OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Inomjon Abdiyev. Qorinboy (hajviya)

O‘marboy aka bir lagan oshni paqqos tushirib, tarelka tagidagi yog‘ni qoshlariga surtib-surtib oldi. Ustidan ketma-ket ikki piyola choyni simirib, menga “hech narsa yemading-ga”, dedi, idda-o bilan. Keyin ter bosgan peshonasini ro‘molchasi bilan artarkan, endi muddaoga o‘taver degandek,  o‘tkir qarash qildi. 
- Uzr, yo‘l-yo‘lakay ovqatlangandim, - dedim tomoq qirib. So‘ng maqsadga ko‘chdim: tahririyatimizga qishloqdan shikoyat xati borgan ekan. Siz haqingizda maqola yozishni topshirishdi. Idoraga borsam, yo‘q ekansiz, to‘g‘ri uyingizga kelaverdim...
Rais baq-baqalarini likkilatib kekirdi. Keyin nimadir esiga tushdi shekilli, avzoyi birdan o‘zgardi:
- Uh, zanag‘ar-e, Jondor laqqi yana yozibdida, uh-h, zanag‘are... o‘sha yozganmi, o‘zi?
Papkamdan boyagina idoradan olgan hisobotni oldim.
- Qishloqda zavod qurilgan ekan. Odamlar qishloqqa kiraverishdagi chala qurilgan imoratni zavodimiz shu deb pisanda qilishdi...
- Endi gap bunday, - rais hisobotni tortib oldi. Qog‘ozni qo‘y. Qog‘oz boshqa, ish boshqa. Mana o‘zing ayt,  mehmonsan, nufuzli rayon gazetasining muxbirisan, biron joyga borsang, birinchi bo‘lib nimaga e’tibor berasan? Ha, barakalla, albatta yo‘lgada. Qishloqni shahar bilan ulovchi yo‘l anchagina yaroqsiz bo‘lib qolgandi. Mablag‘ni shunga jalb qilishga qaror qildik. Zavodga kelsak ukaginam, quramiz. Biz har doim bitta gapirib kelganmiz. Bu yil bo‘lmasa, yanagi yil albatta quramiz. 
Qishloqning o‘nqir-cho‘nqir yo‘llarini esladim. Avtobus har silkinganda yonimdagi hamrohimning nos aralash tupugi yuzimga sachrab, behuzur qilgani bir-bir ko‘z o‘ngimdan o‘tdi.
- Kechirasiz, qaysi yo‘lni nazarda tutayapsiz? Qishloq yo‘lining shudgordan farqi yo‘q-ku?
Rais qizarsa ham sir boy bermay, achchiqlangan bo‘ldi:
 - ... O‘v, uka, namuncha mahmodonasan. O‘zingdan katta gapirganda gapni bo‘lmay, eshitish kerak. Kim tarbiya bergan o‘zi senga? Shudgor deb boshimni qotirasan. Bunaqamas-da endi. Xullas, nima deyayotgandim, ha, endi ishga kirishamiz deb turgandik, bir guruh o‘qituvchilar ariza ko‘tarib kelishdi. O‘rganib chiqdik. Qarasak, maktabimiz ta’mirtalab bo‘lib qopti. Bor pulni shunga sarflashga qaror qildik. 
Raisning tap-tortmay aldamoqchi bo‘layotganidan oriyatim qo‘zidi:
Bilasizmi, hozirgina maktabingizni ham borib ko‘rdim, chamamda bu yerda boshqa maktab haqida gapirayapsiz, shekilli. 
Rais xirillab yo‘taldi.  Bir muddat qovog‘ini o‘yib turdida, popugi pasaygan xo‘rozday serrayib, gapida davom etdi.  Endi menga qarang uka (sizlay boshladi), niyatingiz nima bilmayman, ammo aytib qo‘yay, ancha sabrsiz ekansiz. Bunday bo‘lish yaramaydi. O‘sadigan odam og‘ir-bosiq, mulohazakor bo‘lishi kerak.  Men hali maktab qurdirdik, demadim. Yoki aytdimmi, aytgan bo‘lsam ayting? Endi gap bunday, o‘zingizdan qolar gap yo‘q. Bilasiz, qishloqchilik - qishchilik degan gaplar bor. Aholi ancha qiynalib qolibdi. Shuning uchun maktabning orqasidagi eski bog‘ni buzib, odamlarga o‘tin qildirib berdik. Ishdan charchab kelib, issiqqina sandalga kirishga nima yetsin. Bor kuchimizni ana shunday ulkan ishga safarbar etayapmiz. Bu fakt. Qani yozib oling. Xuddi shunday deb yozing, ukaginam. 
Rais eski bog‘ni buzdirib, o‘g‘illariga qo‘sha-imoratlar qurdirayotgani to‘g‘risida shikoyat xatida o‘qigandim. Ko‘nglimda Qorin qishlog‘ining Qorinboy raisi haqida “Jig‘ildon” sarlavhali feleton yozish fikri tug‘ildi.  Unga raisning uch oy oldin qishloqqa teppadan “katta”lar keladi deyishganda 5-6 yillik qarag‘ay daraxtlarini qo‘portirib kelib, yo‘l bo‘yiga ektirib chiqqani va bechora daraxtlar birvarakayiga  qurib qolganini ham ilova kilishni ko‘nglimga tugib qo‘ydim. 
Oradan bir hafta o‘tib, kutilgan maqola gazeta sahifalarida yuz ko‘rsatdi. U shunday boshlangandi:
 “Qorin qishlog‘ining raisi O‘marboy Ko‘marboevich zamonamizning haqiqiy qahramoni. U kishi boshchiligida atigi bir necha yil ichida ulkan salohiyatga ega zavod barpo etildi. Yo‘llar ta’mirlandi, qishloq bolalari zamonaviy binoda bilim olishmoqda. Biroq shunday zabardast, ko‘ngli buloq suvidek sof, qishloq ahlidan jonini ayamaydigan insonni ko‘rolmaydiganlar gazandalar ham yo‘q emas...” 
O‘sha yili boshliq to‘y qilganda, O‘marboy Ko‘marboevich novvos yetaklab keldi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.