OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bobur Nabi. Hindcha rag‘bat (hikoya)

Qadrdon ustozim Jamila opaga bag‘ishlayman!


— Qachon o‘qiysan, bola?! “No‘l” olaverib — sen, qo‘yaverib — men charchamadim. Yoki uyingdagilar kundaligingni tekshirishmayaptimi?..
Boshlang‘ich sinfda o‘qib yurgan paytlarimda ingliz tili o‘qituvchimiz har kuni shu gaplarni aytib, koyirdi. Men ham negadir bu fanni hech yoqtirmasdim. Ochig‘i, maktabimiz ingliz tiliga ixtisoslashgan bo‘lishiga qaramay, manavi o‘qituvchi dars o‘ta boshlaganidan beri bor qiziqishim ham asta-sekin havoga uchib ketdi. Balki domlaning o‘ta qo‘polligi yoqmagandir. Xullas, ingliz tilidan bilimim “no‘l”ga tushib qolgandi.
Maktabdagi bu koyishlar holva edi. Hamma tomosha uyda boshlanardi. O‘zi-ku boshqa fanlardan a’loga o‘qirdim. “O‘qish”, “Ona tili”, “Atrofimizdagi olam”, hattoki “Rasm chizish” va “Musiqa”dan ham “besh” olardim. Ammo bu ingliz tili tushmagur...
Har kuni kundalik daftarimni dadamning shaxsan o‘zi tekshirardi. “Besh”larimni maqtagan bo‘lardi. Bir-ikkita “to‘rt” tushib qolsa, astoydil tanbeh berardi. Shuning uchun doim “besh” olishga intilganman. Bunda, albatta, sinf rahbarimizning ham hissasi katta. Biroq onda-sonda paydo bo‘lib qoladigan “no‘l”lar (“onda-sonda”ligiga sabab — ba’zida kundalikni o‘qituvchimizdan yashirardim, ba’zan esa “no‘l” qo‘yilgan varaqni yirtib, yangi sahifani qaytadan to‘ldirib qo‘yardim) sababli “besh”larimga atalgan maqtovlarni bir pulga chiqarganim yetmagandek, ularni deb yaxshigina so‘kish ham eshitardim. Bu holat dadamning kayfiyati yaxshiligida yuz berardi. Ishdan charchab, kayfiyati yomon bo‘lib kelgan kunlari esa...
Qisqasi, ikkinchi sinfdan boshlangan “no‘l” mojarosi beshinchi sinfda o‘z nihoyasiga yetar, degan umidda to‘rtinchi sinfni tugatdim. To‘rtinchidan beshinchiga o‘tganda, bilasiz, sinf rahbari ham o‘zgaradi, fanlardan bir o‘qituvchi emas, alohida ajratilgan muallimlar dars beradi. Yana yangi fanlar qo‘shiladi. Shu tariqa beshinchi sinf o‘quvchisi sifatida o‘qishni boshlashni hamma bolalar qatori men ham intizorlik bilan kutardim. Yangi fanlardan a’loga o‘qib, yangi sinf rahbarimiz e’tiboriga tushishni o‘ylardim. Yana bir maqsadim — sinf sardori bo‘lish edi. U paytlari bu lavozimni barcha o‘quvchilar orzu qilardi va shunga intilardi. To‘polonchilarni jimlatasiz. Tartibsiz o‘qituvchilar bor, gapingga kirmaydi, demoqchimisiz? Sinf sardorining aytganini qilishni sinf rahbarining shaxsan o‘zi tayinlardi. Haligi “baqiroq” o‘qituvchi beshinchi sinfda dars o‘tmasligini esa Xudodan yolvorib so‘rardim.
Sentyabr keldi. Yangi sinfga, yangi hayotga yangi kiyimlar va yangi o‘quv qurollari bilan qadam qo‘ydik. Hamma narsa yangi edi. Hatto ingliz tili o‘qituvchimiz ham o‘zgaribdi. Bu yangilikni eshitib, “ura” deb baqirib yuborishimga oz qoldi. Lekin bir-ikki sinfdoshim yurakka g‘ulg‘ula soldi.
— Oldingi o‘qituvchimiz yaxshi edi. Bunisi undan badtar bo‘lishi mumkin.
Yo‘k, yurakdagi g‘ulg‘ula sal aridi. Negaki, ingliz tili fanidan kiradigan yangi o‘qituvchimiz ayol kishi ekan. To‘g‘ri, ayrim ayol o‘qituvchilar ham qattiqqo‘l bo‘lishadi. Lekin har holda ayol-ku. Ko‘ziga mo‘ltirab tursangiz, mehri iyib ketar. Yangi o‘qituvchimiz qorachadan kelgan, bo‘ychan, yoshi 26-27larda, doim kulib turarkan. Ismi — Jamila opa! Chiroyli ism-a? Bizni hayron qoldirgan narsa — Jamila opaning Hindistonda o‘qib kelgani edi. Ana sizga yangiligu, mana bizga yangi o‘qituvchi! Hammamiz birinchi darsni intiqlik bilan kuta boshladik — darsni qanday o‘tarkan?
Nihoyat kutilgan kun keldi. Yangi o‘qituvchi yuz-ko‘zlarida tabassum bilan sinfxonaga kirdi. Hammamiz salom berdik. Bolalar darhol Jamila opani savollarga ko‘mib, o‘qituvchiga yaxshi ko‘rinishga urinishardi. Shu zaylda dars tugaganini ham bilmay qoldik. Jamila opa yangi darslikdan bir matnni o‘qib eshittirdi, olti qatorli matnni yod olishni uyga vazifa qilib berdi...
O‘sha kuni deyarli barcha darslar tanishish bilan o‘tib ketdi. Men ham yangi o‘quv yilidan olgan taassurotlarimni tezroq ayamga aytib berish uchun uyga jo‘nadim. Mustaqillik haqida gapirib, birinchi kundan “besh” olganimni eshitib, dadam xursand bo‘ldi. Kechki ovqatdan so‘ng yana Jamila opa haqida o‘yladim. Nima qilsam ekan? Birdan uyga berilgan vazifa xayolimga keldi. Matnni yodlab borsam-chi? Jamila opadan tashqari boshqalar ham hayron qolishardi. Hech bo‘lmasa, “uch” qo‘yar. Lekin shu fandan dars tayyorlaganim uchun hammaning e’tiborini o‘zimga qaratman-ku... Matnni yodlashga kirishdim. Uxlaydigan paytim bo‘lganda joyimga yotayotib, ayamdan ertalab vaqtliroq uyg‘otishini so‘radim. Erta tongda she’r yodlasa, kallaga yaxshi kiradi, keyin bir umr esingdan chiqmaydi, degandi dadam. Hozir yodlaganimni saharlab yana uch-to‘rt martalab takrorlasam, yodlab olaman. Talaffuzim sal o‘xshamasligi mumkin, lekin vazifani bajaraman-ku. Past ovozda matnni qaytarib, uxlab qoldim...
“Buyurtma” bo‘yicha ayam har doimgidan ertaroq uyg‘otdi. Shirin uyqudan turishim ancha qiyin kechdi. Hali vaqtli bo‘lgani uchun biroz ranjidim. Ko‘rpaning ichiga kirib, yana uxlamoqchi bo‘ldim.
— O‘zing ertaroq uyg‘oting, deganding-ku.
Ayam shunday deb, tashqariga chiqib ketdi. Kechqurungi maqsadim endi esimga tushdi. Darhol turdim-da, kitobimni ochdim. Avval bir qur ko‘z yugurtirdim, keyin kitobni yopib, ko‘zlarimni yumgancha ovoz chiqarib takrorlashga kirishdim. Negadir juda osondek tuyuldi. Xuddi she’r yodlagandek “sharillatib” o‘qirdim. Ayam choyga aytib ketgach, to‘xtadim. Endi tezroq maktabga borish kerak. Birinchi dars — ingliz tili. Apil-tapil choyimni ichib, kiyindim. Sumkamni oldimu uydan o‘qdek otilib chiqdim.
Turli o‘ylar bilan maktabga qanday yetganimni bilmay qoldim. Bolalar bilan ko‘rishdim-da, orqaroqdagi partaga o‘tirdim. Meni hayajon bosgandi. Nazarimda, matnni yoddan aytib berolmaydigandek edim. Nihoyat, qo‘ng‘iroq chalinib, Jamila opa kirib keldi. Salomlashgach, o‘z stoliga o‘tirib, jurnalga bir nimalarni yoza boshladi. Nima balo, uyga vazifa bergani esidan chiqib qoldimi?.. Eslatib yuborsammikan?.. atrofga qarasam, hamma kitobdan boshini ko‘tarmay, o‘qish bilan ovora. Xuddi mendan avval ular aytib, birinchi bo‘lib baho oladigandek xavotirga tushdim. Shu payt sinfda muloyim ovoz yangradi:
— Uyga berilgan vazifani kim bajardi?
Sinfga jimlik cho‘kdi. Hatto pashsha uchsa, bilinardi. Nogoh ichimda qandaydir hissiyotlar jo‘sh ura boshladi, nimadir g‘alayon qilayotgandek bo‘ldi. Beixtiyor qo‘limni ko‘tarib yubordim.
— Qani, siz, turing-chi? Ismingiz nima?
Butun sinf “gur” etib menga qaradi. Jamila opa mening ismimni so‘ragandi. Hamma hayron. Hech kim mendan buni kutmagandi-da. Faqat Jamila opagina samimiy kulib turardi. Hayojonlanganimdan familiyamni aytib yuboribman:
— Jalolov...
Sinfdoshlarim kulgisiga Jamila opa ham kulimsirab qo‘ydi-da, so‘ng ikkala qo‘lini ko‘tarib, bolalarni jimlatdi.
— Hayajonlanmang, Jalolov, men ham sizga o‘xshab hayajonlanganman. Lekin darrov yengib o‘tganman. Marhamat, matnni aytib berasizmi?
U bu gaplarni shunchalar muloyimlik bilan aytdiki, men go‘yoki quyoshda qolgan muzqaymoqdek erib ketayozdim. Ichimda g‘alayon ko‘targan hadik hissi yana tug‘yon urar, kaminaga qadalgan o‘ttiz juft ko‘z meni masxaralashga tayyordek edi go‘yo. Shirin uyqudan kechib, “sharillatib” yodlaganim esimga tushdiyu, tomoq qirib, matnni aytishga kirishdim. Afsuski, matn ozdigi uchun tez tugab qoldi. Aytib bo‘lganimdan so‘ng sinfga yana jimlik cho‘kkanini sezdim. O‘qituvchimiz menga mehrli nigoh bilan boqib turardi.
— Barakalla! Qoyil! Sizga “besh” qo‘yaman! Birinchidan, uyga berilgan vazifani qunt bilan bajaribsiz. Ikkinchidan, nutqingiz ravon, talaffuzingiz yaxshi chiqdi. O‘tiring, rahmat!..
O‘sha payt qanday sevinganimni tasavvur ham etolmaysiz. Eng qizig‘i, shu kuni boshqa hech kim uy vazifasini bajarmagan ekan. Balki birinchi dars bo‘lgani uchun unchalik e’tibor qilishmagandir. Ehtimol yangi o‘qituvchini sinagandirlar. Lekin bu “sinov” yomon natija bergandi. Jamila opa hech kim yodlamagani uchun hammaga, yanaki kundaligiga, “no‘l” bo‘lmasa ham, “uch” qo‘ygandi.
Agar o‘shanda shunday ish tutmaganida hozir poytaxtda o‘qimayotgan bo‘larmidim va eng yomoni, ingliz tilidan alifni “kaltak” deb yurarmidim...

2010 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.