Ularni topishganiga uncha ko‘p bo‘lgani yo‘q. Charvonning qantari og‘ib, zalvorli zaminning botinidagi varaja yuzaga urib, qari kutgan yerlardan terlagan to‘riqning safisidan chikqan hovur kabi yengil bug‘ ko‘tarila boshlagan kezlarda ikkovi ikki darada yashardi. Qahraton chillasining bosh-adog‘i sovuq biror tarafga siljimadi. Boshida bostirib yoqqan qor bir tomchi ham erimadi. Allaqachon qish uyqusiga kirganlar issiq uyasida u yoqdan-bu yoqqa ag‘darilib kechani kunduzga ulab yotaverdi. Sovuqda qor titib, uning tagidan rizq topib yeyishni esa o‘zi bo‘lmaydi. O’z holicha ikki adirda yashab, ko‘p katori juftlashganning har biri salkam qirq besh kunlik qantar azobini yengib, pay tomiri cho‘zilib, ustixon iligi uzilib, qovushish fasliga yetganiga qaramay a’zoyi badani bir bo‘lak jonlanish seza boshladi. Oqtamoqning quyrug‘idan taralgan anvoyi hidga to‘ya boshlagan Pardum kuzgi xas-xashak rangiga monand «kiyinib» oldida, juftining atrofida aylanib-o‘rgilib o‘zini har alfozga solishdan charchamadi. Oqtamoq ham qarab turmadi. Ma’shuqaning tamanno zamzamasi oshig‘ining to‘qson ikki tomirida muzlagan hislarni junbushga keltirdi. Ular bir-birini uzoq yalab-yulqashdi. Keyin biroz charchagan bo‘ldiyu o‘tirib dam olmoqchi bo‘lishdi. Dubulg‘asimon tepalikning kizagini ko‘ndalangiga kesib o‘tgan so‘qmoqning qoq beliga kelib, avval zaifa to‘xtadi. Nega? Kim biladi deysiz? Unga matalganday mast bo‘lib, suykalib kelayotgan oshiq bunday bo‘lishini sira kutmagandi. Turtib yuborishiga sal qoldi. Oqtamoq beparvo, etaqdagi sharqirab oqayotgan daryoga qarab o‘tirib oldi. Pardum ham shosha-pisha o‘zini o‘ngladiyu itoatgo‘ylik bilan uning yoniga cho‘nqaydi. Ovchilarning aytishlaricha, bu toifa jonzot bor-yo‘g‘i o‘n to‘rt yil yashar emish. Ular yetti yoshga kirguncha doimo yonboshini bosib o‘tirar, keyingi yetti yilda esa chap yonboshi bilan o‘tirib turishar ekan. Oqtamoq o‘ng yonboshiga og‘irini tashlab dumiga suyanib cho‘nqaygan. Pardum ham ayni o‘sha turishda. Go‘yo shu lazzatli kunlardan esdalik bo‘lsin deb suratga tushmoqchi...
Tepada to‘rt terak bo‘yi baland bulutsiz jo‘njikkan osmon tagida esa to‘dasidan ajralib qolgan keksa G’ajir naq o‘tirganlar tepasida kichik doira yasab aylanar, qirning orqasidan shoshib chiqib kelayotgan yosh ovchini ko‘rib turgan bo‘lsa ham bu yoqda beg‘am o‘tirgan oshiqlarni ogohlantirishga shoshilmas edi.
Uch kun oldin tong payti yaqin birodari do‘lta bo‘rining olmos tishlari kovagida qolgan to‘ng‘izvachcha go‘shtining koldiqlarini mo‘ychinakday terib yegandan beri tuz totigani yo‘q. Do‘lta bo‘rining izidan ikki kun sargardon kezdi. Faqat ikkisiga tegishli ov maydonida biror narsa ilinmadi. Noiloj qolgan do‘lta tog‘ning Samarqand tarafiga o‘tdiyu otbokarning qopqoniga tushdi. G’ajir esa qanoti borligiga shukr qilib, yanada balandroq ko‘tarildi-da janubga — doimiy o‘rishiga yo‘l oldi. Bugun nasib qilsa yo manovi antiqa juftdan yo anovi halloslab kelayotgan ovchidan biror narsa tushib qolar, degan umid bilan yerga olazarak qaragancha aylanardi.
Oshiqlar esa o‘zi bilan o‘zi ovora edi. Oqtamoq chap qo‘li kaftidagi burishiq chiziqlarni Pardumga ko‘rsatib folbinlik qilardi. «Anchadan beri tovuk go‘shti yeganim yo‘q. Ikki yil oldin qishloqda hamma kuchukni otib ketishganda qish bo‘yi onamiz bilan rosa maza qilgandik. Bu yil it degani yana ko‘paydi. Bugun, mana qara, yo‘l ochiq ko‘rinyapti. Ko‘nglim sezyapti. Albatta katakka tushaman. Sen mayli beriroqda poylab turasan...
Pardumning irimchiligi ham undan kam bo‘lmadi. O’ng qo‘lini uzatib Oqtamoqning yelkasini qashib qo‘yadida qulog‘iga shivirlaydi:
— Jonim, ana, mani aytdi dersan, yana ozgina fursatdan keyin shunday oldimizdan tayyor nasiba chiqadi. Kaftim kichishyapti. Qachon kaftim qichisa qo‘limga arzigulik bir narsa tushadi. Hammayoqni qor bosib qolganda daryo yoqalab yurgandim. Baliqlar ham chashmalarning ko‘ziga kirib ketgan. Bir payt o‘ng kaftim o‘z-o‘zidan qichishib qolsa bo‘ladimi. Nimaga ishqalashimni bilmayman, hammayoq qor. Shundoq qarasam suv yoqasidagi kovakda kattakon o‘rdak xuddi tirikday daryoga orqasini o‘girib turibdi. Sovqotib turibdi deb o‘yladim. Sekin pusib bordimu shartta o‘zimni otdim. «G’iq» etmadi. Kunduzi o‘q tegib yaralanganu oqshom sovuqda qotib qolgan, uyga opketib kun bo‘yi huzur qilib yedim.
Shirin suhbatning adog‘i ko‘rinmasdi. G’ajir esa ovchini anoyi deb o‘ylardi. Ovchi yosh ham, anoyi ham emas, asli nasliga sayyodlik qo‘nib o‘tgan. Hozir suvsarga qo‘ygan tosh qopqonidan xabar olib qaytayotgan, serjo‘jaligi uchun kuzda tayyorlov idorasidan tulki teri va’da qilib to‘rt qop un qara olib qo‘ygan, bir juft tulki osib, yana bir juftiga tuzoq ko‘yib yuborgan edi. Ana omad! Tepaga emaklab chiqib etakka karaganda ko‘zlari yonib ketdi uning... Yigirma qadam pastda so‘qmoqning qoq belida ikkitagina tulki orom o‘tiripti. Xudoga shukr, o‘sha g‘ilay shilamshiq teripurushdan qarzini qutuladigan bo‘ldi. Ikkoviga bir o‘q kifoya...
Ha, xom sut emgan banda, nasibni aytmading-a!...
Hech narsadan xabari yo‘q oshiqlar esa butun umr ta’qib etadigan xavfli dunyoni go‘yo unutib qo‘yishgandi.
Ovchi ularga qarata yakka tir miltig‘ini to‘g‘riladiyu miyasida to‘rt besh savol ko‘ndalang bo‘ldi. Avval qaysini otsa? Birini otsa ikkinchisi kochib ketadi. Quloq atrofini ko‘zlamasa teri teshilib narxi pasayadi. Bu yil o‘q-dori deganiyam taqchil bo‘lib ketdi. G’ajir esa ovchining bir o‘qqa ikki tulki otmoqchi bo‘layotganini sezib, mana senga deganday oppoqqina tezaklab yigitning boshidan tashlaydi. Yigit esa hech narsani sezmagach, «Hay attang» deganida tomog‘ini taqillatib yuboradi. Oshiqlarning ikkisi ham baravariga osmonga qaraydi. Ayni shu payt ko‘rsatkich barmoq qarmoqday egilib, o‘ziday qiyshiq temirni tortib yuboradi. Keyin qatorasiga turganlar «musht ketdi» o‘yini qilgandek bir-birini turtib, jizzaki kepakka o‘t ketadi. O’t esa bir angishvona qo‘rg‘oshinni eritib, ingichka kuvur orqali to‘g‘riga — ovchining chap ko‘z ko‘zlagan nishonga olib ketadi. Qars!!!
Ochig‘i bunday bo‘ladi deb ovchi ham, oshiq-ma’shuqlar ham sira o‘ylamagandi. Yaratganning hukmi xohishi esa manzaraga shunday yakun yasadi. Bir hovuch cho‘g‘ bo‘lib otilgan o‘q negadir oshiq-ma’shuqlarning biroviga tegmay o‘rtadan to‘g‘ri o‘tib ketib, havordagi xas-xashak ustiga alvastining tupugiday shatirlab to‘kildi.
Oktamoq shartta orqaga burildiyu to‘g‘ri kelgan tarafga, ayni ovchi tomonga qarab yugurdi. Naq yuzma-yuz kelganda ovchi ikkinchi o‘qni o‘qlab ulgurmagandi. Shoshib qoldiyu uni qo‘ndoq bilan turtib yubordi. Pardum esa tayoq tekkanday joyida gar-gir aylanib qoldi. Ovchi Oqmatoqdan umidini uzib Pardum tarafga yuzlanganda u o‘zini o‘ngladiyu adoq tomonga kamon o‘qiday otildi.
G’ajir esa bu xavfli tomoshadan qo‘l siltab, navbatdagi kechani ham och o‘tkazish uchun avval tikka ko‘tarilib keyin dubulg‘a uchli cho‘qqilar orasidaga uyasiga qarab uchib ketdi...