Derazadan tushib turgan quyosh nuri kesak qisgan qovundek cho‘zinchoq boshni yaltiratib, xonani yanada nurafshon qilib turardi. Derazaga qarama-qarshi o‘tirgan bo‘lim mudiri Karom Salomov eshikning amirkon etikdek «g‘arch» etgan tovushidan xayoli bo‘lindi. Eshikdan mo‘ralagan kishining chehrasi tanish bo‘lsa kerak, yaltiroq boshini silagancha zo‘raki jilmaydi.
— O, yana sizmi? — U mehmonni ichkariga kirishga undadi. — Bizga biror narsa olib kelganga o‘xshaysiz?
— Ha, — dedi «mehmon», tuman gazetasiga ijodiy mashqlari bilan qatnashib turadigan zoologiya o‘qituvchisi Shamsiddin Qo‘ldoshev, qo‘lidagi yelim xaltadan bir varaq qog‘ozni olib Salomovga uzatarkan, — bitta masal olib keluvdim, domla. Shuni bir nazardan o‘tkazib... Ma’qul kelsa...
Bir paytlar quyuq sochini orqaga tarayverib, o‘rganish bo‘lib qolgan odati bo‘yicha Salomov silliq boshini siladi va «o‘tiring qani, xay» deb, masalni o‘qishga tutindi.
— Qizilishton? — dedi u bir qog‘ozga, bir muallifga qarab. — Bu nima, sarlavhami? — Muallifning javobini kutmay davom etdi: — Bu bilan nima demoqchisiz?
Tuyqus berilgan savol zoologiya o‘qituvchisini gangitib qo‘ydi. Nima deb javob berishni bilolmay kalovlandi.
— Hech nima demoqchimasman!
— Hech nima demoqchi emasakansiz, nimaga bu masalni yozdingiz?
— Yo‘q, nimaga... Men savolingizga tushunmadim chog‘i.
— Demoqchimanki, «Qizilishton» bilan nima demoqchisiz? Nimaga endi, oq ishton yoki ko‘k ishton haqida emas, imenno qizilishton haqida yozdingiz? Bir nimaga sha’ma qilyapsizmi deyman, a?
— Qushning nomi shunaqa bo‘lgandan keyin...
— Ey, ha, — dedi Salomov o‘zini bilag‘onlikka olib. — Ha, ha, bilib turibman qushligini, lekin shu rangi yoqmay turibdi-da. Ishtonning rangini sal o‘zgartirsak silliqroq ketarmidi, demoqchiman-da. O‘zi qushga ishton kiygizib nima qilardingiz?..
— Qizilishton — bu qushning nomi, — dedi muallif fikrini dona-dona qilib tushuntirmoqchi bo‘lib. — Ming yildan oldin ham bu qushning nomi shunaqa bo‘lgan, ming yildan keyin ham shunaqa bo‘lib qoladi... Yo‘q, rangini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Tabiat yaratgan rang, bu rangni...
Salomov muallifning hayajonini bosmoqchi bo‘ldi.
— Men bir nima deyayotganim yo‘q. Sizning fikrlaringiz to‘g‘ridir. Mayli, siz aytgancha bo‘lsin. Qush qushligicha qolaversin. Shu... ishtonining rangini ozgina tahrir qilsak, degan taklif berayapman, xolos. Mayli, oq ham, ko‘k ham bo‘lmasin, shu qizilga yaqinroq — jigarrang bo‘la qolsin. Mantiq ham buzilmaydi shunda... Yana o‘zingiz bilasiz...
— Bo‘lmaydi-da, ey, — dedi muallif «qaytarib bering» degandek qo‘l cho‘zarkan. — Qaerda eshitgansiz «Jigarrangishton» degan qushni? Bunaqa qush yo‘qligini hamma biladi-ku...
— Ja o‘jar ekansiz! Yaxshi, — dedi Salomov muallifga yon bergandek o‘rnidan turarkan. — Sizningcha bo‘laqolsin. Qizilishton bo‘lsa qizilishton-da! Lekin bitta sharti bor. O‘zingiz masalni shefga olib kirib roziliklarini olib chiqasiz. Men bunaqa sporniy materiallarni o‘zimcha qabul qilib, o‘zimcha tushirib yuborib, keyin gapini eshitib yurishga toqatim yo‘q!..
Tuman gazetasining muharriri Bo‘ston Qoraev Shamsiddin Qo‘ldoshevni ochiq chehra bilan kutib oldi.
— Yaxshi material ekan-ku, — dedi u masalni o‘qib-o‘qimay. — «Madaniyat va adabiyot» bo‘limiga kirmadingizmi?
— Kirdim.
— Mudiri yo‘q ekanmi?
— Karom Salomovmi?.. Bor ekanlar. U kishiga sarlavha yoqmay turibdi, — dedi muallif og‘irligini o‘ng oyog‘idan chap oyog‘iga tashlarkan. — Bu bir qushning nomi bo‘lsa, bilmadim nimasi yoqmadi u kishiga! Rangini o‘zgartiraylik, pomidorning rangimas, bodringni rangi bo‘laqolsin, degan gapni qilyaptilar...
Bo‘ston Qoraev masalning sarlavhasiga sinchiklab qaradi.
— Ha, ha, sarlavhasi g‘alati ekan. Qizilishton! Rostdanam g‘alati! Haqiqatan ham, nimaga ishtoni qizil?
— Axir, bu qushning nomi-ku!
— E, bu hali qushmi?.. Mayli, mayli, qushni qoldiringlar-da, ishtonini yechib tashlanglar. Qanchadan qancha qushlar ishtonsiz uchib yurishibdi-ku, birov o‘shalarga kulganini ko‘rganmisiz? Shamsiddin Qo‘ldoshev tamoman gangib qolgan edi. Muharrir masalni qaytarib berarkan, dedi: «Shunday qilinglar! Mang, Karom Salomga tashlab o‘ting, keyingi nomerga tushirib yuboradi. Bamaslahat ishtonini yechib tashlanglar».
Zoologiya o‘qituvchisining tizzalari qaltiradi. Ko‘z oldi qorong‘ilashib, boshi aylandi. Bo‘ston Qoraevning qo‘lidan masalni olarkan, chayqalgancha yo‘lakka chiqdi va «Madaniyat va adabiyot bo‘limi» deb yozilgan eshikka bir qarab oldi-da, so‘ng shahdam qadam bilan ko‘chaga chiqib ketdi.