OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fozil Jabborov. Yumshatish belgisi (hajviya)

Ushbu mashmasha bundan bir necha yil ilgari – hali tashbeh nimaligini anglamagan paytlarim – gazetamizda bir filolog olimning «KYeRAKSIZ BYeLGI» degan maqolasi bosilganidan keyin boshlangan. Maqola aynan yumshatish belgisi to‘g‘risida bo‘lgan.

* * *

    U ertalab soat to‘qqizda kabinetga kirib kelar, kechki oltida toshoynaga qarab, bo‘yinbog‘ini obdon to‘g‘irlayotgan bo‘lardi. Keyin ohista-ohista qadam tashlagancha uyiga qarab jo‘nardi. Uning ishxonadagi kun tartibi taxminan shunday – tahririyat shartnoma qog‘ozida ko‘rsatilganiday: to‘qqizu oltilardan iborat. Jurnalist uchun begonaroq bunday tartibga uzoq yillar davomida ko‘nikkan. Hatto orqada qolib ketadigan soatlarni-da uning ishga kelib-ketishi orqali bemalol to‘g‘irlab olsa bo‘lardi. U faqat soniyalarda adashardi, xolos.
Tahririyatga endi kelganimda men ham uni namunali ishchi deb o‘yladim. Bora-bora menga noma’lum jihatlari namoyon bo‘la boshladi: sergap, xayolxo‘r, nojoiz hojatbaror, doimo bir nimadan norozi. Alohida aytishim kerak bo‘lgan sifati: «YUMSHATISH BELGISI».
Har bir tahririyatda deyolmayman-u, ammo hamon eskicha qoliplarda ish yuritayotgan nashrlarda mazkur toifadagi shaxslar uchraydi. Xalq tilida sodda qilib aytganda, qahramonimiz sakkiz o‘lchab bir kesadiganlar xilidan. Kesayotganda ham tag‘in negadir bir karra o‘ylab oladiganlardan. Xullas, buyog‘ini hikoyamiz davomida bilib olaverasiz.
Uni nega «yumshatish belgisi» deyishlarini yaqinda ishdan haydalgan musahhih opadan bilgandim. Sabringiz ko‘pchimasin-u, buni sizga sal keyinroq – o‘z o‘rnida so‘zlab berganim ma’qul. Ungacha hikoyamni o‘sha fojia sodir bo‘lgan kunda u tushlik vaqtini o‘tkazayotgan oshxona stoli ustidan davom ettira qolay.
    Vaysaqov uchinchi choynakdagi oxirgi choy tomchilarini piyolasiga siriqtirdi-da, derazaga tikilgancha nimalarnidir o‘yladi. So‘ng sovib qolgan choyni shoshmasdan simirdi. Aynan nimani o‘ylayotganini uning yoshiga nisbatan ilgariroq ulg‘aygan derazadagi aksidan bilib olish ancha mushkul. Biroq uni taniganlarga shunisi aniqki, u hozir har doimgidan sal boshqacharoq. Buni payqagan xizmatchi qiz hisobni keltirishga shoshilmadi. U shu yerga ishga kelganidan beri eslaydiki, mijoz doim bir kosa ovqat, 100 gramm oqidan buyurardi. Bugun qoida buzildi: birvarakayiga ikki xil taom, 200 gramm haligidan aytildi. Mijozning boshqalarga ko‘p jihatdan o‘xshamasligi xizmatchilarga yoqardi: taom kechikib keltirilsa indamasdi, iliqroq ovqat olib kelingandayam ularga bir o‘qrayib qo‘yardi-yu, o‘ziga-o‘zi to‘ng‘illab-to‘ng‘illab yeyaverardi. Shu bois, qaysiki xizmatchi bo‘lmasin unga xizmat ko‘rsatishni o‘ziga «sharaf» deb bilardi.
Bo‘sh piyolani choynak yoniga qo‘yib, xizmatchini qidirdi. Zir-zir yugurib yurgan qizil fartukli qizlarning ichidan uni bir amallab topdi. Chaqirishga shoshilmadi. Yumushlarni bajarib bo‘lishini kutdi. Bu payt oshxonani aksariyat xo‘randalar tark etib ulgurgandi. Biroz vaqt o‘tgach, xizmatchining o‘zi hisobni keltirdi.
– Tilla qizim, sizga kat-t-a rahmat! – dedi sipolik bilan qizdan ko‘zini uzmay. Bundan xijolat chekkan xizmatchi ko‘zlarini boshqa tomonga olib qochdi. – Doimo sog‘-salomat bo‘ling, tilla qizim!
—    Kep turing! – Har kungi gapini takrorladi qiz.
– Bilmadim, bu yerlarga yana qaytib... H-a-a, mayli! – deya qo‘lini silkib, tashqariga jo‘nadi. G‘alatitabiat mijozning uzuq-yuluq gapidan hayron bo‘lib, ortidan tikilib qolgan qiz uning nega bunday deganini har qancha urinsa-da fahmlay olmadi va ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha uni kuzatib turib, tag‘in ishiga sho‘ng‘idi.
Ko‘klam havosi namxo‘sh. U yomg‘irpo‘shining tugmalarini qadadi-da, soatiga qarab oldi: 13:51. Tag‘in o‘yladi:
«To‘rt daqiqada kabinetda bo‘laman. Yana besh daqiqa bor...»
Uzoq o‘ylanuvdan so‘ng, tamaki tutatishni ahdladi. Bugundan e’tiboran unga ish vaqti umuman ahamiyatsiz esa-da, biroq hozir ham tushlik soatiga beixtiyor rioya qildi. Ertalab kotiba u ishlayotgan o‘rin qisqarganligi-yu, endi tahririyat bunday tahrirchiga muhtoj emasligi bois bosh muharrir shunday buyruq chiqarganini dona-dona so‘zlab yetkazdi. Bu gapdan keyin to kech oltigacha u umrida ilk bora o‘zini hech kimga keraksiz odamdek his etib yurdi.
Xonaga kirib kelishi bilanoq shu yaqindagi hiyobonda joylashgan kurantlar bong ura boshladi. Ikki marotabadan chalingan zang tovushlarini sanab bo‘lgandan keyingina yomg‘irpo‘shini kiyimilgichga ildi. Kursiga shoshilmay joylashdi. Ko‘zoynagini obdan artib, quloqlariga qistirdi. Qizil siyohli ruchkasini olib, hali chala qoldirgan maqolani bo‘yay boshladi.
Ishni tugatgach, bilagidagi soatiga tikildi: 14:45. Ko‘zoynagini yechib, yonida turgan telefon daftarchasidan ancha vaqt raqam qidirdi. Kerakli raqamni topdi shekilli, go‘shakni qo‘liga olib, gardishni aylantira boshladi. Quyuv so‘rashuvdan keyin bo‘yalgan materialni qo‘liga olib, bir nimalarni javradi. Chamasi, naryog‘dagi kishi maqola muallifi edi. Suhbat tamomlangach, tag‘in soatiga erinib termuldi. Bu paytda kurantlar navbatma-navbat uch marotabadan bong urdi. Tushlikdan chiqib, ishga kelmasayam bo‘lardi. Lekin maqola muallifiga qilgan va’dasi... Ko‘ngilchanligi ham uning mana shunday holatga tushib qolishiga oz bo‘lsa-da, o‘z ta’sirini o‘tkazgandi.
Maqolani kotibaga qoldirib keldi. So‘nggi marotaba ish kursisiga cho‘kdi-yu, uzoq xayol surdi. Tag‘in qizil siyohli ruchkasini olib stolda turgan taqvimdagi bugungi sananing ustidan chiziq tortdi.
Uning qat’iy amal qiladigan yana bir narsasi – taqvim. Haftada besh kun ishga kelar, mabodo taqvimning qizargan kunlarida tahririyatda biror yumush chiqib qolib, xodimlar chaqirtirilsa, buni adolatsizlik sanardi-yu, kelishni butunlay rad etardi. Dam olish kunida dam olinishi kerak, deb hisoblardi. Hatto, ish vaqtidan tashqarida ish haqida o‘ylash uning uchun mumkinmasdek edi.
Taqvimga termulib bo‘lgach, tortmasidan oppoq qog‘oz chiqardi-yu, ariza yozishga kirishdi. Yozib bo‘lgach, uni ikki marotaba o‘qib chiqdi. Uchinchi o‘qishda bosh muharrirning ismi to‘g‘risiga kelib to‘xtadi. Xato qilib qo‘yganini fahmladi. «Eh, attang!» deya pichirladi. Qilgan xatosi shunday edi: muharrirning ismidagi «o‘» harfining dumi sal qiyshayib qopti. Tortmani ochib, yangi qog‘oz oldi. Qaytadan yoza boshladi. Yangi arizaga «o‘» harfini o‘ta ehtiyotkorlik bilan ko‘chirdi. Navbatdagi «dum» ko‘ngildagidek chiqdimi, boshqa ariza qoralamadi.
Yomg‘irpo‘shini kiyimilgichdan oldi-da, xonaga ma’nosiz tikildi. Kalitni ikki marta aylantirgach, eshikni itarib ko‘rdi. Eshik qulflanganidan ko‘ngli xotirjam bo‘lgach, yo‘lak bo‘ylab yurdi.
– Bizdan yaxshi-yomon gaplar o‘tgan bo‘lsa, uzr! – dedi qo‘log‘ida go‘shak, og‘zida saqich, klavishlarni barmoqlari bilan tinmasdan taq-taqlatib yotgan kotibaga yuzlanib. Uning kirganini gapirganidan so‘nggina payqagan kotiba barmoqlarini harakatdan to‘xtatdi va yelkasi bilan go‘shakni qulog‘iga qisgan ko‘yi u uzatgan kalit va arizani olib, tirjaydi.
– Xavotir olmang! SIZNI hamda YUMSHATISH BELGISIni bir umr unutmayman! – iljayishini yanada zo‘raytirdi kotiba.
Ketayotib, bunday tarzda hamiyatiga tegishlarini sirayam kutmagan tahrirchi yo‘lakka chiqishi bilan o‘ziga eshittirmasdan kotibani bo‘ralatib so‘kdi: «...QISIR EChKI!!!»
Asabi chiqib borarkan, qabulxonadan hech qancha uzoqlashmasdan kotiba unga yetib oldi va rahbar qaytariqsiz qo‘l qo‘yib bergan arizani unga tutqazdi. U ariza bilan to‘g‘ri hisobchining xonasiga bordi.
U so‘nggi oyligini olguncha, sizga «Keraksiz belgi» maqolasi qoldirgan «iz» haqida so‘zlayman. Muallifining xulosasiga ko‘ra, tilimizda yumshatish belgisidan foydalanmasayam bo‘ladi. Uning bizga hech qanday nafi yo‘q. Tahririyat shundan so‘ng belgidan voz kechadi. Tahrirchimiz esa bunga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqadi, dod-voy soladi, buni siyosiy xatoga yo‘yadi. Har ikki gapning orasida qayta-qayta takrorlaydi:
«Axir, folon yilda nizom qabul qilingan. Yumshatish belgisisiz hayot hayotmi?»
Qabul qilingan mezonlaru til qoidalariga vaqti-vaqti bilan zarurat yuzasidan o‘zgartirish kiritilishi mumkinligini xayoligayam keltirolmaydigan tahririchimizning «mezoni» boshiga balo bo‘lib, «mukofot»iga kasbdoshlari tomonidan laqab orttirib oladi: «YUMSHATISH BELGISI!»
Shu-shu hamma uni orqasidan «yumshatish belgisi» deya atay boshlaydi.
To‘g‘risi tashqaridan qaraganda u juda intizomli xodimday ko‘rinardi. Soat to‘qqizdan kechikmasdan ishga kelsa, kechqurun oltidan oldin uyiga ketib qolmasa, sodiq ishchi deganlari shuncha bo‘ladi-da! Yo‘q, yangi muharrirga boshqacharoq xodimlar yoqardi: soat to‘qqizdan kechiksa ham maqolalari o‘z vaqtida tayyor bo‘ladigan, kasbi uchun fidoyi. «Jurnalist uchun mavzu ko‘chada» derdi rahbar. Ishga o‘z vaqtida kelgan bo‘lsa-da, uyiga ketish uchun kechki oltiga zoriqib o‘tiradigan ishchilarni esa yoqtirmasdi. Shuning uchun tahrirchimiz bu muharririmizga ma’qul kelmadi.                                                                                  
Tartiblarga ko‘milib-da inson nelargadir erishsa bo‘lar. Masalan, u salgina harakat qilsa, xonasida o‘tirib-da o‘rtamiyona yozuvchi yo hech bo‘lmaganda, mukofotxo‘r jurnalist bo‘lishi mumkin edi. Lekini shuki, qahramonimiz xonadagi vaqtining asosiy qismini ikkilanishlarda o‘tkazar, jur’atsizlik uning ulkan dushmanlaridan biri. Loaqal unda-bunda qo‘liga birorta badiiy kitob ham olib o‘qimasdi. Kasbi bo‘yicha jurnalist bo‘lsa-da, shu yoshigacha biror maqola yozishga urinib-da ko‘rmagandi. Balki u o‘z vaqtida uzil-kechil xulosa chiqarib bo‘lgandir: “O‘rtamiyona yozuvchi bo‘lgandan ko‘ra, hech kim bo‘lmay o‘rganing tuzuk!” Biroq Vaysaqov bilan bir-ikki og‘iz gaplashgan farosatli odam uning bunday xulosaga kelishga aqli kaltalik qilishini darrov faxmlardi.
Tahriri ham haminqadar – musahhihona: gap qurilishi, imlo xatolari va hokazo. «Aytarli»ga o‘xshash so‘zlar «deyarli»ga almashtirilardi, xolos. Bundan tashqari, falon yilda nashrdan chiqqan bir dona kitobi bor. O‘sha eski kitob uning eng yaqin ishongani. Tortishuvlarda ko‘pincha ushbu kitobi bilan g‘olib chiqqan. Uning jon kuydirib gapirishini ko‘rgan har qanday suhbatdosh ham keltirgan isboti eskirganini bilsa-da, indamay qo‘ya qolardi.
U endi nima qilishini ham, qaerga ishga borishiniyam bilmasdi. Buguncha bu haqda o‘ylagisi kelmadi. (Nafaqaga chiqishiga bir yil qolgan BUNDAY ODAMni kim ham ishga olardi?) Shuning uchun Payg‘ambar ham bugunini o‘ylagan ekan degan maqolga qat’iy amal qilib, bular haqida boshqa gal o‘ylab ko‘rish haqida uzoq o‘yladi-da, tushdan keyingi vaqtini ko‘nglini yozishga sarflamoqchi bo‘ldi. Qiyofasiga hayotida hech qanday ko‘ngilxushlik sodir bo‘lmagan kishilar niqobini kiydi-da, gerdaygancha yuziga kiborli kulgu oralatib ohista-ohista ishxonadan chiqdi. Yo‘lda uchragan tanishlarga yanada jilmayibroq bosh silkib qo‘yardi.
Ketayotib yo‘l chetidagi ustunga o‘rnatilgan reklamadagi yozuvlarga ko‘zi tushdi. Yangi alifboda yozilgan u yerdagi bitta so‘zda yumshatish belgisidan foydalanilmagandi. Yozuvlarga qarab, istehzoli tirjaydi va sekin pichirladi:
«Voy, afandilar-e!!!»
Uyiga borishga ham shoshilmadi. Uyida ham qari onasi, xotini uning qolip gaplarini eshitaverib zerikishgan. Otasining tabiatidan bezor farzandlar esa undan o‘zini olib qochadigan bo‘lib qolgan. Eng katta fojia – bularning hammasini uning o‘ziyam bilardi. Bunday yashash tarzidan voz kechish o‘z qo‘lida ekanini o‘ylab ko‘rardi-yu, lekin o‘zgartirishni har gal orqaga surardi. Agar boshqacha bo‘lishiga harakat qilganida bormi, necha yillik itoat qilib kelayotgan ish tartibida loaqal zarradek bo‘lsa-da, o‘zgarish – yuksalish sezilardi.
Teatr oldidan o‘tayotib, chiptaxona yonida odamlarning to‘planishgani uni ajablantirdi. Vaysaqovni o‘ziga keraksiz bo‘lgan ko‘p narsa qiziqtiraverardi. Hatto qo‘shnilarining oilasidagi ichki nizolarga-da bir necha bor aralashgani, natijada, ulardan pand yeganini og‘zidan eshitganman.
Baribir borib, odamlar orasiga bosh suqdi. So‘rab bildiki, qaysidir shoirning yangi komediyasiga chipta sotilayotgan ekan. Ularga qo‘shilib, navbati kelishini poyladi. Bir amallab chipta oldi. Spektaklga kirdi ham. Yo tovba, umrida qilmagan ishi.
Teatrdan chiqib, yo‘lka bo‘ylab yurdi. Tomosha ko‘nglini yozadimi desa, battar qildi: go‘yo qo‘yilgan komediya uning hayotidan so‘zlagandek, tomoshabinlar ustidan qah-qah otib kulgandek. Tag‘in unga yoqmagani:
«Asar nihoyatda jo‘n yozilgan, sahnalashtirish ham maromiga yetmagan, qahramonlar tili ham shevada».
Shevalarni azaldan yoqtirmasidi. Hamma narsa adabiy tilda bo‘lishini va barcha, hatto yurtida yashayotgan lo‘lilar ham sof adabiy tilda gaplashishi kerak deya o‘ylardi, bu haqda tanishlariga doim gapirib yurardi. Adabiyotda, teatrda, kinoda qahramonlarini shevada so‘zlatgan yozuvchi-shoirlarni o‘ta chalasavod sanardi. Xullas, yangi komediya ham unga ma’qul kelmadi.
Xiyobonga yetgach, yo‘l chetidagi daraxtlarga ko‘zi tushdi. Endi ularning nega qiyshiq o‘sishi to‘g‘risida o‘ylay boshladi. «Tep-tekis o‘ssa nima qilarkin, a?» deya ularga uzoq tikilib, anchagacha bosh qotirdi. Tabiatning qing‘ir-qiyshiq daraxtlari uning g‘ashini keltirdi. Shu payt daraxtlar orasidagi xaltasi titilib ketgan bir qop tsementni ko‘rib qoldi. Chamasi, u yomg‘irda qolib qotgan, keyin esa hech nimaga yaroqsiz matahga aylangandi. Negadir u o‘zini mana shu dardisarga qiyosladi-yu, achchig‘landi.
Uni ko‘rmaslik uchun hiyobonni iloji boricha tezroq tark etib, katta yo‘lning narigi betiga o‘tishni o‘yladi. Qidirib, piyodalar yo‘lakchasini topdi. U yo‘l harakati qoidalarini-da hech qachon buzmasdi. Svetoforning qizil chirog‘i o‘chib, yashili yonishini poyladi. Yashil chiroq yondi hamki, u yurishga shoshilmadi. Yo‘lning narigi tomonidan kelayotgan bir yigitga ko‘zi tushdi va uning kelishini poylay boshladi. Yigit keldi. Tahrirchimiz u bilan quyuq so‘rashdi. Yigit uning birga ishlagan hamkasbi edi. Vaysaqov qo‘lini yigitning yelkasiga qo‘ydi-da yumshoqqina qilib vaysay boshladi:
– Bir mashhur film qahramoni aytganidek, odatda oxirida boshini o‘ylay boshlar ekansan. Endi bo‘ladiganim bo‘ldi. Aslida, mening ham bir dunyo orzularim bor edi. Bu orzularga yetish uchun ham harakat kerak ekan. Biroq afsus... – deya boshini quyi soldi. Besh daqiqalar jim turgach, kallasiga zo‘r fikr kelib qolgan odamday yayrab gapida davom etdi. – Tag‘in bir gap. Ishga oltiyu to‘qqizda kep-ketsang-da, biroq ishdagi asosiy vaqtingni bekorga sarflama. Mayli, ishla. Biroq ortgan vaqtingda albatta badiiy kitoblar o‘qi, izlan, xullas, umringni bekorga sovurma. Shunda afsuslanmaysan. Bu gaplar mendan senga omonat. Boshqa ko‘rishamizmi-yo‘qmi!.. Boraqol, hali hayoting oldinda. Omon bo‘l!..
Yigit bir-ikki qadam oldinga yurdi va ajablanib ortiga o‘girilib qaradi. Chunki to bugungacha birga ishlagan bu kasbdoshidan ilk bora bama’ni gap eshitayotgandi. Buning ustiga u xuddi o‘lishini bilgan kishiday gaplashdi-ya. Tavba. Bu payt svetaforning yashil chirog‘i yondi. Nihoyat, jamiyatning noqulayliklaridan norozi tahrirchimiz ayni damda piyoda huquqidan oqilona foydalanib, – go‘yo hech qanday xavf unga rahna sololmaydigandek, solishi ham aslo mumkin emasdek – chapu o‘ng tarafiga nazar tashlamasdan yaqindagina oppoq qilib bo‘yalgan piyodalar yo‘lkasi orqali xayolida qiyshiq daraxtlarning tanasini «tahrir» qilgancha gerdayib ketardi. Shu payt qaerdandir uchib kelgan qip-qizil ulov ne balo bo‘ldi-yu, tormizi ishlamay qoldimi; ishqilib uni oppoq yo‘lakdan tashqariga uloqtirib yubordi. Kutilmaganda qalqib, nima bo‘layotganidan hali bexabar Vaysaqov shu lahzada hayoti davomida uchragan barcha «noqulaylik»larni eslashga urinib, o‘ziga-o‘zi takrorlardi:
«HAMMASI BETARTIB!»
Ufq qizara boshlagan pallada olisdagi kurant kapgirining ish vaqti tugaganidan darak beruvchi zangi qimirlash uchun o‘zida kuch topa olmay qiynalayotgan tahrirchining qulog‘iga elas-elas eshitilardi...
Uni turtib yuborgan ulov to‘xtadi-da, ichkaridan rangi oqarib ketgan ikki yigit tushdi. Boyagi yigit ham chopqillab keldi. Xayriyat, hech nima qilmabdi. Yigitlar uchchovlashib uni o‘rnidan turg‘azib moshinaga shoshilinch tiqishdi-yu, uyi joylashgan ko‘cha burilishigacha eltib qo‘yishdi. Hanuz betartiblikdan norozi jabrlanuvchining so‘zlariga yaxshi tushunmay yigitlarning abjirrog‘i unga bir dasta ming so‘mlik tutdi hamda: «Akajon, tag‘in gap-so‘z qilib yurmang, mana buni dori-poriga ishlatarsiz!» dedi. U esa: «Pulingni nima qilaman, hech kim «nizom»ga amal qilmaydi!» deya g‘udranib, yer tepsindi. Yigitlar qo‘ymasdan pulni kasbdosh yigitga tutqazib, mashinani burib olarkan o‘zaro gurunglashishardi: «Qanaqa nizomni aytdi? GAIdan pensiyaga chiqqan odamga o‘xshaydi. Tag‘in kim bilsin?..» Ular zumda g‘oyib bo‘lishdi.
Tahrirchimiz sal o‘ziga kelgach, hamrohiga: “Har qanday tartibda ham tartibsizlik, har qanday tartibsizlikda ham tartib bor ekan. Aslida hayotning qonuni shumi, deyman. Shugina qoidani anglab yetgunimcha shuncha yashabman-a!.. Hammasini boshqattan boshlashga esa endi kech. Attang! Boyagi gaplarim ham esingdan chiqmasin! Endi qaytsang ham bo‘ladi. Buyog‘iga o‘zim yetib olaman...” dedi. Tushunarsiz tilda o‘zicha g‘udranib ko‘cha devoriga suyangancha, gandiraklay-gandiraylay ijara uyi tomon yo‘rg‘alayotgan g‘alati kasbdoshimni angrayib kuzatib qolishdan boshqa choram qolmadi.

* * *

Yostiqday romon bo‘lgulik ham kulgili, ham qayg‘uli qismat-a!..
Oradan yillar o‘tib, yozuvimiz shakli o‘zgargach, tilimizda yumshatish belgisidan butunlay voz kechildi. O‘sha uchrashuvdan so‘ng o‘zimizning «Yumshatish belgisi»ni ham qaytib uchratmadim. Undan ikki og‘iz foydali nasihat hamda ushbu hikoya «meros» qoldi.
Hikoyamizga nuqta qo‘yishdan burun qahramonimizga nisbatan qo‘llagan tashbehimizni o‘qing: shunday bo‘lishi kerak bo‘lgani uchun emas, uning o‘zi boshqacha bo‘lishini xohlamagani uchun ham jamiyat uni yumshatish belgisi singari o‘z safidan sidirib tashladi.

2011 yil, mart.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.