OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Husniya Pardayeva. Yolg‘izlikdan qochish yohud O‘zgarish (hikoya)

Uni o‘n yildan keyin ham darrov tanidim. Soch turmagi, yuzidagi sovuqqonlik hecham o‘zgarmagan. Kibr bilan qaddini tik tutib, o‘rdak kabi yurishi ham o‘sha-o‘sha. Yonidan o‘tib ketdim-u, ichki bir ovoz yana ortimga qaytishga undadi. Qarshisida o‘zimni yana o‘n yil oldin imtihon topshirayotgan talabadek his qilib, etim junjikdi.
— Assalomu alaykum, siz Shirinova domlasiz-a? — so‘radim unga yaqinlashib.
— Vaalaykum, — dedi u kibr bilan va ust-boshimga ko‘z qirini tashlab, davom etdi, — sizni tanimayroq turibman. Kimsiz?
— Men sobiq talabangizman. Universitetni tamomlaganimga o‘n yil bo‘ldi. Sizni bir ko‘rishdanoq tanidim, — dedim sevinchimni ichimga sig‘dirolmay.
— Rostdanmi?! Men sira o‘zgarmayman! — dedi u havoyi ohangda. 
— Domla, hozir ham dars beryapsizmi? O‘sha kafedrada ishlayapsizmi?
— Tamomlaganimga o‘n yil bo‘ldi, dedingizmi? Buni qarang, haliyam o‘rganmabsiz-da. Domla machitda bo‘ladi, men Universitet o‘qituvchisiman! Agar esingizda bo‘lsa ism-familyamni aytib murojaat qilishingiz mumkin.
Buni qarang, o‘n yil avval ham u talabalarga xuddi shunday degandi: Domla machitda bo‘ladi. Men universitet o‘qituvchisiman! Menga Gavhar Shirinova deb murojaat qiling!..
Yillar insonning xarakteri va dunyoqarashini o‘zgartiradi, turmush sinovlari uni har kuyga soladi deb eshitgandim. Ammo Gavhar Shirinovaning gapirish ohangi, kibrliligi va hatto o‘zini tutishi ham o‘zgarmaganligini ko‘rib, tilimni tishladim.
— Mayli bo‘lmasa, men bora qolay, — dedi Gavhar Shirinova qo‘lidagi soatiga tezgina qarab.
Tavba, o‘n yil avval ham u dars tugaganida qo‘lidagi mana shu soatiga qarab olardi. Bu qilig‘i bilan u doimo bandligini ko‘rsatmoqchi bo‘larmidi yoki soatini ko‘z-ko‘zlarmidi, bilmayman.
— Shu yaqin atrofda yashaysizmi? Biz ham yaqinda ko‘chib keldik, — dedim xijolat bo‘lib.
— Ha, manavi domning orqasidagi uyning ikkinchi qavatida yashayman! O‘zim sotib olganman! — dedi Gavhar Shirinova mag‘rurona.
U bilan xayrlashdim-u, yuragim huvillab qolgandek bo‘ldi. Inson yaqin qadrdonidan ayrilganida shunday ko‘yga tushadi. Men ko‘rinishi-yu, xarakteri sira o‘zgarmagan takabbur o‘qituvchimni ko‘rib, undan ayrilishni istamay qoldim. Kechasi ham tushimda ustozimni ko‘rib chiqibman. Uni yana qayta ko‘rish istagi yuragimda miltillab turardi.
Ertasiga telefon orqali bir dugonam bilan gaplashdim. Unga Gavhar Shirinovani uchratganimni kula-kula aytib berdim.
— E, turqi qurisin o‘shani, — dedi dugonam ensasi qotib, — doim burni ko‘tarilgan. O‘zidan boshqani odam sanamaydi.
— Nimaga bunday deyapsan?
— Bu uzun hikoya, vaqtingni olamanmi degan xavotirdaman, — dedi dugonam istihola qilib.
— Gapiraver, bugun dam olish kuni bo‘lsa, vaqtim bemalol, — dedim qiziqish bilan.
— Erimning bir qarindoshi unga oshiq bo‘lib qoluvdi. Xotini olamdan o‘tganidan keyin o‘shanga uylanamanga tushib qoldi. Bu oyimcha avvaliga rosa noz qildi. Keyin ko‘ngandek bo‘ldi-yu, lekin bir shart qo‘ydi. Nimaymish, nikohdan o‘tmasdan avval uyni uning nomiga rasmiylashtirib berish kerak ekan. Qarindoshimiz laqmalik qilib uning shartiga ko‘ngan. O‘zi-ku mayli, uch bolasining ko‘chada qolishini ham o‘ylamasdan uyni uning nomiga rasmiylashtiribdi. Kichikroq bir davrada to‘yni o‘tkazib, birga yashay boshlashdi. Gavhar Shirinova «Men ishli ayolman. Menga bolaning shovqini, tashvishi yoqmaydi. Ularni qarindoshlaringizga bering» deb erining holi-joniga qo‘ymagan. Eri ham ko‘nib, bolalarini qishloqqa ota-onasinikiga oborib qo‘yibdi.
— Yo‘g‘-e, shunchalikka boribdimi? — so‘radim ishonqiramay.
— Bunisiyam mayli, Gavhar Shirinova olti oy o‘tar-o‘tmas erini jinnixonaga topshirib yubordi.
— Jinnixonaga?..
— Ha, erini jinnixonaga topshirdi. Meni o‘ldirmoqchi bo‘ldi, bu bilan yashash xavfli deb turib oldi. Keyin o‘sha qarindoshimiz rostdan biroz o‘zgarib qoldi. Aytishlaricha Gavhar Shirinova unga qandaydir dorilar ichirgan ekan. Hozir o‘sha tannozga oshiq bo‘lgan qarindoshimiz jinnixonaning bir xonasida tavbasiga tayanib yotibdi.
— Voy, o‘lay, odamni bilib bo‘lmas ekan-da. Tunov kuni uni ko‘rganimda turmushga chiqmagan deb o‘ylamovdim. Ko‘rinishi ham o‘zgarmagan, — dedim eshitganlarimga ishonolmay.
Dugonam bilan xayrlashib, ro‘zg‘or yumushlariga unnadim. Qo‘lim ishda-yu, xayolimda Gavhar Shirinova bilan bog‘liq gap-so‘zlar...
Bir hafta o‘tdi. Ertalab ishga shoshilib ketayotsam, ortimdan kimdir chaqirdi. O‘girilib Gavhar Shirinovaga ko‘zim tushdi.
— Ie, domla, — dedim-u, darrov tilimni tishlab, gapimni tuzatdim, — kechirasiz, Gavhar Shirinova, sizmisiz?
— Ismingizni o‘sha kuni so‘ramabman. Shuncha yildan keyin albatta, unutib qo‘yganman-da, — dedi u hansirab so‘rasharkan.
— Nigora, — dedim kulib, — ishga ketyapsizmi?
— Ishga, — dedi u, — boshqa qaerga ham borardim.
Bu gal uning shashti pastligini ko‘rib, hayron bo‘ldim. Yo‘lda mening qaerda ishlashim, lavozimim to‘g‘risida gaplashib ketdik. Gavhar Shirinova xayralashayotib, menga qo‘lini cho‘zdi:
— Vaqtingiz bo‘lsa, menikiga chiqib turing. Gaplashib o‘tiramiz!
Qarshimda menga do‘stona qo‘l uzatayotgan sobiq o‘qituvchim va kecha dugonamdan eshitganim — makkora ayol turardi. Men bilgan mag‘rur, qat’iyatli o‘qituvchi Gavhar Shirinova bir uyni deb shunday pastkashlikka borgan bo‘lsa-ya, deya o‘yladim ichimda. Balki o‘sha eri rostdanam uni o‘ldirmoqchi bo‘lgandir... Xayollarim chuvalashgandan chuvalashdi...
Ishlarim bilan bo‘lib, Gavhar Shirinova va u to‘g‘risidagi gap-so‘zlar xayolimdan ko‘tarilgandi. Bir kuni qo‘shnimni yo‘lakda uchratib, gaplashib qoldim.
— Tunov kuni sizni bir ayol so‘rab keldi. O‘qituvchingiz ekan, — dedi qo‘shnim.
Miyamga lop etib Gavhar Shirinova urildi. Meni uyimga nega yo‘qlab kelganiykin, deb hayron bo‘ldim. Zarur ishi bordir, deya uyiga boray desam, aniq manzilini bilmayman. Bir kelgan bo‘lsa yana kelib qolar deb kutdim. Oradan uch-to‘rt kun o‘tdi. Dam olish kuni uning uyiga bormoqchi bo‘lib turgandim, birdan o‘zi kelib qoldi.
— Sizni uyingizdan topib bo‘ladimi o‘zi? — dedi Gavhar Shirinova pisanda bilan.
— Voy, ichkariga kiring ustoz, — dedim xursandligimdan o‘zimni qo‘yarga joy topolmay.
— Xo‘jayiningiz uydami?
— Yo‘q, hali ishdan qaytmadi, — dedim.
— Yaxshi, erkak kishi bor joyda odam bemalol o‘tira olmaydi-da. To‘g‘risini aytsam, erkak zotini jinim suymaydi, — deb u divanga borib o‘tirdi.
Uning gapini eshitib, dugonamning hikoyasini esladim. Gavhar Shirinova dasturxon yozishimga qo‘ymadi.
— Uyimizga bir kelib qolibsiz, — dedim qo‘yarda-qo‘ymay dasturxonni yozib.
— Ko‘rinishingizdan sadoqatli insonga o‘xshaysiz. Buning ustiga ayol kishisiz, meni tushunasiz, deb o‘ylayman. O‘qituvchiligimni, sizga ta’lim berganimni ham unutmagan bo‘lsangiz kerak. Sizga ishonsam bo‘ladimi?
Uning savoli meni gangitib qo‘ydi. Biron sirini aytsa-ya, degan o‘ydan yuragim orqaga tortib ketdi.
— Mayli, gapiravering. Men og‘zimga mahkamman!
U cho‘ntagini kavlab, bir tuguncha chiqardi. Keyin esa menga tutqazib, davom etdi:
— Bular mening halol mehnatim orqasidan yig‘ib-terganlarim. O‘zingiz bilasiz, yolg‘iz yashayman, uyimda qorovulim yo‘q. O‘zim erta ketib, kech qaytaman. Qo‘ni-qo‘shnilarimning halol odamligiga ishonolmayman. Uyimning qarovsizligidan foydalanib, bitta-yarimtasi o‘g‘rilikka kiradi, degan xavotirdaman. Axir uzzu kun bularni yonimda olib yurolmayman-ku...
— To‘g‘ri, tunov kuni birinchi qavatdagi qo‘shninikiga o‘g‘ri kiribdi deb eshitdik. Qimmatbaho taqinchoqlarini, pul-mulini olib ketibdi. Siz ham shuni eshitgandirsiz-da.
— To‘g‘ri, o‘sha o‘g‘rilikni eshitib, xavotirim oshdi, — dedi Gavhar Shirinova jonsaraklik bilan.
— Lekin men birovni omonatini ololmayman. Qo‘rqaman!..
— Ie, nega qo‘rqasiz?! — deya u xoxolab kuldi, — nimadan tillalardanmi? Tilladan qo‘rqqan odamni birinchi marotaba ko‘rishim. Olavering, bularni sizga vaqtincha beryapman.
— Taqinchoqlaringiz qimmatbahoga o‘xshaydi. Qo‘ying, men omonatga javob berolmayman. O‘zim ham ishlayman, kunduzi uyda bo‘lmayman, — dedim javobgarlikni o‘zimdan soqit qilib.
— Mayli, zorimiz bor-u, zo‘rimiz yo‘q! Men sizga ishonganimdan uyingizga keluvdim. Bunchalik qo‘rqoqligingizni bilganimda kelib ovora bo‘lmasdim, — dedi u o‘rnidan turayotib.
Noqulay ahvolga tushib qoldim. Uning omonatini olib qolay desam, javobgarligidan qo‘rqaman. Rad etsam, o‘qituvchim uyimdan chorasizdek mung‘ayib chiqyapti.
— Bugun xo‘jayinimdan so‘rab ko‘ray, rozi bo‘lsa ertaga buyumlaringizni olish uchun o‘zim uyingizga boraman, — dedim oradagi vaziyatni yumshatish uchun.
— Mayli, kutaman!.. — dedi u istehzoli jilmayib.
Kechgacha o‘qituvchimning omonati to‘g‘risida o‘yladim. Erim ishdan qaytganida unga og‘iz soldim.
— Kerakmas! Birovning omonatini olib, boshimni g‘avg‘oga qo‘yma!.. — dedi erim qat’iy.
Tuni bilan o‘qituvchimga erimning qarorini qanday aytishni bilolmay, o‘ylanib chiqdim. Ertasiga ertalab o‘qituvchimning uyini surishtirib topdim. Ro‘paradagi uyning ikkinchi qavatida joylashgan xonadonning eshigini taqillatdim. Hayal o‘tmay, qarshimda Gavhar Shirinova paydo bo‘ldi.
— Kechirasiz, ishga ketayotganmidingiz? — so‘radim hovliqib.
— Keling, kechasi bilan uxlamay o‘yladingizmi deyman, — dedi o‘qituvchim meni uyga kirishga taklif etib.
— Yo‘q, kirolmayman! Ishga shoshilib turibman. Kechagi taklifingizni xo‘jayinimga aytgandim, ruxsat bermadi. Kechirasiz, men erimning gapini ikki qilolmayman, — dedim yerga kirgudek bo‘lib.
— Mayli, shunday deyishingizni biluvdim, — dedi u quruqqina qilib va xayrlashishni ham nasiya qilib eshikni yuzimga yopdi.
Eshik orqasida mulzam bo‘lib qolaverdim. Uning mag‘rur va qat’iyatliligini bilardim. Bugun esa xudbinligini ham ko‘rdim. Jahlim chiqib, ko‘chaga chiqdim. Yuzimga sovuq shamol urilib, o‘zimga keldim.
Kunlar o‘tdi. Ko‘nglimda Gavhar Shirinova bilan bog‘liq noxushlik bo‘lsa ham uni eslamay qo‘ygandim. Ishdan qaytayotsam, qo‘shnim o‘qituvchimnikiga borishim kerakligini aytib qoldi.
— Uf-f, shu o‘qituvchim ham jonimga tegdi-da, — dedim asabim taranglashib.
— O‘zi nega sizni buncha so‘roqlab qoldi?
— Bilmasam.., — dedim-u, uyimga kirib ketdim. Qo‘shnimga o‘qituvchimga oid gaplarni gapirib o‘tirgim kelmadi.
Ertasiga ham, indiniga ham uning uyiga borishga fursatim bo‘lmadi. Uchinchi kuni ishdan vaqtliroq ruxsat so‘rab, istamaygina unikiga chiqdim.
— Keldingizmi, nihoyat, — deya Gavhar Shirinova meni qarshi oldi.
Uning rang-ro‘yi siniqligini ko‘rib, tobi yo‘q bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Hol-ahvol so‘rashib ichkariga kirdim. Uyi shinam va ortiqcha dabdabasiz ekan. Xona burchagidagi shkafda kitoblar terib qo‘yilgan. Bir tomonda kompyuter va printer qo‘yilgan stol turibdi. 
— O‘tiring, — dedi Gavhar Shirinova o‘rindiqni ko‘rsatib.
O‘zi ham qarshimdagi o‘rindiqqa o‘tirdi.
— Qo‘shnim aytdi, chaqirtirgan ekansiz? — dedim uning ko‘ziga qaramaslikka urinib.
— Uch kun bo‘ldi-ku, ayttirib yuborganimga, — dedi u xo‘rsinib, — jigaringiz bo‘lmaganimdan keyin nega chaqirdiykin, deb xavotirlanmaysiz-da, to‘g‘rimi?
Uning menga bu tarzda gapirishi og‘ir botdi. Xuddi biron og‘irimni yengil qilib qo‘ygandek pisanda qilishini-chi?! Tag‘in o‘sha kuni o‘zi uyidan quvib solgandek qilgandi.
— Kechirasiz, nima gapingiz bo‘lsa ayta qoling, men shoshilib turgandim, — dedim biroz iddao bilan.
— Shundaymi? Sizni chaqirtirganimga sabab o‘sha kuni tobim qochib qoluvdi. Haroratim qirqqa ko‘tarilib, o‘rnimdan turolmay qoldim. Og‘zimga bir piyola suv tutadigan odam topolmadim. Sizni o‘zimga yaqin olib, ayttirgandim-da.
— Voy, betobligingizni eshitmabman. Bo‘lmasa albatta, kelardim, — dedim oqibatsizligimdan uyalib.
— Hayot qiziq ekan. Inson yosh, kuch-quvvatga to‘la paytda o‘zini barcha ishga qodirdek his qiladi. Eng yomoni, o‘shanda inson doimo shunday qolaman deb o‘ylaydi. Bu xatosini anglaganida, yoshlik shijoatini yillar suroni yulib ketgan bo‘ladi, — dedi Gavhar Shirinova og‘ir xo‘rsinib.
— Nega unday deysiz? Siz haliyam avvalgidek chiroyli, kelishgan ayolsiz. Hech kim sizni turmushga chiqqan ayol, deb o‘ylamaydi, yosh ko‘rinasiz, — dedim unga taskin berib.
— E, bu yosh ko‘rinishga o‘t tushsin. Bu chiroy joning og‘riganida dori, yolg‘izligingda suyanchiq bo‘lolmaydi. U yamlamay yutishga payt poylayotgan ajdahoga o‘xshaydi. Qachondir domiga tortishini sezaman... Ayol bo‘lsam-da, erkaklarni hurkitadigan vajohatim, qat’iyatim bor edi. Aslida erkaklardan nafratlanaman, ularni ko‘rgani ko‘zim yo‘q! Oilada to‘rt qizmiz. Otam «menga o‘g‘il tug‘ib bermading» deb onamni yigirma besh yoshida tashlab ketgan. Onam bechora, qirq yil beva bo‘lib yashadi. O‘g‘il farzand-u, qiz bola farzand emasmi? Qiz deb bizni tashlab ketgan otamga ko‘rsatib qo‘yish uchun ham maktabda a’loga o‘qib, institutga o‘qishga kirdim. Talabaligim ham og‘ir o‘tdi. Qiyinchiliklar mening maqsadimni yanada qat’iylashtirdi. Institutni tamomlaganimdan keyin poytaxtda ishlashga qaror qildim. O‘qituvchim meni o‘ziga shogird qilib institutga ishga olib qoldi. Uch yil ishladim. Bu paytda uyimizga ko‘plab sovchilar kelishdi. Otamdan nafratlanganim uchun boshqa erkaklarni ham xushlamasdim. Men tegadigan er ham otamdek xudbin, o‘z manfaati uchun mendan osongina voz kechib ketadi deb o‘yladim va sovchilarga rad javobini berdim. Yillar o‘tdi. O‘ttiz yoshga yetganimda uyimizga yana sovchi keldi. Xotini o‘lgan bir erkak menga uylanmoqchi ekan. Qiz bola bo‘laturib, ikkinchi xotin bo‘lamanmi deb fig‘onim falakka ko‘tarildi. Bir yarim yildan keyin farzandsizlik tufayli xotinidan ajrashgan bir erkak qo‘limni so‘radi. Onamga maslahat soldim. Onam «Xotini tug‘magan ekan. Senga uylanganida ham farzandli bo‘lmasa-chi, unda ahvoling nima kechadi? Bir umr tirnoqqa zor bo‘lib o‘tasanmi?» deb tegishimga rozi bo‘lmadi. Taqdirimga tan berib, hayotimda davom etdim. Ikki yil oldin bir erkak «Menga turmushga chiqing» deb holi jonimga qo‘ymadi. Olti oy rad javobini berganimdan keyin nihoyat, rozi bo‘ldim. To‘ydan avval uyini mening nomimga rasmiylashtirib berishini talab qildim. Nihoyat, uy mening nomimga o‘tib, biz turmush qurdik. Uning bolalarini «menga kundoshlik hasratini eslatmasin deb» qishloqdagi qarindoshlariga berib yubordik. Garchi sevib turmush qurmagan bo‘lsam-da, erimga ko‘nglim bor edi. To‘rt-besh oy ahil yashadik. Bir kuni u mendan «Sen nega homilador bo‘lmaysan?» deb so‘rab qoldi. Bu narsa meni ham o‘ylantirardi-yu, lekin yurak yutib birovga aytolmasdim. O‘sha kuni erimdan yashirib, ayollar shifokoriga bordim. Tekshiruvlardan keyin mening farzand ko‘rolmasligimni aytishdi. Bu xabarni eshitish menga oson bo‘lmadi. Ko‘zimga dunyo tor ko‘rinib, yuragim tilka pora bo‘ldi. O‘zimni chorasiz, yolg‘iz his qildim. Bir necha kun siqilib yurganimdan keyin to‘satdan xayolimga bu gapni eshitsa erim meni uydan haydaydi degan o‘y keldi. Soat sayin bu fikrdan yuragim vahimaga to‘lib borardi. O‘ylay-o‘ylay axiyri erimni bu uydan haydashim kerakligini tushundim. Arzimagan janjalni bahona bo‘lib, unga keting, siz bilan ortiq yashamayman, dedim. Shunda u menga pichoq o‘qtalib, o‘ldirishini aytdi. Bu holat ikki marta takrorlandi. Uning qo‘lida o‘lib ketishimdan qo‘rqib, tez yordamni chaqirdim. Erimni o‘sha kuni jinnixonaga olib ketishdi. Mana bir yildirki, u jinnixonada yotibdi. Uy esa menga qoldi.
— Uning bolalariga achinmadingizmi? — so‘radim dugonamning gaplari esimga tushib.
— Bolalarga achinaman, lekin qishloqda ularning o‘z uylari, boshpanalari bor. Meni esa na uyim, na qo‘nimim bor. Undan keyin ularga o‘z otasi achinmadi-yu... Mana ko‘rdingizmi, erkaklardan nafratlanishimga yana bir sabab bor. Men hammasidan charchaganman! Shuncha qiyinchiliklarimdan keyin tekkan erim jinni bo‘lgani menga alam qiladi. Ikki oy avval onam olamdan o‘tdi. Shundan beri o‘zimni yana ham ojiz, chorasiz his qilib qoldim. Hech bir ishga xafsalam, toqatim qolmagan. Uzoqlarga ketgim keladi. Lekin yolg‘iz, ayol boshim bilan qaerga ham sig‘ardim? Umrimning so‘nggi damigacha shu uyda qolsam kerak.
— Bunchalik tushkunlikka tushmang! Boshingizga tushganlari taqdirning hukmi.
— Tasalli bermang, eshitishga toqatim yo‘q! Sizdan bir iltimos, menikiga tez-tez chiqib, xabarlashib turing. Tag‘in o‘lib-netib qolsam...
— Nafasingizni issiq qiling-e!
— Yolg‘iz o‘zi yashaydigan ayrim o‘ris kampirlar bor-ku, o‘shalarning o‘lganini hatto qo‘shnilari ham sezishmaydi. Jasadi bir necha kun uyida qolib ketganidan keyingina uni chiqarib ko‘mishadi. Men ham bir kuni o‘shanday ahvolga tushib qolishdan qo‘rqaman!
Shu tobda unga qarab achinib ketdim. Gavhar Shirinovaning ko‘zlarida yosh halqalanardi.
— Siz uzoq umr ko‘rasiz! Men siznikiga tez-tez chiqib turaman. O‘zingiz ham chiqing, uyimizni bilasiz, — dedim ketishga chog‘lanib.
— Mayli ko‘ramiz. Hozircha esa qiladigan ishlarim ko‘p, — dedi u ma’yus tortib.
Bir necha kungacha Gavhar Shirinovaning gaplarini ta’siridan chiqa olmadim. Tavba, gadoy libosidagi malikaga o‘xshaydi. Yolg‘izlikdan azob chekayotgan o‘qituvchimga bir achinsam, bir uning xudbinligi, mag‘rurligi shu kuyga soldi deb qoralayman.
Dushanba kuni ishdan qaytayotib, bekatda Gavhar Shirinova bir bola bilan turganiga ko‘zim tushdi.
— Bozorga tushganmidingiz? Keling bitta sumkangizni men ko‘taraman, — deb unga qo‘limga uzatdim.
— Kerakmas, o‘zim eplayman! — dedi u keskin.
Avtobusda yo‘l bo‘yi gaplashmadik. Gavhar Shirinova bolakayga mehribonlik bilan nimalarnidir gapirar, derazadan go‘zal manzaralarni ko‘rsatardi. Bekatga tushib, uning yonidagi bolaning kimligiga qiziqdim.
—O‘sha kuni yaxshilab o‘ylab, qishloqqa borishga qaror qildim. Erimning uch bolasini olib keldim. Endi ularga o‘zim qarayman, g‘amxo‘rlik qilaman.
— Rostdanmi?! — Uning gapiga ishonolmay nariroqda turgan bolaga qaradim.
— Bu kattasi, —  dedi u bolaga ishora qilib, — ikkitasi uyda. Ularni uyimiz yaqinidagi maktabga joylashtirish harakatida yuribman. Endi ular mening bolalarim. Uchovini ham o‘qimishli, uyli-joyli qilaman. Ko‘rasiz, hademay bir etak nevarali buviga aylanaman!.. 
Gavhar Shirinova to‘lib-toshib gapirardi. Uning ko‘zlari mehrga, umidga to‘la edi. 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.