OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fozil Jabborov. Siniq tandir (hikoya)

«Ehtiyot bo‘ling! Birinchi yo‘lga Toshkent – Sankt-Peterburg yo‘nalishidagi poezd qo‘yilmoqda...» Suxandon qizning uch tilda yangragan bu ovozi temir yo‘l vokzaliga yaqinlashib qolganimizni bildirardi.
Soat kechki to‘qqizdan oshgan bo‘lsa-da, vokzal oldida odam tirband: kimdir qaerdandir kelgan, kimdir qaergadir ketayotir. Singlim ta’tilga ketayotgandi, uni uyga kuzatish uchun chiqqandim. Biroq kuzatuvchilarni ichkariga kiritishmayotgan ekan. Xavfsizlik uchun bo‘lsa kerak-da! Afsus, endi perrondan turib xayrlashishlar, ro‘mol silkitishlar faqat badiiy asarlarda qoladi, shekilli.
– Qiz bola qanday ko‘tarib kiradi bu og‘ir sumkalarni? – nazoratchilarga bergan birinchi savolim shu bo‘ldi.
– Kamroq olsin edi. O‘zi ko‘taradigan qilib, – to‘ng‘illadi nazoratchilardan biri. Gapirish ohangidan menga o‘xshagan qanchasiga bu gapni aytgan ko‘rinadi.
Qonim qaynadi. O‘zimni zo‘rg‘a bosdim.
U muammoni yechish uchun yukni aravaga ortish kerakligini aytdi.
– Yuz yilda bir keladigan aravagami? – men ham bo‘sh kelmadim.
– ...
Hartugul, arava tezda kelaqoldi. Yuklarni ortib, singlim bilan xo‘shlashdim. Uni kuzatarkanman, xayolimda shunday fikr jonlandi: «Haqiqatda vokzalda, shahrimizda madaniyat shakllanibdi. Yuklarni arava manziliga eltib qo‘ysa-ya!»
Poezd jo‘nashiga hali ancha vaqt bor. Baribir ichkariga kiritishmaydi. O‘tirgandan foyda yo‘q. Nima qilaman endi? Xonamga qaytaman. Shu maqsadda avtobus bekati tomon borarkanman, yana bir arava yo‘limdan chiqdi. Ustiga tekis qilib uchga kesilgan tandir ortilgandi. Yonimdan o‘tib ketayotgan aravakashning ortidan qarab qoldim va ichimda takrorladim: «Madaniyat shakllanibdi! Yuklarni aravalar olib yursa-ya!»
Jilmayib, yo‘limga qarab borarkanman, ancha ortda qolgan aravakashning qattiq-qattiq gapirgani eshitildi. Beixtiyor ortga burildim. Binoyidek ketayotgan boyagi aravakash asabiy tarzda javrardi:
– Meni ishdan xaydalishimni xohlayapsizmi, opa?
– Axir, axir, o‘zingiz aytdingiz-ku! Ichkariga olib kirib qo‘yaman, deb. Jon uka, op kirib qo‘ying! – yalinardi tandirning egasi – istaraligina ayol.
Jurnalistligim esimga tushdi. Ularning gurungini eshitib ortga qaytdim. Ishning nihoyasi qanday bo‘lishi qiziqtirdi. Tekin tomosha bo‘lsa, avtobusdan qolsam, metroda ketarman. Xarqalay, u soat o‘n ikkigacha ishlaydi. Avtobuslarga o‘xshab belgilangan vaqtidan avval ketib qolmaydi.
Suhbat avjiga chiqdi:
– To‘g‘ri, lekin mana bular turishibdi-ku! – o‘zini oqlardi aravakash. – Boya rahbarimizdan xayfsan olganim ham yetar. Yuzingizdan o‘tolmay ortgandim, opa! Tag‘in shu hol takrorlansa, ish chatoq! Meni tushunyapsizmi?
– Nima qilaman endi? Boshqa aravani qaerdan topaman? – yig‘lamsirardi ayol.
– O‘zim topib beraman.
– Puli-chi?
– Menga pulingiz kerakmas. Ishimdan ajralib qolmasam bo‘ldi. Yaqindagina qishloqdan kelganman. Ishga zo‘rg‘a joylashdim. Axir yosh bolalarim bor. Xudo xayringizni bersin, jon opa... – aravakash yalina-yalina tandirni aravadan bir burchakka tushirdi.
Tandir egasining bir o‘g‘il, bir qizi bor edi. Ularning suhbatidan so‘ng hammasi oydinlashdi: tandirni uzoq yurtlardan biriga olib ketishmoqchi ekan. Chamamda u yerdagilar tandir nonini yaxshi ko‘rib qolishgan. Talabgorlar ko‘p bo‘lgani bois, ular o‘sha yerdan tandirxona ochib, non yopib sotishmoqchi shekilli.
«Qanday yaxshi, ham tadbirkorlik, ham o‘zbek madaniyatini chet elda targ‘ib qilish. Madaniyatning yoyilishini qarang, madaniyatning!»
Xullas, bor gap shu ekan.
Sigareta chekib, valdirashib o‘tirishgan nazoratchilardan ikkitasi shovqinni eshitib, erinibgina beri kelishdi.
«Endi rostdan ham ish chatoqqa o‘xshaydi!»
Nima gapligini bilgach, ulardan biri papiros tutunini bor kuchi bilan ichiga tortdi-da, tandirga yaqinlashib, tutunni unga pufladi va izquvarlardek tandirni sinchiklab ko‘zdan kechirdi-da, o‘girilmasdan ayolga eshittirib takrorladi: «Madaniyatni targ‘ib qilmoqchimiz deng, opa. Madaniyatni chetga olib chiqmoqchimisiz hali? Millatimiz madaniyatini sotmoqchiman, deng?»
– Qanaqasiga... Axir... – Nima deyishini bilmasdi ayol.
– Mumkin emas. Yurt tuprog‘ini, madaniyatini chetga olib chiqish, – sigaretini tag‘in ichiga tortdi-da, tag‘in tandirga puflab pinak buzmadi nazoratchi.
– Nega uka? Biz... biz... yomon niyatda olib ketayotganimiz yo‘q-ku. Qurol yarog‘, giyohvand modda bo‘lmasa...
– Hali shunaqa deng? Ko‘ramiz, qanaqa qilib olib ketarkansiz?
– Nimalar deyapsiz, uka? Xudo xayringizni bersin, jon uka. Unaqa demang. Axir biz yaxshi niyat bilan...
– Xo‘sh, mayli! Buni ham qo‘ya turaylik! Tandiringizning pasporti bormi, unda?
– Qanaqa pasport?
– Hujjat, opa! Hujjat! Hujjat bo‘lmasa, iloji yo‘q! Bugun butun dunyoda hujjatsiz yurishning imkoni yo‘q-ku! Davr talabi shunday. Xavfsizlik!
– ...
– Shuning uchun, opa, gap shu! – deya sigaretini qoldig‘igacha tortib-tortib, axlat qutisi ro‘parasida turgan bo‘lsa-da, uni yo‘lakcha chetidagi gullar ustiga chertib yubordi va istehzoli to‘ng‘illadi:
– Xix, madaniyatni targ‘ib qilarmish.
– Jon uka, girgittoningiz bo‘lay. Shuginani o‘tkazib bering. Pasport bo‘lishi kerakligini bilmagan ekanman. Agar bilganimda to‘g‘rilamasmidim, uka, – yalina boshladi ayol.
– Mumkin emas, dedimmi, mumkin emas! – Vaqtida qilish kerak edi bunday muhim tashkiliy masalalarni.
Vokzal ichkarisidan suxandon qizning ovozi tag‘in yangradi: «Diqqat, diqqat! Toshkent-Santk-Peterburg yo‘nalishiga yo‘lovchilarning chiqishi e’lon qilinadi...»
– Ana, ana! Poezdingizga yo‘lovchilar chiqa boshlashdi. Attang! Attang! – boshini sarak-sarak qildi nazoratchi qutidan yangi sigaret olarkan. – Buyog‘i necha puldan tushdi. – Papirosni tutatib ichiga chuqur-chuqur tortarkan biroz o‘ylanib, ayolga yuzlandi. – Xo‘sh-xo‘sh! – Atrofga bir alanglab olgach, ayolga yuzini yaqinlashtirdi va tutunni osmonga qarab puflab, pichirladi, – Agar o‘tkazib berdigam, deylik. Bundan bizga nima naf?
– Foyda deysizmi? Axir bitta muslimaga yaxshilik qilardingiz-da!
– Tushunmadi, shekilli! – dedi nazoratchi qiqirlab sherigiga yuzlanarkan. Indamas sherikka til bitdi:
– Mullajiringdan gapirayapmiz, opa. Bo‘lmasa, hozir poezdingiz k-e-t-i-b qoladi!
Ayol hijolat bo‘lib, kalovlanib turgandi poezdga odam chiqarilishi takror e’lon qilindi.
– Ixim, ixim, – tomoq qirdi sigareta chekayotgan nazorachi. – Ko‘rdingizmi? Hozir poezdingiz j-o‘-n-a-y-d-i, opa. Bo‘ling tezroq!
– Mayli, ukalar, jonlaringiz omon bo‘lsin! Pul bo‘lsa, pul-da! – Muammosi yechilishini bilgach, baland ovozda gapirib yubordi ayol.
– Sikinroq! «Quloq»lar eshitadi, – deya chekayotgan nazoratchi atrofga alanglab oldi va hamma yo‘lovchilar kelish-ketish tashvishi bilan bandligini ko‘rgach, atrofga qarashini to‘xtatmasdan gapida davom etdi. – Mananiyatimizni pulga sotishayapti, deb o‘ylashmasin tag‘in.
Unga teskari tomondagi o‘rindiqda o‘tirganim uchunmi, u meni payqamadi. Meni ko‘rib qolishidan cho‘chib, portfelimdan jurnal chiqardim-da, o‘zimni o‘qiyotgan kishiga soldim: «Ana, endi yanada xavfsiz!»
– Qancha so‘raysiz, uka? – ayol ham dangaliga ko‘chdi.
Jurnal ortidan sekin mo‘raladim. Nazoratchi yaltong-yaltong qilib boz atrofga qaradi va ayolning qulog‘iga yaqinlashib shivirladi:
– Yuz!
Ayol nazoratchilarning muddoaga ko‘chganini ko‘rib, xursand bo‘ldi-da, pul olib kelish uchun bolalarining oldiga shoshdi. Bolalar shosha-pisha sumka va cho‘ntaklaridagi pulni chamalay boshlashdi. Ulardan roppa-rosa yuz ming so‘m chiqdi. Ayol suyunib nazoratchilarning oldiga bordi. Nazoratchi boshini yana sarak-sarak qildi-da, qiyofasiga jiddiylik niqobini kiyib:
– Bo‘lmaydi, bo‘lmaydi, iloji yo‘q!
– Axir o‘zingiz aytdingiz-ku yuz, deb!
– Ko‘kidan, xonim!
– Nima?
– Go‘lligini qara? – sherigiga pichirladi tirjaygan nazoratchi. – Hozir hamma hisob-kitob ko‘kida bo‘lishini o‘sha yoqlarda ishlab yurib nahot bilmasangiz? – betamizlik qildi u ayolga baqrayib. – Axir siz yurt madaniyatini chetga olib chiqib ketyapsiz-a! – dedi-yu, ensasini qotirib ortga tisarildi.
– Bor pulimiz shu ekan, uka. To‘g‘ri tushuning, vaziyatning bunday bo‘lishini bilmagandim. Shuning uchun ortiqcha pul olib chiqmaganmiz.
– «Akalar»ni rozi qilishim uchun bu pulingiz urvoq ham bo‘lmaydi, – dedi nazoratchi yo‘lovchilar orasidan ularga e’tibor berayotganlari ham bormi-yo‘qligini axtarib. – Yaxshisi, tandiringizni bu yerdan chetroqqa oling! – Boya halim bo‘lib turgan nazoratchi birdan to‘nini teskari kiydi. – Yaxshilikcha keting, deyapman opa. O‘z oyog‘ingiz bilan ketmasangiz akt tuzaman. Menga pora tiqishtiryapti, deyman.
Ayolning boshi xam bo‘ldi. Ishi bitmayotganidan yuragi ezilib, ko‘zlarida yosh qalqdi. Borib bolalarini quchoqladi va endi unga hech nimaning farqi yo‘qday nazoratchilarga qarab qichqirdi:
– Shu norasidalarning rizqini qiydingiz-a! Otasi vafot etgach, o‘sha yoqlarga ishlagani ketgandim. Bo‘lmasa zarilmidi, menga begona yurtlarda yurish. Azborayi bolalarimning kelajagini o‘ylab, ayol boshim bilan shu ishlarni qildim. Halol non topib yeyapman, bolalarimga ham shuni o‘rgatyapman. Axir men o‘g‘irlik yo jinoyat qilib pul topayotganim yo‘q-ku! Tandirni esa ular begona yurtlarda o‘z yurtini, mananiyatini unutib qo‘yishmasin, ota Vatanini eslab yurishsin, deb olib ketayotgandim...
Ayol yig‘ladi. O‘tgan-ketganlar boya unga hayron qarab o‘tishgan bo‘lsalar, endi ko‘rganlarning rahmi kelardi. Hatto bir ikki kishining ko‘zida yosh qalqdi. Nazoratchilar bu holdan sergak tortib, joylariga borib turishdi.
Ayol yig‘idan to‘xtadi. Bolalarini quchishni bas qilib, tandir tomon borayotganda boshidagi ro‘moli sirg‘alib yerga tushdi. Yarmi hayot tashvishlaridan erta oqargan sochlari uni yanada ayanchli ko‘rsatdi. Buni sezsa-da, e’tibor qilmay xuddi telba singari tandirni qo‘li bilan siypalay boshladi. So‘ng boshini u yonga-bu yonga tashlardi. Bu holni ko‘pchilik kuzatardi-yu, biroq biror kishi oldiga borib, uni yupatishga haddi sig‘masdi. Hatto bolalari ham jim.
Yomg‘ir tomchilay boshladi. Ayol o‘zini tandirdan nari oldi. Yo‘lakcha chetidagi gullar ekilgan joyga bordi va tuproqdan nimadir qidirdi. Qo‘liga ilashgan katta uchta g‘isht bo‘lagini olib o‘rnidan turdi. Tandirni uch marotaba aylandi. Undan uzoqlashib, qo‘lini osmonga qo‘tardi va bir bo‘lak g‘ishtni tandirga qarata irg‘itdi. Mamoqaldiroq gumburladi. Entikib qo‘ydim. Bir bo‘lak tandir chil-chil bo‘ldi. Kuzatayotganlar bundan sergaklanishdi. U yana qo‘lini ko‘kka ko‘tarib, ikkinchi bo‘lak g‘ishtni tandirga qarab otdi. Tag‘in chaqmoq chaqdi. Qo‘limdagi jurnal yerga tushib ketdi. Ikkinchi bo‘lak tandir chil-chil bo‘ldi.
Bu holdan endi ko‘pchilik xabar topishgan va boyagi beg‘am nazoratchilar ayolga qarab kela boshladilar. Ayol uchinchi marotaba qo‘lini osmonga ko‘tardi va so‘nggi g‘isht bo‘lagini tandirga sermadi. Havoda uchib kelgan g‘isht go‘yo mening ko‘kragimga kelib tegdi va tandirga qo‘shilib yuragim chil-chil bo‘ldi.
Yomg‘ir sharros quydi. Ayol yerga o‘tirib ho‘ngradi. Bolalari ham bir birining pinjiga tiqilishib yig‘lashga tushishdi. Endi yuragi sel bo‘lgan mushtipar va iviyotgan tandir tepasida ancha odam yig‘ilishdi. Nazoratchilar nima uchun ayolning oldiga kelganini esidan chiqarib, nima qilishini bilmay turib qolishgan, ayol esa azadagi xotinlardek ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘lardi. Beixtiyor mening ham ko‘zlarimda yosh qalqdi. Yerdagi jurnalimni olib o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. Bu holatni qanday qilib qog‘ozga tushirishni o‘ylab borarkanman, boya uchga kesilgan tandir o‘rnida asrlar silsilasidan yarim-yorti shaklda bizgacha yetib kelgan millatimning madaniyati yomg‘ir suvida erib yo‘lka chetidagi ariqqa tomon oqayotgandek, oppoq sochlari to‘zigan ayol esa unga aza tutayotgandek edi...
Vokzaldan tobora uzoqlasharkanman suxandon qizning ovozi qulog‘imga elas-elas eshitilardi: «Ehtiyot bo‘ling! Birinchi yo‘ldan Toshkent-Sankt-Peterburg yo‘nalishidagi poezd jo‘nab ketmoqda...»

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.