OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. O‘rmondagi kulba (hikoya)

Ey ruh, fitratining o‘rmonlarida
Kezingan, ezilgan, ozurda ey ruh!
Zahmat soylarining hovurlariyu
G‘ussa vodiylarin shovurlarida
Bir o‘zi yig‘lagan,
o‘ksigan, kuygan,
Hasrat yomg‘irining kuyuklarida
Ilma-teshik bo‘lib
Izillab turgan!
Eski zindoningdan bir zum chiqaqol!..

MUQADDIMA

O‘g‘il

Shabada esmas, ammo o‘rmon turli tovushlarga to‘la edi.

Sarvlar, qayrag‘ochlaru archalar baland o‘sgan, o‘tlarning poyalari to‘q yashil, daraxt ostidagilari esa siyrakroq, rangi ham nimdoshroq bo‘lib, ba’zilari gullagan, kichkina gulchalar uzra sarg‘ish asalarilar g‘o‘ng‘illab uchib yurishardi. Daraxtlar ortida ko‘rinmasa-da, qaydadir quyosh yorqin nur sochmoqda.

Osmon ko‘m-ko‘k, mayda oq bulutchalar qimir etmay turardi.

Ko‘p vaqtdan beri inson yurmaganday tuyulayotgan so‘qmoqdantez-tez odimlab borardim.

Ichimdagi surur qaydan paydo bo‘lganini bilmasdim. Ammobu o‘rmon menga yoqar, kechagina turli tashvishlar bilan peshanamni tirishtirib o‘ylanib yurgan bo‘lsam, endi u o‘ylar juda olislarda qolib ketganday, xayolimga “Qara-ya, o‘rmonodamga shunaqa ajoyib orom baxsh etarkan-da” degan o‘y ortidan “Tez-tez bag‘riga chiqib turish kerak, inson tabiatning bir qismi” deganday o‘ylar ham kelmoqda edi.

Odam o‘yi qiziq narsa. Bir nimani ko‘rsangiz, besh-olti xil fikr birdaniga uyg‘onadi. Eng ma’qulini tanlab olasizu qolganini tashlab yuborasiz go‘yo. Lekin hozir o‘ylarimning bari qiymatliday va birontasini ham rad qilib bo‘lmaydiganday tuyuldi, bu o‘zimga ham xush keldi.
Shu sababli o‘rmonda qiladigan ishim xavotirli tuyulmadi.

Ha, shu yaqin oradagi o‘tloqzorda eski, kimsasiz bir kulba bor. Men uning yerto‘lasiga tushishim kerak.

Yana picha odimlagach, so‘qmoq nihoyasida o‘sha uycha ko‘rindi. Kichkina, tik tomli ekan. Qurilganiga nechaz yillar bo‘lgandir... Oldidagi maydonchasiga terilgan toshlar orasidan o‘tlar o‘sibdi. Tarvaqaylagan mevali daraxt ham bo‘y cho‘zibdi - o‘rikka o‘xshaydi, shoxchalarida yashil dovuchchalari ham bor.

Daraxt yonidan o‘tib, uychaning tosh zinasidan yuqori chiqdim.

Eshik ochiq ekan.

Ko‘pdan beri bu yerga inson qadami yetmagan bo‘lsa-da, egalari qaygadir ketganiga go‘yo bir-ikki hafta bo‘lganday, nazarimda. Chunki ashyolarning bari o‘z o‘rnida, ammo xiyol chang qoplabdi. O‘ng tomondagi javonlar yopiq, ichida uy egalarining narsalari bo‘lsa kerak. Deraza yonida kattagina stol, ustida eskiroq kompyuter, qalam-qog‘oz yonida so‘liy boshlagan chechaklar ham bor, har holda, uy bekasi noziktabiat ayol shekilli. Derazaga och-sarg‘ish gulli parda tutilgan. Borib,tavaqalarni ochib yubordim, o‘rmonning turli islarga to‘la toza havosi uy ichini to‘ldirdi. Katta jigarrang tusli pechka ustida og‘ir cho‘yan choynak, yerda esa besh-oltita qarag‘ay sarjini, gugurt donalari sochilib yotibdi.

Chap tomonda eshigi yopiq xonalar bor ekan. Bolalar xonasi bo‘lsa ehtimol. Balki mehmonxonadir?

Ha, shinamgina, ammo qanchadir muddat qarovsiz qolganbir uy.

Endi shu uyning yerto‘lasiga tushishim kerak.

Yerto‘lalarni yoqtiravermayman. Nimqorong‘i, har turli keraksiz ashqol-dashqollar betartib tashlab qo‘yilgan, bir oz zax isi kelib turadigan joy tasavvurimda jonlanadi. Ba’zilar havo almashishi uchun tuynuklar ham ochishadi, chunki tuynuklari bo‘lmasa, yerto‘laning havosi og‘ir bo‘lib qoladi.

Nariroqda pastga tushiladigan eshik ochiq. Zinalari taxtadan, yorilib-yorilib ketibdi. Tushsam, aytganimday, nimqorong‘i bo‘lsa kerak.

Eshigi yoniga kelib, pastga qaradim.

B ye sh t a yo k i o l t i t a p i l l a p o ya s i bor ekan.

Tusha boshladim, ko‘ndalang taxtalar zalvorimdan g‘ichirlar edi.

 
Ona

Umrim bo‘yi dala-tuzda ovorai sarson, bolam-chaqam deb zahmat chekkan bir xotinman-u, kutilmaganda menga “O‘rmonga kir” dedilar.

O‘rmon qanaqa bo‘lishini bilmayman - sariq qumlaru loyqa suvlar ichida katta bo‘lganman, ammo manzaralariga hayron bo‘lib qoldim. Qo‘ni-qo‘shnilarim esimga keldi, bechoralar, oila-ro‘zg‘or zahmatidan ortib shunaqa chiroyli joylarni ham ko‘rishsaydi, deb ilindim. Haqiqatan ham nihoyatda go‘zal bo‘lar ekan, sarvlari va nomini men bilmaydigan tik qadli og‘ochlari yengil shabadada shovullar edi.

So‘qmoq ingichka, odam yurgan yerlarida o‘tlar siyrakroq o‘sgan, chetlaridagi maysalar kichkina, moviy, sariq va oq tusda gullabdi. Daraxtlarda qushlar sayraydi. Bir qarag‘ay shoxida kichkinagina olmaxonni ko‘rdim, qo‘lida bujur yong‘og‘i ham bor, munchoq ko‘zlarini menga behadik tikib turibdi.

O‘rmondagi uychaning eshigi ochiq. Egalari qani, deya xavotirlanib ichkariga mo‘raladim. Hech kim yo‘q, ammo hammayoq orasta, batartib. Chang asari ko‘rinmaydi, deraza yonida katta bir stol, ustiga oppoq mato yopilgan, ko‘kimtir shisha idishga uchta chiroyli gul solingan. Pechka ustida top-toza kulrangtemir choynak, yerda chiroyli qilib taxlangan besh-oltita sarjin o‘tin.

Deraza ham ochiq, oppoq parda o‘rmonning ajoyib shabadasida hilpiramoqda.

Har holda, uy egalari saranjom-sarishta kishilar bo‘lsa kerak.Qayga ketishgan ekan?

Endi shuning yerto‘lasiga tushishim kerak.

Yerto‘la juda chuqur, g‘ira-shirada z i na l a r n i n g o x i r i k o‘ r i n m a y d i. O‘lsin, muncha chuqurda ekan, deb o‘yladimu pastga qarab qadam bosdim.


Ota

Tashvishim boshimdan oshib-toshib yotibdi, o‘rmonda nima bor menga?

Bunaqa o‘rmonni yigitligimda harbiyda ko‘rganman. U mahallarning mehnati og‘ir edi, shunaqa bepoyon bir o‘rmonda daraxt kesganman.

Shamol og‘ochlarning qurigan shoxlarini qisirlatib sindirayotgani uchun shovqin kuchli. Baland-baland daraxtlar og‘ir-og‘ir chayqalib, yo‘l ustidagi o‘tlar egilib-bukilib shitirlaydi.

Maysalar gullarini yer uzra sochib yuborishibdi. O‘rmon turli ovozlar chiqarar, daraxtlar nola chekib ingranmoqda edi.

Kimsasiz bu o‘rmonda vahshiy hayvonlar ham bordir? Haqiqatan, qaydandir bir nimaning o‘kirishi eshitilganday bo‘lmayaptimi?

Ayiq, silovsin, bo‘rilar bo‘lishi mumkin.

So‘qmoqdan qachondir aroba yurgani uchun g‘ildiraklarining izi o‘rnida maysa yo‘q, tuproq quruq, ammo izlar orasida o‘tlar gurkirab o‘sibdi.

Saldan keyin yomg‘ir yog‘sa ajabmas, chunki osmondagi bulutlar to‘dalashib-uyulib kelmoqda. Bu shamolning ishi, albatta.

Vahshiy hayvonlari och bo‘lsa, daf qilishlari ehtimol. Shu sababli tezroq ho‘v anavi uychaga borishim kerak.

Tez yurib o‘sha uychaga yetib keldim. Eshigi yopiq ekan, sal turtsam, taraqlab ochilib ketdi.

Bu yerga inson qadami tegmaganga o‘xshaydi. Hamma narsaning ustini kalin chang qoplabdi. Chang uzra oyoq izlari yo‘q. Deraza pardasi eski, to‘q jigarrang tusda. Uy havosi og‘irday tuyuldi. Borib, derazalarni ochdim. Stolustida gul solinadigan qizg‘imtir shisha idish turibdi, ichida loyqa, qo‘ng‘ir tusli eski suv bor. Pechkaga anchadan beri o‘t yoqilmabdi, kullari tozalanmagan, yarmi yongan sarjinlar qalashib yotibdi.
Aytganimday, saldan keyin yog‘a boshlagan yomg‘irning shitirlashlari eshitildi.

Chang ustida izlar qoldirib, yerto‘la eshigi tomon yurdim. U eshik ham yopiq ekan. Ochib, ye t t i t a yo k i sa k k i z t a p i l l a p o ya bosib pastga tushdim.

 
2. YERTO‘LADA

O‘g‘il

Yerto‘la kenggina ekan. Qorong‘ilik ichida oxiri ko‘rinmaydi. Turli keraksiz narsalar ko‘p. Oyoq ostimda eski bolalar o‘yinchoqlarini ko‘rdim.

Daraxt shoxidan yasalgan o‘q-yoy, rangi pushti va oq ikkita koptok, qo‘g‘irchoqlar...ularni ham chang qoplabdi.

Iya, o‘zimning ashyolarim-ku?

Bolaligimdagi narsalarim bu yerda nima qilib yotibdi?

Yana odimlayman. Tuynuklar ochiq, havo rostdan ham mayin. Zax sezilmaydi. Ammo, tuynuklarni kim ochdi? Hozir-ku yoz, ammo qishda tuynuklar yopilmasmidi?

O‘yinchoqlar menga bolaligimni eslatgani bois yerto‘la begona tuyulmadi, xuddi bir sirdan voqif bo‘ladigandek, qalbimda iliq tuyg‘u bosh ko‘tardi. Shu mitti o‘q-yoy bilan qushlarga qarab o‘q uzardim, u o‘qlar behi shoxidan yasalgan bo‘lardi, tabiiyki, bironta qushni otib ololmaganman, ammo o‘sha mahallar o‘zimni qo‘rqmas, dovyurak ovchi deya xayol qilganlarim, qiyqira-qiyqira daraxtzorlar oralab chopganlarim esimda.

Yana bir necha qadam bosgan edim, to‘satdan yerto‘la adog‘idan, qorong‘ilik qa’ridan bir sas kela boshladi.

Ie, bu yerda mendan boshqa yana birov bormi?

Ha, o‘sha yoqda, taxta javonlar zulmat ichida ko‘zga ko‘rinmay ketgan joyda kimdir o‘zicha z a v q l a n i b k u l m o q d a edi.

Ovoziga qaraganda, men tengi bir yigit bo‘lsayam ajabmas. Nega kuldi ekan? Har holda, men singari yerto‘laga kirganu bolalik ashyolarini topib olib, o‘sha mahallardagi biror voqeani eslab kulayotgan bo‘lsa-chi? U sasni eshitganim hamono menga zarar yetkazmasligini tushundim. Chunki, xolis va beozor sas edi. Yanada eskiroq ashyolar orasini titkilab, boshqa narsalarini topib olgan bo‘lishi ham mumkin. Uzun bo‘yli, sochlari qop-qora,ko‘zlari chaqnab turadigan va tabiiyki, shoshqaloqligidan ko‘pincha xato ham qilib qo‘yadigan sofdil-samimiy bir yigitga o‘xshaydi.
“Boray-chi, kim ekan” deya o‘sha tomonga qadam bosdim.

 
Ona

Bir mahallar ota uyimning yerto‘lasida sabzi-piyoz saqlaredik. Katta xumlarda yog‘, guruch, bug‘doy, kichikroqlarida mosh, loviya, no‘xat bo‘lardi. Keyinchalik eski to‘shaklarni ham olib tushib, dumaloqlab o‘rab qo‘ygan edim. Bu yerto‘lada o‘shalarni ko‘rdim, avval qanday bo‘lsa, o‘shanday turibdi.

Bu yer ham sarishta, ammo o‘tmish islari kelib turardi. Olamdan o‘tib ketgan onaizorimning ashyolari ham shu yerda ekan. Ana, ko‘ylagi, ro‘moli... Yo‘qotib qo‘yganman deya iztirob chekib yurar edim. Otamning to‘ni ham shu yerda. Shiftga eski beshik ilib qo‘yilibdi, yopqichi ostidan qovuzlari, qo‘lbog‘ichlari ko‘rinib turibdi.

Xudoga shukr, begona joy emas ekan-ku?

Yana bir oz yurgan edim, yerto‘la burchagidan, qorong‘iroq joydan bir odamning tovushi qulog‘imga chalindi.

Shoshib qoldim. Tavba, u yerda bir ayol o‘ k s i b-o‘ k s i b y i g‘ l a m o q d a edi.

Bukchayib o‘tirib olgan, ozg‘in yelkasi, guli o‘chgan ko‘ylagi, to‘q havorang nimdosh ro‘moli ko‘rinib turibdi. Yuzi ko‘rinmaydi, ammo bir nimadan ezilib-ezilib,to‘liqib-to‘liqib yig‘lar edi.

Chorasiz kishilar shunaqa yig‘lashadi. Dunyoi dunda hayotining qiymatsizligidan, harchand tirishmasin ro‘shnolikka chiqa olmayotganidan, umr esa o‘rmonni chayqatgan shamol kabi dolg‘alar sola-sola yelib o‘tib ketayotganidan yuraklari g‘amga to‘lib, Xudoga yolvora-yolvora yig‘lashadi.

Bechora, yerto‘lada nima qilayotgan ekan? Balki shu uyning egasidir? Boshiga bir musibat tushgan bo‘lsa-ya?

Yuragimda rahmu shafqat uyg‘onib ketdi. Kim bo‘lsayam, yoniga boray, hol-ahvol so‘ray deb o‘yladim. Odam taftini odam oladi, agar musibatzada bo‘lsa Xudo mehribon, har musibat ortidan bir yaxshilikni albatta yetkazadi deb tasalli bergim keldi. Bolalari ham bordir, ular oldida hayot tashvishlari nima bo‘pti, odam turmush qurib bolali-chaqali bo‘lganidan keyin o‘zini oilasiga fido qilib yuboradi, o‘ksinma axir, degim ham keldi.


Ota

Him-m, yerto‘la bo‘m-bo‘sh ekan.

Bunaqa joylarda kalamush ko‘p bo‘ladi. Balki ilonlari ham bordir? Yo‘q, ilon zaxni yoqtirmaydi. Zaxsevar mayda-chuyda hasharotlar o‘rmalab yurgan bo‘lishi mumkin.

Chap tomonda yerga tirab qo‘yilgan asbob-anjomlar, ishlatilmaganidan zang bosib ketibdi. Bolta, arra, tesha, o‘roq va dastasi yo‘q ketmonni ko‘rdim. Ularning yonida, qoq yerda bir uyum qiyshaygan mixlar ham yotibdi.

Nima zaril edi bu yerga kelib? Norozilik ila sekin-asta odimlar edim.

Haqiqatan ham yerto‘la tuprog‘i zax. Uni selgitish uchun ancha mehnat qilish kerak. Tuynuk-derazalarni ochib, yaxshilab shamollatmasa bo‘lmaydi.

Yerto‘lada yana xonalar ham bor. Hammasiga “K i r i sh m u m k i n e m a s” degan qizil lavh ilib qo‘yilibdi.

Kim yozgan ularni?

Tevaragimni kuzatib mulohaza qilib turganimda, ho‘v naridan, qorong‘ilik orasidan inson sasi kela boshladi.

U tomonga qarab, gavdasi o‘zimga o‘xshash, bukchayibroq orqa o‘girib turgan bir kishining sharpasini ko‘rdim.

U odam o‘zicha g‘ o‘ l d i r a b s o‘ k i n a r edi.

Juda norozi, eski taqir-tuqirlar orasidan bir nimalarni qidirar, qo‘liga ilingan keraksiz ashyolarni tepib-tepib yuborar, bundan yana-da jahli chiqib, battar g‘udranayotgan bir kishi...

Nega so‘kinayotgan ekan?

Balki oilasi, bola-chaqasi qayoqqadir ketganu hali qaytib kelishmaganidan jahli chiqqandir? Bir nima degim keldi-yu, ammo o‘z holigaqo‘ydim.

Negaki, bizning yoshga yetgan odamni o‘z holiga qo‘yish kerak. Goh-goh shunaqa bir yerto‘laga tushib, o‘krab-o‘krab yig‘lasayam bo‘ladi. Odam yengil tortadi. Chunki katta yoshli kishilar ko‘pincha yuragida zil-zambil toshlarni olib yurishadi. Ammo yig‘lab yoki so‘kinib olsa bo‘ladigan joy topilmaydi. Bu yerda hech kim yo‘q, anavi odamni esa tanimayman.

Yoniga borgim kelmadi. O‘z holiga qo‘yish kerak dedim-ku. U bilan qanchalar ishim bor? O‘zimning tashvishlarim yetib ortadi. Mana, yerto‘laga tushdim, aytarli hech narsa topmadim, endi qaytib chiqib ketsam ham bo‘lar. Tezroq uyimga borganim ma’qul, u yoqda yana allaqancha yumushlarim bor, bu yerda nimayam qildim?


3. CHORLOV

 
O‘g‘il

Ashyolar orasida bir mahallar sevgilimga yozgan xatlarim ham bor ekan. Qiziq, u qiz allaqachon unutilgan, ammo xatlar turibdi. Qay tarz bu yerga kelib qolganiga ajablandim. Xat mazmuni esda yo‘q, ammo bir necha so‘zi yodimda.

“Sensiz menga hayot kerakmas” deb yozgan edim shekilli.

Shu mahal o‘sha kulgan yigit meni chaqira boshladi.

“Kelaqolsang-chi, axir!” der edi.

“Bu yerda g‘alati bir narsa topib oldim, kel, sen ham ko‘r” der edi.

Nima topib olgan ekan? Kimligini bilmasam-da, ammo meni taniydigan bir odam ekaniga aqlim yetib turibdi. Topib olgan narsasi ham men biladigan, menga aloqador bir narsa bo‘lsa kerakki,chaqiryapti.

Qiziqsinib, o‘sha tomon qadam bosdim. Kimligini bilgim kelardi, bu g‘alati o‘rmonda yolg‘iz emasligim esa quvontirardi. Balki sinfdoshimdir, balki bolalik o‘rtog‘imdir?

Ona

Shu mahal o‘sha yig‘lagan ayol meni chaqira boshladi.

Voy tavba, tanirmikan?

Bechora, bu yerlarga qanday kelib qoldi ekan? Bolam-chaqam deb o‘rmonda meva-cheva terib yurganu shu yerto‘laga kirib, bir nimani ko‘rib qolganmikin? Nima bo‘lganida ham o‘zimga o‘xshagan boyoqish-da. Yig‘lab o‘tirishidan ham biluvdim-ku, bir dard-iztirobi borligini?

Albatta, hozir yoniga boramanu hol so‘rayman. Balki bolalaridan yo yaqin bir kishisidan ayrilib qolgan bir sho‘rlikdir?

Qoziqdan onamning ro‘molini olib, boshimga o‘radimu o‘sha tomonga yo‘naldim.
 

Ota

Qaytib chiqib ketmoqchi edim, bukchayibroq turgan o‘sha kishi to‘satdan xiyol o‘girilib, ismimni aytib chaqirsa-ya!

Ikkilanib qoldim.

Boraymi, bormaymi?

E yo‘q, hayiqarmidim? Ammo tanimagan odamga ishonib bo‘larmidi? Yon-verimga qarab, ushlashga qulay, uchi og‘ir bir tayoq turganini ko‘rdim. Ketmon sopi ekan. Otamning katta ketmoni bo‘lardi, tavba, faqat sopi qolgani qiziq. Olib qo‘limda aylantirib ko‘rdim: qulaygina. Mabodo daf qilibqolsa, aylantirib boshiga uraman degan o‘y keldi. Ha, albatta boshiga urish kerak, zarba kuchli bo‘lsa ko‘z oldi to‘satdan qorong‘ilashadi, hushini yo‘qotishi ham mumkin. Lekin, yordam so‘rasa-chi? Hozir birovga ko‘mak beradigan mahalmi, men o‘zim ko‘makka zorman-ku?

Nega xavotir olganimni o‘zim ham bilmayman. Kim bilsin, kimsasiz o‘rmon bo‘lsa?

Yog‘ochni ikki qo‘lim bilan mahkam qisimlab, ehtiyotkorlik bilan o‘sha tomon yo‘naldim.


4. KELGAN KIM?
 

O‘g‘il

U ovoz egasi tomon bir necha qadam bosgan edim, kutilmaganda tepada, yerto‘laning men kirgan eshigi yonida yana kimningdir sharpasi sezildi.
Qadam tovushlari zalvorli edi.

Kim bo‘lishi mumkin?

Bu o‘rmonga mendan boshqa birov kirmagan edi-ku?

Kelgan kishi esa ismimni aytib chaqirardi.

Iya, do‘stim-ku! Eng yaqinim, jonajon do‘stim!

Tayog‘imni tashlab, ortimga qayrildim. Ko‘rganlarimni aytib bermoqchi, keyin ikkalamiz anavi kishining oldiga bormoqchi edik. Ikkimiz birgaligimiz ko‘nglimga ishonch baxsh etdi, o‘zimni kuch-quvvatga to‘la his qildimu shodlanib istiqboliga oshiqdim.


Ona

To‘satdan yerto‘laning men kirgan eshigi yana g‘iyqillab, kimdir kirib kelaverdi.

Qarab, shoshib qoldim.

Otamga o‘xshaydi-ya?

Voy, otam-ku!

“Jonim otam, o‘lib ketgan edingiz-ku?

E tavba, o‘lmagan ekansiz-da?

Kulishlaringiz o‘sha-o‘sha, bag‘rikengligu xushfe’llik bilanjilmayib turibsiz-ku?”

Quchog‘iga otilgim keldi.

Ammo, kap-katta xotinman-ku?

Kap-katta xotin bo‘lsam nima qipti? Otam-ku, pushtipanohim, suyangan tog‘im-ku, axir! “Otajonim!” deya birdaniga yig‘lab yuborib, diydoriga chopdim.
 
 
Ota

Tepadagi eshik g‘iyqilladi.

Tavba, yana kimdir keldimi?

Yo‘q, hech kimning qorasi ko‘rinmaydi.

Aytmoqchi, tashqarida shamol esayotgan edi-ku?

Ha, tashqari eshik ochiq qoluvdi. Bu yoqqa kelayotganimda kuchligina shamol esayotgan edi. Ochiq qolgan eshikdan kirib changlarni to‘zg‘itgan, uy ichida bir to‘zon ko‘tarib, yerto‘la eshigini ham g‘ichirlatgan bo‘lishi mumkin.

Har ehtimolga qarshi yana qaradim: yo‘q, hech kim yo‘q!

Rostdan ham shamol o‘ynabdi. Ana, pillapoyaning changlarini yana to‘zg‘itdi.

Ortimga qaradim: sas kelmay qo‘ygan, boyagi odam turgan joyda endi hech kim yo‘q edi!

 

Ayolning otasining ruhi
 
Oh, sodda qizginam, u o‘rmonning o‘rmon emasliginibilmadingmi?

Axir, manzaralarga e’tibor qilmadingmi, o‘zing ko‘rgan,o‘zing bilgan hamma narsa ko‘z oldingda jonlandi-ku?

Oy qizalog‘im, haliyam kichkinamiding? Kap-katta o‘g‘ling, ering bo‘laturib, meni aytib chaqirganingdan xavotirlandim, jon bolam.

Ajab, nega bolangni chaqirmading, avayladingmi?

Nega eringni chaqirmading, ko‘ngling yo‘qmidi?

Ona qizim, qiz uchun otadan ulug‘rog‘i yo‘q derdingmi?

Mana, oshig‘ich kelaverdim qoshingga.

Modomiki keldim, yuraqol, ikkimiz o‘sha o‘ksib yig‘layotgan ayolning yoniga boraylik, ko‘zyoshlarini avaylab artib, yupataylik. Yuraqol, jajjiginam mening...
 


Bo‘shliq
 
Meni bo‘m-bo‘sh deb kim aytdi?

Ko‘zingiz ilg‘amasa, qulog‘ingiz eshitmasa, taningiz sezmasa bo‘m-bo‘sh bo‘laveradimi?

Men oddiy bo‘shliq emasman. To‘ldirilishi kerak bo‘lgan bo‘shliqman.

Zaminning bo‘shliqlari o‘t-o‘lan va maysa bilan, samoning bo‘shliqlari havo va turli islar bilan, odam qalbining bo‘shliqlari mehr va sevgi ila to‘lganiday... to‘lishim kerak bo‘lgan bir yaratiqman.

To‘lsam, o‘shandagina gapira boshlayman.

Ey voh, bir mahallar to‘lg‘in edim. Daraxtlarim,maysalarim birin-ketin so‘linqirab, qurib-qaqshab ketdi. Ulkan og‘ochlarim bo‘ronlarda qarsillab ag‘darildi. Suvlarim epkinlarda chayqala-chayqala quridi, osmonimning bulutlari erib yo‘qoldi. Shamollarim esmay qo‘ydi.

Shu tariqa, hech nima qolmadi bag‘rimda.

Hoy, shu bo‘shliqqa bir maysa, bir chechak qaday oladigan tirik jon bormi yorug‘ olamda?


Do‘st

Do‘st, nega chaqirding?

Nega bezovta qilding? Menda ham bola-chaqa bor, tashvishim mo‘l. U o‘rmonda nima bor senga?

Bilaman, ichingda shunaqa dardlaring borki, mendan boshqa biron kimsaga aytmagansan. Asl iztiroblaringni, kechinmalaringni biladigan yagona inson menman. Men ham senga ishonaman, nainki o‘rmonning yerto‘lasi, eng xatarli mahallardayam doimo eng sadoqatli birodaring bo‘lib qolaveraman.

Do‘st, sen chaqirasanu men bormaymanmi?

Axir, ukangni, qarindoshingni yo otangni emas, meni chorlading-ku?

Aslini so‘rasang, sendan boshqa kimim bor mening ham?

Albatta, kelaman-da qoshingga!

Yerto‘laga tusharkanman, sog‘-salomatligingni ko‘rib qanchalar yengil torganimni sezdingmi? Xayriyat, biror kor-hol ro‘y bermabdi.

Kel, do‘stlar kabi quchoqlashaylik - changlar o‘tirib qolgan shu g‘alati makonning yerto‘lasida, eski ashyolarning qoq o‘rtasida. Bilasanmi, sen xumparning yelkangga hazillashib mushtlab-mushtlab qo‘ygim ham kelyapti! Peshanamga bitgan yagona do‘stimsan, ishqilib, boringga shukr!

 
XOTIMA

Ona

“Oy qizim, endi boraqol uy-joyingga, – dedi otam. – Bundan bu yog‘iga yig‘lama. Bu yerto‘laga boshqa tushma, yig‘i eshiklarini sira eshitilmas qilib, mahkam yop.

Axir, chidashing kerak. Chidamasang bo‘larmidi?

Gulday bolalaring bor. Yuragingning sasini eshitdimu go‘rimdan qalqib turib ketdim, axir!

Jon bolam, chida. Hali yaxshi kunlar keladi, chida, bolaginam!


Ota

Yo‘q, tezroq boraqolay uy-joyimga.

Men-ku hayoti dunyoda nihoyatda yolg‘izman, ammo uyimda menga ishongan soddadil bolalarim bor. Er kishiman-ku, chidamasam bo‘lmas.

Chidamasam, bularga qiyin bo‘lar?

Ha, yana ozgina chidasam bas. Keyin bolalar katta bo‘ladi, o‘zlarini o‘zlari eplab ketishadi.

Hozir menga keragi faqat sabr. Bir ozgina, bir chimdimgina sabr...
 
 

O‘g‘il

“Yuraqol yuqoriga, – dedi do‘stim, kulimsirab. – Bu yerlarda nima bor senga?”

“Hali oldinda yorug‘ kunlar bor, – dedi yana. – U kunlarga hammamiz baravar yetishimiz kerak. Otamiz, onamiz, bolalarimiz bilan, yuzimiz quvonchdan yorishib, yurak-yuragimiz shukronaga to‘lib, qo‘lma-qo‘l, yelkama- yelka, birga-birga yetishimiz kerak, do‘st!

Yelkama-elka...
Birga-birga...


Roviy so‘ngso‘zi

Shu tariqa, bir avlodning uch vakili g‘alati yerto‘lani tark etib, yuqoriga – quyosh nur sochib turgan hayot bag‘riga qaytib ketishdi.

U yerda bir o‘zim qoldim.

Naylayin, yerto‘ladan chiqay desam – chiqolmayman. Shu tariqa qolaveraman, g‘alati o‘rmonning, yerto‘laning, saslarning va tovushlarning haybatlari aro... juda chuqurga yashirib qo‘yilgan ma’nolar qarshisida, lolu hayron, muztar-muztar...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.