OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Usmon. Bo‘ri bolasi (hikoya)

Emaklaydi bo‘ri jim-jit, 
 O‘ljaga intiq...
Usmon AZIM


Yakkaqoyalik Sulaymon ovchi haqida eshitgandi-mu, o‘zini ko‘rmagandim. Yaqinda tasodifan uchratib qoldim.
Laboratoriyamiz mudiri, professor Qurbonovning safardan qaytganini eshitib, uyiga o‘tgan kunim edi. Mashinamni yo‘l chekkasiga qo‘yib, yo‘lakka kirdimu, shu tarafga kelayotgan ikki kishini ko‘rib to‘xtadim. Biri, pakanasi — professor, ikkinchisi — oq-sariqdan kelgan, barvasta qomatli, shopmo‘ylov kishi — keyin bilsam, Sulaymon ovchi ekan.
Ochig‘i, u tasavvurimdagiga nisbatan boshqacharoq bo‘lib chiqdi. Jahli tez, chapanitabiat, o‘ziga yetgancha qaysar odamlar toifasidan ekan. Shunaqa fe’lli odamning professor Qurbonov bilan topishib, aka-ukadek qadrdon bo‘lib qolganiga hayronman. Professor mutlaqo uning aksi edi. Bir qop yong‘oqdek shaldir-shuldir, bolalardek sodda, darveshtabiat bu odam qiziqmagan sohaning o‘zi yo‘q. Chog‘roqqina hovlisiga har balo gullaru daraxtlarni ekaverib, ko‘chatlarni bir-biroviga payvand qilaverib, o‘zi aytmoqchi naq “jungli”ga aylantirib yuborayozgan, hovli etagiga qator qafaslar o‘rnatib, u yerda to‘tiqushu sa’valar, kakligu tovuslar boqib, hammani hayratga solib yuradigan ajoyib inson edi.
Xullas, ostonada ko‘rishdik, hol-ahvol so‘rashdik. Professor Sulaymon ovchini menga tanishtirdi, keyin gap orasida uni o‘zining iltimosini yerda qoldirmaganini aytib, maqtangandek ham bo‘ldi.
Sulaymon ovchi uning gapini eshitib bosh chayqadi.
— Shu ishni bekor qildingiz, domlajon. Men sizga Yakkaqoyaning eng old itini topib berardim.
— Be-e, qo‘ysangiz-chi, azizim, — kuldi professor, — endi-i... bir dil ketdi-da!...
— Bilmadim, bilmadim, — afsuslangannamo ohangda dedi Sulaymon ovchi. — Shu paytgacha bo‘rivachchani boqilganini eshitmaganman...
— Juda boqiladi-da! — iljaydi professor, — buyam bir eksperiment-da! Xo‘sh, siz ayting-chi, mulla yigit, — menga yuzlandi u, — nega tsirkda dahshatli timsohlaru bahaybat fillarni, yirtqich arslonu yo‘lbarslarni qo‘lga o‘rgatishadiyu, nima uchun bo‘rini o‘rgatisholmaydi?
Men “bilmadim” degandek yelka qisdim. Chunki hanuzgacha ularning gap-so‘zlariga tushunolmay, lolu hayron turardim.
— Bo‘rining qoni boshqa bo‘ladi, domla, — dedi Sulaymon ovchi sarg‘ish qoshlarini chimirib.
Professor esa unga g‘olibona nazar tashlab qo‘ydi-da, yana menga yuzlandi:
— Bilasiz. Fanda “Adaptatsiya” degan narsa bor. Lotincha ibora bu. Ya’ni, biologik organizmning yashash sharoitiga moslashib ketishi... Mana ko‘rasiz, Sulaymon aka, bo‘rivachchangiz ham “adaptatsiya qonuni”ga bo‘ysunadi.
— Men unaqa kitoblarni o‘qimaganman, domla, — bosh chayqadi Sulaymon ovchi. — Har holda, bu bo‘ri bolasi, kuchuk emas!
— Ana, ana! — iljaydi professor. — E’tiboringiz uchun bo‘rilar ham itsimonlar oilasiga kiradi.
— Bilmadim, bilmadim, — dedi Sulaymon ovchi bosiq ohangda, — faqat aytib qo‘yay, azbaroyi eski qadrdonligimiz hurmati, yuzingizdan o‘tolmadim. Lekin, ehtiyot bo‘ling! Bo‘ri, har qalay bo‘ri!..
— Unaqada laqabini Bo‘rivoy qo‘yaman! — qah-qah urdi professor.
Sulaymon ovchining tund chehrasiga ham beixtiyor tabassum qalqdi.
— Bilganingizni qiling! Lekin o‘sha gap, gap. Mabodo fikringizdan qaytsangiz, ayting, buni olib ketib, o‘rniga zo‘r bo‘ribosar olib kelib beraman.
— O‘sha kuchuklaringiz o‘zingizga siylov! Xavotir olmang, hammasi yaxshi bo‘ladi, — dedi professor. — Bugun qolsangiz bo‘lardi-da, mana shogirdimiz keldilar, oshni qiyib qo‘yadilar. Shiyponda gurunglashib yotardik!
— Yo‘q, rahmat, osh bo‘lsa qochmas, — dedi Sulaymon ovchi. — O‘zingiz ko‘rdingiz. Tog‘larniyam o‘ziga yarasha tashvishlari to‘lib-toshib yotibdi. Qaytishim kerak. Elektrichkaga yetib ola qolay.
Men yalt etib professorga qaradim.
— Men vokzalga tashlab o‘ta qolaman!
— Yo‘q, kerakmas, o‘zim, — dedi Sulaymon ovchi xurjunini yelkasiga ilib.
— Yo‘q deganingiz nimasi, Sulaymon aka, — dedi professor. — Bu kishi o‘zimizning yaqin ukaxonlardan. Kelajagi porloq biolog. Tashlab qo‘yadilar.
Ular xayrlashishdi. Sulaymon ovchi ikkovimiz mashinaga mindik.
Yo‘l-yo‘lakay, na u kishi og‘iz ochdi, na men biron nima deyishga botinolmadim. Ovchining salobatimi, o‘ychan chehrasimi, nimadandir norozi qiyofasimi, bunga izn bermadi.
— Domlangiz xo‘p alomat odam-da, — dedi u nihoyat o‘z-o‘ziga gapirgandek. — Bilsangiz kerak, har yili besh-o‘n kun Yakkaqoyada dam olib qaytadi. Otga mingashtirib toqqa olib chiqaman, ov qilamiz, allambalo o‘t-o‘lanlar teradi, allamahalgacha muk tushib yotib kitobini yozadi... Bu safar aynidi. Uch-to‘rt kun burun kechqurun daradan o‘tib kelayotib allanimaning g‘ingshigan tovushini eshitdim. Otim ham hurkib orqaga tisarildi. Qo‘lchiroqni yoqib qarasam, yo‘l o‘rtasida mushukchadek bo‘ri bolasi ingillab u yoqdan-bu yoqqa yuribdi. Hayron bo‘lib o‘sha tarafga yaqinlashdim. Bo‘ri bolalari uch-to‘rt haftalik bo‘lgandan keyin inlaridan o‘rmalab chiqadigan bo‘lib qoladi. Ona bo‘ri esa bu paytda nariroqlarga keta boshlaydi. Menimcha, bu bo‘ri bolasiyam onasiga ergashib suvlagani chiqqanu adashib qolgan bo‘lsa kerak. Shartta ushladimu, xurjunga solib uyga qaytdim. Ana shu bo‘rivachchaga professorning ishqi tushdi-qo‘ydi-da! “Boqaman” deydi. Xudoning zorini qildim, qani unasa! Qarasam juda hafa bo‘ladigan. “Siz shaharga ketavering, ikki-uch kundan keyin o‘zim olib boraman” deb arang ko‘ndirdim. Shaharga qaytgan zahoti teligrom jo‘natdi, sim qoqdi. Axiyri qo‘ymadida-e! Bugun xurjunga solib olib kelishga majbur bo‘ldim...
— Nima, bo‘ri bolasini qo‘lga o‘rgatish shunchalar qiyinmi? — so‘radim undan.
— Ha, qiyin, — dedi Sulaymon ovchi jahl bilan. — Bo‘ri kuchuk yo mushuk bo‘lsaykan, o‘rgatilsa! U vahshiy. Baribir bir kun bo‘riligini qiladi.
— Unaqada qaytarib olib ketaqolmabsiz-da, — dedim achingandek bo‘lib.
— Domlangizning fe’lini bilasiz-ku, naq yosh bolaning o‘zi! Darrov arazlaydi. Shuning uchun qoldira qoldim. Mayli, besh-o‘n kun boqib ko‘rsinlar-chi!..
Sulaymon ovchi bilan vokzal maydonida xayrlashdim. O‘sha-o‘sha uni qaytib ko‘rmadim.
Oradan uch-to‘rt oycha vaqt o‘tdi. Bir kuni professor Qurbonov “Ertaga uyga o‘ting, Sulaymon ovchi keladigan”, deb qoldi. Bordim. Ovchi endigina kelib turgan ekan. Dasturxon yoniga o‘tirdik, hol-ahvol so‘rashdik, bir piyola choy ustida u yoqdan-bu yoqdan suhbatlashdik. Gap orasida professor maqtangannamo ohangda, “Bo‘rivachchani ko‘rasizmi?” deb qo‘ydi. O‘rnimizdan qo‘zg‘aldik.
Bo‘ri bolasi hovli etagidagi eng chekka qafasda ekan. Ko‘rinishidan yuvoshgina kuchukka o‘xshardi u. Bir qaraganda, uning qiyofasidan bo‘ri nuqsi sezilmas, faqat yelkasidagi zangsimon, sarg‘ish junlari tikkayib, irillab qo‘yganda va tugmachadek-tugmachadek ko‘zlarida cho‘g‘dek sovuq bir o‘t sharpasi yilt etib o‘tgandagina naslini eslatib yuborardi, xolos.
— Qalay, bizni “Tuzik”? — dedi professor jilmayib.
Sulaymon ovchi unga hayron qarab qo‘ydi.
— Nima, laqabini “Tuzuk” deb qo‘ydingizmi?
— Yo‘q, “tuzuk”mas, “Tuzik”, “Tuzik”! — kuldi professor. — Yaxshilab boqayapmiz. Faqat meni qo‘limdan ovqat yeydi, zang‘ar! Ishtahasi yomonmas! Haligi, kuchuk-mushuklar yeydigan “Chappi”, “Viskas” degan narsalarmi-ey, kalbasami, kanservami, paqqos tushiradi!..
Sulaymon ovchi qafasning pastakkina eshikchasini ochib yuborgandi, “Tuzik” uning yoniga yugurib keldi, dumini qisib, atrofida aylandi, keyin xuddi bir nima tilanayotgandek ovchining etiklarini iskab, yalay boshladi.
Sulaymon ovchi esa ko‘zlarini katta-katta ochgan ko‘yi unga bir lahza tikilib qoldi-yu, keyin jahl bilan bo‘ri bolasining tumshug‘iga tepdi, u ingillagancha ancha nariga borib tushdi. Keyin qochib qafasning qorong‘i burchagiga suqilib oldi.
— Nega tepasiz? — baqirdi professor jonholatda.
— Essiz... Tamom bo‘pti... — dedi Sulaymon ovchi chuqur xo‘rsinib va eshikchani ochib tashqariga chiqdi.
Boshqa bir og‘iz ham gapirmadi. Ovqat paytida ham “Tuzik” yotgan qafasga ko‘z qirini tashlagancha tund qiyofada o‘tirdi, bundoq ochilib gaplashmadi...
... Ertasiga professor yig‘lagudek qiyofada ishxonaga kirib keldi.
— Sulaymon ovchi “Tuzik”ni olib ketib qopti, — dedi u tovushi titrab.
— Qanaqa qilib olib ketadi? — tushunmadim men.
— Siz ketganingizdan keyin anchagacha gaplashib o‘tirdik. O‘tib qoldi. Ertalab g‘aflat bosib uxlab qolibman. U tong oqarmasdanoq “Tuzik”ni xurjunga solib, olib chiqib ketib qopti...
— Hech kim indamabdimi? — so‘radim yana.
— Kim nima deydi? — dedi professor parishon qiyofada. — Uyda yangangiz bor edi. Uyam sezmabdi. E, essizgina, endi qo‘lga o‘rganayotgan edi-ya!..
Men yosh bolaga o‘xshagan bu mo‘ysafidni qanday qilib ovutishni bilmay lolu hayron o‘tirardim...
Hikoyam shu bilan tugashi mumkin edi. Lekin yana bir tasodif yuz berdiyu, unga so‘nggi nuqta topgandek bo‘ldim. 
Xizmat safari bilan tog‘liq tumandan qaytayotgan edim. Avtobusimiz yonilg‘i olgani yo‘l yoqasida to‘xtadi. 
Tevarak-atrof xuddi ushatilgan xolva bo‘laklarini eslatuvchi tog‘lar, qoyalar... Yaqinginadan soyning sharqirashi quloqqa chalinadi... Men deraza yonida shularni tomosha qilib o‘tirarkanman, yo‘l chetida borayotgan yolg‘iz otliq ko‘zimga issiq ko‘ringandek bo‘ldi. Qarasam, Sulaymon ovchi. Avtobusdan tushdim. Ko‘rishdik. U yoq-bu yoqdan suhbatlashdik. 
— Domlangiz mendan hafa bo‘lib yurgandir? — dedi u gap orasida ma’yusgina kulimsirab. 
— Yo‘q, nega? — dedim men va o‘rni kelib qolgani uchun so‘radim. — O‘shanda nega o‘zingiz “Tuzik”ni olib ketib qoldingiz? 
— Bilmadim, — dedi ovchi yelka qisib. — Negadir ko‘zimga juda xunuk ko‘rinib ketdi. Yaloqi itlardek oyog‘imga so‘ykalandimi-ey, dumini likillatib, tilandimi-ey! 
— Uni nima qildingiz?
— Avvaliga tog‘ga qo‘yib yubormoqchi bo‘ldim. Asliga qaytar, deb o‘yladim. Qarasam, ochidan o‘ladigan. Bo‘riligini unutib yuborgan-da... Boshqa bo‘rilar g‘ajib tashlashi ham hech gapmas. 
— Keyin nima qildingiz?
— Otib tashladim, — dedi Sulaymon ovchi sovuqqina qilib. 
Negadir seskanib ketdim.
— Nima?.. Nega? Nima uchun? — so‘radim o‘zimni bosishga urinib. 
— Chunki, u bo‘rilikka isnod keltirdi, — xo‘rsindi Sulaymon ovchi va qo‘shib qo‘ydi, — mayli, salomat bo‘ling, mulla yigit. Domlangizga salom ayting. Mendan hafa bo‘lmasinlar. Tushunishlari kerak!..
Biz shu yerda ajralishdik. Sulaymon ovchi otiga qamchi bosib tog‘ yo‘liga qarab ketdi. Men esa avtobusimiz tomonga yurdim. Orqa tarafga yana bir marta o‘girilib qaraganimda, endi Sulaymon ovchi yo‘q, tog‘ ko‘ksiga sanchilgan yolg‘izoyoq yo‘lgina oqarib ko‘rinib turardi, xolos...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.