OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Sofiya (hikoya)

(bir muhabbat hikoyasi)

Yaqindagina ro‘y bergan, tabiatni yakson etib, shiddatli sellar paydo qilgan dovul mahali chaqmoq urgan bir kishining holidan xabar bermoqchiman. Chunki avvalboshda oddiygina tuyulgan shu hikoya bir oz vaqt o‘tgach, nazarimda boshqa ma’no kasb eta boshladi. “Sofiya” so‘zi yunonchada yuksak ilohiy donolik, imon, umid va muhabbat ma’nolarini anglatar ekan. Bir oz mushohada qilib ko‘rgach, to‘satdan... unda o‘zimiz bilgan oddiy dovul emas, tamomila boshqa hodisa tilga olinganini, to‘fonning sirayam to‘fon emas, balki muhabbat dolg‘alari ekanini tushunib qoldim. Ishq inson hayotiga shu tarzda, bo‘ron yanglig‘ kirib kelishi ham mumkin-ku? Mana shu nuqtadan turib nazar tashlasam, dala hovli bor-yo‘g‘i inson muvaqqat turadigan makon ekani ayon bo‘ldi, chaqmoq urgan kishi qiyofasi birdaniga o‘zgarib, umidsiz, ishonchsiz, muhabbatsiz bir xilda hayot kechirayotgan odamning iztiroblari yuzaga qalqib chiqdi. Kim bilsin, balki u Sofiya ismli ayoldan bahs etgandir? Shu ism anglatayotgan xislatlarga ega bir ayol, balki, inson hayotida mana shunday ulkan o‘zgarishlar sodir qilar?

* * *

Avvaliga ob-havoni kuzatish xizmatlarining turli tillardagi ogohlantirishlari taraldi. Bu mahal men Chorbog‘dagi dala hovlimda edim. Juda uzoqdagi bepoyon o‘zga hududlardan boshlangan va uchragan neki bor payhon qilib o‘tadigan, kuchi dovullardan ham shiddatliroq bir to‘fon boshlanishidan darak bermoqda edi kuzatuv xizmatlari.
Meteo xizmatlarining ishini uncha-muncha tushunaman. Ularning taxminiga ko‘ra, qaerdadir quyosh juda qattiq qizdira boshlaydi. Shunda isigan havo yuqoriga ko‘tariladi, o‘rnini shitob bilan tegradagi sovuqroq havo egallaydi. Hamma yoqni enlab, quturib esadigan to‘fonlar mana shu tarzda yuzaga keladi.
Butun atrof shu to‘fonning boshlanishidan darak bermoqda. Meteoxizmatlar xalq bilgan yo‘sinlardan foydalanmasa kerak deb o‘yladim. Xalq oddiy narsalarga qaraydi, meteo esa zamonaviy ilm-fanga tayanadi. Uning ixtiyorida fazoviy kuzatish qurilmalari, termik va boshqa kuzatuv asboblari bor. Havo oqimlarining, bulutlarning qay tarzda, qay tomon, qay shiddatda harakatlanishini aniq-taniq ko‘rib turishadi.
Ajab, to‘fonlar ummonlar va ularning sohillarida ro‘y bermasmidi? Bo‘ron yoki dovul ko‘tariladi desalar ham mayli edi. Lekin to‘fondan xabar bermoqdalar-ku? Kuchli shamol ummonlar ustida bahaybat to‘lqinlarni hosil qiladi, ana shuni to‘fon demaydilarmi? To‘lqinlar sohildagi neki bor, barini vayron qilib o‘tadi. Insoniyat nima uchundir bunday halokatli hodisalarni ayollarning ismi bilan nomlaydi.
Bu to‘fonga “Sofiya” deb ism berilibdi.
To‘fonlar dengizlarning yuzalarida ro‘y beradi. Misli ko‘rilmagan shiddat bilan shamollar esadi, to‘lqin yuzalarini parchalab suvlarni sapchitadi, balandligi bir necha qulochlik ulkan dolg‘alar paydo qiladi. Agar abadiy sovuq hududlarda essa, ulkan muz tog‘larini qarsillatib yoradi. Qaylardadir shunday bo‘ladi albatta. U yerlar – oxiri ko‘rinmas, dolg‘alanib yotgan suvlar makoni. Biroq mening  vatanimda-chi? Mening elimda ummonlar yo‘q. Men tug‘ilib o‘sgan joylar - so‘lim daraxtzor vodiylar. Jannat vodiylari desam ishoning. Qilni qirq yoradigan meteoxizmat hamma narsa aniq, orasta, o‘lchov bilan tartiblangan elimga kutilmaganda Sofiya to‘fonining kirib kelishidan ogohlantirmoqda.
Yengil shabada havolarni mavjlantiradi, uzoqdagi o‘r-qirlar shu sabab jimirlayotganday ko‘rinadi.
Hayotimda qasirg‘alarni, bo‘ronlarni dovullaru chaqmoqlarni yaxshi ko‘raman. Shiddat bilan yog‘ayotgan yomg‘ir guvillab-sevalab, dov-daraxtlarni egib-egib yog‘ishini yoqtiraman, shamollar butalarni chayqatib-chayqatib esishlarini ko‘p ko‘rganman.
Ataylab ayvonimdan uzoqroqqa, ochiqroq joyga bordim-da, notanish bu to‘fonning qanday boshlanishini kuta boshladim.
Saldan keyin shamol kuchliroq esa boshladi.
Daraxtlarning barglarini shitirlatib, olamni turfa tovushlarga to‘ldirib  esdi u. Keyin yanada kuchayganida shoxlarni egdi, quriy boshlagan maydaroq shoxchalar qirs-qirs sindi, yosh novdalar egilib-bukilib, uning uvillashlariga qo‘shilib yulqina ketdi.
Kichkina radio yurtim uzra Sofiya to‘foni boshlanayotganidan ogohlantirdi-da, keyin shitir-shitir kilib turib, ovozi birdaniga o‘chdi. Ayvonda osig‘liq chiroq lipillay-lipillay, u ham o‘chib qoldi. To‘g‘ri, elektr uzatish xizmatidagilar ataylab o‘chirishgan bo‘lishlari mumkin. Kuchli to‘fonlar yuqori quvvatli uzatish tizimlarini vayron qilib yuboradi, hatto butun-butun viloyatlar yorug‘liksiz qolganini bilaman. Ayvonimda musicha in qurgan edi, sho‘rlik boyaqish shamolda ucha olmay, ayvon ustuniga qo‘nib oldi, saldan keyin urilgan shiddatda mayda xas-cho‘plardan amal-taqal qurgan ini zumda sochilib ketdi.
Qaylardandir boshlanib, bosimi tobora ortib borar edi bu hodisaning. Lekin to‘fon deyildi-ku? Bu bor-yo‘g‘i shamol, uning qilmishlarini yaxshi bilaman, mushtdayligimdan beri taniyman, bolalik qadrdonim u. U essa yurtda nimalardir o‘zgaradi, ho‘v tog‘ ortlaridan bulutlarni poda-poda haydab keladigan cho‘pon shamol emasmidi u?
Bulutlarni haydab keladigan desam, xuddi bulutlar pastda ro‘y beradigan o‘zgarishlarni ko‘rgisi kelgan kabi o‘z-o‘zidan surilib-mingashib kelar edilar.
Sofiya ayvonimni qum bilan qoplab esdi. To‘zonga burkab tashladi ashyolarimni. Qizg‘ish yiltirab turgan so‘ri zumda oqish to‘zon bilan qoplandi. Samolarda ulkan qora bulutlar tez suzib, qat-qat uyula boshladilar. Shirr-shirr deya nola qildi daraxt barglari. O‘tlar shitirlay-shitirlay, egilib-egilib silkindi. Eng mitti, quruq maysalarni ildizi bilan sug‘urib uchirdi.
Bepoyon o‘tloqlarda o‘ynab-o‘ynab esdi u. Yaslanib ketgan bo‘liq o‘tlar uzra shiddati va erkaligi aniq bilindi. O‘tloqning goh u, goh bu yerida to‘satdan epkin urib, barini egib-bukib o‘tdi, ajabki, qolgan hududlar tek edi. Sal o‘tmay ancha narida yana shunday qildi. Yon-verimdagi daraxtlar ohista shivirlab turgan edilar, birdaniga shu yerda paydo bo‘ldi-da, shaftoli shoxlarini qattiq silkitib, hali pishib yetilmagan mevalarini to‘kdi, keyin to‘satdan ho‘v narida – ulkan tol yonida to‘lqin ura ketdi.
Tamomila yovvoyi va bebosh edi u!
Shu tariqa – bir yonim tog‘, bir tomonim yonbag‘irlarda enlab-cho‘zilib ketgan pastliklardagi tabiat aro uning esishlarini zavqim oshib kuzatar edim. Nariroqda bultur yozda qurgan chaylam ham bor edi, ustiga chakalak bilan tol shoxlarini bosgan edim, Sofiya uni chunon yulqidiki! Mayda-chuyda qurigan barglarni bitta qo‘ymay uchirdi. Keyin esa chaylani ag‘anatib yubordi. Qarsillab yiqildi ustunlar. Tut novdasining po‘stlog‘idan eshib boylaganim beldamchilar hilpiray boshladi. So‘ng birdaniga yuqoriga ko‘tarilib, ko‘l ustlarida aylana-aylana esa ketdi. Qishloqlar ustida shovqin soldi, qichqirdi, telbalarcha goh yuqoridan pastga shiddat urdi, goh esishini birdaniga o‘zgartirib, paydar-pay esdi, nihoyasi arang ko‘rinadigan ulkan ko‘l uning o‘ynoqi bosimi ostida zalvorli chayqalib, ko‘piklanardi.
Jilvalariga mahliyo bo‘lib turib qoldim. Ajab erkaliklaru ajoyib nozlar ila namoyon bo‘ldi bu to‘fon.
Mening sochlarimdan ham yulqilaydi deng. Kiyimlarimni tortqilab-tortqilab, qaylargadir – juda olislarga, o‘zi ozod-ozod esadigan hududlar sari surgalamoqchi bo‘ladi.
Mana, qanaqa ekansan sen – Sofiyam mening!
Ko‘li Qubbon ham dolg‘alanadi. Tumanga o‘xshash harir parda bepoyon suv  yuzini qoplay boshladi. Haybatli bulutlar surilib-surilib kela-kela, birdaniga yomg‘ir sharros quyib yubordi, keyin jalaga, undan keyin esa dovulga aylandi. Shiddati yanada oshdi, keyin esa bu hodisalarning bari birlashib, odamning yuragini hapriqtirib yuboradigan haybatli bir ohangni bino qildi-da, meni ham qo‘shib uchirib ketguday bo‘lib esa ketdi.
Pastda, uzoq-uzoqlarda qo‘ylar suruvi ko‘zga tashlanar edi. Oldinda echkilar chopib borishmoqda. Chakmon kiygan otliq kishi qo‘ylar suruvini qaytarishga urinmoqda. Qayda, qo‘ylar shamolda odamga bo‘ysunmay qo‘yadilar. Shuncha olisdan ham ularning ko‘zlarining olayib ketganini, qo‘rquv ichra ba’rashlarini, cho‘ponning qiyqirishlariga quloq solmay shamol yetaklagan tomon ketayotganlarini ko‘rib turgandayman. Ular borayotgan tomonda chuqur jarlik bor, shamol ularni to‘ppa-to‘g‘ri jarlikka haydab bormoqda. Qo‘ylar itoat va bo‘ysunish bilan u haydagan tomonga ketib borishmoqda.
Shu qadar shiddat  bilan quyardiki yomg‘ir. Hatto yer yuzini suv bosmasaydi degan hadik ham paydo bo‘ldi bezovta va yovvoyi tug‘yonlarga to‘lgan ko‘nglimda.
Ayvonimda osib qo‘yilgan hamma narsa ovoz chiqarmoqqa tushdi. Suvqovoq boriydi, shunaqa ajoyib nolalar qildiki, hayronlar qoldim. O‘tlar orasidan qattiq chiyillagan saslar chiqa boshladi, qarasam, qurib qolgan kurmakning uzun bargi ekan.
Jala sharros quyar edi. Yerlarning usti pufakchali ko‘lmaklarga to‘ldi, ular xuddi biqirlab qaynayotganga o‘xshardi. Ko‘l ham qaynayotganga o‘xshab qoldi. O‘tlarning oqish va och-qizg‘imtir ingichka ip-ildizlari ochilib-ochilib, oralaridan loyqa suv bo‘tana sarg‘ish ariqchalar hosil qilib oqa ketdi. Baland o‘sgan o‘tlarning poyalari yerga qadar egildi. Yomg‘ir ularni og‘irlashtirib tashladi, selpiganida o‘tloqzor xuddi o‘rilgan kabi yerga yotib-yastanib chayqaldi.
Pastroqda tikkaytirib qo‘yilgan pichan g‘aramlari ham boriydi, Sofiya ularni ham sochib-to‘zg‘itib yubordi.
Shunaqangi esdiki!
Bu esish yuragimni anglamsiz yovvoyi sevinchlarga to‘ldirganini ham aytaymi? Unga qo‘shilib qichqirim, baqirgim, qo‘llarimni qanot kabi yozib mana shu dolg‘alar bilan birga osmonlar uzra oshig‘ich uchgim kelardi. Mevalarni bir zumda duv to‘kib tashladi. Ajabki, ularga achinmadim, shu qadar chiroyli, shu qadar hayratangiz va shu qadar vahshiy esar edi Sofiya.
Bahaybat bulutlar bir-birining ustiga mingashib ko‘kni qoplab oldi-da, shundoqqina ko‘zimning oldida, kunduzgi tevarakni oqish chaqin bilan yoritib qattiq chaqmoq chaqdi. Tomirlari bir lahza samo bo‘ylab yoyildi, bir uchi sal naridagi ulkan tolga kelib urildi. Ajabo, chaqmoq urishini yaqindan endi ko‘rishim. Chaqmoq daraxt tanasining ichiga kirib ketdi, bir lahza tana ichi g‘ovaklarida juda yorug‘, och qizg‘ishdan to‘q qirmizigacha yog‘du hosil qilib tovlanib turib qoldi. So‘ng to‘satdan tol tanasi uch-to‘rt bo‘lakka bo‘linib ketdi. Bag‘ridagi o‘sha tovlanuvchan olov tashqariga otilib chiqib, yashil shoxlarni birdaniga qamrab yondirib yubordi.
Ko‘z yetguday butun tevarak Sofiyaning bosimi ostida ingrar, sadolanar, qichqirar, nola qilar, hayqirar, munglanar, butun borliq unga birday bo‘ysunar, yer ham, ko‘k ham suv... dovul shiddat urar, har taraf kulrang dengiz kabi to‘lqinlanar va mana shu shovqinli manzara ichida g‘oyat chiroyli tarzda, yallig‘lanuvchi yorqin sarg‘ish va qirmizi tovlanishlar ichra yonar edi daraxt!

* * *

Bu mahobatlar mening ham dilimga allaqachon ko‘chib o‘tgan, jon olg‘uchi bu go‘zallik qarshisida lolu hayron, o‘zim ham cho‘g‘day bo‘lib Sofiyaga mahliyo edim.
Ey, ayol ismi bilan Sofiya deb nom olgan to‘fon! – der edim unga.
Voh, mening Sofiya to‘fonim! – der edim.
Ey dunyoning tartibini, bir xildagi charxpalagini buzib, hayoti dunyoga shiddat va dolg‘alarni olib kelgan hodisa! Sen axir, mening yuragimda ham dolg‘alar hosil qilmoqdasan!
Mening yuragimda ham armonlar va afsuslarning haybatli bulutlari qat-qat yig‘ilib to‘planmoqda, oralarida goh-goh ko‘z qamashtiradigan shiddat bilan chaqmoqlar chaqnamoqda.
Yuragimning bulutlari sening bulutlaringdan-da ulkan va haybatliroqdir.
Olamda sening isming kabi go‘zal nomlar bilan atalgan yuzlab to‘fonlar ro‘y berganini bilaman. Ular goh dovul, goh jalayu sel bo‘lib, har doim tinchligu oromni buzib, odamning yuragini o‘zi ham anglab yetolmaydigan g‘alati hissiyotlarga to‘ldirib esadilar. Sharros jalalarni olib kelib, o‘tloqlarni sug‘oradilar va shundan keyin tabiat mo‘l-ko‘l hosillar bera boshlaydi.
Biroq, endilikda mening yuragimning qatlaridan ham muhabbat ko‘zyoshlari kabi tiniq suvlar otilib chiqmoqda.
U suvlarni to‘xtatib qolishga qodir kuch bu olamda yo‘qligini bilasanmi?
Butun tevarakda tahlikali o‘zgarishlarni sodir qilishingni qaniydi oldinroq bilsaydim! Hamma narsani o‘zgartirib esadigan to‘fon sen bo‘lib chiqishingni avvalroq anglab yetsam qaniydi!
Sen barakayu rizq bo‘lsin deb nozlana-nozlana, erkalana-erkalana, kayfiyatimni, xayollarimni va xayol dunyomni o‘zgartirib mana shu esishlaring oqibatida mening ichimda ham ulkan va mahobatli tuyg‘ular to‘foni yetilib kelayotganini bilsayding, balki bunday telbavor va vahshiyona esmagan bo‘lar eding.
Shoshma, birpas tin olaqol endi!
Sening bu esishlaringga o‘zimni unutar qadar mahliyo bo‘lmoqdaman.
Shiddatingni pasaytir, oddiy shamol holingga qaytaqol, erka Sofiyam mening!
Yo‘qsa... sezyapsanmi, hozir, sal o‘tmay, shu on! – qudrating shu qadar zo‘rayadiki, tog‘larning cho‘qqilari osmon qadar sapchiyotgan suvlar ostida qolib, yer yuzidagi barcha jonzotlar halok bo‘lib ketadilar.
Ey nomusulmon, axir, olamda unday to‘fon bir martagina ro‘y bergan edi xolos!
Agar u to‘fon yana bir bora yuz bersa, olamda na nabotot, na hayvonot - hech narsa qolmaydi. Yeru ko‘kning qonuniyatlari o‘zgaradi. Osmondan ham, yer ostidan ham suvlar otiladi. Ko‘klarning chaqmoqlari endi faqat suvlar ustiga shiddat bilan sanchiladi. Olam yana azal yaratilgan holiga qaytadi. Va shunda dunyoda senu mengina qolamiz, xolos. Ana shu mahalning yuz ko‘rsatishi olamning oxiriyu yangi zamonning boshlanishi bo‘lsayam ajabmas.
Qaytaqol, go‘zal Sofiyam, o‘zing bino bo‘lgan makonlarga. Men bilmaydigan, men tushunmaydigan begona tog‘lar oralaridagi sarvlar bo‘y cho‘zgan, yovvoyi o‘tlar qator- qator gullagan va hamma yoqni enlab kuchli islar taraladigan qoyalarning oralariga... bag‘irlarida rahmat va marhamatlarni olib kelayotgan shu qora-qizg‘ish bulutlar bino bo‘lgan yovvoyi hududlarga. Men ham o‘z oromimu osoyishimga qaytay! G‘oyatda tartibli, hamma narsa doimo o‘z o‘rnida badastir turadigan, sira o‘zgarish ro‘y bermaydigan, doimo osoyishta va tinch, hech dolg‘alanmaydigan... o‘z makonlarimga!
Yo‘q, shoshma... ketma!
Axir sezmayapsanmi, suroning ostida men ham tanasi yorilib-yorilib ketgan anavi tol kabi ingranmoqdaman-ku? Ulkan shoxlarim bosiming ostida larzon-larzon egilmoqda, novdalarim yulqinmoqda, butun vujudim zalvorli-zalvorli chayqalmoqda. Qoq tepamda yana bir chaqmoq yetilib kelmoqda. Mana hozir... bag‘irlarida mo‘l suvlarni yashirgan nihoyasiz qora bulutlarning bag‘rini tilib, ko‘zni qamashtiruvchi chaqmoqlar chaqnaydi, olov tomirlari shiddat bilan sanchiladi, bag‘rimni sening jon olg‘uvchi otashing to‘ldiradi va yomg‘ir ostidagi ho‘l tabiat ichida men ham birdaniga yona boshlayman. Bir soniyadan so‘ng... yaproqlarim qovjirab-qovjirab, yashil novdalarim kuyib-qorayib, tevarakni yoritib-shu’lalantirib, ulkan alangaga aylanaman. G‘oyat go‘zal va entiktiruvchi esishlaring ostida, ajab xushbaxtlik va saodat ichra chirsillab-chirsillab yonaman men ham!..

* * *

...To‘fon kechga yaqin tindi.
Cho‘qqilar ustida bulutlarning qatlari ochildi, u yerdan qip-qizil quyosh mo‘raladi.
Daraxtlarning shoxlari singan, ba’zilari ildizidan qo‘porilgan, uzunasiga yorilib-yorilib ketgan nam, oppoq bag‘irlarida har-xil hasharotlar rizq istab o‘rmalashar edi. Hammayoqning to‘s-to‘polonini chiqarib yubordi to‘fon. Nam tuproqlardan ko‘tarila boshlagan bug‘ siyrak tuman hosil qildi, u boya shiddat va qasirg‘a orasida qo‘ylarini qaytarishga uringan cho‘ponning holini to‘sib qo‘ydi.
Shu atrofdagi dalahovlilardan birida yana uch-to‘rt kishi dam olishga kelishgan, boyagi suronda Sofiyaning qilmishlariga hayron-hayron turib, so‘ng hayiqqanlaridan uylariga kirib yashirinib olishgan edi. Hozir ichkaridan chiqib kelishdi-da, ancha narida, pastlikda yog‘dulanib-tutab yonayotgan ulkan tolni ko‘rib qolishdi.
-    Qaranglar, chaqmoq uribdi, – deyishdi ular. – Daraxtning yonishini sira ko‘rmagan edik, odamning rahmini keltirib qanday ayanchli yonar ekan, tavba...
-    Iya, o‘sha yerda bir odam ham turgan edi-ku, – deyishdi keyin. – O‘sha yonayotgan tolning ostginasida, to‘fonning yovvoyi esishlariga mahliyo bo‘lib, qo‘llarini yozib-yozib qichqirayotgan edi-ku? Yuringlar, borib xabar olaylik, uniyam chaqmoq urgan bo‘lib chiqmasin tag‘in?
Shu tariqa, yiltirayotgan mayda toshlar va loyga aylangan bo‘ztuproqda toyg‘ona-toyg‘ona, o‘sha kishining kulbasi tomon oshig‘ich chopishdi.
Odmigina ayvon ostin-ustin bo‘lib ketgan edi. Bir chetda kichkina radio ag‘anab yotar, hammayoqni oqish to‘zon va loy ildizli maysa xaslari bilan qoplab o‘tgan, hozir atrofga namchil maysa va bo‘tana isi anqimoqda edi
U odam atrofda ko‘rinmas edi.
Kichkina, bir xonali uyda ham, ayvon tevaraklarida ham, nariroqda ayqashib yotgan siniq yosh daraxtlaru o‘tlar orasida ham yo‘q edi. Kulba ichida uning ashyolari ham turar edi. Nariroqdagi minib kelgan ulovining ustiga mayda shoxlar va bo‘tanalar ilashib qolgan edi.
To‘fon tina boshlagan, endi mayin shabadaga aylanib, hozirgina o‘zi payhonu yakson qilib o‘tgan yerlarni siypalay-siypalay esardi.
Dalahovlilar tugagan yerdagi ochiqlikda bo‘y cho‘zgan ulkan tol esa, shoxlarida turli-tuman tovlanuvchi olovlar hosil qilib, yomg‘irdan keyingi namchil borliq ichra chirsillay-chirsillay yonmoqda edi, xolos.
Biroq, u odam yo‘q edi.
Hech qaerda yo‘q edi, tamom-vassalom...
2012

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.