Shahar chekkasida yashovchi mahalladosh shoir va yozuvchi shanba kuni tushdan so‘ng sayrga chiqishdi. Suhbatlari har galgidek adabiyot haqida kechdi. Oldin bir necha keksa nomdor adibning g‘iybatini qilib, xumordan chiqishdi. Ularning fikricha, o‘tgan asrdan beri adabiyot shohsupasini mahkam egallab turgan bu adiblar bir paytlar ommaviy kitobxonlik davrida orttirgan katta obro‘lariga tayanib, bugungi kunda ham otdan tushsalar-da, egardan tushgilari kelmas, butun choralar bilan “usti yaltiroq, ichi qaltiroq” ijodiy mahsulotlarini abadiylashtirish uchun halak edilar.
– Qariyb yarim asr muttasil butun mamlakat kitobxonlarining olqishini olib kelishdi. Bugungi kunda bitiklari haminqadarligi yaqqol ko‘rinib qolsa-da, buni mardlarcha tan olmasdan, suv yuzidagi ko‘pikmisol yangi avloddan ham olqish tama qilishlariga ham kulging keladi, ham yig‘laging, – dedi qotma, tepakal shoir aslida o‘ziga bildirilishi lozim bo‘lgan olqishlar ham katta adiblar hisobiga o‘tib ketayotganday alamzadalik bilan.
– Nimasini aytasiz, butun umr qarsaklar sadosi ostida yashagan shuhratparastning arvohi qiynalmasin desangiz, so‘nggi yo‘lga ham qarsaklar bilan kuzatish lozim, – dedi zaharli ohangda qorin qo‘ygan, sochlari yarim oqargan yozuvchi.
Ustozlar g‘iybatidan zerikishgach, o‘zlarini katta adabiyotga daxldor shaxslar hisoblashgani bois, suhbat o‘zanini jahon adabiyotiga burishdi. Nobel mukofotini olgan navbatdagi adibning nomini eslamoqchi bo‘lishdi-yu, ikkalasining ham xotirasi pand berdi.
– Bizning aybimiz emas-ku, axir ... Hali uning asarlari o‘zbekchaga tarjima qilinmagan bo‘lsa, – dedi shoir o‘zini oqlamoqchi bo‘lgandek. U “o‘zim kal, ko‘nglim nozik” deganlar xilidan bo‘lib, hech qachon o‘ziga gard yuqtirmasdi. – G‘arb tillarini esa bilmasak. Biron yozuvchi yo shoirning kitobini o‘qimasang, nomi ham esda qolishi qiyin bo‘ladi.
– Adabiyot sohasida Nobel mukofoti har yil berilsa, olganlar soni yuzdan oshib ketgan bo‘lsa. Barchasining asarlarini tarjima qilib ulgurib bo‘ladimi? – dedi yozuvchi suhbatdoshini qo‘llab. – Hozir yolg‘iz tarjima bilan kun kechirish amri mahol, yaxshi tarjimonlar ham kamayib ketdi.
Biroz jim yurishdi. Yo‘l bo‘yida askarlardek saf tortgan teraklar uchiga tikilgancha, shoir o‘ziga o‘zi gapirgandek so‘z qotdi:
– Chingiz og‘aning vafoti tufayli qalbimda hosil bo‘lgan yara hali bitmagan. Markaziy Osiyodan Nobelni Aytmatov olishi mumkin edi. Bersalar, haqi ketmas edi-ku, mutasaddilarning!
– Og‘aga nega berishmadi? Sababi nimada deb o‘ylaysiz?
– Nimada bo‘lardi? G‘arbliklarga yon bosib, Sharq adiblariga bee’tiborlik-da! Axir olganlarning qanchasi Aytmatov darajasidagi yozuvchilar emas-ku!
– Hm... , men ham bu haqda ko‘p o‘yladim. Ba’zi boshqa sabablar ham bor.
– Xo‘sh, xo‘sh...
– Aytmatovning “Qiyomat” romani ilk bor tsenzuraning qisqartirishlari bilan chop etilgani esingizdami? So‘ngra qayta qurish davridagina to‘la holida chiqdi. Xo‘sh, deylik, ilk bor qisqartirishni talab etishganda, og‘a bunga ko‘nmasdan, romanini chet elga yuborganda, uni to‘liq bosishardi-ku! Ham nashr qilib, ham Aytmatovni sho‘ro rejimi tazyiqiga qarshi turgan jasoratli adib, deb jar solishardi. Biroq og‘a bunga jur’at etmadi.
– Hammaga ham jon shirin-da!
– Shunday-kuya, biroq, Aytmatovdek jahon tanigan adibning joniga qasd qilinishi saksoninchi yillarda ehtimoldan uzoq edi. Faqat ma’lum muddat ta’na-malomatga uchrab, e’tibordan qolardi, xolos.
– Aytmatovni, tuzumga to‘la mute edi, deyish ham to‘g‘ri emas. Axir, u necha bor yuksak minbarlardan haq gapni aytdi. Ayniqsa, “o‘zbek ishi” degan qabih kampaniya xuruji paytida xalqimiz sha’nini himoya qildi.
– Ha, og‘adan toabad minnatdormiz. Biroq sho‘ro tuzumining asl mohiyatini asarlarida Pasternak va Brodskiy darajasida fosh qilib tashlamagan yoki akademik Saxarov va Soljenitsindek bu tuzumga qarshi turmagan. G‘arbda esa Nobelni berishda adibning faqat asarlari emas, shaxsiy jasoratiga ham qaraladi. Hatto o‘z asari uchun qat’iy kurasholmagan yozuvchining shaxsidan ular uncha hayratga tushmaydi-yov...
– Har holda turkiy dunyodan O‘rxon Pomuq oldi-ku. To‘g‘ri, uning ham bu mukofotga erishganini ba’zilar siyosat bilan bog‘lashadi.
– Nima deyishsa, deyishsin-u, u mukofotni adabiyot uchun oldi. Men esselarini maroq bilan o‘qidim. Shaxsiy kutubxonasida 12 mingta kitob bor ekan. Kitobga, adabiyotga beadad mehri bo‘lmagan odam shuncha kitob yig‘adimi?! “Jahon adabiyoti” jurnalida bosilgan “Istanbul” romanini o‘zingiz ham og‘zingizdan bol tomib maqtadingiz-ku!
– Zo‘r roman! Ikki marta o‘qidim. Qani, bizning buyuk shaharlarimiz haqida ham shundoq romanlar yozilsa! O‘zbekdan qachon Nobel mukofoti laureati chiqar ekan?
– Har holda, achchiq haqiqat shuki, sizu mendan chiqmaydi. Keyingi yillarda shu mukofotni olganlarning asarlaridan xabardor bo‘lish tugul, nomlarini ham tuzuk-quruq bilmaymiz-ku!
– Bilmasak, hali bilarmiz. Asarlaridan namunalar “Jahon adabiyoti”da bosilsa, o‘qirmiz ham, – dedi shoir bunday katta mukofotdan bebahra qolishni tan olgisi kelmagandek tajanglik bilan. – Yaqinda Shukur Xolmirzaev xotirasiga bag‘ishlangan bir yig‘inda bilimdon notiqlar Shukur akani Nobel mukofotini olganlar darajasidagi adib deyishdi. Bu gapda jon bor. Ustozning o‘zi ham “hikoyalarimni jahon hikoyachiligiga bo‘ylab yozganman”, degan. Olloh uzoqroq umr berganda, balki u olarmidi...
– Shukur akaning asarlari orasida shedevrlar bor, albatta. O‘zbek bolalar o‘yinlari haqidagi hikoyalari jahon adabiyoti uchun ham nodir degulik. Lekin butun ijodi bir tekis emas-da. Masalan, Borxesning har bir hikoya yo lavhasidan hayratga tushasan. Darvoqe, unga ham Nobelni berishmagan-ku. Xullas, munosib adiblarning barchasiga ham nasib etavermas ekan bu mukofot.
– Endi qachon o‘zbekdan Shukur akadek bir yozuvchi chiqadi-yu, Nobelni ko‘zlab asarlar yarata boshlaydi...
– Eh-he, Nobelgacha ham dovonlar ko‘p. O‘sha O‘rxon Pomuq asarlari ungacha qator g‘arb tillariga tarjima qilinib, Yevropadagi qancha mashhur adabiy mukofotlarni olgan. Nobelga xomtama bo‘lishdan oldin oraliqdagi dovonlarni zabt etish lozim.
– Zabt etadi, ko‘rasiz, chiqadi hali o‘zbekdan uzoqni ko‘zlagan shunqorlar! XIV asrda Turonda ahvol qanaqa edi? Daf’atan Amir Temurdek jahongir paydo bo‘lib, izma-iz Ulug‘bek kabi allomayu Navoiydek daho ijodkor yetishdi. Istiqlolning mo‘‘jizalar yaratishga qodirligiga shu o‘tgan yigirma yil ichidayoq necha martalab guvoh bo‘ldik-ku!
– Haq rost. Biroq ruslar Pushkin, forslar Hofiz, inglizlar Shekspir, italyanlar Dante, nemislar Gyoteni o‘qiganidek, biz Navoiyni o‘qib, anglayapmizmi? Qachon mutolaada jahon miqyosiga chiqsak, adabiyotimiz ham jahon darajasiga ko‘tariladi.
– Ha, mutolaa bilan maqtanolmaymiz, – dedi shoir hovuridan tushib. – Aytganday, kutubxonangizdan hazratning “Devoni Foniy”sini berib turing. Tez o‘qib qaytaraman.
– Qariyb qirq yildan beri shoirlik da’vosida qalam qitirlatasiz-u, bu asar o‘zingizda yo‘qmi?
– Eski nashri bor edi, ko‘ch-ko‘chlarda yo‘qolgan. Yangisini olishga ulgurmasimdan tarqab ketibdi.
– Shoir sotib olishga ulgurmasdan hazratning kitobi tarqab ketgani yoqimli xabar, – dedi yozuvchi mamnun iljayib. – Demak, Navoiyni o‘qiyotganlar ko‘payyapti. Darvoqe, Nobel mukofoti sari hazrat tiklagan adabiy narvondan ko‘tarilib borish kerak.
Suhbatga berilgan shoir va yozuvchi ikkala sohilida tol va teraklar o‘sib yotgan ariqni yoqalab, shaharga yondosh qishloqqa yetib kelishganini sezmay qolishdi. Qishloq bog‘laridagi mevali daraxtlar barq urib gullagan, ertapishar navlar gulini to‘kib, dovuchcha tuga boshlagan. Bu faslda qancha yursa-da, kishining charchagani bilinmaydi. Shoirning tepakal boshi quyosh nurida yaltirar, vujudi gullaru o‘t-o‘lanlar bo‘yiga to‘yingan bahor havosidan sarmast, turfa qushlar sayrog‘i ham go‘yo qofiyayu turoqlarga tushib, asl she’riyatday ta’sir qilardi.
– Turgan joyimiz shahar chekkasi, madaniyat saroylariyu teatrlardan uzoqlik qiladi, – deb ba’zan noliymizu, biroq bu go‘shaning ham o‘z imtiyozlari bor, – dedi shoir orqaga qaytish oldidan bog‘-rog‘larga burkangan so‘lim qishloqqa zavq bilan boqarkan. – Atrofdagi dalalar manzarasi, chorbog‘lar, mana bu ariqni to‘ldirib oqayotgan zilol suvning o‘zi qancha ilhom baxsh etadi ijodkorga. Adabiy suhbatlarni ko‘ngil tusasa, Toshkentdek shahri azimning har bir mahallasida suhbatdosh topiladi.
– Do‘rmonda esa shahardagidan ham sharoit zo‘r. U yerda har qadamda adabiyotning har sohasi bo‘yicha suhbatdosh topiladi.
– Do‘rmon, Do‘rmon-da! Ulug‘lar qadami tekkan, ulug‘lar ijod qilgan ma’vo. Har yili bir necha bor Do‘rmondagi ijod uyi yo tanishlarning dala hovlilariga borib, ham ijod qilib, ham bu maskanda yashaydigan hamda viloyatlardan kelgan adiblar bilan suhbatlashib, fikr almashib, adabiy yangiliklardan kengroq boxabar bo‘lish kerak. Ba’zi yangi kitoblarni mualliflarning o‘zidan olmasang, do‘konda topolmaysan.
– Nega viloyat va tumanlarda yashovchi aksar adiblar o‘z iste’dodlarini to‘la ro‘yobga chiqarolmay dumbul bo‘lib qolishadi? – dedi yozuvchi va o‘z savoliga o‘zi javob bera boshladi. – Chunki ijodkor, baribir, katta qozonda qaynagani ma’qul. Bizda hali-veri adabiyotga poytaxt monopoliyasi davom etar ekan, undan uzoqroqda yashab, katta ijodkor sifatida shakllanish qiyin. Faqat nihoyatda iste’dodli va shunchalik matonatli, sobitqadamlik bilan poytaxt adabiy jamoatchiligidan do‘stlar va xayrixohlar orttirgan viloyat adiblarigina bunga erishadi.
– Haq gap, viloyatlarda adiblar kamligi ustiga, ko‘pincha har biri o‘zini daho hisoblab, boshqalarini nazariga ilmas ekan. Poytaxtda har holda qalam ahli ko‘pligi tufayli kimdir bilan gaping qovushmasa, boshqasi bilan til topishib ketasan. Shunday odam qo‘shning yo mahalladoshing bo‘lsa, nur ustiga nur. Birgina sizning suhbatu maslahatlaringiz mening ijodimga qanchalik barakali ta’sir ko‘rsatayotganini tasavvur qilish qiyin. Siz men uchun ilhom parisisiz!
– Ilhom tulpori Pegasga mengzasangiz bo‘ladi-ku, hech bo‘lmasa, – dedi yozuvchi, biroq o‘z sha’niga maqtovlarni iymanishsiz qabul qilib, so‘zida davom etdi. – To‘qqizinchi qavatdagi uyingizni sotib, bu yerdan yer olgach, naridan beri boshpana qurganingizdan so‘ng ijodingiz gullab-yashnagani bejiz emas. Atlant kabi ijodkor ham yerdan kuch oladi, chog‘i. To‘rtligu fardlaringizni ham hisoblaganda, jami asarlaringiz to‘kilgan sochlaringizga teng bo‘lsa kerak. Yana qolgan sochlaringizga barobar asarlar bitsangiz – umid qilamanki, ular oldingilaridan pishiqroq bo‘ladi – Nobelni ololmasangiz ham mahalliy daho bo‘lishingiz tayin.
– Namuncha Nobelni mendan qizg‘anasiz, o‘zingiz da’vogar emasmisiz, mabodo? – lutf qildi shoir.
Suhbatdoshlar bir-birlariga bir zum tikilib, xoxolab kulib yuborishdi va sayr nihoyasiga yetgani uchun, xayrlashib, o‘z uylariga yo‘l olishdi. Yo‘llari ikki tarafga ayrilgan bo‘lsa-da, boshlarida g‘ujg‘on o‘ynayotgan masrur o‘ylar taqriban bir xil bo‘lib, adabiyot otlig‘ eng qutlug‘ va boqiy san’atga oid edi. Ayni shu o‘ylar sharofatidan ko‘ngillari tozarib, umr kuzining nuqsi ura boshlagan chehralari ajabtovur yorishib, ularda botiniy go‘zallikning zohiriy aksi qadahdagi may kabi jilvalanardi.