OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘ulom Karimiy. Temirchilar isyoni (hikoya)

1

Janubiy Oltoy tog‘i yonbag‘irlarida turk qabilasining o‘n urug‘i ovullari joylashgan. Yuqoridagi ovullar tog‘ belida – archazor va qarag‘ayzorlar orasidagi sayhonliklarda bir-biriga yaqin, tog‘ yonbag‘riga tutash bepoyon dashtdagi ovullar bir-biridan otda bir necha kunlik masofada joylashgan. Tog‘oldi o‘rmoni va dasht tutashgan Qo‘sh Og‘och mavzesidagi qabila yabg‘usi Bo‘minning o‘rdusi boshqa ovullardan farq qiladi: uning to‘rt tarafi tosh devor bilan o‘ralgan. Har tarafdagi qo‘sh tabaqa qopularga temir qoplanib, har tabaqasiga bo‘ri boshi chizilgan. Nayzador soqchilar o‘rduga kirgan-chiqqanlarni nazorat qilishadi.
Tog‘ yonbag‘ri va dashtdagi sero‘t yaylovlarga qabilaning yilqi, tuya, qoramol podalari va qo‘y-echki suruvlari yoyilgan. Tog‘ tepasidagi o‘nlab ma’dan konlarida konchilar temir rudalarini bolg‘alar bilan ko‘chirib, so‘ngra ko‘ralarda eritib, temir olishadi. Rudadan ajratilgan temirni ot va ho‘kiz qo‘shilgan aravalarda quyiroqdagi ovullar ustaxonalariga tushirishadi. Yabg‘u o‘rdusi yaqinidagi katta ustaxonalarda kun bo‘yi taraqu turuq tinmas, charm peshbandli temirchilar, asosan, qurol-aslaha va ot anjomlari yasash bilan mashg‘ul. Oltoy tog‘i tevaragi hamda sharqu g‘arbga yastangan bepoyon dashtda ma’dansozlikda turklarning oldiga tushadigan el yo‘q. Turfa temir buyumlar vajidan turk qabilasi ovullariga tabg‘ach , hind, tibet, so‘g‘d, fors, ba’zan ulardan ham olisroq o‘lkalardan kelgan savdo karvonlari qo‘nib o‘tadi. Ular temirning o‘zini yoki undan yasalgan idishlar va anjomlarni o‘z yurtlari mollariga ayirboshlaydilar. Binobarin, turk urug‘ oqsoqollari, hatto o‘rtahol kishilar o‘tovlarida ham olis-yaqin o‘lkalarda yasalgan buyumlar – xitoy ipagi va chinnisi, so‘g‘d taqinchoqlari, hind gazlamalari va marvarid, eron gilamlarini uchratish ajablanarli emas. Turklar temir-jez ro‘zg‘or buyumlarini sotsalar-da, qurol-yarog‘ sotishga haqsiz: ular o‘zlari yasagan barcha qurol-yarog‘ni o‘lpon tarzida qudratli jujan qag‘aniga topshirishga majbur.
Yabg‘uning ovul o‘rtasidagi o‘n ikki qanotli oq namat o‘tovining eshigi sharqqa qaragan. Tol og‘ochidan yasalgan o‘tov keragalariga sovut, qilich, qalqon, gurzi, qamchilar osilgan. Aylana devorga ilingan olmaxon, tulki, suvsar terilaridan tikilgan bo‘rklar tuynukdan tushgan quyosh nurida turfa tusda tovlanadi. Yerga guldor yazim  to‘shalib, ko‘rpachalar o‘rniga yo‘lbars, qoplon, silovsin, olqor terilari solingan.
Xitoyi shoyidan ko‘ylak va charm cholvor kiygan yabg‘u Bo‘min to‘rda yo‘lbars terisi ustida viqor bilan o‘tiribdi. Issiq yoz bo‘lgani uchun u bosh yalang, uzun sochlari o‘rilgan. Miqti gavdali, dumaloq yuzli, qalin qizg‘ish soqol-mo‘ylovli Bo‘minning chakka sochlari oqarib, peshanasiga bir-yarim ajin tusha boshlagan. Yabg‘uning o‘ng tomonida o‘g‘illari Qora Issiq va Muxon, so‘l tomonida ukasi Istami bahodir qo‘r to‘kib o‘tirishibdi. Otasi kabi chayir Qora Issiqning kalta kuzalgan soqoli o‘ziga yarashgan. O‘spirinlikdan o‘tgan novcha Muxonning miyig‘i endi sabza bo‘lgan. Bo‘ydor Istami akasidan bir gaz yuqori bo‘lib, jangga otlangandek sovut va dubulg‘a kiyib olgan. Kamariga charm g‘ilofli sopi uzun qilich osig‘liq. Yabg‘uning o‘g‘illari hamda o‘tovda yoshiyu mavqeiga ko‘ra joy egallagan urug‘ oqsoqol-beklari ham aksari qurollanishgan. Turklar jangovar an’anaga hamisha sodiq – er kishi avvalo jangchi, urug‘ va qabila himoyachisi.
Istami yonida o‘tirgan keksa oqinning turklar o‘tmishiga oid ko‘hna rivoyatlari barchaning diqqat-e’tiborini jalb qilgan. Peshonasi va yuziga yillar ajin tortgan, ko‘zi ichiga botgan, jussasi mushtdek oqinning ovozi hamon yangroq va ta’sirchan. U quvvatsizligi tufayli ortiq do‘mbira chalib kuylay olmasa ham, turklar kechmishiga oid dostonu rivoyatlarni yaxshi bilgani uchun elda aziz va tabarruk. Suyanishi uchun oqinning ikki tarafiga katta charm yostiqlar qo‘yilgan. Poygakda, ochiq eshikka yaqin joyda yabg‘uning nevaralari – Qora Issiqning chiroyli kokil qo‘ygan ikki o‘g‘li o‘tirar, kelajakda munosib sardorlar bo‘lishlari uchun, ular bunday yig‘inlarni kuzatib, ko‘zi pishib o‘sishlari lozim.
– Bo‘ri urug‘idan Ashina va to‘qqiz ukasi Turfon qizlariga uylanib, uvali-juvali bo‘lishgani barchaga ma’lum, – dedi oqin. – Turk qabilasining o‘n urug‘i – shu o‘n aka-uka avlodlari.
– Biz ularning katta akasi Ashina avlodidanmiz, – g‘urur bilan luqma tashladi barvasta Istami.
Bo‘min oqinning so‘zini bo‘lgan ukasiga norozi qarab qo‘ydi.
– Ha, shu tufayli qabilamiz yabg‘ulari hamisha Ashina avlodidan bo‘lishgan, – xotirjam davom etdi oqin. – Turklar Turfonda ba’zi qabilalar bilan do‘stlashib, ayrimlari bilan yovlashib, bir necha yuz yillar yashashgan. Biroq odam hayotida goh yuksaluv, goh orqaga ketuv bo‘lgandek, qabila hayoti ham bir maromda kechavermaydur. Dushmanlar qurshovida qolgan turklar qirg‘inbarot qilinib, omon qolganlari janubdagi Tangritog‘ga sharq tarafdan tutashgan toqqa chekinishgan.Ular ming mashaqqatlar bilan devonlardan oshib, keng daraga tushishadi. Bu yerda oqar suvlar, yaylovlar bo‘lib, chakalakzorlarda ilvasin mo‘l edi. Tangri turklarni panohiga olib, ta’qib etib kelayotgan dushmanlar yo‘lini to‘sib, tog‘ni batamom berk qilib qo‘yadi. Tik tog‘ daralarini turklar Arkanaqun, ya’ni Tikkamar, deb nomlashadi. Bu yerda chorva tez ko‘payib, tog‘da temir konlari ko‘p bo‘lganidan, temir qazib, o‘q-yoy yasab, ohu va arxarlar ovlab, hech narsaga zoriqmay, yuz yildan oshiq farog‘atda yashaydilar. Biroq Tangri har zotni sinovlardan o‘tkazgandek, butun boshli qabila va xalqlarni ham turfa sinovlarga duchor qiladi. Bo‘yiga uzayib, eniga yoyilgan turk eli uchun berk tog‘ ichi tanglik qilib qoladi. Tor darada osh yegandan, keng dashtda musht yegan afzal. Bir paytlardagi najot maskani endi qopqonga aylangan edi go‘yo. Ota-bobolari ta’riflagani tog‘ atrofidagi keng yerlarga chiqish uchun yo‘l izlashadi-yu, topisholmaydi. Oqsoqollar va qariyalar kengashida ko‘p tadbirlar mulohaza qilinib, tog‘dan tikkasiga oshib o‘tishdan boshqa chora yo‘q, degan to‘xtamga kelishadi. Biroq bir keksa temirchi e’tiroz bildiradi: “Bu tikka tog‘dan mol-hol bilan oshib bo‘lmas. Odamlar oshganda ham, o‘ndan to‘qqizi tubsiz uchurumlarga qulab, qor ko‘chkilari tagida qolib, muzliklarda to‘ngib nobud bo‘lur. Bu ma’dan tog‘i bo‘lgani uchun yagona yo‘l ma’danni eritib, tog‘ni teshib yo‘l ochib, daradan chiqib ketishdir. Shimol tarafda tog‘, nazarimda, bir qatga o‘xshaydur. Yo‘lakni shu tarafdan ochmoq kerak”.
Ba’zilar temirchini aqldan ozgan hisoblashadi. Biroq yabg‘u va bir necha beklar uni e’tibor bilan tinglab: “Ishni boshla, hunaringni ko‘rsat, ko‘raylik-chi!” deyishadi. Temirchining yo‘rig‘i bilan besh yuz ohu va olqor terisidan dam yasab, tepadek ko‘mirlar uyub, butun qabila ahli hamjihat ish boshlashadi. Yoqilgan o‘t dudidan osmonu falak qorayadi. O‘t tafti bilan qizigach, ma’dan erib, temir suv yanglig‘ dara ichkarisiga oqa boshlaydi. Bir necha oy kechayu kunduz ishlab, zo‘r mashaqqatlar bilan emaklab o‘tiladigan teshik ochib, tog‘ ortidagi bepoyon olamni ko‘rib, ko‘zlariga ishonishmaydi. G‘orsimon yo‘lak yanada kengaytiriladi. Yuk ortilgan tuya ham bemalol o‘tadigan bo‘lgach, mash’alalar yorug‘ida ko‘chib, yalang dashtga chiqishadi. Bu paytda tog‘ shimolidagi dashtu sahrolarda yovuz jujanlar hukmron edi. Ularning otliq lashkari xabar topib, dasht oralab borayotgan turklarni qurshab olur. Bular temirchilikka mohir odamlar ekanliklarini ko‘rgach, qirg‘in qilmasdan, hunarlaridan o‘z maqsadlarida foydalanish uchun, Oltoy tog‘ining ma’danga boy joylari, ya’ni hozir turgan yerimizga ko‘chirib keltirishgan. O‘shandan beri salkam ikki yuz yilki, jujanlarga tobemiz. Biroq erksevarlik qonimizda borligi tufayli, erk uchun isyonlar ko‘p bo‘lgan. Eng yirigi bundan bir yuz qirq yil avval jujan qag‘ani Shelunga qarshi ko‘tarilgan isyon. Dastlab jujanlar mag‘lub bo‘lib, turklar oz muddatga bo‘lsa-da, o‘z erkini tiklashgan. Afsuski, xiyonat pand bergan. Ko‘ppakday quturgan jujanlar isyonni bostirgan. Turklar qoni daryo bo‘lib oqib, so‘ngaklari tog‘dek uyulgan.
O‘tovga og‘ir sukunat cho‘kdi. Vodarig‘ki, turklar kechmishida yorug‘ kunlardan zulmatli yillar ko‘p ekan.
– Arkanaqun tog‘i ichkarisida qamalib qolgan turklardan tashqari, tog‘ tashida qolib, boshqa o‘lkalarga borib o‘rnashgan turklar ham bo‘lsa kerak, – dedi Qora Issiq. – Chunki Tabg‘achu So‘g‘ddan kelgan sotiqchilar turli yurtlarda biznikiga o‘xshash tilda so‘ylovchi qabilalar borligidan darak berishur. Ba’zan sotiqchilar karvonida ushbu qabilalarga mansub kishilar uchraydur. Tilida biroz farq bo‘lsa dog‘i, so‘zini bemalol anglamoq mumkin.
– Bizga qon-qarindosh qabilalar ko‘p, – tasdiqladi oqin. – Alarning ochun bo‘ylab tarqalishi ona bo‘ri o‘limdan saqlab qolgan o‘n yashar bolaning ajdodlari bo‘lmish qadimgi xunlar buyuk davlat yaratgan davrga borib taqaladi. Tug‘ardan Botargacha sanoqsiz o‘lkalar zaminiga xun tulporlarining tuyoqlari tekkan. Xunlarning turli yerlarda ajralib qolgan qabilayu urug‘lari har biri o‘zgacha nom bilan ataladi. Janubda uyg‘urlar, shimolda – Enasoy bo‘yida qirg‘izlar, ulardan sharqda – Boyko‘l sohillarida quriqanlar, g‘arbda teleutlar va qarluqlar, ulardan ham narida – Inju O‘kuz  bo‘yida qanglilar, yanada olisroqda Yoyiq  va Edil  daryolari bo‘ylaridagi bulg‘or va xazarlar shular jumlasidandur. Nomlari turlicha esa-da, tillari birligi bizga qondosh ekanliklari tasdig‘idur. Aksariyat qabilalar ko‘chmanchi, biroq shaharu qishloqlarda o‘troq yashaydiganlari ham bor. Edil sohilida bulg‘orlar ko‘rkam shaharlar qurishgan. Masofa olis, alarning karvoni kam keladur. Men umrim bo‘yi bulg‘or karvonini atigi ikki bor ko‘rganmen. Bir marta Tabg‘ach sari g‘arb mollarini olib borishayotganida va ikkinchi gal shu karvon Tabg‘achdan ipak va chinni olib qaytayotganida. Bulg‘orlar bizni yaqin ko‘rib, turk o‘rdusida uzoq to‘xtab qolishdi. Alar ketayotganda biz eng aziz qo‘noqlarni uzatayotgandek yig‘lab xayrlashdik. Bulg‘orlar hikoyalariga ko‘ra, ulardan shimoli g‘arbdagi Tan daryosi  bo‘yidagi dashtlarda bijanaqlar, Xorazm va Xazar dengizlaridan ham g‘arbroqdagi Qora dengizning  shimoliy sohillarida olis g‘arbga ketgan xunlar avlodlari bo‘lmish uturg‘urlar yashar ekan. Shu bois, Oltoydan qaysi tarafga otlanmasin, yo‘lchi o‘z yo‘lida bizga qarindosh qabilalarga, albat, o‘tru kelur. Alarning ba’zisi jujanlar, ba’zisi tabg‘achlarga tobedurlar. Biroq erkli – o‘z qag‘ani, o‘z tug‘i, o‘z davlatiga ega qabilalar ham oz emas.
– Agar turk tilida so‘ylovchi qamug‘  qabilalar birlashsa, jujanlardan ham qudratli el bo‘lurmi? – so‘radi Muxon.
Yosh yigit barchaning ko‘nglidagi nozik torlarga tegib ketgan edi.
– Bo‘lur, albatta, ochundagi eng buyuk va qudratli el bo‘lur, –dedi oqin. – Biroq alarni kim birlashtirur?
Davraga yana og‘ir sukunat cho‘kdi. Hech kim so‘zga og‘iz ochmadi, qolaversa, oqin ham javob kutmayotgandi. Zero, bu savolning javobi zamon hukmida edi.
G‘arb tarafdagi chekka ovullardan choparlar kelganini yabg‘uga xabar qilishdi. Bo‘min ular kirishi uchun ijozat berdi. Qurollangan to‘rt yigit kirib, yabg‘u va beklarga ta’zim qilishdi. Ularning ust-boshlariga changu g‘ubor qo‘ngan, o‘tovga kirishdan oldin qo‘l-yuzlarini chayib olishgani ko‘rinib turardi. 
– G‘arb tarafdan ming otliq jujan turk qabilasi yerlariga kirib, yabg‘u o‘rdusi tarafga jadal yelib kelishmoqda. Ertaga bo‘lmasa, indinga o‘rduga yetib kelishur, – dedi choparlardan yoshi ulug‘i.
– Ne yumush bilan kelishayotgani ma’lummi? – so‘radi yabg‘u.
– Ma’lum emas, har holda, jujanlardan biron yaxshilik kutmaymiz.
– Mayli, dam olinglar, bu xususda kengashib olurmiz.
Choparlar ta’zim bilan o‘tovni tark etishdi.
– Jujanlar ne yumush bilan kelishayotgani ma’lum bo‘lmasa-da, qag‘an o‘rdusidan kelgan izzatli qo‘noqlar sifatida kutib olishga hozirlik ko‘rilsin, – amr qildi yabg‘u.
Hech kim e’tiroz bildirmadi. Eng kichik jujan amaldori ham turk o‘rdusida nainki turk begi, hatto yabg‘udan o‘zini balandroq tutadi. Ikki yuz yildan beri ahvol shu. Urushqoq jujanlar chor tarafdagi o‘nlab turli tilda so‘ylovchi qabilalarni bo‘ysundirib, aholini qirg‘in qilib, mollarini talashdi. Temirchilik kasbi turk qabilasini qirg‘in va talovdan saqlab kelar, jujanlar hatto jangda asir olinganlarning bir qismini qul sifatida konlarda ishlatish, shu tariqa yanada ko‘proq temir qazib chiqarish uchun turklar ixtiyoriga topshirishardi. Biroq har yilgi o‘lpon qurol-yarog‘, ot-anjomlari va temirdan yasalgan boshqa buyumlar shaklida o‘ta qattiq talab bilan olinardi. Jujanlar istibdodidan turklar nafratlanishar, biroq najot yo‘lini topisholmayotgan edi.

2

Yabg‘u, o‘g‘illari va turk beklari otlanib, g‘arbiy qopu oldida jujanlarga peshvoz chiqishdi. Ular chaqirilmagan mehmonlar yaqinlashishini ensalari qotib kuzatishardi. Jujan suvoriylari jilovni bo‘sh qo‘yib, bamaylixotir kelishmoqda. Sovut va qurol-yarog‘lari quyosh nurida yaltirab, ko‘zni qamashtiradi. Bo‘min oldinda kelayotgan nayzador soqchilar qurshovidagi badqovoq bosqoq Buruldoyni tanib, yuragi shig‘ etdi. Zolim bosqoq ilk bahordayoq “qag‘an yurishga otlanayotir”, deb yillik o‘lponni undirib ketgan edi. “Yana nega keldiykin bu it?”, ko‘nglidan kechdi yabg‘uning. Ho‘kiz qo‘shilgan baland g‘ildirakli aravalar turnaqator tizilib kelayotganidan bosqoqning yana o‘lpon uchun kelganini anglash qiyin emas. Jujanlar qiyofasi vajohatli, tillari o‘zgacha, yot qabila. Tog‘u dashtda, shimoldagi o‘rmonlarda yashovchi barcha qabilalarning binoyidek kasb-korlari bor. Aksariyati chorva boqishadi, vohalardagi unumdor yerlar aholisi dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan mashg‘ul. O‘rmondagi qabilalar ovchilik, katta daryo va ko‘llar sohilida yashovchilar baliqchilik qiladi. Faqat jujanlarning jangdan bo‘lak ishi ham, tashvishi ham yo‘q, Ular go‘yo urush uchun yaratilganu tinch mashg‘ulotlardan hazar qilishadi.
Jujanlar o‘rdu oldiga kelgach, katta meshlarda olib chiqilgan qimiz va ayrondan zarang kosalarga quyib, chanqovbosdi uchun qo‘noqlarga tutishdi. Bosqoq Buruldoy ikki kosa qimizni shopdek mo‘yloviga to‘kib-sochib simirgach, yabg‘u va turk beklariga bepisandlik bilan boqib: “Turk yabg‘usi Bo‘min! Senga jujan qag‘ani Anaxuan farmonini keltirdim. Barcha beklarni o‘tovingga yig‘!”, – dedi-da, otiga qamchi urib, o‘rdu qopusi sari yurdi. Jujan jangchilari unga ergashishdi. Hatto o‘zga ovullardan kelgan turklar ham ijozatsiz kiritilmaydigan yabg‘u o‘rdusida jujanlar o‘zlarini xo‘jayin his qilib, yo‘l hordig‘ini chiqarish uchun duch kelgan o‘tov oldida otdan tushishardi.
Yabg‘uning o‘tovi to‘riga ikkita yo‘lbars terisi solinib, biriga Bo‘min, ikkinchisiga Buruldoy o‘tirishdi. Turk beklari va jujan yuzboshilari ham joylarini egallashdi. Buruldoy so‘z boshladi:
– Ulug‘ qag‘an Anaxuan mening temirchi qullarim bo‘lmish turklar bu yilgi o‘lponni ikki baravar to‘lasinlar, deb buyurdi.
Turk beklarining dami ichiga tushib, nima javob berarkin, degandek ko‘z qiri bilan yabg‘uga qarab qo‘yishardi.
– Biz bu yilgi o‘lponni muddatidan ilgari to‘la-to‘kis topshirganmiz, – dedi yabg‘u. – Bahorda o‘zing olib ketgansen.
– Farmondagi “ikki baravar” degan so‘z qulog‘ingga kirmabdi, shekilli, yabg‘u!
– Nega endi ikki baravar to‘lashimiz kerak?
– Yovuz teleutlar isyon ko‘tarmish. Alar tor-mor etilmasa, nafaqat jujanlar, turklar ham osoyishta kun kechirolmas. Xullas, o‘lponni hozirlanglar.
– O‘lpon degani, ot anjomlarini aytmaganda ham, minglab qilich, nayza, sovut va o‘q uchlari. Bularni hozirlash uchun kondan temir qazib chiqarish, ustaxonalarga keltirib, eritib, yarog‘-aslaha yasash lozim. Barchasiga vaqt kerak.
Buruldoyning o‘siq qoshlari chimirilib, burun parraklari kerilib, qovog‘i ucha boshladi.
– Egningdagi nima? – dedi u dabdurustdan qo‘lidagi qamchi dastasini Bo‘minning sovutiga nuqib. – Temir sovutmi? Kamaringga osig‘liq qilich biron jujan sarkardasida yo‘q. Turk o‘rdusidagi har bir o‘tovdan bir emas, ikki-uchtadan qilich, sovut, nayza, qalqon topiladi. O‘q-yoy esa bu yerda bolalar o‘yinchog‘i yanglig‘ bo‘lib qolgan. Temirchiga yarog‘ ne darkor? Bolg‘a bilan bosqon bo‘lsa, bo‘ldi-da! Senga o‘n kun muhlat. O‘z o‘rdung va boshqa turk ovullaridagi barcha yarog‘-aslahayu ot anjomlarini yig‘ib, yana kechayu kunduz ustaxonalarda yasattirib, bizning aravalarni to‘lg‘izasen.
Yabg‘u tili kalimaga kelmay, kalovlanib qoldi. Istami bahodir qizishib, Buruldoyga o‘shqirdi:
– Bosqoq, biz bu yil o‘lponini to‘laganmiz. Kelasi yilgacha biron narsa talab qilishga haqqing yo‘q! Borib, qag‘aningga ham shuni ayt!
Buruldoy bahodirga zaharxanda qildi.
– It semirsa, egasini qopar! Turkka til bitibdimi? Bu itni zanjirband qiling? Qag‘an o‘rdusiga eltamiz. Qag‘an huzurida ham shu so‘zini takrorlasin. Tiliga qo‘shib, yuragini ham itga yedirishadi!
Poygakdagi ikki jujan jangchisi bosqoq buyrug‘ini ado etish uchun Istami sari yurishganda, u qoplondek sapchib, qilichini yalang‘ochladi.
– Qani yaqinlashing-chi! Turk qilich yasashgagina emas, ani ishlatishga ham qanchalik usta ekanligini ko‘rursiz. Ko‘pdan qilichim jujan qoniga tashna!
Kutilmagan qaltis voqeadan hamma shoshib qoldi. Bahodir qo‘lidagi a’lo sifatli temirdan maxsus yasatilgan uzun qilich dami ko‘kish tusda jilolanar, jujan jangchilari yaqinlashishga yuraklari dov bermasdi.
Bo‘minning amrona ovozi yangradi:
– Istami, o‘zingni bos, qag‘an irodasiga qarshi borib bo‘lurmi? Senga buyuramen: qilichni tashlab, taslim bo‘l!
– Aka, jujanning iflos qoni to‘kilmasin, deya turk sha’nini tuproqqa qorishtirmoqchimisen?
– Sen bir jujan qonini to‘ksang, qag‘an lashkari tuman turkni qirg‘in qilur. Esingni yig‘, qilichni tashla!
Istami bo‘shashib, qilichini yazim ustiga tashladi. Jujan jangchilari bahodirning ikki qo‘lidan mahkam ushlab, o‘tovdan olib chiqishdi. Bosqoqning oqargan yuziga qayta qon yugurdi. Bo‘minga iljayib qaradi.
– Yabg‘u, sen qag‘anga sadoqatingni isbotlading. Ko‘p yillar burun qag‘an qiziga sovchi yuborganingda “temirchiga beradigan qizim yo‘q”, deya rad qilgan edi. Hozir qizlari qolmasa-da, qiz nevaralari bor. O‘g‘illaringdan birini uylantirib, qag‘an bilan quda bo‘lsang, ajab emas. Qabilangdan o‘lponni bekamu ko‘st undirib bersang, o‘zim sovchi bo‘lib, qag‘anni ko‘ndirib berayin.
– Qag‘an amri bosh ustiga! Siz qo‘noqlar tamaddi qilib, dam olib, yo‘l hordig‘ini chiqaring. Biz kechani kecha, kunduzni kunduz demay, o‘lponni hozirlashga mashg‘ul bo‘lurmiz.
Tashqarida allaqachon yirik sixlarda butun qo‘ylar kabob qilinib, uch oyoqli temir o‘choqlarga o‘rnatilgan ashichlarda  mol eti qaynardi. Bosqoq va jujan yuzboshilari yabg‘u o‘tovida mehmon qilindi. Jujan jangchilarining bir qismi o‘rduda, qolgani yaqin atrofdagi ovullarda qo‘noq edi. Teri ashlaqlar  yozilib, avranda  yopilgan dasta-dasta issiq non, yog‘och tovoqlarda qaynoq sho‘rva, laganlarda hil-hil pishgan go‘sht, izidan qo‘y va ilvasin kaboblari kiritildi. Buruldoy va yuzboshilar oldiga alohida izzat sifatida qo‘y kallalari qo‘yildi. Qimiz daryo bo‘lib oqar, bo‘shagan meshlar qayta to‘ldirib keltirilardi. Olis-yaqindagi barcha ovullarga qo‘noqlar uchun qimiz yetkazish xabar qilingan. Yuzboshi va o‘nboshilargina emas, oddiy jujan jangchilari ham qahqaha urib, beklar o‘tovida oyoqlarini uzatib yonboshlab, go‘sht chaynab, qimiz sipqorishardi. Sozandayu qo‘shiqchilar qo‘noqlar xizmatida edi. Buruldoy soqchilikka qo‘ygan jujanlarni ham mezbonlar go‘shtu qimizdan benasib qoldirishmadi.

3

Yabg‘u o‘rdusi va ovullarda burnidan chiqquncha yeb-ichgan jujanlar tun yarmidan oshgach, chodiru o‘tovlarda cho‘zilib, dong qotib uxlab, nayzasiga suyangan posbonlar ham mudrayotgan bo‘lsa-da, birgina jujan hushyor edi. Bu yuzboshi Inal bo‘lib, uning onasi turk edi. Suluvligi tufayli qizligida jujan mingboshisi o‘g‘irlab ketib uylangan. Taqdirini la’natlasa-da, unga ko‘nikishdan o‘zga chorasi bo‘lmagan onasi o‘g‘liga turkcha ism qo‘yib, turk tilida alla aytib katta qildi. Shu tarzda bolaligidan yuragiga turk qabilasi va yurtiga mehru muhabbat singdirdi. O‘smirligida otasi harbiy safarlardan birida halok bo‘ldi. Yigit yetilganda onasi ham vafot etdi, biroq u Inalning qalbiga “mening elim turk” degan ishonchni joylashga ulgurgan edi. Inalga onasining husni va otasining jismoniy quvvati meros bo‘lib o‘tganday edi. U jangchi bo‘lgach, turklar yurti bilan bog‘liq xizmatlarga jon deb borar, turk tili va urf-odatlarini yaxshi bilgani uchun bosqoq Buruldoy uni o‘z bo‘lukiga olgan edi. Turk yurtida Inal ona tarafidan qarindoshlari bilan topishib, turklarda ona urug‘iga ehtirom kuchli bo‘lgandan, qabilaning o‘z odamidek, undan unchalik yotsirashmas, falakning gardishi bilan jujanlar orasida yurgan turk, deb bilishardi. 
Yabg‘u Bo‘minning qizi Suluvsochni ilk bor ko‘rib qolganidan beri Inal qarorini yo‘qotib, otasi jujanligidan or eta boshladi. Suluvsoch uchun u qahramonlik ko‘rsatish, janglarda qon kechib, kag‘an lashkarida mingboshilik, hatto tumanboshilik martabalariga erishishga hozir edi. Biroq turklarning jujanlarga nafrati ma’lum bo‘lganidan bu yo‘l bilan qiz qalbini egallash amrimahol ekanligini bilardi. Otasi kabi qizga zo‘ravonlik bilan erishish istagi unga yot bo‘lib, onasining begona qabiladagi baxtsiz turmushini esdan chiqarolmagani bois, nafaqat Suluvsoch, hech bir qizga bunday qismatni ravo ko‘rmas edi. 
Topshiriqlarni ko‘ngildagidek bajaradigan Inalni bosqoq Buruldoy turklar o‘rdusiga chopar sifatida tez-tez yuborib turardi. Boshqa jujanlardan farqli ravishda Inal kalondimog‘lik qilmas, o‘z salohiyati darajasida turklarga qayishardi. Bu hol turk yabg‘usining nazaridan chetda qolmadi. Yigitning o‘z qiziga oshiqligi, Suluvsochning ham unga befarq emasligi sezgir Bo‘minga ma’lum edi. U dastlab ehtiyotkorlik bilan Inalning qo‘yniga qo‘l solib ko‘rdi. Ba’zi maxfiy ma’lumotlarni so‘raganda, Inal hech narsani yashirmay javob berdi. Keyingi gal kelganingda, qag‘an o‘rdusidagi ahvol, uning rejalari haqida imkon qadar bilib kel, deganida, bunga ham osongina rozi bo‘ldi. Shunda Bo‘min, yigitni oxirigacha sinash uchun, unga g‘azab bilan tikilib dedi:
– Bitta qizni deya, senga yuzboshilik martabasini bergan o‘z kag‘aningni sotasenmi, ko‘rnamak!
Yigitning rangi oppoq oqardi. U yabg‘uning oldiga tiz cho‘kdi.
– Ulug‘ yabg‘u, Suluvsochni sevishim rost, o‘z haddimni bilmay qilgan bu gustoxligim uchun meni o‘limga hukm qiling! Lekin men xiyonatdan hazar qilaman. Bu beshafqat ochunda odam faqat bir elga mansub bo‘la olur. Menga bu dunyoda eng aziz inson bo‘lgan marhuma onam “sen turksan” deb uqtirgan va men turk bo‘lib o‘sdim. Jujanlar orasida bir g‘aribmen. Turk qabilasiga butkul qaytib kelish mening yagona orzum edi. Endi bildimki, turklar ham meni qabul qilishmaydi. Hech bo‘lmasa, o‘ligim shu yerda qolishi menga so‘nggi taskindir.
Yigitning ko‘zlaridan beixtiyor oqayotgan yosh yonoqlarini ho‘l qildi. Bo‘minning ham ko‘zida yosh yiltiradi. Inalning samimiyligiga endi unda shubha qolmagandi... 
Inal mehmondorchilikda ko‘p o‘tirmay, qarindoshlari bilan ko‘rishish bahonasida yabg‘u o‘tovini tark etdi. Mezbon sifatida bosqoq yonida o‘tirgan Bo‘min ham “o‘lpon masalasini nazorat qilib, beklarga topshiriq berayin”, deb mast Buruldoydan ijozat so‘radi. Ko‘p o‘tmay, o‘rdu chekkasidagi qora kigiz chodirlardan birida nim qorong‘ida yabg‘u va yuzboshi past ovozda suhbatlashib o‘tirishardi.
– Xo‘sh, Inal, qag‘anga nega yana qurol kerak bo‘lib qoldi? Tabg‘achga yurish qilmoqchi emasmi?
– Bunga uning holi yo‘q. Irtish daryosi sohillarida ko‘chib yuruvchi, arava yasashga mohir teleut qabilasi jujanlarga qarshi isyon ko‘tarmish. Qag‘an Anaxuan alarni bostirish uchun yuborgan qo‘shin tor-mor etilgan. G‘azabnok qag‘an o‘zi butun qo‘shinga bosh bo‘lib, isyonchilarni jazolash uchun otlanmoqchi. Shu bois, buyuk dashtning uzoq chekkalarigacha choparlar yuborib, katta lashkar yig‘moqda. Lashkarni bekamu ko‘st qurollantirish uchun juda ko‘p qurol-yarog‘ zarur. Buni faqat temirchi turklar yetkazib bera olurlar.
– Qag‘an o‘rdusi hozir qaerda?
– Teleutlar va turklar yurtining qoq o‘rtasida.
– Teleut qabilasi ahvoli haqida senga biron narsa ma’lummi? Qag‘an qo‘shin yig‘ayotganidan cho‘chib, taslim bo‘lishmasmikin?
– Teleutlar g‘alabadan ruhlanib, kurashni davom ettirib, jujan istibdodidan xalos bo‘lishga jazm etmishlar. Qag‘an alarni faqat turklar yetkazib beradigan yarog‘ bilan bo‘ysundira oladi.
Yabg‘u yasovulni chaqirib, unga oshig‘ich kengashda hozir bo‘lishi zarur besh-olti kishi nomini aytdi. Ular yirik urug‘lar oqsoqollari va shomon Alp Bo‘gu edi. Oqsoqollar birin-sirin ko‘zga tashlanmaydigan oddiy liboslarda chodirga kirib, kigizga cho‘kkaladilar. Sersoqol shomonning bo‘yniga qat-qat marjonlar osilib, kiyimiga ayiq va bo‘ri tishlari taqilgan edi. Yabg‘uning ishorasi bilan Inal qag‘an o‘rdusi va teleutlar yurtidagi vaziyat haqidagi so‘zlarini takrorladi. Beklar unga ishonish-ishonmasliklarini bilmay, bir Inalga, bir yabg‘uga qarab izoh kutishardi.
– Inal bizning jujan qag‘ani qarorgohidagi o‘z odamimimiz, – dedi Bo‘min. – Shu paytgacha bu sirni hech kimga ochmagan edim. Endi esa sizlarga ham buni bilish fursati keldi. Necha-necha ajdodlarimizga armon bo‘lgan erk haqqi, o‘z bolalaringiz hayoti va kelajagi, jujanlar orasida tug‘ilib-o‘ssa-da, turkligiga sodiq qolgan, biz uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yayotgan ushbu yigit haqqi-hurmati siz ham to vaqti-soati yetguncha bu sirni boshqalarga oshkor qilmang!
–Ha, Inal turklarda o‘ziga nisbatan nafrat emas, balki ehtirom uyg‘ota olgan yagona jujan amaldori, – dedi yigitga uzoq qarindosh bo‘lgan bir bek. – Biroq uning qismati havas qilgulik emas. U oxirigacha na jujan va na turk bo‘lolmay, asoratda qolishga mahkum.
–Tangri turk kabi erksevar elga doimiy qaramlikni ravo ko‘rganiga inonib bo‘lmaganidek, Inalning, qolaversa, har bir turk yigitining kelajagi yorug‘ bo‘lishini umid qilmog‘imiz kerak, – dedi yabg‘u. – Sizlarga yaxshi ma’lum, Turfondan g‘alla va matoni, teleutlar va boshqa qabilalardan yilqi, chorva, namat, aravalar, o‘tovu chodirlarni jujanlar qilich kuchiga tayanib olishadi. Qo‘yingki, yegan oshi va kiygan libosi: etigidan bo‘rkigacha o‘zgalarniki. Alar o‘zga ellarni talab kun kechirmog‘i uchun, biz turklar qilich yetkazib bermog‘imiz shart. 
– Bu ko‘hna ochunda qilichni yasaganlar emas, balki ishlatganlar hukmrondur, – dedi oqsoqollardan biri.
– G‘oyat to‘g‘ri! Aravasoz teleutlar qilich ishlata olishlarini isbot etishdi. Alar bizga yaqin tilda so‘ylovchi qondosh el. Menga qolsa, qurol-yarog‘ni jujanlarga emas, balki teleutlarga yetkazib berib, qag‘anga qarshi harbiy ittifoq tuzardim.
Oqsoqollar og‘izlariga tolqon solgandek jim bo‘lib qolishdi. O‘z ukasini jujan bosqog‘iga zanjirband qilib bergan Bo‘mindan bunday jasorat kutishmagan edi. Yabg‘u ularning ham qag‘anga sadoqatini sinamoqchimi? Yoxud u ukasini muqarrar halokatdan qutqarish uchun kuchlar notengligini hisobga olmay, qudratli jujanlarga qarshi kurash rejasini tuzmoqchimi?
Bo‘min oqsoqollar ko‘nglidagi ikkilanish va hadikni sezganday qat’iyat bilan davom etdi:
– Fursat keldi, turk beklari! Qachongacha jujanlar jabr-zulmini chekamiz! Biz – buyuk xunlar avlodi nega endi zoti past jujanlarga abadiy qaram bo‘lishimiz kerak?! Biz sohibi hunarmiz, jujanlar – talonchi. Bizning yozuvimiz bor, jujanlar savodsiz. Hatto sanoq sanashda qo‘y qumalog‘idan foydalanishur. Jujanlar jangovar qabila bo‘lsa, biz ham chavandozlik, yoyandozlikda alardan kam emas, qilichbozlikda esa ustunmiz. Qolaversa, Ko‘ktangriga sig‘inadigan turk eli butparast jujanlarga tobe bo‘lishi isnod!
– Jujanlar bilan savashib bo‘lurmi? Qag‘anning lashkari sanoqsiz, – dedi urug‘ oqsoqoli ehtiyotkor Turumtoy. – Jujanlar hech qachon isyonchilarni ayashmagan.
– Qag‘an lashkari bilan savashish oson emas, – dedi unga javoban Bo‘min. – Sizlarni shu bois kengashga chaqirdim. Hozir oldimizda ikki yo‘l turibdi: yo qag‘anga yarog‘-aslaha yetkazib, teleutlarni bostirishga yordamlashib, o‘z qo‘limiz bilan jujan istibdodini yanada mustahkamlash yoki teleutlar va boshqa tobe qabilalar bilan qag‘anga qarshi ittifoq tuzib, manfur istibdod kishanlarini parchalab tashlash. Qaysi ma’qul sizlarga, turk beklari?!
Beklar daf’atan bir qarorga kelolmay, o‘zaro pichirlasha boshladilar. Ular jujanlar va turklar kuchini chamalab, bir-birlariga qarab bosh chayqashardi.
– Bo‘min yabg‘u, qudratli ittifoqchilar bo‘lmasa, o‘z kuchimiz bilan jujanlarni mahv etish amrimahol, – dedi keksa urug‘ oqsoqoli Bekpo‘lat. – Besh yil oldin Tabg‘ach hukmdori asli so‘g‘diyonalik bo‘lib, turklar tili va urf-odatini yaxshi biluvchi Nahband buxorolini bizning o‘rdumizga elchi qilib yuborgan edi . Bunday ulug‘ davlatdan elchi kelishi turk eli uchun katta obro‘ bo‘ldi. O‘shanda ham sen uch-to‘rt urug‘ oqsoqolini yashirin kengashga chorlading. Tabg‘ach hukmdori o‘z maktubida turklar jujanlarga qarshi ko‘tarilsa, ittifoqchi bo‘lishga, qag‘an Anaxuan o‘rdusidan sovchilari behurmat qilib qaytarilgan turk yabg‘usi Chan’anga  sovchi yuborsa, qizini-da berishga roziligini bildirgan ekan. Nega o‘shanda bu takliflarni qabul qilmading? O‘sha paytda teleutlardan ko‘ra ancha qudratli ittifoqchi bilan jujanlarga qarshi kurash boshlash mumkin edi-ku!
Bo‘min bosiqlik bilan izoh berdi:
– Ha, Tabg‘ach elchisini izzat-hurmat bilan kutib olib, sovg‘a-salomlar bilan kuzatsak-da, uning hukmdori takliflari haqida, mayli, kengashib ko‘ramiz, degan edim. Chunki Tabg‘ach hukmdori hamisha dashtdagi qabilalarni bir-biriga gij-gijlab, nizo olovini yoqib, o‘zi bu olovda isinishga usta. Jujanlar va turklar qirpichoq bo‘lsa, unga bundan zo‘r tomosha yo‘q. Teleutlar esa bizga qondosh va qismatdosh ittifoqchi. Alar bilan jang maydonida umumiy yovga qarshi yelkama-elka tura olamiz. Albatta, Chan’anga – Tabg‘ach hukmdori saroyiga ham elchi yo‘llaymiz. Chunki jujanlar bilan urush natijasini yolg‘iz jangovar mahorat hal qilmaydi. Bu borada qudratli ittifoqchilar suv va havodek zarur.
– Shunday, bilga yabg‘u! Chan’anga faqat elchi emas, sovchi ham yubormoq darkor. Tabg‘ach malikasi turk o‘rdusiga kelin bo‘lib tushsa, qabilamizning maqei chandon oshadur.
– Sen aytgancha bo‘lsin. O‘g‘lim Muxonni uylantirish fursati keldi. O‘zing Chan’anga elchi va sovchi bo‘lib borursen.
– Bosh ustiga!
Beklar qiyofasini taraddud va ikkilanish alomatlari tark eta boshladi. Mulohazalarini dangal aytishmasa-da, asta-sekin yabg‘uning rejasiga hamohang xulosaga kela boshladilar.
– Teleutlar ham o‘zlarini bo‘ri avlodidan hisoblashur.
– Farqi shuki, biz xun shahzodasi va ona bo‘ri avlodidanmiz, alar esa xun malikasi va erkak bo‘ri avlodidur.
– Binobarin, har ikkala qabila bo‘ri bayrog‘i ostida jangga kira oladur.
– Shomon Alp Bo‘gu bu xususda ne der? Ajdodlar ruhlari va Ko‘ktangri kurashimizga xayrixohmi? – so‘radi Bo‘min.
Yabg‘uning shomonga mashvarat oxirida murojaat etishi bejiz emas. Avvalo, beklar yakuniy qarorga kelib olishi zarur. Ular kurashga jazm etsagina, ajdodlar ruhini bezovta qilib, imdod so‘rash mumkin.
Qizg‘in munozaraga befarq bosh solintirib o‘tirgan shomon qaddini tikladi. Oqarinqiragan yuzidan, manqaldagi o‘t yorug‘ida yaltillayotgan ko‘zlaridan hozirgina ruhlar bilan muloqot qilgani bilinib turardi.
– Ajdodlar ruhi bezovta va qasosga tashna, – dedi vajohat bilan shomon. – Alar taskin topmog‘i uchun jujanlar qoni oqizilmog‘i kerak. Bu kurashda Ko‘ktangri bizni qo‘llayur.
O‘z rejasi darhol yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlanmasa-da, beklar birin-ketin unga moyil bo‘layotganidan, ayniqsa, ko‘pchilikka ta’siri zo‘r shomon uni qo‘llaganidan yabg‘uning yuzi yorishib, nutqi tantanavor tus oldi:
– Ajdodlarimiz erk istagida tog‘ biqinidan darcha ochib, yo‘l yasashgan. Jujanlar qudrati tog‘dan ham mustahkammi? Mana, bosqoqlar barchasi qimizga to‘yib, ayiqdek uxlashmoqda. Kim biladi, bunday qulay fursat, ehtimol, yuz yilda bir marotaba kelar. Ani qo‘ldan chiqarmoqqa haqqimiz yo‘q! Hozir har kim o‘z urug‘iga borib, qurol ko‘tarishga qodir yigitlarni oyoqqa turg‘azsin! Osmonga yonar o‘q otilganda, har urug‘ning yigitlari soqchilarni gumdon qilib, chaqirilmagan qo‘noqlar yotgan bir o‘tovga bostirib kirib, alarning boshini tanidan judo qilishur. Bir-yarimtasi qochib qutulmasin uchun, o‘rdu atrofi otliq jangchilar halqasi bilan o‘ralsin. Qaysi urug‘ pand bersa, urug‘ oqsoqoli bo‘lgan bek boshi bilan javob beradur!

4

Tonggi g‘ira-shirada turk yabg‘usi o‘rdusida dahshatli taloto‘p boshlandi. Atrof ovullardan ham qurolli yigitlar to‘planib, o‘rduda oyoq bosgudek joy qolmagandi. Jujan soqchilaridan ba’zilari hushyor tortib, sheriklarini uyg‘otishga shoshildilar. Biroq vaqt boy berilgan edi. Turklar soqchilarga qoplondek tashlanib, paydar-pay zarbalar bilan mahv etib, har bir urug‘ yigitlari belgilangan o‘tovga bostirib kirishdi. Tish-tirnog‘igacha qurollangan turklar jujanlarni qilich va bolta bilan chopar, duch kelgan yeriga nayza sanchar, temirchilar bolg‘a bilan boshini majaqlardi. To‘plardan biriga kishandan xalos bo‘lgan Istami boshchilik qilardi. Dastlabki qurbonlar qatorida Buruldoyning boshini kesib, yabg‘u oldiga keltirishdi. Ba’zi jujan yuzboshi va o‘nboshilari baqirib-chaqirib jangchilarni to‘plab, qarshilik ko‘rsatishga urinishdi. Biroq otlariga yetolmay, piyoda qolishgani uchun tez mag‘lub bo‘lishdi. Sanoqli jujanlar taloto‘pda epchillik qilib, turk askarlari yelkasiga oyoq qo‘yib chopib o‘tgan kabi o‘rovdan chiqib, duch kelgan otga minib, qochishga intilsalar-da, yabg‘u buyrug‘iga ko‘ra hosil qilingan otliqlar halqasiga duch kelib, barchasi halok bo‘lishdi. O‘rdudagi qirg‘in zarracha rahm-shafqatsiz kechardi. Qarshilik befoydaligini anglab, omon qolish umidida qurol-yarog‘ini tashlab, tiz cho‘kib shafqat so‘ragan jujanlarning ham kallasini uzib tashladilar.
Tong otganda jujanlardan omon qolgan bir guruh pahlavon jangchilar olisha-olisha o‘zlariga yo‘l ochib, himoyalanishga qulay toshloq joyda davra bo‘lib, yaradorlarni o‘rtaga olib, qalqoni borlar oldingi safga o‘tib, qalqonlarini bir-biriga jips qilib turishdi. Turklar ularni aylana shaklida o‘rab olishdi. Jujan yuzboshisi qichqirdi: 
– Biz osonlikcha jon bermaymiz! O‘nlab jangchilaringizdan ajralasiz. Yaxshisi, bizga yo‘l bering, bola-chaqamiz yoniga omon qaytaylik.
U yana gapirayotgan edi, Istamining guldurakdek qaxqahasi ovozini bosib ketdi.
– Obbo, tasqara jujan-ey, o‘liming oldidan bola-chaqang ko‘zingga ko‘rindimi? Ko‘ngling to‘q bo‘lsin, biz tezda jujan o‘rdusiga yetib, bola-chaqangizni ham ortingizdan jo‘naturmiz. Ruhlar dunyosida uchrashasiz.
Olg‘a, yigitlar! Tashna qilichlarimizni jujan qoni bilan sug‘oraylik!
Jujanlar o‘z jonlarini qimmatga sotish uchun mardona olishdilar. Hatto yaradorlar qurolini tashlamas, zarba yeganlar yiqilayotib ham so‘nggi joni bilan qarshi zarba berishga intilardi. O‘nlab turk yigiti qurbon bo‘lib, undan-da ko‘prog‘i yaralandi. Istamining chap bilagini jujan yuzboshisi qilichi tilib o‘tdi. Jujan va turk qonidan toshlar alvon tusga kirdi. Quyosh ko‘tarilganda bosqoq bilan kelgan ming jujandan yolg‘iz Inal tirik qolgan edi.
Turklar tomoqlari yirtilgudek suron ko‘tarishar, asriy istibdod zanjirida saqlab kelgan manfur dushman ustidan qozongan ilk g‘alabalarini nishonlardilar. Halok bo‘lgan yigitlarni qahramonlar sifatida dafn etishdi. Ko‘ktangriga qurbonlik uchun qo‘y va otlar so‘yildi.
Urug‘ oqsoqollari yana yabg‘u o‘toviga yig‘ilishdi. Barchaning qiyofasi masrur ham jiddiy. Chunki jujan qag‘ani bilan qonli urush boshlangan bo‘lib, oqibati tangridan o‘zgaga ma’lum emas. Liboslariga qon sachragan Istami to‘rda o‘tirgan akasiga qayta-qayta yukinardi.
– Aka, naqadar bilgasen! Bilagi zo‘r birni yiqar, bilimi zo‘r mingni, deganlari chin ekan.
Turk beklari, nihoyat, biz o‘z davlatimizni quramiz! Bo‘minni oq namatga solib qag‘animiz, deb ko‘taraylik, butun qabila qarshisida tiz cho‘kib, unga qasamyod qilsin!
Boshqalar ham Istamining so‘zini ma’qullab, beklar birin-ketin na’ra tortdilar:
– Bo‘min qag‘an bo‘lsin!
– Anaxuanni tan olmaymiz!
– Turkning qag‘ani turk bo‘lsin, jujan emas!
Bo‘minning qiyofasi o‘zgarishsiz edi. Shovqin-suron bosilgach, u xotirjam ohangda dedi:
– Beklar, turk eli qachonki davlatga erishsa, qag‘anli bo‘lur. Tangri qut bergan kishigina qag‘an bo‘la olur. Kishi eliga qut keltirolsa, bu anga Tangri qut bergani dalilidur. Turk eli yana ulug‘ sinovga duch keldi. Necha yuz yildan beri ochunga dahshat solib kelayotgan jujanlarga qarshi hayot-mamot kurashi boshlandi. Biz Ko‘ktangri madadi bilan yovni yengib, egamen davlatimizni qurolsak, anda qag‘anli el bo‘lurmiz.
– Bizlarni jangga boshla!
– Qilichimiz jujan qoniga to‘ymadi hali! 
– Qag‘an Anaxuan boshini ham bosqog‘iniki kabi uzib, keltirib oyog‘ing tagiga tashlaymiz!
Beklarning kurashga ishtiyoqidan mamnun Bo‘min davom etdi:
– Har g‘alaba ham bugungidek yengil qo‘lga kiritilmas. Jujan lashkari ko‘p va sarkardalarining harbiy tajribasi yuqori. Jujanlar istibdodidan zada barcha qabilalar, avvalo, teleutlarga elchi yuboramiz. Alar g‘arb tarafdan jujan o‘rdusiga yurish qilsinlar. Biz sharqdan zarba berib, jujan qag‘anini iskanjaga olurmiz. Teleut qabilasi yabg‘usi bizning ahdimiz qat’iyligiga ishonch hosil qilmog‘i uchun men aning o‘rdusiga kenja o‘g‘lim Muxonni elchi qilib yuboramen. Inal va ikki jangchi anga hamroh bo‘lurlar.
– Qo‘riqchilar kam emasmi?
– Alar jujanlar yeridan yashirincha o‘tishlari darkor. Bundan katta guruh ko‘zga tashlanib, o‘zini fosh qilib qo‘yadur.
– Otasi jujan kimsani yo‘l boshlovchi qilish ehtiyotsizlik emasmi? – dedi Turumtoy.
– Inal chinakam turk yigiti ekaniga endi hech kimda shubha bo‘lmasligi kerak! U aravasoz teleutlar g‘alabasi, jujanlar og‘ir vaziyatda qolgani haqidagi chin xabarni aytmaganda, biz bosqoqlarga hujum qilishga jur’at etarmidik?! Inal jujan lashkarida yuzboshi bo‘lsa, elchilikdan qaytib kelgach, turk lashkarida mingboshilik mansabini berurmen.
– Muxon teleut qabilasiga elchi bo‘lib borsa, meni qaysi qabilaga jo‘natasiz? – so‘radi Qora Issiq.
– To‘ng‘ich o‘g‘lim yonimda bo‘lishi kerak, – dedi Bo‘min. – Sen Istami amaking bilan qo‘shinni jangga hozirlab, jujanlarga qarshi boshlab borishda menga ko‘mak berursen. Sen o‘ng, Istami so‘l qanot boshlig‘i bo‘lursiz.
Bobomeros muqaddas turk bayrog‘ini keltiring!
Yasovul ko‘hna charm g‘ilofni keltirib, undan bayroqni sug‘urib, ohista yoydi. Bayroq matosi asrlar davomida o‘ngib, rangini ajratib bo‘lmasa-da, o‘rtasiga zar iplar bilan tikilgan bo‘ri boshi yaqqol ko‘rinardi.
Qadimiy bayroqni ko‘rib, beklar ko‘ksidan “oh” degan nido otilib chiqdi. Ba’zilar ko‘z yoshlarini tiya olmay, soqol-mo‘ylovlarigacha ho‘l bo‘ldi. Yabg‘u ham ta’sirlanib, hayajondan biroz bo‘g‘ilgan ovozda dedi:
– Bu muqaddas bayroqni Ashina avlodlari otadan bolaga eng qimmatli meros sifatida qoldirib, dushman qo‘liga tushmasligi uchun ko‘z qorachig‘idek avaylab kelishdi. Nihoyat, bu yalov qutlug‘ ozodlik kurashiga boshlab, qadimda uning ostida jangga kirgan ajdodlarimiz jasoratini eslatib, bir kuchimizga o‘n kuch qo‘shadur.
Bayroqni o‘rdu tashiga chiqarib, yuksak ko‘taring! Qo‘liga yarog‘ olgan har bir jangchi tug‘ ostida turib, agar erk kurashiga xiyonat qilsam, el qarg‘ishiga qolay, ko‘k kirib, qizil chiqsin, deya ont ichsin!

5

O‘rduning sharqiy qopusi tashqarisidagi qabila yig‘inlari va shodiyonalari maydonida izdihom gavjum. O‘rtada yabg‘u uchun yasalgan keng sahnli baland supaga katta guldor yazim to‘shalgan. Bo‘min va xotini Elbilga supaga chiqib, namat ustiga o‘tirdilar. Qomatdor, keng yuzli, qirra burun Elbilga ipak ko‘ylagi ustidan zardo‘zi kamzul kiygan, jig‘asiga taqilgan yoqutu gavharlar, bo‘ynidagi duru marjonlar va qulog‘idagi oltin sirg‘a bahosi bir suruv yilqidan qimmat edi.
Bo‘ydor jangchi supa oldida bayroqni baland ko‘tarib turibdi. Yalanglikning to‘rt tarafiga o‘rdu va atrof ovullar odami yig‘ilgan. Erkaklar qurollanib olishgan. Qariyalar, ayollar, ayniqsa bolalar bayramona kayfiyatda.
Supaga yaqinroq joyda olis o‘lkalardan kelgan turfa libosdagi savdogarlar ham turishibdi. Ular isyondan tahlikaga tushishsa-da, yasovul yabg‘uning: “Sizning molu joningizga kimsa daxl etmas” va’dasini yetkazgandan so‘ng xotirjam bo‘lishdi. Turklarning jujan istibdodiga qarshi kurash va o‘z davlatlarini qurishga jazm etishganini savdogarlar ko‘rishlari, bu xabarni yaqin-olis o‘lkalarga yoyishlari darkor.
Qasamyod marosimidan oldin, shomon Alp Bo‘gu talabiga ko‘ra, odatdagidek maydonda katta gulxan yoqildi. Shomon childirma chalib, irg‘ishlab munchoqlarini shaldiratib, gulxan atrofida aylanib afsunlar o‘qib, yovuz ruhlarni haydab, qasamyodgohni pokladi.
Olag‘ovurga qaramay, maydonning quyi tarafidan eshitilgan tahdidli ovozlar barchaning diqqatini tortdi. Bir necha jangchi qo‘li orqasiga boylangan yupun kiyimli chol va bosh yalang kampirni oldlariga solib, nayza dastasi bilan turtib kelishar, ular qoqilib yiqilsa, baqirib-tepinib joyidan turg‘azishardi. Ikki kishi bir yarador kimsani ko‘tarib kelishardi. Supa oldiga yetgach, cholu kampirni tiz cho‘ktirib, yaradorni yerga yotqizishdi. U yosh jujan bo‘lib, ko‘zlari olazarak boqardi. Bo‘min qo‘li boylangan keksa podachini tanidi. Ayol uning xotini edi. Yasovulning so‘rovidan so‘ng jangchilardan biri izoh berdi:
– Bul xoinlar jujan jangchisini o‘z chodirida yashirmish. O‘t-o‘langa tomgan qon izidan borsak, to‘g‘ri chodirga olib kirdi. Jujan to‘shak ustida yalpayib yotibdi. Bular esa yarasini boylab, issiq sut ichirib, o‘z bolasiday boqib o‘tirishibdi. Yabg‘u qilmishlariga yarasha jazo bersin, deya olib keldik.
Izdihom orasidan podachi va xotiniga ta’nali xitoblar yog‘ildi:
– Past odamdan shunday past ishlar sodir bo‘ladi!
– O‘zingdan chiqqan baloga, qayga borasan davoga?!
– Otning dumiga boylab sudrash kerak bularni!
Sochlari to‘zg‘igan kampir tahdidlarga zarra parvo qilmas, go‘yo butun olamni unutib, yarador jujan tepasida parvona edi. U eski jun kamzulini yechib, dumaloqlab, jujanning boshi tagiga yostiq qilib qo‘yganda, turklar safidan nafratga yo‘g‘rilgan guldurak chopib o‘tdi:
– Obbo, yalmog‘iz-ey, bilmagan odam jujanni o‘zi tuqqan, deb o‘ylaydur!
– Shunaqalar elni buzadi-da!
– Bularning jazosini Bo‘min yabg‘u beradur. Shunday jazoki, butun elga saboq bo‘lur!
Olag‘ovur biroz tingach, Bo‘min podachiga dedi:
– Sen esli-hushli eding-ku! Nega urug‘ingni isnodga qoldirding? Jujan hozir bemajol yotibdi. Ani boqib, davolab, oyoqqa turg‘izsang, eng avval seni va xotiningni o‘ldirib, xonumoningga o‘t qo‘yadur-ku!
– Ey, bilga yabg‘u! Men umr bo‘yi avval otangning, so‘ngra sening podangni boqdim. Xotinim qo‘lini kosov, sochini supurgi qilib, xonadoningda cho‘ri bo‘ldi. Tangri bizga farzand bermaganidan xabaring bor. Tong payti shu jujan yigit zo‘rg‘a sudralib, chodirimizga kirib ingrab: “Meni yashiringlar, o‘lgim kelmayapti”, deya yalinib-yolvordi. Er-xotin uni Tangri yuborgan farzanddek ko‘rib, yarasini boylab, parvarish qila boshladik. Gunohimizga iqrormiz. Bizni o‘lutchi  qo‘liga topshir! Biroq, Tangri haqqi, bu bolaga shafqat qil! U oyoqqa turgach, o‘z yurtiga jo‘nasin. Axir, ota-onasi aning yo‘liga ko‘z tutayotgandir.
Barcha nafasini ichiga yutib, yabg‘u hukmini kutardi. Bo‘minning boshi sal egilib, peshonasi tirishdi. U faqat xotini eshitadigan tarzda pichirladi:
– Boshim qotdi, Elbilga xotun, maslahat ber, ne jazo berayin alarga?
–Bo‘min yabg‘u, shuni bilki, ajdodlar bayrog‘i ostidagi sening ilk farmoning qon to‘kish bo‘lmog‘i durust emas. El ravnaqi uchun davlat yaratmoqchi ekansen, faqat qattiqqo‘llik va zulm qilmasdan, jabrdiyda elga shafqat ham ko‘rguza bil!
–Maslahating durust. Cho‘ponni, esini yo‘qotgan chol, deb afv etsa bo‘ladur. Biroq jujanni omon qoldirish pastu baland gaplarga sabab bo‘ladi-ku! U sal oyoqlansa, o‘z yurtiga qochib, turk o‘rdusida ko‘rganlarini qag‘anga yetkazadur.
–Oyoqqa turish tugul boshini ko‘tarishga majoli yo‘q-ku uning! Sog‘aya boshlagach, har qadami soqchilar kuzatuvida bo‘lur. 
Yabg‘u boshini tiklab, xitob qildi:
– Turk eli, da’vatimni eshit! Bugun – ajdodlar bayrog‘i yana boshimiz uzra hilpiragan, Tangri erkdan mujda bergan qutlug‘ kun! Bunday kunda har xil gina-kuduratlarni unutib, zabardast musht kabi birlashaylik! Bayramga jazo hukmi emas, shafqat va afv yarashur! Men podachi va xotini gunohidan o‘tib, jujanning qonidan ham kechdim. Barcha ovullarga jar soling! Yana kimki bir-yarim jujanni yashirgan bo‘lsa, bu afv ularga ham tegishli. Bundan so‘ng turklar yov qonini faqat jang maydonida to‘kadur. Kuchimizga tan berib taslim bo‘lganlarni afv etib, shafqat qilurmiz. Zero, zulmga tayangan davlat ham o‘z eli, ham ochun ahlida nafrat uyg‘otur!
Bas, qutlug‘ bayroq ostida ont ichishni boshlang!
Dastlab yabg‘u xonadoni a’zolari – o‘g‘illari, ukalari, voyaga yetgan jiyanlari bayroq oldida tiz cho‘kib, yabg‘u va xotunga ta’zim qilib, ont ichishdi. So‘ngra beklar har biri o‘z urug‘i erkaklarini qasamyodga boshlab kelishdi. Ashina urug‘idan so‘ng Elbilga xotun mansub bo‘lgan Ashida urug‘i beklari va jangchilari ont ichishdi. Bu turk qabilasida mavqei jihatidan ikkinchi urug‘ bo‘lib, qabila yabg‘ulari mazkur urug‘ ayollariga uylanishi qadimdan odat tusiga kirgan edi.
Kechgacha o‘rdu va atrof ovullardagi jangchilar ont ichib bo‘lishdi. Olis ovullar jangchilari ham bu amalni ado etmoqlari uchun navbati bilan kunlar tayin etildi.

6

O‘rduni yana qorong‘ulik qopladi. Osmonda yulduzlar jimirlaydi. Tog‘ cho‘qqisi ortidan oy balqidi. O‘rduning tog‘ tomondagi tepa qismidan Chuya daryosining kichik irmog‘i oqib o‘tardi. Soy bo‘yida unda-bunda terak va tollar o‘sar, ular orasida mavzega nom bergan qo‘sh qarag‘ay yuksalib turardi. Qarag‘ay yonidagi xarsangtosh ustida Inal o‘tiribdi. Sovuti va qurol-yarog‘i oy nurida yiltiraydi. Uning qarshisida turgan o‘rta bo‘yli, kulcha yuz, bodomqovoq qiz – yabg‘u Bo‘minning qizi Suluvsochning butun diqqat e’tibori yigit sovg‘a qilgan oltin taroqda. Uni goh oy yorug‘iga solib ko‘radi, goh bandidagi o‘yma naqshlarni qo‘li bilan siypalaydi. Sovg‘asi yoqqanidan xursand yigit qizga termuladi. O‘rdu pastda, o‘tovu chodirlar oldida yonayotgan gulxanlar yulduzlar aksidek, ular atrofida yurgan odamlar hamon kundalik tashvishlarga band bo‘lishsa, bular zamindan yuksak fazoga ko‘tarilgan kabi edi.
Qiz, nihoyat, e’tiborini taroqdan yigitga qaratdi.
– Inal, jujan qabilasi bilan seni bog‘lab turgan barcha iplar uzildi. Yuzboshilik mansabidan ham judo bo‘lding. Dilingda hech afsus yo‘qmi?
– Yo‘q, aksincha, og‘ir yukdan xalos bo‘lib, nihoyat, munofiqona hayotdan qutulib, o‘zligimga qaytgandaymen. Jujan lashkarida yuzboshi bo‘lgandan oddiy turk jangchisi bo‘lganim afzal.
– Onang beqiyos ayol ekan! Turk yurtidan yiroqda, yotlar orasida seni asl turk o‘g‘loni qilib ulg‘aytiribdur.
– Axir, onam mansub el beqiyos! Turk uyiga kirganda oldin onasiga, so‘ngra otasiga yukinadi. Ochunda ayolni bu qadar e’zozlaydigan boshqa xalq yo‘q!
Albatta-da! Mana shu soy borib qo‘shiladigan Chuya daryosi quyiladigan katta daryoni turklar Xotun deb atashadi. Shimoldagi undan-da katta daryoni qirg‘izlar Enasoy deyishadi. Bu ham ayollarni e’zozlashganidan. Sen ham meni e’zozlaysenmi, Inal?
– Har tola zulfingni e’zozlaymen! Hamisha boshimda ko‘tarib yuramen!
Shunday deya, yigit qizni quchib, boshi uzra ko‘tardi va aylantira boshladi. Qiz qiqirlab kuldi.
– Bo‘ldi, qo‘ling toldi, yerga qo‘y!
– Jangchining qo‘li tolmas, bil’aks, mag‘lub bo‘lur.
– Unda kuchingni jangga asra. Aytishlaricha, jujanlar bilan katta savash bo‘larmish. Qiziq, jang maydonida ota qarindoshlaringga ro‘para kelsang, ne qilasen?
– Bilmadim, Suluvsoch. Shunday bo‘lishini hech istamasdim. Mabodo, bo‘lib qolsa, alarni o‘ldirmasdan, asir olishga urinardim, – dedi Inal qizni ohista yerga qo‘yarkan.
– Ba’zi turk beklari: “Jujanlarni beshikdagi bolasigacha bitta qo‘ymay qiramiz!”, deyishmoqda.
– Bunchalikka borishmas! Barcha yovlashgan el-elat bir-birini batamom qirishga kirishsa, yer yuzida odam zoti qolmaydi-ku! Axir, otang Bo‘min yabg‘u: “Bundan so‘ng turklar yov qonini faqat jang maydonida to‘kadur” - deb aytdi-ku! Bilsang, bosqoq Buruldoy bilan kelgan ming jujanning o‘limi uchun ham o‘zimni aybdor his qilib, yuragim qon. Ayniqsa, o‘z qo‘l ostimdagi yuz yigitning ruhlari chirqillab, meni qarg‘ashayotgandek. Garchand, hayot-mamot kurashida boshqa iloj yo‘qligini anglasang-da, gunohkorlik tuyg‘usidan xalos bo‘lish mushkul.
Qarag‘ay tepasida ukki sayradi. O‘z savollari yigitda mahzun o‘ylar uyg‘otganidan qiz xijil bo‘lib, yana taroqni qo‘lida aylantirib tomosha qila boshladi.
– Qaysi elning buyumi ekan? Tabg‘ach taroqlarining ko‘pini ko‘rganmen. Bunaqasi hech uchramagan.
– Bu olis, uch dengiz, o‘nlab daryo ortidagi Bizons  mamlakatida yasalgan. 
– Nahotki! Unda barcha turk qizlari orasida bunaqasi faqat menda bo‘ladi, –dedi qiz quvonch bilan va jig‘asini ko‘tarib, taroqni ikki o‘rim qilib yelkasiga tashlangan sochi tepasiga qistirib qo‘ydi.
– Quvonching men uchun har nedan ortiq, Suluvsoch. Har gal turk yurti sari kelayotganimda yuragim gurs-gurs ura boshlaydi. Onam tug‘ilgan va yoshligi o‘tgan makonga borayotganimdangina emas, seni ko‘rish saodatidan ham yuragim hapqiradi.
– Sen jujanlardan butunlay uzilib, chinakam turk bo‘lding. Turk yurtida bemalol yashab qola olursen.
– Urush g‘alaba bilan tugagandan so‘ng, albatta, – deya Inal xo‘rsinib qo‘ydi. Biroq urush kulfatidan bexabar sevgilisining ko‘ngliga g‘ashlik solmaslik uchun, ko‘nglidagi tashvishlardan gap ochmadi.

7

Tuni bilan otda yo‘l bosgan Muxon va hamrohlari tongga yaqin yalang dashtda pana-pastqam joy izlay boshlashdi. Kunduzi yashirinib, dam olishmoqchi edi. Chunki turklar yurtidan ancha uzoqlashishgan, bepoyon dashtda jujan ovullari yoki otliq guruhlariga duch kelib qolishlari mumkin. Boz ustiga, bu yo‘l to‘g‘ri qag‘an o‘rdusiga olib boradi. Tunda o‘rduni chetlab o‘tib, teleutlar yurti sari yo‘lda davom etishmoqchi edi. 
Imkon qadar vaqtdan yutib, qurol-aslaha yasash va lashkarni qurollantirish uchun Bo‘min barcha choralarni ko‘rmoqda. Isyon asnosida yabg‘u o‘rdusida bo‘lgan savdo karvonlariga vaqtincha yo‘lga tushmay, kutib turish buyurilgan. Biroq, baribir, isyon xabari shamoldek o‘ziga yo‘l topib, bugun bo‘lmasa, ertaga qag‘an o‘rdusiga yetishi tayin. 
Otliqlar yo‘ldan chetlashib, kichik jarlik bo‘yida to‘xtashdi. Pastda buloq suvidan hosil bo‘lgan jilg‘a oqar, uning bo‘yida jiyda, to‘rang‘i va butalar o‘sardi. Turklar otdan tushishdi. Ular etagi boldirlarigacha tushgan kaftan ustidan temir lavhalardan tikilgan zirhli ko‘ylak kiyishgan, yengi bilaklarigacha bekitib turardi. Bellaridagi kamarning chap tomoniga qilich, o‘ng tomoniga o‘q to‘la sadoq, yelkalariga kamon osig‘liq. Egarning ikki tarafiga boshi temir tishlar bilan qoplangan cho‘qmor va uzun nayza mahkamlab qo‘yilgan. Boshlaridagi temir dubulg‘a qattiq botmasligi uchun ich tarafiga yumshoq teri qoplangan. Jangchilar yengil namat choriq kiyib olishgan.
Ingichka oyoqli, boshi katta, sag‘risi keng, yollari qirqilib, dumi tugilgan otlarni jilovidan yetaklab, jarlikka tushirib, jilg‘adan sug‘orib, o‘tlash uchun butalar orasiga qo‘yib yuborishdi. Otlar yaxshi o‘rgatilgani uchun tushovlash yoki boylashga hojat yo‘q, egalaridan uzoqlab ketmas, chaqirilgan zahoti chopib kelardi.
Jangchilar egarni yostiq qilib, maysa ustiga cho‘zilishdi. Navbati bilan bir kishi tepada qorovul edi. Yo‘lda yo‘lovchilar qorasi ko‘rinsa, qorovul sheriklarini uyg‘otar, barchasi qurol-yarog‘larini shaylab, yo‘lovchilarni kuzatishardi. Bir necha guruh otliq jujanlar u taraf – bu tarafga yelib o‘tishdi. G‘arbdan qo‘ng‘iroqlarini daranglatib yuzdan oshiq tuyadan iborat so‘g‘d sotiqchilari karvoni o‘tdi. Tuyalarga yuklangan toy-toy g‘aroyib mollar har qanday sahroyining ko‘zini o‘ynatsa-da, soqchilar himoyasidagi karvonni talashga kimsa jur’at etmas, katta boj to‘lashgani uchun savdogarlar jujan qag‘ani himoyasida edi.
Yo‘ldan o‘tganlar kaftdagidek ko‘rinsa-da, o‘zlarini hech kim payqamaganidan, turklar qulay joy topishganiga amin bo‘lishdi. Tush payti tamaddi qilib, jilg‘a suvidan qonib ichishdi. To‘rsiqlarini suvga to‘ldirib olishdi. Yo‘lga tushish hamon xavfli bo‘lgani uchun yana uyquga yotishdi. Peshin payti qorovulda turgan Inal sheriklarini uyg‘otdi.
– Sharqdan ikki otliq kelayotir.
– Jujanlarmi?
– Kiyimi alarnikiga o‘xshamaydur. Yo‘rg‘alariga ko‘ra, turklardir, deb o‘ylaymen.
–Qiziq, balki boshqa qabilalarga ittifoq tuzish uchun yuborilganlardir.
– Yaqinlashsin-chi, bilamiz.
– Otlanib, shay bo‘lib turing! – buyurdi Muxon.
Otliqlar yaqinlashganda, chindan turklar bo‘lib, Turumtoyning urug‘idan ekanliklari ayonlashdi. Muxon buyrug‘iga ko‘ra, jangchilardan biri jardan chiqib, yo‘ldan o‘tib borayotgan otliqlarni chaqirdi. Otliqlar biroz to‘xtab, sin solib qarashdi, biroq chaqiriqqa javob bermay, otlarini ayovsiz qamchilab, olg‘a yelishdi.
– To‘xtang, biz jujanlar emas, turklarmiz! – degan xitob ham ularga kor qilmadi.
Ko‘ngli nimanidir sezgan Muxon ularni ta’qib etishni buyurdi. To‘rt otliq quvib kelayotganini ko‘rgan qochoqlar, otda yelib borayotib, ortga burilib kamondan o‘q uza boshladilar. Muxonning jangchilaridan biri yelkasidan o‘q yeb ortda qoldi. Inal otgan o‘q qochoqlardan birining bo‘yniga sanchilib, otdan qulatdi.
– Bunisini tirik ushlaymiz, – dedi chopqir arg‘umoqda boshqalardan o‘zib borayotgan Muxon arqon sirtmoqni otishga shaylar ekan.
Zum o‘tmay, sirtmoq havoda shuvillab, yolg‘iz qolganidan esankiragan qochoqning boshiga tushdi. U o‘q-yoyini tashlab yuborib, gursillab yerga quladi. Ko‘rishdiki, u yer-bu yeri tirnalib, basharasi tuproqqa belansa-da, og‘ir jarohat olmagan ekan. Sirtmoqni bo‘shatishganda, u tizzasida turib, hansirab nafas ola boshladi. Sirtmoq qiygan bo‘yni qontalash edi.
– Ha, Jangar, turk bo‘laturib, turkdan qochasen, – dedi Muxon uni tanib.
– Biz sizni jujanlar, deb o‘ylabmiz.
– Bekorlarni vaysama! To‘g‘risini aytmasang, hoziroq sheriging yoniga yo‘l olasen!
– Kechiring, yabg‘uning o‘g‘li. Bizning aybimiz yo‘q. Turumtoy bizni o‘z buyrug‘ini ado etish uchun yubordi.
– Qanday buyruq?
– Isyon xabarini jujan qag‘ani Anaxuanga yetkazish.
– Xiyonat-ku bu! Axir, oldingi barcha isyonlar ayni xiyonat tufayli mag‘lubiyatga uchragani Turumtoyga ayon edi-ku!
– Bu xabarni qag‘anga yetkazib, evaziga turklarga yabg‘u bo‘lmoqchi u.
– Qaram elning yabg‘usi bo‘lguncha, erkli elning podachi yo temirchisi bo‘lgani yaxshi emasmidi?!
– Bizning gunohimiz yo‘q. Turumtoy urug‘imiz oqsoqoli bo‘lgani uchun aning amrini bajarishga majbur edik.
– Meni, avraymen, deb ovora bo‘lma! Sen ham tug‘ ostida turib ont ichgansen. Sheriging ontni buzgani uchun, Tangri jazosini berdi. – Muxon qilichini qinidan sug‘urdi. – Mana shu ko‘k temir badaningga kirib, qizil bo‘lib chiqar!
Qilichni zarb bilan Jangarning ko‘ksiga sanchdi.
Bu orada yarador jangchi ham yetib keldi. O‘qning temir uchi yupqa zirhni teshib o‘tgan bo‘lsa-da, chuqur botmagan ekan. Uning yarasini boylab, darhol otlanishdi.
– Uzoq kengashishga vaqt yo‘q, qosh qoraymoqda va tez yo‘lga tushishimiz zarur, – dedi Muxon. – Men bilan Inal teleutlar yurti tomon yo‘lda davom etamiz. Ikkalangiz ortga qaytib, otam Bo‘min yabg‘uni Turumtoyning xiyonatidan ogoh eting. O‘rdudagi ilon boshini tez yanchsin. Erk kurashida ichingdagi xoin dushmandan ham xatarli!
Suvoriylar juft-juft bo‘lib, ikki qarama-qarshi tarafga ot solishdi. Tez orada boshlanib, dovrug‘i Tug‘ardan Botarga dovur taraladigan buyuk savashlar qay tarzda kechishi sahroni o‘qdek kesib borayotgan ushbu otliqlarning ko‘zlangan manzilga eson-omon o‘z vaqtida yetib borishlariga bog‘liq edi.

2011 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.