OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bayram Ali. Meni ham uni sevardim... (hikoya)

O‘qishdan ta’til berishdi...
Qashqadaryolik kursdosh do‘stim Kamol o‘zi tug‘ilgan tuman - Yakkabog‘ haqida gapirganda shu qadar to‘lib-toshib ta’riflardiki, ta’tilni qishlog‘ida birga o‘tkazishni taklif qilganida, ochig‘i, juda sevindim.
Toshkentdan Qarshigacha poezdda, Qarshidan Yakkaboqqacha taksida bordik. Yakkabog‘ning qaerigadir yetganimizda Kamol taksichiga javob berib, yo‘lni hatto bitta so‘qmoq ham tushmagan adirdan boshladi.
Mana, go‘zallik! Mana, tabiatning qudrati! Bu qadar tabiiylikni dunyoning boshqa bir chekkasida uchratish mushkuldir, ehtimol. Tizza bo‘yi o‘t-o‘lanlar, lolaqizg‘aldoqdan tortib, men nomini ham bilmaydigan anvoyi gullar oralab yugurib borardik. Sarmast vujudimga charchoq begona. Lekin hali meni oldinda bundan-da go‘zal bir xilqat kutib turganidan bexabar edim...
Adirni kesib o‘tib, qishloq ko‘chasiga chiqib kelganimizda, do‘stimning kulcha yuzidagi mug‘ombirona qisiq ko‘zlaridan shuni angladimki - tekis yo‘l orqali yarim soatda yetishimiz mumkin bo‘lgan manzilga past-baland adirdan naqd bir soat vaqt sarflaganga o‘xshaymiz...
Yo‘l-yo‘lakay Kamolning so‘zlarini tinglab borarkanman, shundoqqina yaqinimizda, ko‘cha chetidagi daraxt tagida kimnidir kutib turgan bir qizga ko‘zim tushdi. E’tibor bermaslikning iloji yo‘q, naqadar dilbar edi u! Unga qayta-qayta qaragim kelar, aksiga olib u ham biz tarafga tikilib turganligidan buning evini qilolmasdim. Qizga shu qadar yaqin qoldikki, hatto, Kamoldan u haqda so‘rasam yeshitib qolishi mumkin edi. Jimgina kelaverdim. Qani endi Kamol gapdan to‘xtasa! Nihoyat, rosa qarama qarshi kelganimizda u teskari o‘girildi va shunda do‘stimga uni imlab ko‘rsatishimga imkon tug‘ildi.
- E, Malika! Salom.., - dedi uni endigina ko‘rgan Kamol biroz dovdirab.
- Assalomu alaykum! - dedi qiz ham go‘yo bizga endi ko‘zi tushganday tutib o‘zini. Keyin yana teskari qaradi. Sezdimki, biz bilan tasodifiy uchrashuv unga ko‘pam yoqmadi. Biz yo‘limizda davom etdik, qiz esa qoldi. U haqidagi birinchi tasavvurim juda qisqa va jo‘n bo‘ldi: ismi Malika, o‘zi nihoyatda go‘zal...
Shu zaylda Kamollarning uyiga ham yetib bordik. Harqalay, uning oilasidagilar tashrifimizni quvonch bilan qarshilashdi. Osh damlashdi, izzat-ikrom, deganday... Tunda bo‘lsa charchoqdan toshdek qotdim.
- Tursang-chi, tur, - ertalab Kamol meni turtkilab uyg‘otdi. - Bugun lola sayli bo‘larmish. Ertaroq bormasak bo‘lmaydi.
Men “lola sayli”, “gul bazmi” kabi so‘zlarni onda-sonda televizordan eshitgan edim, xolos. Shuning uchun biroz ensam qotganini yashirolmadim.
 Yuvinib, ovqatlanib o‘sha Kamol maqtovini maromiga keltiradigan “uylarining yaqinginasidagi mashhur Jayronbuloq” bo‘yiga bordik. Qishloq ahli shu yerga to‘plangan, odam gavjum edi. Bir tarafda qozonda osh damlanyapti, bir tarafda o‘yin-kulgi avjida. Chaqqonu epchil bozorchilar ham shu yerda hoziru nozir. Kamol ikkimiz borib, yigit-yalanglar to‘piga qo‘shildik.
- Bu do‘stim Farrux. Toshkentlik mehmon, - deya meni tanishtirdi Kamol jo‘ralariga. Ular bilan u yoq-bu yoqdan gaplashib turgandik, qizlarning ham ovozi eshitila boshladi. O‘girilib qaradim va biz tomonga kelayotgan o‘nlab qizlar orasida uni ikkinchi bor ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim. U latif qadam tashlar, qadamiga monand to‘lg‘onayotgan sochlari yelkasi uzra jilolanardi. Shahlo ko‘zlariga yaqin joylashgan ingichka qoshlari yuz ifodasiga bir muncha jahildorlik tusini bersa-da, nimqizil yanoqlari, tabassum ingan qulupnayrang lablari o‘zaro uyg‘unlikda ajib bir ma’sumalikni vujudga keltirgan... sim-sim esayotgan shamol esa pushtirang harir ko‘ylagini qomatiga yopishtirib, bu ma’sumalikka qaytadan allaqanday kibr bag‘ishlaganday edi...
Qizlar bilan salomlashib, so‘rashdik. Oz fursat davom etgan hazil-huzuldan keyin yigitlar bir taraf, qizlar bir taraf bo‘lishdi-da, she’riy aytishuv boshlashdi. Albatta, men bu davrada bir tomoshabin bo‘la oldim, xolos, ammo ayni shu tomoshabinlik menga xush yoqayotgan edi. Malikaning sher aytayotganida goh chimirilib, goh yoyilib turlanayotgan nigoron qoshlariga, ma’no to‘la ko‘zlarini berkitmoqqa qasdlashgandek uzun-uzun kipriklariga suqlanib-suqlanib termulardim. Xatti-harakatlaridan o‘zimga biror yaqinlik topmasam-da, uning yigitlar bilan qilayotgan erkin muomalasi ko‘nglimga g‘ashlik solsa ham, harna, unga qonib-qonib boqmoqligimga imkon yaratardi. Lekin koshki u bunga e’tibor bersa! Aytishuv balki anchaga cho‘zilgandir, ammo meni nazarimda, qisqa bo‘ldi. Juda qisqa... Mening esa undan ajralgim kelmasdi.
 Lola sayli tugab, odamlar tarqala boshlashdi. Qizlar bilan yo‘limiz bo‘linayotgan pallada u menga so‘z qotdi:
- Sher aytishni boplarkansiz lekin, shaharlik yigit!
Yalt etib unga qaradim. Hamma – yigitlar ham, qizlar ham kulib yuborishdi. Juda noqulay vaziyatda qolgan esam ham bu piching menga shunchalar yoqqan ediki, hatto uz ustimdan kulishdan mamnun edim. Ajralishdik. Tushida qand ko‘rgan go‘dakdek entikib qolaverdim...
Ta’til kunlari o‘tib borardi. Keyin ham unga ko‘chada bir necha bor duch keldim. U har safar meni ko‘rganida jilmayib qo‘yar, qisqa suhbatimiz esa salom-alikdan nariga o‘tmasdi. Ammo bir kuni oramizdagi masofaning favqulodda qisqarishiga erishdim.
O‘sha kuni Kamol bilan tog‘dagi cho‘ponlardan xabar olib qaytayotgan edik, yo‘lda bir o‘spirinni uchratdik. Men uni tanidim. Abbos ismli bizdan yoshi kichik bo‘lsa-da, bo‘yi daroz bu bolani lola saylida ko‘rgan edim. (Bilishimcha, u tog‘begining o‘g‘li edi. Kamoldan tortib hamma shu yerlik yigitlarning unga o‘zgacha “yaqin” muomalasini sezuvdim). Yigitcha biz bilan salomlashgach, nimagadir goh menga, goh Kamolga qarab biroz taraddudlanib turdi-yu, shunday dedi:
- Kamol aka... shu... tug‘ilgan kunimni nishonlayotgan edim. Shunga xohlasangizlar, do‘stingiz bilan...
Aslida gapining avzoyidan biz mo‘ljalda yo‘q mehmonlardan edik, shekilli, lekin quv Kamol gapni ilib ketdi:
- Albatta, boramiz-da! Nega bormas ekanmiz, kishi har kuni ham tug‘ilavermaydi bilsang...
Ayni paytda bu taklif meni ham sergaklantirgandi. Chunki yigitcha o‘sha qizning sinfdoshi. Lola saylida bir-biriga murojatlaridan bilib olgandim buni.
Kechqurun Kamol bilan bisotimizda bor kiyimlarimizni talashib-tortishib “bo‘lishdik”(ijarada turadigan uyimizda ham shunday qilardik). Qizlarni e’tiborda tutib,  sochlarimizni orasta tarab, o‘zimizga oro bergach, tug‘ilgan kun ziyofatiga yo‘l oldik. Boshida biroz xijolat bo‘layotgan edim, lekin naq institutimizning majlislar zalidek keladigan xonada liq to‘la yoshlari bir-biriga unchalik ham mos kelmaydigan mehmonlarni ko‘rganimdan keyin ko‘nglim joyiga tushdi. Muhimi, kutganimdek davrada u ham bor edi. U sochlarini bayramona qilib turmaklagan, o‘ziga yarashgan qizil ko‘ylagi ismiga xos ko‘rk-tarovat baxsh etib turardi. Kamol sovg‘alarimizni tug‘ilgan kun sohibiga topshirayotganida men to‘g‘ri uning yoniga bordim.
- Salom, Malikaxon!
- Salom!
- Bilasizmi...Xursandman judayam...
- Abbosning tug‘ilganidanmi?
- Ha, ha, xuddi shunday!
Kulishdik. Bazmda shundoqqina qarama-qarshi o‘tirdik. Ovqatniyam birga tanovul qildik. Suhbat asnosida u bilan ko‘zlarimiz tez-tez to‘qnashar, lekin u mendan nigohlarini olib qochmasdi. Aksincha, ko‘zlarimdan nimadir ma’no qidirgan kabi tikilib turardi. Ovqatdan so‘ng raqs boshlandi va men uni raqsga taklif qilishga jur’at etdim. O‘yinga tushardik... O‘shanda qanday musiqa yangrayotganligi ham, atrofdagilarning nima qilishayotgani-yu nimalarni gapirishgani ham mutlaqo esimda yo‘q. Kim bilsin, balki bizni harakatga keltirmish ohang, yurak-yuraklarimizdan yangramishmidi... Ruhimda ajib osoyishtalik, qalbimda o‘zgacha sohir tuyg‘ular kechmishi... U menga shunchalar yaqin edi... Nafaqat jisman, balki qalban ham juda yaqin...
Nazarimda ziyofat o‘sha buloq bo‘yidagi marosimdan ham qisqa vaqtda tugadi. U va men boshqa hamrohlarimiz bilan birga ko‘chaga chiqdik. To‘lin oyning  munis jamoli tun zulmatini yoritib turgan sutday oydin kecha. U xayrlashib, dugonalari bilan o‘z yo‘lidan ketarkan, bir necha bor o‘girilib, menga qaradi va har safar nigohlari nigohlarim og‘ushida qoldi. Men faqat Kamollarning hovlisiga kirib borganimdan keyingina nimalarnidir hangoma qilib o‘zicha kulayotgan do‘stimning yonimda ekanini his qila boshladim. Ammo... Ammo uning tinimsiz gapirishi birinchi bor menga malol kelayotgandi.
- To‘xta, Kamol, bir zumga gapdan to‘xtasang-chi, - dedim nihoyat Kamol bilan o‘rinlarimizga yotayotganimizda. Men bugun do‘stimdan u haqida chuqurroq bilib olmoqchi edim.
- Haligi, haligi qiz bor-ku, Kamol!
- Kim? Malikami? - dedi Kamol doimgiday topqirlik bilan.
- Yo‘q! Umuman, ha... – nima demoqchiligimni unutib kalovlandim.
- Xo‘-o‘sh?
- Shunchaki.., u judayam go‘zal qiz ekan, demoqchi edim...
- Voy mug‘ombir-ey, - kuldi Kamol. - Hali u yuragimga o‘t yoqib qo‘ydi, degin!
- Kim bilsin, balki shundaydir... Lekin u-chi? Men haqimda fikri qandayikin?
Men do‘stimdan xayrixohona bir javob kutayotgandim.
- Ey-y jo‘ra, - dedi u, - oldinroq aytmaysanmi menga, shu qizga dilim ketdi, deb. Balki shu vaqtgacha visolniyam uyushtirib berardim. Mayli, bu xatoni tuzatsa bo‘ladi, yur, hoziroq boramiz uyiga.
Bu gapdan a’zoyi badanim zirillab ketdi.
- Sen... Nimalar deyapsan, Kamol?
- Eshitganing. Men shunaqa - do‘sti uchun yo‘qni  yo‘ndiradiganlardanman, - Kamol maqtangan na’mo bo‘ynini cho‘zib silkitdi. - Hozir borib bitta hushtak chalsam, o‘zi yugurib chiqadi. Keyin navbat-navbat, yigitchilik...
Kamolning gaplaridan qanchalik hayratga tushsam, uning xatti-xarakatlaridagi shafqatsiz haqqoniylik shunchalik oshib borardi.
- Ey-y, hayron bo‘lma! Bilmaysan-da, Farrux jo‘ram! Ayt-chi, u nimaga meni ko‘rsa bunchalik rangi o‘zgarib ketadi? Sababi, kamina ham uning eski xushtorlaridan edi-da! Uyimiz yaqin bo‘lganligi uchun bir necha marta boshqa yigitlar bilanam ko‘rib qolganman. Shunaqa “bag‘ri keng” qiz u...
Do‘stimning bu yanglig‘ so‘zlarini tinglashga ortiq kuch topaolmadim uzimda. Chirt o‘girildim-u, choyshabni yuzimga tortdim. Bir-ikki chaqirib mendan javob ololmagach, Kamol uxlab qoldi.
O‘sha tun uyqu menga begona bo‘ldi. Tongga qadar u bilan bo‘lgan birinchi uchrashuvimizdan tortib so‘nggisigacha qayta-qayta ko‘z oldimdan o‘tkazdim. Endi menga uning nega o‘zini bunchalar erkin tutishi-yu, Kamolga bo‘lgan sovuqroq muomalasi ayon bo‘la boshlaganday edi. O‘zimni xo‘rlanganday his qilardim. Butun dunyo ustimdan kulayotgan edi go‘yo. Bu xo‘rlanish azobini esa pinhona ko‘z yoshlarim ham sovuta olmadi...
Tongda hammadan erta uyg‘ondim. Kamollarning darvozasiz hovlisidan chiqib devorga suyandim. Shunda chap tomonimdagi tor kuchadan allaqanday sharpani sezdim - bu u edi. Qo‘lida chelak ko‘targanicha shoshib buloq tarafga ketardi. “Hali uncha-muncha odam uyg‘onmadi, rostdan suv olgani ketayaptimikin?”. Izidan tushdim. U borgan sari qadamini tezlatar, ortidan kelayotganimni sezmasdi ham. Nihoyat, buloqqa yetgach suvni qulayroq olish uchun o‘girildi-yu, to‘satdan menga ko‘zi tushdi. Avvaliga cho‘chib ketdi.
-Ey-y, assalomu alaykum! - dedi so‘ng kulib, mendan javob bo‘lmagach, -har doim shunday erta turasizmi? - so‘radi tag‘in jilmayishini qo‘ymay.
Uning bu jilmayishi ichimda yonayotgan alam oloviga battar o‘t purkadi. Jim edim... U biroz hayron boqib turdi-da, keyin indamasdan buloqqa engashdi. Shunda...shunda ko‘ylagi yoqasidan ko‘rinayotgan oppoq siynalarinig bir qismiga ko‘zim tushdi. “Buni atay qilyapti”, deb o‘yladim uzimcha va... unga qarab yurdim. Yonginasiga kelib to‘xtaganimda, u o‘rnidan turib suv olishim uchun navbat bermoqchi bo‘ldi. Men esa... unga intildim. Achchiq ustida qo‘llaridan tutib, bag‘rimga tortdim. Uning bir muddat qo‘rquv va hayratdan ixtiyorini yo‘qotgan gavdasi ximoyasiz qoldi, biroq maqsadimni tushungach, mehnatda pishgan chayir qo‘llari bilan meni siltab tashladi. Zarbdan bir necha qadam tisarilib, xarsangga tayandim. Nigoxlarimiz tuqnashdi. Uning jiqqa yosh ko‘zlarida mislsiz og‘rinish, ko‘ngil sinishiga o‘xshash ifoda bor edi. Xuddi “sizdan buni kutmovdim”, deyayotganday. Keyin chelagini ham unutib, yig‘laganicha uyi tomon yugurib ketdi. Oyoqlarimdan mador qochib tizzanlab qoldim. Endi bu yerlarda ortiq qololmasligimni his qilib turardim. Bu xunuk voqeaning yolg‘iz guvohi Jayronbuloq esa o‘ynoqlab-o‘ynoqlab oqardi, xuddi yugurayotgan ohu misoli...
Nonushtadan keyin to‘satdan ketmoqchi bo‘lganimni eshitib, hayron bo‘lgan  Kamol meni Qarshigacha kuzatib qo‘ydi.

***

Ta’til kunlari tugab yana o‘qish boshlandi. Biroq negadir Kamol darslarga kelmayotgan edi. U bir necha kundan keyin paydo bo‘ldi-yu, o‘qishini Qarshiga ko‘chirmoqchiligini aytdi. Niyati jiddiy ekanligini tushungach, to‘sqinlik qilmadim. Bir-birimizga o‘rganib qolgan ekanmiz, o‘pkamiz to‘lib xayrlashdik. Endi kunlarning o‘tishi men uchun azobga aylangandi. Yonimda qadrdon do‘stim yo‘q, buning ustiga buloq bo‘yidagi o‘sha ko‘ngilsiz voqea nadomatlari...Sira xayolimdan ketmaydigan uning - Malikaning jiqqa yosh, alamli  ko‘zlari... Magaramki, o‘shanda uning nigohlarida og‘rinish yoki alam emas, nafrat ko‘rganimda ham tortayotgan azoblarim sal kamaygan bo‘larmidi.
Shunday kunlarning birida Kamolning uylanayotgani, kursimizdan bir necha do‘stlari qatori meni ham to‘yiga taklif qilayotganligi to‘g‘risida xabar eshitdik. Juda og‘ir vaziyatda qolgandim. Axir, endi u yoqlarga qanday qilib bora olardim? Qaysi vijdon bilan? Mabodo, unga to‘qnash kelib qolsam-chi? Uning ko‘zlariga boqishga yuzim chidarmikan?
Ko‘p o‘ylaganimdan keyin qanchalik og‘ir bo‘lmasin, baribir, do‘stimning to‘yiga borishga qaror qildim.

Kursdoshlar bilan to‘y kunini mo‘ljallab yo‘lga chiqdik. Biroq vaqtni qanchalik aniq hisoblab chiqqan bo‘lsak-da, yo‘lda mashinamiz buzilib qolaverganidan, Kamollarning uyiga kech tushib, nikoh oqshomining yarmi o‘tganida kirib bordik. Davrani yorib o‘tib kuyov istiqboliga shoshildik. Eng oldinda men yurib borardim. Kelin-kuyov uchun bezatilgan stolda o‘tirgan Kamol meni ko‘rib o‘rnidan turib ketdi. Kelasolib uni bag‘rimga bosdim:
-Kamol! Tabriklayman, do‘stim! Tabriklayman!
Kamol negadir hech narsa demasdi. Shunda to‘satdan uning yonidagi kelinga ko‘zim tushdi. Jiqqa yosh, cheksiz og‘rinish, alam zohir bo‘lgan ko‘zlarga, ”Sizdan shuni kutmovdim”, deyayotganga o‘xshash o‘sha jodu ko‘zlarga ko‘zim tushdi.
- Siz..? Malika!
So‘ng hayratimni yashirolmay, Kamolga qaradim. Hammasini tushungan Kamol boshini aybdorona egdi-yu, meni qayta bag‘riga bosdi. Sekingina quloqlarimga pichirladi:
- Kechir meni, do‘stim! Ushanda... Axir men ham uni sevardim... Kechir...
Uni bag‘rimdan bo‘shatdim-u, bir-bir bosib davradan chetga chiqdim. Ko‘zlarimdan yosh tirqirar, qo‘llarim musht bo‘lib tugilgan, g‘azab o‘ti suyak-suyagimni yoqib yuborayotgandi. Yo‘q-yo‘q, men Kamoldan xafa emasdim. Bor nafratim, bor g‘azabim o‘zimga qaratilgan edi. To‘yxonada esa qo‘shiq yangrardi:
Ulfatim bo‘l, kel, sevgi, sendan bo‘lak kimim bore, kimim bor,
Eshitdingmi yor-yorni, ketayotgan bizning yore...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.