OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fozil Jabborov. Jeton (hikoya)

Vijdon insonlar hayotining odil rahnamosidir.
Lev Tolstoy

Kurant zang chaldi...
Bugunning poyoni uch soatdan so‘ng.
Yomg‘irpo‘shimni egnimga yelvagay qilib tashladim-da, xonadan chiqayotib, yirtma taqvimdan noyabrning oxirgi sanasini yulib oldim. Kunning sakkizdan bir ulushi hali oldinda esa-da, go‘yo shu bilan bugun tamomlanganday.
    Biroz avval gazetaning ertangi sonini nashriyotga jo‘natgandik. Navbatchilikda gazetdoshim bilan qolganman. Mana ikki yildirki, ikkimiz tahririyatning torgina eshigidan kirib-chiqamiz. O‘sha eshikdan bo‘lak bizni birlashtiruvchi boshqa rishtani hozircha sezmagan bo‘lsam-da, negadir uni boshqalardan ko‘ra o‘zimga yaqin tutardim.
Tashqariladim. Havo yanada salqinlagan – kunduzgi yomg‘ir tinib, qishning ajabtovur nafasi seziladi. Ustimni rostmana kiyib, ikki tugmasini qadadim. Mening ivirsishimga ko‘nikkan sherigim bino soyaboni tagida mung‘aygancha turardi.
 «Iya! U kiymabdi-ku!»
Kun bo‘yi birga bo‘lsak-da, tugma qadayotib buni fahmlabman. Tonggi havo uni aldagan, chamamda. Achinarlisi, bugun tushlikdan qaytayotsak, mendan-da ko‘hna, qadrdon bashmog‘idan yomg‘ir suvi sizib o‘tdi. Uning o‘sha damdagi holatini sezgan har qanday diydasi qattiq kimsa, hatto keksa, kursiquli bosh muharririmiz-da mumday erib, unga nisbatan achinish hissini tuyardi.
Kutilmaganda kallamga notanish fikr urildi.
«Uni xursand qilsang-chi?! Qanday? Kechlik, pivosi bilan...»
    Boshida unamadi. Qaysarligimni bilgani uchun baribir ko‘ndi.
    Ishxonamiz yaqinidagi yemakxonaga kirgach, taomnomaga ko‘z yugurtirib, odatga ko‘ra undan nima yeyishini so‘radim. U esa cho‘ntagidan bir dona jeton olib ko‘rsatdi.
    «H-a-a-a, aynan shuni kutganding-a! O‘zing to‘laysan!!!»
    Xizmatchi qiz pivo keltirgach, ovqat buyurib, icha boshladim. Arpa achitmasidan tayyorlangan suyuqlik go‘yo kun charchoqlarini haydayotganday.
U xushlamaygina bir-ikki ho‘plab qo‘ydi. Taom keltirilganida, bokalim bo‘shab, uniki to‘laligicha turardi. Ovqatga qaradik.
    «Nega ichmayapti? Balki yoqmayotgandir? Ilgari icharmidi o‘zi? Nahot bilmasang? Yo‘q, ichardi. Nega unda hozir... Ne bo‘lsayam shu bugun uni xursand qilishing shart!»
O‘ng tomonimdagi deraza ortidagi ko‘chayoritgich shu’lasiga ko‘zim tushdi.
«Qor uchqunlayaptimi!?»
Baqirib yuborishimga oz qoldi. Yemakxonada ekanimni anglab o‘zimni bosdim. Chindanam qalbimning qaeridadir berkinib yotgan quvonch zohirladi. Qor dekabrdanoq yog‘ishi haqida kundalik, haftalik nashrlar bir oydan buyon bong urayotgan bo‘lishsa-da, bunga sirayam ishonmagandim. Chunki besh yoshimdan beri u meni yangi yil kechasida ham zoriqtirardi-da!
Ketib qolishimizdan xavotir olibmi, nariroqda qaqqaygancha bizni kuzatib turgan xizmatchi ham, kamsonli mijozlar ham, hatto yonimdagi hamrohim ham bundan xabar topmagandi. Uni turtib, derazani ko‘rsatdim. Ishtahasi tortmasa-da, meni xafa qilmaslik uchun o‘zini ovqat yeyishga majburlayotgan gazetdoshim qor uchqunlarini ko‘rib jilmaydi. Jilmayish shunaqangi samimiy ediki, falon yillik tajribasi bor ruhshunos ham bugungi havo uning bod kasalini qo‘zg‘ab, zax bashmoqlari esa oyog‘iga hamon azob berayotganini sezmasdi. Nima bo‘lgandayam, kun bo‘yi ochilmagan chehraga kulgu qo‘nganini ko‘rib sevinchim ikki hissaga oshdi.
Endi meni boyagi charchog‘u tushkunliklar tark etgan, kayfiyati biroz ko‘tarilgan gazetdoshim ham bokalidagi pivosini icha boshlagandi. Suhbatimiz qovushgan ikkovlon yolg‘onlar yozilishi hisobiga o‘quvchilari tobora kamayayotgan nashrimizning taqdiri haqida so‘zlashdik...
Oq parchalar ko‘payar, ichkariga ham sovuq faslning orombahsh xuzuri bo‘ylagan. Shu orada yana ikki navbatchi shoshib ichkariga kirishdi-yu, qor qo‘ngan kuzgi kiyimlarini burchakda qoqib, bo‘sh joylardan birini band qilishdi.
Gazetdoshimga bo‘shagan bokalimni ko‘rsatib, yangi mijozlar tomon oshiqayotgan xizmatchini to‘xtatmoqchi edim, shunda u bosh chayqadi. Doim uch bokal pivo ichishimni bilardi. Ammo hozir uning nega bunday qilganini anglamagan esam-da, chamasi bir yarim soatdan keyingi voqea menga hammasini izohsiz tushuntirdi.   
Derazaga tikilibmi, kun charchoqlari ustun kelibmi, ishqilib, ko‘zim ilinibdi. Uyg‘onsam, tepamda xizmatchi iymanibgina hisobqog‘oz ko‘tarib turardi. Gazetdoshim yo‘q.
«Qaergayam ketardi?»
Shu o‘y bilan atrofga alangladim. Yemakxonada mendan bo‘lak biror xo‘randa yo‘qligini ko‘rib, hammasini tushundim. Hisobni to‘lagach, qadrdon qopchig‘im tashqaridagi daraxtlar shoxlaridek ship-shiydam bo‘ldi-qoldi.
«Endi nima bo‘ladi? Uyinggacha BESH CHAQIRIM! Hali SH-U-N-CH-A yo‘lni piyoda bosib o‘tasanmi?»
Bunday hol oy oxirlarida tez-tez kuzatilsa-da, meni aynan imkonsiz pallada qarshilaganiga ko‘nikolmasdim. Garchi kechlikka o‘zim taklif qilgan bo‘lsam-da, uyg‘otmay ketgani bois undan qattiq ranjidim.
«Axir u kishimda uyiga yetib olish uchun bir dona jeton bor-da!»
Xunobim oshdi. To‘g‘risi alam qildi.
«Haqiqatda uning qandayligini umuman bilmas ekansan!»
Yuragimdagi unga bo‘lgan iliqlik kuz havosiga qo‘shilib olis-olislarga quvildi...
«ABLAH!»
Tezda o‘rnimdan turib, ketishga shaylandim. Jahl bilan eshik tutqichini tortarkanman, ortimdan jarangdor ovoz yangradi:
—    Kechirasiz!
Ortga burildim.
—    Unutib qoldiribsiz!
Baqamti kelgan xizmatchi qo‘lidagini uzatdi-yu, tashqaridan kirayotgan izg‘irib badanimga million-million igna sanchdi.
«Bo‘lishi mumkinmas!»
O‘ylarim yirtilgan par yostiq gardlaridek to‘zg‘ib ketdi.
Ne ko‘z bilan ko‘rayki, uning kaftida...
«Bu o‘sha JETON-ku!!!»
Uni qo‘limga tutqazib, stol ustini yig‘ishtirishga tushgan xizmatchini ko‘zlarim ko‘rar, ammo o‘ngimdagi biror tasvirni idrok etolmasdim. Eshikdan kirayotgan izg‘irin etimni junjiktirib, meni karaxtlikdan qutqardi.
«Hali uzoqlashmagandir?»
Tashqariga otildim. Yo‘lakchaga shamol keltirgan yupqa-yupqa qor jiyaklaridagina uch-to‘rt oyoq izi. Ko‘chaga qarab ketganlari allaqachon ko‘milgan. Izlar qor tagida qolgan esa-da, yetib olish fikri tinch qo‘ymay, oyoqlarim tez-tez yurib, meni katta ko‘chaga boshladi.
«Qo‘ng‘iroq qilsang-chi?»
Barmoqlarim fikrni yashin tezligida ilg‘ab, beixtiyor o‘sha tanish yettita raqamni terdi. Yetib olish haqidagi umidlarim aloqa yo‘qligi to‘g‘risidagi xabardan co‘ng butunlay yakunlandi.
«Esing qursin! U oy boshida ijara haqini to‘lash uchun telefonini sotgan edi-ku!»
Katta ko‘chaga chiqib, piyodalar yo‘lakchasi bo‘ylab keta boshladim. Yo‘ldan mashinalar ora-sira o‘tib qaytar, tinmay yog‘ayotgan qorni g‘ildiraklar ezg‘ilab suvga aylantirardi. Cho‘ntagimdan tamaki qutisini oldim. Labimga sigaret donasini qistirib, yondirgichda tutashtirdim.
Kaftimda jeton. Xayolimda esa:
«YIGIRMA BESH CHAQIRIM YO‘LNI ZAX BOSHMOQLAR BILAN QANCHA VAQTDA BOSIB O‘TISH MUMKIN EKAN-A?»
Birinchisiga ikkinchisini uladim. Ikkinchisiga esa... Qo‘limdagi quti ham qopchig‘imdek bo‘shadi-qoldi. Og‘zimdan burqsib chiqayotgan tutun tun ranggiga qo‘shilib asta-asta ko‘zdan g‘oyib bo‘lardi. Chekish-da azobdan qutilishimga yordam bermayapti.
Chalg‘ishga urinib, o‘zimni butunlay boshqa narsalar to‘g‘risida o‘ylashga majburladim:
«O‘n besh daqiqada uyga yetasan. Borib finjon to‘la issiq qahvani xo‘plab, birinchi qor to‘g‘risida biror nima qoralasang, indingi songa ulgurasan».
Muyulishga yetdim. Tepamdagi kurant millari chorak soat kam tungi o‘n ikkini ko‘rsatar, bugunning so‘nggi daqiqalari gazetamizning adadi singari kamayib borardi.
«Uyiga yetdimikin?»
To‘satdan qulog‘imga ajib tovush – ivigan oyoqda va yupun kiyimda bo‘lsa-da, vijdonini asrab qolish uchun dirdiragancha ohista-ohista qadam tashlab borayotgan QADRDONIMning boshmoqlari ultonidan chiqayotgan ovoz chalinganday bo‘ldi:
«...g‘irch, g‘irch...»
«O‘ZING ABLAH!!!»
Metro bekatiga tushib ketayotib, yer osti yo‘lidan yuzimga urilgan iliq havodan jonlandim. Yarim g‘ujanak bo‘lib, qizargan barmoqlarimni yomg‘irpo‘sh cho‘ntagiga tiqdim. Tamaki qutisi va yana qandaydir qog‘oz qo‘limga ilindi. Boshqa kunlardan qariyb hech nimasi bilan farq qilmayotgan kuzning so‘nggi kunini bo‘m-bo‘sh tamaki qutisiga qo‘shib g‘ijimlab-g‘ijimlab chiqitchelakka irg‘itdim!..

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.