OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fozil Jabborov. Taqdimot (hajviya)

Shu deyman, keyingi paytda «e’jod»korning kitob chiqarishi ancha jo‘nlashdi-yov. Mavzu tayyor, xomiy bisyor bo‘lsa, buning nimasi qiyin. Qalam oppoq qog‘ozga yurgizib ketilaversa, qarabsizki, quyon bir bolalagulik muddatda roman bitadi-qo‘yadi. Mana, shunday “sermahsul” yozuvchi desa arzigulik kimsan Javlon Ko‘paysinovning bir-ikki haybarakachilardan fotiha olib, qalam tebrata boshlaganiga ham besh yil to‘ldi. Kichikroq “yubiley” o‘tkazsayam bo‘larkan. To‘g‘ri-da, kasal bo‘lib yozolmay qolgan so‘nggi ikki yilni hisoblamaganda, o‘sha uch yillik hosil – sakkiz qissayu to‘qqiz romanni maqtab, adabiyotning naq yangi bosqichiga yo‘yganlar ozmuncha bo‘ldimi?! Ha endi, bir nimani bilishgandirki, shundoq degan-da.
Attang, u paytlarda Ko‘paysinov ixlos qo‘ygan, o‘zi ishlayotgan katta bir tashkilot rahbarining davrimiz ilg‘orlari degan gap-so‘zlari yo‘q edi-da! Bo‘lmasa, birinchilardan bo‘lib «qahramon»ni kitoblariga joylab qo‘yardi. U qalamkashlarning shunday xilidan – Kattaning og‘zidan chiqar-chiqmas, uning nutqlaridan yostiqdek roman, juda bo‘lmaganda, semizroq qissa yasaydi. Katta Ko‘paysinov uchun ilhom manbai. Shuning-chun uning qator asariga urug‘-aymog‘i bilan qo‘shilishib kirib ketgan. Ko‘paysinov asarlarida Katta gapirmagan gaplarniyam uning og‘zidan gapirtirganda aytadigan bohonasiyam tayyor: «Shu gap ko‘nglingizda bor edi-ku! Og‘zingizning uchida turgandi-ya! Qachonlardir baribir aytmoqchiydingiz-ku!» Uning kuyib-pishib gapirishini ko‘rgan Katta ham «Ijodkorning ko‘nglini ranjitib bo‘lmaydi. Telba bir yozuvchi bo‘lsa, kimga ziyoni tegardi. Yozsa yozibdi-da. Qaytaga, shular orqali tarixda qolaman-ku!», deya indamay qo‘ya qolardi.
K¬¬¬o‘paysinov zamonaviy yozg‘uvchi. Asarining xamirturishidan to tandirda pishib, qaysi bozorda sotilishigacha kuzatadi. Har gal yangi kitobi chop etilish arafasida u-bu muxbirlarga intervyu berib qolar, mahalla-ko‘ydami, suhbatlar ham uyushtirardi. Kitoblarning reklamasiga-ku alohida e’tibor qaratadi. Pul ketsa ketsin, karera kerak, deydi. Bu yog‘ini so‘rasangiz, u ishbilarmon “yozuvchi”, xarajatlarni kitob sotuvidan o‘n baravar qilib qaytib olmaganiga qo‘ymaydi. Kuni kecha qaysidir radiokanalda uning yangi kitobini reklama qilishdi. Bir-ikki adabiyotchi choyxonadoshlariga uchini chiqargandi, silliqqina taqrizchalar ham tayyor bo‘ldi-qoldi. Barini o‘zi kabi bo‘lajak “yozuvchi” ukalardan tahririyatlarga berib yubordi. O‘zi oborishni sal xijolatda ep ko‘rmadi. Kap-katta odam bo‘p qoldi endi. Tahririyatma-tahririyat o‘zi haqidagi taqrizni qo‘ltiqlab yursa bo‘lmas.
Taqdimotga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Bir piyola choyi bilan. Tanish-bilish, oshna-og‘ayni – bari aytildi. Gazet-jurnallarga xatlar jo‘natildi.
U o‘sha kunni sabrsizlik bilan kuta boshladi. Nihoyat, kutilgan kun keldi. Muxbirlar ham. Bo‘yinbog‘ini gavdasiga qo‘shib, oldinga likkillatgancha tez-tez yurib, kelgan har bitta mehmonni o‘zi qarshiladi. Bo‘yi kalta, qorniyam kattagina kallasidan uch hissa kattaroq Ko‘paysinov mehmonlar bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishar, vaqtini ayamay kelgani uchun ularning har biriga alohida-alohida minnatdorlik bildirardi. Mehmonlar kelishi siyraklashib, o‘zini burchakdagi oynaga solganda katta-katta moviyrang ko‘zlari quvonchdan yana-da kattalashardi. Rapidadek yassi yuzidagi sholg‘om burnining yirik-yirik kanaklari esa xansirab, tez-tez nafas olganidan kengayib-torayib turardi. Og‘zi boshqa paytdagidan ko‘ra ikki xissa quloqlariga tomon yirilgan.
Taqdimotni Katta ochdi va dedi: «Zamonamizning serqirra ijodkori Javlon Ko‘paysinov ishxonamizga kelganidan beri...» Buyog‘ini yozsam, ochig‘i siz ham zerikasiz. Chunki yig‘ilganlarning aksariyati ish soatining nihoyalanishiga intiq xodimlardek uning gapi tugashini sabrsiz kutishardi. Esnayotgan, mudrayotganlar uning «serma’no» so‘zlariga chalingan havoyi qarsaklar shovqinidan o‘zlariga kelishdi.
– Javlonjonning javlon urib qalab tebratayotganiga atigi bir necha yil bo‘lgan bo‘lsa-da, bugun sermahsullikda unga yetadigan ijodkorning o‘zi yo‘q. Agar shu yo‘sinda ketadigan bo‘lsa, romanchilikda shuhrat qozongan Onare de Balzakni ham hademay ortda qoldiradi-yov.... – deya so‘z boshladi kitob so‘zboshichisi...
Uning so‘zlari boshliqnikidan farq qildi: sal qalampirliroq. Tanqid ham kerak-da. Yozuvchining istiqboli uchun. Buni hammayam yaxshi qabul qilavermaydi. Ko‘paysinov esa ustozining gapini nuqta-nuqtasigacha e’tibor bilan tingladi. Yon daftariga yozib ham qo‘ydiyam. Yozilajak romanlarida bu hikmatomuz gaplardan foydalansa, ajabmas.
Darvoqe, muallif bilan savol-javoblar qiyomida kechdi. Hammasidan ham mehmonlarga muallif hisobidan bittadan kitob ulashilgani Ko‘paysinovning ko‘nglidagi ish bo‘ldi-da. So‘ngso‘zda Katta Ko‘paysinovning kitoblari yanayam ko‘payaversin, deb fotiha qilib, yig‘ilishning birinchi qismini yakunladi.
So‘ngra mehmonlar izzat-ikromda binoning pastki qavatidagi yemakxonaga olib tushildi. Obro‘li gazataning ardoqli muxbiri sifatida meni ham choyxo‘rlarning safiga qo‘shdilar. Bir piyola choyimiz bor, deyishgandi, dasturxonda turli noz-nematlar bor-u, choydan darak yo‘q.
Ikkinchi qismniyam Katta ochdi. Qolgan-qutgan izhorlarga navbat tegdi. So‘zboshichining bunday ziyofatlarga tobi yo‘q chog‘i, juftakni rostlab qopti. O‘zi tepada aytgan jo‘yali gaplaridan bilgandim, u bunday davralarning odami emasligini. Adashibmi yo iltimosning kuchi bilanmi, kitobga so‘zboshi yozganini hisobga olmasa, bama’ni odamga o‘xshaydi.
Xullas, davradan qanday chiqib ketish tadorigini ko‘rib o‘tirgandim, tepamda shirakayf Ko‘paysinov paydo bo‘ldi. Hali tashqaridagi so‘rashganiday tag‘in qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. Qaysi tahririyatdanligim bilan qiziqdi. Gazetamizning nomini aytganim zamonoq, yelkamdan qo‘lini oshirdi-yu, og‘zimdagi gapimni ilib ketdi: «Ey, ukajon! Men sizning maqolalaringizni gazetaning har sonida kuzataman. Keyingi sonlarini intiqib kutaman. Ayniqsa, esselaringiz...»
«Bu odam rostdan mast bo‘lib qolibdi yo meni avrashga tushdi. Hali esse yozmagandim-ku. Ha, ha. Esladim. Kasbdoshimning gaplarini. Ko‘paysinovning oldingi kitobining taqdimotiga kelganida unga ham xuddi shunday deganini».
Yonimga yaqinroq o‘tirib, yuzimga tuprik sachratib gapirishda davom etdi: «Eh-he, men bolaligimda nimalarni ko‘rmadim...»
Bolaligi, yoshligi haqida, yozg‘uvchilik ko‘chasiga qanday adashib kirib qolganigacha gapirdi.
Aytishicha, mendan yaxshi yozuvchi chiqarmish.
Yemakxonani deyarli barcha tark etib bo‘lgandayam biz gaplashib o‘tirardik. Xizmatchilar yig‘ishtirishga tushgan dasturxonda yeyilmay qolgan ovqatu ichilmagan aroqlar, mevayu non bo‘laklari, stolning har-har joyida mehmonlarga sovg‘a qilingan uning so‘nggi asari turardi. Muallif ko‘rdimi-yo‘qmi, ammo bu menga qattiq ta’sir qilgandi.
Ko‘paysinov stolga bosh qo‘ygancha uxlab qoldi. Boshim g‘uvillab tashqariga chiqdim. Kech bo‘lishiga qaramasdan tahririyat tomon borarkanman, muallifga nisbatan boshida yuragimda tug‘ilgan bepisandlik bu paytga kelib achinishga aylangandi.
 «Yegan og‘iz uyalar. Gazetaning indingi soniga bitta taqriz yozib bermasam bo‘lmaydi», dedim ichimda.
Ishxonaga borib, kitobni o‘qib chiqdim: «Qaytish». Yaxshi nom. Biroq ichidagiga yopishmagan. Qanaqadir shiorboz shoir haqida yozilgan kitobga bunday nom hayfdek. Buning ustiga, qahramonlar jonsiz. Syujet bir-biriga ulanmagan. Balki nomni-da sahiylik qilib, so‘zboshichi «sovg‘a» qilib yuborgandir. Balki bu nom ostiga Ko‘paysinovning asliyatga qaytishi yashiringandir.
Kichikroq taqriz yozdim. Ko‘nglim to‘lmadi. Yana nimadir yozgim kelaverdi. Ushbu hikoyani boshladim. Ko‘paysinov aytgan yaxshi yozuvchining ilk urinishlari shudir, ehtimol.
Bu orada men yozgan taqrizcha chiqdi. Ko‘paysinov qo‘ng‘iroq qildi. Kaminaga chuqur minnatdorlik bildirdi va suyunganidan yana bitta choyga taklif qilib yubordi. Shu-shu, u bilan apoq-chapoq bo‘lib ketdik. Uning lo‘kkillab yurishlari ham ko‘zimga fazilatdek ko‘rina boshladi.   
Qaysidir kuni menga qo‘ng‘iroq qilib, bir joyga borishimizni aytdi. Ijodiy kunim, ishdan ozodman. Rozi bo‘ldim. Uyimiz yaqinidagi bekatga chiqdim. Bekat yonida kiyimlari kirga botgan, sochlari oppoq yo‘qsil chol axlat quti titib, yelim idish va qog‘oz axtarardi.
Ko‘paysinov o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas keldi-yu, meni mashinasida olib ketdi. Qaerga desam, sir, deb qo‘ya qoldi. U yoq-bu yoqdan gaplashib, manzilga yetdik. Qarasam, maktab. Boygina. Direktor bizni xushro‘y qarshiladi. Ko‘paysinov moshina yukxonasini ochib, qog‘ozga o‘ralgan ikkita to‘rtburchak narsani tushirishimni aytdi. Og‘irligidan kitoblarga o‘xshaydi. Ichkariga yo‘rg‘aladik. Direktor Ko‘paysinovni xonasiga olib ketdi. Meni qorovul maktab kutubxonasiga boshladi. Kirib borganimizda kutubxonachi xola javonlarni artayotgan ekan. Uning xabari bor shekilli, qo‘limdagi yukni ko‘rdi-yu, burnini jiyirdi. Avvaliga tushunmadim. Javonlarda Ko‘paysinovning oldingi kitoblari ko‘p nusxadan turganini ko‘rib, kububxonachining burun jiyirishini fahmlaganday bo‘ldim. Yuklarni qo‘yib, chiqib ketsammi deb turgandim, direktor bilan Ko‘paysinov kelib qoldi. Ular javonlar oralab kitoblarni ko‘zdan kechirdi. Xudoyberdi To‘xtaboev, G‘ofur G‘ulom, Kristian Andersen, Mark Tven, Jyul Vern, Aleksandr Nosov, Servantes, Lev Tolstoy, Fyodor Dostoevskiy, Abdulla Qodiriyning asarlari qayta-qayta o‘qilganidan, varaqlari kirlangan, uniqqandi. Hatto adabiyotga endi kirib kelgan iste’dodli shoiru yozuvchilarning yaqin-yaqinda chop qilingan kitoblari-da shularga yaqin holatda edi.
Ko‘paysinov o‘zining asarlari qatorlashib turgan javon to‘g‘risiga kelganda taxtadek qotdi. Ularni bir-bir varaqladi. Har biri g‘ichir-g‘ichirlab ochilardi. Qay biriningdir boshrog‘ida nashr qilinayotganda kesilmay qolgan ikki varaq birlashgan joyi bor ekan. Muallif uni ikkiga ajratdi va kitobni asta joyiga qo‘ydi. O‘girilib, eshik tomon ohista-ohista qadamladi. Ko‘rinishi kutubxonaga kirayotgandagidan tamoman ayricha: yuzidagi quvnoqlik, ehtiros, ishtiyoq qaergadir berkingan edi.
Hech kim bilan xayrlashmasdan to‘g‘ri borib moshinasiga chiqdi. Direktorning hay-haylashiga-da quloq solmadi. Men qo‘limdagi kitoblarni qoldirishimniyam bilmayman, olib ketishimniyam. Hech kim qo‘y demagach, yuk bilan Ko‘paysinovning ortidan jo‘nadim. Kutubxonadan chiqishda devorga osilgan «Maktabimiz faxri» nomli lavhaga ko‘zim tushdi. U yerda Ko‘paysinovning surati osig‘liq turar, rasmning tagida uning tarjimai xoli yozilgandi. Bu yozuvlar uning shu maktabda o‘qiganidan so‘zlardi...
Kitoblarni yukxonaga soldim. Ko‘paysinov moshinada keta-ketgunimizcha menga ham churq etmadi. Bekatimga kelganda ulovni to‘xtatdi. O‘shandayam gapirmadi. Men ham indamasdan tushib qoldim. Bekat yonida haligi yo‘qsil chol hamon axlat quti titardi. Moshinadan uzoqlashdim. Ketayapman-u, ortga qaytgim, u bilan gaplashgim, ko‘nglini ko‘targim keldi. Biroq bu payt unga bir og‘iz so‘z ortiqchaligini bilib, yo‘limda davom etdim.
Ortga burildim. Moshina joyidan jilmagan, u rul ustidagi qo‘llariga boshini qo‘ygancha biroz silkinardi. Shu ko‘yi anchagacha turdi. So‘ng moshinani joyidan jildirib, besh-o‘n metr yurgizdi. Tag‘in ortga qaytardi. Tushib, yukxonani ochdi. Boyagi ikki bog‘lam kitoblarni olib, axlat qutilar yoniga bordi. Chol hamon boshini quyi solgancha qog‘oz qidirardi. Ko‘paysinov kitoblarni qutiga tashladi. Buni ko‘rgan yo‘qsil quti titishdan to‘xtadi va notanish kimsaning qizargan ko‘zlariga ma’nosiz tikildi. Ular bir necha lahza bir-biriga shu kuyi qarab turishdi. Ko‘zlar nimalardir to‘g‘risida so‘zlashayotgandek edi. Bu yog‘ini “tarjima” qila olmadim.
Ko‘paysinov iziga qaytdi. Bir necha kun yashashga yetadigan shuncha «makulatura»ni ko‘rgan cholning esa g‘amgin moviy ko‘zlari quvnab ketdi. Notanish odamdan minnatdor bo‘lgandek moshinani ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha kuzatdi.
Xazonlar to‘kilgan yo‘lakchadan ko‘zlarim jiqqa yoshga to‘lib, ijara uyimga ketarkanman, hammasini uning o‘zi anglaganidan xursand bo‘laman, qalbi vayron bo‘lganidan esa xafa. Yaxshimi-yomonmi ancha qadrdonlashib qolgandik-da!
O‘shandan so‘ng unga bo‘lgan hurmatim yanada ortdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.