OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ilhom Zoyir. Ikki hajviya

Mehmonlarni korxona tsexlari bilan tanishtirayotgan Sotti Suvonovichning qavatida pildirab yurgan o‘rinbosari Halimjon hovliqqancha xo‘jalik ishlari mudiri Turdiqulni bir chekkaga tortdi.
— Turdiqul, tezda bir parcha latta top! — dedi tipirchilab.
— Latta?! Qanaqa latta? — dedi Turdiqul peshanasi tirishib.
— Oyoq, e, botinka artadigan latta-da.
— Nimaga kerak bo‘lib qoldi?
— Sotti Suvonovichning botinkalariga chang qo‘nibdi. Artib qo‘ymasa bo‘lmaydi. Mehmonlar ayb qilishi mumkin.
— Mehmonlarning oldida noqulay emasmi?
— Nega noqulay bo‘larkan?
— Laganbardor ekan, deb o‘ylashadi-da.
— Mehmonlarning o‘ylashi bilan nima ishim bor!
Turdiqul biroz hovridan tushdi.
— Sotti Suvonovichning o‘zlari aytdilarmi?
— Yo‘q, o‘zlari hali bilmaydilar. Qorinlari oyoqlarining uchini to‘sib turibdi.
— O‘zlari aytmagan bo‘lsalar, sizga nima?
— Bilib qolsalar, menga gap tegishi mumkin.
— Nimaga endi sizga?
— “Men-ku ko‘rmabman, sening ko‘zing qaerda edi?” deb ko‘pchilikning oldida sharmanda qilishlari hech gap emas.
— Demak, latta topish kerak, shundaymi?
— Shunday, Turdiqul, topmasa bo‘lmaydi.
Turdiqul cho‘ntagidan ro‘molchasini olib, Sotti Suvonovich tomon yurdi. Halimjon uning orqasidan yugurdi.
— Qayoqqa, Turdiqul, to‘xta!
— Qayoqqa bo‘lardi, Sotti Suvonovichning botinkalarini artib qo‘yishga-da!
— Men o‘zim artaman, ro‘molchangni buyoqqa ber!
— Yo‘q, o‘zim, sizga yarashmaydi.
— Binoyiday yarashadi-da, qani, menga ber-chi!
Turdiqulning birdan fe’li aynidi.
— Ho, obro‘ni siz olmoqchimisiz?
Halimjon ham to‘nini teskari kiydi.
— Nima, sen mening g‘oyamni o‘zlashtirmoqchimisan?!
— Yo‘q! Lekin dastro‘molcha meniki!
— G‘oya esa meniki!..
Ish hiqildoqqa borib taqalganda, Sotti Suvonovich mehmonlarning mashinasiga o‘tirib qayoqqadir jo‘nab qoldi...

* * *

O‘rinbosari kirib kelganda, g‘isht zavodining direktori Qoshiqov qoshlarini chimirib o‘tirgan edi.
— Tinchlikmi, rangizda rang yo‘q! — so‘radi o‘rinbosar.
— Hushyor bo‘lib turinglar, bittasi keladi, — dedi Qoshiqov.
— Kim ekan u?
— Bilmayman, devday, asabi chatoq deyishdi. Qo‘lidan hamma ish kelarmish... Kelsa, sizga chiqaraman. O‘zingiz tinchiting!
O‘rinbosar peshonasini tirishtirib chiqib ketdi. Oradan bir soat vaqt o‘tdi. Eshik taqillab, so‘ng ochildi.
— Meni sizga yuborishdi, — aytilgan kishi kirib keldi.
— Men shoshib turuvdim, o‘rinbosarimga uchrashing, — dedi Qoshiqov bahona qilib...
Oradan besh-o‘n daqiqa o‘tdi. O‘rinbosar qo‘llarini ishqalagancha Qoshiqovga yaltoqlandi:
— Og‘iz ocholmadi, qo‘liga bir “g‘isht” tutqazib yubordim...
Ertasi kuni yana paydo bo‘ldi o‘sha nusxa.
— Meni sizga yuborishdi, — dedi mo‘lmayib eshik yonida tikka turarkan.
— Men bandman, o‘rinbosarimga uchrashing! — Qoshiqovning titrab-qaqshab aytgan gapi shu bo‘ldi.
Birozdan so‘ng o‘rinbosar og‘zi qulog‘ida kirib keldi:
— Og‘iz ochmoqchi edi, yana bitta “g‘isht”ni og‘ziga urib yubordim, — dedi “ishni qoyil qildim” deganday...
Noma’lum nusxa uchinchi bor kelganda, Qoshiqovning sabri chidamadi.
— Kir, o‘tir qani bu yerga! — dedi u nusxaga do‘q urib. — Berarkan deb, kelaverasanmi? Qaerda ishlaysan o‘zi?
— Hech qaerda ishlamayman.
— Unda nega har kuni kelasan?
— Sizga yuborishgandan keyin kelaman-da.
— Kim yubordi seni?
— Bojangiz, Saidvaqqos aka.
— Nima kerak senga?
— Ish kerak.
— Shu dardingni darrov aytmaysanmi?
— Kelsam bandsiz. O‘rinbosaringiz so‘rab-surishtirmay pul bergani bergan.
— Nega beryapsan, deb so‘ramaysanmi?
— Qaerdan bilay, bu yerda maosh oldindan berilsa kerak, deb o‘yladim-da.
— E, o‘ylamay ket! Odamni o‘takasini yording-ku! Bo‘pti, olgan maoshingni halollaysan endi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.