Azamatning bor umidi shu ishidan edi. O‘tgan hafta kelganida boshliq “Bizga ishchi kerak. Keyingi hafta keling, albatta, qabul qilamiz” deganida o‘zida yo‘q sevinib ketgandi. Bir hafta tilla topgan gadoydek ko‘ngli to‘q bo‘lib yurdi. Bugun tongda uyg‘onib, soqolini oldi, o‘ziga oro berdi. Xotinining nonushtasiga ham qaramay, yo‘lga otlandi. Uning hayajondan yuragi dukillab urar, ichida ishqilib olsinda, degan so‘zlarni minginchi bor takrorlardi ehtimol. Yetib kelganida boshliq tugul hatto kotiba, xodimlar ham ishga kelmagan ekan. Darvozani ochgan qorovul chol unga norozilanib to‘ng‘illadi:
— Ishchilar kelishsin, keyin kirarsan!
Qorovulning iddaosi ham Azamatning kayfiyatini buzolmadi. U chekkaroqqa o‘tib, umidli nigohini mashinalar g‘izillab o‘tayotgan ko‘chaga tikdi. Qaniydi, tezroq boshliq kela qolsa-yu, u tayinlangan ishni boshlasa. U ko‘proq ishlashni, namunali xodim bo‘lib, boshliqning nazariga tushishni orzulab, xayolga berildi. Kunlar shamoldek o‘tib, maosh tarqatiladigan kun keladi. U qo‘liga tushgan pullarni tiyinini ham ishlatmasdan uyiga olib boradi. Xotiniga, bolalariga qanday ishlaganini shu pullar ko‘rsatadi...
— Hoy, boshliq keldi, kirmaysanmi? — dedi qorovul chol bir payt bepisand ohangda.
Azamat cho‘chib tushdi. Uyqudan uyg‘oniboq, xushxabar eshitgan odamdek sevinib, ichkariga kirdi. Kotiba “biroz kuting” deb uni o‘rindiqqa taklif etdi. Azamat bir soat kutdi. Boshliq muhim masalani hal qilayotganini aytishdi. Devordagi soat millari Azamatning asab tomirlarini uzmoqchidek borgan sari balandroq chiqillardi. U betoqatlik bilan dahlizga chiqdi. Xodimlarning u yoqdan buyoqqa o‘tayotganini ko‘rib, birozdan keyin o‘zi ham o‘shalar orasida bo‘lishini o‘ylab, entikib jilmaydi. Kotiba unga ichkariga kirishini aytdi.
— Kechirasiz, hozircha ishchi qabul qila olmaymiz. O‘zimiz ishchilarimizni bo‘shatyapmiz. Tashkilotning moliyaviy ahvoli shuni talab qilyapti, — dedi boshliq quruqqina qilib.
Azamatning birdan bo‘shashib ketdi. Boshliqning yuziga umid bilan mo‘ltiradi. Uning turqi o‘zgarmaganini ko‘rib, chorasiz o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Oyoq-qo‘llari o‘ziga buysunmay, oldinga ildamladi. Birozdan keyin Azamat o‘zini mashinalar qatnovidagi ko‘chada ko‘rdi. Yuragini yana o‘sha yoqimsiz, ezgin hislar egalladi. Adashib qolgan bolakaydek atrofga alangladi. Oyoqlari yana unga buysunmay odimlardi.
— E, ko‘zingga qaramaysanmi naynov! — dedi haydovchilardan biri o‘dag‘aylab.
Azamat mashina yo‘lida turganini ko‘rib, qo‘rqib ketdi. Haydovchidan uzr so‘rashni ham unutib, chekkaga o‘tdi. Mashinalar katta yo‘ldan g‘izillab o‘tar, yo‘lning narigi tomoniga o‘tishning iloji yo‘q edi. Azamat ortga qayrilib, yo‘lak bo‘ylab keta boshladi. U shu damda nima haqida o‘ylashni ham bilmasdi. Avvallari ish yo‘qligini eshitganida yuragiga o‘t ketgandek bo‘lardi. O‘zini kamsitilgandek his qilib, junbushga kelardi. “Shuncha odam ishlab yuribdi-ku. Nega bitta menga ish topilmas ekan. Ulardan qaerim kam?..” derdi alam bilan so‘kinib. Bugun esa hech narsa demadi, so‘kinmadi. Go‘yo hammasi shunday bo‘lishi kerakdek bo‘shashib ortiga qaytdi.
— Akajon, sadaqa bering! Bolalaringizni rohatini ko‘ring, qo‘sha qaring, iloyim!.. — deya qarshisida qo‘l cho‘zib turgan lo‘li bolani ko‘rib, yuzi burishib ketdi. Keyin esa lo‘li bola ushlab olgan qo‘lini siltab oldinga intildi. Bolakay unga yanayam qattiqroq yopishib oldi. Azamat bolani itqitib tashlamoqchi bo‘ldi-yu, uning ko‘zidagi umidni ko‘rib, g‘alati bo‘ldi. Bu beg‘ubor tilanchi bolaning nigohidagi umidni uloqtirib tashlayolmadi. Beixtiyor cho‘ntagiga qo‘l suqdi. Barmoqlariga yuz so‘mlik pul ilashib chiqdi. Azamatning qo‘lidan pulni olgan bola duo qilib, uzoqlashdi. U bolakayni ortidan bir muddat tikilib turib, yana qayta cho‘ntagini kavladi. Qup-quruq. Azamat bolakayga berib yuborgan oxirgi puliga achinmadi. Avvallari tilanchilarni ko‘rsa Azamatning ensasi qotib, jahli qo‘zirdi. Bugun esa undan jirkanmadi.
Yo‘lda bir-ikki tanishiga duch kelgan Azamat ularning oldida gaplashib turmasdan tezroq uzoqlashishni lozim topdi. Chunki ishi, maoshi to‘g‘risida surishtirishlarini istamasdi. Uyiga qaytay desa, yana ish topolmaganini xotiniga qanday aytadi? Bu safar Muyassarning fig‘oni falakka chiqishi tayin. Axir besh oydan beri erining bugun topaman, ertaga albatta, ishga kiraman deya qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirishiga zo‘rg‘a chidab turibdi. Bir-ikki marta ro‘zg‘ordagi kamchiliklarni aytib, Azamatdan baloga qoldi.
— Menam o‘ynab yurganim yo‘q-ku, ish izlayapman. Nasib etsa bugun albatta, topaman, — deb chiqib ketardi Azamat.
Kechqurun esa suvga tushgan mushukdek shumshayib kirib borardi. Xotinining savolomuz nigohiga qarayolmay, charchaganini bahona qilib, yotoqxonaga o‘zini urardi. Birozdan keyin bolalari chiqib, ovqatga chaqirar, u esa istar-istamas tashqaritga chiqardi.
Bugun esa kuzning so‘nggi yaprog‘i uzilib tushgandek Azamatning yuragi ham bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgandi. U tentirab kechgacha ko‘chalarni kezdi, qorong‘i tushganida uyiga kirib bordi.
— Bugun boshliq kelmadi, ertaga kelarmish, — deb yolg‘onladi Azamat xotinining ko‘ziga qarayolmay.
— Uf, o‘lsin shu ertasi ham hech tugamas ekanda. Yaxshisi, o‘zim ishga chiqaman. Bir bekat narida yangi supermarket ochilibdi, borib ko‘rdim. Farrosh kerak deyishdi. Ertaga boshlig‘iga kirib, ishga kirishimni aytaman!
Azamat xotinida bunchalik qat’iyat borligini bilmagandi. Uni endi ko‘rayotgandek angrayib qoldi. Xotini ovqat yeyishga undadi. Ammo Azamatning tomog‘idan ovqat o‘tmay, yana yotoqxonaga kirdi. “Menga nima jin urgan o‘zi? Nimaga borgan joyimda ish yo‘q, deb qaytaraverishadi. Yo peshonamga “kasofat” deb yozib qo‘yilganmi?..” deya unsiz yig‘lardi u. Bolalarini uxlatib bo‘lgach, xotini yoniga kirdi. Muyassar chiroqni o‘chirib, og‘ir xo‘rsindi. Azamat xotinining alamdan baqirib-chaqirishini, yig‘lab-siqtashini istardi. Hech bo‘lmaganda yuragidagi g‘uborlarni chiqarib tashlasa, ichiga yutmasa deydi. Biroq Muyassar indamaydi, xo‘rsinishdan nariga o‘tmaydi. Azamat qorong‘ida ko‘rmasa-da, xotinining shiftga termilib yotganini sezib turar, ortiq bunday sukunatga bardoshi yetmasdi. O‘rnidan turib, ko‘ylagini kiydi. Eshikni yopganida ham Muyassar miq etmadi. Azamat hovliga chiqib, chuqur nafas oldi. Ko‘zi osmondagi g‘ujg‘on yulduzlarga qadaldi. O‘zining yorug‘ yulduzini qidirdi, topolmadi. Ishonmay, yana qayta sinchiklab ko‘zdan kechirdi. Yo‘q. Uning tole yulduzi yo‘q. Azamatning yuragi uvishdi. Bolaligidan unga hamroh bo‘lgan, ko‘zini quvnatgan eng yorug‘ yulduzi bugun ko‘rinmasdi. To‘yib yig‘lagisi, samoni tit-pitini chiqarib bo‘lsayam o‘z yulduzini topgisi keldi. Qo‘li yetmasligi, chorasizligi alam qilib ketdi. Esida, bolaligida yoz keldi deguncha kechasi hovlidagi keng karovatda akalari bilan yotardi. Azamat eng chekkadagi o‘rinda uxlardi. Akalari kuni bo‘yi ishlaganidan tezda uyquga ketishar, Azamat bo‘lsa yarim tungacha osmon to‘la yulduzlarga mahliyo bo‘lib tikilardi. G‘ujg‘on yulduzlar orasidan eng yorug‘ini o‘ziniki qilib tanlagandi. U har kuni o‘z yulduzini soatlab tomosha qilardi. Mitti yuragi kun kelib u ham yulduzi kabi kattakon, taniqli odam bo‘lishini uqtirardi. U institutga o‘qishga kirganida ham, keyinchalik ishlab, shaharda uy-joyli bo‘lganida ham kechalari osmonga qarab, o‘z yulduziga termilishni kanda qilmadi. Yulduzi ham uning intiqligini sezgandek yarqirab paydo bo‘lardi. Bugun undan dom-darak yo‘q. Azamatning yuragi g‘ashlanib, hovlidagi o‘rindiqda biroz o‘tirdi. Keyin uyiga kirib, uyquga yotdi. Tushiga ham yulduzi kiribdi, Azamat uni axtarib yurganmish.
Ertalab shikasta ruh bilan uyg‘ongan Azamat o‘g‘lidan onasini ishga ketganini eshitib, g‘alati bo‘ldi. Muyassarning kechagi shahdi haq ekanligini sezdi. Qizi maktabga ketgan, o‘g‘li o‘yinchoqlarini o‘ynab o‘tirardi. Azamat ularga nonushta tayyorlab berib, o‘zi televizorga tikildi.
— Dada, ko‘chaga chiqaman! — dedi o‘g‘li injiqlanib.
— Ko‘chada nima qilasan, manavi o‘yinchoqlaringni o‘ynab o‘tirsangchi, — dedi Azamat jerkinib.
O‘g‘li uch yoshga kirgan bo‘lsayam ko‘ngli bo‘sh edi, darrov yig‘lab yubordi. Azamat uni ko‘chaga olib chiqishdan o‘zga chorasi qolmaganini payqab, kiyindi. Yo‘lakcha bo‘ylab yurishdi.
— Dada, chuppa chups! — dedi o‘g‘li nariroqda turgan sotuvchi ayolning oldidagilarga imo qilib.
— Ertaga olib beraman.
— Yo‘q, hozir olib bering!.. — deya xarxasha qildi o‘g‘li.
Sotuvchi ayol bolakayning umidvorligini sezgandek unga qarab yaltoqlandi:
— Chuppa chups xohlaysanmi, aylanay. Dadasi, shu shirin bolaga obera qoling.
Azamat o‘g‘lining bilagidan tutib, ketishga chog‘landi.
— O‘lsin endi shu besh yuz so‘mlik konfetni obermasangiz...,— Sotuvchi iddao bilan chimirildi.
— Obera qoling!.. — dedi bola yig‘lab.
O‘g‘lining ko‘z yosh to‘kishi Azamatning jahlini chiqardi. Uni siltab oldinga yurmoqchi edi, o‘g‘li tixirlik qilib turib qoldi.
— Yur!.. — deya o‘dag‘aylagancha o‘g‘lining yuziga qaragan Azamat uning nigohida u limmo-lim iltijoni ko‘rib, g‘alati bo‘lib ketdi. Bolaning ko‘zida kuchli xohish-istak, alam o‘rnashib qolgandek edi. Bu umidvor nigohlarni rad etishga inson zotining bardoshi yetmaydigandek edi. Azamat beixtiyor cho‘ntagini kavladi. O‘g‘lining iltijoli nigohi, sotuvchining g‘olibona tabassumi uni dovdiratib qo‘ygandi. Cho‘ntaklarini qayta-qayta kavlashtirdi, hech vaqo yo‘q.
— O‘g‘lim, hozir shoshilib chiqibman. Uyga kiraylik, pul olib chiqib olib beraman, — dedi Azamat yumshoqlik bilan.
— Yo‘q! — O‘g‘lining o‘jar, jarangdor ovozi yangradi.
Azamat yana o‘tindi. Axiyri bolakay otasining gapiga ishonib, unga ergashdi. Sotuvchi xotinning esa yana alamli g‘o‘ldirashi eshitildi.
Azamat uyga kirib, o‘zini vannaxonaga urdi. Yuragini to‘ldirib yuborgan alam o‘kirik bo‘lib otilib chiqdi. U baquvvat kaftini og‘ziga to‘sib yig‘lardi.
Muyassar kechasi qaytdi. Uning horg‘in chehrasi, siniqqan rangiga qarab Azamatning yuragidagi iztiroblar junbushga keldi. “Ertaga o‘zim ishga chiqaman!” dedi tishlarini g‘ijirlatib.
Muyassar unga yovqarash qildi. Azamat uning nigohlariga dosh berolmadi.
U soatni tonggi beshga uyg‘otadigan qilib, uyquga ketdi.
Soat bir marotaba jiringlashi bilan o‘rnidan dik etib turdi. Oyoq uchida yurib, dahlizga chiqdi. O‘n besh daqiqada kiyinib, ko‘chaga otlandi. Xotinining sezmagani uni quvontirar, nazarida bugun omadi kelib, ish topadigandek tuyulardi.
U ancha yo‘l bosdi. Bir necha ishxonaga kirib chiqdi. Ulardan jo‘yali javob ololmagach, yo‘lida davom etdi. Bugun shaharni piyoda aylanib chiqsayam ish topishi kerak. Shu payt ko‘zi yo‘l yoqasidagi simyog‘ochga yopishtirilgan “Daromadli ish” deb yozilgan qog‘ozchaga tushdi. Yuragi quvonchdan ko‘ksini yorib chiqqudek edi. Qog‘ozchani olib, obdon ko‘zdan kechirdi. U yerda ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qilishni o‘yladi. Yonidan yelib-yugurayotgan yo‘lovchilardan telefon so‘radi. Go‘shakni yoqimli ovozli qiz ko‘tardi. U ishxona manzilini aytdi. Telefonni minnatdorona egasiga qaytarayotgan Azamat aytilgan manzilga uchib borgudek edi.
Aytilgan joy uzoq bo‘lgani uchun Azamat tushlikdan keyin kirib bordi. Ishxona ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida joylashgandi.
— Biroz kuting, ichkarida odam bor, — dedi yosh qiz uni taklif qilib.
Azamat o‘rindiqqa cho‘kdi. Boshliq bilan bo‘ladigan suhbatni xayolan o‘yladi. Bu gal ishga kirishini ta’kidlayotgandek yuragi gursillab urardi. Nihoyat, ichkaridagi kishi chiqib, Azamat kirdi. Boshliq o‘rta yoshli, jussasi miqtigina kishi edi. Azamat bilan quyuq so‘rashib, o‘tirishga taklif qildi.
— Avval ishlaganmisiz?
— Ishlardim, besh oy avval ish o‘rni qisqartirilib, bo‘shadim. Keyin bir-ikki joyga ishga kirdim, ba’zilari menga to‘g‘ri kelmadi, ba’zilarida ishlab ketolmadim.
— Shunday deng, — dedi salmoqlanib boshliq va Azamatga ta’na nazari bilan qaradi, — unday bo‘lsa, bizning ishni ham to‘g‘ri kelmaydi desangiz-chi...
— Yo‘q, unday demayman! — dedi jon holatda Azamat, — qanday ish bo‘lsayam qilaveraman!
— Ishni og‘ir-engil deb o‘tirmaysiz, shundaymi? Ko‘rinishingizdan sport bilan shug‘ullanadiganga o‘xshaysiz... — deb ijikiladi boshliq.
— Akajon, aytyapman-ku, hamma ishni qilaman deb. Faqat ishlasam, maosh olsam bo‘ldi. Oilam qiynalib qoldi. Bolalarniyam yeb-ichishi... — deya kalovlandi Azamat.
— Biz yaxshi maosh to‘laymiz. Ish ham siz aytganchalik og‘ir emas. Lekin ikkita shartimiz bor...
— Qanday shart?
— Avvalo, bizning ishimiz maxfiy ish. Og‘zingizga mahkam bo‘lsangiz, topshirig‘imizni so‘zsiz bajarsangiz, qo‘lingizga mo‘maygina pul tushadi. Axir sizga pul kerak-ku.
— U qanday ish ekan? — deb ajablandi Azamat.
— Buni keyinroq aytamiz. Bugun uyingizga boring, yaxshilab dam oling. Ikki-uch kun ichida buyurtma olamiz. Keyin sizni chaqirtirib, ishni topshiramiz.
— Haydovchilikmi? Boshqa davlatga mol olib borish kerakmi?— so‘radi Azamat betoqatlanib.
— Aytyapman-ku sizga, bizning ishimizda qiziquvchanlik, shoshma-shosharlik yaramaydi. Sizga pul kerak, bizga esa yaxshi ishchi. Ishingizni ko‘ngildagidek bajarsangiz, sizni ham, bizniyam oshig‘imiz olchi bo‘ladi. Haydovchilikka kelsak, sizga topshiradigan yumushimiz ham shunga o‘xshash. Bizning ishda sizdek o‘nlab xodimlar ishlashadi, ko‘nglingizni to‘q qiling!
Azamat uyga quvonib qaytdi. Xotinining “nega ketib qoldingiz, men ishga borishim kerak edi” deb jig‘ibiyron bo‘lishi ham asabini buzmadi. Faqat uni yupatish uchun “Endi seni ishlashing shart emas! Men zo‘r ish topdim, maoshiyam ko‘p” dedi. Muyassar bu gal ham eri aldayotganini tusmol qilib, xo‘rsinishdan nariga o‘tmadi.
Ikki kun o‘tib, Azamatni telefon orqali chaqirishdi. Nihoyat, ishi yurishganidan uning og‘zi qulog‘ida bo‘lib uydan chiqdi. Uni o‘sha boshliqning o‘zi kutib oldi.
— Hozir sizni bir joyga olib borishadi. U yerdan molni olib, xorijiy davlatga yetkazib berasiz. Pasportingizni bering, samolyotga bilet olish kerak. Ishni bitirib qaytganingizda ulushingizni olasiz! — dedi erkak xayrixoh ovozda.
Azamat qirq yoshlardagi tepakal erkak bilan aytilgan joyga bordi. U xonadonda birga ketadigan yosh bir ayol ham bor edi. Bilet olinib, samolyot jo‘nashiga qisqa vaqt qolganida ularning qo‘liga maxsus kapsulalarni berishdi. Azamat avvaliga tushunolmadi, keyin esa barchasini tushunib, bosh tortdi. Erkak unga qirg‘iyqarash qildi. Azamatning ko‘z oldiga ko‘chadagi konfetga talpingan o‘g‘li, uning umidli javdirashi keldi. O‘g‘lining ko‘nglini o‘ksitmaslik uchun ham barchasiga roziligini tuydi. Erkakning imosi bilan kaftidagi uchta kapsulani birin-ketin yutdi. Ayol ham uning qilig‘ini takrorladi.
— Sizlarni u davlatning aeroportida kutib olishadi. Biron kishiga sezdirmasdan, miq etmay yuringlar, tushunarlimi? — dedi erkak tahdidomuz.
Azamat bilan ayolni samolyotga chiqarishdi. Ayol bu ishning hadisini olganmi yoki erkakning ogohlantirishidan qo‘rqdimi, yo‘l bo‘yi miq etmadi. Azamat esa ichki qo‘rquvini sezdirmaslik uchun deraza osha oppoq ko‘pirib yotgan bulutlarni tomosha qilib ketdi..
Radan bir necha soat o‘tib, Azamatning oshqozonida qattiq og‘riq turdi. Boyagi ovqat yoqmadi deb o‘ylagan Azamat avvaliga o‘tib ketar deb kutdi. Og‘riq borgan sari zabtiga olib, boshiga chiqdi. Yana ozgina chidasa, manzilga yetib olishini o‘ylab, Azamat tishini tishiga bosdi. Peshonasidan quyilayotgan sovuq ter, oshqozonidan boshlanib, butun vujudini qamrayotgan og‘riq uning quvvatini kunpoya kun qilishga qodirdek edi. Samolyot yerga qo‘nib, to‘xtashga hozirlik boshlandi. Azamat o‘zini qo‘lga olishga qanchalik urinmasin, uddasidan chiqolmayotgandi, ko‘zlarining ola-kula bo‘lishini, tishlari orasidan sirg‘alib chiqayotgan ixrash atrofdagilarning diqqatini tortayotgandi. Samolyot to‘xtab, styuardessa yo‘lovchilarga tushish lozimligini xushmuomalalik bilan aytdi. Azamat o‘rnidan turib, yurishga chog‘landi. Shu payt ko‘z oldini oppoq tuman qoplab, hammasi chaplashib ketdi.
Ko‘zini ochganida notanish xonada choyshablari oppoq karovatda yotardi. Nima bo‘lganini tushunolmay, boshini ko‘tarishga urindi.
— Baxtingiz bor ekan, og‘ayni, omon qoldingiz! — dedi yonidagi karovatda yotgan erkak kulimsirab, — o‘ziyam naq jahannamning og‘zidan qaytdingiz-a?
Azamat uni tanimadi. Ko‘zini yumib, tin oldi.
— Menga nima bo‘ldi? Nimaga bu yerda yotibman?
— Ie, qiziq ekansiz-ku, og‘ayni. Kasalxonaga behush holatda olib kelishibdi. Oshqozoningizni operatsiya qilishdi. Nasibangiz uzilmagan ekan, omon qoldingiz. Kechadan beri ko‘zingizni ochmaysiz-a? O‘zi nimaga hushingizni yo‘qotdingiz?.. — deb tili tanglayiga tegmayotgan erkak istehzoli kulib turardi.
Azamatning unga javob qaytarishga madori yetmadi. Ko‘zini yumgan kuyi yotaverdi. Hamshira kirib, unga ukol urdi. Shifokor esa ko‘zining kosasini sinchiklab tekshirdi.
— Kech ham bo‘ldi, biron narsa tamaddi qilasizmi, og‘ayni? — so‘radi hamxonasi uning tepasiga kelib.
Azamat “yo‘q” deb boshini chayqadi. Erkak qandaydir mumtoz qo‘shiqni xirgoyi qilib, chiqib ketdi. Azamat ko‘zini ochdi. U hozir o‘tgan voqealarni o‘ylab, tahlil qiladigan ahvolda emasdi. Xiyol burilib, derazaga qaradi. Xona chirog‘i deraza osha aks berib turardi. Azamat notanish joyning osmoniga qaradi. Ko‘zi yog‘du sochib turgan yulduzga tushdi. Yaxshiroq tikildi. O‘sha o‘zining yulduzi unga qarab turgandek deraza osha mo‘ralardi. Azamatning yuragi hapriqib ketdi. “Yulduzimni topdim!..” dedi pichirlab. Samodan uning yuragiga quvonch, mehr quyilib kelayotgandek edi. Ko‘z oldiga xotini, bolalari kelib, yuzi yorishdi. Ularni ko‘rgisi keldi. Lekin oilasi bilan diydorlashuv endi qachon nasib etadi Azamat buni bilmasdi....