OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fozil Jabborov. Maktub (hikoya)

Barglar bandidan uzilib daraxtlar ostiga to‘shalar, tongda Bobotog‘ adirlari tomonga uchgan qarg‘alar kunbotarga qaytardi. Ufqning qizarmagani ertaga sovuq bo‘lishidan darak. Shunday kunlar boshlanajak damlarda biror ishga qo‘l urgim kelmas: yer ag‘darsam ketmonning dastasi sinar, bog‘dan xurmo uzsam satilning baldog‘i uzilib tushardi. Boisi shu yil universitetga kirolmay qaytganim. Qalbim to‘la alam.
Kecha ikkita deraza oynasini sindirdim, ilgari kuni ukalarimning to‘pini yordim. Bugun esa hech nima singani, biror narsa «qo‘limdan tushib ketgani» yo‘q. Biroq...
Supa ustida kechki ovqat uchun enam piyoz to‘g‘rab o‘tirar, singlim o‘choq boshida qozon tagiga o‘tin qalardi. Xonamga kirib, javon eshigida osig‘liq ko‘ylagimni ko‘rdim. Ertalab qanday qo‘ygan bo‘lsam, shunday turibdi. Hatto birov qo‘lini-da tekkizmagan: yoqasi kir, g‘ijim. Bugun qishloqda to‘y bor. Nima kiyaman endi?
Shart ortga burildim. Eshikdan chiqib, supa yoniga keldim.
– Uyda sovun tugab qolgan ekan, bolam! – Enam og‘zimni ochmasimdan fikrimni angladi.
– Do‘kon besh chaqirim emas-ku! – dedim zaxarxanda aralash. Bundan ko‘nglim to‘lmadi chog‘i ovozimni balandlatdim. – Doim bahonangiz tayyor. Hali unaqa deysiz, hali bunaqa...
– ...
O‘choq boshidagi singlim o‘rtaga suqildi:
– Aka, kulrang ko‘ylagingiz toza-ku!..
– Senga nima?
Enam indamasdan piyoz to‘g‘rashda davom etdi. Ikkala yonoqlarini bir-ikki tomchi yosh kesib o‘tdi.
«Piyozdan» – ko‘nglimdan o‘tkazdim.  
Ko‘zyoshlar sabzi to‘g‘ralayotgandayam, kartoshka to‘g‘ralayotgandayam to‘xtam bilmas, navbatma-navbat enamning ajin oralagan yonoqlaridan dumalab tushardi. Enam bechora uni bilaklari bilan artib qo‘yardi.
«Ey, nodon! Nima qilib qo‘yding?!»
Enamga yaxshilab razm soldim. Bolaligimda jajji barmoqlarim bilan siypalaydiganlarim – kuldirgichli yonoqlarga ajin tushibdi, kulib turadigan ko‘zlaridagi kipriklar siyraklashgan, pastroqqa tushib turgan ro‘moli ostidagi o‘sha qop-qora sochlar oqara boshlabdi. Ha-ha, qirqqa kirmasdan enamning sochiga oq, yuzlariga ajin tushibdi.
«Enang... qarib qopti-ya! Nega shu paytgacha payqamading? Qachon ro‘y berdi bu? Nahotki sochiga tushgan oq tolalarni endi ko‘rayapsan? Sochlari-ku ro‘mol ostida, loaqal yuzidagi ajinni-da sezmapsan-a? Nega kipriklari yo‘q? Ehtimol, tandir tafti kuydirgandir?..»
To‘yga borolmadim. Borolmasdim ham. Universitetga kirolmaganim haqida boshqa o‘ylamasdim. O‘sha alamlar o‘rnini boshqasi egalladi. Endi faqat va faqat enam to‘g‘risida o‘ylardim: yuzidagi ajinlari, boshidagi qirovlari, qaergadir yo‘qolgan kipriklari...
Xafa bo‘lsa har safar darrov kulib ketaveradigan enamning yuzini o‘sha kecha osmonni to‘sgan bulutlardek mahzunlik qopladi. Tuni bilan chaqmoq chaqib chiqdi. Ertasi kun bo‘yi yomg‘ir yog‘di. Enam-da takror yig‘ladi. Yig‘i ko‘zyosh bo‘lib tashqariga chiqmadi. Yig‘ini ichiga yutardi. Qalbining tub-tubiga joylardi. Buni sezdirmaslikka urinsa-da, ko‘zidagi g‘amginlik barini oshkor etardi.
Harakatlarim oldingisidan boshqacha edi. Endi deraza oynasiyam, ketmon dastasiyam sinmas, ukalarimning to‘piyam yorilmas, satilning baldog‘iyam uzilmas, lekin kunlarim o‘shandagidan-da azobli-dardli o‘tardi.

* * *

    Qor buringidan ko‘p yog‘di.
Qor yoqqanida doim quvonadigan ko‘zlarim endi butunlay ayricha – g‘amgin. Ular derazadan tashqariga tikilsa, bosh hujayralarim endi nima qilish kerakligi to‘g‘risidagi o‘y bilan band. Deraza ortidagi hayot oppoq bo‘lsa-da, qalbimning ichkarisi buning aksi edi.
Enam doimgiday urchuq yigirib o‘tirardi-yu, baribir nimasi bilandir o‘ziga o‘xshamasdi. Buni ko‘rib battar azoblanardim.


* * *
    Qish bo‘yi aytarli xonamdan chiqmadim.
    «Bir og‘iz «kechiring» deya olmading-a! Shu so‘zni aytish sen uchun shunchalar qiyinmi?»
«Yo‘q!»
«Nega unda aytolmayapsan?»
«...»
«Yo g‘ururing yo‘l bermayaptimi?»
«...»
O‘rnimdan otilib turdim-da, enam o‘tirgan xonaga bordim. Pechka oldida choy damlayotgan ekan. Yugurib borib quchib olgim, «enajon, kechiring!» degim kelayapti. Biroq...
«Nega unaqa bo‘layapti?»
«...»
Meni tutib qolayotgan bu tuyg‘u menga tamoman noma’lum.
«Nima bu? Qanday tuyg‘u o‘zi?»
Orqaga qaytdim. Notavonligimning sababini bila olmay ovora edim. Oyoqlarim ko‘zlagan manzilimga boshlab borar, so‘nggi nuqtaga kelganimda miya hujayralarimdan kerakli so‘zni topolmay qiynalardim.
«Bir og‘iz so‘z-ku!»
«...»
«Agar eslab qololmayotgan bo‘lsang bir bo‘lak qog‘ozga yozib ol!»
«Lug‘at boyligimda bu so‘zning bir nechta muqobili mavjud. Uning ruschasiniyam, nemischasiniyam, inglizchasiniyam bilaman. Ammo...»

* * *

Qish oxirladi.
Uyimizga pochtachi keldi. Harbiy xizmatga chaqiruv qog‘ozi qoldirdi. Xatni qo‘limga tutqazib ketgan pochtachini o‘zgacha nigoh bilan kuzatib qoldim. U meni judayam quvontirdi. Go‘yo ko‘nglimdagi o‘sha asir tuyg‘ularni qafasdan ozod etganday.
Tuman markaziga borib ko‘rikdan o‘tdim.
«Sog‘lomman!»
Viloyat markaziga borib ko‘rikdan o‘tdim.
«Sog‘lomman!»
«Ura!»
Xursandman. Enam mendan-da xursand. O‘g‘lim armiyaga ketayapti, deya suyunib, hammaga maqtanar, mening xafa qilganimni butunlay unitib yuborgandi. Enamni kuzatib, ushbuni angladim:
«Mening ko‘nglim esa negadir baribir g‘ash...»
Bilsam, jur’atimni to‘sib turgan o‘sha tuyg‘ular qalbimni butunlay tark etmagan ekan.
Armiyaga jo‘nadim. Yaqinlarim, sinfdoshlarim meni tantana bilan kuzatdi.
Poezdda ketayotgan bo‘lajak safdoshlarimning ko‘zlari quvonchga, qalblari orzularga to‘la. Men esa faqat enam to‘g‘risida o‘ylardim: «Oppoq sochlari, yuzidagi ajinlari, qaylargadir yo‘qolgan kipriklariyu mendan ranjigani...»

* * *

Ilk bora egnimga harbiy libos kiydim. Ilk bora shahdam qadamlar bilan yura boshladim. Ilk bora uyimga maktub yozdim:
«Onajon, meni kechiring!»

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.