OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Usmon. «Adabiy hodisa» (hajviya)

Ichki kasalliklarni davolovchi do‘xtir Sayfi Soqievich kunlardan bir kuni tong qorong‘usida uyg‘onib ketdi-yu, anchagacha shiftga tikilgancha ko‘rgan tushining ta’birini o‘ylab yotdi.
Tushida kimsan Chexov bilan gurunglashib o‘tirganmish. Oldilarida bir choynak ko‘k choy, likopchada novvot, qand-qurs...
–Sayfi, – dermish Chexov, – men ham senga o‘xshagan prastoy do‘xtir edim, lekin mana mashhur yozuvchi bo‘lib ketganman. Sababi, ko‘rgan-bilganlarimni yozdim. Qarabsanki, klassik bo‘lib qolibman!.. Sen ham urinib ko‘r! Davralarda gapni qotirasan, askiyachilaru qiziqchilar bilan bellashasan, to‘ylarni ochib berasan, qadah so‘zlarini aytishdaku oldingga tushadigani yo‘q! Shu iste’dodingni adabiyotda ham bir sinab ko‘r! Kam bo‘lmaysan. Ham besh-o‘n so‘m qalam haqi, ham shon-shuhrat deganday... Karoche, o‘ylab ko‘r, Sayfichik!..
Sayfi Soqievichning yuragi gursillab urib ketdi-yu, o‘rnidan sapchib turdi. Nega endi yozmas ekan? Yozadi. Vaqti bo‘lsa ko‘p. Ruchka bor, qog‘oz topiladi. O‘tirib yozaveradi-da! Nima, o‘sha Chexovning shoxi bo‘lganmi? Uyam Sayfi Soqievichga o‘xshagan bitta do‘xtir bo‘lgan-da!..
Xullas, o‘sha kundan e’tiboran Sayfi Soqievichning tinchi buzildi. Nafaqat boshi, qo‘l-oyoqlari bilan ijodga sho‘ng‘ib ketdi. Ikki-uch qog‘ozni to‘ldirgach, bundoq qarasa, yomonmas! Shartta oqqa ko‘chirdi-da, tepasiga «Go‘zallikning siri» degan sarlavha qo‘ydi. Familiyasi ham taxallusga aylandi-qo‘ydi. Keyin ovozini chiqarib o‘qib ko‘rdi. «Sayfi Soqiy. «Go‘zallikning siri». Hikoya...»
Hikoya bunday boshlanardi: «Qo‘shnimizning o‘n sakkizga kirgan qizi Oyshaxonni hamma «go‘zal qiz» deydi. Buning o‘ziga yarasha sabablari va ko‘pchilik bilmaydigan anatomik va fiziologik jihatlari bordirkim, ular tubandagilardan iboratdur. Masalan, Oyshaxonning go‘zalligiga sabab uning ichki sekretsiya bezlari yaxshi rivojlangani, oshqozon ichak faoliyatining normal ishlashi, suyak muskullarining to‘g‘ri o‘sganida. Bu o‘rinda gapni Oyshaxonning ichki organlaridan, ya’ni, hazm sistemasi, o‘pka, jigar, me’da va ichaklaridan boshlashga to‘g‘ri keladi va hokazolar...»
Shunday qilib, tahririyat xodimiga yozib berilgan bitta «kasallik varaqasi» evaziga bu hikoya lab-lunji sal to‘g‘rilanib, tuman gazetasida bosildi. Va ertasigayoq hammaning diqqatini o‘ziga tortdi. Birov ajablandi. Birov qo-yil qoldi. Birov kinoyali kulimsirab qo‘ydi. Iste’dodlarga hamisha qiyin bo‘ladi, deganlari rost ekan, shu ma’noda Sayfi Soqiyga ham panja orasidan qaraydigan, qobiliyatini ko‘rolmaydiganlar topilib qoldi. Gazetaning keyingi sonida birinchi bo‘lib mahalliy ahamiyatdagi tanqidchi Qoraboev uning dabdalasini chiqardi: «Sayfi Soqiyning hikoyasini markasi eski. Motori yaxshi emas. Akkumulyatori tamom bo‘lgan. Tormozi undoq, porsheni bundoq...»
Ma’lum bo‘lishicha, asli avtomobil yo‘llari bilim yurtini sirtdan bitirgan, ammo adabiyotga havasi nihoyatda zo‘r bu kishining ushbu taqrizi tanqidchilikdagi ilk ijod namunasi ekan...

 * * *

Yaqinda xiyobondagi pivoxonada tasodifan ularni ko‘rib qoldim. Ikkala «iste’dod sohibi» shirakayf, ijodiy gurunglari avjida edi.
–Siz... buyrakning faoliyatini... umuman bilmaysiz! – derdi Sayfi Soqiy o‘zining fikrini ma’qullab...
–Siz-chi? – derdi Qoraboev asabiy harakatlar bilan sigaretini burqsitib, – siz.... podkladka nimaligini bilasizmi o‘zi?!..

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.