Ayni saraton vaqti, g‘ir etgan shabada yo‘q. Quyosh yondiraman deydi. Eldor endi sigirlarni to‘rang‘ilar soyasiga bog‘layman, deb turganida arqonlar eskiligidan uzilib, sigirlar shataloq otib, har tomonga tarqab ketishdi. Ularni tutib bog‘layman, deguncha holdan toydi. Darmoni qurib, oyoqlarini zo‘rg‘a sudrab uyiga keldi.
Hamma peshin uyqusida, g‘imir etgan jonzot yo‘q. Eldor eshik oldida birpas serrayib turdi-da, issiqning zo‘ridan terlagan yuz-ko‘zlarini artdi. Eshikni g‘ichirlatmaslikka tirishib, sekingina uyga kirdi.
Xayriyat, hammasi uxlashgan ekan. Joyiga borib yotmoqchi edi-yu, lekin qo‘rquvni ochlik yengib, dasturxon oldiga keldi. Har doim xontaxta ustida non, choynak-piyola, xitoy chinnisiga o‘xshagan chiroyli idishda murabbo yoki shakar turar, ovqat vaqtida yo‘q bo‘lsa, buvisi uning nasibasi deb, oz bo‘lsa-da likopchada nasiba olib qo‘yardi. Hozir ham dasturxonni ocharkan, likobcha to‘nkarilgan tovoqdagi oshni ko‘rib, ishtahasi karnay bo‘lib ketdi. Yangasi chiqib qolishidan qo‘rqib, qoshiq olib kelishga ham sabri chidamay qo‘llari bilan apil-tapil osh yeya boshladi. Shoshganidan, xontaxta chetida turgan kichkina Ikromning sut idishini turtib yubordi. Sut idish xontaxtadan pastga tushmasdan aylanib-aylanib borib non turgan barkashga "jarang" etib urildi. Eldor ko‘zlarini katta-katta ochib qotib qoldi.
— Bo‘ldi, tamom, boshlandi, — dedi o‘ziga-o‘zi pichirlab.
Uning o‘ziga-o‘zi gapirishi kimgadir dardlarini to‘kib solayotgan odamga o‘xshardi.
— Ha, qirchiningdan qirqilgur, qaerlardadir sanqib yurib, uyga kelib hammaning uyqusini buzasan. Taqirlatmay zaqqumingga yutsang o‘lasanmi?!
Yangasi go‘dagini ovutarkan, tinmay qarg‘anardi. Qarg‘ishni eshitib, qo‘shni xonadan buvisi chiqdi. Eldor xuddi shundan qo‘rqqandi. Buvisi kela solib uning yuziga tarsaki tortib yubordi. Qulog‘idan cho‘zib:
— Qaerda eding? — past ovozda zo‘riqib pichirladi.
Tarsaki zarbidan Eldorning ko‘zlariga yosh keldi. Bo‘g‘ziga nimadir tiqilib, gapirolmadi.
— Bola bo‘lguncha baqa bo‘lsang bo‘lmasmidi? Meni kunimdan burun o‘ldirasan-ku!
Uning ovozida qandaydir hazinlik bor edi.
— Ust-boshiga qarang endi buni, qo‘llariga qarang, qo‘llariniyam yuvmagan-a!
Eldor yangasiga ko‘z ostidan qaradi. U ikki qo‘lini beliga tiragancha turar, tinmay javrardi.
— Kap-katta bola-yu, uyga bir tiyinlik foydasi tegmaydi. Mol boqaman deb, xudo bilsin, qaerlarda yuradi?! Halitdan shunday bu, katta bo‘lgach qanday bo‘lar ekan? Qo‘lidan bir ish kelmaydigan bezori bosmachi bo‘ladi-da, otasiga o‘xshab...
Eldor bu gaplarni ko‘p marta eshitgan bo‘lsa ham e’tibor bermaydi. Chunki, u biladi, otasi bosmachi bo‘lmagan. Uning laqabi shunday. U otasini ko‘rmagan bo‘lsayam biladi.
Buvisi uning bilagidan tutdi, sudragudek qilib eshik yoniga bordi. Eshikni ochdi.
— Bor, yuzlaringni, oyoq-qo‘llaringni yuvib, joyingga borib yot!
Eldor ko‘z ostidan buvisiga qaradi. Buvisining ko‘zlarida yosh g‘iltillardi. Eldorning qaraganini ko‘rib, sezdirmaslik uchun yuzini teskari burdi. Eldor sezdi. Bilib bilmaslikka oldi.
Eldor yaxshilab yuvindi-da, oyoq uchida yurib, joyiga borib yotdi. Endi hamma tinchib qolgan. Kichik xolasi ham boshini yostiq tagiga tiqib, pishillab uxlardi. Aftidan, boya shovqinni eshitmaslik uchun shunday qilgandi.
Oldinlari yangasi unga juda mehribon edi. Keyin tug‘di. O‘zining bolalari bor. Unday desa, buvisi-chi? Yo‘q, biladi, buvisi uni yaxshi ko‘radi. Faqat yangasiga achchiq qiladi. Uni kichkinaligidan buvisi tarbiya qilgan. Emizib katta qilgan. Aytishlaricha buvisiga mehr suti kelganmish. Hatto, kechalari ham uni oyisiga bermasdan o‘zi bilan olib yotarkan. Baribir, u buvisini yaxshi ko‘radi. Aslida hammasi buvasi bilan tog‘asi ishlagani ketib, oyisi turmushga chiqqanidan keyin boshlandi.
Endi u na oyisinikiga sig‘adi, na buvisinikiga. Eh, katta bo‘lib qolsam Gulnozni olib, bu yerlardan ketardim. Bechora Gulnoz! Uning ahvoli ham unikidan kam emas. To‘g‘ri, u oyisi bilan birga. U oyisining turmush o‘rtog‘ini "otam" deydi. Lekin unaqamas. Aslida Gulnoz Eldor bilan ham o‘gay. Faqat oyilari bir. Shunday bo‘lsa-da, u Gulnozni yaxshi ko‘radi. Eldor Gulnozning dadasigayam "dada" demagan, bunisigayam "dada" demaydi. Yaqinda u yana ukalik bo‘ldi. Lekin uyam o‘gay. Uning dadasiyam, oyisiyam bor. U bilan Gulnozning esa oyisi bor, dadalari yo‘q. Ikkisi ham dadasini ko‘rmagan. Ikkisining ham dadalari tug‘ilmasdan burun oyisini tashlab ketishgan. Bechora Gulnoz xuddi oyisiga o‘xshaydi. Oyisidek chaqqon, oyisidek mehribon. O‘zi kichkina bo‘lsa ham kuchi yetadigan ishni chiroyli qilib bajaradi. Qiziq, sira tushunmaydi. Oyisidek yaxshi ayolni uning dadasi, Gulnozning dadasi nega tashlab ketishgan ekan-a? U Gulnozning dadasini ko‘rgan. Es-es eslaydi. O‘zining dadasini esa mutlaqo ko‘rmagan. Eshitishicha, u xuddi dadasiga o‘xsharmish. Unga o‘xshaganidan oyisiga o‘xshagani yaxshiydi.
Eldor xayol aralash u yonidan bu yoniga o‘girildi. O‘girilarkan, deraza tagidagi javonga ko‘zi tushdi. Javonda o‘zining kitoblari chiroyli qilib taxlab qo‘yilgandi. Uni tunov kuni oyisi bilan kelgan Gulnoz taxlagandi. Chiroyli qilib taxlabdi, deya xayolidan o‘tkazdi Eldor. Kitoblarning sirtiga 3-sinf deb yozilgandi. Ha, maktabgayam oz qoldi. Yaqinda u 4-sinfga boradi. Endi 4-sinf kitoblarini sotib olishi kerak. Buvisi sotib olib berarmikan? U olib bermasa oyisi olib berar... Oyisi ham olib bermasa-chi? Unda nima qiladi? Bu ham bir mojaroga sabab bo‘lmasaydi?
"Eh, katta bo‘lib qolsam edi" — dedi o‘zicha. Keyin yomon xayollarni miyasidan quvish uchun ko‘zini yumdi. U har doim yaxshi narsalarni xayoliga keltirish uchun shunday qilardi. Bir payt peshonasini mayin bir qo‘l silayotganini his qilib ko‘zini ochdi. Qarasa, tepasida oyisi o‘tiribdi. U jilmaydi-da, uning oyoq tomoniga ishora qildi. Uning oyoq tomonida bir kishi qovoqlarini solib o‘tirardi. U kishi Eldorning qaraganini ko‘rib, muloyimlik bilan so‘z qotdi.
— Ha, o‘g‘lim nima qilib yotibsan? Tur, ketdik. Seni olib ketgani keldim.
Eldor sapchib o‘rnidan turdi.
— Siz kimsiz?
Oyisi Eldorni yelkasidan tutib, sekin o‘ziga qaratdi.
— Bu kishi sening dadang bo‘ladi, o‘g‘lim. Seni olib ketgani kelibdi.
— Dadam?!
Eldor nima deyishini bilmay jim bo‘ldi. Shu payt Gulnozning "Eldor! Eldor!" degan tovushini eshitib hayron bo‘ldi. Nega endi Eldor deyapti, axir doim aka derdi-ku!
— Xo‘sh, o‘g‘lim, men bilan ketasanmi? — xayolini bo‘ldi haligi kishi.
— Yo‘q, — dedi Eldor. — Ketmayman!
— Ketmaysanmi?
Ko‘zlarini sovuq yiltiratdi haligi kishi. Eldor javob berish o‘rniga joyiga yotib oldi.
— Ketmasang... Ketmasang... Mana senga, ketmasang...
Haligi kishi uning orqasiga poshnali etik kiygan oyog‘i bilan tepdi. Tepkining zarbidan uning yumib olgan ko‘zlari yarq etib ochildi. Qarasa dadangman, degan kishining o‘rnida yangasi turardi. Oyisi ham g‘oyib bo‘libdi.
— Senga indamasa, kun botgunchayam uxlaysan. Tur, yashshamagur, mollarga ket! Och qolgandir bechoralar...
Eldor o‘rnidan sakrab turdi-da, tashqariga yugurdi. Ostonada o‘tirgan buvisiga qoqilib ketishiga sal qoldi. Buvisi iztirob to‘la, mungli ko‘zlari bilan qarab:
— Bolam, hech bo‘lmasa qo‘lingga ozgina non olib ketgin. Ochiqqanda yersan, — dedi.
Eldor uyga qaytib kirmoqchi edi-yu, lekin majoli yetmadi. Bo‘g‘ziga nimadir tiqildi. Uni nimadir bu yerlardan uzoqlarga sudrayotgandek bo‘ldi. Asfalt yo‘lni kesib o‘tib, yolg‘izoyoq yo‘lga tushishi bilan yugurib ketdi. Uning ko‘zlari hech narsani ko‘rmas, qayoqqa ketayotganini o‘zi ham bilmas, agar to‘xtasa nimadir sodir bo‘ladigandek faqat yugurardi...