Dilmurod yo‘l bo‘yi o‘zini yanib keldi. “Esini yegan odam Yangi yil kiradigan kuni yo‘lga chiqarkan”, degan fikrga keldi u. Onasi bilan akasining “Bayram o‘tsin, ertaga ketarsan” degan gaplariga quloq solmaganiga afsus qildi.
Sovuq kunda, bekatda soatlab avtobus kutgani yetmagandek, tungi elektrichkadan kech qolgani o‘lganning ustiga tepgan bo‘ldi. Yo‘lovchi mashinalarning biridan tushib, biriga chiqib, “Talabalar shaharchasi”ga yetib kelganida soat o‘n bir yarimga yaqinlashgandi. Qadamini jadallatdi. Yugurmoqchi ham bo‘ldi-yu, keyin xayolan hozirgi ahvoliga, sovuqdan qip-qizarib ketgan quloq-burni, besar-bezovta xatti-harakatlariga chetdan qarab g‘ashi keldi.
“Nimaga hovliqasan? Qayoqqa oshiqyapsan buncha? — istehzoli kuldi o‘zining ustidan. — Nima uchun odamlar yangi yil kiradigan kuni o‘zlarini qo‘yarga joy topolmay qolisharkin-a, — deya mulohaza yurita boshladi keyin. — Xuddi bir nimadan quruq qolayotgandek yelib-yugurishadi. Go‘yo yil bo‘yi bitmagan ishlari oxirgi kun, oxirgi soatlarda bitib qoladigandek. Masalan, 31 dekabr, juma, 1 yanvar, shanba. Oddiy haftaning oddiy kunlari. Yangi yil deganlari xuddi ertangi kunga o‘tar kechasi deganday gap-da”.
Dilmurodning bunaqa bayramlarga qiziqishi kamroq. Bayram arafasida kursdoshlarining yugur-yugur qilib qolishlariga ajablanib qaraydi. Bunaqa tadbirlarga aralashgisi ham, bosh qo‘shgisiyam kelmaydi.
Qishloqqa borishi qiziq bo‘ldi. Aksariyat kursdoshlarining yangi yil arafasida o‘zlari tug‘ilib-o‘sgan shahar-qishloqlariga otalanayotganlarini ko‘rib, negadir havasi keldi. Qolaversa, bir hafta burun telefon orqali akasi bilan gaplashganda, bobosining tobi yo‘qroq ekanligini eshitgan va shundan beri ko‘ngli andak g‘ashlanib yurgandi.
“Bobom to‘qsondan oshdi. G‘animat odam. Bir borib ko‘rib kelish kerak. Bahonada ozroq dam olib, chalg‘ib, uydagilarni yangi yil bilan tabriklab qaytaman”, — degan fikrga keldiyu yo‘lga otlandi.
Yo‘q, bobosi otdek ekan. Uni hovlida hassasini do‘qillatib, kuymalanib yurganini ko‘rib, ko‘ngli o‘rniga tushdi. Hol-ahvol so‘ragandi, bobosi: “E, meniki qarilik kasali, nevaram. Shunaqa desam, akang o‘z holimga qo‘ymay, do‘xtirga sudroqlaydi-da”, deb kulib qo‘yaqoldi.
Onasi gap orasida yana odatiy masalani qo‘zg‘adi. “Tezroq o‘qishing bitsa, uylab qo‘yaqolardik”, — deya qishloq qizlari haqida so‘zlay ketdi.
Akasi bo‘lsa, “Otam ko‘rmagan to‘yingni bobom, oyim ko‘rsinlar. Agar ko‘z osting-ga olib yurganing bo‘lsa, ayt”, — dedi. Dilmurod “Avval o‘qish bitsin. Biron joyga ish-ga kiray. Uylanish qochmas”, — demoqchi bo‘ldiyu, gapni chuvalashtirmaslik uchun indamay qo‘yaqoldi. Keyin akasining so‘zlarini eslab, kulgisi qistadi, shu vaqtgacha biron qiz bilan “yurmagani”ga, yetaklashib teatr yo kinoga bormaganiga, fikri-zikri o‘qishda bo‘lib kelganiga o‘zi ham ajablandi. To‘g‘ri, o‘ziga ma’qul keladigan qizlar yo‘q emas, “ammo, lekin, biroq...” deganlariday, hali yuragini jiz ettiradigani uchragani yo‘q.
Dilmurod shunday xayollar og‘ushida shaharga qaytdi.
Yangi yil kirib kelishiga sanoqli vaqt qolgani uchunmi, ko‘cha-ko‘y bo‘m-bo‘sh, yo‘lning ikki chekkasidagi ko‘p qavatli uylarning derazalaridan quchoq-quchoq nur yog‘ilar, shox-butoqlari qirov bog‘lagan dov-daraxtlar xayolga cho‘mgancha qotib tu-rardilar.
Dilmurod chorrahadan o‘tib, chapdagi yo‘lkaga burildi. “Talabalar shaharchasi” ham bayram kayfiyatida, yorug‘ derazalardan talabalarning shovqin-suronlariyu kulgi-lari aralash sho‘x musiqa eshitilib qolardi.
“Samad bilan Qurbon nima qilishayotganiykin? — hamxonalarini esladi Dilmurod. — Hoynahoy, uylariga bormay, yotoqda qolgan kursdoshlari bilan biror xonada to‘planishib, gurung qilishayotgandir”.
Ular bir necha yildan beri yangi yilni birga kutishadi. El qatori dasturxon tuzashadi. Dasturxonlarida yo‘q narsaning o‘zi bo‘lmaydi: kimdir qishloqdan jo‘natishgan patir-laru, pista-bodom, bargaklarni, kimdir do‘kondan olib chiqqan arzon baliq konservasi-yu kolbasani, yana kimdir bironta vinoyu shampanni o‘rtaga qo‘yadi.
Piyola ikki-uch davra aylangach, Samad ikkitagina simi qolgan rubobini ting‘illatib, xirqiroq tovushda “Qurbon o‘lam”ni boshlaydi, kimdir televizorga angraygancha o‘tiradi, yana kimlardir nardani boshlab yuborishadi. Soat 12 ga yaqinlaganda esa kim qizlarning xonasiga yugurgan, kim palovxonto‘rani suzishga taraddudlangan, yana bi-rov ayqash-uyqash bo‘lib yotgan dasturxon ustini tartibga solishga kirishgan, hamma hayajonda, deraza tokchasida “chiq-chiq” etib, tugayotgan yilning so‘nggi daqiqalarini sanayotgan mushtdekkina qo‘ng‘iroqli soatga damba-dam qarab-qarab qo‘yishadi.
Keyin birdan... butun bino larzaga tushgudek zirillab, xonalarida yangi yil kuta-yotgan talabalarning qiyqiriqlari televizorda yangrayotgan soat zangiyu tantanavor mu-siqa sadolariga qo‘shilib boyadan beri diqqinafas bo‘lib turgan shampan vinosi paqillab otilar, kulgi, “ura-ura”laru xitoblar, qarsak tovushlari yeru-ko‘kni qoplab olgudek bo‘lib ketadi.
Bunaqa paytlarda yotoqxonada tartib juda qattiq bo‘ladi. Begonalarning kirishi, mast-alast bo‘lib yurish, shovqin-suron solish qat’iyan ma’n etiladi. Tojivoy aka degan qorovul esa eshikni ichkaridan qulflab, o‘zi yo‘laklarda gerdaygancha, mo‘ylovdek qoshlarini chimirib olib, hammayoqni ko‘zdan kechirib yuradi. “Yotoqxonada tartib saqlansin! Gazga, elektrga ehtiyot bo‘ling! Televizor, magnitofonlar yoniq qolmasin! Agar biron “ch-p” bo‘lsa, hammangni yechintirib, ko‘chaga haydab chiqaraman!” dega-ni-degan.
Eng qizig‘i, bu yotoqxona dahadagi boshqa yotoqxonalardan ancha narida, ser-daraxt bir xiyobonning etagiga o‘rnashgan.
Dilmurodga yotoqxonaning tinch va xilvat yerga joylashgani ham, institutdoshlarin-ing shovqin-suronlariyu, kechki paytlar hamxonalari — Samadning rubobni ting‘illatib o‘tirishlari, Qurbonning oldi-qochdi hangomalari, qizlarning oshxona tarafdan eshitilib turadigan qiqir-qiqirlarigacha yaqin va qadrdon bo‘lib qolgan.
Dilmurod shu tobda o‘ziga tanish manzaralarni beixtiyor ko‘z oldiga keltirdiyu, te-zroq o‘sha yerga kirib borgisi, o‘sha davralarga qo‘shilgisi kelib ketdi. Qo‘lidagi be-so‘naqay sumkasini bandidan yelkasiga ilib, qadamini jadallatdi. Nihoyat, yotoqxona binosi daraxtzor orasida qorayib ko‘zga tashlandi. Qator-qator derazalar qorong‘i, aksariyatida chiroq ko‘rinmas, aftidan ko‘pchilik yangi yil kutgani uyiga yo boshqa yerga ketgan, qolganlari esa bironta xonaga yig‘ilib olishganga o‘xshaydi.
Dilmurod shosha-pisha oynavand eshik yoniga keldi. Xuddi kutganidek u qulflog‘liq ekan. Taqillatdi. Javob bo‘lmadi. Kaftini peshonasiga tirab, ichkariga mo‘raladi. Ichkarida hech kim ko‘rinmas, faqat kiraverishdagi foyegina yorishib turardi.
“Ana xolos! Bu qanaqasi bo‘ldi? — xayolidan kechdi uning. — Nahotki, Tojivoy aka allaqachon “otvolib” ag‘darilib yotgan bo‘lsa? Yo, bitta-yarimta talabaning xonasidamikin? Har qalay, yangi yil kirishiga yarim soatcha qolganda foyeda sarg‘ayib o‘tirmasa kerak... Nima qilsam ekan?..”
Dilmurod eshikni mushtladi. “Tojivoy aka! Hov, Tojivoy aka!” — deb chaqirdi. Ammo javob bo‘lmadi. Ko‘cha tarafga chiqib derazalarga qaradi. Haqiqatan ham butun boshli bino egasi ko‘chgan uydek huvillab yotar, hatto o‘zi yashaydigan xona derazala-ri ham qop-qorong‘i, faqat uchinchi-to‘rtinchi qavatlardagi bir-ikki xonalargina yorug‘, o‘sha tarafdan kulgi — qiyqiriq va musiqa sadolari eshitilib turardi.
“Nahotki, hech kim ko‘chaga qaramasa? — umidvor o‘sha tomonga ko‘z tikdi Dilmurod va hafsalasi so‘nib, xo‘rsinib qo‘ydi. — Yangi yil arafasida birov “Mulla Dilmurod kelib qolmasmikanlar?” deb ko‘chaga qarab o‘tirarmidi?!..”
“Ana tomoshayu, mana tomosha!” — ko‘nglidan o‘tkazdi yana.
Shu payt katta ko‘cha chetida mashina to‘xtadi va kimningdir qorasi ko‘rindi. Qiz bola ekan. U tez-tez odimlab, yugurgilab yotoqxona tomon kelardi. Dilmurod qiziqsinib unga qaradi.
Talaba qizlardan bo‘lsa kerak, to‘g‘ri kelib oynavand eshikni taqillatdi, chaqirdi. Yana urdi. Bo‘lmadi. Keyin jahl bilan yer tepinib, yo‘lka tarafga yurdi. Xuddi Dilmurodga o‘xshab tepaga tikildi. Cho‘ntagidan telefonini olib raqam terdi. U yoqdan javob bo‘lmadi shekilli, uf tortib yana atrofga alangladi. Dilmurod bo‘lsa, o‘zi ham sezmagan holda o‘sha tomonga yo‘naldi.
— Yaxshimisiz? — dedi nima deyishini bilmay.
Qiz qo‘rqa-pisa unga boshdan-oyoq qarab qo‘ydi.
— Siz ham ko‘chada qoldingizmi? –dedi Dilmurod yana nimadir deyishi kerakligini his qilib.
— Hm... — xo‘rsindi qiz. — Qurib ketgur eshikni qulflab qo‘yishibdi...
— Hechqisi yo‘q, — jilmaydi Dilmurod. — Yangi yil kirsin, keyin ochishadi.
— Biz-chi? — hayron bo‘ldi qiz. — Shu yerda angrayib turaveramizmi?
— Nailoj! — kift qoqib qo‘ydi Dilmurod. — Hamma yangi yil kutish bilan ovora. Qorovul amaki ham bironta xonada qo‘liga qadah olib tilak aytayotgan bo‘lsalar kerak! — kuldi Dilmurod va qiziqsinib so‘radi. – Siz ham shu yerda turasizmi?
Qiz “ha” degandek bosh irg‘adi.
— Ilgari ko‘rmagan ekanman sizni, — ajablandi Dilmurod.
— Yaqinda keldim, bir oycha bo‘ldi. O‘qishim Farg‘onada... pedinstitutda edi. Shu yerga ko‘chirishga to‘g‘ri keldi, — dedi qiz.
— Nechanchi kursdasiz?
— Uchinchida, — javob berdi qiz va mayin kulimsiradi. – Siz beshinchi kursdasiz-a?
— Ha, qayoqdan bilasiz? — hayratini yashirolmadi Dilmurod.
— Institutdayam, kutubxonadayam, bu yerdayam ko‘rganman...
— Buni qarang, men esa...
— Xafa bo‘lmang-u, sizni “Robinzon” deyisharkan-a? –jilmaydi qiz.
— Bilaman, — xijolatomuz kulimsiradi Dilmurod. — Kino yo teatrga tushishga, diskotekaga yo kompyuterxonaga borishga, futbol o‘ynashga vaqtim yo‘q, — u shunday deb jiddiy ohangda qo‘shib qo‘ydi. — Men bu yerga o‘qigani kelganman!
— Qiziq bo‘pti-ku! — kulimsiradi qiz. — Boshqalar o‘ynagani kelgan deb o‘ylaysizmi?
— Yo‘q, nega? — o‘ng‘aysizlandi Dilmurod. — O‘zim shunaqa... Yovvoyiroqman shekilli-da! Bolaligim tog‘-toshda o‘tgan...
— Unaqada “Robinzon Kruzo” deyishlari to‘g‘ri ekan-da.
Kulishishdi.
— Men-ku, qishloqdan kelyapman, — dedi Dilmurod chuqur tin olib. — Siz bema-halda nima qilib yuribsiz?
— Tog‘am kasalxonada edilar, — dedi qiz. — Bir xabar olib, tabriklab kelay deb borgandim. Harqalay keksa, xasta odam... Ertaga borsam ham bo‘larkan...
— Yo‘q, yaxshi ish qilibsiz. Kasal yo‘qlash savob.
Oraga jimlik cho‘kdi.
— Nima endi, sovuqda diydirab turaveramizmi? — katta-katta ko‘zlarini pirpiratdi qiz va qo‘l soatiga qarab qichqirib yuborayozdi. — Voy o‘la-ay, yangi yil kirishiga o‘n besh minutgina qolibdi!
— Obbo! — xunobi oshdi Dilmurodning ham va yotoqxona tarafiga xo‘mrayib qarab qo‘ydi. — Biz buyoqda... ular uyoqda mazza qilib o‘tirishibdi.
— Ha-a, yangi yilni ko‘chada kutib oladigan bo‘ldik, — astoydil xafa bo‘ldi qiz.
— Mayli, qo‘yavering. Bir umr eslab yuramiz, — qizning ko‘nglini ko‘tarishga urindi Dilmurod.
— Shunaqa deysizu, alam qiladi-da kishiga!
— Alam qilmasin! Bizga o‘xshagan, yangi yilni uyida kutmayotgan kishilar qancha!
Qiz tushunmaganday unga tikildi.
— Qanchadan-qancha militsionerlar, taksichilar, do‘xtirlar, hamshiralar, navbatchi telefon aloqachilari bor, — izoh berdi yigit.
— Essizgina, dugonalarim telefonni olishmayapti-da, — deya qiz yana telefonida raqam tera boshladi.
— Foydasi yo‘q, — dedi Dilmurod. — Hozir hech kim eshitmaydi.
— Nima qilamiz bo‘lmasa? Shunaqa turaveramizmi? — bezovtalandi qiz.
— Aytmoqchi, sumkamda ul-bul narsalar bor, — dedi Dilmurod jonlanib. — Qish-loqdan ayam berib yuborgandilar. Patir non, turshak, qurut, olma-anor...
— Jinni bo‘p qolipsiz! Ko‘chada o‘tirmoqchimisiz? — kinoyali kulimsiradi qiz.
— Nima qilibdi? — yelka qisdi Dilmurod. — “Oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ich” deb qo‘yibdilar. Innaykeyin, bu olma-anorlar o‘zimizning bog‘imizdan. Bobom ekkan-lar. Yoshlari hozir to‘qsondan oshgan. Tabarruk. Ha, aytmoqchi, bitta baklashkada musallas ham bor.
— Tushunmadim?
— Haligi... qo‘lbola vino, — dedi Dilmurod sumkasiga qo‘l suqib. — Bobom har yili o‘zimizning uzumlardan tayyorlab xumga solib qo‘yadilar.
— Men ichmayman, — bosh chayqadi qiz.
— Men ham... lekin, haligi, “ramziy” deyishadi-ku?!
— Yo‘q, yo‘q, rahmat! — bosh chayqadi qiz. — Siz bemalol anavi o‘rindiqqa o‘tirib, mehmondorchilik qilavering!
— Yo‘q, siz bilan! — dedi Dilmurod va qiz ko‘rsatgan soyabon ostidagi pastakkina o‘rindiqqa yaqinlashdi. — Buyoqqa keling!
Qiz bosh chayqab qo‘ydi-yu, lekin baribir unga ergashdi. Dilmurod tezgina o‘rindiq ustiga gazeta yozib, ustiga non, turshak, qurut, suzma, olma-anorlarni olib qo‘ydi.
— Keling endi, uyalmang! — Dilmurod shunday dedi-yu, birdan sumkasini kavlab uf tortdi. — Obbo, piyola masalasi chatoq-ku!..
— Baklashkaning og‘zidan ichavering! — kuldi qiz.
— To‘xtang-chi! Musallasni mana bu qopqoqchada ichsak-chi! — kaftidagi angishvonadek yelim qopqoqni ko‘rsatdi Dilmurod.
— Bemalol ichavering, men ichmayman!
— Meni xafa qilyapsiz. Haligi... ismingiz nima edi?
— Maftuna, — dedi qiz.
— O‘zingizga o‘xshagan chiroyli ismingiz bor ekan.
— Sizniki-chi?
— Meniki, ikki qavatli, Dilmurod, — iljaydi u. — Ham dil, ham murod...
— Buyam yaxshi ism, — deb qo‘ydi qiz.
Dilmurod shosha-pisha yelim idishning qopqoqchasini to‘ldirib musallas quydi-da, qizga qaradi.
— Xo‘p bo‘lmasa, ruxsatingiz bilan so‘z menga, — yon-veriga qarab qo‘ydi u. — Umringiz uzoq, joningiz sog‘ bo‘lsin, Maftunaxon! O‘qishlaringiz besh bo‘lsin! Siz bi-lan tanishganimdan xursandman. Yangi yilingiz bilan!
— Sizniyam... — dedi qiz uyalinqirab ko‘zini olib qocharkan.
Shundan keyin ikkovlashib, “dasturxon”ga qo‘l cho‘zishdi. Dilmurod qalamtaroshni olib anorni, olmalarni bo‘lakladi.
— Umuman olganda-ku... — dedi qiz kutilmaganda o‘ychan tovushda. — Bunaqa bayramlarga uncha hushim yo‘q... Aslida, odam bolasining har bir kuni bayramdek o‘tishi kerak. Odam sog‘ bo‘lsa, tinch bo‘lsa, ishlari yaxshi bo‘lsa, o‘sha kun bayram...
— Yaxshi gap! — uni tasdiqladi Dilmurod og‘zini to‘ldirib non chaynarkan.
Maftuna bir lahza jim bo‘lib qoldiyu, keyin yana davom etdi.
— Odamlar yangi yil kirganiga nega xursand bo‘lishadi, sira tushunmayman. “Hoy, inson, axir qimmatli umringdan yana bir yil o‘tib ketdi-ku?” degim keladi ularga...
— To‘g‘riku-ya, lekin yangi yil baribir yaxshi, — dedi Dilmurod bosh chayqab. — Bir yoshga ulg‘ayamiz. O‘qishning bitishi yaqinlashadi. Yangi yilda ko‘p yangiliklar bo‘ladi. Odam eski yilda erisha olmagan narsalariga yangi yildan umid qiladi... Umid bilan yashash yaxshi-da.
Shu payt birdan shahar markazida ko‘k yuzi yorishib mushaklar otildiyu, osmon son-sanoqsiz yulduzlarga to‘lib ketgandek bo‘ldi.
— Ana, Yangi yil kirdi, — shivirladi Maftuna hayajondan tovushi titrab.
— Tabriklayman, Maftuna, — dedi Dilmurod.
— Sizniyam...
O‘toqxona derazalaridan sho‘x musiqa sadolariyu qarsaklar yangradi. Ikkoviyam il-kis o‘sha tomonga qarashdi. Shunda Maftuna birdan: — Voy, qarang, qor yog‘ayapti! — dedi hayajonda va soyabon ostidan chiqdi.
Uning yuziga, boshiga, yelkalariga son-sanoqsiz oppoq kapalaklar qo‘na boshladi. Bu sohir manzaradan mutaassir bo‘lgan Dilmurod ixtiyorsiz o‘rnidan turib qizning yo-niga keldi. “Xuddi ertakning o‘zi!” ko‘nglidan o‘tdi uning.
O‘toqxona derazalaridan biri ochilib, qizlarning shovqini eshitildi:
— Vu-uy, qor yog‘ayapti, qizlar! Qor! Muncha chiroyli!..
Boshqa derazalar ham ochildi va kutilmaganda Dilmurodning hamxonasi Samadning tanish tovushi quloqqa chalindi:
— Ie, anavi Dilmurodmi? Voy, darvesh-ey! Nima qilib turibdi u yerda?
— O‘nidagi qiz kim bo‘ldiykan? — ovozi keldi boshqa hamxonasi Qurbonning. Va hammalari “Dilmurod! Dilmurod!” deb chaqira boshlashdi.
Ammo shu tobda Dilmurod ham, Maftuna ham hech nimani eshitmas, ana shu ertak-ka aylangan kecha sururidan, oq, oppoq qorga burkanayotgan borliqning tantanavor ohanglaridan mast va masrur edilar.
Bu kirib kelgan yangi yilning ilk daqiqalari edi...