OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Usmon. Uyimizga mehmon keldi... (hajviya)

Yakshanba kuni saharlab eshigimiz ko‘ng‘irog‘i jiringladi. Ochdim. Qarasam, qishlokdagi qarindoshimiz Sotvoldi tog‘a xotini, o‘g‘li, kelini, nevaralari bilan ostonada iljayib turibdi.
“Mehmon otangdek ulug‘”, deb qo‘yibdilar. Er-xotin ularni ichkariga taklif qildik. Ikki xonali uyimiz to‘ldi-qoldi.
Ko‘rib xijolat bo‘lib ketdim. Tog‘aning qo‘lida bir xalta guruch, o‘g‘lining yelkasida yarim qop sabzi-piyoz, nevaralari qo‘lida besh-olti kilo go‘sht, o‘nta patir, kampiri bir xalta turshak, shaftoliqoqi, kelini tort ko‘tarib olibdi.
— E, nima qilardinglar shuncha narsani? — dedim uyalinqirab.
— Bir tovuqqa ham don, ham suv kerak, — dedi Sotvoldi tog‘a donolik bilan. — Shaharga, shoir amakimiznikiga borib, mehmon bo‘lib qaytamiz, deyishdi. Telefonlashmay, haddim sig‘ib boshlab kelaverdim. Besh-o‘n kun teatr-kino, park-mark qilib, o‘ynab-kulib ketishadi. Sen manavi go‘shtni xaladilnaga, sabzi-piyozni balkoningga joyla. Erta-indin Latofat, Sharofat, Arofatlar ham jiyanlaring bilan kelib qolishadi!..
Shunday qilib, ikki xonali uyimizni Sotvoldi tog‘aning avlod-ajdodlari, hali o‘zim ko‘rmagan-tanimagan jiyanlarimga qoldirib, er-xotin o‘g‘ilchani yetaklab Bo‘stonliqqa, dala-hovlimizga ketdik. Qulog‘imiz tinchisin, deb qo‘l telefonimni o‘chirib qo‘ydim. Ertasiga yoqsam, SMS kelgan ekan. Unda shunday yozilgandi:
“Shoir! Shaharda bir o‘ynab kelaydik, degandik. Uyingizni Sotvoldi tog‘aning bola-chaqasiga arendaga qoldiribsiz. Biz ham erta-indin uy ichimiz bilan dala-hovlingizga yetib boramiz. Kuting!
Salom bilan bojangiz Rixsixo‘ja.”.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.