OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘afur Shermuhammad. Quduq (qissa)

Ko‘klam qurg‘oq kelgan. Savr chiqib ulgurmagan bo‘lsa-da, atrofda yastanib yotgan qir-adirlarning maysasi qovjirab, borliq sarg‘ish tusga kirib ulgurgan. Tikkaga kelgan oftob qovjiroq xas-xashakni yondirishga qasd qilgandek dala-dashtga tinimsiz olov purkaydi. Adoq tarafdagi tepalikda ko‘zga tashlanib turgan cho‘pon kulbasi va kattagina qo‘tonni hisobga olmaganda, ko‘z ilg‘amas kengliklarda tirik jon asari sezilmaydi.
Yangi qazilgan quduqning tevaragida quruq tuproq tog‘day uyulib ketgan. Bir maromda g‘uvullab esayotgan qaynoq garmsel uning changini uchirib o‘ynaydi. Quduqning yonida Qobil cho‘pon bilan ikki o‘g‘li horg‘in qiyofada cho‘nqayib o‘tirishibdi.
Kalta sopli ketmonini belbog‘iga qistirib olgan Lallay quduqdan chiqib keldi. Uning jomakor kiyimlari tuproqqa belanib, yuz-ko‘zi chang va ter qorishmasidan qo‘ng‘ir tusga kirgan edi.
Qobil cho‘pon Lallayga savol nazari bilan qaradi.
– Suv yo‘q, amaki, – dedi Lallay go‘yo bunga o‘zi aybdordek o‘ng‘aysizlanib.
Bo‘z yigitlar xomush tortib qolishdi.
– Shuncha mehnatimiz bekor ketadimi? – dedi Qobil cho‘pon atrofdagi tuproq uyumiga alam bilan tikilib. Lallay uning savoliga javob bermay, atrofga sinchiklab razm soldi. Bir qarorga kelib, quduqning quyi tarafiga endi.
Lallay ko‘klam yomg‘irlari hosil qilgan torgina o‘zan bo‘ylab yo‘qotgan narsasini izlagandek yer singilab o‘ngu so‘lga yurdi. Nihoyat yakka o‘sgan yantoqning yonida to‘xtab, metindek qotib ketgan yerga ketmon urdi.
– Chig‘iriqni buzinglar! – dedi Qobil cho‘pon o‘g‘illariga. Bo‘z yigitlar suvsiz quduqning chig‘irig‘ini buzishga tushishdi. Qobil cho‘pon arqon bog‘langan chelakni olib Lallay tomon yurdi.

* * *

Tepadan tushayotgan zaifgina nur quduqning tubini g‘ira-shira yoritgan. Lallay ketmon bilan quduq kovlayapti. Egnidagi jomakor kiyimi tuproq va terga qorishgan. Peshonasidan quyilayotgan terni yengi bilan artib qo‘yadi.
Quduq ancha chuqur kovlangan, chamasi o‘n besh qulochcha keladi. Qalamtarosh bilan yo‘nilgandek sip-silliq devorining ikki tarafida boshdan-oxir sidirg‘asiga pillapoyalar o‘yib chiqilgan. Pastdan qaraganda keng-mo‘l sahnli quduqning devori quyidan yuqoriga tomon torayib borib, oxirida tangadekkina tuynukka aylanib qolgandek tuyuladi. Ana shu tuynuk yopib qo‘yilsa bas, quduq tubini hayot bilan bog‘lab turgan ojizgina rishta ham uzilib, hammasi zulmatga, yo‘qlikka yuz tutadigandek. Umrida birinchi bor quduqqa tushgan odam bunday vahimali hissiyotlarni boshdan kechirishi, quduq tubidagi allaqanday sirli, notanish muhitga dosh berolmay tezda yuqoriga qochib chiqishi tayin. Ammo Lallayning yarim umri quduqda kechgan, shu bois bunaqa hissiyotlar unga begona...
Lallay zo‘riqib ishlayapti. Bot-bot yer kovlashdan to‘xtab, o‘pkasini to‘ldirib nafas oladi – quduq ancha chuqur bo‘lgani bois havo siyraklashib qolgan.
Yuqorida chig‘iriq chirillab aylanib, qalin rezinadan tikilib, baquvvat arqonga bog‘langan qovg‘a lopillab pastga tushib keldi. Lallay uni tuproqqa to‘ldirib, arqonni silkitdi:
– Qovg‘a!
Arqon taranglashib, zil-zambilday qovg‘a yerdan zo‘rg‘a uzildi. Chig‘iriq ayanchli g‘ijirladi.
Lallay qaddini rostlab, chayqala-chayqala yuqorilab borayotgan qovg‘ani kuzatib qoldi. Qovg‘a chig‘iriqqa borib taqalgach, Qobil cho‘pon uni zarb bilan tortib oldi. Qovg‘adan to‘kilgan tuproq Lallayning ust-boshiga kelib tushdi.

* * *

Eski o‘zan bo‘yida kovlangan quduqdan suv chiqqan. Chig‘iriqning tevaragida avvalgisidan ham mo‘lroq tuproq va loy chiqarib tashlangan. Qobil cho‘ponning o‘g‘illari yangi quduqdan chelaklab suv tortib, suruv sug‘orishayapti. Qo‘y-qo‘zilar tunukadan yasalgan qo‘lbola novga to‘kilayotgan loyqa suvni talashib-tortishib ichadi.
Chekkaroqda yerga gilam-ko‘rpachalar to‘shalib, dasturxon yozilgan. To‘kin dasturxon atrofida Erat, Qobil cho‘pon va Lallay ovqatlanib o‘tirishardi.
– Lallayi qurg‘ur bizniyam rosa ovora qildi, – dedi Qobil cho‘pon Eratga choy uzatib. – Bunisidan ham suv chiqarolmaydimi deb qo‘rquvdim.
Kattagina korson tovoqdagi ovqatga non bo‘ktirib yeyayotgan Lallay xijolatomuz iljaydi. Zimdan uni sinovchan kuzatib o‘tirgan Eratdan sado chiqmadi.
– Shuncha zahmat chekkanimizga yarasha, qudug‘ingiz barakali chiqdi, – dedi Lallay Qobil cho‘ponga. – Suvini ichib ado qilolmaysiz, amaki.
– Suviyam chuchuk ekan, – dedi Erat ham tilga kirib. – Odatda, dashtning quduqlari taxirroq kelardi.
– Shu choqqacha Lallay kovlagan quduq yomon chiqmagan deyishadi, – dedi bu gap moyday yoqib tushgan Qobil cho‘pon iljayib. – Orqavarotdan Lallayning dovrug‘ini eshitib yurardim. Suvsizlik jondan o‘tgandan keyin azza-bazza surishtirib, topdim.
– Ha, yil quruq kelib, chorvaga jabr bo‘ldi, – dedi Erat novning atrofida uymalashayotgan qo‘ylarga o‘ychan tikilib. – Saraton kirmasdan quduqlar tortilib, chashmalar qurib qolayapti. Yemishini-ku, amallasa bo‘lar, lekin suv bo‘lmasa yomon.
– Sizning suvlog‘ingiz barakali edi-ku? – dedi Qobil cho‘pon ajablanib.
– Chashmadan jildirab chiqayotgan suv hovuzga yetmay qurib qolayapti.
– “Suv bergan savob bo‘lar, suv bermagan kabob bo‘lar” deyishgan, – dedi Qobil cho‘pon mug‘ombirona iljayib. – Siz ham otaringizni bizning quduqdan sug‘orib ketavering, Erat aka. Bizning birovlarga o‘xshab ko‘lmakdagi suvni qizg‘onadigan odatimiz yo‘q!
Negadir bu gap Eratga og‘ir botdi, chehrasi tundlashib, Qobil cho‘ponga olaqarash qildi. Ammo Qobil cho‘pon hech narsa bo‘lmagandek bamaylixotir o‘rnidan turib, Lallayning yelkasiga beqasam to‘n yopdi.
– Senga ataganimiz bor edi, Lallay.
– Shart emas edi, amaki, – dedi Lallay xijolatli iljayib.
– Xizmatingga rozi bo‘l.
– Roziman, amaki, roziman, – dedi Lallay undan ko‘zlarini olib qochib.
– Sarpo muborak bo‘lsin, Lallay! – dedi Erat kulib.
– Qulluq, amaki...
Lallay yelkasidagi yangi to‘n urinibroq qolgan kiyimlariga yarashmaganini sezganday o‘ng‘aysiz holga tushgan edi.
– Bu deyman, har bir qazgan quduqning haqiga bittadan to‘n kiyaversang, uying choponga to‘lib ketgan bo‘lsa kerak? – dedi Erat ilmoqli ohangda. – Bozorga chiqarib sotsang pul bo‘ladi!
Lallay kulib qo‘ya qoldi. Bu gal Eratning o‘qi nishonga tekkan edi. Lekin shu topda Qobil cho‘ponning kayfiyati chog‘ edi, shu bois uning pichingiga e’tibor berishni o‘ziga ep ko‘rmadi. “Ishim bitdi, eshagim suvdan o‘tdi. Og‘ziga kuchi yetmaganlar gapiraversin!”

* * *

Dasht oralab o‘tgan yolg‘izoyoq so‘qmoqda Erat otliq, Lallay piyoda ketishardi. Lallay jomakor kiyimlari joylangan xaltani kalta sopli ketmonining sopiga ildirib, yelkasiga tashlab olgan.
– Otar tashnalikdan qirilib ketsayam Qobilga yalinmayman! – dedi Erat tund qiyofada. Lallay zimdan unga ajablanib qaradi. – Qaysi kuni o‘g‘illari suruvini bizning suvloqqa haydab borganida qaytarib yuboruvdim. Boya shuni yuzimga soldi, betiqora!
– Quduq qazishdan qochmayman, amaki, – dedi Lallay. – Lekin yaqin orada qo‘lim tegmaydi. Bir joyga borib kelishim kerak...
– Bilib qo‘y, men Qobilga o‘xshab seni bitta juldur chopon bilan aldab yubormayman, – dedi Erat Lallayga zingil solib tikilib. – Ishni bitirishing bilan pulingni sanab beraman. Nima, senga pul kerak emasmi?
– Gap pulda emas, amaki...
– O‘zingni taroziga solmay qo‘ya qol, Lallay! – dedi Erat ensasi qotganini yashirmay. – Yoki menga quduq qazib berging kelmayaptimi? Ko‘nglingdagini ochiq aytaver.
– Unday xayolga bormang, amaki... – Lallay nima deyishni bilmay biroz ikkilandi. Nihoyat bir qarorga kelib, Eratga yuzlandi. – Borib uydagilardan xabar olay, uch-to‘rt kunda qaytarman.
Erat bu gapdan so‘ng xotirjam tortib, otining jilovini tortdi.
– Demak, kelasi dushanba kuni kutaman. Ungacha bir-ikkita bo‘z yigitlarni hasharga aytib, jonliq so‘ydirib qo‘yaman. Ishni bitirguningcha yeganing quyruq-yog‘ bo‘ladi. Ho‘v, anavi qo‘rg‘on – bizniki. – Erat qo‘lidagi qamchi bilan kun botishdagi qirda ko‘zga tashlanib turgan yakka uyga ishora qildi. – Tag‘in meni uyaltirib qo‘ymagin, Lallay. Men lafzsiz odamlarni yoqtirmayman!
Erat otining jilovini yakka uy tomonga burdi. Lallay bir muddat uning ortidan qarab turadi-da, yo‘lida davom etdi.

* * *

Kun namozgarga og‘ib, oftobning shashti pasaygan mahalda Lallay dasht tarafdagi tuproq yo‘ldan qishloqqa kirib kelib, yo‘l chekkasidagi odmigina pochtaxonaga burildi. Shu payt oltmish yoshlar atrofidagi Quvvat amaki oqsoqlangan ko‘yi ichkaridan chiqib keldi.
– Assalomu alaykum, amaki, – dedi Lallay yelkasidagi tugun osig‘liq ketmonini qo‘liga ola turib.
– Ie, bormisan, Lallay? Vaalaykum assalom. Qani, ichkariga.
Quvvat amaki Lallayni gazeta-jurnallar qalashib yotgan chog‘roq xonaga boshlab kirdi.
– Nimaga shuncha payt yo‘q bo‘lib ketding? – so‘radi Quvvat amaki eski stolning tortmasini titkilashga tutinib.
– Dashtobodda quduq qazdim.
– Boya ayoling kelib ketuvdi. Boyaqish har kuni kanda qilmay keladi. – Quvvat amaki tortmadagi qog‘ozlar orasidan konvert oldi. – Mana. Bir haftadan beri yashirib o‘tiribman.
Lallay Quvvat amaki uzatgan xatning jildini avaylab ochdi. Konvertning ichidan chiqqan bir varaq qog‘ozning o‘ngu so‘lini aylantirib ko‘rdi-da, yana Quvvat amakiga qaytarib berdi.
– Sizning ko‘zoynagingiz bor, amaki...
Quvvat amaki stolning ustida turgan yo‘g‘on gardishli ko‘zoynagini qanshariga qo‘ndirib, xatni o‘qishga tushdi:
“Assalomu alaykum, Elmurod aka. Men yana Shodmonning nomidan xat yozayapman. Bugun sizlardan xat keldi. Uni Shodmonga o‘qib berdim. Sizning yaqin orada Toshkentga kelishingizni eshitib, judayam xursand bo‘ldi. “Otam kelgunicha tuzalib, yurib ketishim kerak, keyin o‘zim ularga shaharni tomosha qildiraman”, deydi. Elmurod aka! O‘g‘lingiz mendan “Shodmon ancha tuzalib qoldi” deb yozishimni iltimos qilgan edi. Shu ahvolidayam sizlarni o‘ylayapti. Lekin sizlarni aldashga vijdonim yo‘l qo‘ymayapti. Ochig‘ini aytsam, ahvoli unchalik yaxshi emas. Haligacha oyoq bosishga qiynaladi. U sizlarni qattiq sog‘ingan. Kechalari yashirincha yig‘lab chiqadi. Iloji bo‘lsa, tezroq kelsangiz yaxshi bo‘lardi. Xayr, omon bo‘ling. Tez-tez xat yozib turing. Shifoxona hamshirasi Davlatova Mahfuza”.
Quvvat amaki xatni o‘qib bo‘lib, Lallayga qaradi. Lallay mushtumini iyagiga tiragancha o‘yga cho‘mib o‘tirardi.
– Ishqilib, o‘g‘lingning oldiga bormasang bo‘lmaydi, Lallay.
– Dashtda yana besh-olti kunlik ishim bor... Shuni tugatishim bilan yo‘lga tushaman.
– Ish bo‘lsa qochib ketmas! – dedi Quvvat amakining ensasi qotib.
– Lafz qilib qo‘yuvdim, amaki. Bormasam bo‘lmaydi.
Quvvat amaki ma’noli bosh chayqadi.
– Qayum amaki ham “shu kunlarda ishlarim ko‘p” deyapti, – dedi Lallay o‘ziga-o‘zi gapirayotgandek. – O‘zim yo‘lni bilmasam...
– Sen Qayum sho‘roga ko‘pam ishonaverma. U bir tuturiqsiz odam.
Lallay indamadi.
– Bu... Xatni nima qilmoqchisan?
– Keliningiz bu gapni ko‘tarolmaydi.
– Erta-bir kun bilib qolsa nima qilasan?
– Xudo xohlasa, Shodmonjon tuzalib ketadi! – dedi Lallay allanechuk ishonch bilan. – Siz o‘ylanmay yozavering, amaki.
– Yana o‘zing bilasan.
Quvvat amaki noiloj qo‘liga qog‘oz-qalam olib, xat yozishga tushdi.

* * *

Lallayning hovlisi.
Oila a’zolari supadagi dasturxon atrofida jam bo‘lishgan. Bo‘yi yetib qolgan Zulfiya supaning chekkasida omonatgina o‘tirib, “akasidan kelgan xat”ni o‘qiyapti. To‘rda chordana qurib, bolishni buklab bag‘riga bosgan Lallay mubham kayfiyatda ko‘zlarini yumib olgan, yelkasiga og‘ir yuk ortilgandek chakka tomirlari bo‘rtib chiqib, peshonasini reza ter qoplagan edi. Qo‘shaloq quvonchdan haligacha o‘ziga kelolmagan Toshbuvi anchadan beri orziqib kutilgan nomaning har bir satrini qulog‘iga joylab olmoqchidek qizining og‘ziga termilib o‘tirardi.
“... Mendan so‘rasangizlar, sog‘-salomat yuribman. Bu yerning do‘xtirlari juda yaxshi ekan. Hozir ancha tuzalib qoldim. Hamma narsa bor. Har kuni uch mahal issiq ovqat beradi. Onam ham meni ko‘p o‘ylab yotmasin. Nasib etsa, hademay uyga o‘z oyog‘im bilan kirib boraman. Tez-tez xat yozib turinglar. Salom bilan, o‘g‘lingiz Shodmon”.
Lallay o‘tirgan joyida bezovta qimirlab olib, ko‘zlarini ochdi. Zulfiya xatni onasiga uzatib, zimdan otasiga savol nazari bilan qaradi. Lallay uning nigohiga dosh berolmay, nigohini yerga tikdi.
– Xat yozgan qo‘llaringdan aylanay, bolam! – Toshbuvi ko‘zlarida yosh bilan maktubni hidladi. – Shodmonjonimning isi kelib turibdi.
Zulfiya asta o‘rnidan turib, uyga kirib ketdi. Lallay asta tomoq qirdi.
– Akam “onam yig‘lamasin” deb yozsayam siz, baribir, yig‘layverasiz, – dedi kenja o‘g‘il Dilmurod o‘pkalangan ohangda. – Akam bilsa, xafa bo‘ladi.
– Yig‘lasam, quvonganimdan yig‘layman-da, bolam, – dedi Toshbuvi ko‘zlarida yosh bilan jilmayib. – O‘zi, otangning bir sharofati bor. Doim bir joydan qaytsa, o‘zi bilan akangning xatiniyam olib keladi. Men bo‘lsam, har kuni pochtaxonaga qatnayverib, Quvvat amakini ham bezor qilib yubordim. Meni ko‘rdi deguncha, qovog‘ini osiltirib oladi. Bormay deyman-u, sabrim chidamaydi. – Toshbuvi eriga qarab, daf’atan bezovtalandi. – Sal xafaroq ko‘rinadi? Tinchlikmi?
Lallay hushyor tortib, yostiqdan o‘mganini ko‘tardi.
– Tinchlik, xotin. Biroz charchabman...
– Charchagan bo‘lsa, yotib damini olsin.
– Ota, yelkangizni uqalab qo‘yaymi? – dedi Dilmurod g‘amxo‘rlik bilan.
– Mayli, o‘g‘lim, – dedi Lallay ham jilmayib.
Dilmurod chaqqon o‘rnidan turib, otasining yelkasini uqalashga tushdi.
– Endi bu ishni yig‘ishtirsayam bo‘lardi, – dedi Toshbuvi eriga achinish bilan qarab. – Shu yoshida quduq kovlash osonmi?
– Shodmon tuzalib kelsin, uyimizning yonidan unga atab bitta quduq qazaman, – dedi kenja o‘g‘lining mehribonligidan ko‘ngli yorishib, huzurlanib o‘tirgan Lallay orzumandlik bilan. – Shu bilan bu kasbni yig‘ishtiraman. Keyin sen ham belangi bo‘lib birovlarning qudug‘idan suv tashib yurmaysan.
– Qudug‘imiz bo‘lmasa ham mayli, faqat Shodmonim tuzalib ketsin! – dedi Toshbuvi ko‘ngli buzilib. – Bolalarim bilan bu kishi sog‘-omon yurishsa, menga shuning o‘zi katta davlat.
– Xudo xohlasa, albatta tuzaladi! – dedi Lallay vazmin ohangda. – Yaxshi niyat qil, xotin. “Yaxshi niyat – yorti davlat” deb bekorga aytishganmi eskilar.
– Iloyim, iloyim...
Er-xotin jimib qolishdi. Otasining yelkasini uqalayotgan Dilmurod ham shu topda katta odamlardek o‘ychan tortib qolgan edi.

* * *

Ertasi kuni Lallay barvaqt turib, Qayum sho‘ronikiga yo‘l oldi. Xo‘p desa, Eratning qudug‘ini qazib bo‘lishi bilan ikkalasi shaharga, Shodmonning oldiga jo‘namoqchi edi. Biroq hashamdor hovliga qadam qo‘yishi bilan Qayum sho‘ro uni ta’na-malomat bilan qarshi oldi.
– Qayoqlarda sang‘ib yuribsan, Lallay? – dedi u baroq qoshlarini chimirib. – Og‘ilxonaning devorini suvab beraman, deb va’da qilganing qachon edi! Bo‘l tez, shu ishni tugatmaguncha hech qayoqqa ketmaysan.
Lallay noiloj og‘ilxona oldidagi tunuka xandaqda loy qorishga tushdi. Birozdan so‘ng Qayum sho‘ro xandaq yoniga kursi keltirib o‘tirdi-da, terlab-pishib choy icha boshladi. U yoshi elliklarni chamalagan girdig‘um bitishli, tepakal kishi edi.
Lallay yurak yutib, o‘g‘li haqida gap ochdi, biroq Qayum sho‘ro beparvo qiyofada qo‘l siltadi.
– Yana biron oy sabr qilib tursang, menam ishlarimni biryoqli qilib olaman, – dedi u yelkasiga tashlab olgan ro‘mol bilan peshonasining terini arta turib. – Keyin ikkovimiz qaydasan Toshkent, deb yo‘lga tushamiz... Somondan yana qo‘sh. Loying hali pishmadi.
– Shu kunlarda ko‘nglim g‘ash, amaki, – dedi Lallay qopdagi somonni loyning ustiga socha turib. – Iloji bo‘lsa, tezroq borsak degandim.
– Men davlatning odamiman, erkim qo‘limda emas. Bilsang, kattalardan beruxsat hatto, hojatgayam borolmayman!
Lallay tasodifan qo‘lidagi ketmonni tunuka xandaqning tubiga urib oldi.
– Ko‘zingga qara, Lallay, xandaqning tagini teshasan! – deya dashnom berdi Qayum sho‘ro aftini burishtirib. So‘ng bo‘shab qolgan piyolasiga choynakdan choy quydi. – Toshkent deganlari – juda katta shahar. U yerga borib-kelishning o‘zi bo‘lmaydi. Belni baquvvat qilishing kerak!
– Siz pulini o‘ylamang, amaki, – dedi Lallay yuziga sachragan loyni qo‘li bilan sidirib. – Shodmon tuzalib kelsa, shukronasiga elga chog‘roq to‘y berarman degan niyatda uch-to‘rt tanga jamg‘arib qo‘ygan edim...
– Uch-to‘rt tanga deganing qancha? – Qayum sho‘ro Lallayga sinovchan tikildi.
– Ha, endi...
– Yashirmay aytaver!
– Shu... ikki yuz so‘mcha chiqib qolar.
– Ikki yuz so‘m?! – Qayum sho‘ro istehzoli iljaydi. – Sodda bo‘lmay ket, Lallay!
Lallay loy qorishdan to‘xtab, Qayum sho‘roga savol nazari bilan qaradi.
– Ikkovimizning Toshkentga borib-kelishimiz uchun kam deganda ming so‘m darkor, bildingmi!
Lallay Qayum sho‘roga nimadir deyishga chog‘landi-yu, lekin fikridan qaytib, tayyor bo‘lgan loyni ketmon bilan chelakka sola boshladi.
– Bu zamonda mushuk ham tekinga oftobga chiqmaydi, Lallay! – dedi Qayum sho‘ro jiddiy tortib. – Birinchidan, u yerdagi do‘xtirlarning og‘zini moylashimiz kerak. Shunda ular o‘g‘lingni yaxshiroq davolaydi. Anavi xotin ham bekorga “tezroq keling” deb xat yozmagan. Dardi pul ularning!
– O‘ylashimcha, u ayol yomon odam emas, – o‘zicha e’tiroz bildirdi Lallay. – Baraka topsin, dam-badam o‘g‘limning nomidan xat yozib turibdi.
– Do‘xtir zotining bari – bir go‘r! – deya qo‘l siltadi Qayum sho‘ro. – Qolaversa, ozib-yozib Toshkentga borganimizga yarasha, o‘zimiz ham yayrab kelishimiz kerakmi-yo‘qmi? Toshkentga borgach, “Moskva” gastinsasining naq yigirmanchi qavatidagi lyuks nomerga joylashamiz! U yerdan butun shahar kaftdagidek ko‘rinib turadi. Pastda shikarniy restoran! Kechqurun oppoq quyruqdekkina jononlar... Hay, jonidan!
Qayum sho‘ro pixillab kuldi. Lallay uning gaplariga e’tibor bermay, og‘ilxona devoriga loy chaplab, andava tortishga tushdi.
– Bo‘pti, men ishga borishim kerak, – deb Qayum sho‘ro o‘rnidan turdi. – Sen bir-ikki kunda shu ishni tugatib qo‘y. Ko‘ngling to‘q bo‘lsin, Toshkentga boramiz!
– Dushanba kuni Dashtobodga bormoqchi edim, amaki. O‘sha yerlik bir cho‘ponga quduq qazib berishim kerak...
– Avval bizning ishni bitir, o‘sha cho‘ponning qudug‘i qochib ketmas! – deya Qayum sho‘ro achchiqlangan qiyofada uning gapini kesdi. – Bir g‘ayrat qilsang, ikki-uch kunda tugatasan.
– U kishiga lafz qilib keluvdim, – dedi Lallay yalinchoqlik bilan. – Vaqtida bormasam uyat bo‘ladi.
– Gapni ko‘paytirma, Lallay! – dedi Qayum sho‘ro peshonasini tirishtirib. – Tezroq qimirla, loy qotib qoladi.
Qayum sho‘ro uyiga tomon yurdi. Lallay og‘ilxona yonida nima qilishini bilmay, garangsigan qiyofada turib qoldi.

* * *

Lallay o‘lib-tirilib ishlab, Qayum sho‘roning og‘ilxonasini uch kun deganda zo‘rg‘a suvoqdan chiqardi. Bu orada Erat bilan va’dalashilgan kun ham o‘tib ketdi. Lallay shu choqqacha biron marta lafziga xilof ish tutmagan edi. Shu bois kechga yaqin ishni tugatib uyiga qaytgach, ertalabgacha ko‘ziga uyqu kelmadi.
Tong bo‘zarar-bo‘zarmas o‘rnidan turib, kalta sopli ketmoni bilan jomakor kiyimlarini oldi-da, yo‘lga otlandi.
– Men besh-olti kunlarda qaytaman, – dedi xotiniga. – Ungacha Qayum amakining ham qo‘li ishdan bo‘shab qolar. Kelishim bilan Toshkentga jo‘nayman.
Lallay dashtga eltuvchi tuproq yo‘lga chiqib olib, shoshilinch yo‘lga tushdi. Bu orada tong ham yorishib qoldi. Qishloq tarafdan chiqib kelgan sariq tusli “Moskvich” mashinasi uning yonida to‘xtadi.
– Yo‘l bo‘lsin, Lallay aka? – dedi hamqishlog‘i Chori mashinadan boshini chiqarib.
– Dashtobodga, amaki...
– Dashtobodga piyoda ketyapsizmi? Avliyoga ikki dunyo bir qadam ekan-da, – kuldi Chori. – Chiqing moshinga. Naymansaroyning chorrahasiga tashlab o‘taman.
Lallay ketmonini avaylab ushlagan ko‘yi mashinaga o‘tirdi. Orqa o‘rindiqda quyuq soqoli qordek oqargan, nuroniy qiyofali Doniyor buva o‘tirardi. Salom-alikdan so‘ng ular bir muddat jim ketishdi.
– Otam zamonidan beri quduq qazasiz, Lallay aka, – dedi Chori qarshisidagi ko‘zgu osha Lallayga qarab qo‘yib. – Hammasini qo‘shib hisoblasa, biron mingtalardan oshib ketgandir-ov?
– Bilmasam, amaki. Sanamagan ekanman.
– Lallayning ketmoniga duo ketgan, – dedi Doniyor buva. – Shu paytgacha u kovlagan quduqlarning birontasi qurimagan. Bizning quduqni qirchillama yigit vaqtida qazib beruvdi. Shundan beri suvini huzur qilib ichib yotibmiz.
– Lallay aka qazgan quduqlarning suvi shirin chiqadi, – dedi Chori Doniyor buvaning gapini quvvatlab.
Jomakor xaltasi bilan ketmonini bag‘riga bosib o‘tirgan Lallay bu maqtovlardan o‘ng‘aysizlandi. Mashina bir-biriga ulanib ketgan kimsasiz, yalang‘och adirlar oralab borardi.
– Bir paytlar otam rahmatli Kattaqir tarafdagi tomorqamizdan qirq qulochlik quduq kovlagan edi, – dedi Doniyor buva o‘ychan qiyofada. – Ana uning suvi boshqacha edi. Ichib to‘ymasdi odam. Bir yilcha butun qishloq shu quduqdan suv ichdi. Odamlar unga “shirinquduq” deb nom berishdi. Bir kuni Sarman cho‘ponning bo‘y qizi qovg‘a tortayotib, quduqqa tushib ketibdi...
Doniyor buva daf’atan jimib qoldi.
– Qiz tirik qoldimi, ishqilib? – so‘radi Chori betoqatlanib.
– Bechoraning jasadini topisholmadi, – dedi Doniyor buva hikoyasini davom ettirib. – O‘sha quduq yer osti daryosining ustidan tushgan ekan. Aytishlaricha, yerning tubidagi suvlar ham kishi bilmas daryo bo‘lib oqib yotarmish... Qizni oqim olib ketgan ekan.
– Voy, bechora! – Chori nadomat bilan bosh chayqab qo‘ydi.
Lallay ham ma’yus tortib qoldi.
– Otam rahmatli, “bexosiyat chiqdi” deb shirinquduqni ko‘mib tashladi. Keyingi yili biz boshqa joydan uy qurib, ko‘chdik. Sarman cho‘pon quduqning o‘rnida qiziga mozor tiklab, atrofini devor bilan o‘radi.
– Bu gapdan keyin quduqqa yaqinlashishgayam qo‘rqib qoladi odam, – dedi Chori chuqur tin olib. – O‘lmagan Lallayning joni!
– Shu yoshga kirib shirinquduqning suviday suvni boshqa ichmadim, – dedi Doniyor buva. – Ko‘ngil qurg‘ur haligacha uning ta’mini tusaydi.
– Vaqti kelib Lallay aka o‘sha suvni topsa, ajab emas, – dedi Chori Lallayga yuzlanib. – Nima dedingiz, Lallay aka?
– Bilmasam, amaki, – dedi o‘yga tolib o‘tirgan Lallay.

* * *

Quyosh tikkaga kelib, dashtni tandirdek qizdira boshlagan vaqtda Lallay Eratning uyiga yetib bordi. Quyiroqdagi og‘ilxona atrofida sandiroqlab yurgan ikkita bahaybat ko‘ppak vajohat bilan unga tashlandi. Esankirab qolgan Lallay qo‘lidagi kalta sopli ketmonini o‘ngu so‘lga sermab o‘zini himoya qilar, itlar esa battar quturardi. Bu ahvolda Lallayning qarshiligi uzoqqa bormasligi aniq edi.
Uy oldidagi sada qayrog‘och soyasida to‘shalgan ko‘rpachada yonboshlab yotgan Erat bu manzarani jimgina kuzatardi.
 Shu payt Eratning xotini shoshib oshxonadan chiqdi.
– Ha, yer yutkurlar! Tur, ket!
Ayol itlarni bir amallab Lallaydan ajratib olib, nari haydadi. Choponining etagi yirtilib, boshidan telpagi uchib ketgan Lallay qo‘rquv va hayajondan qaltirab yerga o‘tirib qoldi.
 Erat norozi qiyofada o‘rnidan turib o‘sha tomonga yurdi.
– Bor, suv olib kel! – dedi u hamon atrofda irillab aylanib yurgan ko‘ppaklarni haydayotgan xotiniga o‘qrayib.
Ayol oshxonaga kirib ketdi. Erat abgor qiyofada cho‘nqayib o‘tirgan Lallayga zingil solib tikildi.
– Kechikding-ku, Lallay?!
Ammo Lallay uning savoliga javob beradigan ahvolda emas edi. Shu payt Eratning xotini kosada suv keltirdi. Lallay ayol uzatgan suvni to‘kib-sochib ichdi.
Birozdan so‘ng Lallay sada qayrag‘ochdan quyiroqda yerni sinchiklab ko‘zdan kechira boshladi. Erat bir chekkada g‘o‘ddayib turar, hozirgina dashtdan qo‘y haydab qaytgan o‘n ikki yoshlar chamasidagi o‘spirin – Jonibek qiyiq ko‘zlarini battar qisgancha Lallayning harakatlarini qiziqish bilan kuzatardi. Nihoyat, Lallay yurishdan to‘xtab, Eratga yuzlandi.
– Shu yerdan kovlasak bo‘lar, amaki?
– Boshla! – dedi Erat dag‘al ovozda.
Lallay ketmoni bilan chog‘roq aylana chizib oldi-da, yer kovlashga tushdi.
– Ota, men qishloqqa borib, hasharchilarni aytib kelaymi? – so‘radi Jonibek.
– Shart emas, – dedi Erat o‘g‘liga qaramay. – O‘zimiz eplaymiz!

* * *

Shu kuni Lallay g‘ayrat bilan ishlab, kechgacha chamasi besh-olti gaz chuqurlikda quduq kovladi. Erat quduqqa chig‘iriq o‘rnatdi, Jonibek eshakda qovg‘a torta boshladi.
Oftob allaqachon adirlar ortiga botib, poyonsiz dashtga asta tun cho‘ka boshlagan bo‘lsa-da, Erat ishni tugatishni xayoliga keltirmasdi. Quduq tubi battar qorong‘ilashib, Lallay quduqning devori bilan sahnini ajratolmay qoldi.
Lallay qaddini rostlab, yuqoriga qaradi. Quduqning og‘ziga o‘rnatilgan chig‘iriq shom g‘ira-shirasida qorayib turardi.
– Amaki! – deya ovoz berdi u. Yuqorida Eratning ko‘lankasi paydo bo‘ldi.
– Nima deysan?
– Kech tushib qoldi. Buguncha yetar?
Erat darrov javob bermadi.
– Quduqdan suv chiqmaguncha tashqariga chiqmaysan! – dedi u birozdan so‘ng e’tirozga o‘rin qoldirmaydigan ohangda.
– Hazillashmang-ey, amaki, – dedi Lallay kulib. – Quduqdayam yotib bo‘larkanmi?
Lallay quduqning ikki chetidagi pillapoyalarga tusmollab oyoq qo‘yib yuqorilay boshladi. Kutilmaganda quduqning og‘zi yopilib, tepadan tushayotgan g‘ira-shira yorug‘lik ham g‘oyib bo‘ldi. Lallay butkul zulmat qoplagan quduqda go‘yo muallaq osilib qoldi.

* * *

Kunbotarda boyagina yolqinlanib turgan shom shafag‘i ham butkul so‘ngan, tungi osmonda son-sanoqsiz yulduzlar jilva qilardi. Shomdan so‘ng ko‘rinish bergan oy borliqni xiragina yorita boshladi.
Uydan tugun ko‘tarib chiqqan Erat qorong‘ida tusmollab qadam tashlagancha quduqqa yaqinlashdi. Chig‘iriqning yonida qo‘lidagi tugunni yerga qo‘yib, quduqning qopqog‘ini ochdi-da, chig‘iriqqa suyangan ko‘yi zim-ziyo chohga mo‘raladi. Quduq ichiga teran sukunat cho‘kkan, “tiq” etgan ovoz eshitilmasdi.
– Lallay! – deya chaqirdi Erat, ammo javob bo‘lmadi. Erat ovozini bir parda ko‘tardi. – Lallay deyman!
Nihoyat, ichkaridan Lallayning sokin ovozi eshitildi:
– Nima deysiz, amaki?
– O‘lib-netib qolganing yo‘qmi, ishqilib? Nimaga sasing chiqmaydi?
Zim-ziyo quduq tubida o‘tirgan Lallay yuqoriga qaradi. Eratning elas-elas ko‘zga tashlanayotgan ko‘lankasi uzra osmonda yulduzlar charaqlab turardi.
– Ma, manavini yeb ol!
Erat tugunni qovg‘aga joylab, quduqqa tushirdi. Chig‘iriq chirillab aylanib, qovg‘a qorong‘ilik qa’riga singib ketdi.

* * *

Erat ertalab quduqning qopqog‘ini ochdi.
– Yaxshi yotib turdingmi, Lallay? – dedi iljayib. Lallaydan javob bo‘lmagach, yonida turgan Jonibekka imo qildi, o‘spirin shu zahoti arqonga bog‘langan qovg‘ani quduqqa tushirdi. – Idish-tovoqlarni uzatib, o‘zing ham yuqoriga chiq. Nonushta qilib, ishni boshlaymiz.
Jonibek arqonni yuqoriga tortdi. Birozdan so‘ng tugun solingan qovg‘a quduqdan chiqib keldi. Biroq unga qo‘l ham urilmagan edi. Jonibek tugunni qo‘liga olib, otasiga savol nazari bilan qaradi. Eratning chag‘ir ko‘zlari g‘azabdan qisilib ketdi.
– Hali shunaqami? – dedi u tishlarini g‘ijirlatib. – Menga desa, ochingdan o‘lib ket! Kechagi gapim-gap. Quduq bitmaguncha tashqariga chiqmaysan. Jonibek, eshakni olib kel!
Jonibek otasiga qo‘rqa-pisa qarab qo‘yib, og‘ilxona tomonga ketdi.

* * *

Tikkaga kelgan quyosh borliqqa beayov olov purkaydi. Chor atrofda yastanib yotgan bepoyon dashtda tirik jon asari sezilmaydi. Boyagina ko‘kda muallaq osilib nag‘ma qilayotgan yakka bo‘zto‘rg‘ay ham jaziramaning zabtiga dosh berolmay, yantoqzor orasidagi uyasiga o‘zini urgan. Faqatgina unda-bunda jizlovuqlarning bir maromdagi mungli ovozi eshitiladi. Jaydari itlar og‘ilxonaning soyasida tilini osiltirgancha hansirab yotibdi. Sim to‘r bilan o‘ralgan qo‘raga qamalgan qo‘ylar bir-birining pinjiga suqilib olgan.
Chig‘iriq bir maromda chirillab aylanadi. Jonibek terlab-pishib eshakda qovg‘a tortayapti. Yuz-ko‘zi chang va terga qorishgan Erat quduqdan chiqib kelgan qovg‘adagi tuproqni bir chekkaga olib borib to‘kadi.
Tobora zabtiga olayotgan garmsel quduqning tevaragida uyilib yotgan quruq changni uchirib o‘ynaydi.
Erat qovg‘adagi tuproqni bo‘shatib, quduqqa engashdi:
– Lallay!
– Nima deysiz, amaki?
– Qachon suvga yetamiz?
– Oz qoldi.
– Oz qolganmish! O‘n besh quloch qazidik-ku, tuproq nam tortgani yo‘q!
Shu payt kajavali mototsikl tuproq yo‘lni changitib, Eratning uyiga shitob bilan yaqinlashib kela boshladi. Og‘ilxona soyasida mudrayotgan jaydari itlar vahimali vovillagancha o‘sha tomonga otildi. Mototsiklning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan odam qo‘lidagi tayoqni o‘ngu so‘lga sermab itlarni haydashga urinardi. Erat chag‘ir ko‘zlarini qisgan ko‘yi notanish kishilarga diqqat bilan tikildi.
Kajavali mototsikl Eratning qo‘rg‘oniga yaqinlashgach, quduq tomonga burildi. Mototsikl­da militsiya libosidagi notanish kishi va O‘ljaboy o‘tirishardi.
– Bor, itlarni qaytar! – dedi Erat o‘ziga xavotir bilan qarab turgan o‘g‘liga. Jonibek shu zahoti eshakdan tushib, o‘sha tomonga yugurdi. Erat ikkilangan qiyofada chig‘iriqqa suyanib turardi.
Mototsikl quduqdan besh-o‘n qadam narida to‘xtadi. Jonibek itlarni quvib solgach, militsiya xodimi bilan O‘ljaboy cho‘pon mototsikldan tushishdi. Notanish leytenant norozi to‘ng‘illagancha ust-boshining changini qoqdi. O‘ljaboy cho‘pon qo‘lidagi kaltakni mototsikl­ga suyab qo‘yib, quduqqa qarab yurdi.
– Assalomu alaykum, Erat aka.
– Vaalaykum assalom, – deya alik oldi Erat unga zimdan sinchkov tikilib. – Keling, O‘ljaboy.
    Erat bilan qo‘l olib salomlashishdi.
– Quduq qazayapsizmi? – dedi O‘ljaboy atrofda uyilib yotgan tuproqni ko‘zdan kechirib.
– Shunday.
– Suv chiqay deb qoldimi?
– Chiqib qolar, – dedi Erat leytenantdan ko‘z uzmay.
O‘ljaboy bilan leytenant birin-ketin chig‘iriqqa suyanib, ehtiyotkorlik bilan quduqqa engashishdi.
– Hormang, usta, – deya ovoz berdi O‘ljaboy.
– Salomat bo‘ling, amaki, – quduqdan Lallayning bo‘g‘iq ovozi eshitildi.
– Charchamayapsizmi?
– Yo‘g‘-ey, amaki. Hamishagi qilib yurgan ishimiz-da.
– G‘ayrat qiling, usta! – dedi leytenant negadir jilmayib.
– Rahmat, amaki.
Leytenant quduqdan chetlanib, bosh chayqadi.
– Quduq ham shunaqa chuqur bo‘ladimi? Qarab turib boshim aylanib ketdi-ya.
– Ha, “dashtning qudug‘i qirq quloch” deb bekorga aytishmagan, – dedi O‘ljaboy. – Bu yerlardan suv chiqarish oson emas.
Shundan so‘ng ular quduqdan uzoqlashishdi.
– Tinchlikmi, cho‘pon? – dedi biroz xotirjam tortgan Erat O‘ljaboydan.
– Tinchlik bo‘lsa, shunday sarson bo‘lib yurarmidik, Erat aka? – O‘ljaboy chuqur tin oldi.
– Kecha tunda O‘ljaboy akaning otaridan o‘n beshtacha qo‘y yo‘qolgan, – deya izoh berdi leytenant peshonasining terini artib. – O‘g‘rilarni izlab yuribmiz.
– Chatoq bo‘pti-ku, – dedi Erat taassuf bilan bosh chayqab.
– Oqshom bu atrofda begona odamlarga ko‘zingiz tushmadimi? – so‘radi leytenant Eratdan.
– Yo‘q, ko‘zim tushmadi. Kecha kun bo‘yi quduq qazib, charchagan edik. Shunga ertaroq yotuvdik.
– Salim buvaning aytishicha, yarim oqshom ikki otliq shu tomonga bir gala qo‘y haydab o‘tgan emish, – dedi O‘ljaboy.
– Begona o‘tsa, itlar payqagan bo‘lardi... – O‘ljaboy cho‘ponning o‘ziga sinovchan tikilib turganini ko‘rib, Eratning avzoyi o‘zgardi. – Mabodo, mendan gumon qilayotgan bo‘lsang, qo‘rani borib ko‘r.
– Yo‘g‘-ey... O‘libmizmi sizdan gumon qilib, – dedi O‘ljaboy cho‘pon o‘ng‘aysizlanib.
– Kun ham rosa qizdirdi-ku, – ming‘irladi leytenant kepkasi bilan yuzini yelpib. – Gullolaning issig‘i shunaqa bo‘lsa, saratonniki qanaqa bo‘larkin.
– Bo‘lmasa, biz boraylik, Erat aka.
O‘ljaboy cho‘pon ortiga burildi.
– Uyga kirib, choy-poy ichib ketinglar. Hashar oshi pishib turibdi.
Leytenant O‘ljaboyga umidvor qaradi.
– Shu topda tomoqdan ovqat o‘tarmidi, Erat aka? – deya O‘ljaboy cho‘pon mototsikl tomon yurdi. – Qo‘ylarni topmasam, rais uyimni kuydiradi.
Leytenant ham noiloj uning ortidan ergashdi.
Kajavali mototsikl tuproq yo‘ldan dasht ichkarisiga qarab ketgach, Erat quduqqa engashdi.
– Lallay!
– Nima deysiz, amaki?
– Ko‘rdik, jo‘mard ekansan, – dedi Erat noayon kayfiyatda. – Lekin men ham tuflagan tupugimni qaytarib og‘zimga olmayman. Quduqdan chiqqing kelsa, tezroq ishni tugat!
Erat qaddini rostlab, uyiga tomon ketdi.
Bir muddatdan so‘ng Jonibek qo‘lida dasturxon bilan chumagidan bug‘ chiqib turgan qumg‘on ko‘tarib, quduq tomon enib keldi.
– Lallay amaki! – deya ovoz berdi u quduqqa mo‘ralab.
– Nima deysiz, amaki?
– Ovqat yeysizmi?
– Siz bersangiz, yeyman.
Jonibek xursand qiyofada dasturxon bilan qumg‘onni qovg‘aga solib, quduqqa tushirdi.
Shundan so‘ng Lallay nimqorong‘i quduq tubida oldiga dasturxon yozib, ovqat yeyishga tushdi. Jonibek quduq labida chig‘iriqqa suyangan ko‘yi Lallay bilan gaplashib o‘tirardi.
– Boya melisa amaki kelganda qo‘rqib ketdim, – dedi Jonibek soddadillik bilan.
– Nega qo‘rqasiz, amaki?
– Unga otam sizni quduqqa qamab qo‘yganini aytib berasiz deb o‘ylovdim.
– Chaqimchilik erkak kishiga yarashmaydi, amaki, – dedi Lallay sokin ovozda.
Quduq labida o‘tirgan Jonibek bu gapdan so‘ng bir muddat jimib qoldi.
– Nimaga hamma sizni Lallay deb chaqiradi?
– Lallaygan odam bo‘lganim uchun bo‘lsa kerak-da, amaki, – dedi Lallay kulib.
– Bu ismni kim qo‘ygan?
– Yodimda yo‘q. Esimni taniganimdan beri hamma meni Lallay deb chaqiradi.
– Boshqa ismingiz yo‘qmi?
– Bor, amaki. Hujjatlarda otim Elmurod deb yozilgan. Chaqaloqligimda rahmatli mulla Qodir buva shu ism bilan qulog‘imga azon chaqirgan ekan.
– Unda menam sizni Elmurod amaki deb chaqiraman.
– Nega?
– Chunki siz Lallay emassiz! Yomon odamlar sizni Lallay deb chaqiradi.
– Qo‘yavering, amaki, – dedi Lallay kulib. – El bergan ism... Bizga shunisi durust.
– Nimaga siz hammani “amaki” deysiz? – so‘radi Jonibek birozdan so‘ng.
– Chunki hamma odamlar menga amaki bo‘ladi-da.
– Men hammi?
– Siz ham.
– Lekin men sizdan kichkinaman-ku?
– Kichkina bo‘lsangiz nima qipti?
Jonibek quduq tubida g‘ira-shira ko‘zga tashlanib turgan Lallayning ko‘lankasiga ajab­lanib tikildi.
Lallay oldidagi dasturxonni yig‘ishtirib, qumg‘ondan piyolaga choy quydi.
– Aytganday, yoshingiz nechada, amaki? – deya so‘radi u tepaga yuzlanib.
– O‘n to‘rtda.
– Dilmurodjondan ikki yosh katta ekansiz, – dedi Lallay choy ho‘plab.
– Dilmurodjon kim?
– Kenja o‘g‘lim.
– Ha...
– Katta o‘g‘lim hozir Toshkentda, – dedi Lallay o‘ziga o‘zi gapirayotgandek sokin ovozda.
– Ketganigayam uch oydan oshdi. Erta-yu kech shuni o‘ylayman, amaki. Bu yoqda onasi qattiq sog‘ingan...
– Toshkentda deysizmi? – ajablandi Jonibek. – O‘g‘lingiz u yerda o‘qiydimi?
– Yo‘q, Shodmonjonning sal mazasi yo‘q edi. Hozir Toshkentda davolanayapti. Nasib etsa, yaqin orada ko‘rgani boraman. Ungacha Shodmonjon ham tuzalib qolsa kerak. Keyin ota-bola uyga birga qaytamiz-da, amaki.
Lallay dasturxon bilan qumg‘onni qovg‘aga joylab, yuqoriga qaradi.
– Qovg‘ani torting, amaki.
Jonibek qovg‘ani quduqdan tortib oldi. Shu payt Erat ham quduq bo‘yiga enib kelib, yeng shimardi.
Tushdan so‘ng uqubatga to‘la, zerikarli yumush bir maromda davom etdi. Lallay yer qa’riga yanada chuqurroq kirib borgani sayin quduq tevaragidagi tuproq xirmoni yuksalib borar, lekin intiqib kutilgan suvdan darak yo‘q edi.
Erat qovg‘adagi tuproqni changallab ko‘rdi. Quruq, mayin tuproq kaftlari orasidan shuvillab yerga to‘kildi. Erat quduq bo‘yida cho‘nqayib o‘tirgancha jazirama oftob tig‘ida hansirab yotgan kimsasiz dashtga noumid tikilib qoldi. Qoramag‘iz chehrasi issiqda battar qorayib, ko‘zlari kirtayib qolgan Jonibek erinchoqlik bilan qovg‘a tortayotgan eshakni to‘xtatib, otasiga qaradi.
Kutilmaganda Erat shaxt bilan o‘rnidan turib, tuproq to‘la qovg‘ani jon-jahdi bilan bir chekkaga uloqtirdi. Biroq qovg‘aning arqoni oyoqlariga o‘ralashib qolib, o‘zi ham tuproq uyumi ustiga yiqildi. Boshdan-oyoq oppoq changga belandi.
– Yo‘q suv! Yer yutib ketgan suvni! Bu nima ko‘rgilik!
Erat telbavor qiyofada yer mushtlab, boshidan tuproq sochib yig‘lashga tushdi.

* * *

Yarim tun. To‘lin oy nurlariga g‘arq bo‘lib yotgan sokin dasht allanechuk sirli va ulug‘vor tus olgan. Kunchiqar tarafda qorayib ko‘rinayotgan adirliklar etagida son-sanoqsiz chiroqlar miltillaydi. Qaqroq yaylovning olis puchmog‘ida zaif bir shu’la goh yonib, goh o‘chib turibdi.
 Odatda, ertalabgacha betoqat hurib chiqadigan jaydari itlarning ham uni o‘chgan. Borliqqa teran sukunat cho‘kkan. Go‘yo jazirama otashida sillasi qurigan zamin salqin oqshom qo‘ynida orom olmoqda.
Jonibek sharpasiz quduqqa yaqinlashib, ehtiyotkorlik bilan uning qopqog‘ini ochdi.
– Lallay amaki!
– Kim u? – zim-ziyo quduqdan Lallayning ovozi eshitildi.
– Men, Jonibekman.
– Nima gap, amaki?
– Otam uxlayapti. Tezroq quduqdan chiqib, uyingizga keting! Onam itlarni og‘ilxonaga qamab turibdi.
Quduq tubidan Lallayning og‘ir xo‘rsingan ovozi eshitildi.
– Qo‘yavering, amaki, – dedi u birozdan so‘ng. – Ishimni chala tashlab ketolmayman.
– Baribir, bu quduqdan suv chiqmaydi! – dedi Jonibek alam bilan.
– Chiqadi, amaki, ko‘nglim sezib turibdi, – dedi Lallay xotirjam ohangda. – Siz borib, damingizni olavering. Ertaga ishimiz yanayam og‘irlashadi.
Jonibek quduqning qopqog‘ini ochiq qoldirib, istar-istmas uy tomon yurdi.
Lallay shundoqqina quduqning ustida balqib turgan to‘lin oyga tikilib qoldi.

* * *

Quduqning chuqurligi qariyb yigirma qulochni chamalab qolgan. Lallay hamon terlab-pishib yer kovlayapti. Chig‘iriq bir maromda g‘ijirlab aylanadi. Charmdan tikilgan qovg‘a goh tepaga, goh pastga qarab harakat qiladi.
Lallay yuqoridan tushib kelgan qovg‘ani bir chetga qo‘yib, qo‘lidagi ketmonni kuch bilan yerga botirdi. Kutilmaganda ketmonga quruq tuproq aralash bir parcha loy ilashib chiqdi. Lallay ko‘zlariga ishonmagandek, titroq qo‘llari bilan loyni siqimlab ko‘rdi. Nima hodisa yuz berayotganini anglolmay, bir muddat serrayib turib qoldi. Es-hushini yig‘ib olib, jonholatda qo‘llari bilan tuproq kovlashga tushdi. Quduqning o‘rtasida hosil bo‘lgan chuqurchadan g‘ayritabiiy tarzda suv sizib chiqa boshladi. Loyqa suv shiddat bilan yuqoriga ko‘tarilib, ko‘z ochib-yumguncha quduq sahnini bir tekisda qoplab oldi.
– Yo, qudratingdan, Egam! – deya shivirladi Lallay hovuchida eritilgan simobdek yaltirab turgan suvga tikilib.
Chig‘iriqqa suyanib turgan Erat qovg‘a kechikib qolganidan betoqatlanib, quduqqa engashdi.
– Uxlab qoldingmi deyman, Lallay? Nega qovg‘ani uzatmayapsan?
– Qudug‘ingizdan suv chiqdi, amaki!
– Nima?.. Tentak-pentak bo‘lganing yo‘qmi, mabodo! – dedi Eratning ensasi qotib. – Hali tuproq nam tortgani yo‘q-ku, suvga balo bormi?
Nariroqda eshakni ushlab turgan Jonibek yugurib kelib, quduq tubiga tikildi.
– Qarang, ota! Suv! – deya chinqirdi u hayajon bilan.
Erat chag‘ir ko‘zlarini qisib, quduqqa qattiqroq tikildi.
G‘ira-shira quduq tubida qoramtir tusli suyuqlik jimirlab turardi.

* * *

Saraton jaziramasi borliqqa hukmni o‘tkaza boshlagan, dasht uzra qaynoq garmsel esyapti.
Qirning ustidagi yakka uydan Erat bilan Lallay chiqib kelishdi.
Lallay sada qayrag‘och tagidan ketmoni bilan jomakor kiyimlari solingan xaltani oldi. Erat befayz dashtga o‘ychan tikildi. Qirning etagida Jonibek bilan onasi yangi quduqdan qo‘ylarni sug‘ormoqda edi.
– Manavini olib qo‘y, Lallay, – Erat unga qog‘ozga o‘ralgan pulni uzatdi.
– Shart emas edi, amaki, – dedi Lallay o‘ng‘aysiz jilmayib.
– Ol, ol! – Erat pulni Lallayning xaltasiga solib qo‘ydi.
Shundan so‘ng ikkalasi quyiga tomon enishdi.
– Mendan xafa bo‘lma, Lallay, – dedi Erat o‘ziga-o‘zi gapirayotgandek past ovozda.
– Unday demang, amaki... Xafa emasman.
 Erat ilkis yurishdan to‘xtab, Lallayga ajablanib tikildi: “shuncha tahqiru zug‘umlarni jimgina ichiga yutib ketaversa... o‘zini xasdek haqir tutsa... bu qanday odam o‘zi?”
Ko‘nglidan kechgan savollarga javob topmoqchidek Lallayning ko‘zlariga qattiq tikildi. Lallay uning o‘ziga nashtardek qadalib turgan nigohiga dosh berolmay, ko‘zlarini olib qochdi. Daf’atan Eratning ko‘ngli ravshan tortib, miyig‘ida jilmaydi.
– Bora qol, Lallay, – dedi Erat uning yelkasiga beozor qoqib qo‘yib. – Bolalaring yo‘lingga ko‘z tikib o‘tirgandir.
Lallay quduq tepasida o‘ziga tikilib turgan Jonibekka iljayib qarab qo‘yib, yo‘lga tushdi.
O‘spirin dasht oralab ketgan tuproq yo‘lda tobora uzoqlashib borayotgan Lallayni kuzatib qoldi.

* * *

Tong otib, ufqda quyosh bosh ko‘tarayotgan mahal. Hovli etagidagi yo‘l bo‘yida Lallay hamqishlog‘i Turdiqul bilan gaplashib turardi. Turdiqul deganlari – ellik yoshlardan oshgan, ziyolinamo kiyingan, baqaloq bitishli bir kimsa. U qo‘llarini siltagancha zo‘r berib nimalarnidir uqtirar, Lallay yerga ko‘z tikkan ko‘yi sukut saqlab turardi.
– Boshqa payt bo‘lganida yo‘q demasdim, amaki, – dedi nihoyat Lallay ham tilga kirib. – Lekin shu kunlarda ilojim yo‘q...
– O‘zingni taroziga solma endi, Lallay! – dedi Turdiqul jig‘ibiyron bo‘lib. – Sen paxsaning loyini tayyorlab berib tursang, ustalar imoratni bir haftada bitiradi!
– Shu ishni sal keyinroq qilsak bo‘lmasmikin?
– Iloji yo‘q! – dedi Turdiqul aftini burishtirib. – Men Amir bilan shu haftaga kelishib qo‘yganman.
Lallay qo‘rada bog‘langan ola qo‘ziga yemish berayotgan xotiniga qarab qo‘yib, ovozini pasaytirdi:
– To‘g‘risini aytsam, o‘g‘limning ahvoli uncha yaxshi emas emish...
– Bir haftada osmon uzilib yerga tushmas! – dedi Turdiqul uning gapiga e’tibor bermay. – Haqingniyam oldindan berib qo‘yaman. Mana!
Turdiqul cho‘ntagidan bir dasta pul olib, Lallayning qo‘yniga tiqdi.
– Nima qilayapsiz, amaki? – shoshib qolgan Lallay uning qo‘lini qaytarishga urindi. – Kerak emas...
– Bu sening haqing, – dedi Turdiqul bo‘sh kelmay. – Baribir, qaytarib olmayman. Buyog‘i o‘zingga havola.
Turdiqul xayr-ma’zurni ham nasiya qilib, tuproq yo‘ldan shitob bilan jo‘nab qoldi. Lallay garangsigan qiyofada uyga tomon yurdi.

* * *

Shu kuni Amir boshliq hasharchilar Turdiqulning qishloq chekkasidagi yangi imoratini boshlab yuborishdi. Amir yoshgina yigit uzatayotgan loydan paxsa urar, ikki nafar bo‘z yigit g‘ayrat bilan loy pishitishardi. Lallay chuqurligi odam bo‘yi keladigan handaqdan tashqariga tuproq otish bilan band.
– Bo‘shashmanglar, yigitlar, – Amir loy pishitayotgan yigitlarga dalda berdi. – G‘ayrat qilsak, kechgacha uchinchi paxsani ham bitiramiz.
– Uddalaymiz, Amir aka! – dedi loy pishitayotgan Sanjar ishonch bilan.
– Loyni yaxshiroq pishitinglar, – dedi Anvar sheriklariga. – Belga yopishib qolayapti.
– Pishitayapmiz-ku! – e’tiroz bildirdi Baxtiyor. – Nima, sen bu loydan zuvala yasab, non yopmoqchimisan?
Shu payt Lallay xandaqdan boshini chiqardi.
– Buyoqqa qarab yuboring, amaki.
Yigitlarga nimadir demoqqa chog‘langan Amirning xayoli bo‘linib, Lallayga yuzlandi. Lallay besaranjom qiyofada unga mo‘ltirab qarab turardi.
– Nima gap, Lallay aka?
– Tezroq keling.
Amir devordan tushib, xandaq tomon yurdi. Yigitlar ham uning ortidan ergashishdi.
– Tinchlikmi? – so‘radi Amir Lallayga sinovchan tikilib.
– Manavinga qarang...
Lallay ko‘z qiri bilan pastga imo qildi. Xandaqning bir chekkasida sarg‘ayib ketgan bosh chanog‘i tuproqqa qorishib yotar, quyiroqda boldir suyaklari ham ko‘zga tashlanib turardi.
– Odamning kalla suyagi-ku! – dedi Anvar vahima bilan. Sheriklari ham besaranjom qiyofada bosh chanog‘iga angrayib qarab qolishdi.
– Xudo urdi! – Amir kutilmaganda dami chiqqan pufakdek bo‘shashib, xandaqning bo‘yida cho‘nqayib o‘tirib qoldi. Nogahoniy voqeadan hamon o‘ziga kelolmagan hasharchilar unga yuzlanishdi. – Palakat bosib, eski qo‘yindiga duch keldik. Ko‘z tegdi bizga! Ishimiz chappasiga ketadi endi.
– Nimaga unday deyapsiz, Amir aka? – dedi Baxtiyor ajablanib.
– Aqli bor odam yakkamozorning ustida yashamaydi... Turdiqul aka devorni buzdirib, xandaqni ko‘mdirib tashlaydi!
– Shuncha mehnatimizga kuyib qolamizmi?
Sanjar chala tiklangan imoratga alam bilan ko‘z yugurtirdi.
– Sen tez borib, Turdiqul akani chaqirib kel! – dedi Amir yonida serrayib turgan Baxtiyorga.
Baxtiyor istar-istamas qishloq tomon yo‘l oldi...
Birozdan so‘ng Turdiqul ham shoshilinch kelib qoldi.
– Nima bo‘ldi? Qani suyak? – dedi Turdiqul besaranjom qiyofada xandaqqa egilib. – Yo‘q-ku hech narsa!
Turdiqul xandaqning bir burchida tuproqqa qorishib yotgan bosh chanog‘ini ko‘rib, daf’atan seskanib tushdi. Qo‘rquvdan rangi bo‘zday oqarib, beixtiyor bir-ikki qadam ortga tisarildi.
– Tezroq ko‘zimdan yo‘qotinglar buni! – dedi u suyaklardan hazar qilgandek burnini jiyirib. – Ko‘rmayin ham, kuymayin ham.
– Qayoqqa yo‘qotamiz? – dedi Amirning ensasi qotib.
– Biror xoliroq joyga olib borib, ko‘mib tashlanglar! Bu gap oramizda qolsin.
Sanjar Amirga umidvor tikildi. Amir esa “siz nima deysiz?” degandek Lallayga yuzlandi.
– Unday demang, amaki, – dedi Lallay vazmin ohangda. – Buyam bir paytlar siz bilan menga o‘xshagan odam bo‘lgan...
– Nima, shu chirik suyaklarning tinchini o‘ylab, boshlagan uyimni buzdirib tashlaymi? – dedi Turdiqul Lallayga o‘qrayib. – Yoki shu yakkamozorning ustida yashashim kerakmi? Bu gap elga ovoza bo‘lib ketsa, men nima degan odam bo‘laman?
– Bu odam qiyomatda da’vo qilsa, nima deb javob berasiz, amaki?
– Otam zamonida o‘lib ketgan odam ham qayta tirilarmishmi? – dedi Turdiqulning ensasi qotib. – Shu gapga ishonganning o‘zi ahmoq!
Lallay Turdiqulga ozorlanib qarab qo‘yib, xandaqqa tushdi. Belbog‘ini yerga yozib, tuproq orasidagi suyaklarni uning ustiga taxlay boshladi.
– Nima qilmoqchisan? – so‘radi Turdiqul ajablanib.
– Qabristonga olib boramiz.
– Esingni yeb qo‘yibsan, Lallay! – dedi Turdiqul istehzo bilan kulib. – Bir kaming go‘rkovlik qilish qoluvdi.
– Siz aralashmang! – Amir Turdiqulni jerkib berib, Lallayga ko‘maklashish uchun xandaqqa tushdi.

* * *

Quyuq o‘sgan xas-xashaklari sarg‘aygan qabriston.
Bir-biri bilan tutashib ketgan sanoqsiz qabrlar yonida go‘daknikidek mo‘‘jazgina turbat paydo bo‘lgan. Lallay bilan Amir qabr boshida cho‘nqayib o‘tirishibdi. Lallay pichirlab duo o‘qiydi. Ularning yonida qaqqayib turgan Turdiqul ham allanechuk o‘ychan tortib qolgan edi.
Lallay bilan Amir yuziga fotiha tortishdi. Turdiqul ham beixtiyor qo‘llarini yuziga siypab qo‘ydi. Shundan so‘ng Amir yerda yotgan belkurakni olib, qaddini rostladi.
– Turing endi, Lallay aka. Tezroq bormasak, loy qotib qoladi.
Biroq Lallaydan sado chiqmadi.
– Suyaklarni ko‘mding, yana nima kaming qoldi? – dedi Turdiqul peshanasini tirishtirib. Amir unga “Lallayni o‘z holiga qo‘ying” degandek imo qilib, qabriston darvozasi tomon yurdi. Turdiqul ham noiloj unga ergashdi. Lallay bir muddat sukut saqlab o‘tirdi.
– Shunday qilib, sizni tuproqdan olib yana tuproqqa topshirdik, amaki, – deya tilga kirdi u qarshisidagi ixcham qabrga tikilib. – Har bandani bu dunyodayam, u dunyodayam ko‘pdan ayirmasin... Odam o‘lganidan keyin qiyomatgacha qabri uning uyi bo‘ladi deyi­shadi. Uy bo‘lganidan keyin tomiyam bo‘lgani yaxshi-da, tiriklar bilib-bilmay bosib o‘tmaydi. – Lallay o‘zicha qabrning chimlarini tekislagan bo‘ldi. – Anchadan beri ko‘nglim g‘ash, amaki. O‘ylasam, kechalari uyqum qochadi. Aytay desam, eshitadigan odam yo‘q. O‘zidan ortib, sening dardingga quloq soladigan mard topilmaydi.
Esimni taniganimdan beri elning qudug‘ini qazaman. Ilgari quduqlarning suvi mo‘l bo‘lardi. Besh-o‘n quloch kovlashim bilan yerning tagidan chashmaday qaynab chiqaverardi. Suvi toshib chiqquday qalqib turgan quduqlarga qaragan odamning vahmi kelardi. Suvi novvot solib eritilganday totli edi, ichgan odamning tani rohat qilardi.
Hozir negadir yerning avzoyi o‘zgargan. Kun sayin suvi tortilib, quduqlardan baraka ko‘tarilayapti. Otam zamonidan beri tuproqning tagida tinim bilmay oqib yotgan dar­yolar ham qurib borayotganga o‘xshaydi. Quduqdan suv chiqarish ham mahol bo‘lib qoldi. Sho‘r quduqlar ko‘paygan. Odamlar buning sababini osmondan qidiradi. Qudug‘idan suv chiqmasa, bulutlardan domangir bo‘ladi.
Shu choqqacha ham qurg‘oqchilikning ko‘pini ko‘rdim. Osmonning suvi o‘zini aziz qilib, hamal chiqmay o‘t-o‘lanlar qovjirab qolgan paytlar bo‘ldi. Lekin o‘sha vaqtlarda ham quduqlar bunchalik tortilib ketmagan edi. Ishqilib, yerga nimadir bo‘layapti. Erta-bir kun quduqlar butkul qurib qolsa nima bo‘ladi? Odamlarning holi nima kechadi? Hayot deganlari ostin-ustun bo‘lib ketmaydimi? O‘ylasam, vahmim keladi...
Dardlarimni dasturxon qilib, sizniyam muztar qildim, amaki. Sizni o‘zimga yaqin olib, yuragimning chigilini yozgim keldi. Shuyam ko‘ngilga taskin-da. Siz gaplarimni o‘zingizga olib, ko‘p o‘ylab yotmang.
Endi men qaytsam... Lekin siz “shu bilan Lallayning ham daragi o‘chdi” degan xayolga bormang. Oqibatsizlik bizga yarashmaydi. Hali yana oldingizga kelaman. Ikkovimiz yana to‘yib-to‘yib gurunglashamiz. O‘shanda faqat yaxshi gaplardan gaplashamiz. Lallaydan rozi bo‘ling, amaki!
Lallay og‘ir qadamlar bilan qabristondan chiqdi. Pastakkina turbatni bag‘riga olgan qo‘hna qabriston sukutga toldi.

* * *

...Zimiston tun emish. Lallay noayon bir manzilda adashib yurganmish. U so‘qir kabi qo‘llarini oldinga cho‘zgancha tusmollab qadam tashlaydi. Dam-badam to‘xtab, zulmat qa’riga tikiladi. Nogahon uzoqda yalt-yult alangalanayotgan gulxanga ko‘zi tushdi. Yiqilib-surinib o‘sha tomonga intildi.
Lallay bir-biriga to‘sh berib yotgan qabrlarni oralab o‘tib, gulxanga yaqinlashdi. Yaqinda o‘zi qazigan mo‘‘jaz qabr yonida ikki kishi olov yoqib o‘tirardi. Biri keng yelkali, barvasta qomatli kishi, ikkinchisi yosh, ozg‘in bir yigit. Ikkalasi ham jimgina olovga tikilib o‘tirishibdi.
Yigit gulxandan ko‘z uzib, Lallayga qaradi.
– Shodmonjon? – dedi Lallay hayron bo‘lib. – Bu yerda nima qilayapsan, o‘g‘lim?
Shodmon uning savoliga javob bermay, yana olovga yuzlandi.
Lallay o‘g‘lidan ko‘z uzib, qavatida o‘tirgan odamga qaradi. Oltmish yoshlardan oshgan, mosh-guruch soqoli o‘ziga yarashgan, mo‘min qiyofali bir kishi. Chehrasi judayam tanish. Kelbati Lallayga o‘xshabroq ketadi. Ajabo, kim bo‘ldiykin bu odam?
Shu payt qabristonning allaqaysi burchidan ayol kishining g‘ussali nolasi eshitildi. Lallay jonsarak qiyofada tevarakka alangladi. Shu zahoti ko‘z o‘ngidagi manzara izsiz g‘oyib bo‘lib, atrofni yana quyuq zulmat qopladi.
Lallay cho‘chib uyg‘ondi. U tush ko‘rayotgan edi...
Lallay kalima qaytarib, asta o‘rnidan turdi-da, tashqariga chiqdi.
Hali tong yorishmagan, borliqqa quyuq zulmat cho‘kkan edi.
Lallay hovli o‘rtasidagi supaga borib o‘tirdi. Ko‘nglida allanechuk alag‘dalik paydo bo‘lgan edi. O‘zicha ko‘rgan tushining mag‘zini chaqishga urindi. Biroq shuuri qotib qolgandek, xayoli o‘ziga bo‘ysunmasdi.
Shu payt xotini ham uydan chiqdi.
– Allamahalda tashqarida nima qilib o‘tiribdi? – dedi Toshbuvi unga xavotir bilan tikilib.
– Uyqum qochdi. Sen boraver...
– Bu kishiga nima bo‘layapti? – dedi Toshbuvi zorlanib. – Shu kunlarda xayoli o‘zida emas. Ahvolini ko‘rib yuragim eziladi. Dardini menga aytmasa, kimga aytadi?
Lallay xotiniga nima deyishni bilmay ikkilandi.
– Ko‘nglim notinch, xotin, – dedi nihoyat og‘ir tin olib. – Yursam ham, tursam ham shu voqea ko‘z oldimdan ketmayapti. Ruhi ozorlanganmi, oqshom tushimga kiribdi.
– Tushga har narsa kiraveradi, – dedi Toshbuvi unga taskin berishga urinib. – Ko‘ngliga olmasin. Undan ko‘ra, ola qo‘zini so‘yib, xudoyi qilib yuborsin. O‘zigayam, Shodmonjongayam yengillik bo‘ladi.
– Uni o‘g‘limizning kelishiga so‘yamiz deb niyat qilib qo‘ygan edim, – dedi Lallay ikkilanib.
– Jonliq bo‘lsa topiladi. Baxtimizga bu kishi omon bo‘lsin.
Lallay o‘ylanib qoldi.
– O‘ylab qarasam, umrim quduqda kechgan ekan, – dedi u past ovozda. – Tuproq kovlash bilan andarmon bo‘lib, dunyoning o‘zgarganini sezmay qolibman. Odamlar ham avvalgiday emas. Ularning ko‘ksidagi quduq quriy boshlaganday. Men shu quduqlardan suv chiqaraman deb behuda urinayotganga o‘xshayman... Keyingi vaqtlarda quduqdan chiqqim ham kelmay qoldi.
Toshbuvi bir burdagina bo‘lib o‘tirgan eriga ma’yus tikildi...

* * *

Shu kuni Lallay xotinining maslahati bilan xudoyi tadorigini boshlab yubordi. Ertalab To‘lan qassobni aytib kelib, bisotidagi bittayu bitta ola qo‘zini so‘ydirdi.
Toshbuvi o‘choqqa qozon osib, sho‘rva qaynatishga tushdi. Dilmurod odamlarni xudoyiga aytib kelish uchun jo‘natildi.
– Bu ishingni eshitsa, odamlar ustingdan kuladi, – dedi so‘rida sho‘rvaga sabzi archiyotgan To‘lan qassob. – “Lallay bir uyum suyaklarga aza ochibdi” degan malomatga qolib ketishing mumkin.
– Elning og‘ziga elak tutib bo‘larmidi, amaki, – dedi Lallay pinagini buzmay. – Kim nima desa deyaversin.
– Qarab turib senga rahmim keladi, Lallay. Bola desam bola emassan, katta desam katta emassan...
– Bandaga bandaning rahmi kelsa, xudoning qahri kelarmish, – dedi Lallay o‘ylanib. – Nima qilay, mening bo‘lganim shu, amaki.
Shu payt Turdiqul vajohatli qiyofada kelib qoldi. Lallay o‘rnidan turib, unga peshvoz yurdi.
– Keling, amaki.
– Nega hasharga bormading? – deya o‘shqirdi u Lallayga vajohatli tikilib. – Ustalarga loyni katta xolang tayyorlab beradimi?
– Shashtingizdan tushing, amaki. Avval bundoq gapni eshiting...
– Pulingni oldindan qurtday sanab olgan bo‘lsang, yana nima kaming qoldi? – dedi Turdiqul battar avjlanib.
– O‘zingni bos, Turdiqul, – dedi To‘lan qassob og‘ringan qiyofada. – Boyaqishni hech bo‘lmasa buguncha tinch qo‘y.
– Bu nima deganingiz? – Turdiqul unga hayron bo‘lib qaradi.
– Lallay sening uyingdan chiqqan marhumga bag‘ishlab xudoyi qilayapti.
– Nima?! – nogahon Turdiqul chayon chaqqandek sapchib tushdi. G‘azabdan rangi gezarib, ko‘zlariga qon tepchidi. – Bu gapni darrov elga ovoza qildingmi, betiqora?
– Siz unday xayolga bormang, amaki...
– O‘ldiraman seni!
Turdiqul Lallayga tashlanib, uning yuziga shapaloq tushirdi. To‘lan qassob Turdiqulni bir amallab Lallaydan ajratib oldi-da, chetga sudradi.
– Sen bola quturganing yo‘qmi, mabodo! Bu nima qilganing?
Lallay o‘choqboshida haykaldek qotib qolgan xotiniga qarab ayanchli iljaydi.
– Qo‘yib yuboring meni! – deya baqirdi Turdiqul To‘lan qassobning quchog‘idan chiqishga urinib. – Bu ovsarni o‘sha chirik suyaklarning qavatiga joylab kelaman!
– O‘zingni bos! – dedi To‘lan qassob uni mahkam quchoqlab. – Birovning ma’rakasida janjal ko‘tarishga uyalmaysanmi?
– Qanaqa ma’raka?..
Turdiqul daf’atan hovuridan tushib, hovliga olazarak alangladi. O‘choqqa tezak qalayotgan Toshbuviga ko‘zi tushib, bir muddat unga tikilib qoldi. So‘ng Turdiqulning quchog‘idan yulqinib chiqib, o‘choqboshiga yugurdi. Toshbuvini itarib yuborib, eski tog‘oradagi tezakni qaynab turgan doshqozonga ag‘dardi.
 Toshbuvi jon achchig‘ida chinqirib yubordi.
 – Mana senlarga ma’raka! – deya Turdiqul telbavor qiyofada cho‘mich bilan doshqozondagi sho‘rvani shopira boshladi. – O‘zim senlarga tezak sho‘rva pishirib beraman! Tezroq kosalaringni olib kelinglar!
– Uying kuygur Turdiqul! Ko‘zing ko‘r bo‘lgur Turdiqul! – deya Toshbuvi yer mushtlab qarg‘ashga tushdi. – Iloyim, seni shu taomning uvoli tutsin.
– Ovozingni o‘chir, sassiq kampir! – deya o‘shqirdi Turdiqul unga. – Yo‘qsa, seniyam tezak sho‘rvaga qo‘shib qaynataman.
Lallay xotiniga yaqinlashib, uni suyab o‘rnidan turg‘azdi. So‘ng doshqozonning boshida cho‘mich tutgancha tirjayib turgan Turdiqul tomonga yurdi.
– O‘zimni behurmat qilding, indamadim, – dedi u g‘azabga kelib. – Lekin bir begunoh o‘likning ruhini tahqirlashga qanday hadding sig‘di, nokas?
– Tiling chiqib qolibdimi, enag‘ar?
Turdiqul cho‘mich o‘qtalgancha Lallayga tashlandi. Biroq Lallay uning qo‘lidan cho‘michni tortib olib, bir chekkaga uloqtirdi.
– Sen hali mening uyimda odamlarga tezak sho‘rva ichiradigan bo‘ldingmi? – deya Lallay Turdiqulning yoqasidan bo‘g‘ib, doshqozon tomonga sudroqlashga tushdi. – Avval o‘zing ichasan!
– Yoqamni qo‘yib yubor deyapman! – dedi Lallayning vajohatidan qo‘rqib ketgan Turdiqul ko‘zlarini olaytirib.
Es-hushini yig‘ib olgan To‘lan qassob hay-haylab oraga tushdi.
– O‘zingni bos, Lallay. Bu it bilan teng bo‘lma!
Lallay shu topda gap uqadigan ahvolda emas edi. U To‘lan qassobni chetga surib, Turdiqulni biqirlab qaynayotgan doshqozonga bosa boshladi. Nafasi qaytib, yuzi bo‘g‘riqib ketgan Turdiqul ayanchli g‘ingshigancha zo‘r berib Lallayning changalidan xalos bo‘lishga urinardi.
 Toshbuvi ham kelib Lallayning qo‘liga yopishdi.
 – Unday qilmasin! – dedi u zorlanib. – Bu sho‘rtumshuqni o‘ldirib qo‘ysa baloga qolamiz.
Biroq shu topda Lallayning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmas, u gap uqadigan ahvolda emas edi.
Turdiqul qo‘llarini o‘choqning qirrasiga tiragancha jon-jahdi bilan qozondan boshini olib qochishga urinardi. Qaynoq sho‘rvaning hovuri yuz-ko‘zlarini kuydira boshlagach, u g‘ayritabiiy ovozda o‘kirib yubordi.
 Shu payt Quvvat amaki halloslab kelib qoldi.
– Toshkentdan xabar keldi, Lallay! – dedi u qo‘lidagi bir parcha qog‘ozni silkitib shosha-pisha. – O‘g‘ling og‘irlashib qopti. Tez yetib borishing kerak ekan!
Lallayning tevaragida girgitton bo‘lib yurgan Toshbuvi bu xabarni eshitgach og‘ir uh tortib, yerga o‘tirib qoldi. Lallay Turdiqulni qo‘yib yuborib, bu gapning ma’nosini tushunolmagandek Quvvat amakiga angrayib tikildi. Muqarrar falokatdan qutulib qolgan Turdiqul qoqinib-surinib darvoza tomon qochdi.

* * *

RAF rusumli eskigina mashina tog‘-toshlar oralab o‘tgan asfalt yo‘ldan yelib borardi. Haydovchining qavatidan joy olgan Quvvat amaki tevarakdagi manzaralarga o‘ychan tikiladi.
Mashina salonida sariq tusli choyshab bilan o‘ralib, ustidan chopon tashlab qo‘yilgan jasadni bag‘riga bosib o‘tirgan Lallayning xayolidan o‘g‘li bilan bog‘liq xotiralar birin-ketin lipillab o‘tardi.
Kunlardan birida Lallayning uyi yoniga traktor kelib to‘xtadi. Ro‘zg‘or lash-lushlari uyib ortilgan pritsepda yuziga ro‘mol yopilgan ayol bilan besh yoshlar chamasidagi go‘dak o‘tirishardi. Uy oldida poylab turgan xotinlar shu zahoti ayolni traktordan tushirib, ichkariga yetaklab ketishdi. Traktorchi go‘dakni azot ko‘tarib, uyning panasida xijolatli iljayib turgan Lallay tomon yurdi.
 – Endi mana bu odam senga ota bo‘ladi, – dedi u bolakayni Lallayning yonida yerga qo‘yib. – Bora qol, Shodmonboy.
 Go‘dak oqsoqlangan ko‘yi itoatkorlik bilan Lallay tomon yurdi. Lallay ham jilma­yib uning boshini siladi...
Hovlida o‘rmak qurib, gilam to‘qiyotgan Toshbuvi yonida o‘tirgan Lallayga maqtanardi:
– Shodmonimning sarpolarini taxt qilib qo‘yganman. Xudo xohlasa, kelishi bilan uylantiramiz. O‘g‘limga qishloqning eng suluv qizini kelin qilaman!..
Shodmonning jasadini bag‘riga bosib o‘tirgan Lallay og‘ir tin olib, hasratli ovozda shivirladi:
– Onang senga qizlar saylab yurgan edi-ku, o‘g‘lim! Endi uning ko‘ziga qanday qarayman...

* * *

Tez orada qabristondagi go‘dak turbatini eslatuvchi tanish mozor yonida yangi qabr paydo bo‘ldi. Lallay titroq qo‘llari bilan o‘g‘lining mozorini silab-siypalab, mo‘‘jaz qabrga yuzlandi.
– Shodmonjonim sizga omonat, amaki. O‘g‘lim bu dunyoda ro‘shnolik ko‘rmadi. Endi u yoqlarda ko‘ngli o‘ksimasin.

* * *

Oradan bir oycha vaqt o‘tdi.
Choshgoh mahali Lallay so‘rida choy ichib o‘tirardi. Azadorlik belgisi sifatida boshiga oq ro‘mol o‘ragan Toshbuvi oshxonadan qo‘shaloq chelak ko‘tarib chiqib, pastga enib ketdi.
Lallay qishloq oralab o‘tgan tuproq yo‘lda ketib borayotgan xotinini kuzatib o‘tirdi. Toshbuvi muyulishda burilib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, asta o‘rnidan turdi.
Sada qayrag‘och shoxiga osilgan kalta sopli ketmonini qo‘liga olib, quyiga tomon yurdi.
Uyining ro‘parasidan o‘tgan tuproq yo‘l bo‘yidagi sayhonlikni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. Bir qarorga kelib, shaxt bilan yerga ketmon urdi. Bo‘z yer metindek qattiq edi, ketmon go‘yo toshga urilgandek sapchib ketib, Lallayning suyaklarini zirqiratib yubordi. Lallay egnidagi kamzulini yechib, yenglarini tirsagigacha shimardi-da, jahd bilan ishga kirishdi. U har gal ketmon urganida yerdan tankillagan ovoz chiqar, zo‘rg‘a uvalangan kesak parchalari yuz-ko‘ziga sachrardi. Lallay go‘yo qasdlashgandek yerga yanayam qattiqroq ketmon urardi.
Lallay terga botib, jon-jahdi bilan ishlardi. Quduqning chuqurligi tizzaga yetgach, metin qatlam tugab, tuproq ancha yumshab qoldi.
Katta yo‘l bo‘yidagi quduq odatdagidan ancha kengroq olingan, uncha-muncha odamning qulochi yetmasdi.
Daladan bir quchoq o‘t ko‘tarib qaytgan Dilmurod otasiga ko‘zi tushib, uning oldiga yugurdi.
– Nima qilayapsiz, ota? – so‘radi u qiziqish bilan.
– Quduq qazayapman, o‘g‘lim.
– O‘zimizgami? – dedi Dilmurod quvonib.
Lallay o‘g‘liga iljayib qarab qo‘yib, ishini davom ettirdi.
– Nega quduqni yo‘lning bo‘yidan kovlayapsiz?
– Chunki bu quduqdan boshqalar ham suv ichishi kerak-da.
Qo‘shnilarning qudug‘idan suv olib qaytgan Toshbuvi supa labiga omontagina cho‘kib, yo‘l bo‘yidagi manzaraga bir muddat o‘ychan tikilib qoldi.
Quduq asta-sekin chuqurlab, go‘yo Lallay yer qa’riga singib borayogandek edi. Nihoyat, Lallay quduq ichida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Quduqdan otilayotgan laxta-laxta tuproq chekkaroqdagi uyumning ustiga borib tushardi. Dilmurod quduq bo‘yida cho‘nqayib o‘tirardi.

* * *

Kun peshinga chamalab, jazirama zabtiga olgan pallada Lallay xotini va bolalari bilan birga quduq kovlardi. Dilmurod eshakda qovg‘a tortar, Toshbuvi bilan Zulfiya quduqdan paydar-pay chiqib kelayotgan tuproq to‘la qovg‘ani chig‘iriqdan olib, bir chekkaga olib borib to‘kishardi. Quduq anchagina chuqurlab, tuproq uyumi kattalashib qolgan edi.
Shu payt Quvvat amaki bilan Amir uch-to‘rt nafar yigitlarni ergashtirib kelib qolishdi.
– Hormanglar-ov! – dedi Quvvat amaki quduqqa yaqinlashib.
– Salomat bo‘ling, keling, Quvvat amaki...
Toshbuvi boshidagi ro‘molini to‘g‘rilab, o‘zini chetga oldi.
Hasharchilar birin-ketin quduqqa mo‘ralashdi.
– Quduqning suvi totli bo‘lsin, Lallay aka! – dedi Amir jilmayib.
– Aytganingiz kelsin, amaki, – dedi quduq kovlayotgan Lallay tepaga yuzlanib.
– Quduq boshlab qo‘yganingizni eshitib, aytmasangiz ham hasharga kelaverdik.
– Rahmat, amaki.
Tuproq yo‘lda eshak mingan Doniyor buva, ulardan orqaroqda ketmon-belkurak ko‘targan besh-olti yigit ko‘zga tashlandi.
– “Lallay o‘ziga atab quduq kovlayotgan emish” degan gapni eshitib odamlarning tinchi buzilgan, – dedi Quvvat amaki kulib. – Hasharga boraman deganning sanog‘i yo‘q. O‘ziyam butun qishloq ko‘chib keladiganga o‘xshaydi.
– Quduqdan chiqing, Lallay aka, – dedi Amir egnidagi kamzulini yecha turib.
– Shart emas, amaki...
– Bo‘ling endi! – deb Amir Toshbuviga yuzlandi. – Siz boravering, yanga.
Toshbuvi bilan Zulfiya uyga tomon ketishdi.
Birozdan so‘ng Lallay ham ketmonini beliga qistirib, quduqdan chiqdi.
Ko‘z ochib-yumguncha quduqning bo‘yi ancha gavjumlashib qoldi. Yosh-yalang gangir-gungir suhbatlashib galma-gal qovg‘a tortishar, davrada bot-bot kulgi yangrardi.
 Bu orada Toshbuvi bilan Zulfiya bir chekkaga ko‘rpacha-gilam yozib, joy hozirlashdi. Quvvat amaki bilan Doniyor buva o‘sha yerga o‘tishdi.
– Sen ham o‘tir, – dedi Doniyor buva quduq yonida nima qilishni bilmay ikkilanib turgan Lallayga. – Buyog‘ini yoshlarning o‘zlari eplaydi.
Lallay ham noiloj ularning yonidan joy oldi.

* * *

Ko‘pdan quyon qochib qutulmas, deb bekorga aytishmagan ekan. Hasharchilar ertadan-kechgacha tinimsiz ishlab, nihoyat uchinchi kun kechga yaqin quduqdan suv chiqarishdi...
Doniyor buva bilan Quvvat amaki chig‘iriqqa suyanib quduqqa mo‘ralashdi. Keng-mo‘l, chuqur quduq tubidagi suv g‘ira-shira yorug‘da simobday yaltirab turardi.
– Astag‘firullo! – dedi Doniyor buva o‘zini chetga olib. – Quduq ham shunaqa vahimali bo‘ladimi? Qaragan odamning vahmi keladi.
– Devquduq bu, Doniyor aka, – deya kuldi Quvvat amaki.
– Chindanam devquduq bo‘pti.
Bir chekkada kalta sopli ketmonning loyini tozalayotgan Lallay o‘zicha iljaydi.
Yigitlardan biri chelakda tindirib qo‘yilgan suvni olib keldi.
– Devquduqning suvidan tatib ko‘ring, Doniyor buva.
Doniyor buva shoshilmasdan yerga chordona qurib o‘tirdi-da:
– Bismillohir rohmanir rohim! – deya chelakdagi suvni ho‘pladi. Mazasini bilmoqchidek ko‘zlarini yumib, tamshandi. Hasharchilar uning harakatlarini qiziqish bilan kuzatib turishardi. Lallay ham ketmon tozalashni yig‘ishtirib, Doniyor buvaga termilib qolgan edi.
Nihoyat, Doniyor buva ko‘zlarini ochib, Lallayga yuzlandi.
– Bu o‘sha suv, – dedi u allanechuk shikasta tovushda. – Oxiri topding-a, Lallay!
 Daf’atan Lallayning ham ko‘ngli buzildi. Tomog‘iga nimadir qadalgandek yutinib qo‘yib, yosh halqalangan ko‘zlarini yerga tikdi.

* * *

Lallay qabriston oralab kelib, Shodmonning qabri tepasida cho‘kkaladi.
– Qudug‘ingning suvi shirin chiqdi, o‘g‘lim, – dedi u jilmayib. – Qishloqda hamma sening qudug‘ingdan suv ichayapti. U hech qachon qurimaydi. Chunki tubidagi chashmalarning hisobi yo‘q. Men umr bo‘yi shu suvni axtarib yashagan edim. Nihoyat, uni topdim. Endi buyog‘iga ko‘nglim xotirjam...
Shu payt yengil shabada turib, qabr ustidagi qovjiragan o‘tlar ohista chayqala boshladi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 2-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.