Hamkasbim Usmonjon men hozirgina tahrir qilib tugatgan “Muxbir muharrirning cho‘ntagidami?” sarlavhali maqolani ko‘zdan kechirar ekan, birdan tutaqib ketdi: — Nega, nima uchun to‘g‘ri so‘zlarni ham buzib, qizartirib tashladingiz?
— Qaysi so‘zni? — hayron bo‘ldim.
— Mana, — u menga qo‘lyozmani uzatdi. — Muhbirni-muxbir, muxarrirni-muharrir qilib tashlabsiz. Bilasizmi, o‘zi, bu maqolani kim yozgan?
— Albatta, boshliq... Lekin tahrir to‘g‘ri shekilli, — dedim o‘zimni oqlab.
— Adashayapsiz, adashayapsiz, — Usmonjon qizisha boshladi, — boshliqdan xato topishga hech kimning haqqi yo‘q.
— Lekin muxbir emas, muharrirda dum bo‘ladi. Bunga ishonchim komil, — yelka qisdim. Bu gapdan hamkasbimning afti bujmaydi.
— Siz bilmaysiz, — dedi, muhim gap aytmoqchiday boshini egib: — Avval bu yerda Bobur aka degani ishlardi. O‘rniga siz keldingiz. O‘sha kishi boshliqning bir maqolasini tahrir qilib “podsho” so‘zini “podshoh” qilib qo‘ygani uchun ishdan haydaldi. Boshliq bilan xodim o‘rtasida ikki moddadan iborat qonun hukm suradi. Birinchisiga ko‘ra boshliq hech qachon nohaq bo‘lmaydi. Ikkinchisida esa birinchisiga qaralsin deyilgan. Ana shunaqa. Rosti sizga ichim achiyapti. Yana “fisht” bo‘lib ketmang. — Usmonjon osmonga ishora qildi.
Bo‘lim boshlig‘imiz Zarina opaning oldiga kirib, u kishiga ham ko‘rsatdim. Zarina opa avval ko‘zoynagini taqib, maqolani sinchiklab o‘qib chiqdi. So‘ng menga biroz tikilib turdi-da: — Boravering, o‘zim to‘g‘rilab qo‘yaman, — dedi.
Ertasi kuni ishga kelsam, Zarina opa “va’da”sini bajaribdi. To‘g‘irlaganlarimni buzib, yana muxbirni-muhbir, muharrirni-muxarrir qilib qo‘yibdi. Jahlim chiqib ketdi.
— Bu qanaqasi, muxbirda emas, muharrirda dum bo‘ladi-ku!, — dedim yana oldiga kirib.
U kishi o‘rinlaridan turib, baqira ketdilar: — Nega kechadan beri boshimni qotirasiz? Nima kerak o‘zi sizga? Yangi “zakon” chiqaradigan bo‘lib qoldingizmi?
— Nega tushunmaysiz, har bir xato gazetamiz obro‘yiga putur yetkazadi... Bahsga kasbdoshlarimiz ham qo‘shildi. Yarim soatdan so‘ng tortishuvni boshliqning xonasiga davom ettirdik. Rosa tavbamga tayantirishdi. Bosh muharririmiz ishonch bilan muxbir so‘zi tallaffuzda muxbir bo‘lsa ham yozuvda muhbir tarzida yozilishini “isbotlab” berdi. Ertasi kuni hizmat safariga ketdim. Qaytsam, gazeta allaqachon chiqibdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, muhbir-muxbirga, muxarrir-muharrirga aylangan. Ayni ko‘nglimdagidek. Zarina opaga: “Mana bo‘lakan-ku”, dedim-u baloga qoldim.
— Nima bo‘larkan, nega kuydirilgan kallaga o‘xshab tirjayasan? Kelganingga necha kun bo‘ldi o‘zi? Hali menga aql bo‘lib o‘rgatadigan bo‘lib qolding-mi? — Zarina opa baqirib-baqirib chiqib ketdi.
Ko‘p o‘tmay boshliqning xonasiga chaqirtirishdi. Kirganimda muharrirning qovog‘i soliq edi, nimadir yozib o‘tirgan ekan. Yarim soat churq etmay, eshik yonida qaqqayib turdim. Nihoyat, ishlarini tugatib, menga o‘tkir qarash qildilar. Ko‘z oynagini olib: — Nega xodimlarni haqorat qilayapsiz, — dedilar jinoyatchiga muomala qilgandek. Kecha muxbirda dum bo‘ladi, deb janjal qilgandingiz, ustimizdan kulmoqchi bo‘layapsizmi?
Turgan joyimda qotib qoldim. Axir men emas, sizlar shunday degandinglar-ku demoqchi bo‘ldim. Lekin tilim aylanmadi.
— Bu qanaqa gap, qanaqa jamiyatda yashayapmiz o‘zi? — Boshlig‘imiz gaplarini indamaygina xazm qilayotganimni ko‘rib badtar tutaqib ketdi: — nega hammani yo‘ldan urayapsiz. Sizdaqa savodsiz kadrlar qaerdan yetishib chiqayapti?! Bilasizmi, bitta sizni deb qancha kitob titkiladik. Qanchadan-qancha fan doktorlari, professorlarni bezovta qildik. Dumingiz shuncha o‘sib qoldimi?
— Axir men teska...
— Nima teskari. Ana shunaqada, sirkangiz suv ko‘tarmaydi. He.....
Boshlig‘imiz jahl bilan tugmachani bosdi. Kotibaning “labbay”, — degan mayin ovozi eshitilgach, baqirdi: Hammani majlisga chaqiring. Biroz o‘tar-o‘tmas xodimlar birin-ketin, menga o‘qrayib kirib kelishdi. Majlis boshlandi. Hamma bir-bir gapirdi. Nima emish — ular muxbir bo‘ladi, desa ham, men sharmandalarcha, hech kimdan uyalmay, muhbir bo‘ladi debman. Oxiri, o‘z arizamga ko‘ra ishdan bo‘shadim.
Aytishlaricha, muharrir o‘rnimga o‘zining “dum”ini, yo‘g‘-e yaqin qarindoshini ishga olibdi. Hozir men to‘g‘rimda “Dumi kesilgan MUHBIR” degan maqola yozayotgan emish. Chiqib qolsa, albatta birgalashib o‘qiymiz.