Hijriy 333 (melodiy 944) yilning kuz fasli. Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy ark darvozasiga yaqinlasharkan, hayajonini bosishga tirishardi. Aslida Buxoroyi sharif ko‘ksida ulkan qoyadek yuksalgan, poydevoriga ilk g‘isht qo‘yilishi bilan rub’i maskundagi ulug‘ shaharlardan birining tarixi boshlangan, asrlar to‘fonida necha bor vayron bo‘lsa-da, kul orasidan chiqqan kaqnusdek qayta tiklanib, Buxoro boqiyligining ramziga aylangan bu muhtasham inshootning tarixini undan ham chuqurroq o‘rgangan boshqa biron banda bu foniy olamda yo‘q.
Ark ilk bor bino qilinishi haqida faqat rivoyatlargina mavjud. Kimdir ark bunyodkori sifatida qadim Turon xoqoni Afrosiyob nomini tilga olsa, boshqalar uning qurilishini falakning gardishi bilan Turonga kelib, Afrosiyobga kuyov bo‘lgan Eron shahzodasi Siyovush nomi bilan bog‘laydi. Bundan ikki yarim asr avval buxordot Bidun arkni hozirgi ko‘rinishiga keltirgan. U ark ichida qasr bino qilib, eshigiga temir lavha qoplatib, o‘z nomini o‘yib yozdirgan. Temir lavha qasr eshigida haliyam turibdi. Biroq, islomdan oldin yetti yoshli bola ham o‘qiy oladigan bu xatni biladigan odamlar endilikda Buxoroda barmoq bilan sanarli.
Muhammad ark tevaragini ko‘p bora aylanib chiqqan, unga yaqin va olisdan nazar solgan saroy amaldorlari bilan tanishligi tufayli, arkning ichkari sahnidagi katta-kichik barcha imoratlarni ham necha bora ko‘zdan kechirgan. Maqsadi, Buxoro tarixi deb nom qo‘ygan kitobining arkka bag‘ishlangan bobini imkon qadar mukammal tarzda yozish edi. Yigitlik davridan boshlab ma’lumot yig‘ib, yoshi qirqdan oshib, soch-soqoliga oq oralaganida yozib bitirgan mazkur asarini bir hafta ilgari shu darvoza oldida saroy mulozimlariga topshirdi va uni bundan bir yil muqaddam, qariyb, o‘ttiz yil hukmronlik qilgan otasi Nasr ibn Ahmad vafotidan so‘ng Buxoro taxtiga o‘tirgan amir Nuh ibn Nasrga yetkazishlarini so‘radi. Zero, kitob uning nomiga atab bitilgan.
Muhammad keyingi bir haftani tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘i Narshaxda o‘z bog‘ida o‘tkazadi. Zarafshondan chiqarilgan ariq bo‘yidagi bu bog‘ni otasidan meros yerda o‘zi yaratgan. Bog‘dagi har bir daraxt, hatto giyohgacha unga tanish va aziz. Bolaligidan tinib-tinchimas va behad tirishqoq Muhammad jonajon Buxoro viloyatining shaharu kentlaridan tortib, dalayu cho‘llarigacha baayni qo‘li bilan bunyod etgan bog‘i kabi mehr qo‘ygan, suyukli diyorining nafaqat buguni, balki shonli o‘tmishini ham qalbiga jo etmoqni istardi. Uni Paykand, Varaxsha va boshqa qadimiy qal’alar xarobalarida qo‘lida g‘isht parchasi yoki sopol sinig‘ini ushlagancha o‘yga tolgan holida ko‘p bora ko‘rishgan. Ba’zan izlanishlarga berilib, vayronalar orasida kechgacha qolib ketar, chiyabo‘rilar ulishi va boyqushlar sayrog‘idan yuragi uvishganda, bundan uch yil ilgari yorug‘ olamni tark etgan bo‘lsa-da, she’riyat shohsupasidagi oliy maqomlardan biri tabarruk nomi bilan muhrlangan ustod Abuabdulloh Rudakiyning ushbu satrlarini takrorlab, o‘ziga dalda berardi:
Bilimdan yurakda yonar yorug‘ nur,
U gavdani ofatlardan asrovchi qalqon.
Olam – dengiz, suzishni istaysanmi?
Ezgu ishlardan kema qur shu on!
Bu mashg‘ulotlarini boshqa maqsadlarga yo‘yib: “Muhammad xarobalardan xazina izlamoqda”, – deb gap tarqatganlar ham bo‘ldi. Tarix ummoniga sho‘ng‘igan olim bunday kinoyalarga parvo ham qilmas, xorib-tolib Narshaxga qaytib kelar, bog‘dagi so‘rida qog‘oz qoralab, yangi topilgan ma’lumotlar xotiradan yitmasin uchun, sahifalarga bitishga shoshilardi. Tarixnavislikka batamom berilganidan noyob iste’dodi va teran bilimiga qaramay, na biron mansab egasi bo‘ldi, na davlat orttiroldi. Bog‘dan keladigan daromadga qanoat qilib, ayoli hamda ikki o‘g‘li va ikki qizidan iborat oilasini bazo‘r tebratardi.
So‘nggi haftada u hatto bog‘ida ham o‘zini qo‘yarga joy topolmadi. Chunki, hayoti davomida orttirgan bor boyligi – “Buxoro tarixi”ning oqqa ko‘chirilgan yagona nusxasi uchun yaxshi qog‘oz va siyoh sotib olish hamda muqovalatishga bor-budini sarflab, mana shu kuzgi bog‘dagi daraxtlardek deyarli yalang‘och holga kelib bo‘ldi. Asarni amir, saroy a’yonlari va Buxoroning ulamoyu fuzalolari qanday qarshi olisharkin? Hayajon va xavotiri bejiz emas. Axir bu kitobdagi har bir so‘z ortida qancha mashaqqatli kunlar, uyqusiz tunlar turibdi. U o‘z Vatani tarixiga oid ma’lumotu rivoyatlar xirmonini misqollab yig‘di. Ularni asrlar gardu g‘uboridan tozalab, qayta-qayta saralab, haqiqat deb bilganlarini asariga kiritdi...
Buxorodan otliq chopar kelganida, undan amirning arkda hozir bo‘lish haqidagi buyrug‘ini eshitib: “A’lohazratning amri boshimizga toj kabidur, filhol izingizdan yetib borurmen”, – dedi. Chopar o‘zi yetovlab olgan, gijinglab turgan egarlog‘lik armug‘oqqa ishora qilib: “Sizni o‘zim bilan birga olib kelish buyurilgan. Bul bedov a’lohazratning sizga tortig‘i”, – dedi.
Otliqlar Buxoro shahri rabotiga yaqinlashdilar. Rabot kengayib ketgan. Buxoro shahristonini o‘ragan qal’a devori endilikda shahar ichida qolgan, garchand, devor ustidagi burjlarda posbonlar turib, shahriston darvozalari erta tongda ochilib, kech kirganda yopilsa-da, somoniylar davlati o‘z sarhadlarini mustahkamlab, mamlakat ichkarisida osoyishtalik qaror topgach, yarim asr mobaynida biron g‘anim Buxoro shahriga tahdid sololmagan edi. Bu davlatga ham asos solib, ham qudratini yuksaltirgan shoh Ismoil Somoniy “Buxoroning devori menman” deganida, hech bir mubolag‘a qilmagan. Shahriston ichkarisida imoratlar rabotdagidan ham zich. Xiyobonlardagi dov-daraxtlar barglari to‘kilganidan masjidu madrasa, karvonsaroyu timlar binolari ancha uzoqdanoq ko‘zga tashlanardi. Otliqlar Mox masjidi oldidan o‘tishdi. Qadimda bu masjid o‘rni daraxtzor bo‘lib, yilning ma’lum kunlarida daraxtlar soyasida but bozori bo‘lib o‘tgan. Undan nariroqdagi Buxoro madrasasi qadimgi karvonsaroy o‘rnida qad ko‘targan. Shaharga kiradigan barcha yo‘llar oldiga borib tutashadigan Jome masjidini esa Movarounnahr fotihi Qutayba otashparastlar ibodatxonasi o‘rnida bino qilgan. U nafaqat Buxoro, balki butun Movarounnahrdagi ilk masjid.
Muhammad Buxoroning qay tarafiga nazar solmasin, har bir go‘shaning moziydagi qiyofasi ham xayoli ko‘zgusida jilvalanar, yetti qavat osmon, yetti qavat yer singari qalbidagi Buxoro ham bir necha qavatli bo‘lib, kechmish qa’riga singib ketgan qavatlar ham nazdida hamon mavjud va ardoqli edi. “Beshafqat zamon hukmi tufayli o‘z vaqtida ona shahrimizni bezagan qaysidir obida yo‘qolgan bo‘lsa, loaqal ular haqidagi xotirani asrab-avaylash, tarixiy asarlarda ta’rif-tavsifini keltirish kerak”, – deya erinmay takrorlardi u Buxoro fozillari bilan suhbatlarida.
Ark oldidagi maydonga yetganlarida uzoqdan Ismoil Somoniy maqbarasi ko‘zga tashlandi. Yetti iqlim sayyohlari hayratu tahsiniga sazovor, har bir g‘ishti buyuk san’at asari bo‘lgan obida kuzgi quyoshning zaif nurlarida ham jilolanib, tevarak-atrofdagi manzaradan yaqqol ajralib, kul orasidagi cho‘g‘dek yarqirab ko‘rinadi.
“Ilohim, bu benazir obidani balo-qazolardan O‘zing asra! – pichirlab munojot qildi, Muhammad. – Unga ark umrini, Buxoroyi sharif umrini ato et”!
Ark darvozasi oldida muarrixni amirning xos mulozimi qarshilab, ichkariga boshladi. Darvozaxona, ark hovlisi va peshayvondan o‘tib, eshiklari oldida nayzador soqchilar turgan bir necha xonadan so‘ng, keng va charag‘on salomxonaga kirishdi. To‘rdagi oltin taxtda gavharlar qadalgan toji yaraqlab, somoniylar sulolasining tojdori basavlat amir Nuh ibn Nasr o‘tirar, a’yonu sarkardalar ikki tarafdagi qator kursilarga viqor bilan tizilishgan. A’yonlar zarboft libosda, lashkarboshilar po‘lat sovut va dubulg‘alar kiyib, qimmatbaho qurol-yarog‘lar taqib olishgan. Barchaning nigohi bugungi yig‘ilish “aybdori” Muhammad ibn Ja’farga qadalgan edi. Zandanachi matosidan tikilgan libosi ustidan odmigina yupqa to‘n kiygan, boshiga mudarrislarnikidek simobiy salla o‘ragan qotma muarrix poygakda tiz cho‘kib ta’zim qildi.
– Xush ko‘rdik, mavlono, – dedi Nuh ibn Nasr uni iliq qarshilab, – keling, joyingizni egallang.
O‘rnidan turib yana bir bor yukingan Muhammad ko‘z yugurtirib, amirga yaqinroq joyda, uning so‘l tomonida, valiahd shahzoda Abdulmalik ibn Nuh va uning xos mulozimi, bundan to‘rt yil oldin vafot etgan vazir Bal’amiyning o‘g‘li Abuali Bal’amiy o‘rtalaridagi bo‘sh kursiga omonatgina o‘tirdi. Boshqalarni kuzatolmasa-da, yonida o‘tirgan mo‘ylovi sabza urgan Abualining o‘ziga havas bilan boqqanini ilg‘adi. Marhum vazirning o‘g‘li tarix ilmiga behad qiziqar, Muhammad ibn Ja’far bilan o‘zaro suhbatlaridan birida, u Ibn Jarir Tabariyning “Tarix ar-rusul va-l-muluk” (“Payg‘ambarlar va podshohlar tarixi”) kitobi islom o‘lkalari tarixiga oid buyuk asar bo‘lsa-da, undagi Movarounnahr tarixiga oid ma’lumotlar qisqa ekanligidan noligan edi. “Tabariy Movarounnahrda hech qachon bo‘lmagan, shundoq ekan undan o‘lkamizning mukammal tarixini talab qilish joiz emas, - deb javob bergan edi, Muhammad. – Bunday tarixni yaratish sizu bizning – ushbu o‘lka farzandlarining vazifasi”. Ne baxtki, bu vazifani qo‘lidan kelgancha uddaladi. Tarix fanida u erisholmagan yutuqlarni balki kelgusida Abuali Bal’amiy kabi iqtidorli yoshlar qo‘lga kiritishar.
Taxt oldidagi miz ustida “Buxoro tarixi” ochig‘liq turar, Muhammad ko‘z qirini tashlab, ochiq turgan sahifa Somoniylar sulolasiga bag‘ishlangan bobning boshlanishi ekanini payqadi.
– Kitobingiz bizni g‘oyat xushnud etdi, mavlono, – dedi amir iltifot bilan. – Olimu fozillar, davlat arboblari bilan birga mutolla qildik, ya’ni qissaxonlarga o‘qitib, tingladik va u barchaga manzur bo‘ldi. Shu paytgacha biz Vatanimiz tarixi haqida aksar og‘zaki rivoyatu qissalardan voqif edik. Eronlik Tabariy va ayrim arab muarrixlarining asarlarida esa, Buxoro haqidagi ma’lumotlar uzuq-yuluq, deyarli barcha hollarda yurtimizga arab lashkarlarining yurishlari bilan bog‘liq tarzda keltirilgan.
– Haq rost, a’lohazrat, mavlono Narshaxiy g‘oyat ezgu yumushni ado etmish, – dedi ko‘kragini oppoq soqol qoplagan, nuroniy yuzli qozikalon Abulfazl Sulamiy. – Qur’oni karimda aytilgankim: “In ahsantum – ahsantum lianfusukum”, ya’ni: “Agar ezgulik qilsangiz – o‘zingizga ezgulik qilgan bo‘lursiz” Olloh kalomidagi “o‘zingizga” lafzini “o‘zingizga va yaqinlaringizga, elu yurtingizga, butun ahli basharga”, deb anglamoq joiz. Inshoolloh, minba’d “Buxoro tarixi” Buxoroyi sharifning asrlar to‘fonida ko‘milib ketayozgan bir necha ming yillik tarixi qatlariga ma’nan sayohat qilishni istovchi ilm toliblari uchun mangu yonib turuvchi bir mayoq bo‘lg‘ay.
– Filhaqiqat, mavlononing asari nasrdagi “Buxoronoma”dir, – deya uni ma’qulladi amirning o‘ng qo‘l tomonida o‘tirgan o‘rta bo‘yli, to‘la jussali vazir Jayhoniy. – Bu go‘zal asarning eng katta fazilatlaridan biri shuki, a’zohazratning ulug‘ bobokaloni Ismoil Somoniy asos solgan buyuk sulolaning – Olloh uni bardavom qilsin – tarixi ilk bor munosib tarzda qalamga olinmish.
Fiqh ilmining bilimdoni, “Muxtasari Kofiy” asari muallifi Abulfazl Sulamiy hamda buxoroliklar Osafu Buzurgmehrga mengzaydigan donishmand vazir Jayhoniyning so‘zidan keyin a’yonu ulamolar “Buxoro tarixi” va uning sharafiga maqtovlar yog‘dirishdi. Saroy ahli biri olib, biri qo‘yib, bu maqtovu tahsinlarni shunchaki yo‘liga aytmayotgan edi. Chunki, butun Movarounnahr va Xurosonni o‘z qalamraviga olgan Somoniylar saltanatida ilmu fan va adabiyot g‘oyat ravnaq topgan, turkiy, forsiy va arabiy tillarni yaxshi egallamagan kishilar yuqori davlat lavozimlarida xizmat qila olmas edilar.
– Bu kitobning ummon qa’ridan chiqarilgan dur yanglig‘ qimmatbaho ma’lumotlaridan o‘z shahrim Romitanga mehru muhabbatim o‘n chandon oshdi, – dedi romitanlik bir a’yon. – Axir, uni buyuk Turon xoqoni Afrosiyob bunyod qilgan ekan. Yana ne-ne ulug‘lar poyqadami yetganakan. Bu Vatanning har qarich yerini, har quruq cho‘pini-da sevishga o‘rgatadigan kitob.
– “Buxoro tarixi”ning muallifi mavlono Muhammad ibn Ja’far Buxoroyi sharif ulamolari safiga shundoq munosib bir kunda, munosib bir tarzda qo‘shildilar, – dedi vazir Jayhoniy. – Endi u kishiga “Buxoriy” nisbasi ko‘proq yarashsa kerak.
– Ha, ha, “Buxoriy” nisbasini olsinlar, bunga to‘la haqlari bor, – degan ma’qullovchi xitoblar yog‘ildi.
Maqtovlardan iymangan kabi boshini quyi solib o‘tirgan muarrix bu hitoblardan so‘ng qaddini tiklab, majlis ahliga ehtirom yuzasidan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, dedi:
– Tahsinlar uchun qulluq, biroq ulug‘lar afv etsinlar-u men o‘zimning kamtarona Narshaxiy nisbamda qolsam. Axir, Buxoroyi sharif nomi Abuhafs Kabir Buxoriy, Imom Ismoil Buxoriy kabi oliy zotlarning tabarruk ismlari bilan ziynatlangan. Men faqiru haqir ul ilm quyoshlari qatorida bir zarrachalik bo‘lolmasam.
Oraga suv quygandek sukunat cho‘kdi. Chunki barcha muarrix vazirning so‘zini yerda qoldirmay, Buxoriy nisbasini boshi osmonga yetib qabul qiladi, degan o‘yda edi. Jayhoniy tabiatan og‘ir-vazmin odam bo‘lsa-da, keng peshonasi bilinar-bilinmas tirishdi. A’yonlar orasida pichir-pichir boshlanib, kimningdir “beadablik bu” degan tanbehi ham Muhammadning qulog‘iga chalindi. Shunga qaramay, u so‘zini qaytib olishni o‘ylamas, bil’aks, cho‘zinchoq yuzi va tiyrak ko‘zlaridagi qat’iyat ifodasi ham qarorida sobitligini ta’kidlab turgan kabi edi.
Amir Nuh ibn Nasr tabassum qildi va donolik bilan barchani o‘ng‘aysizlikdan qutqardi:
– Barakalla, mavlono Muhammad! Axir, Narshaxiy nisbali odam ham Buxoro farzandi-ku! Qolaversa, Narshaxiy, G‘ijduvoniy, Romitaniy, Paykandiy, Torobiy – bular bari ulug‘ zotlarga loyiq nisbalar. Moziyda Narshaxda ro‘y bergan yirik tarixiy voqealarni siz o‘z kitobingizda darj etmishsiz. Alalxusus, oq kiyimlilar qo‘zg‘oloni paytida bu qal’a alarning muhim tayanchlaridan biri bo‘lgani hanuz tillarda dostondir.
– Ha, o‘shanda mening hamqishloqlarim xalifaga qarshi isyonga bosh qo‘shmishlar, – dedi muarrix afsuslangannamo.
– Bundan or etish emas, bil’aks, faxrlanish lozim, – dedi amir. – Zero, u davrda ajdodlarimiz Vatan erki uchun kurashishgan. O‘shanda oq kiyimlilar mag‘lub bo‘lishgan esa-da, alardan meros qolgan istiqlol g‘oyasi avlodlar dilida so‘nmagani uchungina mustaqil Somoniylar davlati vujudga keldiki, bu tarix sizning asaringizda a’lo tarzda ifodasini topmish.
Muhtaram arkoni davlat! Shu paytgacha Buxoroyi sharif hadis, fiqh ilmlarida va marhum ustod Rudakiy tufayli she’riyatda butun islom olamiga dovruq taratgan edi. Nihoyat, Turonzamin ulug‘ muarrixiga ega bo‘ldi. Mavlonoga bejiz yoshlar orasidan joy ko‘rsatmadik. Muhammad ibn Ja’far mudarrislik lavozimiga tayinlanib, shahzodalaru aslzoda yoshlarga hamda aholining turli tabaqalari orasidan yetishgan iqtidor egalariga Vatan tarixidan saboq bersin!
Muarrix o‘rnidan turib, e’tirof va lavozim uchun qulluq qildi.
– Endi tilang tilagingizni, mavlono, – dedi amir.
– A’lohazrat, tilagim shu kamtarin asarimning e’tibori oliylariga sazovor bo‘lishi edi. Ollohga shukurki, anga yetishdim. Yolg‘iz ojizona iltimosim shuki, dargohingizdagi xushnavis xattotlar undan bir necha nusxa ko‘chirsalar, tokim men ba’zi mo‘‘tabar zotlarga tuhfa etish va darslarda foydalanish imkoniga ega bo‘lsam.
– Tilagingiz bizning niyatga g‘oyat uyg‘un keldi. Albat, “Buxoro tarixi”dan o‘nlab nusxalar ko‘chirtirurmiz. Uni elchilar va savdo karvonlari orqali olis-yaqin mamlakatlarga eng bebaho tuhfa sifatida jo‘naturmiz. Zero, Buxoroyi sharif bugungi kunda yetti iqlimda mashhur diyor. Hatto, bu qutlug‘ zaminni ko‘rmagan bo‘lsa-da, aning ta’rif-tavsifi va ul haqdagi tarixiy ma’lumotlarni o‘rganishga va zarur ilmlar sifatida egallab olishga ishtiyoqmand kishilar jahon ahli orasida kam emasdur.
Shundan so‘ng Nuh ibn Nasr majlis poyoniga yetganini anglatib, amr qildi:
– Bebaho asar – “Buxoro tarixi” xattotlarga berilib, eng nafis Samarqand qog‘oziga zarhal harflar bilan ko‘chirilsin. Biz atagan ming dinor oltin ulug‘ muarrix Muhammad ibn Ja’farning boshidan sochilsin!
Salomxonaga zarboft to‘nli ikki mulozim kirib keldi. Ulardan biri kattakon barkashda xirmon qilib uyulgan oltin tangalarni ko‘tarib olgan. Oltinlarning yalt-yult etishidan ko‘plab qiyofalarga qizillik yugurib, ko‘zlarda o‘t chaqnadi. O‘rnidan turgan muarrix hasad bilan boqqan nigohlarni ham ilg‘adi. Mulozimlar uning oldiga yetishgach, ikkinchisi uni o‘rtaga chiqishga undadi.
Muarrix sifatida bu marosim unga yaxshi ma’lum. Amir tortiq qilgan qizil oltinlar saodatmand kimsa boshidan sochilar, u esa egilib, ba’zan hatto emaklab, turli yoqqa dumalab ketgan tangalarni barkashga yig‘ardi. Muhammad yillar mobaynida vayronalardan sopol siniqlari, zanglagan temir paykonlarni izlab topib, qaysi davrga oidligini aniqlash uchun ularni changu zangdan tozalashdan or etmagan. Hozir esa yerga egilib, hatto tizzalab, o‘nlab nigohlar ostida tangalarni terib olishni o‘ylar ekan, butun vujudi muzlab, ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Garangsiragan kabi o‘rtaga chiqdi. Biroq vujudida eng mushkul lahzalarda qat’iyat bag‘ishlovchi tanish bir kuch paydo bo‘lib, o‘zini qo‘lga oldi. Hovuchiga oltin to‘ldirib, boshidan sochmoqqa chog‘langan mulozimni qo‘l ishorasi bilan to‘xtatib, amir tomonga o‘girilib, ta’zim qildi:
– A’lohazrat, bir qoshiq qonimdan kechsangiz. Qulingiz o‘z asarini yakunlamish. Yana uni mudarrislik lavozimi bilan sarafroz etdingiz. Binobarin, endi buncha oltinga ehtiyojim yo‘q. Amr etsangiz, oltinlar Buxoro madrasasining tolibi ilmlariga taqsim etilsa.
Majlis ahli tosh qotib, go‘yokim nafas olmasdan amirning amrini kutardi. Uning muruvvati g‘azabga almashinsa-ya, degan o‘y o‘tdi ba’zilarning xayolidan. Biroq, go‘yokim shunday bo‘lishini oldindan kutgandek, amirning yuz ifodasi xotirjam edi. U mamnunligini yashirmay, dedi:
– Buxoroyi sharifda bundoq himmatli erlar borligi jilla ajablanarli emas. Makkayi mukarrama va Madinayi munavvaraga samodan ilohiy nur yog‘ilsa, Buxorodan samo sari nur taralur, deb bejiz aytilmagan.
Oltinlarni madrasaga eltib, mavlono Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy nomidan tolibi ilmlarga tarqating!
2009 yil