davomida kutib yashagan sevgilisi, muhabbati.
Ha-ha, u o‘sha edi.
Uyga qaytar ekan qalbida unga tinchlik bermay kelayotgan tuyg‘ular bir-biri bilan tortishardi. Nahotki uch yil uning vaslida yashadi. Har kun uni qo‘msadi. Unga yetishmoqqa harakat qildi. Bu unchalik qiyin emasdi. Yigirma chaqirimgina yo‘l. Manzili ham aniq edi. Kechirish kerakmi yoki unutish?.. Bilmaydi. Bu ikki xilqatning o‘rtasi nega bunchalar tubsiz choh bo‘lmasa.
U ustaxonasiga qanday qaytganini bilmadi. Kira solib qo‘liga mo‘yqalamini oldi. Barini, bugun guvohi bo‘lgan hamma narsalarni tasvirlashni xohlardi. Shunday ham qildi. Siydam matoni har-xil bo‘yoqlar bilan bo‘yay boshladi. Tinmay chizardi. Hamma-hammasini jon-jahdi bilan aks ettirishga harakat qildi. Lekin unga eski xotiralar halal berardi. Ularni barchasini unutishni istadi. Uni eslatuvchi barcha narsalarni, hatto uch yil davomida chizgan uning qiyofasini ham yirtib hovliga uloqtirdi. Kunu tun ishlab chiqdi. Saharga yaqin ko‘ngli xohlagan, bir necha yil uni behalovat qilgan, bugun esa jismu joniga malham bo‘luvchi yangi bir surat yaratdi. Izlagan chizgilarini topgan edi. Mana ular...
Ayolning qop-qora, uzundan-uzun sochlari misol zim-ziyo tun. Ilonizi yo‘llar. O‘n besh kunlik oyning aksi tushgan ko‘l. Oydinda ochilib, botqoqlikka go‘zallik baxsh etib, tovlanib turgan oppoq nilufar gullari. Ularning orasidan mehr bilan boqib turgan allanechuk ranglardagi ko‘zlar aks etgan edi.

2012 yil, 5-son «Guliston» jurnali.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.