Bunday barokatli dasht Amirlik hududida tanhoyu yagona, desayam bo‘laveradi. Abdullaxon zamonida Zarafshon suvi qo‘l mehnati bilan Eski Anhor kanali orqali shu keng dashtning yarmidan ko‘pini serob qilganida Buxorodan Qarshi orqali Samarqand sari yo‘l olgan karvonlar, bu dashtning naq kindigini kesib o‘tgan yo‘l yoqalarida mevazor bog‘lar bisyorligi uchun ularga intilmasin, ziyoni tegmasin, deya tuyalar og‘ziga to‘rxalta tutib o‘tishgani og‘izdan-og‘izga o‘tib keladi. Shimol tomoni Galatepa-Jom qishlog‘i, kun chiqish tarafi Kesh vohasi, qibla tarafi Buxoroga, oyoq-adog‘ini Qarshi tarafga uzatgan bu dashtga suv keltirishga bot-bot urinishlar ko‘p bo‘lgan. Chashmiob soy yo‘liga toshqaloq band qildirgan Arab qizi Jiydaguli nomi bilan bog‘liq Arabbandi selxonasiga suv yig‘ilmay qolganidan beri ham besh-olti pusht odamlar o‘tib ketgan...
Ayni ko‘klam soy yoqalarida qo‘ng‘iroq bo‘lib gullaydigan, boychechak tusli, ammo ko‘m-ko‘k siyoh rang Erbahosi Cho‘lika telpak gullar yam-yashil maysalar ustiga siyoh to‘kilganday sochilib yotadi. Qizaloqlar uni terib olib, boshiga chambarak yasaydilar. Uning g‘oyat shifobaxshligini bilgan ayollar soyada quritib, ich og‘rig‘iga davo qiladilar. Erbahosi bor joyda yigit o‘lmas, degani shundan qolgan.
Boshi Urgut tog‘lariga tutashgan, adog‘i Jomda to‘xtagan, Oftob yo‘li tog‘ning adoq tarafida xuddi shu toqqa monand cho‘zilgan, ammo yarmini bo‘ylaydigan Qoraqiya adirlarida Beshchashma degan jilg‘ali yurtga, elsaroyliklarning qachon kelganini hech kim bilmaydi. Bu adirlarning bahori fayziyob. Yoz bo‘yi ham Beshchashmadagi zilol buloqlardan bilakday suv oqib turadi. Hamal to‘lishgan pallada soy yoqalari qip-qizil lolaga to‘lib ketadi. Lolabuloq qishlog‘i ham shu yurtda...
Janubdan qishlab qaytayotgan bulbullar bu dashtni qo‘nalg‘a qilishmaydi. Agar turnalar qanotiga qo‘nib qaytayotgan bo‘lsa noiloj. Chunki tojdor turnalarning qariyb yuz suruvi ko‘klamni shu dashtda o‘tkazadi. Javzogacha sabr qilgan bulbullar o‘z egallagan joyini mezbon to‘rg‘aylarga qoldirib, tog‘ oralaridagi daraxtzor, butazor yurtlarga yo‘l oladi. U yoqda bola ochguncha shunday sayroqi bo‘ladiki, bog‘-rog‘lar kechayu kunduz qo‘shiqqa to‘lib ketadi. Bu yoqda Arabbandi dashtlarida qishlovga qoladigan to‘rg‘aylar, “so‘fito‘rg‘ay” deb atalmish bulbuldan biroz katta dasht to‘rg‘aylari subhi sodiqdan chuldirab-chuldirab, mudroq dashtni uyg‘otib yuboradi. Ayni choshgohda dashtning har yer -har yerida bir-ikki arg‘amchi bo‘yi balandlikda havoda muallaq turib qoladigan to‘rg‘ayni ko‘rsangiz, faqat yerda yurishga mahkumligingiz, qush bo‘lib tug‘ilmaganingiz yodga kelib, hafsalangiz pir bo‘ladi. Salkam ikki quloch qanoti bor cho‘l burgutlari ham badnafs emas, sabru qanoatda har qanday qanotli jonzotga saboq beradi.
Aslida o‘n besh dahaga bo‘linadigan, ba’zida sanog‘idan adashib ketib, sonsiz saroy, degan atamaga ham egalik qilgan bu elning ming yillik makoni bo‘lgan Beshchashmaga Xizr boboning nazari tushgan. Biroq adoqdagi dashtda quduq qazuvchilik hunari, novvoy yoki qassobnikidan kam emas. Quduqchilar quduq atrofidagi zarang yerdan shunday o‘xshatib chim o‘yadiki, gugurt quti kabi terilganda, biri boshqasidan sira farq qilmaydi.
Arabbandining shundoqqina yelkasidan o‘tadigan Kesh va Buxoro, Samarqand karvon yo‘li yoqasida ot bozori bor. Bu bozor yilning to‘qqiz oyida go‘shangaga kirgan kuyovnavkarlar oldiga tortiladigan to‘qqiz tovoq kabi rang-barang, nazar-e’tiborli bo‘ladi. Otbozlik, chavandozlik elsaroyliklarning ota-bobosidan qolgan. Ot yigitning – murodi, degan naql balki shu eldan tarqagan bo‘lsa ajab emas. Bu elning boylari yaxshi nasllik otni qaerdan bo‘lsa topib keltiradi. Eronu Afg‘on, Turkmanu Qirg‘iz yo‘rg‘a otlarini ham shu bozorda uchratsa bo‘ladi. Elsaroyliklar urug‘iga chatishib ketgan naymanlar (ular o‘zlarini qara nayman deb atashadi), qaerda dong‘i chiqqan ot bo‘lsa, o‘g‘irlab bo‘lsa ham keltirishni eplaydi. Qara naymanlar o‘zlaridan chiqqan chapdast ot o‘g‘rilarini yigitning zo‘ri, kahramon sifatida e’zozlashadi. Qadim qo‘ng‘irotlarning Mavlesh degan to‘forida ham shundaylarni uchratsa bo‘ladi.
Bozor – el ko‘rki. El obodligi, hunarmandligi bozorda bilinadi. Arabbandi bozorida tillo yoki kumush bezakli yugan jilovni, dubulg‘a dastali qamchin, uzangiyu egar-jabduqni, tulpor otlarni, beli biqinida toychog‘i tepib turgan suluv biyalarni bir safga tortilgancha, qiblani ko‘zlab turganini ko‘rganda, ishqiboz odamning boshi aylanishi turgan gap. Ayniqsa, beshchashmalik ustalar tomonidan quyma, terma po‘stloqdan yelimlab yasalgan, ajdar boshli, quyma karsonli egarlarning har qaysisiga ikki panji qo‘chqorning pulini bersang ham, puling o‘zing bilan ketadi. Egarsozlik – qadimgi kasb. Bu hunar Beshchashmada qondan-qonga, otadan o‘g‘ilga o‘tib keladi. Bu elda yorma jabduq, o‘rama-babr yasovchi ustalar, yopig‘ gilamcha to‘qiydigan ayollar, charm pishirib, unga anor po‘stidan rang berib, ayil, pushtan, chavandoz etik yasaydigan noyob hunarli ustalar ham borki, ularning ta’rif-tavsifi amirlikka borib yetgan.
Gavjum rastalarda boshdan-oyoq ot anjomlari bisyorligi uchun ancha arzonga tushirib olsa bo‘ladi. Yurgan yo‘lida urchuq ko‘tarib, jun yigiradigan momolar terma, arabi, g‘ajari, patgilamlarni qotirib to‘qiydi. Erkak – oila boshlig‘i, ot-eshagiga chiroyli xurjun tashlab, bozorga boradi. Bozor devoriga qator qilib ilib qo‘yilgan xurjunlar ko‘ziga begona qo‘l yaqinlashmaydi. Ko‘klamgi yomg‘ir ikki-uch marta ziyodroq tushgani uchun arpa-bug‘doy hosili mo‘l bo‘ladi. Kamida ikki-uch oy somon shuvoqli oxur-xammada dam olib yetilgan bug‘doy donasi loy suvoqdan kuch olib mag‘zi to‘ladi. Har biri o‘n-o‘n besh qopdan don yiqqan dehqon kech kuzdan qish boshlanib, to yoz oyoqlaguncha ot-eshak, tuyalarda g‘alla ortib unlatib kelgani, tog‘ orasidagi sersuv qishloqlarga tegirmonga boradi. Tog‘ orasida nuqra tangaday sochilib ketgan Langar ota, Tarag‘ay, Tutli qishloqlarida katta-kichik suv tegirmonlari kechayu kunduz ishlaydi. Har bir beshchashmalik uchun bu qishloqlarga yumush bilan yoki beyumush kelib-ketish sayohat yoki ziyorat kabi xush yoqadi. Har qaysisida ayni ko‘klam payti to‘lib toshadigan daryoyu daryochalar, uning qirg‘oqlari, hatto o‘rtasida ham qiqirlab-biqirlab oqib yotadigan besanoq chashmalar serobligidan cheti uch paxsa devor bilan o‘ralgan tokzorlar, har hovlida ko‘m-ko‘k suvi chayqalib turadigan hovuzlar, atrofi chinniy rayhonlar hidini bir marta hidlash, eng tabarruk maskan Langar Ota machit-madrasasi tuprog‘ini "yalash" ham ko‘pchilik yoshlarning orzu-havasi. Arabbandining katta boylaridan Jumag‘ulboy ham o‘sha madrasaning tuprog‘ini "yalagan". Langar Ota madrasasida diniy bilimlar qatori, dunyoviy bilimlar, so‘z san’ati, notiqlik san’ati, falsafadan ham saboq berilar, chinakamiga ilm quvganlar saboqni Buxoroda davom ettirar, ba’zilar chekka qishloq ovullariga imomlik, shariat ilmini pishiq o‘zlashtirganlar esa qozi kalonlik qilib ketardi.
Dunyo yaratilgan kuni Jumada tavallud topgan Juma o‘g‘li, shevada Jumag‘ulboy bir kun kelib ming qo‘yli mashhur boy bo‘lishi, uning bir boshqa saxovati bilan bus-butun to‘for boy el, deb nom olishini, uning sharofati bilan necha qavmu qarindosh amirlik nazariga tushgani, Buxoro va Samarqandda tahsil olgani, ekin maydonlari ko‘z ilg‘amas bo‘lib kengayib ketishini qaerdan bilsin?
O‘shanda endi yetti yoshga yetib, Navro‘z kuni boshlanadigan xat-savod maktabiga boraman, deb shaylanib turganda otajoni to‘satdan bandalik qilib, o‘qishi ham aro yo‘lda qolib ketdi. Shu-shu unga maktab nasib qilmadi. Ikki akasining qo‘y-echkilarini boqadigan beminnat cho‘pon bo‘lib qoldi. 11-12 yoshlarda edi. Dashtda qo‘y boqib yurib, g‘aflat bosdi-da, uxlab qoldi. Uyg‘onsa, suruv bo‘linib ketgan, izillab yig‘lab, rosa qidirdi. Yo‘q. Oz emas, salkam qirq jonliq izi-tubi bilan yo‘q. Qosh qorayganda sudranib uyga bordi. Bo‘lgan voqeani oqizmay-tomizmay akalari Yaxshiboy va Qo‘yliboylarga yetkazdi. Yaxshiboyning sarg‘ishdan kelgan qizil yuzi birdaniga lovullab ketdi:
– Sen bola qachon bo‘lsayam bizni xonavayron qilasan. Avval ham bir marta shunday qilganding. Tun bo‘yi ot minib qidirib, tongotarda topgan edik. Bu safar nima qilding? Tayin, o‘likday qotib uxlab qolgansan!..
Aka, ukaning qo‘lidan cho‘pon tayog‘ini tortib olib, xayriyat, boshiga emas beliga, oyoqlariga qarsillatib ura ketdi.
Jumag‘ul aybdor, miq etmay bosh egib turdi...
– Uyginang kuygur, sen qursoq kenjatoyni, bor jo‘g‘ol, qaerdan bo‘lsa ham, osmonning ustidan, jerning ostidan bo‘lsa ham topib kel! Quruq kelsang, o‘ldiraman!
Borliqni zimiston o‘z qa’riga tortib borardi. Qaydadir Yosuman kampirning qahqahiga o‘xshatib boyo‘g‘li qichqiradi.
Bu paytda sho‘rlik ena ham uydan chiqib bo‘lgan, kori-holdan ogoh bo‘lib, oyoq-qo‘li qaltirab, tili kalimaga kelmay Jumag‘ul qoshiga yetgan, hadeb javrardi.
– Joman tiymadimi, bolam, hah qo‘llari sinsina, Yaxshiboy bo‘lmay Jomonboy bo‘lding-a,bolam! Mol topiladi, odam topilmaydi. Jur bolam, ikkimiz qidiramiz. Jaratgan egamdan jilab so‘raymiz. Baribir topamiz, topmay qo‘ymaymiz, Xudoyimning o‘zi jo‘limizni joritib turadi.
Bolakay enasi pinjida ancha dadillandi. Birdaniga yuzini qiblaga qaratib, ilk bora duoga qo‘l ochdi:
– E bor Xudoyo, meniyam, enamniyam noumid qilma! Yo‘g‘imizni bor qilgin. O‘zingdan so‘rayman, Egam!
Mushtipar ena ham bu duoga qo‘shildi.
Ena-bola shoshilgancha qorong‘ulik qa’riga singib ketdilar.
Ena oldinda ildam borardi. O‘g‘il keyinda, chor tarafga alanglab enaga bazo‘r yetib boradi. Mol qidirganda tusmol-tavakkal qilib qidirib bo‘lmaydi. Mo‘ljal bilan, suruvni tushlikda yotqizgan joyga yetib, keyin o‘rish tomon ketish kerak. Ular eski qo‘tontepaga yetib kelganda, kun botish taraf, osmon gumbazining bir chetidan kemtikkina bo‘lib oy chikdi. Uzoq-yaqin yorishib ko‘rina boshladi. Tog‘ tarafdagi suv yuvib ketgan arna soylar ichi, biltanglab toqqa o‘rmalayotgan qora ilon kabi vahimali ko‘rinadi.
Yo‘qolgan qo‘ylarni balki o‘sha qora ilonlar yutib yuborgandir. Bunday tusmolni enaga aytib bo‘lmaydi.
“Ena, qo‘ylarimiz huv anavi arna soylar ichiga kirib o‘zini panaga olgandir...”
“Kim biladi, bolam, qani o‘sha tarafga kirib ko‘raylik-chi...” Ular yana yo‘lga tushishdi.
Bir payt Jumag‘ul bexos ortiga qarab, hayron qoldi. Ular izidan oppoqqina bir it ergashib kelardi.
“Ena, anavi it!”
“Ishing bo‘lmasin, bolam, ortingga qarama!”
Jumag‘ul bolalik qilib qancha qiziqsa ham, ortiga qarashga botinolmadi. Oy yorug‘ida ulkan chinor kovagi kabi toqqa tomon cho‘zilgan arna soylar soni uchta edi. Ena-bola qo‘rqa-pisa uchala soyga ham bir-bir kirib chiqa boshladi. So‘nggi ilinj bilan uchinchi soyga burilishganda yo‘l boshida orqalaridan ergashgan oq it lip etib oldinga o‘tib soy ichiga kirib ketdi. Bo‘linib ketib, ko‘zdan yo‘qolgan qo‘ylar kunduzi boshi oqqan|tomonda o‘tlab yurib, kechqurun nimadandir hayiqib o‘zini panaga olgan, soy to‘rida bir-birovining pinjiga kirib, g‘ujg‘on bo‘lgan arilardek to‘p bo‘lib turardi. Ertaga ertalab yana oftob balqib chiqishidan xabar berib subhi kozibda yarqirab chiqqan Zuhro yulduzi, Hisortog‘ ustiga chiqib ko‘rinish berganda, ena-bola bo‘lingan suruvni butlab, uyga kirishdi-da, teskari to‘shalgan po‘stak ustiga cho‘zilishdi. Baribir enaning ko‘ziga uyqu kelmadi. U qattiq charchagan, “yo tavba, yo tavba” deb pichirlagani-pichirlagan edi.
Oftob yoyilganda ikki katta o‘g‘lini ham birday chaqirib, ko‘kayidagi iddaoni ko‘ndalang qo‘ydi:
– Ikkoving o‘ng qulog‘ing bilan ham, chap qulog‘ing bilan ham eshit! Otangdan qolgan bu suruv – bu qo‘ylar uchalang o‘rtangda ham teppa-teng. Hatto mening ham o‘limligim uchun biroz haqqim bor. Shu bugunning o‘zidayoq o‘zlaring ep ko‘rib, Jumag‘ulning haqini ayirib beringlar-da, qo‘ylaringni o‘zlaring boqinglar. Menikini ham kenjamga beringlar. Bu ketishda mendan zamon o‘tsa, o‘ligimni ham zoru sarson qilmay Jumag‘ulning o‘ziga tashlanglar!
Ukasi orqasidan o‘zini boyvachcha sanab yurgan akalari, noiloj rozi bo‘lishdi. Uka ulushini ajratib berdilar. Qo‘ylar almashib ketishining oldini olib, Jumag‘ulning qo‘ylari qulog‘iga quloqcha shaklida en solishdi. Bir kun kelib, ikki aka ham shu kenjatoyning podasini boqib, jon saqlashini kim xayoliga keltiribdi deysiz...
Enali yetim gul, otali yetim sho‘r yetim deganlaridek, Jumag‘ul o‘n oltiga kirganda bo‘y-basti cho‘zilib, ovozi buzilib, qo‘y-echkisiga ham baraka enib, ikki akasining qo‘yini qo‘shib hisoblaganda ham ulardan oshib ketdi. O‘rtancha aka cho‘ponlikni bo‘yniga olib Jumag‘ulga tegishli qo‘ylarni ham qo‘shib hayday boshladi. Kenjatoy fahmu farosat sohibi, akasining cho‘ponligi uchun haqmador haqini uzmay berib turdi. Katta akani ham zakotdan quruq qo‘ymaydi. Ena bundan rozi bo‘lib, yana bir himmat qildi. Kenjasining peshona yulduzi balqib turganini sezibmi, uni ikki-uch tengquriga qo‘shib Langar Ota machit-madrasasiga o‘qishga jo‘natdi. Otadan qolgan hamyonga uch- to‘rtta tillo tanga solishni ham unutmadi.
Beshchashmaning Samarqand bilan chegaradosh tog‘ oralig‘ida joylashgan Langar Ota qishlog‘i olti qishloqning qoq o‘rtasida, muvozanat nuqtasi bo‘lib qad rostlagan. Qishloq o‘rtasida joylashgan ko‘hna, ammo hashamatli machit ayvoni bilan besh yuz namozxonga mo‘ljallangan. Yarim oy shaklida qurilgan gumbazli hujralarda talabalar yotib o‘qishadi. Langar Ota avliyolariga mo‘ljallab Ashtarxoniy hukmdorlari tomonidan ko‘tarilgan baland, mahobatli xonaqohlarda muazzam ruh hukmron. Shahar qiyofasida guzarlarga bo‘lingan qishloqning har bir guzarida alohida mehmonxonalar ishlab turadi. Bu o‘ziga xos musofirxonalar tekin, bir bovur elning xolis xizmati bilan ishlaydi.O‘shanda Jumag‘ul o‘qishga borganida qishloqda qariyb yigirmadan ziyod urug‘lar amirlik e’tiboridagi eshonlar qanoti ostida bahamjihat yashayotganini ko‘rib hayron qolgandi. Ma’rifat qo‘rg‘oni bo‘lgan Machit-madrasa yonidagi baland kungurali mezanada muazzin besh vaqt namoz oldidan azon aytar, qishloq ahli ham, kattayu kichik talabalar ham namozga shoshilar, bir boshqa fayzu farishta atrofda hukmronlik qilardi. Hujralarda talabalar yoshiga qarab joylashar, domlalar ham yon hujralarda yashab, diniy va dunyoviy bilimlarini singdirishdan charchamas edi. Bo‘lg‘usi talabalar bu o‘quv yurtiga o‘z ovuli oqsoqoli yoki mullasining tavsiya-yo‘llanmasi bilan kelar, bu yerda ularning alohida iqtidori sinab ko‘rilar, o‘zlashtirish darajasiga qarab ikki yildan yetti yilgacha o‘qishni davom ettirib, har yili Buxoroyi sharifdan kelib imtihon oladigan nufuzli domlalar nazaridan o‘tgach, kimdir katta madrasalarga, kimdir o‘z qishloq-ovuliga domla-imomlik qilgani jo‘nab ketardi. Machit va Madrasa ta’minoti uchun hukumat tomonidan xatlab berilgan "Vaqfiya" yerlarga ekiladigan ekinlar hosilidan ajratib berilgan, boz ustiga saxovatpesha boylarning yordam ko‘magidan bahramand edilar. Jumag‘ul zo‘r ishtiyoq va ixlos bilan ikki yil o‘qib domla-imomlik hujjatini olib, Buxoroyi sharifga emas, o‘z qishlog‘i Arabbandiga qaytdi. Bosh sabab, enajoni qarib qolgandi. Jumag‘ulning asl muddaosi boy-badavlat bo‘lib, topgan-tutganiga ishonib, kerilib yurish emasdi. Niyati Bahovuddin Naqshband yo‘li- "Dil ba yoru dast ba kor" tarzida qalbni Alloh bilan mahkam bog‘lab, halol mehnat bilan kun kechirish edi. U avvalo lalmikor dehqonchilik sir-asrorini o‘rgandi. Ota meros bir juft ho‘kiz, omoch, bo‘yinturuqni har yili ikkitadan ko‘paytirib 10 juftga yetkazdi. Obi-tobida yer haydab, dona sochgan dehqonning kosasi oqardi. Kigiz kimniki – bilak shuniki, deganlaridek, Jumag‘ul shudgor paytida sirayam xizmatkorlariga qarab o‘tirmay, bir o‘zi navbatma-navbat ikki juft ho‘kizni omochga qo‘shib, o‘ng qo‘lda gavron, chap qo‘li bilan omoch tishini yerga mahkam botirib, maydon aylanardi. Uning bu xatti- harakatidan ulgu, zavq-shavq olgan yollanma shudgorchilar ham xo‘jayindan qolishmaslikka intilib, jon-dili bilan mehnat qilishardi. Uning yildan-yil kengayib borgan dalasida hech kim, hatto ho‘kizlar ham g‘irromlik qilishga botinolmasdi. Boy buva yerni ham, yerga egilgan har kimsaning ham haqiga xiyonat qilmas, Xudoyim halolidan bersin, degan jumlani bot-bot takrorlar edi. Bug‘doy rang, xushro‘y yuzli, har qanday eshikdan egilib kiradigan polvon gavdali, bir oz qisiq ko‘zlari bilan tikilib qarasa yerni teshadigan boy xokisor, halimlikda ham oldinda bo‘lgan. G‘alla o‘rog‘i paytida mana-man, degan o‘roqchidan kam o‘rmas, yanchib sovurishda "mayda" qo‘shig‘ini ovozi boricha aytib, hushtak chalib shamol chaqirishda ham ustasi farang edi. Jumag‘ulboy o‘ttizdan oshib qirqqa yaqinlashganida to‘rt o‘g‘il, to‘rt qizning otasi bo‘lganidan tashqari, suruv-suruv qo‘y-echkili, biyali, tuyali zamindor boyga aylanib ulgurdi. Uning dalasida zig‘iru kunjut yaxshi bo‘ladi. Ot juvozlar kechayu kunduz ishlab, birdaniga kosaga solib, non botirib yesa bo‘ladigan totimli yog‘ el-elat, qavmu qarindoshdan tashqari atrof bozorlarni ham obod qilishga yarab qolgandi. O‘zbek boy bo‘lsa, xotin ustiga xotin oladi, degan gap Jumag‘ulboyning sha’ni-shavkatiga ko‘pam yarashmaydi. Ust-ustiga tug‘ib, uchta qorabosh farzandini yerga bergan Zarbuvi bemorlanib, ro‘zg‘orga yaramay qoldi. O‘zi rozi bo‘lib begini uylanishga ko‘ndirdi. Kimdir aytgandi: sog‘u sandal, yegulik-ichkiligi kam bo‘lmagan erkak qirqdan oshgach, topilsa, yosh qizga uylanishi kerak.
Shunga amal qilibmi yoki boshqa vajdanmi Jumag‘ulboy uylandi. Qaysi tarafdan deysizmi? Aynan kun chiqish tarafdan. Moybaliq degani chashma ko‘zida bo‘ladi. Agar chashma suvi oqib daryoga qo‘shilsa, moybaliqlar ham anhor baliqlariga qo‘shilib-chatishib mazali shirmoy baliqlar dunyoga keladi. G‘ilon pari qishloq. Uning qizlari daryo suviga yuzini chaysa, oqavasi adoqqa, Kesh vodiysiga oqib tushadi. Keshlik qizlarning xushro‘y, kaklik ko‘z, sho‘x-shodon bo‘lishi balki shundandir.Keshlik kelin Zarnigor, olam jahon husni malohatdan tashqari, Arabbandi vohasiga bir boshqa nazokat, odobu ikrom, mehmonnavozlik, fahmu farosat, fayzu tarovat hadya qilganini aytmasak bo‘lmas. Avval boshdan Jumag‘ulboyning mol-mulki uchun vaqtida zakot berishi, oliq-soliq, xayru ehsonni muntazam ado etishi haqida ishorat qilgandik. Zarnigor suyarcha xotin bo‘lib tushgan yili qirq qozonda osh damlab, shunday to‘y berdiki, to‘ydagi berimning ta’rifi tillarda doston bo‘ldi. Bu to‘ydagi kurash-ko‘pkarida naq Chiroqchi xonjoni Aziz to‘raning o‘zi kayvonilik qildi. Chopag‘onlikda, bel olishda chuyit, qushchi polvonlari bir taraf, Kesh-Kitob polvonlari bir taraf olishib, taqimlashdiki, elsaroyda bundayi bo‘lmagan edi. Toy yoki baytal minib, ko‘pkariga kirib tomosha qilgan ham, qo‘liga uloqning qili-da tegmagan otliq ham, kurashsa-kurashmasa yechinib, davraga chiqqan yosh bola ham, kaftiga tuflab tengquriga talab solgan qariya bormi, birortasi ham sovrinsiz qolmadi. To‘yga kelib bir kecha ko‘noq bo‘lgan mehmonlar Arabbandiga sig‘may ketib, yon-atrof xonadonlarga borib joylashdi. Eng qizig‘i, o‘sha oqshom mehmon tushgan xonadon borki, hammasi qo‘noqchilar bahona qozoni qaynadi. Mehmonjonlar orqasidan xonadon bola-chaqasi ham sho‘rvayu palovdan bahramand bo‘ldi. Ko‘pda Xizr bor. Ko‘pning duosi ko‘l. Ko‘pincha Hayit kunida yorilib o‘ladigan mechkaylar chidab berganiga qoyil!..
AMIR MYeHMON BO‘LDI, UNDAN ANTIQA GAP QOLDI
Bugun ham Arabbandi dashtini saharxez to‘rg‘aylar chuldirab uyg‘otdi. Hali to‘rg‘aylar uyg‘onmasdan burun uyg‘onadigan Jumag‘ulboyning yodiga lop etib kechagi kun tushib, hushyor tortdi. Kuni kecha payshanbi, ayni tushda Chiroqchi xonjoni qabulida bo‘lib, izn so‘radi-da, anchadan beri ko‘nglida tugib yurgan muddaosini aytib yorildi:
– Janobi bek, anchadan beri xayolimni band etib kelgan bir xohish-istagimni sizga bayon etsam, hoyu havasga yo‘ymang.
– Gapiravering, siz bilan yaqin birodarmiz.
– Shu desangiz, Amirimiz siz bilan yaqin qarindoshligidan foydalanib, ul zotni xonadonimizda bir kunga mehmon qilib, duolarini olsam devdim.
– Bilmasam, kuchingiz yetarmikan? Aytmoqchi, Amirimiz ayonlari bilan Arabbandi bozoriga ot olgani keladi. Uni xuddi shu joyda Shahrisabz begi ham kutib oladi. Uning ham Amirni bir joyda mehmon qilish niyati bor. Undan oldinroq men og‘iz solaman. Yo‘q demas.Bo‘ldi, olib boramiz. Joyni Qo‘shtegirmon adog‘idagi chorbog‘ingizda qilavering. Gujum sadalar soyasi eng maqbul joy. Hoziroq uyga qaytib, tadorik ko‘ravering.
Xo‘sh, avval boshiga ikkitagina tuyaning bo‘z bola taylog‘ini so‘yib, halimga solasiz.Ikki qo‘zi qo‘chqorni Amirimiz oyoqlari tagiga so‘yasiz.Oq sho‘rva, oh-voh sho‘rva. Yaxnayu tandir, Qalqamaning shirmoy balig‘i, Kattaqo‘rg‘on mayizi, Chiyalining yog‘li halvosi, pashmak parvardasi, yaxna go‘shtidan qildiring. Or kelsa, otingni sot, degan gap bor. Shu bahona biroz yaylov ham so‘rab olasiz. Tila tilagingni, deb qolsa, yana bamaslahat ish qilamiz...
Bu gap yodiga tushgan boyning yuraklari hapqirib ketdi. Xayriyatki, kecha kechqurun chorboqqa borib tuyalarini so‘ydirgan. Tuya go‘shti solingan halim qozonga tushib, bilq-bilq qaynab turgandir.
Xudoyo, o‘zing sharmanda qilma!..
Amir bozorga kirsa, avval qo‘y bozorini oralab, qo‘chqorlarni tomosha qiladi. Ko‘ngliga o‘tirsa, bir-ikki juft burama shoxli urishqoq qo‘chqor oladi. Keyin albatta ot bozoriga o‘tadi. Bugun esa Amir qo‘y bozorida to‘xtamay, to‘ppa-to‘g‘ri ot bozoriga o‘tdi. Jumag‘ulboy ayni shuni kutgandi. Toy bozorida o‘n besh chog‘li toyni o‘nglab bir chetda kutib turgandi.
Amir ko‘pam shohona kiyinmagan, yo‘l ust-boshi bilan ham salobatli ko‘rinar, bozorda go‘yo undan boshqa birorta xaridor ko‘zga tashlanmayotgan edi.
– Huv anovi qizil qashqa jiyronning narxi qancha?Egasi bo‘lsa tortinmay aytaversin.
Amirning so‘rovi takror-takror eshitilganda, Jumag‘ulboy saman toy ortidan chiqib, javob qildi.
– Taqsir, baholash sizdan.
– Aytavering, mol sizniki!
– Amirim, toyning bahosi yo‘q. Biroq so‘radingiz, aytayin. Qirq tillo bersangiz bo‘ladi.
Amir rozi bo‘lib xazinachisiga imo qildi.
Jumag‘ulboy shosha-pisha Amirga qulluq qildi.
– Taqsirim, shuncha yo‘l yurib, bosgan izlaringizdan aylanay, shu g‘unonga ko‘nglingiz ketibdimi, bizdan sizga arzimas hadya bo‘lsin. Himmat qilib qabul etsangiz, boshimiz etagingizda. Amringizga ko‘ra bozor qoidasi bo‘yicha narxini aytgan edim. Xazinachi irimiga ikki tillo bersa bo‘ldi.
– Bahay, bahay, qo‘lingizni bering, shunga rozisiz?
– Mingdan ming roziman...
Jumag‘ulboy egilib kelib, Amirning qo‘lini oldi. O‘pib tavof qilarkan, ancha dadil ovoz bilan dedi:
– Amirim, agar lozim ko‘rsangiz qadamlaringizga hasanot, xonadonimizdan bir piyola choy ichib ketsangiz. Elsaroy nomidan aytishga jazm etdim.
– Ha, xonjon ham aytgan edi. Endi bormasak bo‘lmas. Sizga ruxsat, tadorik ko‘ravering.
Jumag‘ulboy qushday yengil bo‘lib, otiga mindi-da, qanot chiqarib chorbog‘ tomon shamolday uchdi.
U chorbog‘ga yetib kelganida chang ko‘chalarga qalin suv sepilgan, sada va o‘riklar soyasidagi shohsupalarga julhirs, g‘ajari gilamlar to‘shalgan, par yostiqlar qo‘yilganini ko‘rib ko‘ngli xotirjam bo‘ldi. Eng katta supadan boshlangan poyondoz sifatidagi patli gilamlar bir xilda to‘shalib katta ko‘chagacha olib chiqilgani yarashib turardi. Ichkarida esa keshlik kelin barcha yegulik-ichkulikning tuzini totib ko‘rishdan boshlab, choynak-piyola, chinnivor yuvib-artilgani, qaysi dasturxonning qaerga mos kelishini nazoratga olib, kuyib-pishmoqda. Unga tomon yurib, yaqin kelgan boyning suyukli xotiniga tobora hurmati ortib, tiliga kelgani shu bo‘ldi:
– Begoyim, Amir kelayapti, shoshilinglar, uyalib qolmaylik. Amir mamnun bo‘lib ketsa, sizga alohida tuhfamiz bor.
– Qulluq, qulluq, begim.
– Halim tayyor, sovib qolmasin-a. Sho‘rvaning olovini pasaytirib, shopirib turinglar! Mis oftobalarni yo‘lga chiqarib, har biriga bittadan xushro‘y yigitchalarni kiyintirib, qo‘l yuvdirishga shaylab qo‘yinglar. O‘zimizning o‘g‘illar ham shular orasida bo‘lsin. Aytmoqchi, ularning har biri qo‘lga suv quyayotganda "Bismillahir rohmanir rohiym, valaka mislika zolika" deyishni unutmasin. Keshdan kelgan oshpazlar bedana, kaklik, qirg‘ovul go‘shtlarini pishirib, tayyorlab qo‘ydimi? Chiyalining yaxna go‘shtidan ikki karson buyurgan edim. Kasbidan keltirilgan guldor sopol laganlarga soldirib ko‘ysangiz.
– Begim, hammasiga o‘zim qarayapman. Amirimizning poy-qadamlaridan aylanay!
– Yana bir narsa yodimdan ko‘tarilipti. Huv chetdagi supada peshin namozi uchun patgilamlar ustiga joynamoz to‘shatib qo‘yinglar.Balki ovqatdan oldin peshin namoziga o‘tishar.
– Xo‘p, xo‘p bo‘ladi, begim...
Oradan taxminan bir osh pishgulik vaqt o‘tgach, ko‘cha boshidan jarchining ovozi eshitildi.
– Odamlaru odamlar, eshitmadim demanglar, Elsaroyga Buxoro Amiri tashrif buyurmokda. Yo‘l bo‘shatinglar!
Bunday xushxabar Arabbandi vodiysida ilk bor yangramoqda edi. Hamma hushyor tortdi. Qizig‘i, itlar hurmay, tovuqlar qoqog‘lamay, eshaklar hangramay, otlar kishnamay qo‘ydi. Negadir go‘daklarning ham ovozi o‘chdi.
Jumag‘ulboy yonidan nosqovog‘ini olib, tilining tagiga bir otim nos tashladi. Boy ota nosning kayfini olishga bazo‘r ulgurdi. Ko‘cha boshida qumg‘on ushlagan yigitlar birvarakayiga "kelayapti" deb qolishdi. Boy tili tagidagi nosni bir chetga tuflab yuborib, yigitchalarga buyurdi:
– Otlarni ushlanglar, suvliq yuganni olib, belini bo‘shatib, yakka mixga tortib, har qaysisiga bir bog‘dan ko‘k beda tashlab qo‘yinglar.
Boy hovli oldida kutib olishga sabri chidamay, ko‘cha boshiga chikdi. Amir arkoni davlatining qorasi ko‘ringanida, egilib ta’zim qilib turdi. Arkoni davlat qirq kishidan kam emas. Vazirlar, xazinachi, qoziyu quzzot, lashkarboshiyu o‘n chog‘li qurollangan sarbozlar, hatto bosh Madrasa imom xatibigacha hamrohlik qilmoqda edi.
Boy avvalo Amirning oti jilovidan tutdi. Uning otdan tushishiga ko‘maklashdi. Egasini avaylab, muvozanat saqlab yerga tushirgan har bir ot yana egalik bo‘ldi...
Amir beqasam to‘nli yigitcha qo‘liga quygan suvdan bahramand bo‘lib, uning og‘zidan chiqqan "Valaka mislika zolika" duosini eshitib, xotirjam bo‘ldi-da, Jumag‘ulboyga yuzlandi:
– Bir chetda tahorat ushatib, peshin namoziga o‘tsak.
– Mana bu chetda, chorbog‘ burjida hojatxonayu tahoratxona, oftobalar bor.Marhamat, Amirim.
Amir izidan hamma o‘sha tomonga yurdi. Imom xatib xushovoz ekan. Azonni shunday o‘xshatib aytdiki, namozxonlar past ovozda jo‘r bo‘lib turdilar. Namoz so‘nggida imom duoyi xayr qildi. Uning duolaridan ta’sirlangan boy ko‘zlariga yosh oldi. Allohu akbar! Allohu akbar! Sendan ulug‘ kim bor?...
Amir avvalo bir qishloq boyining dasturxonida nimayam bo‘lardi, deb biroz mensimagan edi. Tuya go‘shti solingan halim izidan oq sho‘rva, lazzatli parranda go‘shtlari, Kattaqo‘rg‘on mayizi, Maymonoq bodomi, Samarqand noni – hamma-hammasi ishtahani qitiqlab, tomoqdan o‘tgani hamono, huzurijon bo‘lib singib ketardi.
Ayniqsa, qo‘zi go‘shtidan boshqa hech qanday masalliq solinmay pishirilgan oq sho‘rvani hamma bay-baylab ichdi. Oq bug‘doy unidan qaymoq surtib tayyorlangan patir oq sho‘rvani yanada xushta’m qilib yubordi. Oxirrog‘ida hazmi taom sifatida tortilgan qatiqli go‘ja joyiga tushdi. Yaxshiyam bu dashtning havosi yengil. Agar shu ovqatni shaharda tanavvul qilinsa, har qanday zo‘rni bo‘ktirib qo‘yishi tayin. Xitoydan keltirilgan qirmizi choynaklarda achchiqqina qilib damlangan choy nafs qutqusi bilan oshqozonga tushgan ketma-ket go‘shtu yog‘ni jigar ustidan purkalayotgan ziddi zahar bilan bab-baravar parchalamoqda edi. Tog‘ oralig‘idagi Quruqsoy qishlog‘i tokzorlarida yetishgan qora lo‘nda uzum suvidan ichi sirlangan xumlarda obi-tobiga keltirib tayyorlangan musallas ich-ichdan qizdira boshlardi. Ishtaha ochilishi bilan birga mehmonlarning qulfi-dilini ochib yubordi. Jumag‘ulboy, Amir unga zimdan bot-bot qarab qo‘yayotganini sezib qoldi. Nigohlar uchrashib qolganda Jumag‘ulboy boshini burmasdan ko‘zini yo yuqoriga, yo pastga olar, ichimdagi dardimni Amir bilarmikan, Xudovanda, o‘zing Xalloq, unga yetkaz, deya ich-ichdan iltijo qilardi. Amirning fahmu farosati esa boyning o‘ziga yetarlicha dardi borligini bozordayoq anglab yetgan, payti kelsa gap ochishni mo‘ljal qilib turgandi. Xayriyatki, dasturxonga fotiha tortildi. Amirning xos mullasi xayru ehson ziyofat uchun uzundan-uzun duoyi xayr qildi. Hamma unga qo‘shildi. Ko‘pning duosi ko‘l. Amir mamnun jilmaygancha Jumag‘ulboyga qaradi:
– Elsaroyning himmatli oqsoqoli, ziyofat uchun tashakkur! Biz endi qo‘zg‘alurmiz. Inshoolloh, bugun kech Qarshi begining mehmoni bo‘lurmiz. Biror istagingiz bo‘lsa, tortinmang...
– Amirim, himmatingizning cheki yo‘q. Agar mumkin bo‘lsa, anovi Otqamar tomondan biroz yaylov, lalmi ekin qilish uchun yer bersangiz... Elsaroyda fahmu farosati o‘ziga yetarli oqsoqol bo‘ladigan yigitlarimiz bor. Shulardan ba’zi birovlarini tanlab bersak, mahkama xizmatiga olsangiz. Yana besh-to‘rtta mullavachcha yigitlarni shariat ilmidan chuqurroq saboq olishlari uchun Buxoroyi Sharif Oliy madrasalarida o‘qib, ilm olishlariga izn bersangiz. Oxirgisi esa, ijozatingiz bilan mehmonlarimizning tabarruk yelkalariga bittadan to‘n yopishimizga rozilik bersangiz...
– Bahay, bahay, davlatingiz bundan-da ziyoda bo‘lsin! Malolli yumush so‘ramadingiz.
Keyin bosh mirzoga o‘girilib dedi:
– Jumag‘ulboyga so‘ragan yerlarini aniqlab, hozirning o‘zida "vaqf" yozib bering.Tolibi ilmlarni bemalol Buxoroga jo‘natavering. Haligi bo‘larmon yigitlar bilan Chiroqchi xonjoni shug‘ullanadi. Boshqa gap-so‘zingiz yo‘qmi?
– Jo‘q, jo‘q, e, yo‘q, taqsirim! Umringiz uzoq, rizqingiz forig‘, soyai davlatingiz bundan-da ziyoda bo‘lsin! Oliy himmatingizga tasanno!
Amirga zar qo‘shib tikilgan Kesh do‘ppisi, Buxoriy zardo‘zi to‘n, kashtali kamar-po‘ta, qolganlarning har qaysisiga simobiy beqasam adras, kimxob to‘nlar yopildi. Mehmonlar qo‘zg‘oldilar. O‘rnidan turayotgan vazirlardan biri qo‘polroq hazil gap qildi:
– Elsaroylik boyning hammayog‘iga jir bitib, qo‘tonigacha yog‘ bosgan ekan. Qo‘tonboy desayam bo‘laveradi. Tuf, tufay, iloyo ko‘z tegmasin! Amir ham hazil aralash mamnuniyat bilan aytilgan jaydari gapga bosh irg‘ab, kulib qo‘ydi. Oliy zotning samimiy kulgusi uning ham e’tirofi sifatida qabul qilinib, oradagi noqulaylikni ko‘tardi.
Jumag‘ulboyning o‘zi bu gapni maqtanib hech kimga aytmasa ham, chor atrofga tez tarqaldi. Boyning urug‘-aymog‘i esa so‘rab- surishtirganga bu gapni kimsan Amir aytgan, deb og‘zini to‘ldirib maqtanadigan bo‘ldi:
“Asli boylikni Boy Otamizga Xudoning o‘zi bergan. Hammayam Qo‘tonboy bo‘lavermaydi-da. Ana Barot to‘qsoba bizning to‘fordan chiqqan, yerlarimizning poyoni yo‘q.
Buxoroyi sharifni bitirgan mullalarimiz, berilib azon aytsa, ovozi Makkaga yetadi.
Tomirimiz jantoqning tomiriday suvga yetgan...”
To‘for ahlining maqtanganicha bor edi. Jumag‘ulboyning sharofati barokatga aylandi.
Yaylovlarning keng-mo‘lligi dehqonchilik va chorvaga baraka kiritib, mag‘zi to‘q, o‘qimishli ilmu odob sohiblari esa el-ulusning boshqaruviga yarab qolganidan bisyor xotirjam yashab kelgani bor gap.
Jumag‘ulboy davru davronini shuytib o‘tkazdi. Undan nima qoldi? Biroz qo‘polgina Qo‘tanboy degan nomu, halolu poklik, elim-elim, deb emranmog‘u bir chimdim oriyat qoldi. Saksondan sakrab o‘tishu Iymom, O‘roz, Irza, Mahkamboy degan o‘g‘illari qoldi. Ular otasiday nom chiqargan boy bo‘lmasa ham, yaxshi zuvaladan to‘kilgan urvoq kabi o‘z boshicha totimli zuryod bo‘ldi. Bunday zuryodning hech bo‘lmagani uvol-savobni biladigan, shaytoniy, rahmoniy tuyg‘uni darrov ajratadigan, ikkovning o‘rtasiga kirsa, og‘ziga qaratadigan, ozgina qiyshayganki bor, epga soladigan odamshavanda bo‘lgani hammasidan a’lo. Bil’aks har to‘kisda bir ayb, deydilar. Ular orasida bexos birovga yaxshilik qilaman deb, o‘ziga gunoh orttirib, ming pushaymon yeb, dunyodan o‘tganlariyam bor. Ikkinchi qism shu haqda...
Otani ko‘rgan o‘q yo‘nar, onani ko‘rgan to‘n bichar. Otasiz o‘g‘ilning o‘mgani, onasiz o‘sgan qizning ko‘kragi katta. Kimgaki, otali, onali bo‘lib voyaga yetish nasib etsa, bu – bearmon taqdir tuhfasi. Kimgaki tug‘ilgan tuprog‘ida yayrab-yashamoq, qarib-qartaymoq nasib etsa, bu ham bearmon tole. Kimniki peshonasiga bola-chaqa bitib, izida qolsa, buyam armonli dunyoning taskinu yupanchi...
Arabbandilik Mahkamboy, kimsan dong‘i ketgan Jumag‘ulboyning kenja o‘g‘li, tanglayi ilik moyi bilan ko‘tarilgan, kindigi ostonaga ko‘milgan. Har kun tongda adashmay chiqadigan oftob nuriga cho‘milib, xulqu odobdan kami yo‘q, bola-chaqasidan boshqa g‘ami yo‘q bo‘lib, qirchillama yoshida bilib-bilmay xato qilib, umr so‘nggida ming pushaymon qilib turgan joyini ko‘ring...
Ul zotning pushti kamaridan bo‘lgan Narzilla boy aytardi:
– Otamiz rahmatli saksondan uchtagina oshib, qazo qildilar. Bobomiz ham shu yoshda qazo qilgan. Otaning yoshi bir marra-da, bolam. Kuni bitib rizqu nasibasi tugab borayotganini oldindan sezgan shekilli, meni yonlaridan sira jildirmadi. Har safar biroz o‘ziga kelganida, ulgurib qolayin, deb shahodat kalimasini takrorlar, biroz nafasini rostlagach, ichidan chiqayotgan hasratidan tutun ko‘kka o‘rlar, ho‘ng-ho‘ng yig‘lar, tutila-tutila tiliga kelgani shu bo‘lardi:
– Astag‘furulloh, astag‘furulloh, tavba qildim, tavba qildim, Egam! O‘zingga sig‘inaman. O‘zing kechir! Meni kechirarmisan? Agar kechirmasang, chin dunyo – jannating menga nasib qilmaydi. Axir, bilib-bilmay qilgan gunohim uchun ko‘rgan azobim do‘zax azobidan kam bo‘lmadi. Sho‘rimni qarangki, oz emas, nikohli bo‘lib, jamisidan o‘n sakkiz farzand ko‘rib, o‘n beshtasini qo‘shqo‘llab tuproqqa berdim-a. Ko‘rgan-bilganim shu uchtagina o‘g‘ilga ovunib, suyanib turibman. Astag‘firulloh, shunisiga ham shukr! Tirnoqqa zor qilib qo‘ysa, qayoqqa borardim. Uchchovginalaring bir bo‘lib, Narzulla, sen bosh bo‘lib, tepkilab-tepkilab ko‘minglar. Qoldiradigan meros-nasihatimga amal qilinglar. Bola-chaqalaring qulog‘iga mahkam quyinglar!
Yolg‘onu o‘trikdan ot minib qochinglar. Zinhor va zinhor qasam ichmanglar! Hech qachon yolg‘on guvohlik bermanglar! Ikki nafsini tiyganga Olloh o‘zi baraka ato etadi. Davri qiyomatda haq azobidan qo‘rqinglar!
Otam dunyodan o‘tgach, ul zotning tirikligida qanday kabir gunohi bo‘lganini so‘rab-surishtirdim. Ko‘pchilik yelka qisdi. Biroz anglaganim shuki, otam tirikligida bilib-bilmay qilgan gunohlarini esga olib, tavbaga chog‘langan. Otamizning gunohlarini O‘zing mag‘firat qil! Hozir bir uchini chiqaray, erinmay eshitsangiz, sizgayam ibrat bo‘lar...
Burungining bir topishmog‘i bo‘lardi: Soy-soy qamish – soy qamish, saylanib turgan bir qamish. Javobini oqsoqol, kayvoni, marqa, bek yoki xon deb aytilsa, to‘g‘ri bo‘ladi.
Jumag‘ulboydan so‘rashdi: “Boybuva, o‘zingiz oliyhimmat, yaxshi odamsiz. Sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek, elimizda onda-sonda chiqib turadigan yomonlarning ham tarafini olasiz. Yomon bo‘lsa, qilmishiga yarasha jazosini olsin-da...”
“Qo‘y bo‘risiz, el o‘g‘risiz bo‘lmas. Yaxshi ham, yomon ham mening o‘zimdan. Shoir aytadi: Orqasi bor orqasini maqtar mudom.Orqasi yo‘q marqasini maqtar mudom. O‘sha yomon mening yomonim. Yomon kunimga yaraydi, hali hech kim shahardan tobutkash yollab ketmagan...”
Ishqu muhabbat hammadan ko‘ra Tangri Taoloda bisyor, mo‘l-ko‘l. Rahimu Rahmonni ko‘ring. O‘zidan ep ko‘rib, bir chimdim mehr zarrasini shu Zaminga, borliq xilqatu jonzotga bergan. Odam Ato, Momo Havoga bergan.
Inchunun odamzod zuryodi Ishqi Allohdan benasib emas. Daryo to‘la suv, it degani tili bilan ichadi deganlaridek, mehru muhabbat tuyg‘usi ham birovda ko‘p, birovda oz. Birovda botiniy, birovda zohiran.
Qo‘tonboy to‘foridan Toshboy do‘mbirachiniki, ancha-muncha oshkor bo‘lganidan tashqari serg‘alvaligi ham bor. Toshboy to‘rt qizdan keyin paytini topib tug‘ilib, suygumchik, erkaroq bo‘lib o‘sdi. Mo‘ylabi sabza urib, ovozi do‘rillab qolganida hovlisidan ikki uy narida, yelkasiga ip solib quduqdan qovg‘a tortayotgan qizni ko‘rib qoldi. To‘g‘risi, Toshboy bu qizni avval ham birda- yarim ko‘rgandi. E’tibor qilmagan ekan. E, bu Karimqul quduqchining ot choptirib yuradigan qizi Misqol-ku. Kattarib qopti. Saxti-sumbati bo‘liqqina, rangi sariq ham, oq ham emas, ra’no guliga monand, o‘sma-surma ko‘rmagan qosh-ko‘zlari o‘ynab turibdi. Oftobda qizg‘ish, soyada qorovut ko‘rinadigan mayda o‘rim kokillari iroqi do‘ppisiyu g‘ijim ro‘molidan pastga osilib turadi.
Hali oxurlar to‘lishiga ancha bor. Qizning nozik yelkalarini arqon qiyib qizartirgan shekilli, tishini tishiga qo‘yib ihrab-ihrab qo‘yadi. Aytmoqchi, quduq boshida ham kimdir bor. Yana bir qiz, singlisi shekilli, to‘lib chiqqan qovg‘ani oxurga ag‘darmoqda. Shu turishida Misqolni boshqa bir bo‘ydoq yigit ko‘rib qolsa unchalik oshiq bo‘lmas. Biroq Toshboy negadir dadil bo‘lib gap qotdi:
– Misqol, kel, biroz yordam beray!
Misqol yoniga kimdir kelayotganini sezsa ham, kimligiga e’tibor qilmagan edi, bexos burilib qaradi.
– Toshboy aka, sizmisiz. Jo‘g‘ay, o‘zim eplayman. Har kungi ishim-da.
– Ber, beraqol, qara, nozik yelkalaringni arqon qiyib ketipti. Ot-ulovlaring jo‘qmi?
– Juvosh baytalni otam qaqqadir minib ketgan. Boylovdagi otni quduqqa qo‘shib bo‘lmaydi. Yaxshisi o‘zim..
– Ber endi, senga rahmim keldi.
Misqol qizarib-bo‘zarib arqonni berdi. Toshboy qo‘liga tuflab, arqonni olarkan, qizga dedi:
– Sen endi ketib qolma, xuddi shu yerda, shunda tur. Suv tortish bahonasida seni bir ko‘rib olay.
Qiz indamay yerga qaradi.
Yer haydamoq – bormoq, kelmoq, deganday quduqdan suv tortmoq ham borishli-kelishli.
Misqol quduq boshidan o‘ttiz qadam berida turibdi. Toshboy – bo‘z yigit. Ikki-uch chelak suv sig‘adigan qovg‘ani to‘ldirib tortar, quduq boshidagi qizgina suv to‘la qovg‘ani bazo‘r oxurga ag‘darar, uning qiynalayotgani Toshboyning xayoliga ham kelmas, yelkadagi yukli arqonni pisand qilmay Misqol sari intilar, yetganda qizga boshdan-adoq tikilib to‘ymas, agar panaroq bo‘lsa, borasolib quchoqlab o‘pishdan ham toymas edi.
Chamasi o‘ninchi borishda oxur lipillab suvga to‘ldi.
Yigit yurak yutib, qizga gap qotdi:
– Misqol, menga jog‘ib qolding! Qosh qorayganda shu quduq joniga kelasanmi?
– Bilmasam, iloji bo‘larmikan?
– Biror bahona toparsan, maylimi?
O‘sha kuni qosh qoraymog‘ini intizor kutgan hamma emas, ikki yosh bo‘ldi, desak chippa-chin bo‘lar. Toshboy ham, Misqol ham ilk uchrashuvda aytmoqchi so‘zlarini tinmay takrorlar, yuraklar dupuridan tanada sezgin qaltiroq hukmron edi. Bu yog‘iga "tavba," desa bo‘ladi.
Qishloqdagi devor-darmiyonsiz hovlilarning har birida bittadan it bor. It bo‘lgandayam naq bo‘ribosar. Chaqirib kelganning har biri qo‘lida uzun arqon yoki tayoq bo‘lmasa, qirq yil oldin o‘lib ketgan momosini ko‘radi.
Xonadon a’zolaridan birovi bezovtaroq bo‘lsa yaxshi it hammadan burun sezadi. Havoga otilgan kesak ko‘rinmay qoladigan bo‘lganda, Toshboy qiyshayib uydan chiqdi. Yigit bexabar, Bo‘ynoq izidan indamay ergashdi. Quduqqa yaqin kelganda Misqolning qorasi ko‘rindi. Xayriyat. Biroq qiz izidan hidini olib kelayotgan yaxshi it To‘rtko‘zni hech kim sezmadi. Imi-jimida titroq qo‘llar bir-biriga chirmashganda, ikki yaxshi it bir-biriga tashlanib, g‘irillashib qolsa bo‘ladimi? Buni hech kutmagan oshiqlar baravariga ovoz chiqardi:
– Bo‘ynoq, To‘rtko‘z, ko‘zing ko‘rmi, men o‘zim...
Taajjubki, itlar ovozi birdan o‘chdi. Bir-birovini hidlab-hidlab nari ketdi. Ana bu boshqa gap. Titroq qo‘llar yana chirmashdi. Hech gap-so‘zsiz yigit qizni bag‘riga oldi. Balog‘at hidlari tutashdi. Ilk bo‘sa ta’midan qo‘sh yurak avval jo‘r bo‘lib, dukilladi. Qo‘sh badandagi titroq birdan bosildi. Takror-takror bo‘sa xurujidan lovullab yongan o‘ng yonoq, chap yonoq hovri bosildi. Lablar lablarga intilayotganda, qiz yigitni to‘xtatdi:
– Tosh aka, bugunga yetadi. Haddingizdan oshmang.
– Pari qiz, ertaga ham kelasizmi?
– Ertaga qo‘zi-uloqlarni haydab Uzunjar tarafga chiqaman.
– Ertagacha baribir sog‘inib qolaman. Tushlaringga kirsam maylimi?
Ular noiloj, biroq mastona ajraldilar.
O‘zaro hid almashgan itlar ham mamnun, lo‘killab, egalari izidan ergashdi.
Oshiqlar pinhona kunda, kunora uchrashib yurdilar. O‘zlaricha ahdu paymon qilishdi. Biroq “nasib”ni aytishmagan ekan...
Yigit hayallatmay sovchi qo‘ydi. Birdan rad javobini oldi. Quduqchi qizini Chorko‘salik kasbdosh oshnasining o‘g‘liga va’da qilib qo‘ygan ekan, bermadi. Toshboyning otasi o‘rtaga oqsoqolni aralashtirdi. Baribir bermadi. Quduqchi oshnasiga xabar qildi. U yoqdan to‘y tezlashib ketdi. Misqol zor-zor yalindi. Buyoqda suyganim bor, deb aytolmadi. Ko‘zda shashqator yosh bilan ellik chaqirim nariga kelin bo‘lib ketdi. Kuyovga ko‘ngilsiz, sho‘r peshona, sho‘r taqdir...
Bundayin ko‘z yoshli chimildiq hech joyda bo‘lmadi. Misqol pari qaqshab qon bo‘ldi. Kuyov hayron, lol bo‘ldi. Chilla degani zavol bo‘ldi.
Endi gapni buyoqda qolgan Toshboydan eshiting. Toshday og‘ir, bosiq yigit o‘z-o‘zidan yengil tabiat bo‘ldi.
Avval o‘ziga-o‘zi gapiradigan Majnunga uka tutindi. Keyin qo‘shiq aytdi. Qaydandir do‘mbira topib kelib, ustoz ko‘rmay chalib yotdi. Maymonoqdagi Xo‘jamurodbaxshi Otani qirq kun tunab qaytdi. Huy-huylab, bo‘y-bo‘ylab aytadigan baxshi bo‘ldi. Bundayroq baxshidan yaxshi bo‘ldi. Avval "Tohir-Zuhro" ni, keyin, “Vomiq Uzro”ni aytdi. Azaga borgan dardini aytib yig‘laydi. Qay taraf to‘yga borsa, aylanib aytgani – Misqol, Misqoloy bo‘ldi...
Mahkamboy kenja o‘g‘il bo‘lgani uchun Boy ota merosidan olgani bir chimdim ziyod bo‘ldi. Hammadan oldin o‘zini tutdi, yomon kunni unutdi. O‘g‘il otadan bir bahya kam bo‘ladi degani rost shekilli, unchayam oshib-toshib ketmadi. Jumag‘ulboyga qiyos qilganda, Amir tugul, xonjonni ham uyiga taklif qilganini hech kim eshitmadi. Biroq Avazbek degan oshnalariga qo‘shilib, anchayin shariatboz bo‘lganini el biladi. (Bu jumlaning qisqa sharhi shuki, o‘sha davrning shariat qonun-qoidalariga qattiq amal qiluvchi, talab qiluvchi qozilarga yaqinlik) Ikki nafsini tiygandan baloyi bad hazar qiladi. Rizqu ro‘zini yerdan topadigan odamzod yer uchun talashib-tortishmagan kuni bormi? Qo‘tonboylar urug‘iga biroz naridan tutashadigan Karchin (Buyam bir saroy urug‘ining to‘fori) to‘fori hosildorgina 100 tanoblik yer ustida talashib-tortishib keladi. Jumag‘ulboy davrida bu joyga Qo‘tonboylar egalik qilgani tayin. Katta boyning zamonida Karchinlar tilini tishlab yurardi. Endi ular g‘imirlab qolishgan. Mish-mish tarqaldi. Karchinlar sotib-sovunib, odam yo‘llab, Amir dargohiga bosh suqib shu yerga "vasiqa" olishibdi. Kuzgi shudgor oldidan yig‘ilib shu "vasiqa"ni e’lon qilarmish. Bu gap-so‘z hammadan ko‘ra Mahkamboyga yoqmadi.
Maslahat qilgani usta Dangal bilan Avazboy yoniga bordi. Ular gapni bir joyga qo‘yishdi. Karchinlar Do‘ngtepa ustiga jamlangan kuni Mahkamboy ham besh-olti og‘aynisi bilan jiyin (yig‘in)ga bordi. Mahkamboy shirin gap-so‘z, ustakorlik bilan Karchinlar oqsoqoliga dedi:
– Birodar, moli-mo‘min joni-mo‘min, yeri mo‘min-xuni mo‘min, deganlar. Yaxshi koru xayrga qo‘l uribsizlar. Endi oramizda hech qanday nizo bo‘lmaydi. Vasiqa-hukmi Amir. Oqsoqol, o‘sha "vasiqa"ni buyoqqa bering-chi, bir o‘qib ko‘raylik. Tabarruk xatni ko‘zga surmoq kerak-da. Mana shariatboz Usta Dangal, Avazbeklar ham o‘qisin, buyog‘i xotirjamlik bo‘ladi. Oqsoqol iyib ketib, Mahkamboy tomon ta’zim qildi-da, "Xat"ni unga berdi. Samarqand qog‘ozi pishiq qog‘oz. Husnixatni mirzo yozgan. Ammo muhrida ozgina xilofi bor. Buni ikki shariatboz ham, Mahkamboy ham sezdi. Mahkamboy qo‘lidagi xat avval biroz titradi, keyin birdan qo‘l bilan bolalikdan og‘ayni bo‘lgan og‘izga ravona bo‘ldi. Baquvvat tishlar orasida chaynalib, yutilib ketdi. Xullas Mahkamboy "vasiqa xat"ni hech narsa ko‘rmaganday osongina yutib yubordi. Birov bildi, birov bilmay qoldi. Qo‘li quruq qolgan, bor ilinjidan ayrilgan Karchinlar oqsoqolining “e,e” deyishdan o‘zga holi qolmadi.
Mahkamboyning oxirgi gapi o‘lganning ustiga tepgan bo‘ldi.
– Og‘aynilar, bu yerning "vasiqa" si Jumag‘ulboy bilan birga ketgan. Boyning tanasi chirib ketgandir. Lekin erinmay qidirsak, uni albatta topamiz. Gap tamom-vassalom. Uy-uyga tarqalamiz!...
Oradan olti oyu olti kun o‘tdi. Toshboy baxshi Misqol pariga yetaman, deb ko‘kragini zaxga berib, yotgani yo‘q. Dardu dilini har joyda, har kimga ayta-ayta “uytib-buytib” o‘zini yupatib yurdi...
"Yozi bilan Zebo" izini qidirib Maymanoqqa bordi. Qovchinda "Tohir Zuhro”ning tikanli mozorini tavof qildi.
Ay yoronlar aytayina, aytayin,
Yaxshini topib, yomondan qaytayin
Qiz bolaning badanida olovcha bor,
Qo‘y go‘shti, quyruq yog‘i palovcha bor.
Ahaylasang, qo‘y qo‘shilmas podaga
Ro‘molingni yonib ilgin xodaga.
Misqol pari, qomatingdan aylanay
Bo‘ylaringga bori umrim sadag‘a.
Dardim yomon, rangim somon, otim oriq,
Ishqu dardim azobidan qular osmon.
Toleimdan visol emas, ming pushaymon
Qo‘shig‘im qo‘shiq, tomog‘im teshik
Bir burda non bersang, aytaman qo‘shiq .
Misqoloyni bir ko‘rsam ham, bas edi
Hech ko‘rmasam tuproq, xoru xas edim...
G‘ij-g‘ij yulduzli osmon edi. Kimgadir visol, kimgadir armon edi. Chorko‘sa ovulida alomat to‘y bo‘layotgan edi. Mehmonlar qo‘noq joydan chiqib, to‘yxonaga to‘p-to‘p bo‘lib yig‘ilayotgan joyi edi. Davra o‘rtasida tarasha o‘tindan yoqilib, unga kimdir yermoyi sepib turgandi. Mardon baxshi zardoli do‘mbirasini qo‘lga olib, to‘yga munosib kuy izidan bo‘taday bo‘zladi. Go‘ro‘g‘lidan boshlab Avazxondan qaytdi. O‘xshatib aytdi, qaqshatib aytdi. O‘rtada yozilgan belbog‘, qog‘oz pul, poshshoyi tangaga to‘lib ketdi. Navbat Toshboy baxshiga kelganda qiz-juvonlar orasidan kimdir "voy" deb yubordi. Bu ovoz yosh baxshining qulog‘iga hammadan burun yetdi. Baxshi entika-entika shunday jo‘shib aytdi-ki, eshitgan quloqqa moyday yoqdi. Axir dunyoning eng tolmas qanotli qo‘shig‘i Ishq qo‘shig‘i-da. Va lekin Toshboy baxshi o‘xshatdi. Oshiqlik termalari orasiga astalik-ustalik bilan ko‘ngil dardini qorib-qorib purkab yubordi. Dilnoma aynan Misqolga, Misqoloyga qaratilgan edi.
– Misqolim, jonim, jahonim, sensiz dilim vayron, umrim xazon. Hozirning o‘zida men bilan ketasanmi? Huv narida, to‘yxona ortida Jiyron qashqa otim gijinglab turibdi. Chiqsang bas, ikkimiz qanot chiqarib uchamiz, visol quchamiz. Naryog‘i Xudo poshsho!!!
Ustoz baxshi baribir zo‘r-da. Undan boshqa hech kim Toshboyning ishoratini sezmadi. Mardon baxshi qo‘lini ko‘tardi. Toshboy to‘xtadi. Navbat Lo‘li shoirga berildi. Qarshilik Lo‘li shoir ko‘hna aytishuvni boshlaganida, Toshboy sekin qo‘zg‘aldi. Qo‘lida zombircha do‘mbira bilan oti tomon yurdi.
EY OShIQLAR PIRI, O‘ZING MADADKOR BO‘L!
Yo Xudoyimay, ana omad, mana omad, Misqoloy paranjiga o‘ralib, bellari buralib, ko‘zi yonib, ming bora quvonib, Toshboy otining yollarini silab turibdi.
– Misqoloy, jonim, o‘zingmisan. Xayriyat, tushunibsan.
– Tosh aka, ketdik, ketaylik!
– Misqol, sen oldinga o‘tir, yaxshi boshqarasan. Men keyinda, quchoqlab ketaman.
– Tosh aka, menga it tekkan, yana yuzimga solmaysizmi?
– Hali it ekan, cho‘chqa bo‘lsa ham, sen menga halolsan, Misqol!
Har qanday yaxshi ot egasi ko‘nglini darrov sezadi. Rizq bergan xonadonga tinmay intilish esa har qaysi jonivorning suyukli odati.
Jiyron qashqa kun botish tarafni ko‘zlab, o‘qday uchib ketdi. Tuyog‘idan o‘t chaqnab, quloqlari orasidan jannat shamoli esib, g‘ayrati jo‘shib ketdi. Hademay manzilga yetib boradi. Otning naq kallasiday keladigan yuragi, ustidagi qo‘sh yurak bilan jo‘rovoz tepayotgan, to‘rt oyog‘i ham ularga jo‘r bo‘lib chopayotgan edi.
Erta tongdan Chorko‘sada duv-duv gap tarqaldi. Falonchining kelini falon bilan qochipti. Voy sharmanda, asli buzuq ekan-da.
Er bo‘lmish to‘rt-besh yigit bilan dov to‘kib Toshboynikiga bordi. Baxshi ko‘rinish bermadi. Misqoloyning o‘zi chiqib rad javobini berdi:
– Sen menga er bo‘lmading, qaro jer bo‘lding. Darrov talog‘imni ber! Mard bo‘lsang ayama! Ber, beraqol, yalinib aytaman. Men endi Toshboyniki bo‘ldim. Shuncha xo‘rlanganim yetar.
Er bo‘lmish ori keldimi, uzangiga oyoq tirab, uch taloq, ming taloq, osmondagi yulduzcha taloq, deb oxirida tilga olib bo‘lmas so‘z bilan so‘kib yubordi...
– Ena taloq, haromi Toshboyingga ayt! Men uni urug‘-aymog‘i bilan zindonda chiritaman!
– Bilganingni qil. Hezalak, hezalaksan!
Har qanday baloyi badga oldindan rozi bo‘lgan baxshi Misqoloyni hayallatmay nikohiga oldi. Chimildiq, irim-sirimi esa hovlidan tashqarida qoldi.
Endigi gapni Chorko‘sadan eshiting. Sonsiz saroyning har to‘forida o‘zicha oriyat, ul nari, biz beri degan gap bor. Toshboy qo‘shiq (uning shunday nomi ham bo‘lgan) bilib-bilmay bir to‘forning qilday nozik oriyatiga tegib ketdi. Bunday paytda kim ham qoladi. Besh-o‘n kayvoni jam bo‘lib, shariat qozikalonini qidirib ketdi. Arznomaga jami erkagu ayolning barmog‘i ranglab bosilgan edi. Quruq qoshiq og‘iz yirtadi. Nafs qozoniga bir bo‘lak dumba yog‘ tushib, jazi erigan qozikalon mahkama mirshabu mirg‘azablarini olib, aynan Toshboy qo‘shiqning ovuliga qo‘shin tashladi. Eng avval Toshboy ko‘shiqning to‘fori Bekliboy urug‘ining o‘n chog‘li oqsoqolini aybdorga qo‘shib, bo‘yniga arqon solib, yerto‘laga qamab tashladi. Bosh aybdor, yoki aybiga iqror kelindan bir og‘iz so‘rash hech kimning xayoliga kelmadi. Avval bizga tanish uch shariatboz Usta Dangal, Avazbek, Mahkamboy yana ish beradigan bo‘ldi. "Uchlik" degani uzoq talashib-tortishdi. Xayriyatki, to‘rtinchi odam yo‘q. Tepada Allohni aralashtirib, reja tuzishdi. Yana oldinga Mahkamboy ko‘krak kerib chikdi. Axir bitta yomon deb shuncha gunohsiz oqsoqol zindonda yotadimi? Qolaversa, o‘sha yomon ham o‘zimizning yomonimiz. Baxtash tavakkal.
Mahkamboy ko‘chma qozixona oldida tiz cho‘kib, shahodat kalimasini aytib guvohlik berdi:
– Qozikalon janobi oliylari, shariat hukmi-oliy hukm. Haq taolo oldida guvohlik berib aytamanki, bu o‘rinda el oqsoqollarida zarra gunoh yo‘q. Bu ayolni ham hech kim o‘sha yoqdan olib qochib kelgani yo‘q. O‘zi, o‘z oyog‘i bilan ota-enasini ko‘rgani kelgan, shu yerda Toshboy bilan topishib ahdu paymon qilgan. Ayolning o‘zi avvalgi eridan taloq olib, baxshining nikohiga kirgan. Ishonmasangiz, o‘sha nomard kelinning o‘zini chaqirib so‘rang. Mahkamboy Jumag‘ulboy o‘g‘li nomim bilan aytamanki, Toshboyda ham, el oqsoqollarida ham gunoh yo‘q. U yog‘i o‘zingizga havola.
Qozi katta kitobini uzoq varaqlab, bir to‘xtamga keldi. Bir gap bo‘lmasa, shunday baobro‘ boy o‘zini tikka tutib, guvohlik berarmidi?
Qozikalon ishorat qildi. Bo‘yniga sirtmoq solingan oqsoqollar qozikalonga ham, Mahkamboyga ham tasanno o‘qishdi. Mahkamboyning guvohligi biroz o‘trikka qorilgan bo‘lsa ham, uni fosh etishga hech kim jur’at topolmadi. Aslida Mahkamboyning soxta guvohligi Toshboy va Misqolga qayishgani, to‘foriga qayishgani edi. Yana tepadagi katta Qozidan boshqa kim biladi deysiz?
Hammaniyam Xudo yaratgan. O‘sha paytda boshi egilib qolgan er bo‘lmish tarafdan qarg‘anmagan odam qolmagan ekan. Men qilaman to‘qqiz, Xudo qiladi o‘ttiz. Hech bir to‘qqiz o‘ttizga teng kelarmidi?
Mahkamboyning bir chimdimgina imoni borligi uchun umrining so‘nggi choragida tillari tavbadan tushmadi. O‘limi oldidan o‘g‘li Narzullaboyga meros sifatida tayin qilgani ham o‘sha tavbalarining sharhi-ash’ori edi. Ota o‘g‘il, padar o‘gitiga, tavbasiga, iqroru ibratiga amal qilib yashadi. Bola-chaqalarini ham shunga o‘rgatdi. Oradan uch-to‘rt pusht o‘tsayamki, zuryodlar bobolarining o‘sha tavbasini, iqrorini sira unutishmaydi. A, buyam bir eski rivoyat-da, deb qo‘l siltab ketishmaydi. Barakasini bersin!
– O‘tganlarni O‘zing mag‘firat qil, Egam!