Ulkan o‘zgarishlar pallasiga kirib borayotgani sezilib turadigan, muhtasham mumtoz adabiyotimizning zilol buloqlaridan suv ichgan va avlodlarining har biri alohida hayotbaxsh to‘lqin paydo qilgan adabiyotimiz haqida gap ketganida, asarlardan ham ko‘ra ko‘proq ijod jarayoni haqida o‘ylab qolaman.
Donishmandlar aytadilarki, olamda faqat his qilinadigan narsalar bor. Ularni aql qamrab ololmaydi. Aql uchun ikki karra ikki hamisha to‘rt. Adabiyot mana shu his qilinadigan mazmunni boyitib, aqlga ro‘para qilish bilan shug‘ullanadi.
Gap mana shunda-da. Bir odam umrining oxirida aytdiki,men cho‘ldan o‘tib keldim. Butun yo‘lim yaydoq dasht ekan, dedi. Na bir yerida tin olibman, na bir yerida soya ko‘ribman. Na to‘xtabman, na uxlabman. Ha, endi, Qizilqumdan Qoraqumga qarab yo‘lga chiqibdi-da, deymizmi yoki yashab o‘tgan umri haqida gapirayotganini bilib olamizmi? U sho‘ring qurg‘ur “hayotim mobaynida bir marta quvnamabman” deb iztirob chekayotganini va u Iztirob aynan hozirgi holatiga tegishli ekanini mulohaza qilsak-chi? Har holda ancha-muncha yil yashab qo‘ygan mardum bir marta bo‘lsin quvnamabman desa birov ishonarmidi? Lekin holati muhim – umrimdagi qilgan ishlarim meni quvnatadigan emas, deyapti.
Adabiyot hislar orqali aqlga xitob qiladigan kuch. Aql sarhisobni sevadi. U to‘g‘ri gapnigina oladi. Aqlni quvvatlantirish uchun his paydo qilish kerak.
Misol uchun, bir otaning bolasi kech qoldi deylik. Aqli aytadiki, hali yosh, o‘yinqaroqlik qilib bir oz hayallagandir, xavotir olmay xotirjam yotaqol. His esa uni shom qorong‘isida ko‘chaga chiqib bolasi keladigan yo‘lga ko‘zi to‘rt bo‘lib intizor qarashga undaydi. Yoki bir yigit bir qizga ko‘ngil berdi, deylik. Aql aytadiki, sen chiroyini yoqtirding, u chiroy tez orada gul misoli so‘ladi. His aytadiki, undan o‘zgasini ham, usiz yashashni ham istamayman.
Xayol ro‘y bergan-bermagani noma’lum bir voqeani xuddi ro‘y bergan kabi, aniq manzaraga aylantirdi. Bolasini kutayotgan otaning yuzidagi xavotirni, boshini egib o‘ylanib qolishini va shu o‘y aro kimlardir yurgan ko‘chaga javdirab,o‘g‘lining bo‘y-bastini izlayotganigacha ko‘ryapmiz. Bunday quvvat faqat inson bolasigagina xosdir, shu xayolot va tasavvur quvvati olamdagi hech bir jonzotga ato etilmagan. Ijod nimaligiga shu nuqtadan turib qaramasak, mohiyatiga kirib borish mushkul bo‘ladi. Ha, xayol – hali ro‘y bermagan hodisani aqlda jonlantirib ko‘rish degani. Dunyodagi yuzlab iste’dod egalari mana shu quvvat bois kishilarda sharaf,shon, g‘urur, achinish, o‘ksinish, hamdardlik, sevgi va nafrat kabi hislarni paydo qiladigan mahsullar yaratish bilan band. Ya’ni, yuqoridagi misolda ko‘rinib turganiday, ota o‘z bolasiga bo‘lgan mehri yoki oshiq yoriga beg‘araz sevgisi uchun ham sharafga sazovor.
Bir ma’noni quvvatlantirish uchun boshqa ma’no ostiga joylash san’ati hisoblangan mazkur usul mumtoz adabiyotimizda asrlar osha bor-bo‘yi bilan namoyon. “Dunyo yasanib jilva qilib oldimga keldi, Borg‘il nari deb ketiga bir shattalab o‘tdim”, deydi Mashrab. Ya’ni, dunyo chalg‘ituvchidir. Undagi bog‘-rog‘lar, daryolar, uylar, hashamlar chalg‘ituvchi. Odam maqsadini unutib, hoyu havasga chulg‘anish xavfi bor. O‘shan-chun ham Mashrab bobo dunyoni yo‘ldan uradigan nozaninga o‘xshatyapti. U shunchaki kela qolmadi, yo‘ldan uraqolay deb yasandi, jilva qilib keldi. Bobo aytdiki “Borg‘il nari – sening kimligingni yaxshi bilaman”.
Jon qichqirodur qo‘y deb, xanjarin olo keldi...
Bu yerda ko‘zga ko‘rinmas maqsad turibdi-ku? U jilva qilib chalg‘itsa, maqsadni ko‘zdan yo‘qotadi. Shu sabab ham “Borg‘il nari” deyildi.
Nega?
Chunki, vazifa bor.
* * *
Adabiyotimiz uzoq yillar mobaynida mana shu vazifani qoyilmaqom qilib uddalab keldi, ko‘ngil iztiroblarini g‘oyat inja va nozik san’at sifatida, ajoyib jilvalar tarzida shuurlarimizga taqdim qildi. Masalan, insoniyat ma’naviyatining mangu timsollari orasida qush obrazi ko‘p uchraydi. Qushning qismatini, harakatlanishi va parvozini Tangri oson va qulay qilib belgilagan. Lekin uning parvozini ko‘rib xulosa chiqaradigan – biz. Qush parvozi oddiy hodisa, inson bolasi u hodisaga ma’ni yuklaganida esa, yemish istab uchgan oddiy qushdan boshqa narsaga allaqachon aylanib bo‘ladi. “Saf-saf uchgan qushlarim qani” degan misrani o‘qiganimizda qushlar tasviri emas, ayriliqlardan ozurda bir kishining armon va o‘kinchi ongimizga sizib kiradi va saf-saf, qaylargadir sira qaytmas bo‘lib uchib ketgan yaqinlar (yoki ulug‘lar) yodi esga keladi.
Xuddi shunday, saf-saf ketganlarning yodi uyur-uyur bo‘lib qaytib ham kela oladi:
Qaydan kelayotir uyur-uyur g‘am...
Bahorning shamol dolg‘alangan tonglarida yomg‘ir bulutlari mana shunday to‘planadi. Birining ustiga biri mingashib, zichlashib, ko‘kni egallay boshlaydi. Qalb manzarasi ham shu tarz chizilsa ne ajab?
Bir necha so‘zning ritmik tartiblangan ko‘rinishi shuncha tuyg‘u va fikr uyg‘otyapti. “Hovuzda Xudoyimning, aksini ko‘rgandayman, Bulutlar va baliqlar raqsini ko‘rgandayman...” degan misra uyg‘otishi mumkin bo‘lgan tuyg‘ular ham juda xilma-xil va so‘ngsizdir. O‘qiganimiz zahoti sokin-osoyishta suv va hovuz qirg‘og‘ida o‘sgan turli nabotot ko‘z oldimizga keladi. Suv betida quyosh nuri jilvalanmoqda. Silliq sathdan uzun oyoqli bir o‘rgimchak shitob ketib bormoqda. Shu ketib borish ham qaysidir ma’nolarga ishora qilishi mumkinmi? Turli-tuman o‘sgan o‘tlar orasida “kichkina” hayot barq uryapti. Manzara shu. Bularning birontasini shoir so‘zga joylamagan. U bor yo‘g‘i “Hovuzda...” dedi, xolos. Hammasi tasavvurimizda uyg‘onib, ong ustiga qalqib chiqmoqda. Ong ostida nelar bor? Tuproq orasidan o‘tlarning ochilib qolgan ingichka, oqish ipsimon tomirlarini ham ko‘ra olamiz. Bahorda bu yerda hayot jo‘shadi, kuzda o‘t-o‘lan urug‘larini sochib yuboradi va shu bilan ularning efemer hayoti nihoyasiga yetadi. Abadiyat insonlar uchundir. Nabotot va hayvonot dunyosi uchun shundan boshqa hayot yo‘q. Bori jonliq mana shu yerning o‘zidayoq yo‘qlikka qarab ketmoqda. O‘tlarning mitti sarg‘imtir urug‘lari suv betida ohista chayqaladi. Tuproq usti ham urug‘ bilan to‘la. Yetarlimi? Yo‘q. Shuncha manzara tasavvurda hosil bo‘ldi va aqlga ro‘para qilindi, u endi sarhisob istayapti. Ongning bir burchagida yilt etib so‘ngan azaliy hikmat kabi, o‘sha mo‘‘jizalar ortida turgan qudrat tasavvuri ham bir lahza yilt etdi. Shuur ilg‘adi, ammo aql ilg‘ab ololmadi. “Ko‘rqinchli bir tush ko‘rdim, Uyg‘onib ketdim. Eslashga urindim, Eslay olmadim” deydi yana bir iste’dod. “Hovuzda Xudoyimning,Aksini ko‘rgandayman...” deb takrorlaydi shoir. Bular ham yuza ma’nolardir. Chuqurroq ma’nolar aynan shu manzara uyg‘otgan hislarning, shuurda hosil qilgan akslanishlarining rang-barangligida, ismlarida va ta’rifida, ya’ni bizda, o‘zimizda. Bizlarda uyg‘ongan his va tuyg‘ular ijodkorning ayni shu tashbehni qo‘llaganidagi tuyg‘usidan ortiqmi, kammi?
Mana shu jarayonning hammasi she’riyatimizdan nasrimizga sizib kirayotgan poetik tamoyillarga aloqadordir. Yashil yaproqda titrab turgan shaffof tomchi uyg‘otadigan barcha narsa his-tuyg‘udan iborat. Vaholanki, aql uning fotosintez jarayoni uchun zarur xlorofill moddasi tufayli yashil tusga ega ekanini, karbonat angidriddan nafas olishini va kislorod chiqarishini, unda titrab turgan tomchi aslida ikkita vodorod va bitta kislorod atomining g‘ayrioddiy qudrat ila birlashuvidan iboratligini hamda o‘simlik hujayralari ichida sodir bo‘layotgan boshqa turli-tuman jarayonlarning barini ko‘z oldimizga keltirib qo‘ysa-da, u hosil qiladigan ma’no adabiyot hosil qiladigan ma’nodan anchayin zaifdir. Uni qay yo‘sin ta’rif qilish va shakl belgilash keyinchalik yuz beradigan holat.
Tegrasidagi voqea-hodisalardan hissiy umumlashma va xulosa chiqara oladiganlarning bari badiiy tafakkurli kishilardir. Navoiyning “Muhokamatul-lug‘atayn”i, Arastuning “Poetika”si bejiz yozildimi? O‘n to‘qqizinchi asrga kelib Yevropada nasr va romanchilikning rivojlanishi tufayli adabiyot nasr va nazm degan ikki bo‘lakka ajralib ketdi. Qilni qirq yorar olimlar asos va isbot ham topaqoldilar. Vaholanki, boya biz nigoh tashlagan yashil yaproqdan uzilib tushgan tomchi uyg‘otgan tuyg‘ular bilan butun boshli roman uyg‘otgan tuyg‘u nisbati teppa-teng bo‘lishi mumkin. Bu fikrimda roman mohiyati tomchi uyg‘otgan fikr mohiyatidan kam ham, ko‘p ham emas.
Tangri taolo hammaga ehtiyojiga yarasha ne’mat beradi. Yer tublarida o‘rmalaydigan bir qurt uchun ko‘zning nima keragi bor? Biz nihoyatda e’zozlaydigan mana shu ko‘rish ne’mati unga berilganida ham yer ostida nimani ko‘ra olardi? Voqealarga poetik idrok bilan qarovchilar dunyodan o‘tib bormoqdalar va hayotlaridan rozidirlar. Poetik idrok bilan qaray olmaydiganlar ham shu taqdirni boshdan kechirmoqdalar va ular ham hayotlaridan rozi. “Men ko‘rganni sen ham ko‘rsayding” deganida Xayyom tamomila haq edi, biroq uni ko‘rmagan ham o‘zicha haq. Voqealar qarshisida qalbi yaproqday dir-dir titraydigan kishilar uchun o‘sha qo‘rquvi nisbatida bir ajr bor. Qalbi toshlar uchun yana bir ajr bor, u kishining qalbi qattiq bo‘lishidan Tangri ko‘zlagan bir iroda borligi ham haqiqatdir. Xuddi shunday, bizlar ularni goho g‘ofillikda va gumrohlikda ayblay olmaymiz. Chunki kimningdir zehni tez va aqli o‘tkir, kimningdir zehni va aqli ham sust. Matematikadan bexabar odamga butun olam tortishish qonunini tushuntiramizmi-yo‘qmi? Poetik idrok shundan ham xulosa chiqaradi va o‘ziga razm soladi – u o‘zidan boshqani malomat ham qila olmaydi. Shu sababdan ham, mutlaq ehtiromga sazovor bo‘lgan yana bir iste’dod kutilmaganda “Bir qarasam, endigina tug‘ilganman...” degan ajoyib she’rini yaratadi.
Lekin:
Qaydan kelayotir uyur-uyur g‘am...
Darhaqiqat, qani, qayda makon va zamon? Bu yerda faqat iztirob chekayotgan qalb mavjud. Iztirob bulutlari ustma-ust, uyur-uyur, oralarida chaqmoqlari bilan keladi. Balki yomg‘irlari ham bordir? Kim uni bulut deb aytdi? Kim uni chaqmoq yoki yomg‘ir dedi? Sovuq shabada chang isi bilan epkin uradi. Hozir yomg‘ir yog‘sa ajabmas. Ko‘z yetmas makonda yastanib yotgan o‘t-o‘lan chayqaladi. Shitirlaydi, nola qiladi. Juda yuksaklarda, Lavhul Mahfuzda yetilib kelayotgan qismat to‘foni ostida bitta inson bolasi bir dona chechakni yerga ko‘mdi. Kim uni chechak deb aytdi?
Lekin aynan shu chaqmoq shiddatliroq, shu yomg‘ir hayotbaxshroq. Chaqmoq urib yondirgan daraxt o‘rnida boshqa daraxt bitaveradi. Qalb chaqmog‘i kuchliroq, u hislarni va taassurotlarni, fikr va xulosalarni yondiradi. Goho chaqmoq urgan joyda tilla yombi paydo bo‘lishining sababi ham shunga o‘xshaydi.
Asal ta’mini tatib ko‘rgan odam qaytib shakar yermidi? Ijodning ilg‘anmas lazzatini bir bora his qilgan odam ham shunday. Asarlar tevarakda yashirinib yotadi. Istagan joydan ko‘rinish berishi mumkin bo‘lgan g‘alati narsa u. Sevgan insonimizning yuziga tushgan yangi ajinda, barg yoki yerda yotgan bitta xazon yaprog‘i ostida ham bir qancha asar bor. Odam nigohi uni ilg‘aganida u tabiiyki hali asar emas,tuyg‘udir. Ko‘zdanu quloqdan, sezgidan shuurga kirib, tuyg‘u hosil qiladi va ba’zan so‘zga, ba’zan esa musiqaga aylanadi. So‘z boyligi va so‘zlar hosil qiladigan turli ma’nolardan xabardorlik mana shu yerda ish beradi. Hosil qilingan so‘zlar qatida o‘sha musiqani va tuyg‘uni tanib turasiz. Yana bir ustoz adibimizning “Ko‘ngil ozodadur” degan qissasidagi timsollar esga keladi. Gulxaniy deya o‘ziga-o‘zi nom bergan u san’atkor yoqayotgan gulxan qay gulxan edi, ne uchun yoqilmish edi? Isinib olish uchunmi yoki taom pishirish uchunmi? “Uzoqlarda bir olov ko‘ryapman, – degan sas keladi tarix zulmatlari aro bizgacha yetib kelgan bir katim nur qanotida. – Borib, cho‘g‘ olib kelaqolay”. Mavlono yoqqan gulxan bilan mana shu tarixiy hikmat parchasida bahs etilgan olov mutlaqo boshqa-boshqa tabiatga ega bo‘lsa-da, adabiy mohiyatida bir-biriga o‘xshash g‘oyalar yotibdi. Mumtoz adabiyot deb atalgan muhtasham xazinada mana shunday misollar benihoya ko‘p, ammo, gap boshqa tomonda:endi-chi, qayda u, najot yolqini?
Tevarakdagi asarlar uchqunlanib, yilt-yilt etib turli-turli ko‘rinish beraveradi. Ma’nolar ham shunday. Ongda uchqun hosil qilgan holida u asar to‘lig‘icha, bor-bo‘yicha his qilinadi. To‘liq matn ham yildirim tezligida qalqib ko‘ringanday bo‘ladi. Ko‘pincha o‘sha asar izlanadi. Unga so‘zdan libos kiydirish mashaqqati keyinroq keladi. Biroq u – ilg‘angan asar. Ilg‘anganu unutilganlari yozilganlaridan chandon ko‘p. O‘nta asari bor odamning yozilmagan, yoki ilg‘aganu unutgan yuzlab asari bor. Yozilganining orasida aytilmagani yana qancha. Ko‘pchilik iste’dodlar o‘zini asariga yashiradi. Mazmunlar ham tabiatda shunday yashirindir. Mevaning mazasi shakliga emas, vujudiga yashiringani kabi. Ba’zan shu darajada yashiradiki, parchalarga bo‘lib yuboradi. Ko‘pincha asarlarda iste’dodning parchalarini ko‘rasiz. Ijoddagi “butunlik” – juda kam uchraydigan iste’doddan darak.
Yoshu qari har kuni taomlanishga muhtoj bo‘lgani kabi, qalb ham o‘ziga ozuqa istashi tayin. Bir malakni sevib qolgan o‘smir qalbida hissiy olov kuchayib ketgani uchun dunyo ishlariga qaramay qo‘yadi. Hatto ovqat yemay qo‘yadi. Chunki o‘sha qiz timsolida o‘zining qalbi uchun yetmayotgan, ammo shoyon istayotgani bir nimani ko‘radi. “Axir, Layli juda xunuk bir qiz ekan-ku”, dedilar. “Unga mening ko‘zim bilan qaranglar” deganida Majnun ming karra haq edi. Qolganlarning qalbida o‘sha olov bo‘lmagani uchun Majnun ustidan kulganlar ham yetarlicha topilaveradi.
Turli kishilar turli yumushlar bilan ovora. Biri imorat quradi, biri sharbat sotadi, biri askar. Kishilarning bajarayotgan ishlari turli-tuman, tevaragidagi davrasi ham shunga xos ravishda turlicha, tabiiyki, o‘ylari, dunyoqarashlari ham har xil. Usta imoratini, sharbatchi sharbatini, askar xizmatini o‘ylaydi, shu tufayli rizqim yetib turibdi, deydi.
Lekin o‘sha ustaningu sharbatchining qalbida bu yorug‘ olamdan kattaroq yana bir olam bor. U o‘ziga qiymat berilishini istaydi. Masalan, bir kishi ajoyib qo‘shiqni eshitib qoladiyu qayta-qayta tinglayveradi. “Ichimdagi gaplarni aytibdi-ya”, deydi ta’sirlanib. Aslida u gap ustaning ichida avvaldan bor edi, ifoda eta olmay qiynalardi, endi esa o‘sha tuyg‘uning tashqaridagi aksini ko‘rib qoldi. Ichidagi ma’no esa tashqariga chiqishni istayotgan edi. Minglab kishilar ma’no tashiydilar, ularning qadru qiymati ham aynan o‘sha ma’nolarga ko‘ra belgilanadi. Boyliklar, hashamlar dardida umr o‘tkazgan kishi bir kun qarasaki, u hashamlarning pashsha qanotichalik ahamiyati qolmabdi. Shirin taom yey desa jismi rad qilibdi, go‘zal joylarga boray desa – mingan oti, ya’ni vujudi ilvirab qolibdi. Shu asnoda bor-yo‘q sarvati – umri mobaynida to‘plagan mazmunlar ekani aqliga yetib kelgani holda, endi qo‘lidan nima ham kelardi? Choyxonada qiyqirib bazm qilayotgan va boshqalarning ustidan kulayotgan besh-oltita kishining holiga boqing. U bazmu jamshiddan nima ma’no oldigu nima mazmun bilan boyidik?
Mana shunga o‘xshash minglab holatlarning hosilasi o‘laroq dunyoga kelgan abadiyat fanidir adabiyot. Besh-oltita qiziqarli voqeani to‘plangan olomonga hikoya qilib beradigan yoki bir go‘zalning qosh-ko‘zini maqtaydigan bo‘lar-bo‘lmas o‘rtakash emas u. Adabiyot – aynan umrlar mazmuni va ma’nosi haqidagi fandir.
Bironta fan o‘zi bergan mahsullarini mangulik sari olib ketishga qodir emas. Matematika, ilmi nujum, tib – hammasi dunyo fanidir. Odam dunyoga kelib ketar ekan, borliqlarning o‘zi kabi sovurilib ketayotganini ko‘rgach, olib ketadigan narsasi faqatgina mazmun va ma’no ekanini tushunib yetganidan so‘nggina adabiyot unga o‘zining haqiqiy yuzini ochadi. Ba’zilarga avvalroq ochgani uchun ham ular o‘zgacharoq hayot kechiradilar. Bu holat ularga foyda keltiradimi-yo‘qmi? Zohirga boquvchilar yana xato qiladilar: mazmunlar va ma’nolar dunyosiga intilishni telbalik, xilvatnishinlik yoki kibru havo deb o‘ylaydilar.
Adabiyot abadiyatga daxldorligi uchun ham goho aniq fanlardan ortroqqa surilib qolganga o‘xshaydi. Lekin vaqti kelgach, aniq fanlar ortga surilib, adabiyot oldga chiqishi shubhasizdir.
* * *
Adabiyotimizda keyingi yuz yil ichida ro‘y bergan ulkan hodisalarning bari aslida ilg‘ar-ilg‘anmas yetilib kelgan turli-tuman, biroq, bir-biriga chambarchas bog‘liq jarayon ekanini, ma’naviy idrokning yuksalishi tarixiy zarurat holida yuzaga chiqayotganini ko‘rmoqdamiz. Iste’dodlar o‘z-o‘zicha, pala-partish dunyoga kelaveradi deb kim aytibdi? Parchalanib ketayotgan turkiy dunyo aro Mashrab bejiz paydo bo‘ldimikin? Istilo vaqtida ingranayotgan el uchun jonlarini bilaturib fido qilgan Qodiriy, Cho‘lpon-chi? Oybek, G‘afur G‘ulom, Mirtemir, Shayxzoda fenomenlari-chi? Yanada davom etaversak, mustamlaka zulmi kuchayavergani va el zulumotga g‘arq bo‘lavergani sayin iste’dodlar ortavergani-chi? Ko‘ryapsizmi, bir ulug‘ adib boshqa o‘nlab adiblarni paydo qilyapti. U adib asarlaridagi san’atni ilg‘ab olgan yoshroq ijodkorlar yanada yangiroq va teranroq ma’nolarni yaratmoqdalar. Zulm qanchalar kuchaysa, shunchalar kuchli milliy asarlar yaratilyapti. El imperiyachilik balosiga tamomila g‘arq bo‘lib, u imperiya dunyoning yarmini egallab olayotgan va qudratga to‘lgan mahalida to‘satdan yonma-yon ikki yulduz porlayapti, biri “O‘zbegim” she’ri bilan, ikkinchisi “O‘zbekiston – Vatanim manim” she’ri bilan. Bir mahallar mazlum cho‘pon dardini quduqqa aytgan bo‘lsa, asrlar o‘tib o‘sha cho‘pon o‘z dardini tarlon otga to‘kib solyapti... Bu kishilar yaratgan asarlar yana o‘nlab iste’dodlarga yo‘l ochgandirki, ular soyasida saf-saf bo‘lib yana boshqa avlodlar kirib keldi. Tarixiy zaruratlar mana shu yerda yaqqol ko‘rinmayaptimi? U saflar aro yelkama-elka turgan iste’dodlarni ko‘rmadikmi, asarlarini qo‘lma-qo‘l o‘qimadikmi?
Bu o‘ylar faylasufona tuyulsa-da, aslida falsafa ham mantiqqa bo‘ysundirilgan va axloq qonuniyatlarining izmiga solingan badiiyat bo‘lsa kerak deb o‘ylab qolaman. Hissiy neki bor, bari adabiydir. Shunda adabiyotning hayotimizda naqadar keng o‘rin tutishini ko‘ra boshlaymiz. Zavq, hayrat, o‘ksinish, qayg‘u, g‘ussa, orom, sevgi, nafrat, yozg‘irish, armon, orzu... tevarakdagi voqea-hodisalarning bari shu kabi hislarga aylanib, shuurda aks etadi. Narsalarning mohiyatlari shuurda o‘zgarib akslanishi haqida gapirdik-ku? Voqea-hodisalar hissiy idrokka aylanmasa, qiymatini yo‘qotadi va unutiladi. Ya’ni, asarning ilk tamali hissiy idrok ekani va o‘zi ham ana shunday idrok uyg‘ota oladigan mahsul ekani avvaldan ma’lum.
“Bir faylasuf bu ma’naviyatni inkor qilardi. Bir kuni kasalga chalinib, qo‘l-oyoqdan qoldi, - deydi Rumiy. - Nihoyat, ruhoniy bir hakim uni yo‘qladi va «Nima istaysan?» deb so‘radi. Faylasuf «Sog‘lik», deb javob berdi. Ruhoniy hakim esa «Sog‘likning shaklini, vasflarini tushuntirki, men topib keltiray» dedi. Faylasuf «Uning xususiyati, shaklu shamoyili yo‘q» degach, hakim «Modomiki, xususiyatsiz bir narsa ekan, qanday qilib uni talab qilasan? Yaxshisi, sen uni menga tushuntir, nima o‘zi sog‘lik?» deb qistadi. Kasal shunday javob berdi: «Bilganim shuki, sog‘lik kelishi bilan quvvatga kiraman, to‘lishaman, rangim xam qizarib, o‘zim yosh va nash’ali bo‘laman». Hakimning «Men sendan sog‘likning o‘zini, zotini so‘rayapman» degan xitobiga u: «Bilmayman, u xususiyatsiz», dedi.
Haqiqatan ham biz atagan va o‘rgangan narsalarimizning ko‘pi shunga o‘xshaydi. Yo‘qsa, hayotning ma’nisi o‘ta jo‘nlashgan bo‘lardi. Hamma narsa ongimizga xitob qilib turadi. Ularning bari xususiyatsiz, qachonki bizlar qiymat berganimizdagina xususiyat kasb etadi, ya’ni ma’noga aylanadi. Saf-saf uchib ketayotgan qushlarni oddiygina qushlar, uyur-uyur kelayotgan g‘amni shunchaki qora bulutlar deb qo‘yaqolsak bo‘lmasmidi?
Yuqorida misol qilib keltirganim inja va go‘zal misralarni, kuzatishlarni yana ko‘plab shoirlar ijodidan topa olamiz. Lekin gap zamonaviy adabiyotdagi, to‘g‘rirog‘i, zamonaviy nasrdagi yangi to‘lqin haqida ketmoqda. G‘oyat xususiy bo‘lsa-da, o‘z holimizcha qilgan kashfiyotlarimizga to‘la mana shunday xulosalarni nasr haqida ham ayta olamizmi?
Misol uchun, Ulug‘bek Hamdamning “Bir piyola suv”hikoyasi “Menga vazifa yuklangan edi...” deb boshlanadi. Makon noaniq. U yerda biz bilgan manzaralar mavhumroq. Tushga o‘xshagan bir joy. Yozuvchi u yerda oyoq ostida o‘ralashgan barg yoki non kavshab o‘tirgan bolakay, uning ismi falonchi, falonchining o‘g‘li demaydi. Vazifa yuklangan edi, tamom-vassalom. O‘sha vazifa sabab yo‘lga chiqildi. Qahramon faqat vazifaning juda muhim ekanini biladi. Yo‘qsa, aytilarmidi? Yo‘qsa,ot-arava berib, boradigan joyi-manzili tayinlanarmidi? Xullaski, vazifali bir shaxs, va qilar ishi – o‘sha vazifani ado etishdan boshqa narsa emas. Qaydan yo‘lga chiqdi? Noma’lum. Bola-chaqasi bormidi, bo‘lsa nechta edi, kuzatib qo‘yishdimi, ota-onasi qani, bular ham noma’lum, chunki asosiy gap - vazifada. Shu sabab ham hikoya shunday boshlanyapti: “Menga vazifa yuklatilgan edi...”
Xullas, gap Vazifa haqida ketmoqda.
Mahdudlik davridan keyingi vaqt ichida paydo bo‘lgan ayrim parcha-purchalar aslida “och qorin-to‘q qorin” qayg‘usidan boshqa narsa emasligini taassuf bilan tan olish kerak. Ya’ni, qorin to‘ydi, endi bemalol yonboshlab, kitob o‘qisa ham bo‘laveradi. Och qorin – jon qayg‘usi. Ammo yurak-chi, yurak? Kun o‘tdi, qorin to‘ydi, yurak qoniqmayapti-ku? U sarhisob qilishni istaydi. “Yulduzlar uchgan shu bepoyon osmon ostida, sonsiz-sanoqsiz turli-tuman kishilar orasida mening qadru qiymatim nima”, deganday savollar azaldan keladi. Qornim to‘ydi, uyqum keldi. Lekin, ruhim uyg‘oq-ku? U juda ko‘p narsalarni istaydi va eng asosiysi, o‘ziga qiymat berilishini xohlaydi. Qorni to‘q ham shunga muhtoj, qorni och ham. Mening “Ozod” romanimda behi detali bor. Minglab behilar orasida shu behi aziz. Chunki u behini marhum ota o‘tqazib ketgan. Bundan behining o‘zi bexabar, boshqalar uchun ham qadru qimmati yo‘q. Faqat, o‘sha otaning farzandlari uchun aziz. Shunga o‘xshash, narsa va hodisalarni aziz deb bilgan ham, bilmagan ham umr kechiryapti va ikkovi ham hayotidan rozi. Qiymatni xudo beradi. Lekin, vijdon ham qiymat beradi.Hayotingdan roziliging bor, rozi emasliging bor. Ikki kishi suv talashib rosa janjallashdi. Vaholanki, ariq qurib bo‘lgan edi. Shular suvga ega chiqsagina janjali qiymat kasb etadi. Ega chiqmasa qiymatsiz. Yo‘q ariqning yo‘q suvi uchunjanjallashish aqldanmi? Voqealar aqlga xitob qiladi, lekin ular ko‘lamni aks ettirolmaydi. Bir odam sevindi deylik. “Falonchini ko‘rdik, xursand edi” deyiladi. Vaholanki, u sevinch bu sevinchga o‘xshamaydi-ku? Uning bu holatini“sevindi” degan so‘z to‘la aks ettira olarmidi? Balki, minglab so‘zlar aks ettira olmas. Lekin, majoz aks ettiradi. Qay tarzda? Taom topib olgan ochning, pul topib olgan gadoyning, izlaganini topgan kishining holatiga birday “sevindi” deyilaversa-da, bularning orasida juda katta farqni ko‘ryapmiz. Taom topgan ochning sevinchida taom mazasi, chaynash zavqi, to‘qlik lazzati bor. Pul topgan gadoyning sevinchida kiyim-kechak, boshpana, yemak, rohat va yana allaqancha narsalar bor. Va hokazo. “Birov yorini ko‘rib sevindi” degan gap qanchalar jo‘n. U hech nimani ifoda qilmaydi. Yeydimi, ichadimi, yopinadimi? Vaholanki, yorni ko‘rib (go‘zalligini anglab) sevinish – sevinchlarning eng yuksagi. Yor hech nima bermaydi, uning borligiga seviniladi, chiroyiga, zavqiga mahliyo bo‘linadi va asir tushiladi. Shu sabab ham u “zolim” deb ta’riflanadi.
Darhaqiqat, vazifa berilgan edi. Asar qahramoni uvazifani bajarish uchun yo‘lga ham chiqqan edi.
Hammaning bir vazifasi bor. Yukchi yukini eltib berishi kerak, suvchi suvini. Bulutlar bag‘irlaridagi dengizni bir yerga avaylab yog‘dirish uchun suzib bormoqdalar. Gap tamal vazifa haqida ketayotibdi, bir yilning bir kunida, imi-jimida bajarib qo‘yiladigan ish haqida emas. Tamal vazifaga odamning umri sarflanadi. Shundayam yo bajara oladi, yo yo‘q. Shu nuqtai nazardan qarasak, u vazifa anchayin boshqa narsa ekan. Iya, unda ot-arava ham, suv ham boshqa-ku? Ot-arava inson tanasi, suv – javhar, mo‘‘jiza bo‘lsa-chi? Sen shuni ufqqa eltib berishing kerak. Boshqa qilar ishing yo‘q. Ufq – quyosh botadigan makon. Quyosh botgach, kun tamom bo‘ladi va tun boshlanadi. Nihoyat, karvonsaroy namoyon bo‘ldi. G‘alati va chiroyli bir qiz qopqa oldida turibdi. “Tashna edik, suv yo‘q edi...” deydi Yunus Emro. Ichkariga kirildi, suv ichildi, haq to‘landi.
Tashqariga chiqilsa... shom! Biroq, qiz o‘sha-o‘sha,o‘zgarmagan. Haq to‘landi-ku? Vaqt o‘tib ketibdi. Endi shomgacha ulgurib bo‘lmaydi. Vazifa bajarilmay qolsa-chi?
(Shom qorong‘usida o‘g‘lini intizor kutayotgan keksa otaham xayolda bir lahza jonlandimi?)
Qiz shaytonning naq o‘zi emasmidi? Yoki dunyoi azalmidi? “Dunyo yasanib, jilva qilib, oldima keldi” deb bezovtalangan Mashrab ham shu g‘alati karvonsaroyda bo‘lsa ne ajab?
Jon qichqirodur qo‘y deb, xanjarin olo keldi...
Ey birodar, biroz chidasayding, vazifangni bajarib ulgurarding. Vaholanki aravang to‘la suv, zilol, jannat suvi edi. Sendan oldin yo‘lga chiqqanlar ham senday edilar. Ketgan ketdi, ularni ko‘rmading. Kimliklaridan va taqdirlaridan ham bexabarsan. Lekin, har holda kun tugadi, ular yo xushbaxtlikka erishganlardir, yoki erisha olmagan bebaxtlardan bo‘lib, allaqachon ikki firqaga bo‘linib ulgurishdi. Voqea tugadi, bo‘lar ish bo‘ldi. Karvonsaroydan chiqqaningda ko‘rganlaring – qolganlar edi. Ha, lab ho‘llash uchun bir tomchi suvga zor eding, ammo... chidasayding!
Nima edi u, ko‘zalardagi zilol? Suvmidi? Bilimmidi? Imonmidi?
Davom etamiz. Demak, kimdir shu yukni olib borishingni juda istadi. Yuk bor ekan, demak, u yukni Yaratgan ham bor. Yukning nimaligini sendan farqli o‘laroq, U yaxshi biladi. O‘sha makonlarga yetkazib berganingdan keyin ham nimagadir ishlatiladiki, “olib bor”, deyildi. Ya’ni ibtidoda ham nimadir bor, intihoda ham. U “nimadir”ni o‘rtada qahramongina va unga qo‘shilib bizgina bilmaymiz, ammo taxmin qilamiz. Olib borgani uchun nimadir mukofot ham ko‘zda tutildi, yo‘qsa bu qadar uzoq yo‘lga bu qadar mashaqqat bilan olib borilishi shartmidi?
Manzara oydinlashyaptimi? Demak, bu hikoyadagi dasht - dasht emas ekan-da? Balki, butun insoniyatning yo‘lidir? Axir, hammaga ham dunyoga kelganida bir vazifa yuklanadi. Shomga – o‘limga yetguningcha shuni ehtiyotlab olib bor, deyiladi. (Balki javhardagi iste’doddir?) Ey voh, yo‘lda chalg‘iding, sen bilan birga qolganlar ham chalg‘idi.
Men tilga olgan hikoyalar shu mavzuda. Hammasining qahramoni – o‘zini izlayotgan, o‘ziga qiymat berilishini istayotgan kishilardir.
...Tevaragimizdagi hamma narsa har xil ma’nolarga ishora qilib turibdi. Va, shu bilan birga, hamma narsa faqat bir tarafni – shomni (ya’ni, quyosh botayotgan tomonni) ko‘rsatib turibdi.
Birovga maqsad shu deyilsa, u o‘sha zahoti chalg‘iydi. Har bir kishi yashashning oqibati o‘lim ekanini biladi, aql shunday desa-da, odam ko‘chaga chiqishi bilan buning barini unutadi. Ko‘chadagi odamlar, qushlar, shabadalar, suvlar, hidlar, ranglarning bari “haqiqiy voqelik mana shu va u doimo atrofingda, o‘zgarmasdir, asl sen o‘zgaruvchisan, lazzat olaqol” deb vasvasa sola boshlaydi. Aqlning yetib kelgan hikmati xiralashib ketadi. Chunki u, tevaragi mana shunaqa rango-rang qilib o‘ralmagan juda uzoqdagi bir joyni ko‘rgan edi. Olib borilishi zarur bo‘lgan zilol o‘sha makon uchun kerak edi. Dunyo dashtida bir sen emassan-ku, yana minglab odamlarni ko‘rding. U zilolni sendan boshqa kimdir ham olib borishi mumkin edi. Shunga qaraganda, uni Sen olib borishing muhim, gap shunda. O‘sha zilol narsaning borligi uchun ham ahamiyating juda katta. Yo‘qsa dashtdagi qum zarrasidan, o‘tdan yo qushdan qanchalar farqing bor?
Adabiyot o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas inson ruhining manzaralarini aks ettira olmas ekan, adabiyot bo‘larmidi?
Yana shunga o‘xshash manzarani Rahimjon Rahmatning“Adashvoy” hikoyasida ko‘ramiz.
Olomon uzra, havoda kezib yuradigan g‘alati bir ruhiyat va u ruhiyat ta’siriga tushib qolgan zaif, ammo sodda va ishonuvchan odam holidan xabar beradi R. Rahmat. Hikoya qahramonining shaxsiyati shu qadar pokizaki, xuddi ko‘zlarini pirpiratib, tegrasiga hayron-hayron boqayotgan ma’sum bolakayga o‘xshaydi. Olomonning har gapiga ishonaveradi. Olomonda intellekt sezilmaydi, jamiyat ham ko‘rinmaydi. Adashvoyning tegrasidagilar aynan miyalari “och qorin-to‘q qorin” haqidagi o‘ylar bilan band kishilar. Ular o‘yin-kulgi qilishni istashadi. Adashvoyni cho‘miltirishadi, orom ol deya qistashadi. Ruhiyati ma’lum ma’noda to‘yintirilgan va o‘z qarashlariga ega kishi bu o‘rinda ularga o‘z holicha qarshilik qilgan yoki hatto qo‘rqqan ham bo‘lardi. Adashvoy shu darajada mas’umki, nima desalar quloq qoqmay ado etadi, ergashadi, tevarakni chulg‘ab kelayotgan qora tumanga xavotirlanib, hurkib boqadi va indamasdan o‘sha tuman ichiga kirib ham ketadi.
Ulug‘bekning “Bir piyola suv”idagi ot-arava mana shu yerdan o‘tib borgan edi.
Yana sal diqqat qilsak, makoni va zamoni noma’lum bu hikoyalardan biroz narida, tasavvur olamida yozuvchi iste’dodi paydo qilgan ajab hududlarni – “Jinlar bazmi” hikoyasida tasvirga olingan g‘alati makonni, “Onamning yurti” hikoyasidagi ko‘zdan nihon go‘zalliklarni, “Jajman”dagi qadimiy bozorni va “Qultoy” hikoyasidagi quroq olomonni ko‘rsak ne tong?
Zilol suv olib ketayotganidan o‘zi ham bexabar qahramon biroz o‘ngga yursaydi, eski bir qishloqqa duch kelgan bo‘lardi. U qishloq ahli ham yuqorida tilga olingan olomonga o‘xshash. Bir kuni bir siniqchi ko‘chalaridan “Ko‘ngli singan kim bor” deb qichqirib o‘tgan shu qishloq ahlining ruhiyati bilan “Adashvoy”ni va “Qultoy”ni solishtirib ko‘ring-a! Ajab, tasvirdagi bunday o‘xshashliklar qaydan hosil bo‘lmoqda? Ruhiy tahlil ilmining bilimdonlari bu savolga yetarlicha javob topishlari tayin, albatta. Lekin gap san’at haqida, san’atga daxldor obrazlar va asarlar ustida ketmoqda.
Ya’ni, singan, kuygan, ezilgan, shahdu shiddati sezilmaydigan kishilar tasvirlangan mana shu badiiy asarlardagi kishilarninghammasi Imdodga, Ruhga, G‘oyaga va goho Tazarruga zor ekanligining ishoralari emasmikin bu adabiy hodisalar, deya o‘ylanib qolasiz kishi.
Yana, shu o‘y ham keladi: “Ro‘yo” (A. A’zam), “G‘ulomgardish”, “Onamning yurti” (X. Sultonov), “Parizod” (E. A’zam), “Etakdagi kulba” (N. M. Raufxon), “Qultoy” (N.Eshonqul), “Adashvoy” (R.Rahmat), “Bir piyola suv”, “Lola” (U. Hamdam), “Puankare” (A. Yo‘ldoshev)... asarlaridagi kishilar, qahramonlar personajlarning bari aslida, adib iste’dodi va tafakkuri ko‘rsatib berishi shart bo‘lgan Yo‘lga zor va muhtoj ekanini ham payqash qiyin emas.
Lekin, xulosa chiqarishga ko‘pam shoshilavermaylik.
Olam aylanmoqda, u bilan birga tafakkur olami ham charxpalak kabi bir maromda xalqlar, millatlar, kishilar va olomon bilan birga iste’dodlarni ham asta-sekin tongdan shomga qarab tortib ketmoqda. Men nasrda ma’lum bir zamon mobaynida ilg‘or yozuvchilarning asarlarida ko‘rinayotgan umumiy birlik, fikrlashdagi va obraz yaratishdagi hamohanglik masalasiga diqqat qaratmoqchiman, Karl Gustav Yung aytgan arxetip hodisasi rostdan ham ro‘y beryaptimi deb qiziqib ko‘ryapman. X. Sultonov, E. A’zamov, N. M. Raufxon, A. A’zam nisbatan katta avlodga mansub ijodkorlar, ular voyaga yetgan muhit (ijodiy tafakkurning balog‘ati) keyingi avlod muhitidan ancha farq qiladi. Tabiiyki, umum maqsad yaxlit bo‘lgani holda, xususiy mo‘ljallar va hatto yo‘llar ham turlicha bo‘laqolsin. Har ikki avlod ijodida ayni ruh va tamoyilning namoyon bo‘lishining biron-bir qonuniyati bormi?
Sovuqqonroq ohangda aytilgan arxetip kalimasi ichimizdagi shu o‘ylarimizdan xiyol uzoq masofada turgani uchun, boshqacha aytaqolay: bir mahallar mashhur “Dunyoni go‘zallik qutqaradi” kabi bir kalimaga ehtiyoj tuyayotgan kishilar olomoni yana bir shunaqa yo‘lko‘rsatkichga ehtiyoj tuyayotgan bo‘lsa-chi? Ijtimoiy tebranishlar, tanazzullarning g‘oyat keskin ziddiyatlari orasidan o‘tib kelgan va tijoriy dunyo qarshisida o‘zini ham mahsulot deya his etayotgan minglab kishilarga san’at yana bir ruhiy yo‘lni ko‘rsatishi kerakligini his qilishdan paydo bo‘lmayaptimi bu asarlar? Axir, qorin to‘ydi, lekin ruh och-ku? Jismning ozuqasi bo‘lgani kabi, ruh ham ozuqaga muhtoj-ku?
Ya’ni, bir jihatdan qaraganda go‘zallikning ham mezonlari o‘zgarib, mahsulot ko‘rinishiga o‘tkazib yuborilgan shu olamda insonni qutqarib qoladigan nima bor?
Lekin, “bekorlarni aytibsiz” deyapti choyxonada yonboshlab yotgan, mana shu o‘zgarishlardan xiyla bexabar bugunimizning bir kishisi. “Hissiyotdan nima naf? Mening his-tuyg‘ularim bilan nima o‘zgarardi? Ular g‘oyatda shaxsiydir, siz menga osh-nondan, qurilish anjomlaridan, falon mahsulotni qayda arzonroq sotib olish mumkinligidan gapiring” deydi. “Yuksak ideallarga kelsak, bola-chaqamni, xudo xohlasa o‘qitaman, o‘zim ham ba’zan oldi-qochdi asarlarni o‘qib miriqaman, anchagina hushyorman, xullas, tuppa-tuzuk, ziyoli bir odamga o‘xshayman!Tagma’nolariga bir nimalar joylangan asarlarni o‘qib, boshimni qotirib nima zaril?”
Ha, Inson bugungi kunda ruhan parchalanib, iste’molchiga, soliq to‘lovchiga, mijozga va yana allaqancha narsalarga aylanib ketdi. Bugun adabiyot, mana shu g‘oyatda maydalashgan insonga Insonligini ko‘rsatish uchun majoz yo‘liga o‘tmoqda, xohishlar va istaklarning tubiga tushib bormoqda.
Shuning uchun ham “Barchamizga ayonki, XXI asr intellektual salohiyat, tafakkur va ma’naviyat asri sifatida insoniyat oldida yangi-yangi ufqlar ochish bilan birga, biz ilgari ko‘rmagan, duch kelmagan keskin muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Bugungi murakkab va tahlikali zamonda yozuvchining bashariyatni ertangi kunini o‘ylab, odamlarni ezgulikka, insof-diyonat, mehr-oqibat va bag‘rikenglikka da’vat etishga qaratilgan haroratli so‘zi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda” deya, so‘z ahliga qiymat berilmoqda, o‘ziga qiymat izlayotgan ijod ahlining egilgan qaddi qo‘tarib qo‘yilmoqda.
Majozga o‘tishning sababi shu. Ilgari ko‘rilmagan keskin muammolarga duch kelgan bugunning yetuk aqlli iste’molchisi har narsani allaqachon fikrlab ko‘rib, xotimalab, xulosa ham chiqarib bo‘ldi, endi san’atga “Bundan buyog‘iga nima qilamiz” deya, ijtimoiy hiylalarni ko‘raverib qattiqlashib ketgan nigohini ro‘y-rost tikib turibdi. Og‘irkarvon nasr mana shu sababdan ham tubga qarab bormoqda, har manzarada, voqeada “Sarhisob!” deya bong urmoqda.
Jamiyatdagi o‘zgarishlar, inqirozlar va chayqalishlarning bari kishilarning hayotida aks etadi va zalvoriga, ko‘lamiga qarab turli-tuman iztiroblarni, g‘am va qayg‘ularni, shodlik va quvonchlarni hosil qiladi. U iztirob va quvonchlar g‘oyatda umumiydir. Yelib-yugurib boylik orttirishga umrini sarflayotgan odamning maqsadlari bor-yo‘g‘i vujudida bittagina hujayraning o‘zgarib qolishi bilan badar ketishi mumkin. Gap inson qalbining tirikchilik tashvishlaridan bir muddat uzoqlashishi va yuksalishi haqida ketyapti. Qaydadir o‘sha o‘zgarish sezilar-sezilmas sodir bo‘lmoqda. Inson qalbida ana shunday evrilishlarni sodir qilish xususiyatiga ega asarlar yozilayotganidan darak emasmi yuqorida tilga olib o‘tilgan misollar? Quvonishga va g‘ururlanishga ne hojat? Bizlar dunyo adabiyotiga hali mumtoz adabiyotimiz u yoqda tursin, she’riyatimizdagi va xalqimizning og‘zaki ijodidagi timsollarning ma’nolarini ham yetkazib berolganimiz yo‘q. Ertak va afsonalarimizdagi ulkan haqiqatlar o‘z Oloviddinini kutib, yashirinib yotibdi. Allalarimizdagi, qo‘shiqlarimizdagi mung-chi, chorlovlar, bo‘zlovlar, musiqamizdagi jilvalar-chi? Har qishlog‘imizning o‘ziga xos tafakkur tarzi bor, u xazina aro hali olam ahli bexabar yuzlab timsollar yashirinib yotibdi. Ularni biz tushunamiz, lekin barcha uchun tushunarli, zamonaviy tarzda taqdim qila olishimiz lozim. Ular – juda eski va mangu ma’nolardir. Ana shu “tushunarli,zamonaviy tarzda taqdim qila olishimizning” birdan-bir yo‘li – majozdir. Dunyo ahli bizning madaniyatimizning, urf-odatlarimizning o‘ziga xosliklarini anglamasligi mumkin, ammo majoz – hamma birday tushunadigan adabiy til. Quvontiradigan holat shuki, dunyoning ko‘pchilik madaniyatlarining ahllari umrlari so‘ngidagina anglab yetayotgan haqiqatlar bizning xalqimizning urf va odatlarida, og‘zaki ijodida namoyonligida, ularni bolalikdanoq, ya’ni beshikdanoq bilib ulg‘ayayotganimizda. Ya’ni, juda ulkan imkoniyatlarimiz bor. “Mening ilinjim ham, quvonchim ham shunda-da”, deydi Chingiz Aytmatov, o‘lim sari yo‘l olgan bolakay haqida iztirob bilan yozarkan va vaqti kelib, o‘z qahramonining ortidan o‘zi ham o‘sha tarafga yo‘l olarkan. “Mening dardim ham, iztirobim ham shunda-da!”
* * *
Xullaski, butun olam, unga qo‘shilib biz ham bugun yangi estetik qiymatlargaehtiyoj tuymoqdamiz. O‘tgan asrning ko‘pchilik estetik tamallari dunyoning o‘zgarishi va yangilanishi bilan birga buzilib ketdi. Yevropa adabiyoti bugun yakkalangan va insoniy qadriyatlari zaiflashib ketgan jamiyatdagi yolg‘izlik iztiroblaridan bahs etmoqda va istasa-istamasa, bozor qonunlariga moslashmoqda. Olomon tomosha talab qilmoqda! U olomonga shaffof oyna ortidagi yoqimtoy pushtirang maxluqcha, shisha idishdagi bashoratchi o‘lik sakkizoyoq hamda mutlaq daxlsiz deb hisoblangan inson qalbiga tajovuz qilinayotgani uchun suitsid yo‘lini tanlagan hassos yapon professori– bari birday tomoshabopdir! Mana shu taloto‘pda insonga Insonligini anglatadigan toza va to‘laqonli yangi Ruh g‘oyatda zarurligi tobora anglashilmoqda. Yaratilayotgan turli-tuman asarlarning juda ko‘pi mana shu ehtiyoj qarshisiga yetib kelib, millionlab kishilarning talablarini qondira olmayotgani uchun ham poygakroqda ikkilanib, muztar turib qolmoqda. Shu sababdan ham ba’zi izlanuvchan ulug‘larimiz imdodni tarix qatlaridan izlab, uning hikmatlarini bugunning kishisiga yangi shaklda taqdim qilishga intildilar (Mirkarim Osim qissalarini, Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi”, Pirimqul Qodirovning “Bobur”, Muhammad Alining “Ulug‘ saltanat”romanlarini eslaylik). Ayrimlar esa o‘sha tomoshatalab olomon ehtiyojini qondirish va idishga tashlanadigan sariq chaqaga ega chiqish ilinjida ovorayu sarson. Shu ulkan ehtiyojdan kelib chiqqan holda aytgan bo‘lardimki, bugun yaratilayotgan asarlarga eng avvalo estetik yangilik nuqtai nazaridan qarashimiz va baholashimiz judayam shart bo‘lib qoldi. Zamonaviy dunyoning kuchli shamollari ko‘zlarga qum misoli tiqilib achishtirdi, kiyimlarni yulqilay boshladi. Shu g‘alati dunyoda men kimman, sen kimsan? “Ey, otamning o‘g‘li...” deb murojaat qiladi biyobonda tafakkursiz olomon qarshisida qolib ketgan Homon, o‘z akasi Muso alayhissalomga. Ne tongki, “Ey, otamning o‘g‘li” deb murojaat qilsa bo‘ladigan biron kishining topilmagani g‘alat. Ota o‘g‘illari turli hiylalarga to‘lib-toshib ketgan mana shu olamda dovdirab yurar ekanlar, “Bolang qani?” deya sassiz qichqirayotgan qadrdon uy ostonasida bo‘m-bo‘sh ko‘chaga ilhaq termilib o‘tirgan ota kimligini, qavmu qarindosh kimligini, el-yurt, millat, Vatan nimaligini, har bir insonga odam bolalari deb atalmish ulug‘ sulola aro gapirish va orzu qilish qobiliyatiga ega ulug‘ va mukarram zot ekanini ko‘zining oldiga yaqqol olib kelib, ko‘rsatib qo‘yadigan bir san’atga ehtiyoj tuyilayotgani bor gap. Men yuqorida tilga olgan asarlar mana shu eslatishning ilk qadamlari, ilk urinishlar, yangicha estetik tafakkurning ilk kurtaklari. “Mening ilinjim ham, quvonchim ham shunda-da”, deb takrorlaydi Aytmatov, dunyoni tark etib ketarkan. Ha, hammamizning ilinjimiz ham, quvonchimiz ham shunda-da. Nazar Eshonqul “Qultoy”da juda uzoq tarix qatida qolib ketgan bir timsolni shundoq olib chiqib shuurimizga ro‘para qilganida sevindikmi, hayratlandikmi? Darhaqiqat, ular juda ko‘hna va azim ma’nolar edi. O‘z xalqining qadim va mangu hikmatlariga murojaat qilish va uni zamonaviy adabiy tushunchalar yorug‘ida qayta jilvalantirib ko‘rsatish san’ati ulug‘ adiblar ijodida yaqqol namoyon bo‘lganini bilgan holda, yana ikkilanishlar girdobiga sho‘ng‘iymiz: u buyuklarning bari o‘tgan asr falsafasining va estetikasining ilg‘orlari edilar. Bugun yangi estetika, mezonlarining o‘zgarishi haqida gap yuritmoqdamiz. Asarlar, g‘oyalar, ishonchlar,umidlar... To‘satdan lop etib ongimizda yana “Jamila” va “Oq kema” qalqib chiqadi: yuz yillardir o‘zgarmagan, mashaqqatli hayot girdoblari aro muhabbat orzumandligi, Tangri taolo qalblarga joylagan yuksak tuyg‘u tarannumi... Shoxdor Ona bug‘u timsolidagi xalqning qayg‘ulari va iztiroblari va u iztiroblarning yosh bolakay ko‘nglidagi ajabtovur akslari... Yo‘q, deyman, klassiklar sira eskirmaydi, unda bugunning yozuvchisi nima qilsin? Mana shu sabab ham Yo‘l izlanayotgani ochiq-ravshan.
Aslida, so‘qmoq juda ko‘hna va qadimiy, ibtidosi ham, intihosi ham aniq, unda davom etishni istaganlar faqat izhori dil uchun yo‘l izlayotganlari ayon. Mana shu sababdan ham bugunning nasrida uchta quvvatli tamoyil yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi va, aytish mumkinki, har uchala tamoyilning ham o‘z iste’dodlari, o‘z ustalari bor. Birinchisi, milliy ruhni, xalq ruhini milliy usullarda yanada rang-baranglashtirib taqdim etish, ikkinchisi – xalq shuurida uzoq yillar yashab kelayotgan o‘lmas timsollarni olam ahliga namoyon qilish va uchinchisi – butun dunyo adabiy tafakkurida ro‘y berayotgan, ammo bizning adabiyotimiz uchun yangi hisoblangan shakllarni olib kirib, o‘z ruhimiz bilan to‘ldirishdan iborat. Menimcha,har uchala tamoyilning ham o‘z o‘rni, o‘z o‘quvchisi bor.
Xavotirga esa o‘rin yo‘q emas. Bu – ommaviy adabiyotdegan yuhoning san’atni yemirib yuborishidir. Masalan, Yevropada «o‘rta iste’molchi”ga mo‘ljallangan asar yaratish amaliyoti ko‘p yillar avval ishlab chiqilgan. Auditoriya yigirma besh yoshgacha bo‘lgan erkak-ayollar va yigirma beshdan oshgan erkak-ayollarga bo‘lingan. Asar yozilishidan avval auditoriya tanlab olinishi kerak. O‘quvchi(mijoz)ning mana shu to‘rt kategoriyasiga birday “yoqadigan” asar mukammal hisoblanadi. Asar syujeti ham ma’lum reja asosida quriladi, ya’ni: intriga,yaxshilik va yomonlik kurashi hamda baxtli xotima. Tamom-vassalom. Tushunarliroq qilib aytsam, har biridan ma’lum miqdor chaqa-tanga undirib olish imkoni bo‘lgan olaquroq potentsial olomonning istaklarini qondirish kerak. Ommaviy adabiyotni yaratayotgan bozor mexanizmi mana shu. Shukrki, bizlar uzoq yillar davomida “bozor mexanizmi” asarlaridan yiroq turdik, taraqqiy etgan o‘lkalarning turli hashamlardan to‘yib ketgan olomoni detektivlarni miriqib o‘qib, hordiq chiqarayotgan mahalda aynan o‘sha qolipga “tushmaydigan”, ozodlik istagi ro‘y-rost sezilib turgan asarlarni o‘qidik. Bular – tarix qatlaridan g‘oyat inja nur tolasi kabi bizgacha yetib kelgan “Devoni lug‘otit turk”, “Temur tuzuklari”, Navoiy, Mashrab g‘azallari va allaqachon o‘sha yuksakliklardan pastga qulab tushgan ruhimizga o‘zimizning kim ekanimizni tengsiz tasvir va timsollar aro namoyon qilgan “O‘tkan kunlar” edi.... Nobel mukofotiga tavsiya etiladigan asarlar estetik yangilikni badiiy shaklda taqdim etishi zarurligi bejiz emas. odisalarga nekbinlik bilan qarashimiz, bir haqiqatni aniq anglab olishimiz zarur: o‘zbek nasri ham, nazmi ham o‘tgan asr mobaynida juda katta vazifani qoyilmaqom qilib bajarib qo‘ydi. Ya’ni, begona “ong yuvish mexanizmi” onglarga kommunistik shuurni quyayotgan mahalda, milliy ruhni asarlarga yashirib, bugunga qadar asrab-avaylab olib kelib berdi. Mana shu muhtasham vazifani uddalay olgan har bir shoiru yozuvchiga ta’zim aylash kerak. Ya’ni, u mahallar Yo‘l aniq va mustamlakachilik siyosatiga mutlaqo zid edi: milliy ruhni mag‘zi butun danak singari tuproqqa – ya’ni she’rga, asarga, adabiyotga ko‘mish kerak edi. Yana bir timsol: juda qadim bir ertagimizda oltin tusli ajoyib jayron obrazi bor. “Meni o‘ldirib,tuproqqa ko‘m, tong saharda o‘sha joyni qazsang, sehrli qilich va qalqonni ko‘rasan, o‘shani olib, elga hamla qilgan ajdarni o‘ldir” deydi jayron. Ajdar nimaning timsoli edi? Balki onglarga va shuurlarga hamla qiladigan uch boshli imonsizlik ajdari bo‘lsa-chi? “Sira tashvish chekma, qachonki qaytib kelib, ismimni aytib chaqirsang, tuproq ostidan chiqib kelaman” deydi jayron... Jayron kimning,nimaning timsoli edi? U tuproq – adabiyot emasmidi?
Biz faqat chetdan turib kuzatamiz, xolos. Fikr aytishda ehtiyot bo‘lganimiz ma’qulroq. Ba’zan iste’dod shunday asar yaratadiki, daf’atan mohiyatini anglamasdan zadalab qo‘yishimiz hech gap emas. “Javharingdagi zilolni ufqqa qadar yetkazib berishing sening vazifang edi”, deb bejiz uqtirmayapti adib. Mana shu tarzda, benihoya ulkan timsollar va ramzlar ummoni to‘lqinlanib yotgan ma’naviy tariximizni va qadriyatlarimizni tushunolmasdan, hordiq chiqarishni istayotgan olaquroq olomon ehtiyoji qadar tushib boramizmi yoki yanada yuksakroqqa intilishimiz kerakmi? “Nimalar deyapsiz? – deb tushunmovchilik aro bir-biriga qaraydi maishiy asarlarni o‘qiyverib ongi zaiflashib ketgan o‘quvchi. – Siz aytgan asarlar kimga mo‘ljallangan o‘zi?” Asrlar avvalidan bobolarimiz xavotir ila qichqirib turgan shu makonda arzonbaho asarlarni o‘qib hordiq chiqaramizmi yoki tafakkur ummoniga sho‘ng‘iymizmi? Millatimizga ruhan boy, badiiyatni kuchli tafakkur ila anglaydigan kishilar ma’qulmi yo qorin tashvishi bandalarimi? Goho xayolimga shunday o‘y ham keladi: sayozroq, ammo tashviqiy puxtaroq asarlar ro‘para qilinaverib aqli bichib qo‘yilgan ba’zi kishilarga endi nimani taqdim qilish kerak? Axir, tuzum o‘zgardi, undan ko‘ra boshqacharoq dunyo tuzumi kirib keldi.
Tevaragimizda ro‘y berayotgan, bevosita guvoh bo‘layotganimiz hodisalar ortida yana minglab boshqa hodisalar bor. Ko‘rib turganimiz mutlaq haqiqat emas, mutlaq haqiqat yashirin va ilg‘ash qiyin haqiqatdir. Bizlar xuddi Tangriga qattiq ishongan, ammo o‘zining Tangri haqidagi tushunchalarini Tangri deb o‘ylab xato qilgan odam misolimiz. Shoir Faxriyor “Postmodernistik dunyoda qiblani topish” asarini mana shu bois ham o‘zbekchaga o‘girdi, “Sharq yulduzi” faylasuf Borevning maqolalarini shu bois ham e’lon qildi. Ha, adabiyot uchun endi qibla qaysi tomonda? “Xalq tomonda” deydi bu savolni yuzakiroqtushungan mutaxassis. Yo‘q, xalq dengizdir, xalq kuchdir, u iste’dodlarni paydo qilaveradi va tafakkur qilish uchun lozim bo‘lgan minglab timsollarni o‘sha iste’dod ongiga ro‘para qilaveradi. U eplay olmasa, boshqasini paydo qiladi va ayni vazifani o‘shanga ro‘para qiladi. Olg‘a, yana bir qadam olg‘a, deb hayqiradi tafakkur. Turli-tuman sanoqsiz kishilar aro shu xususiyating bilan bejiz yaraldingmi? Demakki, iste’dodingning nimagadir zarurati bor, fikr yuritmaysanmi, axir? Bir siltanib, shuuringni chirmab olgan o‘rgimchak to‘rini yirtib, fikr va his ozodligiga chiqmaysanmi, u ozodlikning hayotbaxsh lazzatini bir totib ko‘rmaysanmi, deb jahllanadi Rumiy, bugunimizning bolalariga qarata. “Nima qilay axir” deb ozorlanadi ilmu fanning, olamning tahlikali o‘zgarishlaridan xiyla bexabar bugunning ma’rifatchisi, peshanasini tirishtirib. Nimayam qilardik, masala ochiq-ravshan-ku: bugunning o‘quvchisi o‘sha g‘oyaga – umriga qiymat va mazmun baxsh etadigan hayotbaxsh G‘oyaga har qachongidan ham mushtoq-ku?
* * *
G‘oya – o‘z-o‘zidan, kechqurun bolishga yonboshlab, choy ichib o‘tirganda lop etib kelib qoladigan narsa emas. Ko‘pchilik ilhomni shunday tasavvur qiladi. G‘oya hosil qilish uchun insoniyatning kamida yuz yillik tarixini puxta bilish, turli xalqlar turli tashviq usullari va texnologik qalqinishlar aro qay tarafga ilgarilab borayotganini, mana shu g‘alati va aql yetishi mushkul jarayon ichida o‘z xalqining, o‘z millatining armonlari, orzulari, turmushini yaxshi bilishi, tahlil qilishi, har turli etnik-falsafiy unsurlar natijasida yaxlit va hayotbaxsh bir fikrga kelishdan iborat. Chunki, hammamiz mazmundan iboratmiz va o‘zimizdan kuchliroq boshqa ma’nolarga intilamiz. Shu sababli ham bugunning talabi kechagidan tubdan farq qiladi. Bugunning adibi fanda va jamiyatlarda ro‘y berayotgan hodisalarni ildizigacha ko‘ra olishi va iste’dodi yorug‘ida uning oqibatini ham tasavvur qila olishi kerak.
Xavotirlarga esa o‘rin yo‘q emas, qalqinib turgan, turli manfaatlarning to‘qnashuvi aro ma’naviyatu san’at bir chetga surilib ketayotgan zamonaviy taloto‘plarda bolalarimizning qalbini qay tarzda sof saqlab qola olamiz deganday tashvishlar hammaning ham yuragini og‘ritib turibdi. Ta’rifiga qanchadan-qancha allomalarning iste’dodi yetmagan, Qaqnus misoli har turli ko‘rgiliklarni boshdan kechira-kechira, mana shu kunlargacha sog‘-omon yetib kelgan elning toza buloqlaridan bahramand bo‘lsin, u zilol - shifobaxsh, turli madaniy va ijtimoiy xastaliklardan asraydi, deya o‘zimizga taskin ham beramiz.
* * *
Hamma zamonlarning hoh ulug‘, xoh menga o‘xshagan kichikroq ijodkorlari mana shunga o‘xshash fikrlari so‘ngida kelajak avlodlarga doimo umid vaishonch bilan boqib kelishadi. Kelajak avlodlar biz yetmagan, biz orzu qilgan asarlarni yaratadilar degan umid har insonning ko‘nglida tungi yomg‘ir tomchisida yilt etgan bir yog‘du jilvasi kabi yashaydi. “Mening quvonchim ham, iztirobim ham shunda-da” deydi ulug‘ mutafakkir Chingiz Aytmatov, “kapalaklar uchmaydigan” makonlardan turib. “Kapalaklar uchadigan” makonlarda esa hayot jo‘sh urmoqda va butun insoniyatni, jumladan, bizni ham yangi-yangi noma’lum tomonlarga oqizib ketmoqda.
Iste’dodi qalblarida barq urib turgan bolalarimiz esa, tiniq nigohlarini bizlarga ishonuvchanlik ila tikib turishibdi. U nigoh odamning yuragini zirqiratib og‘ritar darajada musaffodir.
Bizning mana shu yosh go‘dakka aytadigan so‘zimiz, xuddi, tobora quvvatdan ketib borayotgan otaning noma’lum hayot qarshisida ikkilanib turgan nozik-nihol, g‘oyatda sofdil o‘g‘ilchasiga aytadigan so‘zi kabi rost va samimiy bo‘lishi kerak.
Hammamizning umidimiz ham, ishonchimiz ham shunda-da!