Stol ustiga uyulgan sumka va yelim xaltalarga joylangan narsalarni qaytadan ko‘zdan kechirib chiqdim-da, yana qo‘limdagi ro‘yxatga qaradim: «Xo‘-o‘sh... Pichoq bor. Choynak-piyola bor. Elektr isitgich, soqol oladigan mashinkani oldim. Likopcha, kosa, termos bor. Shippak bor. Paypoq, ich kiyim, tuz, gugurt, quruq choy, qalampir bor... Sochiq...»
Xotinimni chaqirdim.
–Sumkaga sochiq solganmisan?
–Solganman, solganman, – ovozi eshitildi uning qo‘shni xonadan va zum o‘tmay o‘zi ko‘rindi. –Mana dadasi, mana bu choyshab, top-toza, kraxmallangan. Bunisi yostiqjild...
–Kuldonim qani? – so‘radim beixtiyor eslab.
–Voy, kuldonni nima qilasiz? – hayron bo‘ldi xotinim.
–Qiziqsan-a, chekkan sigaretimni kulini polga tashlab o‘tirmayman-ku, axir? – bo‘g‘ildim men.
–Hozir, hozir, – xotinim yana qo‘shni xona tarafga yo‘naldi.
–Bo‘laqol, tez-tez qimirlay qol! – dedim men toqatsizlanib va yana qo‘limdagi ro‘yxatga ko‘z yugurtdim: «Xo‘-o‘sh... Ko‘zoynak bor. «Shaytanat»ning to‘rtinchi kitobi bor. Avtoruchka, yon daftarcha, dori-darmonlar bor...»
Xotinim kuldonni olib kirib sumkaga soldi.
–Aytmoqchi, radiopriyomnikni solganmiding? – so‘radim men.
–Boya o‘zingiz xaltaga joyladingiz-ku? – dedi xotinim.
Shu payt eshik ochilib o‘g‘lim kirdi.
–Tayyormisiz, dada? Mashinani ko‘chaga olib chiqib qo‘ydim!
–Yaxshi, – dedim men zil-zambil sumkalarga qo‘l cho‘zib, – Ma, manavi sumkalarni olib chiqib moshinangga joyla! Hozir chiqaman!..
Shunday qilib kasalxonaga yotdim. «Asab xastaliklari» bo‘limiga joylashtirishdi.
Do‘xtir ko‘rdi. Ukol qilishdi. Dori ichdim. Hammasi ko‘ngildagidek boshlanayotgan edi. Lekin kechqurungi ovqat paytida hamshira ta’bimni tirriq qildi. Tovog‘imga bir cho‘mich karam sho‘rva solib chiqib ketarkan, qoshiqni unutib qoldirganimni eshitdiyu, tok urgandek sapchib tushdi:
–Kasal degan narsa qoshig‘ini o‘zi bilan olib kelmaydimi?
–Baraka topkur, ertaga olib kelib berishadi, — dedim sekin. Lekin baribir uning chakagi tinmadi. Axiyri qaerdandir bitta qiyshiq alyumin qoshiq topib olib kirib berarkan, yana norozi ohangda to‘ng‘illadi. – Uyingizdagilarga aytvoring, qoshiqqa qo‘shib vilkayam olib kelib berishsin!
«Xo‘p» deya bosh irg‘adim va ishtahasizlik bilan sho‘rvani kavlashtira boshladim. Endi bir qoshiq xo‘plagandim:
–Anavi kasalga qoshiq topib berdingizmi, Nafisa opa? – degan shang‘illagan ovoz eshitildi tashqaridan.
–Ha, o‘tgan hafta yuragi yomon bo‘lib qolgan kasalning qoshig‘i yotgandi, o‘shani olib kirib berdim, – tanish tovushi eshitildi hamshiraning.
Va... qo‘limdagi qoshiq taraqlab polga tushdi. Uyog‘ini eslayolmayman. Hamxonalarimning aytishlaricha, xushdan ketgan ekanman... Ha, darvoqe, o‘sha kunning ertasiga meni «Yurak xastaliklari» bo‘limiga o‘tkazishdi...