Peshin. Hali bahorning bir necha kunlik haqi bo‘lishiga qaramay havodan yoz nafasi keladi. Qayrag‘och tagidagi so‘rida onam ko‘rpa qaviyapti. Uy biqinida olapar itimiz til osiltirib mudrayapti. O‘zi qop-qorayu, negadir unga otam olapar deb nom bergan, biz ham shunga o‘rganganmiz. Bir safar dugonam Dilfuz "itingning nomi olapar emas qoraxonmi, qoravoymi bo‘lishi kerak" degandi o‘zicha bilag‘onlik qilib. Men ham uning gapiga kirib qoraxon, qoraxon deb javrayverganimdan otamdan dakki eshitganman. Aslini olganda o‘zi har doim shunaqa, yangilikni Dilfuz topadiyu, o‘rganish esa mendan. Mana yaqinda xolasinikiga mehmonga borib, "besh tosh" degan g‘alati o‘yinni topib keldi. Shundan beri bedana tuxumidekkina beshta siyqa tosh qo‘limizdan tushmaydi. O‘rganib qolganman-da. Dilfuz ham hovlimizga ertalab kelsa kechqurun ketadi. Hozir ham so‘ri yonida qo‘lidagi toshlarni har zamonda shaqirlatib meni kutayapti. O‘zimga qolsa allaqachon Dilfuz bilan o‘ynayotgan bo‘lardim, ammo noiloj. Ipni uchini tupuklab to‘g‘rilab ignaga o‘tkazarkanman, qo‘shnimiz Zulxumor xola kirib keldi. Bu gapdon xolani yoqtirmasam ham, hozir juda yaxshi ko‘rib ketdim.
— Hormang-ov, ovsin, — dedi u biz tarafga semizligidan harsillab qadam tashlab kelarkan.
— Bor bo‘ling-ov, keling, qo‘shni, — deya onam o‘rnidan turishga hozirlandi.
— Siqilib ketdim, shunga bir oldingizga chiqay degandim.
— Yaxshi qilibsiz, o‘zimam zerikayotgandim,— onam joyidan qo‘zg‘alib u bilan ko‘rishdi. Zulxumor xolani kelganidan foydalanib sekin o‘rnimdan turdim-da, Dilfuzga ketdik imosini qildim. Onamning ko‘zini shamg‘alat qilib hovli etagidagi bog‘ning to‘riga chopib ketdik. Bizning o‘ynaydigan joyimiz bog‘imizni to‘ridagi katta tut daraxtining tagi edi. Mevasining har donasi boshmoldoqday keladigan tut shoxlarining yarmi bizning hovlimizda qolgan bo‘lsa, yarmi Xadicha xolalarni hovlisiga o‘tib ketgandi. Daraxt tagiga borganimizdan keyin Dilfuz yerga tappa o‘tirdi. Uning yoniga cho‘kkaladim-da, yuzi po‘rsib turgan yerni qo‘lim bilan supurdim. Ko‘tarilgan quyuq changni haydash uchun qo‘limni bir-ikki oborib-obkelib, toshlarni yoydim. Dilfuz xuddi hech qachon ko‘rmagan narsasini ko‘rayotganday ko‘zlarini katta-katta ochib:
— Aytgancha, Xadicha xolanikiga kelgan shaharlik qizni ko‘rdingmi? Oyim rosa maqtadi, sochlari uzunmish-a! — dedi menga savolomuz tikilib.
Ko‘z oldimga pushti rang ko‘ylak kiyib yuradigan, oppoq qiz keldi.
— Ha, — dedim maqtangannamo,— men uni har kuni ko‘raman.
— Rostdanmi!?
— Ha, rost.
— Rostdan ham sochlari uzunmi?
— Sochlari uzu-un, ko‘ylagi mana bu yeriga keladi,— o‘rnimdan turib tizzamdan pastrog‘ini ko‘rsatdim,— ish qilsa ko‘ylagining ustidan etakband bog‘lab yuradi.
— U bilan gaplashdingmi? — hayratini yashirolmay so‘radi Dilfuz.
— Gaplashmadimu...
— Nima qilding, birga o‘ynadinglarmi,— ichi qizidi uning.
— Birga o‘ynamadig-u, — chaynaldim,— lekin uni har kuni ko‘raman.
— Qanday ko‘rasan?
— Ko‘rishni xoxlaysanmi, yur uni ko‘rsataman.
O‘rnimdan turib tutga chiqa boshladim.
— Qayoqqa?— hayron bo‘ldi Dilfuz.
Unga qaramasdan chiq ishorasini qildim. Dilfuz bir pas angrayib turdi-da, shoxlarga osilib izimdan tirmashdi. Yirik shoxlar kesishgan joyga o‘rnashib o‘tirib oldim. Bu yerdan Xadicha xolani, hovlisi kaftdek ko‘rinib turardi. Xadicha xola o‘zini yelpig‘ich bilan yelpib o‘tirar, shaharlik qiz hovli supurardi.
— Shumi shaharlik qiz? — so‘radi yonimga kelib o‘rnashgan Dilfuz.
— Ha,— dedim sekin shivirlab, xuddi shaharlik qiz eshitib qoladiganday.
Ammo shaharlik qiz o‘z yumushi bilan band edi. U boshiga yangi kelinchaklarday ro‘mol o‘rab olgan, ro‘mol tagidan qora, quyuq sochlari chiqib turardi. U hovlini supurib bo‘lib, bir chekkada turgan paqirni oldi. Hovli etagidan oqib o‘tadigan ariqdan suv olib, supurilgan joyga maydalab sepa boshladi. Uning qo‘llari tez harakatlanar, suv parchalari quyosh nurida jilolanib bir tekis yerga yoyilardi. Shaharlik qiz hovlining yarmiga borganida qaerdandir mushuk bolasi kelib, uning oyog‘iga suykaldi. Shaharlik qiz paqirni yerga qo‘ydi-da, mushuk bolasini qo‘liga olib, uning boshini mehr bilan siladi. Keyin uni so‘ri ustiga qo‘yib, ishini davom ettirdi. U zumda hovliga suv sepib bo‘lib, qo‘lini etakbandiga artgancha, dorga yoyilgan kiyimlar tomon yurdi. Ularni yig‘ishtirib olib, hafsala bilan taxlay boshladi. Aftidan kiyimlarni ham uning o‘zi yuvgandi. Men uning chaqqon harakatlarini kuzatib turarkanman, Dilfuz yengimdan tortdi.
— Yur, tushaylik, zerikib ketdim, yaxshisi o‘ynaylik.
Zumda o‘zimizning maydonimizga qaytib, o‘yinimizni boshladik. Bilmadim, oradan qancha vaqt o‘tdi. Bir payt onamning "qizim-u" degan ovozi eshitilganday bo‘ldi.
— Onammi?— Dilfuzga savol nazari bilan qaradim. U bir zum atrofga quloq solib turdi-da, yelkasini qisdi. Parvo qilmay o‘yinga mashg‘ul bo‘lib ketdik. Bir ozdan keyin yana shu ovoz eshitildi.
— Onam,— o‘rnimdan sakrab turib so‘ri tarafga yugurib ketdim.
— Qaerda yuribsan, yana tut tagidamisan?—jahli chiqdi onamning.
Zulxumor xolaning yonida urishayotgani uchun yer tagidan onamga xo‘mraydim.
Tumtayib turganimni ko‘rib, onamning battar zardasi qaynadi.
— Xo‘mraymasdan ichishga suv olib kel.
Indamasdan oshxona tarafga qarab yurdim. Shangilda suv obchiqar ekanman, hovlining eshigi ochilib Xadicha xolaning qorasi ko‘rindi.
— Hali buyoqdamidingiz, sizni qidirib chiqayotgandim, — dedi Zulxumor xolaga qarab.
— Keling, shu yoqdaman, hashar qilayapman,— tabassum qildi Zulxumor xola.
— Keling siz ham hasharga, mundoq chiqay demaysiz,— o‘pkalagan bo‘ldi onam.
— Mana, chiqayapman-ku, qulluq bo‘lsin, ko‘rpa chiroyli chiqayapti, — dedi Xadicha xola so‘riga kelib o‘tirarkan. Keyin qo‘ltig‘idan yangi tikilgan atlas ko‘ylakni olib yoydi. Atlas ko‘ylak oftobda yaltillab ketdi.
— Voy, buncha chiroyli tikibdi,— hayratini yashirolmadi Zulxumor xola,— to‘g‘risi, bunchalik yaxshi tikadi deb o‘ylamagandim. Qo‘li dard ko‘rmasin.
— Ha, juda chiroyli chiqibdi, menga ham tikib berar¬mikan, — dedi onam ko‘ylakni u yoq-bu yog‘ini aylantirib ko‘rarkan.
— Voy, tikib beradi, qo‘shni, Ra’noxon bunaqa ishlardan sirayam qochmaydi.
Gap shaharlik qiz to‘g‘risida ketayotganini darrov angladim.
— Mana, Zulxumorga tikib berdi, — davom etdi Xadicha xola, — qo‘shni mahalladan ikkita ayol keluvdi. Ulargayam tikib berdi. Mengayam tikib berdi, chiqsangiz ko‘rsataman. Uyam juda chiroyli chiqdi. Zulxumorni ko‘ylagini ertalab bitkazuvdi, endi shirinlik pishirib bermoqchi. Shunga siznikiga elakka chiquvdim. O‘zimiznikini hech topolmayapman, bilmayman, nima qilganman.
— Nima qilmoqchi, tortmi?— so‘radi Zulxumor xola.
— Bilmadim, turkcha pishiriq dedi shekilli, nomi qanaqaydiya, — u peshonasini tirishtirib menga yuzlandi, — nima deb atalardi, sen bilmaysanmi?
Ko‘ylakdan ko‘z uzmay unga javoban yelka qisdim.
— Bu qaerdanam biladi, kuni o‘yin o‘ynash bilan o‘tadi, — meni o‘rnimga javob berdi onam, keyin menga o‘girilib:— Ko‘rdingmi, sen tengi qizni nima ishlar qilayotganini, bor elakni olib chiq, — dedi jerkib. Oshxonadan elakni olib chiqib, Xadicha xolaga tutdim. Onamni ular bilan andormon bo‘layotganidan foydalanib yana tut tagiga chopdim.
Ertasi kuni Xadicha xola elakka qo‘shib, salofan xaltada pishiriq olib chiqdi. Onamdan ulushimni olib yana tut tagiga yugurdim. Shirinlikni Dilfuz bilan taqsimlab yedik. Ustiga yong‘oq qadalgan pishiriq og‘zimda xuddi muzqaymoqdek eridi.
Kechqurun Zulxumor xolanikiga mehmonlar keldi. Hamma bola-baqra Zulxumor xolalar uyi oldida. Hamma o‘z tengilari bilan qandaydir o‘yin bilan mashg‘ul. O‘g‘il bolalar urush-urush o‘ynagan, ayrimlar yashinmachoq, biz ham qizlar bilan aylana bo‘lib o‘tirib besh tosh o‘ynashga kirishgandik. Bir mahal yonimda o‘tirgan Madrim muallimning qizi Iqbol biqinimga turtdi.
— Qara, televizorda ko‘rsatgan, biologiyadan birinchilikni olgan qiz, — dedi darvozaga suyangancha o‘ynayotganlarni kuzatayotgan shaharlik qizni ko‘rsatib.
— Yo‘g‘-e, — dedim ishonqiramay, — rostdanam televizorda chiqqanmi?
— Ha, dadam aytdilar. Yana aytdilarki, bu qiz o‘zbek tilidan tashqari uchta chet tilini bilarkan.
Bir shaharlik qizga, bir unga qarab qo‘yarkanman, bu gaplarni eshitib shaharlik qizga havasim kelib ketdi. Shaharlik qiz bizning o‘zi haqda gaplashayotganimizni sezdi shekilli, yon-veriga qarab o‘ng‘aysizlandi. Ammo lahza o‘tmay o‘zini tutib olib, biz tarafga qarab turaverdi. Uning boqishlarida ilinjga o‘xshagan iztirob bor edi. Uning biz bilan o‘ynagisi kelayapti deb o‘yladim. "Bu yoqqa kel" imosini qilib unga qo‘l silkidim. Mening qo‘l silkiganimni ko‘rib, qizlar ham uni chaqira boshlashdi. Shaharlik qiz nima qilarini bilmay dovdirab turdi-da, ikkilanib biz tarafga kela boshladi.
— Kel, biz bilan o‘ynaysanmi? — dedi Dilfuz unga qarab. Shaharlik qiz “ha” ma’nosida boshini qimirlatdi.
— O‘tir, o‘ynashni bilasanmi?
— Yo‘q, — dedi shaharlik qiz ko‘zlarini pirpiratib, Dilfuz ko‘rsatgan joyga o‘tirarkan.
— Mana, qara,— dedi Dilfuz qo‘lidagi toshlarni ko‘rsatib, — shunaqa beshta tosh bo‘ladi, shuning uchun o‘yinning otiyam besh tosh. Hozir mening olti ochkom bor, yana mening galim, men o‘ynayman, qarab o‘tirsang o‘rganasan. Galing kelganda birlikdan boshlab o‘ynaysan.
Dilfuz shunday deb o‘yinni davom ettirdi. Gal shaharlik qizga keldi. U qo‘liga toshlarni olib, o‘ylanib qoldi. Dilfuz boshqattan toshni qo‘liga olib bir boshdan ko‘rsatib berdi. Shaharlik qiz yana turib qoldi. Dilfuz uning holatini ko‘rib:
— Kelinglar, yaxshisi kartchka-kartchka o‘ynaymiz, — dedi. Keyin shaharlik qizga qaradi: — Sen bilasanmi?
Shaharlik qiz boshini sarak-sarak qilib “yo‘q” ishorasini qildi.
— Oq terakni-chi?
— Yo‘q.
— O‘rtaga tusharni-chi?
— Yo‘q.
— G‘oz va bo‘rilarni?
— Yo‘q.
— Nimani bilasan o‘zi? — Dilfuzning achchig‘i chiqdi.
Shaharlik qiz qo‘lidagi toshga qarab jim qoldi. Uning turishini ko‘rib rahmim keldi. Yaxshisi besh toshni o‘ynayveraylik, shu yaxshi, o‘rganib ketadi dedim Dilfuzga qarab. Yana qizlar bilan aylana bo‘lib o‘tirib oldik.
— Qara, — dedim shaharlik qizga. — Oldin birlarni o‘ynaysan, keyin ikkilik, keyin uchlik, keyin to‘rtlik, keyin final, keyin super final, unda toshlarni osmonga otib qo‘lingning orqasi bilan tutib olasan, qancha tutib olsang, shuncha ochko olgan bo‘lasan, tushundingmi?
U menga xuddi partadoshim Sharifga o‘xshab qarab turar, Sharifga matematikadan qancha o‘rgatmay, tushundim deganday boshini qimirlatib qo‘yar, gal misol yechishga kelganda qanday edi deb so‘rardi. Shaharlik qiz ham xuddi Sharifga o‘xshab boshini qimirlatdi. Shundan keyin o‘yinni boshladik. Gal aylanib unga keldi. U qo‘liga toshni oldi-da, turib qoldi. Uni to‘xtab qolganini ko‘rib, boshlasang-chi, dedim qistab. U shoshirganimdan keyin xuddi o‘yinni boshlamoqchiday toshlarni ajratdi, qo‘shdi, yana ajratdi. Keyin toshlarni hammasini bir qilib qisimladi, qo‘l tomirlari bo‘rtib ketdi. Toshlardan shaqirlagan ovoz chiqdi. U shu holicha bir pas turdi-da, qanday edi deganday yana menga qaradi. Men qolib o‘rnimga qizlar chuvillashib ketishdi.
— Shuniyam bilmaysanmi... mana bunaqa bo‘ladi... qara, bunaqa qilasan...osmonga bunday otasan...haliyam o‘rganmadingmi...o‘zi o‘yin o‘ynab ko‘rganmisan...
Shaharlik qiz har tarafdan chuvillashayotgan qizlarga bir-bir alangladi-da, birdaniga yuzini berkitib yig‘lab yubordi. Keyin o‘rnidan turdi va hovliga chopib kirib ketdi. Shaharlik qizning izidan qarab qolarkanmiz, uning nima uchun yig‘laganini bilolmay, bir-birimizga qarab yelka qisib qo‘ya qoldik.