Viloyatning obro‘li gazetalaridan birida yosh iste’dodli tanqidchi Talqinboy Tanqidiyning navbatdagi maqolasi bosildi:
“Yurtimiz obodonlashib, shahrimiz chiroy ochayotgan pallada ayrim ko‘p xonadonli uylar ko‘rinishi ko‘ngilni xijil qilmoqda. Masalan, Tinchlik qo‘rg‘onchasi Do‘stlik ko‘chasidagi 7-uyni olaylik. Balkonlariga yoyib qo‘yilgan kirlar bir kilometr naridan ham ko‘rinib turadi. Ular orasida ayollarning ich kiyimlaridan tortib, lozimigacha bor. Hatto qarashga uyalasan kishi. Ko‘p qavatli uylar husnini buzib, o‘zboshimchalik bilan qatorasiga qurilayotgan hojatxonalarga nima deysiz? Bu hali hammasi emas. Bu yerda yashovchilar “dom”ni naq hayvonot bog‘iga aylantirib yuborishgan. Mushuk, it bo‘lsa-ku, mayli, tovuq, kurka, hattoki cho‘chqagacha boqishyapti. Yo‘lovchilar parranda axlatiga botib qolishsa-da, ular beparvo!”
Shundan boshlandi hamma mojaro. Qo‘shnilar to‘planib, Talqinboynikiga chiqishdi. Boshlab Talqinboy ismini ham bilmaydigan mo‘ylovli qo‘shnisi gapirdi. U hojatxonalardan birining sohibi edi.
-Ko‘chib kelganingizga bir oy ham bo‘lmasdan shuncha g‘iybatmi, qo‘shni? Ko‘ramiz hali, sizning ham ichburug‘ bo‘lishingiz bor...
Keyin Hanifa degan ayol qo‘shnisi bir Talqinboyga, bir xotiniga qahr bilan tikilib turdi-da, o‘zini arang bosib:
-Balkonga osilgan kiyimlarni adashmay sanaganingizga ko‘ra, rostdan ham, qaragani uyalibsiz, shekilli! – dedi va yuzini teskari burib, qo‘shib qo‘ydi, – hey, qaramay ko‘zing teshilsin, mirquruq!
-Xotiningiz to‘rtta tuxum sotib olsa, ikkita qo‘shib berardim-a, - deb gina qildi yana bir qo‘shnisi.
-Kurkaning axlatiga botmay desang, ko‘zingga qarab yur-da, uka, shuni gazetaga yozish shartmidi? – dedi boshqasi. Saharlab itlari bilan yuguradigan sportchi qo‘shnisi esa hammasidan o‘tib tushdi:
-O‘zi bunaqalarni itga talatish kerak. Hozir bir tushiraymi jag‘iga?
Yig‘ilganlar orasida sportchini jon deb qo‘llab-quvvatlovchilar topila qoldi:
-Ur!
-Ichiga sol!
-Tepib tashla!
Shunda kimdir bor ovozda baqirdi:
-To‘xtanglar, o‘rtoqlar, to‘xtanglar! Bunga huquqingiz bormi?!
Hamma ovoz kelgan tarafga qaradi. Kutilganidek, ovoz egasi havaskor huquqshunos Boyto‘ra “advokat” edi. “Dom”da kimning huquqi buzilsa, shu yigit himoya qiladi. Maktabdayam o‘ziga o‘xshagan “ikki”chilarning huquqini himoya qilaverib, to‘rtinchi sinfligidayoq haydalib ketgan. Boyto‘ra gapirishga gapirdi-yu, o‘ziga tikilib qolgan baqraygan, chaqchaygan, so‘mraygan nigohlardan o‘ng‘aysizlandi, shekilli, tez yurib Talqinboyning yoniga keldi:
-O‘v toshbaqa! Sen-chi, senda cho‘chqalarimning ustidan yozishga huquq bormi o‘zi?
Mojaro hali-veri tugaydigan emas edi. Talqinboyning joniga xotini aro kirdi. Tanqidchining xotini emasmi, bunaqa janjallarni tinchitaverib, pishib ketgan. Uning tars-tars etib tegadigan haq gaplaridan keyin qo‘shnilar uy-uylariga tarqalishdi.
-Savodsizlar! – dedi Talqinboy. - Ahmoqlar!
-O‘zingiz ahmoq!
Talqinboy xotinining so‘zidan angrayib qoldi:
-Lu-u-baxon, nimalar deyapsiz?
-Eshitganingiz! - javob qildi xotini. – Nega tinchgina yurmaysiz? Jonimga tegdi kvartirama-kvartira ko‘chib yurish! Mana endi, yana ko‘chadigan bo‘ldik. Bo‘ldi, charchadim bunaqa yashashdan! Ketaman, onamnikiga ketaman!
Xotini burnini torta-torta javon yoniga keldi. Kiyimlarini taxlab, jomadoniga sola boshladi. Orada Talqinboyga ham qarab-qarab qo‘ydi. Undan nimanidir kutdi. Afsuski, Talqinboy ko‘zlarini ko‘zoynak ortidan beozor mo‘ltiratganicha jimgina turardi. Xotini kiyimlarini yig‘ishtirib bo‘lgach, eshikka qarab yurdi. Shoshmasdan, bitta-bitta bosib yurdi. Eshikni ocharkan, to‘xtab yana Talqinboyga qaradi. Hamon shu ahvol - eri jim edi. Xuddi xotinining chiqib ketishini atay kutayotgandek. Og‘ringan xotini yuzini chirt o‘girib, eshitilar-eshitilmas dedi:
-Hey, o‘l-a, toshbaqa!
Bugungi uchragan nohaqliklari-yu, eshitgan haqoratlaridan alami kelgan Talqinboy sekin borib, yozuv stoliga o‘tirdi. Ko‘zoynagini kuh-kuhlab artib, yangi maqolasini yoza boshladi:
“Millatimiz asrab-avaylab kelayotgan qadriyatlarimiz qaerga yo‘qolmoqda? Masalan, xotinlarning erlariga bo‘lgan munosabatlarini olaylik. Hatto bugun bozorda bir ayolning eriga “O‘l-a, toshbaqa!” deganini o‘zim eshitdim…”