OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Inomjon Abdiyev. Tish (hajviya)

Kasbdosh og‘aynimiz to‘y qiladigan bo‘ldi. Sal-pal yordamlashay degan bahonada ikki-uch kun oldin bordim. Birinchi kuni to‘satdan tishimga og‘riq kirsa, deng. Ertalabgacha qurt yegan kavagiga — analgin tiqib, voy-voylab chiqdim. Yigirma yil oldin tish do‘xtiri bo‘lmay qochganim, rosa alam qildi. Sahar-mardondan turib, mahallani bir aylanib kelay, dedim-da, shifoxonaga yugurdim...
Tish do‘xtiriyam bo‘lmoqchi bo‘lganmisiz, deysizmi? Albatta, lekin... Yo‘q, yo‘q, haydashmagan. O‘zim ketganman, boshimni baland ko‘tarib. Nimagaligini qulog‘ingizga keyin aytaman. Vaqtni o‘tishini qarang-ey, shungayam yigirma yil bo‘libdi. Xullas, nima deyayotuvdim. Ha, stomatologning xonasiga kirsam, oq ko‘ylakli xonim kimningdir tishini olayotgan ekan. Yonida yana bir odam. “Mijoz”imi, desam o‘xshamaydi. Rosa gap sotayapti: “O‘zi kollejda zamdirektor bo‘lib ishlayman, no prosta...”  Tavba, bu qishloqqa birinchi bor kelib turgan bo‘lsam ham, u juda tanishga o‘xshadi. 
Nihoyat, menga ham navbat keldi. Do‘xtir og‘zimni kovlar ekan, birdan “o‘-h-ho‘” deb yubordi. Qoshimni ko‘tarib, unga qaradim. Ayol asabiy bosh chayqadi: “Tishingizni oldirmasangiz bo‘lmaydi, kareys ildizigacha yetibdi”. Voy, bu kareyslar odam emasmi, tishda nima qiladi, — dedim hazillashib. Ichimda esa “dod” deb yuboray deb turibman. “Yo‘q, bu kasallik”, deb ikkovlashib menga tushuntirgan bo‘lishdi. So‘ng “Mayli olib tashlang”, — dedim, stulni changallab. “Oq ko‘ylak” shkaf tortmasini titkilay boshladi. Keyin “Afsus, og‘riq qoldiradigan ukolim tugab qolibdi. 10 minut kutib turing, zip etib uydan olib kelaman”, — deb chiqib ketdi. 
U ketgach, boyadan beri mum tishlab o‘tirgan erkakka yana zabon bitdi: 
— Bu yerlikka o‘xshamaysiz, mehmonmisiz, — deyman. 
Unga qaerdan kelganimni aytdim.
— Yaxshi, — dedi u. — Bu ayol kaminaning zavjasi. Hayron bo‘lmang, uyimiz yaqin. Hozir kelib qoladi. Shahardan uyga dori-pori keltirib qo‘yadigan odati bor. Mijozlar so‘rab turishadi-da. Tirikchilik  shu bilan. 
Oraga biroz jimlik cho‘kdi. Keyin “shahar zo‘r”, dedi chuqur uh tortib, o‘zi men ham tish do‘xtiriman. “No prosto”   bu sohada bir minut ham ishlamaganman. Nima qilaman birovning tishini kovlab.
O‘rtaga noqulay jimlik cho‘kdi. Biroz o‘tgach, u yana gapira boshladi: 
— O‘zi kollejda ishlayman, zamdirektor bo‘lib. Direktorlikniyam beramiz, deyishuvdi, olmadim. Nima qilaman boshimni qotirib, tashvishi ko‘p. Ayniqsa, paxta mavsumida. Har kuni kattalardan so‘kish eshitish kimga kerak? Shaharda bo‘lsa boshqa gap. Katta soqqa qilsa bo‘ladi. Yog‘li joy bo‘lib qoldi kollejlar.
Shu payt eshik ochilib, boyagi ayol kirib keldi. Qo‘lida dori-darmon. Rosti, tishimni sug‘urish, mendan ko‘ra unga azob bo‘ldi...
Ikki kundan so‘ng sabzito‘g‘rarda ittifoqo yana tanish “zamdirektor” bilan yonma-yon o‘tirib qoldik. Ichgandan so‘ng ichidan gap qaynab kelishini-chi, buning. Kim bir og‘iz gapirsa, u ilib ketadi. Kimdir sabzi zo‘r ekan, ertaga qo‘ling o‘rgilsin osh bo‘ladi-da, deb qolgandi,  u: “Voh-voh gapiyzdan o‘rgilay, men ham har kuni obedda osh yemasam o‘lib qolaman”, — deb qo‘shildi. — Ishxonamizning shundoq biqinida oshxona bor. Qo‘qoncha oshmi, buxorochami, qashqadaryochami, hammasi “est”. O‘zi, shahardagi kollejda zamdirektor bo‘lib ishlayman. Direktorlikniyam beramiz deyishuvdi, olmadim.... Osh baribir osh-da. Devzira guruch bilan onasi o‘pmagan qo‘chqorni dumbasidan qilingan oshga nima yetsin...
 Hamqishloqlari ezmaning odatini yaxshi bilarkan, kimdir menga kulib ko‘z qisib qo‘ydi, kimningdir ensasi qotdi. 
To‘y kuni uning o‘zi meni topib kelib, yonimga joylashib oldi. Bir payt hamrohlarimizdan birovi yuz gramm ko‘taraylik, degandi, ko‘zlari yumulay deb turgan zamdirektorga jon kirdiyov. “Mana men aytaman, — dedi, shishaning boshini ayovsiz burarkan. — Maroqni boshini kessak, aroq bo‘ladi. Ha, mana bo‘ldi. Lekigin bir gapni aytib qo‘yay, ba’zilar tashvishi ko‘pligidan ichadi. Bekor gap. Odam ulfatchilik uchun ham ichib turishi kerak. Mana, menda tashvish nima qilsin. Shahardagi nufuzli bir kollejda zamdirektorman Lekin har kuni ikki yuz gramm ko‘tarmasam bo‘lmaydi. Ishxonamizning shundoq biqinida oshxona bor. U yerda “Kamxar”mi “Krosnaya ploshad”mi, “bufetnaya”mi, xullas, “lubboyi”dan topiladi..... 
Qizig‘i, shu paytgacha uning ismini so‘ramabman. Yonimdagilardan biri “Botir”, dedi og‘zini kafti bilan pana qilib. Keyin qo‘shib qo‘ydi, hech qaerda ishlamaydi, danni mament xotinining qo‘riqchisi”. Voajab, tanimaganimni qarang. Qachonlardir stomatolog bo‘lish ishqida kipriklarim bilan institutni supurib yurgan kezlarimda Botir bilan tanishgandik. Insonning tashqi ko‘rinishi o‘zgarar, ammo xarakteri o‘zgarmas ekan-da...
Ilk talaba bo‘lgan kezlarimiz. Biz — bo‘z bolalarning ko‘zimiz hali u qizda, hali bunisida, qaysi biri bilan tanishishni bilmay boshimiz qotgan. Hammasi bir-biridan ko‘rkam, xushbichim bir-biridan ayricha. Botir bilan o‘shanda yonma-yon o‘tirib qolganmiz. Bir kuni u dars vaqti qulog‘imga shipshidi:
—Ey, anavi qanday?
U ishora qilgan tarafga qaradim. Qizil ko‘ylak, sochiga atirgul sifat sochqisqich taqib olgan niholdekkina qiz yuzini kaftiga suyab, darsni maroq bilan tinglab o‘tirardi. U o‘rtog‘imga yoqib qolganini fahmlab, qizlarning ko‘nglini olish bo‘yicha maslahatlar bergan bo‘ldim. Shu-shu Botir bilan ancha qalin bo‘lib qoldik. Aslida, onasi tish do‘xtiri ekan. O‘ziyam ancha narsani o‘rganib olibdi. Mardligiyam bor edi — menga faqat diplom kerak, deb tan olgan u bir kuni ochiqchasiga. Lekin shu mardligi tufayli o‘qituvchi bilan gap talashib qoldi. Domla ham: “Diplomni burningdan chiqaraman”, — deb qasd qildi, shekilli, har dars boshida undan o‘tilgan mavzuni so‘rashni odatga aylantirdi. Keyinchalik bu muhtaram domlamizga ham yoqib qolib, qat’iy an’ana tusini oldi.
O‘sha “shedevr” darslar hamon esimda. Domla kirib kelib, yo‘qlama qilib olgach, “Qani, mahmadona, doskaga chiqib mavzuni gapir-chi”, — derdi. Birinchi safar Botir tushmagur o‘ziyam naq yarim soat gapirdi. Uning tish mavzusini bu qadar puxta o‘zlashtirganidan domlamizning o‘ziyam hayron qoldi. Keyingi safar oshqozon mavzusini o‘tgandik. Domlaning shaxsiy taklifi bilan doskaga chiqib qo‘ygan “mahmadona” anchagacha kalovlanib qoldi. So‘ng vazminlik bilan gap boshladi:
— Oshqozon devori to‘rt qavatdan iborat. U hazm sistemasining o‘rta qismi bo‘lib, uning boshi og‘iz bo‘shlig‘i hisoblanadi. Og‘iz bo‘shlig‘ida tishlar joylashgan. Tishlar chaynash apparatining muhim bir qismi bo‘lib... 
Birinchi partada o‘tirgan talaba qizlardan biri piq etib kulib yuborganidan keyin hammaning diqqati doskaga qaratildi. Rosa kuldik o‘shanda. Do‘stimiz esa xuddi hech narsa bo‘lmagandek naq yarim soat yana tish mavzusini “xirgoyi” qildi.
Domlaga ham Botirning bu qilig‘i yoqib qoldiyov. Keyingi dars avvalida  ham, odatga ko‘ra, do‘stimiz o‘z ma’ruzisini boshladi:
— Jigar hazm sistemasining eng yirik bezidir. Hazm sistemasining boshi og‘iz bo‘shlig‘i bo‘lib, unda tishlar joylashgan. Tish qattiq va yumshoq jismlardan tarkib topgan. Tishning qattiq qismi emal, denten va sementdan, yumshoq qismi esa pulpa va periodantdan iborat. 
Do‘stimiz shunchalik o‘ziga ishonch va xotirjamlik bilan gapirardiki, biz kursdoshlar hang-mang edik. Domla “bo‘ldi-bo‘ldi”, — deb to‘xtatmasa, u hali ancha gapirmoqchi edi. Keyingi darslarda ham shu holat izchillik bilan davom etdi. Botir dars mavzusi qon-tomirlari bo‘ladimi, o‘pkami, yurakmi — hammasini tishga ulashni kanda qilmadi.
O‘quv mavsumi yakuniga yetay deb qolgandi, chamasi. Bir kuni o‘qituvchimiz odatdagidan boshqacharoq kayfiyatda keldi. Labida ayyorona kulgu. Yo‘qlama qilib olgach, taomilga ko‘ra, yana Botirga murojaat qildi. Kursdoshimiz xohlab-xohlamay o‘rnidan turdi, lekin negadir doska tomon yurmadi, qizarib-bo‘zarib, boshini solib turaverdi. Nihoyat, o‘qituvchimizning o‘zi bu tushuniksiz holatga barham berdi: “Ha, mahmadona, nima bo‘ldi, gapirasanmi? O‘tgan darsda qanday mavzuni o‘tgandik, jinsiy a’zolar mavzusimidi? Qani, gapiring-chi...”
—  Zamdirektorlikning og‘iz bo‘shlig‘iga qanday aloqasi bor? Shu payt, quloqlarim ostida tuyqusdan “Tushunmadim”, — degan so‘z eshitildi. Xayolga berilgan ekanman, ko‘zlarim katta-katta ochildi. Qarasam, Botir menga termulib turibdi. “Qanaqa og‘iz bo‘shlig‘i, tushunmadim”, — dedi u ko‘zlarini baqraytirib. Keyin ko‘zlari xiyol qisilib, xayolga berilgan bo‘ldi-da, baqirib yubordi: “E-e, bu sizmisiz, tish, og‘iz bo‘shlig‘i — ha, ha tanidim...”
Ertasi kuni ularnikidayam mehmon bo‘ldim. Ichkilikning keti uzilmadiyov. Biram boshim, yo‘-g‘e, tishim og‘ridi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.