2010 yil sentyabr oyida poytaxt markazidagi Milliy bog‘ hududida adabiyotimizning ulug‘ siymosi Oybek domlaga haykal o‘rnatildi. Bu tadbir oynai jahon va matbuotda yoritildi. Bunday marosimlarda nutq so‘zlab, xalqqa ko‘rinish berishni o‘ziga ham farz, ham qarz deb biluvchi obro‘li adiblar mazmundor so‘zlar aytishdi. Kamina haykalning ochilish marosimiga borolmagan bo‘lsam-da, bir necha kundan so‘ng ziyoratga o‘tdim. Alisher Navoiy haykalini ziyorat etib, yon tomondagi ariq bo‘yiga tushdim. Ariqning narigi betida Oybek va Abdulla Qahhor haykallari yonma-yon turardi. Kuzgi quyosh nurlari shundoq ham muhtasham haykallarga yanada salobat baxsh etar, Oybekning sokin va ulug‘vor chehrasida qat’iylik, teranlik jilva qilar, adibning chaqnoq ko‘zlari burgut nigohi bilan boqardi. Xullas, haykaltaroshning san’atiga tahsin aytmaslik iloji yo‘q.
Nariroqda, oldinroq tavalludining yuz yilligi sanasida haykal o‘rnatilgan Qahhor domla yelkasiga choponni yelvagay tashlagancha, o‘z o‘ylariga g‘arq edi.
Gap-so‘zlarga qaraganda, Milliy bog‘ning shu tarafida adabiyot xiyoboni barpo etilib, yana boshqa ulug‘ adiblar haykallari o‘rnatilar ekan. Shoyadki, Maqsud Shayxzoda, Shuhrat domla kabi hayotligida munosib qadr ko‘rmagan adiblarimiz ham, nihoyat, so‘lim adabiyot xiyobonida o‘z shoyista o‘rinlarida savlat to‘kib o‘tirishsa. Haykallarda adiblar o‘tirgan holda ekanligida ham ramziylik bordek. Ular sho‘ro tuzumining jabr-jafolarini rosa chekishdi, shu uqubatlar tufayli hayotdan erta ketishdi. Endi Milliy bog‘ to‘rida, hazrat haykali poyida o‘tirib, orom olishsin, xotirjam tafakkurga berilishsin, avlodlar yutuqlaridan shodlanishsin. Yirik adabiy markaz bo‘lgan Toshkentning turli go‘shalaridagi Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Zulfiya haykallari shahar husniga zeb bo‘lib tushgan. Buxoroda Fitrat, Andijonda Cho‘lpon haykallarini ziyorat qilganimda ham olam-olam quvonch tuyganman.
Yangilikdan xabardor adabiyot muxlislari yakka holida yo bir necha kishi bo‘lib ziyoratga kelishar, shunchaki yo‘ldan o‘tib ketayotganlar ham yangi haykalni ko‘rib qolib, bir necha daqiqa to‘xtab tomosha qilib, mamnun holda yo‘llarida davom etishardi.
Xayol otini jilovlash imkonsiz. “Payti kelib, menga ham biron joyda haykal, jillaqursa, byust o‘rnatilarmikan”, degan fikr ko‘nglimdan g‘imirlab o‘tganday bo‘ldi-yu, beixtiyor qizarib, yon-atrofga qaradim. Tasodifan biron tanishim kelib qolib, xom xayollarimni uqib, ustimdan kulmayotganmikan? O‘quvchi kaminani ma’zur tutsin. Xayolan bo‘lsa-da, o‘zini yuksak maqom sohibi sifatida tasavvur qilish ijod ahliga qo‘ndoqda tekkan kasallik bo‘lib, davosi hali topilmagan.
Mendan bir necha yosh katta shoir do‘stim Abduhamid Parda har gal biron yirik adib vafotidan so‘ng Chig‘atoy qabristoniga dafn etilganini eshitganda, armon bilan: “Bizga ham Chig‘atoydan joy tegarmikan?” deb qo‘yadi. Bu gapdan ensam qotib, unga deyman:
– Avvalo, Chig‘atoyga talpinish siz uchun erta emasmi? Hali uylantiradigan o‘g‘lingiz, uzatadigan qizingiz bor. Soniyan, Xudo bergan umrdan foydalanib, qattiq ijod qilib, zo‘r asarlar yarating. Yoshingizni yashagach, ko‘rimsiz bir qabristonga qo‘yilsangiz ham, o‘sha joy sizning qabringiz tufayli adabiyot muxlislarining ziyoratgohiga aylanib, obod bo‘lsin!
– Shunday-kuya, biroq Chig‘atoyga qo‘yilish – rasmiy e’tirof degani-da! – deydi Parda ko‘ngliga qattiq o‘rnashgan orzusidan voz kecholmay...
Haykallarni aylanib, har tarafdan tomosha qilgan juvon menga yaqinlashdi.
– Kechirasiz, sizdan bir narsani so‘ramoqchi edim. Adabiyotga aloqadormisiz?
Adabiyotga anchagina aloqam borligini bildirib, “ha” ma’nosida bosh irg‘aganimdan keyin u dedi:
– Bir narsaga hech tushunolmadim. Nega Oybek domla Qahhor domlaga teskari burilib turibdi. Ziyoratchilarda anglashilmovchilik uyg‘otmaydimi bu?
– Hayotda ham ular uncha kelishishmagan, – dedim men dabdurustdan boshqa javob topolmay. – Bir adabiy majlisda eshitganim bor. Oybek va Qahhor bir-birlarining yubileylariga borishmagan. Biroq har ikkalasi bir-birining iste’dodini e’tirof etgan.
– Mayli, shunday bo‘lgandir ham. Lekin bizga ulardan qolgan meros muhim-ku! Oralarida qandaydir kelishmovchiliklar o‘tgan bo‘lsa, buni shunchalik bo‘rttirib ko‘rsatish shartmi?
– Singlim, bu atayin qilinmagan. Oybek domla Navoiyga bag‘ishlab qator o‘lmas asarlar yozgan. Hazratga nisbatan ixlos-e’tiqodi beadad bo‘lgan. Haykaltarosh uni Navoiy tarafga hayrat va muhabbat bilan qarab turgan holda yaratgan. Shu g‘oyaga mahliyo bo‘lib, Qahhorga teskari o‘girilib qolishi mumkinligi xayolidan ko‘tarilgandir.
– Lekin san’atda bunday xatolar qimmatga tushadi. Qancha ziyoratchi hayron bo‘lib ketmoqda.
– Maqsad ziyorat bo‘lgach, bu taraflariga urg‘u berish shart emas. Ulug‘larimiz haykallari o‘rnatilganiga shukr qilaylik.
– Lekin ikki haykal o‘rni almashtirilsa, barchasi joy-joyiga tushar ekan.
– Bunga ham hojat yo‘q, deb o‘ylayman. Navoiyga eng yaqin joyda Oybek haykali joylashgani juda yarashgan. Bu yer adabiyot xiyoboni qilinib, hali yana yangi haykallar o‘rnatilarkan. Tabiiy, ular ham turli vaziyatda, turli tarafga nigoh tashlagan holda bo‘ladi. Shunda barchasi o‘z-o‘zidan uyg‘unlashib, ajoyib umumiy manzara hosil bo‘ladi.
– Unda boshqa gap, – dedi juvon chehrasi yorishib. – Har bir yangi haykal o‘rnatilgan kun adabiyot muxlislari uchun bayram bo‘ladi.
– Bu xiyobonni har gal ziyorat qilishning o‘zi bir bayram bo‘ladi, – dedim men unga javoban.