OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bobur Nabi. Oyjamol (hikoya)

Qishlog‘imiz chetidagi dalaning o‘rtasida bir xilvat joy bor. U yer aylana shaklida bo‘lib, ichida to‘qayzorga o‘xshab teraklar o‘sib ketgandi. Shu terakzor o‘rtasida bir uy bor. Aytishlaricha, bir zamonlar o‘sha uyda Oyjamol ismli ayol yashagan ekan. U ayol kim, qaerdan kelgan, nima bilan mashg‘ul — buni hech kim bilmaydi. Eng qizig‘i shundaki, uning qachon va qanday vafot etgani ham odamlarga qorong‘i edi.
Bolalagimizda to‘polon qilsak, kattalar “Oyjamol”ga tashlab kelaman, deb qo‘rqitishardi. Haqiqatan ham bu nomni eshitganimda qo‘rqib qolardim. Nafaqat bolalar, balki ba’zida kattalarning ham u yerga borgani yuragi dov bermasdi.
Endi esa ulg‘aydim. Anchagina sho‘x, hech narsadan tap tortmaydigan bola bo‘ldim. Buvimning tili bilan aytganda, “erga ursa, ko‘kka sapchiydigan” edim.
Doim birga yuradigan ikki do‘stim bor. Sanjar bilan Hamid. Bir kuni ular bilan dalaga bordik. Daladan yer olib, makkajo‘xori ekkandik. Buvim: “Baxtim, bolam, bir aylanib, xabar olib kelgin”, degandi. Jo‘xoripoyalarni ko‘zdan kechirgach, egatlarga yonimizdagi ariqchadan suv ochdim. Rosa chanqagan ekan. Keyinroq bir xabar olamiz deb, ortga qaytdik. Birdan Sanjar gap ochib qoldi:
— Baxti, “Oyjamol”ga kirmaymizmi?
Buni eshitib, hayron bo‘ldik. Hamid sal qo‘rqib ham ketdi. Sanjarning gapiga sir boy bermaslik uchun:
— U yerda nima qilamiz? — dedim.
— Qo‘lingdan keladigan ishni gapirsang-chi! — gapga aralashdi Hamid.
— O‘zing kirolasanmi? — jiddiy ohangda so‘radim.
Sanjar kalovlanib qoldi. U aslida meni kiritmoqchi edi. Buni sezdim. Meni sinamoqchi bo‘ldi-da. Ana, endi nima derkan?
— Yo‘q, endi aytdim-qo‘ydim-da, — dedi nima deyishini bilmay.
O‘zimcha qaysarligim tutdi.
— O‘sha yerga kirib chiqsam, qancha berasanlar?
Ikkovi bir-biriga qarab qoldi. Keyin Hamid:
— E-e, qo‘ysang-chi, ketdik uyga, — deb oldinga qadam tashlagan edi, qo‘lidan ushladim.
— Men hazillashmayapman, Sanjar, garov o‘ynaysanmi?
Sanjar dovdirab qoldi.
— Nima, rostdan kirmoqchimisan? Axir hazillashdimu...
— Garov o‘ynaysanmi, deyapman? — shartta gapini bo‘ldim.
Xullas, besh-besh tashladik. Endi nima bo‘ladi, o‘zim ham bilmayman. To‘g‘risi, sal qo‘rqdim ham. Keyin Xudoning aytgani bo‘ladi-da, deb, terakzorga qarab yo‘l oldim.
Terakzor sokin. Onda-sonda qushlar pitirlab qo‘yadi. Qaerdan kirishni bilmay, atrofini aylana boshladim. Nihoyat orqa tomonda bir yo‘lakcha ko‘rindi. U to‘g‘ri uyning sahniga olib chiqardi. Yo‘lakchaga qadam bosdim. Uyning old tarafiga o‘tdim. Bir derazali va bir eshikli kichkina uy. Eshik ham qiya ochiq. Asta uyga yaqinlashdim. Nimagadir bu sokinlik menga yoqmadi. Eshikni ochganimda chiyillagan tovush chiqdi. Qo‘rqib ketdim. Ichkariga kirganimda “taq” etgan ovoz eshitildi. Orqamga qaradim: ortimdan eshik yopilgan ekan. Yuragimni hovuchlab, eshikka yopishdim. Har qancha urinmay, uni ocha olmadim. Vahimaga tusha boshladim. Derazadan chiqib ketmoqchi bo‘ldim, lekin u yerda hech qanday deraza ko‘rinmasdi. Faqat uch tomonda uchta eshik turibdi. Chapdagi eshikni ochib, ichkariga kalla suqdim: bo‘m-bo‘sh va qorong‘i. Darrov eshikni yopib, to‘g‘ridagisiga bordim. Uni ham ochib, ichkariga mo‘raladim: hech narsa va hech kim yo‘q. Negadir uy ichi ancha sovuq ekan.
Shu payt orqamdan bir sharpa o‘tib ketganini ilg‘adim. Yuragim shuvillab ketdi. Qarasam, o‘ng tomondagi eshik qiya ochilib qolibdi. Ichkaridan chiroq nuri ko‘rinib turibdi. Negaligini bilmadimu, lekin o‘sha yerga kirgim keldi. Chiroq yoniq, to‘shak solingan. Burchakda pechka gurillab yonyapti. Bu yerda odam yasharkan. Orqadagi sharpani sezib, o‘girildim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, qarshimda bir chiroyli ayol turardi. Sochlari yoyilgan, oppoq kiyimda. Nigohi qandaydir g‘amgin. Qo‘rquv degan narsadan asar ham qolmadi.
— Bilaman, mening oldimga kelgansan, — dedi ayol mayin ohangda.
Karaxt holda edim. Nimalar bo‘layotganiga tushunmadim. Ayol o‘zi o‘tirgach, meni ham yoniga taklif qildi. Beixtiyor uning qarshisiga cho‘kkaladim. U esa men tushunmagan narsalar haqida gapira boshladi.
— Garov o‘ynab, yaxshi ish qilmading. O‘zingni ham, boshqalarning ham jonini xatarga qo‘yding. Modomiki yurak yutib, makonimga kelgan ekansan, senga bir yordam qilaman. O‘zing uchun aziz bo‘lgan insonlar hayoti — sening qo‘lingda. Ularni qutqar. O‘zim senga ishora beraman. Endi bor, hali ko‘p uchrashamiz. Shu eshikdan chiqsang, ko‘changga olib boradi.
U gapini qisqa qilib, xonani tark etdi. Shu onda chiroq ham, pechka ham o‘chdi. Uydan chiqib, uyga qanday yetib yetib olganimni ham bilmayman. Kech kirib, g‘ira-shira bo‘lib qolgan ekan. Sanjar bilan Hamid uyimizning oldida kutib turishgandi. Menga nimalardir deyishdi, lekin quloqlarimga kirmadi. Uyga kirib, joyimga yotdim. Bo‘lgan voqealarni o‘yladim. U ayol kim edi? Nega bunday dedi? Yana uchrashamiz dedimi? O‘ylab o‘yimga yetolmadim. Shu tariqa ko‘zi ilinibdi...
Birdan Hamid paydo bo‘ldi. U uzun yo‘ldan yolg‘iz o‘zi ketyapti. Qaerdadir traktor ko‘rindi. U to‘g‘ri Hamidning ustiga bostirib bordi. Hamid uni ko‘rmayaptimi? Chetga chiqsa-chi?! Qulog‘i kar bo‘lib qoldimi? Hozir traktor urib ketadi-ku! Ana...
— Hami-i-i-i-id!!!
Dahshat ichra uyg‘onib ketdim. Nega bunday tush ko‘rdim? Soat ham o‘ndan o‘tibdi. Rosa uxlabman o‘ziyam. Tashqariga chiqsam, quyosh bir tut bo‘yi ko‘tarilibdi. Tanam yayrab ketdi. Ariqchamizdagi suvda yuz-qo‘limni yuvayotganimda oshxona tomondan ayam ko‘rindi.
— Ha, uyquchi, kalla pishdimi? — dedi men tomonga kelarkan. — Kecha nima bo‘lgandi? Kirdingu qotib qopsan. Tepib ham uyg‘ota olmadim, — ayam o‘z hazilidan kulgan bo‘ldi. Ularni xavotirga solmaslik uchun:
— Ha, oshnalarim bilan dala aylanib, charchagandim shekilli.
— Aytgancha, jo‘xoriga suv ochish esdan chiqmaganmidi ishqilib? — ayam yana hazil qildi.
Eh, esim qursin, kecha suv ochib kelgandim-ku. Borib ko‘rishim kerak. Choy ham ichmasdan, dalaga otlandim. Uzun tutqatorlar oralab ketayotsam... Ie, Hamid bu yerda nima qilyapti? Yana yo‘lning o‘rtasiga o‘tirib olibdi. Chap tomondagi muyulishdan bir “Volga” chiqib, Hamid tomonga yura boshladi. Hamid uni ko‘rmayaptimi?
— Hamid! — U menga qaradi. — Orqangda mashina kelyapti!
U yerdan bir narsani olib, chetga chiqdi. “Volga” uzoq signal chalib, o‘tib ketdi. Kela solib, uni koyishga tushdim:
— Jinnimisan? Yo‘lning o‘rtasida nima bor?!
Hamid tirjayib, qo‘lidagi narsani ko‘rsatdi. Bu yaralangan musicha edi.
— Yo‘l o‘rtasida yotgan ekan, qaeri yaralanibdi ekan, deb qarayotgandim.
— Chetroqqa o‘tvolsang bo‘ladi-yu, — dedim norozi qiyofada. — Yur, suvdan xabar olib kelaylik.
Ko‘zlangan yerga borib, suvni ko‘rdim. Egat boshini berkitib, suv yo‘lini to‘sdim. Hamid hali ham musichani qo‘yib yubormagandi. Ortimizga qaytdik. “Oyjamol”ni ko‘rib, do‘stim kechagi garovni eslab qoldi.
— Hey, Baxti, kecha nima bo‘ldi? Ichkariga kirdingmi?
Shu payt qayoqdandir traktor paydo bo‘ldi. Qarshimizdan juda katta tezlikda kelardi. Bu holat menga tanish tuyuldi. Hamid... Uni qo‘lidan mahkam ushlab, chetga oldim. Traktor shovqinidan musicha bezovtalanib, qo‘lidan tushib ketdi. Ucha olmasdan yo‘lning o‘rtasiga tushdi. Hamid unga talpindi. Qo‘lidan qattiq tortdim. Traktor tezlik bilan yonimizdan o‘tib ketdi. Hamid darrov musichaga intildi. Nogoh boyagi “Volga” mashinasi qarama-qarshi tomondan kelib qoldi. Traktor tovushida uni payqamabmiz. Kutilmaganda yo‘lning o‘rtasiga chiqqan Hamidni urib yubordi...
Toshdek qotib qoldim. Qo‘limdan hech narsa kelmasdi. Mashina to‘xtab, rais tushib keldi. Keyin hayodovchi bilan uni ko‘tarib, mashinaga solishdi. Menga ham bir nimalar deb baqirib, mashinani haydab ketishdi. Shu payt haligi musicha o‘zini o‘nglab, osmonga parvoz qildi...
Hamidning o‘limini hech ham hazm qilolmayapman. Hammasiga o‘zim aybdorman. Uni qutqara olmadim. Bu vijdon azobidan qanday qutulaman, o‘zim ham bilmayman. Na ichio‘imda halovat bor, na yeyishimda. Tomog‘imdan qil ham o‘tmaydi. Do‘stim ko‘z oldimda jon bergandi axir...
Bugun ham kechki ovqatni yeyar-emas, ichkariga kirib ketdim. Uydagilar ham meni ortiq bezovta qilmay, o‘z holimga qo‘yishgandi.
Negadir yaxshi ko‘rganim Nasimani o‘ylagim keldi. Uni ko‘rmaganimga ham ancha bo‘ldi. Xayolimda u bilan sayr qila boshladim... To‘satdan bir qush yelkamga qo‘ndi. Bu musicha edi. Juda tanish musicha. Uni qaerdadir ko‘rgandek edim. Keyin musicha gullar orasiga tushib, u yerdan bir ilonni ko‘tarib chiqdi. Qiz bularni ko‘rmasdi. Musichaning ilonni cho‘qiganiga hayron bo‘ldim. Uni yutib yuborib, allaqaerga uchib ketdi. Nasima menga qarab: “Meni qutqarasizmi?”, dedi.
Nega bunday dedi? Nimadan qutqaraman? Shu mahal qiz suv olgani chiqqanini esladi. Yerdan paqirni ko‘tarmoqchi bo‘lib, paqir tutqichiga chirmashgan ilonni ushlab oldiyu, “Ay-y!” deb baqirib yubordi. Paqir ichi to‘la ilon edi. Qaerdan keldi shuncha ilon? Nasima ko‘zlari yumilib, yerga yiqila boshladi. Shunda ushlamoqchi bo‘ldim, lekin qimir etolmadim. Nasimani ilonlar o‘rab-chirmab tashlagandi. Buni ko‘rib, dahshatga tushdim:
— A-a-a-a!!!
Cho‘chib uyg‘onib ketdim. Rosa terga botibman. Tashqarida ayamning ovozi eshitildi:
— Baxtiyor, tinchlikmi, bolam?
— Ha, yomon tush ko‘ribman, — dedim ularni xavotirga qo‘ymaslik uchun.
Bo‘layotgan voqealarga endi tushunayotgandekman. O‘sha ayol yaqin odamlaring joni xatarda, ularni qutqar, deya ishora bermoqchi edi. Ko‘rayotgan tushlarim ishorasimikan? Agar shunday bo‘lsa, bugun Nasimaga navbatmi? Juda ayanchli tirjaydimu, vahshatga tushdim. Ko‘p ilon ko‘rdimmi? Buncha ko‘p ilon qaerda bor edi-ya? Ha, Nasimalar uyining orqasidagi katta zovurda. Nima? Nasimalarnikida?! Tez o‘rnimdan turib, o‘sha yoqqa yugurdim.
Nasimalarning uyi yangi chek (yangi berilgan uchastka) bo‘lgani uchun orqa tomoni dala edi. O‘sha yerdagi zovurdan suv olib foydalanishardi. Men o‘sha tarafga yugurdim. Suv olishga oson bo‘lishi uchun yerdan zinapoya qilingandi. Undan ikki metrlar narida bir katta kovak bo‘lib, oldin u yerdan ko‘p ilonlar ushlashardi. Hozir ham ilon bormikan?
Daraxtlar orasidan paqir ko‘targan Nasima ko‘rindi. Qulog‘iga qizil atirgul taqib olgani uchun yana ham go‘zal bo‘lib ketibdi. U zovur bo‘yiga kelganda meni ko‘rib qoldi:
— Voy, bu yerda nima qilyapsiz? — dedi quvnoq ohangda.
— Nasima, bugun suv olmang, — dedim jiddiy turib.
Qiz kuldi:
— Nimaga ekan? Suv olaman, deb qadam tashlagan edi, baqirib yubordim.
— Yo‘-o‘q!
Qiz ko‘zlarimdagi xavotirni ko‘rib, qo‘rqib ketdi.
— Nasima, iltimos, bugun suv olmay turing. Zovurdan nariroqqa boring.
Qiz nima bo‘layotnini tushunmay, orqaga tisarildi.
— Nima bo‘ldi o‘zi? — dedi xavotirli ohangda.
Qizning qo‘rqib ketganini ko‘rib, uni tinchlantirishga urindim:
— Hech nima, shunchaki ilon ko‘rib qoldim, — beixtiyor shunday deb yubordim.
Ilon so‘zini eshitgan qiz seskanib ketdi:
— Kattami? — sekin so‘radi.
— Yo‘g‘-e, kichkinagina. Hozir tosh otib haydayman, — deb o‘zimcha tosh otgan bo‘ldim.
— Har doim suv olaman, ilon ko‘rmasdimu.
Shu payt yelkamga bir qush kelib qo‘ndi. Endi tamom bo‘ldim, ko‘zimni yumib, qanday qushligini bilishni ham istamadim.
— Voy, musichalar bilan til topishvolibsizmi? — qiz qiqirladi.
Musicha? Yana o‘sha musicha. Nimaga keldi ekan? Ko‘zimni ochib, qizga qaradim. Musicha uchib ketdi. Qutuldim shekilli.
— Endi suv olsam bo‘ladimi? Ilon ketdimi? — qiz sekin zovur tomon kela boshladi. Zinadan tushib, paqirni suvga to‘ldirdi.
— Paqirni tashlang! — deb baqirib yuborganimni sezmay qoldim.
Nasima qo‘lidagi paqirni tushirib yubordi.
— Baxtiyor aka, sizga nima bo‘ldi?
Nima bo‘lganini o‘zim ham bilmasdim. Bir payt qizning orqasidagi daraxt shoxida uzun ilon chirmashib yotganiga ko‘zim tushdi. Jon holatda o‘zimni suvga otdim. Narigi betga o‘tib, Nasimani uzoqroqqa olib ketdim. Qiz qo‘rquvdan toshdek qotgandi. Yuziga suv sepdim.
— Nasima! Nasima?
U bir seskanib o‘ziga keldi.
Bunday katta ilon yo‘q edi-ku, qaerdan paydo bo‘ldi? Uni yo‘qotish kerak. To‘satdan qaydandir bir bahaybat qush — kalxatmi yo burgut, paydo bo‘lib, daraxt shoxidagi chamasi ikki metrlar keladigan ilonni tumshug‘ida ko‘tarib, olib ketdi...
Nasima quchog‘imda ekanini keyin angladim. Uning ko‘zlarida qo‘rquv zohir edi. G‘unchadek pushti lablari titrar, zulfi esa labining chetini o‘pardi...
— Nasima, hoy Nasima!
Qiz oyisining ovozini eshitib, o‘ziga keldi. Men esa zovurdan paqirga suv olib berdim. Ko‘nglim biroz joyiga tushdi. Odatdagi bezovtalanish yo‘qolgach, kiyimlarimni tezroq quritish maqsadida uyga ketdim.
Kiyimimni almashtirib, nam bo‘lganlarini oftobga yoyib, o‘zim so‘riga borib yotdim. Negadir juda charchagan edim. Quyosh nurlari eltdimi, ko‘zim ilindi...
Cheksiz bir cho‘lda yurgan ekanman. Hech zog‘ yo‘q. Uzoqdan bir ulkan daraxt ko‘rindi. Unga yaqinlashdim. Kimdir meni chaqirayotgandi. “Baxti, tezroq kel, menga yordam ber! Faqat tez bo‘l!” Ovoz juda tanish edi. Yaqinroq borsam, Sanjar daraxt shoxida osilib turibdi. Men ham negadir daraxtga chiqmoqchi bo‘ldim. Ammo har qancha urinmay, unga yetolmadim. Kimsasiz bu cho‘lda boyagi musicha yana paydo bo‘ldi. Sanjar osilgan shoxga qo‘nib, uning qo‘lini cho‘qiy boshladi. Sanjar oxiri chidolmay, qo‘llarini qo‘yib yubordi...
— Sanja-a-a-a-ar!!! — deb baqirib uyg‘onib ketdim.
Ayam ichkaridan yugurib chiqdi.
— Ha, bolam, nima bo‘ldi? Sog‘liging yaxshimi ishqilib?
Bu gal onamning gaplari ham qulog‘imga kirmadi. Sanjarni qutqarish kerak. O‘sha daraxt... Ha, Sanjarning uyida katta tut daraxti bor-ku. O‘zimni ko‘chaga otdim. Uyiga to‘g‘ri bostirib kiraverdim.
— Sanjar, Sanjar!
Uyda hech kim yo‘q.
— Ha, Baxti, bu yoqdaman, kelaver, — bu ovoz hovlining etagidan keldi.
Tut daraxti ham o‘sha tarafda edi. Yana yugurdim. Borsam, Sanjar — daraxt ustida.
— Ha, oshna tinchlikmi, yugurib qobsan? — dedi u bamaylixotir.
Jahlim chiqib ketdi:
— Sanjar, tutda pishirib qo‘yibdimi?
— Bir qush uyasini ko‘rgandim, shunga chiqdim. Nimaydi?
— Qanaqa qush? — xavotirlanib so‘radim.
— Bilmadim, musicha bo‘lsa kerak.
Bu nomni eshitib, yuragim orqaga tortib ketdi.
— Tez pastga tush.
— Nimaga? Hozir, bitta bolasini qo‘yib qo‘yay. — U qo‘lidagi polaponni olib, iniga qo‘ydi. — Yerga tushib ketgan ekan.
— Musicha unaqa joylarga in qurmasdiyu. Bo‘ldimi, tezroq pastga tush.
— Xo‘p, namuncha, nima bo‘ldi o‘zi? — u sekin pastga tusha boshladi.
Shu payt osmonda musicha ko‘rindi. Yuragim taka-puka bo‘lib ketdi. Bu o‘sha musicha. Sanjarni shoshiltirdim. Qush iniga qo‘nib, polaponlariga yemish berdi-da, yana uchib ketdi. Qaysi tomonga ketganini payqolmay qoldim.
— Endi gapir, nima bo‘ldi?
— Hech narsa. Yiqilib tushmagin, dedim xolos...
Bunday yugur-yugurlar jonimga tegdi. Yana nechtasini qutqarishim kerak — Xudo biladi. Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Hoziroq “Oyjamol”ga borishim kerak.
Kech bo‘lganiga qaramay, dalaga yo‘l oldim. Terakzorni topib, uyga ham kirdim. O‘sha uy: chirog‘i yoniq, pechkasi yoqilgan. Faqat bitta o‘zgarish bor: tokchada qafasda musicha turibdi. O‘sha musicha. Endi navbat o‘zimgami? Meni kim qutqararkan?
— Qo‘rqma, senga hech narsa bo‘lmaydi.
Tanish ovozdan ortimga o‘girildim. O‘sha kungi ayol.
— Sinovdan yaxshi o‘tding, — gap boshladi u. — Bu kungacha ko‘rganlaring hammasi taqdir edi.
Hangu mang bo‘lib qoldim. Shuncha harakatlar oddiy bitta sinov uchunmidi?
— Taqdir bo‘lsa, nega Hamid o‘lib ketdi? — norozi ohangda so‘radim.
— U o‘z ajali bilan o‘ldi. Hammasi qismatingga yozilgan: Hamidni qutqara olmasliging, Nasima uchun joningni ham berishga tayyorliging, do‘stlikka sodiqliging. Taqdir seni sinagandi.
— Nega aynan meni tanladi? Boshqasi qurib qolganmidi?
— Chunki bu yerga sen kira olding.
— Bo‘ldimi? Endi hech kimni qutqarishim kerakmasmi?
Ayol biroz sukut saqlab, javob berdi:
— Bo‘ldi, meni endi hech narsa bezovta qilmaydi. Faqat bir kishi qoldi. Ammo unga na sen va na men yordam bera olamiz.
— Kim u?
— Buni hozir ayta olmayman. Keyin o‘zing bilib olasan.
— Unda anavi musicha...
— Ha, umi? Musicha meniki. Uni, ilon va kalxatni ham seni xavfdan ogoh etish uchun men yuborgandim.
Bu ayolning kimligi bilan endi qiziqa boshladim. Hamma narsani bilarkan.
— O‘zingiz kim bo‘lasiz?
Ayol jim qoldi. Hamma yoq sukunatga cho‘mdi. Biroz vaqtdan so‘ng ayolning mayin ovozi eshitildi:
— Meni tanimaysanmi?
Bu qanaqa savol bo‘ldi? Uni qaerdan tanishim kerak? Yoki u...
— Men Oyjamolman!
Yuragim shuv etib ketdi. Oyjamol tirikmi?! Hech kimga bildirmay yashar ekan-da.
— Buni hech kimga aytmagin, baribir ishonishmaydi. Endi bor, ertaga qiladigan ishlaring ko‘p, — dedi-da, xonani tark etdi.
Qanaqa ish? Yana nima bo‘ladi? Hammasi tugadi degandi-ku. O‘ylab-o‘ylab, uyga kelib qolibman. Ayam so‘rida kutib o‘tirgan ekan.
— Aya, allamahalda nima qilib o‘tiribsiz?
Ayam meni yoniga chaqirdi.
— Bolam, shu kunlarda g‘alati bo‘lib qolding, tuzukmisan, ishqilib? — issig‘imni ko‘rmoqchi bo‘lib, peshonamni ushladi.
— Hech narsa bo‘lgani yo‘q, sizga shunaqa tuyulgandir-da, — onamga bildirmaslikka urindim.
— Hay, mayli, ovqatingni yegin-da, kirib, damingni ol.
— Buvim qani? — so‘radim ichkaridaligini bilsam ham.
— Uyiga kirib ketdi. Dadang ham bugun kechroq kelarkan, — shunday deb oshxona tarafga o‘tib ketdi.
Men ham ovqatimni yeb, xonamga kirdim. Nahotki Oyjamol hali ham tirik bo‘lsa? Men u bilan uchrashdimmi? Qoyil, yuragim ham baquvvat ekan...
— Baxtim, men ketyapman, bolam. Yaxshi qol!
Cho‘chib uyg‘onib ketdim. Tanish ovoz. Kim meni shunday chaqirardi? Ha, buvim. Ular saharlab qayoqqa ketyapti ekan? Tashqariga chiqdim. Erta tong, ayam ham uyg‘onmagan ekan hali. Unda buvim...
Darhol buvim yotgan uyga kirdim. Jimgina uxlab yotibdi. Yoniga borib, qo‘lini ushladim. Ushladimu, o‘zim ham muzlab ketdim. Achchiq bir alam bo‘g‘zimga tiqildi. Ichimdan nimalardir toshib chiqardi, lekin nimaligini bilolmasdim. Shunda boyagi bo‘g‘zimga tiqilgan narsa otilib ketdi:
— Buv-v-v-v!!!

2007 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.