Yashil maysa bilan qoplangan keng dala. Uzoqda qorli tog‘lar ko‘zga tashlanadi.
Toshmurod polvon chiroyli saman toy yetaklab kelyapti. Yurishlari viqorli. Saman toyning peshonasidagi oppoq qashqasi go‘yo yulduzdek charaqlaydi, mayin yoliyu uzun dumlarini shamol hilpiratib o‘ynaydi.
Toshmurod polvonning chehrasida quvonch, g‘urur aks etgan. Qarshisida onasi Ro‘zixol momo, xotini Saodat va beshala qizlari unga jilmayib tikilib turishibdi. Toshmurod polvon bir Saman toyga, bir ularga qarab, allanechuk xijolatli iljayadi. Qaerdandir paydo bo‘lgan Qorako‘z yo‘rtib kelib, Saman toyga tumshug‘ini cho‘zgancha, uni iskalaydi. Saman toy yoldor bo‘ynini gajak qilib kishnaydi...
Toshmurod polvon uyg‘onib ketdi. Bir muddat karaxt holda o‘tirdi. Ko‘rganlari shunchaki tush ekanligini payqagach, yelkasiga choponini tashlab tashqariga chiqdi.
Tong bo‘zarib kelmoqda edi. Olis-yaqindan xo‘rozlarning qichqirig‘i eshitilardi.
Xojasining qorasini payqagan Qorako‘z sayisxonada betoqatlanib pishqirdi. Toshmurod polvon o‘sha tomon yurdi. Otining yonga og‘ib qolgan jabdug‘ini to‘g‘rilab, ayilini tortdi. Uning yolini ohista siladi.
— Bugun bir tush ko‘ribman, Qorako‘z. Tushimda Saman toy yetaklab yurgan emishman... Tongda ko‘rilgan tush xosiyatli bo‘ladi, deyishadi...
* * *
Oqshomlari yerga qirov qo‘nib, osmonda mezonlar ucha boshlagan kuz kunlaridan biri. Baland qirlar poyidagi keng-mo‘l, tekis maydonda ko‘pkari davom etayapti. O‘rtaga tashlangan uloq ustida yuzlab chavandozlar va otlardan iborat izdihom ulkan to‘lqindek chayqaladi.
Chavandozlar tinimsiz davra o‘rtasiga niqtayotgan uloqchi otlar betoqat pishqirgancha, o‘mrovi bilan boshqa otlarni chetga surib, oldinga intildi. Lekin orasidan qil ham o‘tmaydigan zich jonli xalqani yorib o‘tish oson emas edi.
Egniga janda chopon kiyib, boshiga g‘ozi uchgan qorako‘l telpak bostirib olgan yoshgina chavandoz terga botgan saman otining jilovini siltab uloq tomonga intildi. Ammo saman o‘ziga yo‘l ocholmay, ortga tisarildi. Yigit otni beayov qamchilagancha, yana jilovni izdihom sari burdi. Saman tulpor ko‘kka sapchib, jon holatda davra o‘rtasiga yo‘l oldi.
Barvasta qomatli, qorachadan kelgan Beshim chavandoz ta’rifi tillarda doston bo‘lgan To‘riq qashqasi bilan uloqni davradan ayirib chiqdi. Payt poylab turgan chapdast chetgirlardan biri uloqqa yopishdi. Qirning ustida qaldirg‘ochdek tizilishgan tomosha¬binlar orasida baqir-chaqir, qiyqiriqlar avjiga chiqdi.
Beshim chavandoz hayqirgancha bor kuchi bilan uloqni siltab o‘ziga tortdi. Chetgir chavandoz bunday kuchga dosh berolmadi, uloq uning qo‘lidan sirg‘alib chiqib ketdi. Bedov ham go‘yo shuni kutib turgandek, yeldek uchib, ilgarilab ketdi.
— Halol! Beshim polvonning zoti halol! — deya qichqirdi uning ortidan ot qo‘yib borayotgan Qo‘chqor bakovul.
Beshim chavandoz uloqni yerga tashlab, To‘riq qashqa bilan davrani bir bor aylanib chiqdi. Tomoshabinlarning olqishi atrofni tutib ketdi.
— Ay, og‘aynilar, yuragida o‘ti bor chavandozlar, Beshim polvon uloqni halollab ayirdi! — deya xitob qildi Qo‘chqor bakovul atrofini o‘rab olgan chavandozlarga. — Siz ham undan ibrat oling. Ko‘pkari — mardlarning ermagi. G‘irrom aralashtirib, o‘zingizni el oldida beobro‘ qilmang. Bilib qo‘ying, uloq sovrin uchun chopilmaydi, oriyat uchun chopiladi... — Qo‘chqor bakovul uloqni taqimiga bosib oldinga yurdi. — Rahimboyning ko‘pkariga atagani hammangizga yetib-ortadi! — Egniga hashamdor to‘n kiyib, boshiga cho‘g‘dek do‘ppini qo‘ndirib olgan Rahimboy ot ustida viqor bilan o‘ngu-so‘lga ta’zim qildi. — Kep qoling, zo‘rlaringiz op qoling!
Beshim chavandoz qirda o‘tirgan tomoshabinlar yoniga To‘riq qashqani yo‘rttirib bordi. O‘zining sha’niga yangrayotgan olqishlarga javoban odamlarga ta’zim qilib, ikki kishi yetaklab kelgan qo‘chqorni dast ko‘tarib, oldiga o‘ngaradi-da, otiga qamchi bosdi.
Odamlar orasida g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi.
—To‘riq qashqaning oldida har qanday tulpor yoshiga yetmagan toychoqning holiga tushib qoladi, — dedi ulardan biri. — Jonivor ko‘pkari uchun yaralgan-da.
— Aytishlaricha, Beshim chavandoz uloqni taqimiga bostirsa, oti qanot chiqarib ucharmish! — dedi boshqa bir tomoshabin.
— Qanot bitsa, shunday jonivorga bitadi-da — dedi boyagi kishi sherigining gapini ma’qullab.
Qirning betkay tarafida Rahmat qassob Qashqa do‘nonini qichab, Beshim chavandozga peshvoz chiqdi. Beshim chavandoz gap-so‘zsiz oldiga o‘ngarilgan qo‘chqorni Rahmat qassobga uzatdi.
— Boshlanishi yomon emas, — deb kuldi Rahmat qassob jon holatda tipirchilayotgan xisori qo‘chqorning quyrug‘iga shapatilab qo‘yarkan. — Bu yog‘igayam omadingizni bersin, quda.
Beshim polvon davra sari intilayotgan To‘riq qashqaning jilovini bo‘shatib, sag‘risiga qamchi bosdi. Shuni kutib turgan jonivor oldinga o‘qdek uchdi. Rahmat qassob To‘riq qashqaning ortidan otilgan Qashqa do‘nonining jilovini qo‘sh-qo‘llab tortib, zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi.
— Shoshma, jonivor. Yana biron yil sabr qilsang, bo‘z yigitdek kuchga to‘lasan. Ana unda sen bilan Alpomishning Boychiboriyu, Go‘ro‘g‘lining G‘iroti ham bo‘ylasha olmaydi.
Beshim chavandoz junbushga kelgan bo‘ron yanglig‘ shitob bilan davraga yorib kirdi-da, ko‘z ochib-yumguncha uloqni taqimiga bostirib ajralib chiqdi. Ulkan izdihom "gurr" etib qo‘zg‘aldi. To‘riq qashqa go‘yo chindan ham qanot bog‘lab uchardi. Beshim chavandozni ta’qib qilayotgan chetgirlar ham uloqdan umid uzib, otlarining jilovini tortishdi.
Qo‘chqor bakovulning xirqiroq tovushi yangradi:
— Hal-o-l!..
* * *
Tepalikning odamlardan xoli chekkasida Toshmurod polvon Qorako‘z laqabli otini sovutmoqda edi. Rangi tim qora, selkillab osilib tushgan chiroyli yoli o‘ziga yarashgan Qorako‘z arqonidan ushlab turgan xo‘jasining atrofida bo‘ynini gajak qilgancha doira qurib bir maromda aylanardi.
Toshmurod polvon Qorako‘zning badanini obdon qizdirib olgach, egar-jabdug‘ini bostirib, ayilini tortdi. Uzangiga oyoq qo‘yish oldidan odaticha Qorako‘zning yolini silab, mudom yoshlanib turadigan tim qora ko‘zlariga tikildi.
— Sen shu paytgacha yuzimni yerga qaratmading... Bugun ham meni uyaltirib qo‘yma, Qorako‘z!
Shundan so‘ng Toshmurod polvon chaqqonlik bilan otga minib, pastga endi.
Qirda o‘tirgan odamlar orasida yana g‘ala-g‘ovur boshlandi.
— Qaranglar, mang‘itqishloqlik Toshmurod polvon kelayapti! — dedi pista chaqib o‘tirgan o‘spirin hayajonini yashirolmay.
— Ha, chindanam, Toshmurod polvon ekan, — deb uning gapini ma’qulladi qo‘lini qoshiga soyabon qilib o‘sha tomonga tikilib turgan yigit. — Qorako‘zni minib olgan.
— Beshim chavandozning kushandasi ana endi topildi, — dedi maysa ustida yonboshlab yotgan oliftanamo kiyingan, shopmuylovli kishi.
— Sovrin ikkalasidan birida ketishi aniq, — dedi tizzasini quchoqlagan kuyi davraga termulib o‘tirgan keksa chol salmoqlab.
Nuroniy chol cho‘ntagidan nosqovog‘ini olib, nos otdi.
* * *
Hozirgina uloq ayirgan Beshim chavandoz xoliroqqa chiqib, terga botgan To‘riq qashqaning jilovini Rahmat qassobga tutqazdi.
— Yaxshilab sovuting, — dedi peshonasining terini arta turib. So‘ng gijinglagan saman ot ustida g‘o‘dayib turgan qoramag‘izdan kelgan, o‘ttiz yoshlar atrofidagi yigitga yuzlandi. — Hoy, Nuraliboy, samaningni olib kel!
Nuraliboy shoshib otdan tushdi-da, tavoze bilan jilovni Beshim chavandozga tutqazdi. Beshim chavandoz chag‘ir ko‘zlarini qisib, samanga sinchiklab razm soldi.
Nuraliboy go‘yo shu topda hayot-mamoti hal bo‘ladigandek besaranjomlanib qoldi.
— Boylovdan yaxshi chiqaribsan, — dedi otning holatidan ko‘ngli to‘lgan Beshim chavandoz loqayd ohangda. Nuraliboyning yuzida g‘olibona tabassum paydo bo‘ldi.
— Bizning samanni ko‘pkarining oxirgi sovriniga chopsangiz degandim, — dedi u kerilib.
Beshim chavandoz chapdastlik bilan otga mindi.
— Ko‘ngling to‘q bo‘lsin. Bugun Rahimning sovrinini sening samaning bilan ayiraman! — dedi u ishonch bilan. Otning jilovini ko‘pkari tomon burdi.
Beshim chavandoz davra yaqinida Toshmurod polvonga duch keldi.
— E, Toshmurodboy, siz ham shu yerdamidingiz? — dedi u kinoyali iljayib. — Boyadan beri uloqda ko‘rinmaganingizga, polvon oshnamiz bugun ot chopish o‘rniga uyida qizlariga enagalik qilib o‘tiribdimi, deb o‘ylovdim-a.
Ularni qiziqish bilan kuzatib turgan besh-olti chog‘li otliqlar zimdan o‘zaro ma’noli ko‘z urishtirib olishdi.
— Ha, biz ham keluvdik, — dedi Toshmurod polvon Beshim chavandozning qochirimini sezmaslikka olib. — Shunday ko‘pkari turganda uyda o‘tiramizmi?
— Ma’qul. Emasa, kuchingizni davrada ko‘rsatasiz-da.
Beshim chavandoz samanni davra sari yeldirib ketdi. Toshmurod polvon ham noiloj uning ketidan yurdi...
* * *
Quyosh ufqqa oqqanda Qo‘chqor bakovul uloqni taqimiga bostirib oldinga chiqdi.
— Rahimboy oxirgi sovringa ho‘kiz atagan. Kimda-kim uloqni davradan ayirib, "qora"ga olib borsa, sovrin shunga nasib etadi, — deb u ikki chaqirimcha narida boshi uzra oq yalov hilpiratib turgan otliqqa ishora qildi.
Toshmurod polvon bilan Beshim chavandoz beixtiyor ko‘z urishtirib olishdi.
Ko‘pkarida ming zot ayirgan bilan oxirgi sovrinning yo‘rig‘i boshqa. Oxirgi sovrinni yakkash chiqarib, "qora"ga eltgan chopag‘onning nomi ancha vaqtgacha tillardan tushmaydi. Oxirgi sovrin ko‘pkarilarda zotning saylamasini terib yurgan nomdor chavandozlar uchun ham, davralarda yiqilib-surinib, asta-sekin toblanib kelayotgan yosh yigitlar uchun ham bir sinov edi. Shu bois ba’zi chopag‘onlar mayda-chuyda zotlarga ko‘pam chalg‘imasdan, ko‘pkarining yakunigacha sabr qilishardi. Bu gal ham sovringa ko‘z tikib, otini sovutib o‘tirganlar oz emasdi.
Qo‘chqor bakovul taqimidagi uloqni yerga tashlab, chetlandi. Shu damni intiq kutib turgan chopag‘onlar uloqning ustiga ot haydashdi. Bir muddat shashti pasaygan dasht shamoli qayta qo‘zg‘olgani singari davrada yana shovqin-suron qo‘pdi. Chavandozlarning asabiy hayqirig‘i, suvliq chaynagan otlarning pishqirig‘i, qamchilarning qarsillashiyu bir-biriga urilayotgan mis uzangilarning bo‘g‘iq jarangi o‘zaro qorishib ketdi.
Bir payt Toshmurod polvon bilan Beshim chavandoz uloq talashib davradan ajralib chiqdi. Yuzlab otliqlar gurillab ularning ortidan ergashdi. Bir-biriga payvand qilingandek, yonma-yon shamoldek yelib borayotgan saman bilan Qorako‘z yakkam-dukkam ta’qibchilarni ortda qoldirib, tobora ilgarilab keta boshladi. Ularni biroz ta’qib qilib borgan uch-to‘rt chog‘li chetgirlar ham bundan bir ish chiqishiga ko‘zlari yetmay, otlarining jilovini tortishdi.
Toshmurod polvon bilan Beshim chavandoz ancha joygacha uloqni qo‘lma-qo‘l talashib ketishdi. Kutilmaganda Beshim chavandoz chapdastlik bilan uloqni taqimiga bostirib, bor kuchi bilan uzangini pastga bosdi. Qorako‘z muvozanatini yo‘qotib, munkib ketdi. Toshmurod polvon egardan uchib ketmaslik uchun uloqni qo‘yib yuborib, otning bo‘yniga yopishdi.
Qorako‘z bir lahzada o‘zini o‘nglab oldi. Ammo bu paytda Beshim chavandoz biroz ilgarilab ketgan, boshi uzra ro‘mol hilpiratib turgan suvoriy ancha ravshanroq ko‘zga tashlanmoqda edi.
Toshmurod polvon qaddini rostlab, yana oldinga intildi. Qorako‘z quloqlarini chimirib samanning orqasidan shamoldek uchib borardi. Oradagi masofa qisqara boshladi. Quyunday bostirib kelib, uloqqa tashlangan Toshmurod polvonni ko‘rgach, Beshim chavandozning g‘azabdan ko‘zlari olayib ketdi.
— Ay, itdan tarqagan sho‘rmanglay, men bilan o‘ynashma! — deb baqirdi u tishlarini g‘ijirlatib. — Yo‘limdan qoch!
Toshmurod polvon uning gapiga e’tibor bermay, uloqni kuch bilan o‘zi tomon tortdi. Beshim chavandoz bunday shiddatga dosh berolmadi — uloq qo‘lidan sirg‘alib chiqib ketdi. Ammo u Toshmurod polvon ortda qolganida ta’qiqlangan usulni qo‘llagan, ya’ni takaning poychasini chilvir bilan egarning boshiga tugib olishga ulgurgan edi. Shu usul jonga oro kirdi.
— Qo‘lingdan kelsa, tortib ol, qizmijoz! — deya xunuk ohangda xiringladi Beshim chavandoz.
Toshmurod polvonga raqibining bunaqa qiliqlarini ko‘raverib o‘rganib ketgan edi. Shunday bo‘lishini oldindan bilgandek, xotirjam va sovuqqon edi. U uloqni o‘ngu so‘lga tortqilab, o‘zicha chilvirning mustahkamligini chamalab ko‘rdi. Beshim chavandoz battar asabiylasha boshladi.
— Shuncha zot olib ham o‘pqoning to‘lmadimi, enag‘ar! — deya o‘shqirdi u. — Kerak bo‘lsa, sovringa tikilgan ho‘kizni senga beraman. Faqat shu gal indama! Meni sharmanda qilma!
— Men zot uchun uloq chopmayman! Sovrinniyam nasib qilgan oladi...
Toshmurod polvon qo‘llari igna sanchgandek jazillab achishayotganini sezib qoldi. Beshim chavandoz uning uloq siqimlagan panjalariga ayamay qamchi tushirmoqda edi. Toshmurod polvon "hayt!" deya uloqni siltab tortdi. Qorako‘z ham shuni kutib turgandek shiddat bilan yonga burildi. Saman qalqib ketdi. Bunday bo‘lishini kutmagan Beshim chavandoz jon holatda otining jiloviga yopishdi. Uloq bir lahza havoda muallaq osilib qoldiyu chilvir "chirs" etib uzildi.
Beshim chavandoz marra sari quyunday uchib borayotgan raqibini g‘azab, alam aralash hasratli nigoh bilan kuzatib qoldi. Ana, u "qora"ga yetib, taqimidagi uloqni yerga tashladi. Suvoriy bosh uzra hilpiratib turgan oq yalovni pastga tushirdi.
— Halol! — deya hayqirdi marra sari ot qo‘yib kelayotgan Qo‘chqor bakovul. — Sovrinni mang‘itqishloqlik Toshmurod polvon ona sutiday happa-halollab ayirdi! Qandingni ur, shovvoz!..
Beshim chavandozning ko‘z oldini qop-qora tuman qopladi. Miyasida paydo bo‘lgan laxcha cho‘g‘ butun borlig‘ini alangai otash qilib kuydira boshladi. U najot axtargandek tevarakka mastona ko‘z tashladi. Tinimsiz pishqirib, betoqat suvliq chaynayotgan samanga tikilib qoldi. Kutilmaganda u jiqqa terga botgan, badani kumushrang tusda tovlanayotgan samanni bosh-ko‘zi aralash ayovsiz savalashga tushdi. Qamchi zarbi suyak-suyagigacha o‘tib ketgan jonivor jon achchig‘ida kishnab o‘zini uyoqdan-buyoqqa urar, ammo egarga quyilgan qo‘rg‘oshindek "qilt" etmay o‘tirgan chavandozning izmidan xalos bo‘lishga qurbi kelmasdi.
Beshim chavandoz yakkajilov qilib tortib otning bo‘ynini qayirdi-da, bor kuchi bilan qoq manglayiga qamchi tushirdi. Nuraliboyning samani bo‘g‘ziga pichoq tortilgan novvosdek ixrab yuborib, cho‘kkalab qoldi. Beshim chavandoz egardan tushib, shartta ortiga burilib ketdi. Yetib kelgan otliqlardan biri salt qolgan otning jilovidan tutdi...
Toshmurod polvon Qorako‘zni chetga olib chiqib, sovutayotganida Rahmat qassob Qashqa do‘nonini yo‘rttirib kelib qoldi.
— Bizning qudadan uloqni ololmassiz deb o‘ylovdim. Qoyilman, uka, — dedi u ochiq chehra bilan. — Sizning sharofatingiz bilan bugun Mang‘itqishloqda katta to‘y bo‘lib ketadi-yov.
Toshmurod polvon kulib qo‘yib, Rahmat qassobning tagida gijinglab turgan Qashqa do‘nonga zimdan razm soldi. Baquvvat o‘mroviga uzun shokilali baxmal tumor osilib, qizg‘ish yoli hafsala bilan kuzalgan jonivor kalta quloqlarini chimirgancha Korako‘zga sergak tikilib turardi. Shu turishida u o‘ljasiga chang solishga shaylangan qirg‘iyga o‘xshardi.
Toshmurod polvon tabiatan sinchi edi. Savqi tabiiy sezgi yordamida bir qarashdayoq asl otni boshqalaridan ajratib olardi. Chig‘anoq tabiat izmiga buysunib, kosasida dur hosil qilgani kabi, Rahmat qassob ham bilib-bilmay to‘rt oyoqli marvaridni voyaga yetkazayotganini angladi. Qashqa do‘nonning qomatiga mahliyo bo‘lib, bir muddat undan ko‘zini uzolmay qoldi. Rahmat qassob buni payqadi.
— Qalay, bizning toychoq? — deya so‘radi u xursand qiyofada.
— Yaxshi, — deya bosh irg‘adi Toshmurod polvon. — Biroz yetilsa, zo‘r ot bo‘ladi.
Bu gapdan Rahmat qassob yosh boladay quvonib ketdi.
— Beshimboyning To‘riq qashqasidan o‘rchigan, — dedi Qashqa do‘nonning sag‘risiga beozor shapatilab qo‘yib. — Nasib etsa, bu bilan ham bir sovrin olib berasiz-da...
Toshmurod polvon unga javob bermay, Qorako‘zni yetaklagancha nari ketdi.
* * *
Namozgar payti Toshmurod polvonning hovlisida hamma kechki yumushlar bilan andarmon edi. Yurish-turishida bo‘y qizlarga xos alomatlar sezilib qolgan to‘ng‘ich qiz Ziyoda o‘choq boshida ovqat pishirar, Jamila chaqqon harakatlar bilan hovli supurardi. Sakkiz yashar O‘g‘iloy katak oldida tovuqlarga don sochish bilan ovora edi. Kenja qizchalar Umida va Oysuluv ayvonda o‘ynab o‘tirishardi.
Saodat oshxonadan chelak ko‘tarib chiqdi. U homilador — oy-kuni yaqinlashib, yurish-turishi ancha vazminlashib qolgan. Ro‘zixol momo keliniga ko‘zi tushib, hay-hayladi.
— Hoy, Saodat, og‘ir narsa ko‘tarmagin, bolam... Ziyoda, chop, onangning qo‘lidan chelakni ol!
Ziyoda qo‘lidagi kapgirni o‘choq boshiga qo‘yib, onasi tomon yugurdi.
— Hech narsa qilmaydi, momo, — dedi chelakni qiziga uzatgan Saodat belini ushlab.
— Hademay bachcha topasan, qizim, o‘zingni ayagin, — dedi Ro‘zixol momo. — Qozonga ham unnab o‘tirma. Men shomni o‘qib olay. Ziyoda ikkovimiz ovqatniyam bir amallab pishirib-kuydirib olarmiz.
— Xo‘p, momo.
Ro‘zixol momo shoshib ichkariga kirib ketdi.
Shu payt Toshmurod polvon ko‘pkaridan qaytib keldi. U bostirma yonida otdan tushib, sovringa olingan novvosni ustunga bog‘ladi.
Ayvonda o‘ynab o‘tirgan Umida dik etib o‘rnidan turdi-da, u tomon yugurdi.
— Otam keldi!
Endigina atak-chechak yura boshlagan Oysuluv ham "dadda-dadda" degancha otasiga talpindi. Jamila bilan O‘g‘iloy-da yumushlarini tashlab, o‘sha yoqqa chopishdi. Bir zumda hovli qizlarning shodon qiyqirig‘iga to‘lib ketdi.
Toshmurod polvon qiy-cho‘v qilib tevaragida uymalashayotgan qizlari orasidan Umidani dast ko‘tarib, egarga o‘tqazdi.
— Oysuluvniyam mindiring, otajon, — dedi Umida erkalanib.
— Mayli, qizim, Oysuluvniyam mindiramiz, — deya Toshmurod polvon kenja qizini ham otga mindirdi. Qizcha shodon qiqirladi.
— Otajon, bizlarga xo‘rozqand olib keldingizmi? — deb so‘radi Qorako‘zning ustida o‘tirgan Umida.
— Olib keldim, qizim, — deb Toshmurod polvon ularni otdan tushirdi-da, xurjundan shirinliklar olib, Jamilaga uzatdi. — Jamila opang sizlarga bo‘lib beradi.
Qizchalar chuvillashib Jamilaning qo‘lidagi xaltaga yopishdi.
Toshmurod polvon Qorako‘zni yetaklab sayisxona tarafga yurdi. Uy oldida o‘ziga tanish, sirli tabassum bilan tikilib turgan Saodatga ko‘zi tushib, xijolatli jilmaydi...
Kechqurun hammalari odatdagidek, dasturxon atrofida jamul-jam bo‘lib ovqatlanishdi.
— Shu kunlarni otang rahmatli ko‘rganida, qaniydi, — dedi Ro‘zixol momo Saodat uzatgan piyolani qo‘liga ola turib. — Ilohim, boshing toshdan bo‘lsin, bolam. U kishining ham umrini senga qo‘shib bergan bo‘lsin... Ie, qo‘lingga nima qildi?
— Ha, hech narsa... Ko‘pkarida sal shilinib ketdi, — dedi o‘ychan tarzda o‘tirgan Toshmurod polvon qo‘lidagi Beshim chavandozning qamchisi qoldirgan jarohat izlarini ohista silab.
— O‘zingni ehtiyot qil, Toshmurodjon, — dedi Ro‘zixol momo tashvishli qiyofada. — Zot ayiraman deb o‘zingni o‘tgayam-cho‘qqayam urib yotmagin. Sen ko‘pkariga ketsang, bolajonimga biror kori hol bo‘lmasin, deb Xudodan tilab o‘tiraman.
— Siz duo qilib tursangiz, menga hech narsa qilmaydi, ona...
— Ishqilib, Yaratganning o‘zi seni panohida asrasin. Uloq chopganingda chavandozlarning pirlari madadkor bo‘sin.
Ro‘zixol momo choydan bo‘shagan piyolani dasturxonga qo‘yib, qo‘llarini duoga ochdi.
— Ko‘p bersin-ko‘l bersin, tani-sihatlik, tinchlik-xotirjamlik bersin. Toshmurodjon ham ko‘pkarida katta-katta sovrinlarni halollab, yuzi yorug‘ bo‘lib yursin. Oysuluvgayam onasi qo‘chqorday o‘g‘il uka olib kelsin, omin.
Hamma baravariga yuziga fotiha tortishdi. Toshmurod polvon o‘tirgan joyida qimirlab qo‘ydi. Saodat asta yerga qaradi. Ziyoda taomdan bo‘shagan kosalarni olib, tashqariga chiqib ketdi. Jamila dasturxonni yig‘ishtirishga tushdi.
— Onam o‘g‘il ukani qaerdan olib keladi, momo? — deya so‘radi Umida bolalarcha soddalik bilan.
— Uzoq joylardan. U yoqlarda o‘g‘il ukalar o‘ynab yuradi. Onang shulardan birini olib keladi.
— O‘g‘il uka olib kelish uchun men ham onam bilan birga boraman, — dedi Umida.
— Mayli, enajonim, sen ham borasan, — dedi Ro‘zixol momo uning jamalak sochlarini silab. — Endi O‘g‘iloy ikkovimiz uyimizga borib uxlaymiz. Otangiz ko‘pkaridan charchab kelgan. Sizlar ham ertaroq yotinglar, qizlarim.
Ro‘zixol momo Jamilani yetaklab chiqib ketdi. Toshmurod polvon Saodatga qaradi. U tizzasida mudray boshlagan Oysuluvning sochlarini silab o‘tirardi.
— Ahvoling yaxshimi, xotin? — deya so‘radi choy icha turib.
— Yaxshi... Charchagan bo‘lsa, o‘rnini solib beray...
— Sen qo‘yaver. Ziyoda kelsa, o‘zi joy soladi.
Saodat erining bo‘shagan piyolasiga choy quyib uzatdi.
* * *
Ertasi kuni choshgohga yaqin Saodat bir tandir nonni yopib, uyga olib kirib ketdi-yu, qaytib tashqariga chiqmadi. Birozdan so‘ng Ro‘zixol momo besaranjom qiyofada ichkaridan shoshib chiqib keldi.
— Ziyoda, singillaringni Nazira yangangnikiga olib borib qo‘yib, o‘zing Irisgul momonikiga chop, — dedi u. — Tez yurarkansiz, deb oldingga solib kel.
— Xo‘p, — deb Ziyoda Oysuluvni ko‘tarib oldi. — Yuringlar, Nazira yangamnikiga boramiz.
Singillari ham itoatkorlik bilan unga ergashdi. Ro‘zixol momo sayisxonada Qorako‘zning atrofida uymalashayotgan o‘g‘li tomonga qarab qo‘yib, yana ichkariladi. Birozdan so‘ng uy ichidan ayol kishining zaifgina ingragan ovozi eshitila boshladi. Saodatni to‘lg‘oq tuta boshlagan edi.
Toshmurod polvon ot qashlashdan tiyilib, yerga cho‘nqayib o‘tirdi. Qorako‘zning yoshlanib turgan ko‘zlariga o‘ychan tikilib qoldi.
Qishloq oralab kelgan suvoriy yigit Toshmurod polvondan besh-o‘n qadam narida otining jilovini tortdi. Qorako‘z quloqlarini chimirgan kuyi betoqat kishnab, o‘sha tomonga intildi. Xayoli bo‘lingan Toshmurod polvon otliqqa yuzlandi.
— Assalomu alaykum, Toshmurod aka, — deya salom berdi yigit otining jilovini qantarib.
— Vaalaykum assalom, — deb Toshmurod polvon unga peshvoz yurdi. — Keling, mehmon.
— Men jarchilik qilib yuribman, — dedi yigit kattalardek vazmin ohangda gapirishga tirishib. — Kelasi juma kuni dashtobodlik Chorshanbi aka katta ko‘pkari berayapti. Shunga sizni ham ayttirib yuborishuvdi.
— Xo‘p, uka. Nasib etsa, boramiz.
— Chorshanbi aka ko‘pkarining sovriniga tuya aytmoqchi, — dedi yigit Qorako‘zni qiziqish bilan ko‘zdan kechira turib. — Hali bu yerdan chiqib, Beshquduqqa, Beshim chavandoznikiga ham borishim kerak.
Shu payt uy ichidan Saodatning ingragan ovozi eshitildi. Jarchi yigit ajablanib o‘sha tomonga ko‘z qirini tashladi. Ro‘zixol momo ayttirib yuborgan Irisgul momo shoshib ichkariga kirib ketdi.
Jarchi yigit otining jilovini ortga burdi.
— Bo‘lmasa, men boray.
— Choylashib keting, — deya mulozamat qildi Toshmurod polvon unga.
— Rahmat, Toshmurod aka, — dedi yigit. — Shoshib turuvdim.
Toshmurod polvon jarchi yigitni kuzatgach, buyog‘iga nima qilishni bilmay bir muddat darvoza oldida qaqqayib turib qoldi. U sirtdan xotirjam ko‘ringani bilan ich-ichidan qattiq hayajonlanmoqda edi. Ayniqsa, uy ichidan to‘lg‘oq azobini boshidan kechirayotgan Saodatning ingragan tovushi eshitilganida og‘ir hissiyotlar zalvoridan yuragi orziqib ketar, alp qomati tobora kichrayib qolayotgandek tuyulardi. Yangi dunyoga kelgan chaqaloqning chinqirig‘i yangraganida esa Toshmurod polvonning butun vujudi muzlab qolgandek bo‘ldi...
Birozdan so‘ng Ro‘zixol momo ichkaridan chiqib keldi. Toshmurod polvon allanechuk hadik, umidvorlik bilan onasiga termuldi. Ammo har gal Saodatning ko‘zi yoriganida takrorlanaverib, toshga o‘yib ishlangan suratdek shuuriga singib qolgan tanish, iztirobli holat bu gal ham takrorlandi; Ro‘zixol momo o‘g‘liga ruhsiz nigoh tashlab, oshxona tomonga o‘tib ketdi.
Toshmurod polvonning chehrasida hazin bir tabassum akslandi. Buyog‘iga nima qilishni bilolmay, atrofga umidvor ko‘z yugurtirdi. Qorako‘zga nigohi tushib, o‘sha tomonga yurdi. Sayisxona devoridagi qoziqdan egar-jabduqni olib, uning ustiga bosdi. Otga sakrab mindi-da, sag‘risiga qamchi tushirdi. Bunday muomalaga o‘rganmagan Qorako‘z jon achchig‘ida pishqirib, oldinga tashlandi. Oxurda somon kovshayotgan novvos hurkib o‘zini chetga oldi.
Toshmurod polvonning xonadonida dunyoga kelgan oltinchi qizga ham doyalik qilgan Irisgul momo chaqaloqning kindigini kesib bo‘lib, shoshilmasdan uni yo‘rgaklamoqda edi. To‘shakda majolsiz cho‘zilib yotgan Saodat esa achchiq-achchiq yig‘lardi. Uning ich-ichiga botib ketgan ko‘zlaridan oqqan yosh yostiqni ho‘l qilib yuborgandi.
— Yig‘lama, qizim, — dedi oftoba ko‘tarib kirgan Ro‘zixol momoning ham ko‘ngli buzilib. — Hozirgina darddan qutulding. O‘zingni qiynama.
— Yana qiz tuqqandan ko‘ra, o‘lib qo‘ya qolsam bo‘lmasmidi, momojon! — dedi Saodat izillab. — O‘g‘lingiz ham ne umidlar bilan yuruvdi. Endi uning yuziga qanday qarayman?!
— Noumid bo‘lma, bolam, — dedi Ro‘zixol momo xam kuziga yosh olib. — Shuncha qizni bergan Xudo, erta-bir kun o‘g‘il ham berib qolar.
— Hah, momojon-a! Xudo o‘g‘il berar, deb yilda-yil osha qiz tug‘aman. Asli men sho‘rtumshuqning peshonamga o‘g‘il tug‘ish bitilmagan ekan-da...
— Bas qil-e! — deya uni jerkib berdi shu choqqacha jimgina chaqaloq yo‘rgaklayotgan Irisgul momoning toqati toq bo‘lib. — Kap-katta xotinning gapini qaranglar! Ko‘nglingga qarayversa, yana nimalar demaysan sen? O‘g‘il farzand-da, qiz bola farzand emasmi? Bir xillar bitta qizning ham tirnog‘iga zor! Noshukr bo‘lma! Ko‘zingning selini oqizavermasdan, tezroq chaqalog‘ingni qo‘lingga ol!
Irisgul momoning gapi ta’sir qilib, Saodat yig‘idan tiyildi. Qaynonasining ko‘magida xiyol qaddini rostlab, Irisgul momo uzatgan chaqaloqqa ko‘krak tutdi.
* * *
Toshmurod polvon qishloqdan chiqib, Og‘zikeng tomonga ot yeldirib ketdi.
Biyday dashtda o‘z erkiga qo‘yib berilgan Qorako‘z ancha vaqt qir-soy oralab bemaqsad yugurib yurdi. Qadamini sekinlatgan chog‘da Toshmurod polvon ketma-ket sag‘risiga qamchi tushirar, u yana jon-jahdi bilan olg‘a tashlanardi. Baribir charchoq ustun keldi. Jonivor qamchi zarbiga ham e’tibor bermasdan yo‘rtishga tushdi.
Og‘zikengning adoq tarafida savlat to‘kib turgan Bo‘kirtepaga chiqqach, Toshmurod polvon o‘zini yerga tashladi. Obdon toliqib, badani jiqqa terga botgan Qorako‘z pishqira-pishqira xo‘jasidan uzoqlashdi.
Toshmurod polvon dustaman tushgancha ancha vaqt "qilt" etmay yotdi. U juda toliqqan edi. Shuncha yil uloq chopib, charchash nimaligini bilmagan odam, go‘yo bir lahzada qarib qolgandek, o‘rnidan qo‘zg‘olishga ham holi kelmasdi. Shu topda u ko‘p narsalar haqida obdon o‘ylab olishga tirishar, ammo hadeb o‘y-xayollari chuvalashib ketaverardi.
Kutilmaganda zim-ziyo shuurida chaqin chaqnagandek, yuragida bir iliqlik paydo bo‘ldi. Toshmurod polvon anchadan bo‘yon izlayotgan narsasini topganday, yengil tortdi. Xayolida yoshligida Saodat bilan kechgan sururli xotiralar jonlangandi...
Saodatga ko‘ngil qo‘yib, dala-dashtda uning ketidan soyadek ergashib yurgan kezlari edi... Yaqindagina boylovdan chiqarilgan otini sovutib yurib, qishloqqa eltuvchi so‘qmoqda ketmon ko‘targan bir gala qizlarga duch keldi. Ular orasida Saodat bir parcha olovdek ko‘zga tashlanib turar, har holda, unga shunday tuyulardi.
Toshmurod beixtiyor otining jilovini o‘sha tomonga burdi. Qizlar ham gijinglagan tulpor ustida viqor bilan o‘tirgan norg‘ul, xushbichim yigit bilan go‘zal Saodatning o‘zaro ko‘ngil qo‘yganliklaridan xabardor edilar. Bundan hech biri ajablanmasdi. Chunki ularning yakdillik bilan e’tirof etishlaricha, yigit bilan qiz aynan bir-biri uchun yaratilgan edi.
Mang‘itqishloqning bo‘y qizlari o‘zlaricha Toshmurod va Saodatni sevgi-muhabbat timsoliga aylantirib ulgurishgan edi. Ularning uch-to‘rttasi bir joyda jam bo‘lsa, yigit va qizning sirli muhabbati haqida to‘qib-bichilgan ajabtovur ertaklarni zavq va entikish bilan shivirlab so‘zlashardi. Uzukka ko‘z qo‘ygandek mos tushajak bu juftlikka dugonalar va jo‘ralar havas va andak hasad bilan qarashardi...
— Toshmurod akam bu yerda nima qilib yuribdi? — dedi alvon ro‘moli tagida qop-qora zulflari o‘ynab turgan bodomqovoq qiz dugonalariga mug‘ombirona jilmayib.
— Bu kishi mening ishqimda kuyib yuribdilar, — dedi qorachadan kelgan, barvasta qomatli boshqa bir qiz. — Hozir meni shartta otiga o‘ngarib, olib qochib ketadi.
Qizlarning chinni jarangiga monand kulgisi yangradi. Toshmurod ham beixtiyor iljaydi. Bu qochirimlar o‘ziga qaratilganini yaxshi bilgan Saodat uyalganidan shahlo ko‘zlarini qaerga olib qochishni bilmasdi.
— Ehtiyot bo‘ling, Oysanam, tag‘in Toshmurodjon sizni taqimiga bostirib, uloq qilib sudrab ketmasin, — dedi yuzini dog‘ bosib, qadam olishlari ancha vazminlashib qolgan kelinchak. Yana kulgi yangradi.
— Shunday bo‘lsa, qaniydi! — bo‘sh kelmadi Oysanam. — Toshmurod akamning qo‘lida uloq bo‘lishga ham rozi edim.
— Sizlar Toshmurodjondan umid qilmay qo‘ya qolinglar, qirilgurlar, — dedi boshqa bir kelinchak jo‘rttaga qovoq uyub. — U allaqachon Saodatning qulog‘idan tishlab qo‘ygan.
Qizlar norozi chuvillashdi.
— Shu gap rostmi, Saodat? — deya uning biqinidan chimchiladi bodomqovoq qiz yonidagilarga ma’noli ko‘z qisib. — Nimaga indamaysan, pismiq?
— Jim bo‘l, sharmanda! — dedi Saodat hayajondan titrab. — Uyalmaysanmi?..
— O‘zi jon deb turibdi-ku, yana noz qilganiga o‘lasanmi? — dedi bodomqovoq qiz.
— E, bor-e! — deb Saodat chapga burilib, olmazor oralab yugurib ketdi.
— Voy, mug‘ombir-ey! — dedi bodomqovoq bosh chayqab. — Toshmurod akam bilan yolg‘iz qolish uchun o‘ylab topgan bahonasini qaranglar!
Qizlar qotib-qotib kulishdi.
— Hoy, polvon, anqayib turmay, tezroq harakatingizni qiling, — dedi haligi kelinchak jilmayib. — Beshquduqlik chopag‘on oshnangiz ham qizginaning ishqida kuyib, bosgan qadamini poylab yuribdi. Tag‘in og‘zingizdagi oshni oldirib, lallayib qolmang.
Toshmurod iymana-iymana otining jilovini olmazor tomon burdi. Qishloqning bo‘y qizlari uning ortidan pinhona havas va hasrat bilan termulib qolishdi.
O‘sha kuni Toshmurod hosilini ko‘tarolmay, shoxlari yerga egilib yotgan olmazorda Saodatga ilk bor ko‘ngil izhor qildi. Qiz hech narsa demagan bo‘lsa-da, yigit uning bir lahzagina o‘ziga qadalgan nigohida allanechuk masrurlik, baxtiyorlik hissini sezdi.
Ikkalasi olmazor oralab ancha vaqt yonma-yon ketishdi. Bog‘ tugab, oldinda qishloq uylari ko‘rina boshlaganda Toshmurod otning jilovini tortdi.
— Ko‘ngling to‘q bo‘lsin, Saodat, seni hech kimga bermayman! — dedi u ishonch bilan. — Erta-indin uylaringga sovchi yuboraman.
Toshmurod daraxtlardan biridan qip-qizarib pishgan olmani uzib olib, qizga tutqazdi-da, ortiga burilib ketdi. Totli hissiyotlar zalvoridan hamon o‘ziga kelolmagan Saodat qo‘lidagi olmani bag‘riga bosib, ma’sum jilmaydi...
Yigit bilan qizning baxtiga monelik kiladigan hech bir sabab yo‘q edi. Xolboy mirob garchi bu gap-so‘zlardan bexabar bo‘lsa-da, Qodir cho‘ponning xonadonidan kelgan sovchilarning izzatini joyiga qo‘ydi. Bizga munosib oila, qizimizni bersak, shunday odamlarning bolasiga beramiz-da, deb o‘yladi o‘zicha. Xullas, o‘sha kuniyoq sovchilar Saodatning boshini bog‘lab kelishdi.
Aytganday, unashtiruv marosimidan sal avval qo‘shni Beshquduqdan Beshim Toshmurodni izlab kelgan edi. Ikkalasi tengdosh bo‘lib, bir-ikki yildan beri uzoq-yaqindagi ko‘pkarilarga birga borib yurishar, shu bois ancha sinashta bo‘lib qolishgandi. Beshim ba’zida "ikkovimiz ham uylanish to‘yimizda to‘n yopishib oshna bo‘lsak, keyin ko‘pkaridayam bir-birimizni suyashib yursak" deya orzuga berilardi.
Taqdir o‘yinini qarangki, Beshim Mang‘itqishloqdan uylanayotgan tengqur hamqishloqlaridan biriga kuyovjo‘ra bo‘lib kelganida Saodatga ko‘zi tushib, unga oshiqi beqaror bo‘lib qolibdi. Yantoqlidan ko‘pkaridan qaytishayotganida Toshmurodga dardini yordi. Xolboy mirobning qizi jigardan urib qoldi, oshna, erta-bir kun Mang‘itqishloqqa kuyov bo‘ladiganga o‘xshayman, deb kuldi. Toshmurod polvon bu gapni eshitib ong-tong qoldi...
O‘sha kuni ikkovining yo‘llari ayri tushdi. Endi ular to‘y-to‘ychiqda, ko‘cha-ko‘yda duch kelishsayam bir-biriga ters qarab o‘tishar, Beshimning yuragida Toshmurodga nisbatan paydo bo‘lgan adovat kun sayin ulg‘ayib borardi...
Ot ustida xo‘mrayib turgan Beshimni ko‘rgach, bunda or yo‘q ekan, degan o‘y kechdi Toshmurodning xayolidan, ish bitganini bilsayam, betining suvini besh to‘kib kelibdi.
— Sen bilan gaplashib olishimiz kerak, — deb Beshim otining jilovini burdi-da, Og‘zikeng tomonga jo‘nadi. Toshmurod ham hayallamay uning ortidan yetib bordi. Beshim mana shu Bo‘kirtepaning ustida zingrayib turardi.
— Men seni qiyomatli oshnam deganman, Toshmurod, — dedi u da’fatan yig‘lamoqdan beri bo‘lib. — Do‘stligimiz haqqi, Saodatga indama! Men uchun bir tantilik qil!
— Biz bir-birimizni yaxshi ko‘ramiz, — dedi Toshmurod polvon Beshim sari sapchiyotgan otining jilovidan tortib. — Senam meni to‘g‘ri tushun.
— Bir qizni deb oshnachiligimizga tupurasanmi, Toshmurod!
Beshim asabiy o‘ynoqlayotgan otining sag‘risiga ustma-ust qamchi tushirdi.
— Agar u ham meni demaganida qarshiligim yo‘q edi. Saodat, "oshnangizga ayting, meni tinch qo‘ysin", deyapti. O‘zingdan qolar gap yo‘q, jo‘ra...
— Odam emas ekansan! — deya uning gapini bo‘ldi Beshim g‘azabdan afti burishib. — Agar Saodatga uylanadigan bo‘lsang, meni o‘zingga do‘st emas, dushman deb bilaver! Keyin mendan sog‘ qutulishing gumon! Bilib qo‘y, Beshim tentak bilan dovlashganning holiga voy!
— Senam yaxshi gapga tushunmas ekansan, — dedi Toshmurod ham bo‘sh kelmay. — Yana bir marta dala-dashtda Saodatning yo‘lini to‘sadigan bo‘lsang, o‘zingdan ko‘r!
Qahr-g‘azabdan es-xushini yo‘qotib qo‘ygan Beshim kutilmaganda Toshmurodning ustiga ot qo‘yib, yuzing-ko‘zing demay qamchilay boshladi. Toshmurodning ham bo‘sh kelgisi yo‘q edi. Bir zumda ikkalasining ham yuz-qo‘li shilinib, aft-angori qonga bo‘yaldi. Qo‘lidan qamchisi uchib ketgan Beshim jon holatda raqibining yoqasiga chang soldi. Ikkalasi baravar otdan yiqilib, yerda yoqa bo‘g‘ishga tushishdi. Salt qolgan otlar ham qasir-qusur tepishib, tishlasha boshladi...
Bo‘kirtepada dustaman tushib yotgan Toshmurod polvon xotinini qanchalik yaxshi ko‘rishiga yana bir bor iqror bo‘ldi. Saodat uning borlig‘i, joni-jahoni edi. To‘ydan so‘ng birin-ketin tug‘ilgan beshala qizlarini ham yeru ko‘kka ishonmasdi. Bugun dunyoga kelgan go‘dakni ham yomon ko‘rmasligi aniq. Ammo uning o‘g‘il ko‘rish orzusi borgan sari ushalmas armonga aylanayapti...
Toshmurod polvon asta o‘rnidan turib, oti tomon yurdi. Qorako‘z ham go‘yo uning holatini tushungandek, qarshisida sassiz-sadosiz bosh egib turardi.
— Tushlarimda toychoq yetaklab yurar edim, Qorako‘z, — dedi Toshmurod polvon otning mayin yoliga yuzini bosib iztirob bilan. — Shunisi o‘g‘il bo‘ladi deb umid qilgan edim... Busiz mening chavandozligim bekor!
* * *
Juma kuni Toshmurod polvon ko‘ngli tusamasa-da, qo‘shnisi Suyunboy akaning qistovi bilan dashtobod¬lik Chorshanbiboyning ko‘pkarisiga yo‘l oldi. Ikkalasi ancha vaqtgacha jim ketishdi. Suyunboy Qorako‘zning jilovini bo‘sh qo‘yib, xayol surib ketayotgan hamrohiga tez-tez qarab qo‘yardi. U Toshmurod polvonning parishonxotirligi sababini yaxshi bilar, qanday qilib bo‘lsa ham ko‘pkari oldidan uning ko‘nglini ko‘tarishni istardi. Aksiga olib, shu topda hadeganda xayoliga tuzukroq gap kelmasdi.
— Aytganday, bugungi ko‘pkariga Surxondaryo tomonlardan ham chavandozlar kelgan emish, — dedi nihoyat gurung uchun arzirli mavzu topgan Suyunboy jonlanib.
— Surxondaryoda nomi chiqqan uloqchilar ko‘p, — dedi Toshmurod polvon. — Ba’zilarini taniyman. Otlariyam zo‘r.
— Ayniqsa, To‘ychi qora degan bir chetgirlari bor emish. Menman degan chavandozdan ham bir zarb bilan uloqni olib qo‘yarmish.
— Bultur Dehqonobodda u bilan uloq tortishib ko‘ruvdim, — dedi Toshmurod polvon bosh irg‘ab. — Chindanam, chetgirlikning juda hadisini olgan.
— O‘shanda uloq kimda ketuvdi? — deya so‘radi Suyunboy qiziqish bilan.
— Uloq menda qolgani bilan u bir poychasini yulib oluvdi.
— Ha, bugun zo‘r ko‘pkari bo‘lishi tayin, — deya Suyunboy Qorako‘zga ser solib qaradi. — Ishqilib, Chorshanbining tuyasiniyam surxonliklar ilib ketmasa bo‘lgani. Sen o‘zingniyam, otingniyam ko‘p urintirmay, sovringacha sabr qil.
— Ma’qul...
— Beshim ham qarab turmasa kerak, — deb gapida davom etdi Suyunboy. — Uning fe’lida g‘ayirlik bor. Rahimboyning ko‘pkarisida og‘zidagi oshini tortib olganing uchun senga tish qayrab yurgandir. Harqalay, undan xazir bo‘lganing ma’qul.
— Aytganday, siz Beshim chavandozning qudasi Rahmat qassobni taniysizmi? — deya so‘radi Toshmurod polvon unga yuzlanib.
— Taniyman. Nimaydi?
— Shu odamning yaxshi bir do‘noni bor ekan. O‘zining aytishicha, Beshim chavandozning To‘riq qashqasi naslidan emish.
— To‘g‘ri, — deya yoyilib kuldi Suyunboy. — Rahmat qassobning do‘noni chindanam Beshimning To‘riq qashqasidan o‘rchigan.
— Beshim chavandoz kuchi qirqilmasin, deb To‘riq qashqasini baytalning yaqinigayam yo‘latmaydi, deyishardi-ku?
— E, buning tarixi juda qiziq bo‘lgan, — deb Suyunboy egarga yaxshilab joylashib o‘tirib oldi. — Aytishlaricha, menman degan ishqibozlar o‘rtaga katta pul tikib ham To‘riq qashqadan nasl olishga Beshimni ko‘ndirisholmagan ekan. Ammo besh-olti yil burun Beshimning maktabni bitirayotgan kenja ukasi Rahmat qassobning qiziga oshiq bo‘lib qoladi. Suyagi qotib, uncha-muncha solimlardan uloq ayirib yurgan shu boladan Beshimning umidi katta ekan. Erka ukasining ra’yini qaytarolmay, qassobning qiziga sovchi qo‘yibdi. Qurg‘ur Rahmat sovchilarga, nima debdi, de?
— Nima debdi? — deya Toshmurod polvon hamrohiga qiziqish bilan qaradi.
— Rahmat qassob o‘ylab ham o‘tirmasdan sovchilarga: "Beshim To‘riq qashqasidan bizning baytalga nasl olishga ko‘nsa, ukasiga qizimni berganim bo‘lsin", deb javob beribdi, — deb zavq bilan kuldi Suyunboy.
— Ko‘zingdan Rahmat qassob-ey, shunday deptimi? — dedi Toshmurod polvon ham jilmayib.
— Bunday shartni eshitib, Beshim o‘ylanib qolibdi, — deya hangomani qolgan joyidan davom ettirdi Suyunboy. — Bu yoqda erka uka "shu qizni olmasam, o‘zimni unday qilaman-bunday qilaman", deb xarxasha qilib yotganmish! Oxiri Beshim Rahmat qassobning shartiga ko‘nibdi. Sovchilarga: "Bu enag‘ar qassobning cho‘birini Alpomishning Boychiboriga qo‘ysayam, tuzukroq qulun bermaydi. Shunday niyati bor ekan, avval bozordan yaxshi bir baytal olsin", debdi. Rahmatvoy ham erinmasdan Boysun tomonlarga borib, tuya kelbatli yoshgina biya topib kelibdi... Shunday qilib, Rahmat qassob Qashqa do‘nonni qizining qaliniga olgan-da.
— Rahmat qassob ham balo ekan-ku, — dedi Toshmurod polvon kulgidan yoshlangan ko‘zlarini arta turib. — Lekin Beshim chavandozning ukasini men tanimas ekanman. U haliyam uloq chopadimi?
— Uylanganidan keyin bu bolaning shashti qaytdi, — deya qo‘l siltadi Suyunboy. — Bir yilcha yurib, solimlardayam qo‘liga uloq tegmagach, Beshim uni urib-so‘kib, Toshkentga jo‘natibdi. Hozir o‘sha yoqda o‘qiyotgan emish.
* * *
Sortepa etagidagi uloq chopiladigan keng-mo‘l maydon chor tarafdan oqib kelayotgan otliq, piyoda odamlar bilan tobora gavjumlashib bormoqda. Qirda tomoshabinlar chordona qurib, ko‘pkari boshlanishini sabrsizlik bilan kutishmoqda. Pastda bir to‘da yosh chopag‘onlar qiy-chuv qilib solim chopishyapti. Aksariyat chavandozlar esa chet-chaqada otini ko‘pkariga hozirlashyapti.
Toshmurod polvon bir chekkada to‘planib, o‘zaro gaplashib turgan surxondaryolik chopag‘onlarga ko‘zi tushib, ular tomon yurdi.
— Assalomu alaykum, mehmonlar, — deb qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ular bilan salomlashdi. — Xush kelibsizlar. Bu tomonlarga qanday shamol uchirdi?
— Iya-iya... Vaalaykum assalom, Toshmurodboy. Omonmisiz, birodar, — dedi betoqat bo‘lib o‘ynoqlayotgan otining jilovini dam-badam tortib qo‘yayotgan To‘ychi qora ochiq chehra bilan. — Ozib-yozib yurtingizga bir kelsagu, sizni ko‘rolmay ketamizmi, deb qo‘rqib turuvdik.
— Mehmonning kelishi o‘zidan, ketishi mezbondan. Bu oqshom biznikida qolib, bir choylashib ketasizlar.
— Biz kecha kelgan edik, — dedi To‘ychi qora. — To‘yning egasi Beshim chavandoznikiga qo‘noqqa buyurdi.
— E, shundaymi, — dedi Toshmurod polvon. — Bilganimizda oqshom gurungga borar edik.
— Oqshom Beshimga, Toshmurodboyni ham ayttirib keling, desam, "yaqinda polvonning ayoli qo‘zilagan, shunga uyida chilla saqlab yotibdi", dedi, — deya kuldi To‘ychi qora. — Beshimboy sizni bugun ko‘pkariga ham kelmasa kerak, degan edi.
Toshmurod polvon chor-nochor iljaydi. Beshim chavandozning To‘riq qashqasini gijinglatib shu tomon kelayotganiga ko‘zi tushib, o‘zini chetga oldi.
— Toshmurodboy, yana qizli bo‘libsiz, deb eshitdik, — dedi ancha yaqin kelib qolgan Beshim chavandoz baralla ovozda. — Holva muborak bo‘lsin!
— Rahmat, — dedi Toshmurod polvon istar-istamas.
— Aytganday, bu nechanchisi?
Toshmurod polvon uning ilmoqli savolini eshitmaganga olib, bu yerdan uzoqlashdi.
Nihoyat, Qo‘chqor bakovul uloqni taqimiga bostirib, oldinga yurdi. Yuzlab otliqlar to‘g‘onini buzgan toshqindek gurillab uning ortidan ergashdi.
— Xaloyiq! Bugun dashtobodlik Chorshanbiboy yaxshi niyatlar bilan ko‘pkari berayapti, — deya salmoqlab gap boshladi Qo‘chqor bakovul. Uning qavatida gijinglagan samanning egarida kerilib o‘tirgan Chorshanbiboy bakovulning gaplarini ma’qullagandek bosh irg‘ab qo‘ydi. — Ko‘pkari — tanti polvonlar o‘yini. Uning qoidalariga amal qilib, zotni halollab ayiring. Uloqni ipga tugmaysiz, g‘irromlik qilib, bir-biringizga ziyon-zahmat yetkazmaysiz. Surxon taraflardan kelgan mehmonlarning izzatini joyiga qo‘ying, tarafkashlik qilib, ularni yakkalamang! Xudo hammangizga halolidan bersin, omin!
Davradagilar baravariga "omin!" deya yuzlariga fotiha tortishdi.
— Kep qoling, op qoling, birinchi zotiga bir uloq aytdim! Halollab olasan!
Qo‘chqor bakovul taqimidagi uloqni yerga tashlab, izdihomdan chetlandi. Shu lahzalarni intiq kutib turgan chavandozlar guvillab uloq ustiga yurishdi.
Ancha davom etgan tortishuvdan so‘ng nihoyat, Salim chavandoz uloq bilan davradan ajralib chiqdi. Chekkada payt poylab turgan To‘ychi qora uning oldini o‘rab chiqib, uloqqa chang soldi. Ikkalasi bir muddat tortishib borishdi. To‘ychi qora zarb bilan undan uloqni tortib oldi-da, otini chapga burdi.
— Halol! — deya xayqirdi orqadan ot qo‘yib kelayotgan Qo‘chqor bakovul. — Surxondaryolik To‘ychi polvonning zoti halol!
To‘ychi qoraning kimsan — Salim polvondan uloqni tortib olishi odamlarda turlicha kayfiyat uyg‘otgan edi. Davrada yengilgina g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi. Ba’zilar uning sha’niga olqish yog‘dirishsa, aksariyat tomoshabinlar norozi ohangda o‘zaro bahslashishardi.
— Birinchi zotni surxondaryoliklar olgani yomon bo‘ldi-da, Qorjov buva, — dedi ko‘k baytal mingan chol hamrohiga. — O‘zimizning polvonlar bugun ikki qo‘lini burniga tiqib qolishmasa edi.
— Ana shu chetgirning vajohati yomon ekan, — dedi Qorjov buva bosh chayqab. — Uncha-munchasining undan qutulishi qiyin-ov.
To‘ychi qora esa uloqni yerga tashladi-da, unda-bunda qulog‘iga chalinayotgan gap-so‘zlarning o‘ziga aloqasi yo‘qday, xotirjam qiyofada hamrohlari tomon yo‘l oldi.
Toshmurod polvon otini sovutib olish uchun davradan xoliroqqa chiqqanida chavandozlarga xos kiyingan o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlardagi yigit ot o‘ynatib, unga yaqinlashdi.
— Assalomu alaykum, Toshmurod aka.
— Valaykum assalom...
Toshmurod polvon bu istarali yigitning boya solimdan chapdastlik bilan uloq ayirib chiqqaniga e’tibor bergan edi. Kelbati ham ancha tanish. Qaerdadir ko‘rganday... Biroq aniq eslolmadi. Shuning uchun buyog‘iga nima deyishni bilmay jim qoldi.
— Siz meni tanimadingiz-a, polvon aka? — dedi yigit uning holatini tushungandek, xijolatli qiyofada.
— Ochig‘i, tanimayroq turibman.
— Beshquduqlik Qilich cho‘ponning o‘g‘li bo‘laman. Ismim Safarmurod.
Toshmurod polvon kalavaning uchini topganday yengil tortdi. Chindanam yigit ancha yillar Toshmurod polvonning otasi bilan sheriklikda kolxozning otarini boqqan rahmatli Qilich cho‘ponga ikki tomchi suvdek o‘xshar edi.
— E, shundaymi? Ikkalamiz otaqadrdon ekanmiz-da, — deb Toshmurod polvon uning gijinglab turgan otiga ser solib qaradi. — Boya solimda sen uloq ayirganmiding?
— Ha, — dedi Safarmurod quvonchini yashirolmay. — Bugun solimda ikki marta taqim qildim.
— Yaxshi-yaxshi...
— Shu... ko‘pkaridayam bir urinib ko‘rsammikin deb turibman, — dedi Safarmurod allanechuk o‘ng‘aysizlanib. — Siz nima deb maslahat berasiz, Toshmurod aka?
— Ma’qul, — dedi Toshmurod polvon. — Faqat ehtiyot bo‘l. Davrada iloji boricha menga yaqinroq yur. Nima qilishingni o‘zim aytaman.
— Xo‘p, Toshmurod aka, — dedi Safarmurod yosh boladek quvonib.
Toshmurod polvon otini davra sari niqtadi. Ancha tortishuvlardan so‘ng nihoyat, uloqni davradan ayirib chiqdi. Oldini kesib chiqqan besh-olti otliqni chetlab o‘tishga ulgurdi-yu, kutilmaganda Beshim chavandozga duch keldi. O‘qlangan qo‘shotardek sovuq yiltirayotgan ko‘zlarida adoqsiz g‘azab va nafrat uchqunlanib turgan Beshim chavandoz uloqqa chovut soldi.
Ikkalasi ancha joygacha uloq talashib borishdi. Gavdasi yon tomonga og‘ib qolgan Toshmurod polvon o‘zini o‘nglab olish uchun bir lahza bo‘shashdi. Yer tagida ilon qimirlasa sezadigan Beshim chavandoz shu zahotiyoq bir zarb bilan uloqni undan yulib oldi. Biroq uloqni taqimiga solib ulgurmadi. Ortidan quyunday bostirib kelgan To‘ychi qora ko‘z ochib-yumguncha uning o‘zini ham dog‘da qoldirib ketdi.
— Halol! To‘ychi chavandozning zoti halol!..
Tomoshabinlar orasida yana norozi ohangdagi xitoblar yangradi.
— Mana, ishongan polvonlarimizning ahvoli! Surxonlik chetgir ikkoviniyam yosh boladay ahmoq qilib ketdi.
— Bular otasining molini bo‘lisholmagan noqobil aka-ukalarday buncha talashmasa. Bir-birini otgani ko‘zida o‘qi yo‘g‘-a!
— Bo‘linganni bo‘ri yeydi, deb shuni aytadi-da!..
Toshmurod polvon bu ta’na-malomatlarni eshitmagan kishi bo‘lib yana davra oraladi. Birozdan so‘ng u taqir boshida qamchi zarbidan qontalash chiziqlar hosil bo‘lgan Quvvat barlos bilan uloq talashib, izdihomdan ajralib chiqdi. U raqibidan istagan paytda uloqni tortib olishiga ko‘zi yetsa-da, bunga shoshilmas, ko‘z qiri bilan kimnidir qidirardi. Sal narida ot choptirib kelayotgan Safarmurodga nigohi tushib, "yaqinroq kel" degandek imo qildi. So‘ngra bir siltov bilan Quvvat barlosdan uloqni tortib oldi-da, otining bo‘ynidan narigi tomonga oshirdi. Og‘zidagi oshini oldirgan Quvvat barlos taqdirga tan bergandek noiloj otining jilovini tortdi. Xuddi shu payt Safarmurod Toshmurod polvonga taqalib kelib, uloqqa chang soldi.
— Uloqni taqimingga bos! — deya buyurdi Toshmurod polvon. Safarmurod ko‘z ochib-yumguncha uning amrini bekamu-ko‘st bajarib, bedovning jilovini chapga burdi. Toshmurod polvon uloqning poychasida changakdek qotib qolgan panjalarini sekin bo‘shatdi...
Safarmurod navqiron tovushda hayqirgancha, yeldek uchib ketdi. Orqadan yetib kelgan To‘ychi qora Toshmurod polvonning yonida to‘xtadi.
— Bu bola sizga kim bo‘ladi?
— Hech kim...
— Unda nimaga uloqni berib yubordingiz? — dedi u Toshmurod polvonga sinovchan tikilib.
— Bo‘ladigan bola ekan, o‘zi tortib oldi.
— Tantiligingizga qoyilman, polvon, — dedi To‘ychi qora peshonasidan quyilayotgan terni qamchisining dastasi bilan sidirib. Hamon Safarmurodning ortidan qarab turgan Toshmurod polvon indamay otining jilovini burdi...
— Halo-ol! — deya ovoz berdi Qo‘chqor bakovul. So‘ng ajablangancha hamrohlariga yuzlandi. — Toshmurod polvondan uloqni tortib olgan yigit kim bo‘ldi?
Ular ham yelka qisishdi. Shu payt Rahmat qassob Qashqa do‘nonini yo‘rttirib orqadan yetib keldi.
— Men taniyman, — dedi u. — Bu yigit bizning Beshquduqdan... Rahmatli Qilich cho‘ponning o‘g‘li bo‘ladi. Ismi Safarmurod!
— Beshquduqlik Safarmurod polvonning zotini beringlar! — deya ovoza qildi Qo‘chqor bakovul.
* * *
Toshmurod polvon ko‘pkaridan bir-ikki taqim qilgach, Qorako‘zni sovutib olish uchun chekkaroqqa chiqdi. Boyadan beri u bilan xoliroqda gaplashib olish ilinjida payt poylab yurgan Beshim chavandoz shu zahotiyoq qarshisida paydo bo‘ldi.
— Ha, Toshmurodboy, sovringa tayyorgarlik ko‘rayapsizmi? — dedi ikki-uch qadam narida oyoq ilgan Beshim chavandoz o‘ziga yarashmagan bir samimiylik bilan.
Shuncha yildan beri Toshmurod polvonga nisbatan yuragida g‘araz saqlab yurgan Beshim chavandozning bu qilig‘i chindan ham g‘alati edi. Toshmurod polvon uning maqsadini uqib olmoqchidek, o‘ziga nashtardek qadalib turgan chag‘ir ko‘zlariga tik boqdi. Beshim chavandoz ham shu topda tilyog‘lamalik qilib o‘tirish befoyda ekanligini angladi.
— Buguncha eski ginalarni qo‘ya turaylik, Toshmurod, — deya muddaoga ko‘chdi u. — Ikkovimiz bir-birimizga bo‘riqarash qilaversak, sovringa atalgan tuyaniyam surxondaryoliklarga oldirib qo‘yamiz. O‘zi, shundog‘am zotning saylamasini To‘ychi qora terib yotibdi...
Toshmurod polvon umidvorlik bilan og‘zini poylab turgan Beshim chavandozni endi ko‘rayotgandek, unga tikilib qoldi. Nahotki shu ko‘yga tushib qolgan bo‘lsang, Beshim, degan nadomatli o‘y kechdi xayolidan. Qachondan beri sovrin uchun, bir lahzalik olqishu maqtovlar uchun g‘ururingni yerga uradigan bo‘lib qolding, Beshim! Yo sen ham qaridingmi, birodar...
— Nimaga indamaysan? — dedi Beshim chavandoz Toshmurod polvonning o‘ziga bu tarzda qarab turishidan g‘ashi kelib. — Tilingga terskan chiqqanmi?
— To‘ychi qora zo‘r chiqib, sovrinniyam olsa, haloli bo‘lsin... Meni tinch qo‘y.
Toshmurod polvonning bu so‘zlari Beshim chavandozning yuragiga o‘qday qadaldi. G‘azabdan basharasi burishib ketdi.
— Sen bola g‘irt ahmoq ekansan, — deya o‘shqirdi og‘zidan tupuk sochib. — Beshquduqning sut tishi to‘kilmagan bir tirranchasiga uloq olib berib, meni o‘sal qilmoqchi bo‘ldingmi? Bu qishloqda Beshimdan ham zo‘rroq chopag‘onlar chiqayapti, deya gap tarqatging kelib qolibdi-da... Bu cho‘pchagingni bir etak qizlaringga ayt!
Toshmurod polvon boshiga gurzi kelib tushgandek qalqib ketdi. Beixtiyor egarga sakrab minib, otning jilovini u tomon burdi.
— Qizlarimni tinch qo‘y, kuchuk!
Beshim chavandoz Toshmurod polvonning vajohatidan hayiqib, ortga chekindi. Besh-o‘n qadam uzoqlashgach, yana ortiga o‘girildi.
— Sen bir umr yo‘limda g‘ov bo‘lib kelding, — dedi u tishlarini g‘ijirlatib. — Do‘stingman deb ko‘ngil qo‘ygan qizimni tortib olding! Endi ko‘pkaridayam yuzimni shuvit qilmoqchimisan, nomard?!
— Sen bilan gap talashishgayam or qilaman.
— Vajohatingdan katta ishni qoyillatib qo‘ygan odamga o‘xshaysan, — deya zaharxanda kuldi Beshim chavandoz. — Aslida, Saodatning etagini qizga to‘ldirib tashlab, bechoraga azob berishdan boshqasiga yaramading! U menga tekkanida bunchalik xor bo‘lmas edi...
Beshim chavandoz otiga qamchi bosib, bu yerdan uzoqlashdi. Shuncha gaplardan so‘ng ham uning hovuri bosilmagan edi, yana bir bor ortiga burildi-da, qamchisini havolatgancha xunuk ohangda o‘shqirdi:
— Sen bolaning ko‘zingni o‘ymasam, yurgan ekanman!
Beshim chavandoz To‘riq qashqaning sag‘risiga qamchi bosib, behalovat to‘lg‘onib yotgan davraga singib ketdi.
* * *
Qo‘chqor bakovul uloqni taqimiga bosib, oldinga chiqdi.
— Chorshanbiboy ko‘pkarining sovriniga lorsillagan tuya tikadi! Kimda-kim uloqni yakka ayirib, "qora"ga olib borsa, sovrin shuniki, — deb u kun botish tomonda boshi uzra oq mato hilpiratib turgan otliqqa imo qildi. — Aytib qo‘yay, hech kim bir tuyani deb chavandoz nomiga isnod keltirmasin. Mol-dunyo topiladi, obro‘ topilmaydi... Halollab olasan!
Sovringa ko‘z tikkanlar ko‘p edi. Ko‘pkari oxirlagan sari chopag‘onlarning ayrimlari otlarini sovutib, ba’zilari esa almashtirib olishgan, shu bahona o‘zlari ham nafas rostlashga ulgurishgan edi. Ular jon-jahdi bilan uloqqa tashlanishdi.
Bir maromda qaynab yotgan ulkan doshqozonni eslatuvchi behalovat davrani halqa shaklida zich o‘rab olgan otliqlar chopag‘onlarning harakatini jimgina kuzatishardi. Chopag‘onlarning baqiriq-chaqirig‘i va otlarning pishqirig‘i qamchilarning qarsillashi, suvliq-yuganlarning jarangi bilan qorishib, bo‘g‘iq ohang hosil qilgandi. O‘rtadan yengilgina hovur ko‘tarilardi. Chetdan qaraganda bu manzara sokin dengiz qa’rida g‘alayonga kelgan vulqonni eslatardi...
Nihoyat, Toshmurod polvon uloq sudragancha davradan ajralib chiqdi. Qudratli izdihom to‘g‘onini buzgan toshqin misoli jonli halqani yorib o‘tib, guvillagancha uning orqasidan ergashdi. O‘lja hidini olgan yo‘lbars kabi davrani betoqat aylanib yurgan To‘ychi qora bir zumda Toshmurod polvonni quvib yetib, chapdastlik bilan uloqqa chang soldi.
— Dehqonobodda bizga uloqning bir poychasini berib qutulgan edingiz, — dedi u xirqiroq ovozda. — Bugun bu hunaringiz o‘tmaydi. Biz bu yerga uloqning bir poychasi uchun kelganimiz yo‘q!..
— O‘shanda sizga bir poychani berib qo‘yganimdan haligacha pushaymonman, — deya bo‘sh kelmadi Toshmurod polvon ham. — Menga uloq butunicha kerak.
To‘ychi qora kulgidan ham ko‘ra ko‘proq bo‘rining irillashiga o‘xshab ketadigan tovushda hiringladi.
Toshmurod polvon nogahon surxonlik dongdor chetgir mingan otning ayili salqi tortib, egari qiyshaya boshlaganini payqab qoldi. Bunday bo‘lishini kutmagan To‘ychi qora muvozanatini saqlash uchun gavdasini o‘nglashga majbur bo‘ldi. U oq bayroqli suvoriyga olazarak qarab qo‘ydi. Uloqdan ko‘ngil uzolmayotgandek, so‘nggi bor uni o‘ziga tortdi, ammo shu zahotiyoq qo‘yib yuborib, jon holatda otining bo‘yniga yopishdi...
Davrada qamalib qolgan Beshim chavandoz bir amallab oldinga o‘tdi. Toshmurod polvonning ancha ilgarilab ketganini ko‘rib, peshonasini sovuq ter qopladi. To‘riq qashqani beayov qamchilab, uning ortidan ot qo‘ydi. Asta-sekin oradagi masofa qisqara boshladi.
Toshmurod polvon Beshim chavandoz so‘l tarafidan yaqinlashib kelayotganini ko‘rib, uloqni chapdastlik bilan o‘ng tomoniga oshirdi. Beshim chavandoz bir amallab o‘sha tomonga o‘tganida esa yana chapga oldi. Toshmurod polvonning bu qilig‘i Beshim chavandozni battar qutirtirib yubordi.
— Qo‘rqayapsanmi, enag‘ar! — deya baqirdi u chorasizlikdan ko‘zlari qonga to‘lib.
— Sen bilan uloq tortishishgayam hazar qilaman!..
Beshim chavandoz nima uchundir darrov shashtidan tushdi. Uloqqa hamla qilishga shoshilmay, yonma-yon ot choptirib boraverdi. Toshmurod polvon raqibining maqsadini tushunolmay hayron bo‘ldi. Marraga esa juda oz qolgan edi. Salgina g‘ayrat qilsa, bas...
Kutilmaganda Beshim chavandoz yonlamasiga taqalib kelib, shamoldek yelib borayotgan Qorako‘zni o‘ngga siqib bora boshladi. Toshmurod polvon uloqni taqimiga mahkamroq bosa turib, o‘sha tomonga ko‘z qirini tashladi. Shundagina u raqibining niyatini anglab qoldi. Qorako‘z bahor jilg‘alaridan hosil bo‘lgan chuqur jarlik yoqalab chopib borardi.
Toshmurod polvon jon holatda Qorako‘zning jilovini chapga burdi. Ammo kech bo‘lgan edi. Bir lahza chetlangan Beshim chavandoz otini shitob bilan uning ustiga haydadi. To‘riq qashqa o‘mrovi bilan Qorako‘zga kelib urildi. Qorako‘zning suyaklarigacha qisirlab ketdi. Go‘yo faryod chekayotgandek, quloqni qomatga keltirgudek qattiq kishnab yubordi. Shu zahoti muvozanatini yo‘qotib, jarga quladi.
Toshmurod polvon havodayoq egardan uchib ketdi.
* * *
Jarlikka yuztuban yiqilgan Toshmurod polvon bir muddat karaxt holda yerda cho‘zilib yotdi. Yaqindagina yog‘ib o‘tgan kuzak yomg‘iridan namiqqan tuproqning yoqimli hidi dimog‘iga urildi. Vujudida allaqanday huzurbaxsh charchoq tuydi. Bir amallab o‘rnidan turib, o‘tirdi. Quloqlari chippa bitib qolgan, boshi tinimsiz g‘uvillardi.
Lablari orasidan sizib chiqayotgan qonni yengi bilan artib, nima voqea sodir bo‘lganini anglab olmoqchidek, atrofga alangladi. Sal narida uloq yerparchin bo‘lib yotar, uning yonida boshi gavdasining tagida qolib, bo‘yni qiyshayib qolgan Qorako‘z jon holatda tipirchilar edi.
Toshmurod polvon ixtiyorsiz ravishda o‘sha tomonga intildi. Bir amallab otning boshini o‘nglab, unga termulib qoldi. Qorako‘zning suvliq chiqib ketgan og‘zidan oppoq ko‘pik oqar, mudom yoshlanib turuvchi ma’noli ko‘zlari esa allanechuk kattalashib ketgandek edi.
Toshmurod polvonning miyasida chaqin chaqnagandek, ko‘z oldi ravshanlashib, quloqlari ham ochilib ketdi. Qorako‘z xuddi bug‘ilib qolgandek tinimsiz xirillardi.
— Senga nima bo‘ldi, Qorako‘z, — deb Toshmurod polvon vujudi dir-dir titrayotgan otining bo‘ynini jon-jahdi bilan uqalashga tushdi. — Tur, jonivor. Chux!..
Xojasining amriga itoat etishga odatlangan Qorako‘z shu zahotiyoq harakatga keldi. Zo‘riqish bilan o‘zini o‘nglab oldi-da, yangi tug‘ilgan toychoqdek alpong-talpong o‘rnidan turib, oyoqlarini kerdi.
Toshmurod polvon o‘ziga mutelik bilan qarab turgan qadrdon otining ko‘piklanib yotgan tumshug‘ini kafti bilan artarkan, vaqti-soati yetgan vulqon yanglig‘ ich-ichidan ko‘tarilib kelayotgan og‘ir bir hissiyotni jilovlash uchun tishini-tishiga bosdi. Butun vujudi zo‘riqib, chakka tomirlari o‘qlog‘dek bo‘rtib chiqdi...
Kutilmaganda Qorako‘zning boshi yon tomonga og‘a boshladi. Toshmurod polvon go‘yo suyab qolmoqchidek, otning bo‘ynidan mahkam quchoqladi. Biroq o‘zi ham Qorako‘z bilan yerga quladi... Jar labiga yetib kelgan besh-o‘n chog‘li otliqlar ne hodisa yuz berganini anglolmay o‘zaro shivir-shivir qilishgancha, unga hayron qarab turishardi.
Qorako‘zni turg‘azishga behuda urinib yotgan Toshmurod polvon kimdir yelkasiga qo‘l tashlaganini sezib, ortiga o‘girildi. Tepasida Safarmurod turardi.
— O‘zingizga hech narsa qilmadimi, Toshmurod aka, — dedi yigit xavotirli ohangda.
Toshmurod polvon indamay otiga yuzlandi. Uzala tushib yotgan Qorako‘z jon uzolmay qiynalardi. Shu payt jar labida to‘plangan odamlar orasidan Suyunboy sug‘urilib chiqib, pastga sakradi.
— Nima bo‘ldi, Toshmurod? — dedi u ko‘zlarida yosh halqalanib. — Tani-joning sog‘mi, ukajon?! Yomon yiqilmadingmi?
So‘ng shosha-pisha Toshmurod polvonning oyoq-qo‘llarini, belini silab chiqdi.
— Xudoga shukr, oyoq-qo‘ling butun ekan, — deya belbog‘ini yechib, uning lablari orasida sizib chiqayotgan qonni arta boshladi. Toshmurod polvon esa hamon otidan ko‘z uzolmasdi.
Suyunboy tipirchilab yotgan Qorako‘zning bo‘ynini ushlab ko‘rdi.
— Bo‘yin tomiri uzilganga o‘xshaydi... Hay, ot bo‘lsa topiladi. O‘zing omon qolganingga shukr qil, ukajon!
Qorako‘zning oyoq siltashlari tobora sekinlashib, mudom yoshlanib turuvchi ma’noli ko‘zlari xira tortib borardi.
Arqonga osilib pastga tushgan Qo‘chqor bakovul Qorako‘zni sinchiklab ko‘zdan kechirgach, vazmin bosh chayqadi.
— Otingizning qayta oyoqqa turishi qiyin, Toshmurodboy. Menimcha, buni tezroq so‘yish kerak! Bo‘lmasa...
— Shart emas, — dedi Toshmurod polvon og‘ir xo‘rsinib.
Qorako‘zning jon talvasasidagi harakatlari tobora susayib borardi. Nihoyat, u qolgan-qutgan kuchini to‘plab so‘nggi bor o‘rnidan turishga urinib ko‘rdi. Zo‘riqqanidan butun tanasi titrab ketdi. Xiyolgina ko‘tarilgan boshi yerga "shilq" etib tushdi. Shu kuyi butunlay tinchib qoldi.
— O‘ldi, jonivor...
Toshmurod polvon hayotining bir bo‘lagiga aylanib qolgan sevimli otidan ajralganiga ishongisi kelmasdi. U yana bir muddat Qorako‘zga umidvor termulib o‘tirdi. So‘ng taqdirga tan bergandek, asta o‘rnidan qo‘zg‘oldi.
— Beshim... nomard Beshim, — dedi u o‘ziga o‘zi gapirayotgandek nadomatli ohangda. — Niyatingga yetding-a!
Toshmurod polvonni jarga itarib yuborib, oldi-ortiga qaramay jo‘nab qolgan Beshim chavandoz bu payt qirdan oshib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan edi.
* * *
Shu voqeaning ertasiga Rahmat qassob Qashqa do‘nonini gijinglatib Mang‘itliga kirib keldi. Toshmurod polvon bir-ikki bor gaplashgandayoq uning ko‘nglida kiri yo‘q, hamiyatli odam ekanligini payqagan edi. Shu bois uni ochiq yuz bilan qarshi olib, mehmonxonaga boshladi. Dasturxon ustida ham ancha vaqt o‘tgan-ketgandan gurunglashishdi. Ammo qizlari orqali ayttirib kelgan Suyunboy mehmonga unchalik ruyxush bermay, qovoq solib o‘tirdi.
Rahmat qassob gapni aylantirib kelib, kechagi voqeaga taqadi. Qudasi bu qilmishi bilan beshquduqliklarning ham yuzini yerga qaratibdi. Odamlar undan xafa emish. Beshimning o‘zi ham jahl ustida qilib qo‘ygan ishidan pushaymon bo‘lib, uydan eshikka chiqolmay yotgan emish...
— Bu gaplarni qo‘ying, Rahmat aka, — dedi Toshmurod polvon uning gapini bo‘lib. — Bo‘lar ish bo‘ldi. Men undan xafa emasman...
Shundan so‘ng Rahmat qassob ham cho‘zib o‘tirmay, muddaoga ko‘chib qo‘ya qoldi.
— Bu ishni shunday qoldirib bo‘lmaydi, Toshmurodboy, — dedi u jiddiy qiyofada. — Qishloq oqsoqollari bilan maslahatlashib, uvol ketgan otingizning xunini to‘lashga qaror qildik.
Toshmurod polvon achchiq ustida mehmonni behurmat qilib qo‘ymaslik uchun labini tishladi.
— Toshmurod birovning sadaqasiga zor bo‘lib qolgani yo‘q, — dedi Suyunboy jahl bilan. — Siz ham izzatingizni biling, og‘ayni!
— Vaqtida chorasini ko‘rmasak, shu voqea sabab, Beshquduq bilan Mang‘itlining o‘rtasiga sovuqchilik tushishi mumkin, — dedi Rahmat qassob ham bo‘sh kelmay. — To‘y-to‘ychig‘i, bozori bilan mozori bir bo‘lgan ikki qishloq odamlari bitta otni deb bir-biridan tumshuq burib yursa, yaxshi bo‘ladimi?
Rahmat qassobning dalili mantiqli edi. Toshmurod polvon unga biror ma’nili e’tiroz bildirolmadi. Najot kutgandek Suyunboyga yuzlandi.
— Siz oraga elchilikni qo‘shib, mug‘ombirlik qildingiz, qassob, — dedi Suyunboy ham bir parda past tushib. — Buyog‘iga men bir narsa deyolmayman. Nima qilsa, Toshmurodning o‘zi biladi.
Boshqa gapga o‘rin qolmadi. Shundan so‘ng dasturxonga fotiha o‘qilib, tashqariga chiqishdi. Rahmat qassob Qorako‘zning oxurida yemish kovshayotgan Qashqa do‘nonning mayin yolini silab, sag‘risiga shapatiladi.
— Bu bilan sovrin-povrin olsangiz, bizniyam esdan chiqarmassiz, Toshmurodjon, — deya zo‘rma-zo‘raki jilmaydi u. — Turishini qarang! Ot ko‘rganim yolg‘on-ey...
O‘sha kuni Rahmat qassob Qashqa do‘nonning egar-jabdug‘ini yelkalagancha Beshquduqqa piyoda jo‘nadi. U keta-ketguncha qudasining go‘riga g‘isht qalab so‘kib ketdi.
* * *
Rahmat qassob Toshmurod polvonnikida qudasi haqida sal mubolag‘a bilan gapirgan edi. Aslida, Beshim chavandoz o‘z qilmishidan unchalik ham afsuslanayotgani yo‘q edi. Qishloq kayvonilarining Toshmurod polvonga otining xunini to‘lash haqidagi qarori ham unga yoqmadi. Ayniqsa chollarning Qashqa do‘nonni berishga kelishganlarini eshitib, tepa sochi tikka bo‘lib ketdi.
To‘riq qashqa ming zo‘r ot bo‘lgani bilan vaqti kelib undan ham davr ketishi aniq. Uning naslidan bo‘lgan Qashqa do‘non esa kuch-quvvatga to‘lib, kun sayin yetilib kelmoqda edi. Ot izini toy bosar deganlariday, jonivor hademay yaxshigina uloqchi otga aylanishi aniq. Buni yaxshi bilgan Beshim chavandoz bir-ikki yildan so‘ng uni o‘zi minishni chamalab qo‘ygan edi. Ammo kutilmaganda bu niyati sarobga aylandi. O‘lganning ustiga tepganday, Qashqa do‘non kelib-kelib ashaddiy raqibi Toshmurod polvonga nasib etib turibdi. E, bu sho‘rtumshuq sag‘irdan qutuladimi-yo‘qmi!..
Eng alam qiladigani, ko‘pkaridagi voqea sababli Beshim chavandozning tili qisiq edi. Shu sabab ko‘z o‘ngida yuz berayotgan voqealarni jimgina kuzatib turishga majbur edi.
Quduq boshida To‘riq qashqani cho‘miltirayotgan Beshim chavandoz shu haqda o‘ylagan sari dardi-dunyosi qorong‘i bo‘lib bormoqda edi. Sal narida esa kechagina Qashqa do‘nonni Toshmurod polvonning qo‘liga topshirib kelgan Rahmat qassob qovoq uygancha uning harakatlarini zimdan kuzatib o‘tirardi. Beshim chavandoz bor alamini undan olmoqchi edi-yu, ammo shu topda qudasining ham fe’li aynab turganini sezib, tilini tishladi. Shu taxlit ikkalasi ham ancha vaqt churq etib og‘iz ochishmadi.
— Toshmurod Qashqa do‘nonni indamay olaverdimi? — deb so‘radi Beshim chavandoz nihoyat dag‘al ohangda.
— Qayoqda! Boshida yo‘q deb oyoq tirab turib oldi. O‘rtaga elchilikni qo‘shganimdan keyin noiloj qoldi. — Rahmat qassob Beshim chavandozga qattiq tikildi. — O‘ylashimcha, sizniyam ayaganga o‘xshadi. Ko‘nglida kiri yo‘q, mo‘minqobilgina yigit ekan.
— Noiloj qolgan emish, — deya zaharxanda kuldi Beshim chavandoz. — U shunday nasldor otdan kechadigan darajada vallomat emas! Sizam gapga to‘n kiydirib gapirmasangiz, ko‘nglingiz joyiga tushmaydi.
— Xafa bo‘lmang-ku, sizda tantilik oz, — dedi Rahmat qassob dona-dona qilib. — Ko‘pkaridayam zo‘rdan-zo‘r chiqadi...
— O‘sha sag‘ir mendan zo‘r ekanmi?! — G‘azabdan bo‘zarib ketgan Beshim chavandoz ilkis ot yuvishdan to‘xtab, Rahmat qassobga yeb qo‘ygudek tikilib, sensirab o‘shqira ketdi. — Bu gapingga noma’qulning nonini yebsan! Hali undaylarning o‘ntasiga gap aytishga kuchim yetadi!.. Toshmurod desa hammangning og‘zingdan bol tomadi! Qay go‘rdagi bahonalarni pesh qilib, minib yurgan otingni unga qo‘sh-qo‘llab tutqazib kelding! Hayf, senga shunday ot!
Uning zamzamalarini jimgina tinglagan Rahmat qassob sekin o‘rnidan turdi-da, vazmin qadamlar bilan uyiga yo‘l oldi.
— Arzandangga aytib qo‘y, jonidan umidi bo‘lsa, ko‘zimga ko‘rinmasin, — deya uning ortidan baqirdi Beshim chavandoz. — Yana oyog‘imning tagida o‘ralashsa, o‘ziniyam sog‘ qo‘ymayman!..
* * *
Navro‘z yaqin edi. Bir kuni Suyunboy Toshmurod polvonnikiga Nuraliboyni boshlab keldi.
— Bu kishi uchkapalik Nuraliboy bo‘ladi, tanisang kerak? — dedi u salom-alikdan so‘ng. — Oldingga zarur ish bilan kelibdi.
— Keling, mehmon, — dedi Toshmurod polvon irg‘ay sopli qamchisini hadeb etigining qo‘njiga urib-urib qo‘yayotgan bu g‘alati yigitga sinovchan tikilib. — Qani, uyga...
— Uyingizda boshqa payt mehmon bo‘larmiz, polvon aka, — dedi Nuraliboy beparvo ohangda. — Shu desangiz, bizning bitta samanimiz bor... O‘zi yaxshi ot-ku, lekin hech chopag‘onga yolchimayapti. Shu jonivorni o‘zingiz chopsangiz, devdim.
— Rahimboyning ko‘pkarisida Beshim o‘sha samanni minib, sen bilan uloq talashuvdi, — deb gap qo‘shdi Suyunboy.
— Esladim, — dedi Toshmurod polvon. — Chaqqongina ot edi.
— Sinchilar ham shunday deyishadi, — dedi bu gap qulog‘iga moyday yoqib tushgan Nuraliboy kerilib.
— Nimaga samaningizni Beshimga choptirmayapsiz?
— Yuzi qursin uning! — dedi Nuraliboy nogoh achchiq narsa chaynab olgandek afti burishib. — O‘shanda sizga uloqni oldirib qo‘yib, alamini bizning samandan oldi. Shuning kasriga jonivor bir muddat o‘sal bo‘lib qoldi.
— Samaningizni men minsam, Beshim chavandoz ko‘ngliga og‘ir olishi mumkin..
— Beshimning menga ot boqishib qo‘ygan joyi yo‘q! — dedi Nuraliboy qizishib. — O‘sha nokas yuz-xotir qilishingizga arzimaydi. Uning sizga qilgan itligini hamma biladi!
— Bu gaplarni qo‘ying, mehmon, — dedi Toshmurod polvon og‘rinib. — Ot choptiraman desangiz, chavandoz ko‘p...
Nuraliboy najot kutgandek Suyunboyga umidvor termuldi.
— Seni hurmat qilib shuncha joydan izlab kelibdi, noumid qaytarma, — dedi Suyunboy.
— Yo‘q demang, polvon aka, — dedi Nuraliboy yalinchoq ohangda. — Kelasi chorshanba kuni Hisorsoyda katta ko‘pkari bo‘ladi. "Shu ko‘pkarida samanimni Toshmurod polvonga choptiraman" deb og‘zikattalik qilib qo‘yuvdim. Yuzim shuvit bo‘lmasin...
Toshmurod polvon ilkis hushyor tortib, Nuraliboyga yuzlandi.
— Hisorsoyda, deysizmi?
— Hisorsoy deganlari tupkaning tubida emas, — dedi uning bu holatini o‘zicha tushungan Nuraliboy battar tashvishlanib. — Otda jadallab yurilsa, bir maydonda yetish mumkin.
— Beshimning u yoqlarda adashgan iti yo‘q, — dedi Suyunboy ham. — Sen ikkilanmay boraver.
Ochig‘i, Nuraliboyning gap-so‘zlari-yu, o‘zini tutishi Toshmurod polvonga yoqmadi. Uning samanini chopishga ham unchalik ishqiboz emasdi. Chunki shu choqqacha Beshim chavandoz chopib yurgan otni minishga ko‘ngli tortmayotgan edi. Ammo ko‘pkari Hisorsoyda bo‘lib o‘tishi haqidagi gap uni o‘ylantirib qo‘ydi. Nuraliboyga nima deb javob qilishni bilmay, bir muddat ikkilandi. Yaqinda onasi bilan bo‘lgan suhbat esiga tushdi...
O‘sha kuni Toshmurod polvon so‘rida o‘tirib, ko‘pkarida kiyadigan nug‘ayi etigini yamash bilan ovora edi. Katta qizlari va Ro‘zixol momo qaergadir chiqib ketishgan, Saodat ayvonda xamir qorimoqda edi. Sochlari jamalak qilib o‘rilgan Oysuluv ham onasining yonida o‘tirib olib, bir parcha xamirdan jajji kulchalar yasashga urinardi.
Shu payt ichkaridan chaqaloq yig‘isi eshitildi. Juvoldiz bilan etikdan ip o‘tkazayotgan Toshmurod polvon ko‘z qiri bilan xotiniga qaradi. Qo‘llari xamirga belangan Saodat nima qilishni bilmay shoshib qoldi.
— Borib, ukangning beshigini tebratib tur, qizim, — dedi u Oysuluvga ko‘zi tushib. — Ishimni tugatishim bilan menam boraman.
— Yo‘q, — dedi Oysuluv o‘jarlik bilan. — Kulchalarimni tezroq yopmasam, xamiri achib qoladi.
Chaqaloq yig‘isi avjlandi.
— Bidirlamay tezroq bor, deyman!
— O‘zingiz boring, — bo‘sh kelmadi qizcha ham. — Oybahorning qorni ochqagan. Tezroq uni emizing.
— Mushtday boshi bilan aql o‘rgatadi, bu tentak qiz...
Toshmurod polvon miyig‘ida kulib qo‘yib, oftobada qo‘lini yuvdi-da, ichkariga yurdi. Saodat uning maqsadini tushunib, yana ishiga unnadi.
Toshmurod polvon xona o‘rtasida turgan beshikning yopqichini ochdi. Uyni boshiga ko‘tarib yig‘layotgan jajji qizaloq shu zahoti yupanib, yosh halqalangan munchoqdek ko‘zlarini otasiga tikdi. Toshmurod polvon iljaydi.
— Ona qizim...
Qizaloqning munchoq taqilgan lo‘ppi qo‘llarini bo‘shatib, barmog‘ining uchi bilan avaylab uning ko‘z yoshlarini artdi. Jajji Oybahor timirskilanib, otasining o‘zi tomon egilgan yuzini siypaladi. Go‘dakning yoqimli hidi dimog‘iga urilib, Toshmurod polvonning yuragi orziqib ketdi. Beshikka osilgan qo‘ng‘iroqchani jiringlatdi. Qizaloq endigina milklarini yorib chiqa boshlagan tishlarini ko‘rsatib ma’sum jilmaydi.
— Ie, tishchalaring ko‘rinib qolibdi-ku, — dedi Toshmurod polvon xursand bo‘lib. — Endi sengayam xo‘rozqand olib kelaman.
Shu payt Ro‘zixol momo shoshib uyga kirdi. Toshmurod polvon ung‘aysizlanib o‘zini chetga oldi.
— Bu erka qiz otasiga arzi-hol qilayaptimi? — dedi Ro‘zixol momo chaqaloqni beshikdan yechib olaturib. — Yumronqoziqday qarab turishini buning.
Ro‘zixol momo qizchaning kiyimlarini kiygiza boshladi. Onasining gaplarini iljayib tinglab o‘tirgan Toshmurod polvon nigohini chetga oldi. Beshikdan ozod bo‘lgan chaqaloq esa kampirning quchog‘ida betinim tipirchilardi.
— Qanot qoqmay tek tur, ajina, — deya yolg‘ondakam po‘pisa qildi Ro‘zixol momo unga. — Tavba, qo‘ldan yasab qo‘yganday otasiga o‘xshaydi-ya!.. Shuncha ishni qilgan Xudoyim shugina go‘dakni o‘g‘il qilib yaratganda, qaniydi.
Toshmurod polvon jim edi...
Ro‘zixol momo chaqaloqni kiyintirib bo‘lgach, o‘g‘lining qo‘liga tutqazdi.
— Mayli, qiz bo‘lsayam, berganiga shukr, — dedi beshikni tartibga keltirayotib. Nimadir esiga tushgandek "yalt" etib o‘g‘liga qaradi. — Aytganday, kecha Norbuvi xolaning qirqida bir gap eshitib qoldim, bolam. Hisorsoy tomonlarda O‘g‘ilbuloq degan chashma bor emish. Kimki niyat qilib, uning suvidan ichsa, Xudo unga o‘g‘il berarmish.
— Gap-da, ona, — dedi Oybahorni so‘zsiz, imo-ishora bilan erkalab o‘tirgan Toshmurod polvon jiddiy tortib.
— Shu uydayam o‘g‘il bolaning yig‘isini eshitib o‘lsam, armonim yo‘q edi. Senda na aka, na uka bor... O‘g‘il bola otaga suyanchiq bo‘ladi.
Ro‘zixol momo beshik ichidan tuvakni olib tashqariga chiqdi. Toshmurod polvon onasining ortidan mahzun qarab qoldi. So‘ng qo‘llarida tipirchilayotgan qizchasini yuqoriga irg‘itib erkalata boshladi:
— Ona-a qizim! Xushtala-xushtala...
Toshmurod polvon o‘sha kuni indamay qo‘ya qolgan bo‘lsa-da, onasining bu gapi uning yuragiga cho‘g‘ solib qo‘ygan edi. U shu kunlarda biron arzirli bahona topib, Hisorsoyga o‘tib kelish haqida o‘ylab yurgan edi. O‘g‘ilbuloqqa borish uchun qulay fursat tug‘ilgani uchungina Nuraliboyning taklifiga ko‘nishga majbur bo‘ldi.
— Mayli, otingizni chopaman, — dedi Toshmurod polvon nihoyat bir qarorga kelib. — Siz bilan Hisorsoyda uchrashamiz.
— Aldamayapsizmi?..
Toshmurod polvon Nuraliboyni endi ko‘rayotganday unga ajablanib tikildi.
— Mayli-mayli, — dedi qovun tushirganini anglagan Nuraliboy xijolatdan qizarib. — Men Hisorsoyga eldan burun borib, sizni kutib turaman.
* * *
Toshmurod polvon chorshanba kuni tong bo‘zarmasdan Suyunboyning otini minib yo‘lga tushdi. U Oqcheva tarafdan aylanib o‘tadigan katta yo‘ldan yurmay, Chalqaymish adirlarini tikka kesib chiqadigan yolg‘izoyoq so‘qmoqqa burildi. Qir-soy oralab o‘tgan yo‘lda biroz qiynalgan bo‘lsa-da, choshgohga qolmay baland tog‘lar etagidagi Hisorsoy qishlog‘iga yetib keldi.
Hisorsoyning kunchiqar tarafidagi ikki tomoni chuqur zov bilan o‘ralgan sayxonlikni qishloq ahli supa deb atashar edi. Qishloqning bayram-sayillari, ko‘pkarilari mana shu joyda o‘tar edi. Toshmurod polvon ilgari ham bir-ikki marta Hisorsoyga kelib uloq chopganligi bois to‘g‘ri supaga chiqib bordi.
To‘yning qiroshini yeb chiqqan otliq, piyoda odamlar to‘p-to‘p bo‘lib supaga oqib kelishmoqda edi. Bir gala yosh chopag‘onlar allaqachon solimni boshlab yuborishibdi.
Toshmurod polvon izlay-izlay Nuraliboyni topdi. U supaning yuqori tarafida tarlon baytalning egarida qiyshayib o‘tirgancha, yonidagi uch-to‘rt otliq bilan gurunglashib turardi. Nechundir Toshmurod polvonni ko‘rib dovdirab qoldi.
— Siz ham keluvdingizmi, polvon aka? — dedi o‘g‘irlik ustida qo‘lga tushgandek tevarakka alang-jalang termulib. — Endi kelmassiz deb o‘ylovdim...
— Samaning qani? — deb so‘radi Toshmurod polvon uning o‘zini tutishidan ajablanib.
Nuraliboy hech narsa demay uni supaning bir chekkasiga boshladi. Xoliroq joyda qorachadan kelgan bir o‘spirin tanish saman otni qorovullab o‘tirardi.
— Men hozir kelaman, — dedi-yu, Nuraliboy tarlon baytalini niqtab ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Toshmurod polvon uning ortidan qarab qoldi. U Nuraliboyning bezovtaligi sababini tushunolmay hayron edi. Ammo nima bo‘lganda ham endi ortga qaytishning iloji yo‘q. Birovga va’da berdimi, ustidan chiqishi kerak...
Toshmurod polvon otini bir chekkaga bog‘lab, paxtalik nimchasi bilan no‘g‘ayi etigini kiydi. Kiyimlarini xurjunga joylab, o‘rnidan turdi.
Ko‘pkari boshlanishini sezib bezovtalanayotgan samanni egarlab mindi. Davra sari intilgan otning jilovini kuch bilan tortib qoldi. Saman adl ko‘kka sapchidi. Bu manzarani ko‘rib, o‘spirinning quvonchdan ko‘zlari chaqnab ketdi.
— Zo‘r-a! — dedi u g‘urur bilan. — Naq osmonga uchib ketaman deydi!
Toshmurod polvon miyig‘ida kulib qo‘ydi. So‘ng bir narsa yodiga tushgandek tevarakka alangladi.
— Nuraliboy ko‘rinmay qoldi?
— Akam anavi tomonga ketuvdi, — dedi o‘spirin yelka qisib. — Kelib qolar...
Toshmurod polvon samanning jilovini o‘sha tomonga burdi.
Davraga yetay deganida Nuraliboy oldidan chiqdi.
— Bir uzrimiz chiqib qoldi, polvon aka, — dedi u ko‘zlarini olib qochib. — Ko‘pkariga Beshim chavandoz ham kelgan ekan. Samanni o‘zim chopaman deyapti...
Qaerdandir paydo bo‘lib qolgan Beshim chavandoz Toshmurod polvonning yonida shartta To‘riq qashqaning jilovini tortdi.
— Otdan tush! — dedi u g‘azabdan junbushga kelib.
Bunday bo‘lishini kutmagan Toshmurod polvon nima qilishni bilmay, dovdirab qoldi. Madad kutgandek Nuraliboyga termuldi. Ammo undan sado chiqmasdi.
— Qachondan beri birovlarning sarqiti bilan kun kechiradigan bo‘lib qolding, betiqora! — deya avjlandi Beshim chavandoz. — Xomitib o‘ldirgan qirchang‘ingning o‘rniga zotdor ot berib ham sendan qutulmaymanmi?!
Ularni jimgina kuzatib turgan odamlar orasida shivir-shivir boshlandi.
— Bu qanday gap bo‘ldi?! — deb alam, iztirob zalvoridan peshonasidan sovuq ter chiqib ketgan Toshmurod polvon samanni Nuraliboyga niqtadi. — Nimaga indamaysan?!
Nuraliboy uning vajohatini ko‘rib qo‘rqib ketdi.
— Samanni kim chopsayam menga farqi yo‘q... Ikkovingiz kelishib oling.
Nuraliboy tarlon baytalining jilovini burib, odamlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Toshmurod polvon otdan qanday tushib, davradan qanday chiqib ketganini ham bilmaydi. Achinish, kinoya, hayronlik aks etgan nigohlar uni kuzatib qoldi.
— O‘l bu kuningdan!..
Beshim chavandozning bu gapi olislardan kelayotgandek, uning qulog‘iga elas-elas eshitildi...
Toshmurod polvon pista, bodom daraxtlari quyuq o‘sgan toshloq dara oralab ancha vaqt yurdi. Nihoyat, cho‘k tushgan tuya shaklini eslatuvchi ulkan xarsang toshga duch keldi. O‘g‘ilbuloq deganlari ana shu toshning tagidan jildirab oqib chiqib, sal naridagi hovuzchaga quyilar ekan.
U otini shu atrofdagi archa shoxiga bog‘ladi. Egnidagi paxtalik nimchasi bilan etigini yechib, chashma suvida yuz-qo‘lini yuvdi. So‘ng hovuzga engashib, uning suvidan simirdi. Totli buloq suviga qo‘shilib vujudiga allanechuk kuch-quvvat oqib kirayotgandek, yengil tortdi. Yuragida toshdek cho‘kib yotgan iztirobli hissiyotlar erib ketgandek, ko‘ksida yoqimli bir bo‘shliqni his qildi.
Toshmurod polvon buloq bo‘yidagi ajriqzorda cho‘zilgan kuyi zangori osmon uzra ohista suzib yurgan bulutlarga termulib yotdi. So‘ng asta ko‘zlarini yumdi. Shu topda uning o‘zi ham xayolan ko‘kda parvoz qilmoqda edi...
* * *
Oradan bir yil o‘tdi. Shu vaqt ichida Toshmurod polvon biron marta uloq chopmadi. Hatto, ko‘klamda hamqishlog‘i usta O‘sarning ko‘pkarisida ham ko‘rinmadi. Dastlab odamlar mang‘itlilik kamsuqum chopag‘onni bot-bot eslab turishardi. Ba’zilar esa u haqda har xil gap-so‘zlarni to‘qib-bichishardi. Emishki, Toshmurod polvon hamon hayf ketgan otini unutolmayotgan emish. Hatto, kimgadir, Qorako‘z o‘lib, bizdanam davr ketdi, endi qaytib uloqning yaqiniga yo‘lashgayam yuragim betlamaydi, deb arzi hol qilibdi...
Vaqt o‘tishi bilan bunaqa gap-so‘zlarning ham tafti pasaya boshladi. Davralarda gurillab yurgan paytlarida keldi-ketdi arimay yotgan xonadoni ham endilikda sokinlashib qolgan edi. Ko‘pkarining zavqiga berilib ketgan odamlar uni unuta boshlashdi.
Sayisxonada ancha yetilib, kuchga to‘lgan Qashqa do‘nonning tagini tozalayotgan Toshmurod polvon shular haqida o‘ylarkan, miyig‘ida kulib qo‘ydi. O‘lmagan qul ko‘raverar ekan-da, degan fikr kechdi xayolidan. Ochig‘i, u hech kimga Qorako‘z o‘lib, o‘zidan davri-davron ketgani haqida arzi hol qilmagan bo‘lsa-da, lekin bundan buyog‘iga qanday yo‘l tutishni ham bilmasdi. Qashqa do‘non tig‘i charxlangan shamshir kabi tobga kelgan, biroq uni minib uloq chopishiga nimadir monelik qilmoqda edi.
O‘y-xayollarga berilib ketgan Toshmurod polvon o‘zi tomon kelayotgan Suyunboyni payqamadi.
— Hormang, Toshmurodboy, — dedi Suyunboy uch-to‘rt qadam narida oyoq ilib.
— Salomat bo‘ling. Keling, Suyunboy aka.
— Rahmat qassobning Qashqa toyi rosa yetilibdi, — dedi Suyunboy kinoyali ohangda. — Endi jonivorni bemalol qo‘shga solsang ham bo‘laveradi.
— Qiziq gapirasiz-a, Suyunboy aka, — deb kuldi Toshmurod polvon. — Shunday otga omoch sudratsak, uvol bo‘lar.
— Qo‘shga qo‘shmasang, ko‘pkariga solmasang, buni so‘qimga boqayapsanmi? — dedi Suyunboy ovozini bir parda ko‘tarib.
Toshmurod polvon Qashqa do‘nonning ustiga kigizdan tikilgan o‘ramani yopib, ayilini tortdi.
— Ana shu-da, — dedi javob kutib bir muddat uning og‘zini poylagan Suyunboy hafsalasi pir bo‘lib. — Ko‘pkari desa, bu kishining labiga uchuq toshadi! Bulturdan beri uloq chopishniyam yig‘ishtirib qo‘ydi.
— Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin, Suyunboy aka. Hali ko‘pkaridan umidimizni uzganimiz yo‘q. Vaqti kelsa, yana choparmiz.
— Vaqti qachon keladi?! Yoshing bir joyga borib, soqoling selkillagan chol bo‘lganingdami?
Toshmurod polvon sukut saqladi.
— Sen bu yoqda "uy qizi" bo‘lib o‘tiraver, u yoqda Beshim ko‘pkarining sovrinini olib, burni tanqayib yuraversin. Senga shu kerak-da o‘zi! — dedi u battar jig‘ibiyron bo‘lib. Toshmurod polvon birdan jiddiy tortdi. Suyunboy gaplari unga ta’sir qilganligidan ruhlanib, biroz yumshadi. — Kelasi jumada ko‘kto‘nlilik Sarman cho‘pon ko‘pkari berayapti. Sovriniga toy aytmoqchi ekan. Ukkag‘ar Beshim halitdan, "Sarman cho‘pon toychoqni biznikiga keltirib bog‘lab qo‘yaversin", deb og‘zikattalik qilib yurgan emish...
— Beshim chavandoz lafzida turadigan odam, — dedi Toshmurod polvon o‘ychan qiyofada. — Shunday degan bo‘lsa, so‘zining ustidan chiqadi.
— Bormaysanmi?!
— Bu gaplarni qo‘ying, Suyunboy aka. Qani, uyga... Choylashamiz.
— E, senga yalingan men ahmoq!
Suyunboy qo‘l siltagancha ortiga burilib ketdi.
Toshmurod polvon uy tomon yurdi. Hovli suv quygandek jim-jit edi. Oshxonada kuymalanayotgan Saodat oftoba bilan sochiq ko‘tarib chiqdi. U yana homilador, oy-kuni yaqin edi...
Toshmurod polvon jimgina yuvindi. Xotini uzatgan sochiqqa artina turib, beixtiyor uning do‘ppayib turgan qorniga qarab qo‘ydi. Saodat besaranjomlanib, keng-mo‘l nimchasining etagini tortdi.
— Nimaga mendan o‘zingni olib qochasan, Saodat? — dedi Toshmurod polvon unga mehr bilan tikilib. — Bir uyda yashaymizu, xuddi begonalarga o‘xshaymiz.
— Bu kishining oldida tilim qisiq... Ko‘ziga qarashgayam uyalaman...
Saodat ma’sum qiyofada yerga qaradi. Iztirobli bir hissiyot Toshmurod polvonning yurak-bag‘rini simmillatib o‘tdi.
— Unday dema, Saodat! — deb uni avaylab bag‘riga bosdi. — O‘zingni qiynama...
Saodat chuqur xo‘rsinib, erining ko‘ksiga bosh qo‘ydi.
— Qo‘rqayapman! — dedi mijjalariga yosh qalqib.
— Xavotirlanma, hammasi yaxshi bo‘ladi, — dedi Toshmurod polvon taskin ohangida. — Men hech qachon sendan domongir bo‘lmaganman. Seniyam, qizlarimniyam yaxshi ko‘raman. Bu gal ham peshonamizga yozilgani bo‘ladi!
— Bu kishiga o‘ziga o‘xshagan polvongina o‘g‘illar tug‘ib bermoqchi edim...
Saodat chuqur tin oldi. Uning yoshlik latofati ketib ulgurmagan chiroyli yuzida allanechuk umidsizlik aks etgan edi. Toshmurod polvon xotinining ohunikidek yirik-yirik, tim qora ko‘zlariga termulib qoldi. Undan bir xushxabar uqqandek, beixtiyor jilmaydi...
* * *
Toshmurod polvon ertalab odatdagidek qo‘radagi qo‘ylarini yaylovga haydadi. Qishloq adog‘idagi yantoqzorga qo‘ylarini o‘rdirib yubordi-da, choponini yerga to‘shab yonboshladi.
Biyday dashtga sukunat cho‘kkan edi. Tiyramohning mayingina oftobida toblanib yotgan Toshmurod polvonni yana uy-xayollar og‘ushiga oldi. Bir yil burun Chorshanbiboyning ko‘pkarisida yuz bergan voqea xayolida jonlandi.
Mana, u uloqni taqimiga bosgancha Qorako‘zni yeldirib ketayapti. Jonivor marra sari go‘yo qanot bog‘lab, uchadi...
Daf’atan ko‘z o‘ngida Beshim chavandozning g‘azabdan burishib ketgan basharasi paydo bo‘ldi.
Toshmurod polvon Qorako‘z bilan jarlikka qulayapti... Hozirgina jon bergan Qorako‘zning mudom yoshlanib turuvchi ma’noli ko‘zlarida bir tomchi yosh qotib qolgan...
Oy-kuni yaqinlashib qolgan Saodat unga mung‘ayib qarab turibdi...
Ichkaridan chiqib kelgan Ro‘zixol momo labini tishlagancha supa ustidagi oftobani olib, yana sekin uyga kirib ketdi...
Toshmurod polvon iztirobli xotiralar changalidan xalos bo‘lish ilinjida asta o‘rnidan turib o‘tirdi. Olisda elas-elas ko‘zga tashlanib turgan Qo‘ng‘irtov tomonlarga xazin tikildi. Ko‘zlaridan ikki tomchi yosh sizib chiqdi...
Ortiq bu yerda o‘tirolmadi. Choponini qo‘ltiqlab, yantoqzor tomon yurdi.
Qishloq tarafdan chiqib kelgan uch-to‘rt otliq orasidan Suyunboy ajralib chiqib, unga yaqinlashdi.
— Ha, Toshmurodboy, qo‘y boqib yuribsizmi?
— Qo‘y boqib yuribman, Suyunboy aka, — dedi Toshmurod polvon allanechuk o‘ksik ohangda. — Sizlar... Sizlarga yo‘l bo‘lsin?
Suyunboy uning holatini ko‘rib ajablandi.
— Sarman cho‘ponning ko‘pkarisiga borayapmiz. Uloq chopmasak ham, tomosha qilib kelamiz-da, bizlar.
— Aytganday, bugun ko‘pkari bor-a, — dedi Toshmurod polvon nimadir yodiga tushgandek siniq jilmayib.
— Emasa, biz boraylik, Toshmurodboy.
Toshmurod polvon indamay qo‘ya qoldi. Suyunboy yana nimadir demoqchi bo‘lib og‘iz juftladi-yu, fikridan qaytib, ortiga burildi.
— Cho‘x, jonivor!..
Tushga yaqin Toshmurod polvon qo‘ylarini haydab kelib, qo‘raga qamadi. Hovlida hech kim ko‘rinmasdi. Shu payt ichkaridan Ziyoda shoshib chiqib keldi.
— Singillaring qani, qizim?
— O‘g‘iloy ularni Nazira yangamnikiga olib ketuvdi, — dedi Ziyoda yerga qarab. — Onamning sal mazasi yo‘q... Irisgul momoni chaqirib kelish uchun ketayapman.
Toshmurod polvon gap nimadaligini tushundi. Uyga kirishini ham, ortiga qaytishini ham bilmay, serrayib turib qoldi. So‘ng bir qarorga kelib, sayisxona tomon yurdi.
Qashqa do‘non odatdagidan bezovta edi. U tinimsiz pishqirib, qoziq atrofida aylanar, ba’zan asabiy tarzda kishnab, ko‘kka sapchirdi.
Toshmurod polvon oxur chekkasiga omonatgina cho‘kib, otning harakatlarini befarq kuzatgansib o‘tirardi. U sirtdan xotirjam ko‘ringani bilan o‘zini qo‘yarga joy topolmas, yuragida allanechuk qadrdon, iztirobli bir hayajon harakatga kelgan edi...
Saodatning to‘lg‘oq azobidagi zaifgina faryodi eshitila boshlaganida u ilkis uyqudan uyg‘ongandek sapchib o‘rnidan turdi. Tezgina Qashqa do‘nonni egarlab, egarga sakrab mindi-da, sag‘risiga qamchi bosdi. Ot ham shuni kutib turganday, o‘qdek oldinga otildi.
Irisgul momo bilan shivirlashib nimanidir muhokama qilayotgan Ro‘zixol momo shovqinni eshitib, deraza pardasini xiyol ko‘targan kuyi tashqariga mo‘raladi.
— Tinchlikmi, momojon? — deb so‘radi to‘shakda parishon cho‘zilib yotgan Saodat bezovtalanib. — Nima dupurladi?
— Toshmurodjon ot minib o‘tdi, qizim, — dedi Ro‘zixol momo pardani zichlab yopa turib.
— O‘g‘lingiz qayoqqa ketdi?
— Ko‘pkariga ketdi, bolam, ko‘pkariga! — dedi Ro‘zixol momo xotirjam ohangda.
* * *
Baland qirlar poyidagi keng-mo‘l maydonda ko‘pkari avjida. Uloq ustida ulkan izdihom dengizdek chayqaladi. Qirlarning ustida qaldirg‘ochdek tizilishgan tomoshabinlar chavandozlarning xatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatishadi.
Birdan davra jonlandi. Beshim chavandoz uloqni taqimiga bostirib, izdihomdan ajralib chiqdi. Payt poylab turgan chetgirlar uning oldini o‘rab chiqishdi. Ammo Beshim chavandoz ustalik bilan ularga chap berib, ilgarilab ketdi.
— Halol! — deya ovoz berdi Qo‘chqor bakovul. — Beshquduqlik Beshim chavandozning zoti halol!..
Hozirgina davradan uloq ayirib chiqqan Beshim chavandoz badani jiqqa terga botgan qorabayirdan tushib, jilovini yonida turgan ko‘kto‘nlilik Sodiqboyga tutqazdi.
— Bugun oting bilan uch marta zot taqim qildik, yetadi. Buni chekkaga chiqarib, yaxshilab sovut.
— Sovrinniyam bizning qorabayir bilan ayirsangiz, devdim, Beshim aka...
— Yo‘q, Sodiqboy. Jonivor ancha toliqdi, pand berib qo‘yishi mumkin. Sovringa o‘zimning To‘riq qashqani asrab qo‘yganman.
Shu payt Rahmat qassob tagidagi qizil biyani qichab, ularning yoniga yetib keldi.
— Bir gap aytsam, ishonmaysiz, qudaboy, — dedi u xalloslab. — Hozirgina Toshmurod polvon kelib, uloqqa qo‘shildi.
— Nima? Toshmurod? — deya so‘radi Beshim chavandoz hayron bo‘lib. — Hazillashmayapsizmi, qassob?
— O‘zim ko‘rdim! Tagida bizning Qashqa do‘non. O‘ziyam, jonivor otmisan ot bo‘libdi-da. Naq tuyoqlarining tagidan uchqun sachraydi-ya!
— To‘riq qashqa qani? — deya baqirdi Beshim chavandoz sabrsizlik bilan tevarakka alanglab. — Tezroq olib kelinglar!..
Bu paytda Toshmurod polvon o‘ziga qiziqish bilan tikilib turgan odamlar ko‘z o‘ngida Qashqa do‘nonni davra sari niqtar, ammo ot izdihomga kirishdan qo‘rqayotgandek, sarkashlik bilan ortga tisarilardi. Ketma-ket urinishlari naf bermagach, u noiloj o‘zini chetga oldi. Odamlar orasida shivir-shivir boshlandi. Kimdir eshitarli ovozda "Toshmurod ham manziligi yetib kelibdi!" dedi.
— Meni sharmanda qilma, jonivor! Cho‘x!
Oriyatning zo‘ridan terlab ketgan Toshmurod polvon otning sag‘risiga ustma-ust qamchi tushirdi. Bunday muomalaga o‘rganmagan Qashqa do‘non jon achchig‘ida izdihomga o‘zini urdi. Keng, baquvvat umgani bilan otlarni chetga surib, uloq tomon intildi.
Toshmurod polvon davra o‘rtasiga yetib ulgurmay, Beshim chavandoz uloqni ayirib chiqdi. Qo‘chqor bakovulning tanish hayqirig‘i yangradi:
— Halol! Beshquduqlik Beshim chavandozning zoti halol!..
"Sinalmagan otning sirtidan o‘tma" deb bekorga aytishmagan ekan. Shu kuni Toshmurod polvonning Qashqa do‘nonni yo‘rig‘iga yurgizishi qiyin bo‘ldi. U bir amallab o‘rtaga kirib, endi uloqqa engashganida hali katta davralarning havosini olib o‘rganmagan jonivor hurkaklik bilan o‘zini chetga olar edi. Ancha vaqt urinib bir ishning uddasidan chiqolmagach, Toshmurod polvon tavakkal qilganidan afsuslana boshladi.
Bu orada ko‘pkari oxirlab, Qo‘chqor bakovul so‘nggi zotni e’lon qildi:
— Sarmanboy ko‘pkarisining sovriniga gijinglagan saman toy atagan. Kim olsayam, halollab olsin!
Davra bir zumda taloto‘p bo‘lib ketdi.
Toshmurod polvon bu o‘zi uchun so‘nggi imkoniyat ekanligini ich-ichidan his etib turardi. Noayon bir kuch uni olg‘a undadi. Qashqa do‘non ham uning holatini his etgandek ortiqcha qaysarlik qilmay, davraga o‘zini o‘rdi. Nihoyat, Toshmurod polvon engashib, uloqning oyog‘idan qo‘shqo‘llab ushladi. Biroq otlar oyog‘i ostida toptalib yotgan uloqni yerdan uzib olish oson emasdi. Shu payt To‘riq qashqani minib olgan Beshim chavandoz bo‘ron qo‘pgan dengizda suzib yurgan ulkan kema kabi chayqalgancha davra o‘rtasiga yetib keldi...
Bir muddatdan so‘ng ikkalasi davradan ajralib chiqishdi. Yuzlab otliqlar ularning orqasidan ergashdi. Oldini o‘rab chiqqan chetgirlar jon-jahdi bilan uloq talashib ketayotgan raqiblarga yaqinlashishning chorasini topolmay, yonma-yon ot qo‘yib borishardi. Asta-sekin ular ham ortda qola boshladi...
Beshim chavandoz ilkis uloqni siltab tortdi. Bunday holatga ilk bor duch kelgan Qashqa do‘non qalqib ketdi. Muvozanatni yo‘qotgan Toshmurod polvon uloqni qo‘yib yuborib, otning bo‘yniga yopishdi. O‘zini o‘nglab olgach, yana oldinga intildi. Uni ko‘rib, Beshim chavandozning afti burishib ketdi. Uloqni narigi tomoniga oshirmoqchi edi, ulgurmadi; Toshmurod polvon chaqqonlik bilan uloqning poychasiga chang soldi.
Boshi uzra oq yalov hilpiratib turgan suvoriygacha bo‘lgan masofa tobora qisqarib bormoqda edi.
Beshim chavandoz bilan uloq tortishib borayotgan Toshmurod polvonning ko‘z o‘ngida o‘ziga mung‘ayib termilib turgan homilador Saodatning ma’sum qiyofasi jonlandi. Da’fatan tasavvurida bot-bot tushlarida ko‘rgan, peshonasidagi qashqasi yulduzdek porlab turgan chiroyli saman toychoq namoyon bo‘ldi...
Toshmurod polvon tanasiga allaqanday bir kuch yog‘ilayotganini his qildi. Uloqning poychasini changakdek siqib turgan qo‘llarining tomiri bo‘rtib chiqdi. Uloqni shiddat bilan tortib, otini yonga burdi.
Beshim chavandoz jon holatda uloqqa yopishdi. To‘riq qashqa o‘z naslidan dunyoga kelgan, navqiron tanasidan tiyiqsiz kuch-quvvat yog‘ilib turgan Qashqa do‘nonning shiddatiga dosh berolmay, ildizi bilan qo‘porilgan keksa chinor kabi gursillab yerga quladi. Uzangidan oyog‘ini chiqarishga ulgurmagan Beshim chavandoz otning tagida qolib ketdi.
Toshmurod polvon "qora"ga yetib, uloqni yerga tashladi. Suvoriy shu zahoti boshi uzra ko‘tarib turgan yalovni pastga tushirdi.
— Halol! — deya hayqirdi orqada ot qo‘yib kelayotgan Qo‘chqor bakovul. — Mang‘itqishloqlik Toshmurod polvonning zoti halol! Saman toyni olib kelinglar!..
Yerparchin bo‘lib yiqilgan To‘riq qashqa jon holatda o‘rnidan turib ketdi, uning egari yon tomonga og‘ib qolgandi. Boshidan telpagi uchib ketgan Beshim chavandoz aftodahol qiyofada yerda behush cho‘zilib yotardi. Toshmurod polvon tezgina otdan tushdi-da, chopib borib, uning gavdasini o‘ngladi. Beshim chavandozning behisob chandiqlar bilan qoplangan dag‘al chehrasida go‘yo qachonlardir mohir haykaltarosh tomonidan o‘yib ishlangandek mudom o‘zgarmaydigan g‘azab va nafrat alomatlari izsiz yo‘qolib, o‘rnini ma’sum bir osoyishtalik egallagandi.
Toshmurod polvon ko‘ksida bir iliqlik his qildi. Bilinar-bilinmas paydo bo‘lgan bu harorat vujudiga yoyilib, uni bo‘shashtirdi. Ko‘zlari qum tiqilgandek achisha boshladi. Shu topda u yoshlikda yo‘qotgan qadrdon jo‘rasini qayta topganini ich-ichidan his qilmoqda edi.
Beshim chavandoz asta ko‘zini ochdi. Sal o‘ziga kelgach, Toshmurod polvonning quchog‘idan xalos bo‘lib, cho‘nqayib o‘tirdi.
O‘z erkiga qo‘yib berilgan Qashqa do‘non nariroqda harakatsiz zingrayib turgan To‘riq qashqaga yaqinlashib, uning tumshug‘ini iskaladi. To‘riq qashqa ham boshini ko‘tarib, uning bo‘yni, yolini hidladi. So‘ngra ikkalasi lo‘killab nari ketdi.
Bu manzarani loqayd kuzatib o‘tirgan Beshim chavandoz beixtiyor Toshmurod polvonga qaradi. Ularning nigohlari to‘qnashdi. Beshim chavandoz undan ko‘zlarini olib qochdi.
Toshmurod polvon o‘rnidan turib, unga qo‘lini uzatdi.
— Tur o‘rningdan, Beshim.
Beshim chavandoz nima qilishni bilmay biroz ikkilandi, madad kutgandek tevarakka alangladi. Nihoyat, bir qarorga kelib, Toshmurodning qo‘lidan tutdi.
* * *
Toshmurod polvon shu kuni ko‘pkaridan saman toy yetaklab qaytdi. U biyday dasht oralab oshig‘ich uyiga ketib borarkan, bot-bot yetovidagi zotdor toyga qarab qo‘yar edi. Unga tikilgan sari ko‘zlari to‘ymasdi. Peshonasidagi qashqasi yulduzdek charaqlab turgan saman toy unga juda tanish edi. U mudom tushlarida shu toyni yetaklab yurardi...
Qishloq chekkasidagi qadrdon xonadoniga yaqinlashgach, Toshmurod polvon otining jilovini tortib, umid, xavotir aralash o‘sha tomonga tikilib qoldi. Uzoq kutilgan xushxabarni aytib, suyunchi olish ilinjida yo‘liga ilhaq ko‘z tikib o‘tirgan qizlari shodon qiyqirishib u tomonga yugurishdi. Uy ichidan chiqib kelgan Ro‘zixol momo ham yosh boladay ularning ketidan ergashdi.
Toshmurod polvoning chehrasi yorishdi. "Cho‘x, jonivor!" deya otini niqtadi. Qashqa do‘non yo‘rtib ketdi.
Peshonasidagi qashqasi yulduzdek charaqlab turgan saman toy ham yugurishga tushdi. Uning shamol bir maromda hilpiratib o‘ynayotgan kumushrang tusli mayin yoliyu uzun dumi suvoriyning boshi uzra baland ko‘tarilgan yalovni eslatib yuborardi.