“Hazrati risolat zamonidan beri ul miqdor aimmai islomkim, Movarounnahrdin paydo bo‘libtur, hech viloyattin ma’lum emaskim, muncha paydo bo‘lmush bo‘lg‘ay”, - deb yozgan edi Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” kitobida. Bundan xulosa qilib, o‘sha davrda hech bir o‘lkada Movarounnahrdagichalik ko‘p kitob yozilmagan, desak xato bo‘lmasa kerak. Har holda, jahonning turli mamlakatlaridagi kitob xazinalarida saqlanayotgan Sharq qo‘lyozmalarining salmoqli qismining mualliflari Turonzamin farzandlaridir. O‘rta asrlarda Buxoro, Samarqand, Xorazm, Marv shaharlarida jahonga mashhur kutubxonalar mavjud bo‘lgan. Barcha ilm toliblari foydalana olganliklari uchun ular tom ma’noda milliy kutubxonalar edi. Bir necha yuz jild qo‘lyozma kitobdan iborat shaxsiy kutubxonalar ham unchalik kam uchraydigan hodisa bo‘lmagan.
Ma’lumki, o‘tmishda kitob qimmat turgan va ko‘z qorachig‘idek avaylab asralgan. Shu sababli bir necha asr burun ko‘chirilgan noyob qo‘lyozma nusxalar bizgacha yetib kelgan. Chorizm istilosidan keyin minglab nafis va nodir qo‘lyozmalar o‘lkamizdan tashib ketilgan. Bu o‘rinda misol tariqasida 1873 yilda bosqinchilar Xivani egallagach, Xiva xoni xazinasidagi boshqa qimmatbaho buyumlar bilan birga boy kutubxonasini ham g‘asb etib, imperiya poytaxti Peterburgga jo‘natishganini aytib o‘tish kifoyadir. Ulug‘ adib Ogahiy tarixiy-badiiy asarlarining muallif o‘z qo‘li bilan ko‘chirgan asl nusxalari hamon Sankt-Peterburgda saqlanmoqda. Uning so‘nggi tarixiy-badiiy asari “Shohidi iqbol”ning jahondagi yagona dastxat nusxasi ham o‘sha shahardadir.
Ammo chor mustamlakachiligi davridagi bu talofatlar ma’naviy merosimizga sho‘ro tuzumi davrida yetkazilgan zarar oldida holva bo‘lib qoldi. Asrlar davomida yong‘inu toshqinlardan omon qolgan kitoblar – tengi yo‘q meros “oktyabr quyoshidan nurafshon bo‘lgan” davrda jazoga tortilishdan qo‘rqqan egalari tomonidan o‘tda yondirildi, suvga oqizildi yo qabristonlarga dafn etildi. Qadimiy kitoblarni o‘qiy oladigan kishilar ham bu davrda keskin kamayib ketdi.
Bugungi kunda mamlakatimiz kutubxonalari va shaxsiy qo‘llardagi qo‘lyozma asarlar mo‘‘jiza bilan omon qolgan kitoblardir. Yuqorida zikr qilingan mudhish yo‘qotishlarga qaramay, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti kutubxonasi jahondagi eng katta qo‘lyozma kitoblar xazinalaridan biridir. Bu ziyo maskanida qirq mingdan oshiq qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, o‘n minglab tarixiy hujjat va maktublar saqlanadi. Bu kitob va hujjatlar kutubxona tashkil qilingandan boshlab fidoyi xodimlar tomonidan donalab yig‘ilgan. Ayniqsa, XX asrning 50-yillar oxiri va 60-yillar boshlarida Sharqshunoslik instituti jamoasi mavjud asarlarni tadqiq etish bilan birga, aholidan muhim qo‘lyozmalarni yig‘ib xazinani boyitishga ham katta e’tibor berar, shu maqsadda har yili viloyatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirib turiladi. O‘sha paytda bu ishning o‘ziga xos qiyinchiliklari bo‘lardi. Chunki, uylarida qo‘lyozma kitoblar saqlab yurgan odamlar ham buni oshkor qilishdan cho‘chirdilar. Ammo fidoyi olimlar bunday qiyinchilik va to‘siqlarni matonat bilan bartaraf etardilar. Ekspeditsiyalar a’zolari qaysi shaharda bo‘lishmasin, eski mahallalardagi choyxonalarga borib, choy ustida asta-sekin qariyalar bilan suhbatga kirishib, so‘z-so‘zga qovushib ketgandan keyin ehtiyotkorlik bilan suhbat mavzuini qo‘lyozma kitoblarga burishardi. Olimlar odamlarda qo‘lyozmalar bor-yo‘qligini surishtirar ekanlar, o‘zlarining niyatlari xayrli ekanligini, egasi rozi qilinib sotib olingan qo‘lyozmalardan tajribali mutaxassislar o‘lkamiz tarixi va o‘tmish madaniyatimizni o‘rganish uchun manba sifatida foydalanajaklarini, bundan elu yurtimiz juda katta ma’naviy foyda ko‘rishini qayta-qayta ta’kidlashardi. Xullas, kitob izlovchilarning o‘z mashg‘ulotlariga bo‘lgan ishtiyoq va zavqu shavqlarini oltin qidiruvchilarinikiga qiyoslash mumkin edi. Safarlarda ba’zan g‘aroyib voqealar, shov-shuv uyg‘otadigan topilmalar ham uchrab turardi. Masalan, institut xodimlari A.Javonmardiev va A.O‘rinboevlar 1959 yilda Andijonga borishganda qariyalar bilan suhbat chog‘ida Asaka masjidi imomi qo‘lida Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari qo‘lyozmasi borligini eshitishadi. Ana shu qo‘lyozmani qo‘lga kiritish uchun uch marta ilmiy safar tashkil qilishga to‘g‘ri keladi. Nihoyat, olimlarning sa’y-harakatlari natijasida asarning to‘liq holdagi bu qadimiy va mo‘‘tabar nusxasi institut xazinasiga keltiriladi. Bu muhim kashfiyot turli mamlakatlardagi ilmiy markazlarda katta qiziqish uyg‘otgan edi. Xazinadagi bebaho javohirlar qatoridan o‘rin olgan bu kitob so‘ngroq institut jamoasi tomonidan ulug‘ hakimning asarlari o‘zbek va rus tillariga nashrga tayyorlanganda asos nusxalardan biri bo‘ldi.
Quyida ulug‘ ustozlarimiz, yuzlab nodir kitoblarni topib, aniqlab, milliy xazinamizni boyitishga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shgan javharshunos tadqiqotchilar Aziz Qayumov va Asomiddin O‘rinboev domlalar so‘zlab berishgan kitob izlash mavzusidagi ikkita hikoyani keltiramiz.
Kitobtopar
(Aziz Qayumov hikoyasi)
Oltmish yo oltmish birinchi yilning erta kuzida biz – ikki yosh olim, ya’ni Asomiddin O‘rinboev va kamina qadimiy qo‘lyozmalar bilimdoni, mohir xattot Abduqodir Murodov domlaga hamroh bo‘lib, Samarqandga jo‘nadik. Maqsadimiz, aholidan qo‘lyozma kitoblar yig‘ib keltirish edi. Men har ehtimolga qarshi, qalin pidjak ham olvolgandim. Yo‘lga otlanayotganimizda Asomiddin pidjagimga ishora qilib, dedi:
– Kun issiq-ku, buni boshingizga urasizmi?
– Kerakli toshning og‘iri yo‘q, - dedim men ko‘pni ko‘rgan tajribali odamdek. Ammo issiq tufayli pidjakni doim qo‘limda ko‘tarib yurardim.
Samarqandga yetib borgach, Siyob bozori yaqinidagi mehmonxonaga joylashib, o‘z maqsadimiz haqida shahar radiosida e’lon ham berdik. Ertasiga bir yahudiy ziyolisi bizni so‘roqlab keldi. Unda husnixat bilan yozilgan, miniatyura suratlari bo‘lgan charm muqovali ikkita nafis qo‘lyozma kitob bor ekan. Omadimiz kelganiga suyunib, tezda narxini kelishib, ularni sotib oldik. Bir necha kundan keyin Murodov domla to‘plangan kitoblarni olib Toshkentga qaytdilar. Biz yoshlar izlanishni davom ettirib, Qashqadaryo viloyatiga jo‘nadik. Kitob shahriga yetgach, daryo bo‘yidagi choyxonaga borib, choy ichish bahonasida yaqinimizda o‘tirgan odamlarni sekin suhbatga tortdik. Eng avvalo shaharga nega Kitob deb nom berilganini so‘radik. Odamlardan biri bizga tushuntirdi:
– Asli nomi Kitob emas, balki Kifti ob, ya’ni Suv bo‘yi ma’nosini bildirgan. Xalq tilida bora-bora Kitobga aylanib ketgan.
Shu tariqa suhbatga kirishib, bir qancha fursat o‘tgach, qo‘lyozma kitoblardan gap ochdik. Agar kimda qo‘lyozma kitoblar bo‘lsa, yaxshi narxda sotib olajagimizni aytdik. Shunda hamma jimib qoldi. Ba’zilar hatto o‘zlarini chetga tortishdi. Lekin boyagi shahar nomining ma’nosini aytgan odam bizning olim ekanligimizni anglagan va hech bir yomon niyatimiz yo‘qligiga ishonch hosil qilgan bo‘lsa kerak, uyida eski kitoblar bor ekan, turib borib bir muddatdan so‘ng bir necha kitob qo‘ltiqlab keldi. Mamnun holda kitoblarni varaqlab chiqib, yaxshi baholadik. Narxini kelishgach, pulni kimga to‘laganimizni qayd etish uchun uning pasportini so‘radik. Shunda atrofdagi odamlardan ba’zilari unga: “pastortingni yozib olishgach, izingdan kelib holingni xarob qilishadi”, - degan mazmunda so‘zlar aytishdi. Lekin, kitoblar egasi ularga javoban: “Bular unaqa odamga o‘xshamaydi. Gap-so‘zlaridan ham olimliklari ko‘rinib turibdi-ku. Sizlarda ham kitoblar bo‘lsa, keltiringlar. O‘zimiz o‘qiy olmagach, loaqal olimlar ularni o‘qib-o‘rganib, ma’nosidan elu yurtni bahramand etishsin”, – dedi. Xullas, kitoblardan tashqari, bu shaharda o‘zimizga yaxshigina yordamchi ham topgan edik.
Choyxonadan kitob qo‘ltiqlab chiqib, bir mehmonxonaga joylashdik. Yana ancha vaqtgacha xarid qilingan qo‘lyozmalarni ko‘zdan kechirib, bir-birimizga ta’rifladik. O‘sha paytlarda palovning konservasi bo‘lardi. Kechki ovqatga shundan bir qutisini ochib isitdik. Rosa charchagan ekanmizmi, ovqatdan so‘ng dam olish uchun o‘rinlarga yotdik. Shunda Asomiddin: “Ha, do‘stim Azizxon, hali kitob izlab sarson bo‘lganimizu mehmonxonalarda konserva yeb pishqirib yotganlarimizni eslab yurarsiz”, – degani hamon yodimda turibdi.
Qashqadaryo viloyatining ba’zi joylarida bo‘lgach, yana qaytib Samarqandga keldik. Asomiddin ba’zi ishlar tufayli Samarqandda yana bir necha kun qoladigan bo‘ldi. Men Qashqadaryodan keltirgan kitoblarimizni olib Toshkentga jo‘nadim. Pidjakni biron marta kiymaganim va bunga mutlaqo ehtiyoj bo‘lmaganidan, uni butkul unutib, Samarqandda mehmonxonada qoldirib kelibman. Toshkentga kelgach ham, esimga tushgani yo‘q edi. Qaytib kelganidan so‘ng uchrashganimizda, Asomiddin menga pidjagimni uzatib dedi:
– Moltoparingizni qoldirib ketibsiz-ku, Azizxon!
– Moltopar emas, kitobtopar bu, shuning uchun sizga qoldirib kelgandim, – dedim men hazillashib.
– Rahmat sizga, bu safarda odatdagidan ko‘ra ko‘proq kitob yiqqanimizning siri menga endi ayon bo‘ldi, – deb Asomiddin ham hazil bilan javob qaytardi.
Qur’on orasidagi qo‘lyozma
(Asomiddin O‘rinboev hikoyasi)
Taxminan 1960 yilda Abduqodir Murodov domla bilan Xorazmga safar qildik. Xiva atroflarida mashinada aylanib yurayotib, darvozasi ochiq bir hovlida hovuz bo‘yida o‘tirgan qariyani ko‘rib qoldik. Mashinadan tushib, darvozadan ichkariga kirib, chol bilan salomlashdik. Uning ko‘zi ojiz ekan. U bizni iliq qarshi olib, supaga o‘tirishga taklif qildi. Biz supaga o‘tirib, undan-bundan suhbat boshladik. Chol bizning Xorazm tarixi va madaniyati haqidagi so‘zlarimizni juda qiziqib, jon qulog‘i bilan tingladi. O‘zi ham ba’zi narsalarni gapirib berdi. O‘rtadan begonalik ko‘tarilib, yagonalik vujudga kelgach, yotig‘i bilan muddaoga ko‘chdik. Chol bir oz o‘ylanib turgach, yosh ekanligida jildga solingan bir Qur’on kitobni oshxonada mo‘rkon yoniga ilib qo‘yishganini, bu jild o‘shandan beri osig‘liq turganini aytdi. Bizning iltimosimizdan keyin u kelinini chaqirdi. Ayol oshxonaga kirib ketib, bir muddatdan so‘ng dud bosgan jildni olib keldi. Ochmoqchi bo‘lib qo‘l tekkizishimiz bilan jild o‘z-o‘zidan to‘zib ketdi. Ichidan Qur’on kitobi chiqdi. Qur’on muqovasini ham dud qoplagan, chetlari uvalanib ketgan edi. Avaylab ochib ko‘rganimizda Qur’on orasidan yupqaroq bir kitob chiqdi. O‘qib ko‘rsak, mayda xat bilan yozilgan bu kitob o‘zbekcha bo‘lib, shoir Munisning devoni ekan. Xonadondagi yagona Qur’onni so‘rashni odobdan emas, deb bildik. Ammo Munisning devonini bizga sotishlarini iltimos qildik. Kitob davlat muhofazasiga olinishi, olimlar undan foydalanib, ehtimol nashr qilishlari ham mumkinligini aytdik. Bizning ovozimizdagi iltijo ohangi ta’sir qildimi, hartugul, chol o‘zimiz belgilagan bahoda kitobni bizga berdi.
Toshkentga qaytgandan so‘ng, o‘tkazilgan qiyosiy tadqiqotlar natijasida biz qo‘lga kiritgan devon Munisning o‘z qo‘li bilan ko‘chirilgan behad qimmatli va tabarruk bir nusxa ekanligi ma’lum bo‘ldi. Quvonchimizning cheki-chegarasi yo‘q edi. Chunki, bu kitob Xorazm adabiy muhiti, umuman, mumtoz o‘zbek adabiyotida muhim o‘rin egallovchi Munis ijodini o‘rganish uchun asl va mo‘‘tabar bir manba edi.
Topildiq haqida matbuotda maqolalar e’lon qilindi. Qo‘lyozmaning ahamiyati va qimmatini hisobga olib, sobiq egasiga yana qo‘shimcha pul jo‘natdik. Bunga javoban va matbuotdagi qo‘lyozma xususidagi maqolalar munosabati bilan Xorazmdan olimlarga minnatdorchilik bildirilgan xat keldi.
Qarang-a, bu kitob necha yillar davomida Qur’oni karim orasida turibdi, demakki, bobomizning asarini avlodlar uchun qodir Ollohning o‘zi asrabdi!
1997 yil